Iyunning 15-ida chorshanba kuni Boku teatr texnikumidagi talabalarimizning uchinchi o‘yunlarini ko‘rdik. Bu daf’a tarjima emas, tabdil qiling‘on bir asar, Ja’far Jaborzodaning «Oydin» nomli fojeasi qo‘yilg‘on edi. 25—30 yillik bir tarixga ega bo‘lg‘on Ozarbayjon turk teatri, bu asarni so‘nggi bir-ikki yil ichida repertuvaridan sira tushurmaydi. Hozir munday yaxshi asarlar turk xalqlari sahnalarida barmoq bilan sanaladi. Hatto, bu kun teatr san’atining markazi sanalg‘on Maskavda ham yaxshi teatrlar uchun yaxshi asarlar topilmasdan, repertuvar masalasi bosh aylantirguchi masalalardan biri bo‘lib yuradi. O’zi yaxshi bo‘lsa ruhi (mazmuni) to‘g‘ri kelmay qoladi, ruhi yaxshi bo‘lg‘onlarining yozilishi zaif bo‘ladi va hokazo... Shunday bo‘lg‘ondan keyin milliy jumhuriyatlarning sahnalarida yaxshi asarga muhtojliq hammadan ko‘b ko‘rilib, hammadan ko‘b seziladi. Bu, ko‘z oldimizda o‘tib turgan ahvol.
Jabborzodaning bu asari haqiqatning qoq o‘rtasidan kovlanib oling‘on bir mavzuni sahnalashdirgan bo‘lsa ham, juda ko‘ngilchak (sentimental) bir ruh bilan yozilg‘on. Asarning shirin va yoqimli tili, boshdan-oyoq odamliq (kosmopolit) fikrlarini to‘kib turadi, asarning bosh qahramoni Oydin, tinchimas va to‘polonchi, ko‘nglidan hamma vaqt odamliq, ayash va qizg‘onish tuyg‘ularini chiqarib turadi. U, Abdusalimzoda Muhammadhodining «Firdavsi alhomat» degan asaridagi yer yuzi jannatlarini istaydi, dunyoni «oltin» degan balodan qutulg‘on qilib ko‘rmakchi bo‘ladi. Xotini Gultaksin tuzuk-qo‘ruq bir ko‘ynagi yo‘g‘lig‘idan, lyak ro‘molini paranji qilib bekitib yuradi. Oydin bo‘lsa o‘z eliga Napoleo‘n va Chingiz hashamati bilan kirishni istaydi, shuni xayol qiladi... Bu Oydin, asrimizning manxali darvishlaridan; odam aqlli ish qilib, ishlab basharning dardiga malham bo‘lish o‘rniga—siz... siz... o‘zingizning nima ekaningizni bilmaysiz, anglamaysiz! — deydi. Tegrasidagi hammani «bilmaslar» deb o‘ylaydi. Holbuki, o‘zi o‘z xotinining uni deb (ya’ni Oydinni deb) nomusini sotishg‘a majbur bo‘lg‘onini bilmaydi. Umri o‘t aravada o‘tgan, fikri tilla soat va tilla uzuklardan ayrilmag‘on axmoq bir boy xotininiig to‘rt og‘iz g‘arazli gapiga ishonib, qilcha aybi bo‘lmag‘on Gultaksinga bo‘lmag‘an og‘ir so‘zlarni tashlaydi. Oydin «shapkali» dedim, Oydin palli bir turkning shapkasi bo‘lg‘ondan keyin, u «munavvaz» dir, madaniydir. So‘zlari oltindan qimmat bo‘lsa ham, salbiy, yomon, yaramas madaniydir. Dunyo zulmu jabrga to‘lg‘on bo‘lsa, achchiq qilib, «vo‘dka» ichish kerak ekanmi? Bitga achchiq qilib to‘nni kuydirish lozim ekanmi? Jabru zulmda entikkan odam bolalarining alamlarini oz bo‘lsa ham, jindek bo‘lsa ham yengillatish har bir sog‘lom kishining qo‘lidan keladi-ku. Olaylik Davlatbek boyning zovutidagi ish tashlashni: ishchilar ish tashlag‘onlar bola-chaqalari bilan och yotalar boy hammasini zovutdan haydamakchi, bechora ishchilar nima qilishlarini bilmaydilar, ularga yo‘l ko‘rsatish kerak: Yo‘lni kim ko‘rsatadi? Bilganlarmi? Bilganning biri va kattasi Oydin bo‘lsa, bolg‘ani olib u bilan gaplashadi, unga «sen bilmaysan» deydi: Zovutg‘a o‘t qo‘ymoqchi bo‘ladi, qo‘yolmaydi, boshqalar qo‘yib yuborsa, «suv bering, suv! Madaniyat kuydi!» deb boqiradi... Munday bashariyat xodimi bilan haligi ha deb «jahannamga» deb yura turg‘on jinni ishchining orasida nima farq bor? Nima farq?
Bu asarni tekshirib o‘ltirmoqchi emasman, u ko‘b cho‘zilib ketaturg‘on narsa. Munga gazeta betlari torliq qilib qoladir. Asarni bir necha daf’a o‘qib, ko‘rib so‘ngra durustroq tekshirmak mumkin. Hozircha men bosh qahramon to‘g‘risida kerak deb olganim gaplarni aytib ketdim.
Endi o‘ynalish jihatiga kelsak, yana burung‘i gapni qaytarishg‘a to‘g‘ri keladi. Talaba holidag‘i yigitlarimiz uchun bu asar og‘ir. Ayniqsa, Oydin bilan Gultaksinning ro‘llari juda kuchli va mohir akto‘rlar talab qiladi. Oydin bilan Gudtaksinni o‘ynagan akto‘r o‘sadi, tez o‘sadi; u ikki ro‘l, tarbiya berguvchi ro‘llardandir. Shuning uchun yuhorida ta’rif qiling‘on Oydinni biz bu daf’a qoniqib ko‘ra olmag‘on bo‘lsak, bilmadim kimni ayblashg‘a to‘g‘ri kelar ekan. Mencha hech kimni... Shubhasiz bu kecha Oydin ro‘lini o‘ynag‘on Rahimberdi, so‘ngroq o‘sadi, lekin, «bu ro‘l o‘shaniki bo‘ladi» deyish ham mumkin emas. Aynihsa, Gultaksin ro‘lidagi qiz Nazira, u hali ham umud beradi. Boy ro‘lidagi Sayfi qori juda yot ko‘rindi. Demak, merosxo‘r boybachcha; u holda uning buzuqlig‘i o‘tkur qilib ko‘reatilsa bo‘lar edi. Boyning xotini ro‘lidagi qiz sahnada o‘zini erkin tutadi, bu birinchi muvaffaq bo‘lish demakdir, Boshqalar o‘zlariga yarasha tekis o‘tdilar. Qo‘yilish va ziynat jihatlaridan kamchilik ko‘b bo‘ldi.
____________
Oydin — «Zarafshon», 1927 yil 20 iyun.
Tabdil — a., o‘zgartish, almashtirish. Bir-biriga yaqin tillardagi asarlarning tabdilini tarjima deyilmaydi. Bu o‘rinda ozarbayjon turkchasidan o‘zbek turkchasiga almashtirish nazarda tutiladi — tabdil shu.
Ja’far Jabborzoda (1899—1934) — ozarbayjon dramaturgi, rejisser, teatr arbobi. «Oydin» pesasi 1922 yilda yaratilgan.
Rahimberdi — R. Pirmuhammedov (1897—1972), o‘zbek teatri va kino aktyori, SSSR xalq artisti.
Nazira — Nazira Alieva, 1912 yilda tug‘ilgan, o‘zbek aktrisasi, O’zbekiston SSR xalq artisti.