OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho'lpon. Sho’rolar hukumati va sanoye nafisa (1920)

Sanoe nafisa degan so‘zni onglag‘uvchilar bizning oramizda ham ko‘payib qoldi. Ilgari oddiy bir tomosha (teatr)ni ham tushunmagan, dram bilan kulguni ajrata olmag‘on xalq hozir sanoe nafisaning xuddi o‘ziga ham tushunib keladir. Ishning o‘zi ham shundog‘ bo‘lmog‘i kerak edi; chunki mehnatkash, qo‘li qabarg‘onlar hokimiyati bo‘lg‘on sho‘rolar tartibining yuzaga chiqishiga bugun 3 yil bo‘ladir. 3 yildirki, ezilganlar ezganlar ustida, mahkumlar hokimlar tepasida hukumat so‘ralar.
3 yildirki, ishchi va dehqonlar yer yuzining xiyla zo‘r bir bo‘limida o‘z egaliklarini qurub, o‘zini bo‘g‘moq uchun kelgan yovlar bilan dam olmasdan yoqalashalar.
Qonlar to‘kula, jonlar keta, o‘limlar qaynaydir.
Bu holda go‘yo hech bir og‘iz yoyib kulishlik mumkin emas kabidir.
Go‘yo har narsa yolg‘iz motam, yolg‘iz qon, yolg‘iz achchig‘ va g‘azabdan iboratdir.
Bu hollarni biz tarixda o‘qug‘on bo‘lsak, o‘ylar edikkim, ul davrda qahru g‘azabdan boshqa narsa bo‘lmagandir. O’yun-kulgi degan narsani kishilar unutqonlardir, deb...
Lokin bu o‘zgarish, bu 3 yildan beri bo‘lib kelayotqon talash, kurash bir tarafda bo‘lib yotadir. Qonlar to‘kilib, jonlar beriladir.
Biroq ikkinchi tarafda kulalar, o‘ynaylar, shodlanalar. Ko‘ngil ochalar, ham shunday bir o‘yin-kulgikim, tarix muning singarisini sira ko‘rgani yo‘q.
Necha ming yillardan beri bo‘lub kelgan eski dunyoni og‘darmoq, yangi dunyo tuzib, oni tamom boshqa bir rangga bo‘yamoq ishi tobshirilg‘on o‘zgarishchilar turmushning har bir juz’ida, har bir bo‘lagida harakat qilalar. Turmushning har yog‘in, har tarafini o‘zgartalar.
Shul o‘zgarishlar ichiga o‘yin-kulgi ham kirub qoladir.
Ilgari ham o‘ynab kulganlar. Biroq bu kundagidan boshqacharoq bir yo‘lda. Sanoe nafisa eski zamonda boylar, podshohlar saltanati zamonida ham bor edi. Bor edigina emas, juda yuksalgan, avjiga chiqqon edi.
Yaqin zamonlardag‘ina tug‘ilg‘on sanoe nafisani burjuaziya xayolchilari juda noziklashdirganlar, xayoliylashdirganlar edi.
Butun umrini ishlamay bekor o‘tkazaturg‘on boylar, boybachchalar, to‘ra bolalari, xon, xonzodalar bekorchilikdan zerikmas uchun sanoe nafisaga berilalar; cholg‘u chalalar, o‘ying‘a tushalar, sevgi she’rlari to‘qiylar, o‘qiylar edi. Bularning ustiga, katta shaharlarda bir emas, 5—6 bizning «Kolezey»day teatrlari bo‘lar, shularda pul bilan, oltun bilan san’atni sotub olub (yaxshiroq tushuningiz: san’atni sotib olub!) zavqlanurlar edi.
Qisqasi sanoe nafisa eski dunyoda bir qism xalqning zavqi, aysh va ishrati uchun ishlayturg‘on bir narsa edi.
Unga yuragida, ko‘nglida bir sevgi, bir intiluv sezib, berilgan qancha past sinf, tuban qism, el bolalari o‘sha boy va boybachchalarni zavqlandirish yo‘lida vaqtsiz jon berdilar. Qurbon bo‘ldilar, jinni bo‘lg‘on cholg‘ichilar, varam (sil kasali)ning achchig‘ panjasiga tushgan mumassil artist va mumassila artistkalar sanog‘sizdir.
Endi bu yoqg‘a, yangi dunyog‘a, mehnatkash va ezilganlar olamiga ko‘z solsak, o‘sha sanoe nafisa, ingichka hunarni tag‘in ko‘ramiz. Biroq munda ko‘bgina boshqaliq bor.
Teatr-tomoshalar bor, lokin ular ilgarigiday birgina boy bolalari, boylar va to‘razodalarning kayfi, lazzati uchun emas, butun el, butun xalq, hamma ishdan bo‘shag‘och ko‘ngil ochmoqchi bo‘lg‘onlar uchundir.
Sahna bu dunyoda yuqori sinflarning tumtaroqli turmushlarini ko‘rsatmaydi emas, ko‘rsatadi, biroq shul turmushning achchig‘ va jirqantiraturg‘on hidini tomoshachilarg‘a hidlatmak uchun ko‘rsatadi. Cholg‘ining qillari yana boyog‘iday chertilib turur, biroq boylar kayfi uchun o‘ynag‘onig‘a yig‘lab emas, charchag‘on xalqning ko‘nglini ochqoni uchun sevinib, ezilgan xalqqa eziluv davrlarini eslatmak uchun yig‘lab chertilur. She’r ham, ashula, qo‘shiqlar ham yozilurlar. Biroq boylarni, ularning xayoliy saroylarini maqtab emas, ochiq, tortinuvsiz ravishda ko‘nglidagini aytmak, elning o‘z turmushini o‘ziga ingichka qilib ko‘rsatmoq uchun yozilur.
Mehnatkashlar sanoe nafisasi kengdir, munda burjuaziya taqlidchiligi yo‘qdir; unda o‘zidan chiqaruv, o‘zidan sochuv bordir. Uning yo‘li kengdir.
Sanoe nafisa bu dunyo va shahar uchungina emas, mana shu yer, sho‘rolar idorasining eng ulug‘ xosiyatidir. Sanoe nafisa o‘zini tug‘diruvda ko‘b ro‘l o‘ynayturg‘on qishloq va qishloq mehnatchilari uchun ko‘b ishlagusidir. Biroq bu kungacha tegishincha bo‘la olmag‘on ekan, bunga 3 yilliq turmushning talashuv, kurashuv va g‘avg‘olar ichida o‘tuvi sababchidir.
Hozir bir Turkistonda, Turkistonning Toshkand shahridagi ishlarni ko‘z oldiga keltirganda ham, Sho‘rolarning sanoe nafisaga qanday zo‘r ahamiyat bilan karag‘onliqlarini ko‘rmak mumkindir. Tuzukkina bir truppasi bo‘lmag‘on eski Toshkand bukun yaxshi bir yaxshig‘ina ikki truppaga molikdir. Rasmiy bir totor truppa ukrainali, yohudiy, ozarbayjonlilar ham birar yuvarak, birar to‘n bo‘lindiralar. Mundan so‘ng tag‘inda yaxshilantirmoq uchun hozirgacha ba’zi joylarda teatr ishlarining boshig‘a chiqib ko‘b ishlarga qarshiliq va zarar qilib turg‘on eski dunyo «yo‘g‘onlari» bilan kurash boradir; shularning natijasi Turkistonda sanoe nafisani ham eng yuqori darajaga ko‘targusidir. Sho‘rolar hukumati, ishchilar egaligi — sanoe nafisaning eng suyukli, muhtaram bobosidir. Ul boboning tarbiyasi sanoe nafisani osmonlarg‘a chiqarg‘usidir, biroq jabr yo‘li bilan emas, ishq beriluv va sevgi yo‘li bilandir.
Sho‘rolar sanoe nafisa ila Sharqni qul emas, hur qplg‘usidir.
Sharq sanoe nafisasi kelgusida G’arbniki bilan bir bo‘lg‘on holda o‘zining ishchi bolalarining ko‘ngillarini ochub, ruhlarini yuksaltirg‘usidir.

________________
Maqola «Ishtirokiyun» gazetasining 1920 yil 7 noyabr sonida e’lon qilingan.
Sanoi nafisa — nafis san’atlar, san’at.
«Qolizey» — Toshkentda inqilobdan ilgari qurilgai rus teatri binosi, keyinroq Sverdlov nomli kontsert zali.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.