OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Avloniy. Tiyotr xususida munozara

I

Kunlar bahor fasli o‘ldig‘indan daraxtlar uyg‘onub, yafrog‘lar orasidan rang-barang gullar chiqarmish, yer olti oydan beri qornida saqlagan alvonlarini yuzaga chiqarub, ko‘m-ko‘k baxmal kabi yozmish. Har tarafga qishning zulmidan qochgan qushlar kelub, har xil ovozlar ila nag‘ma va faryod boshlamish. Go‘yo butun olam uyqudan uyg‘ongan kabi har birining yuzidan yangi bir «his» — tuyg‘u va hayot asari ko‘rinur edi. O‘lturgan yerim bir yaqin do‘stimning bog‘i o‘lub, mendan boshqa iki mehmon ham kelub qoldi. Salomlashub hol so‘rashub o‘lturduk. Do‘stim xonasida yo‘q o‘ldug‘idan bir oz kutmakg‘a to‘g‘ri keldi. Kelgan mehmonlarning biri mullogina, ahvoli olamdan xabardor bir kishi ekanligi so‘zi va qiyofasidan ma’lum edi. Ikinchisi esa, o‘qumagan, chapan, qiziqroq bir kishi ko‘rinurdi. Suhbat orasida so‘zdan so‘z urunub ketub tiyotr xususida so‘z ochilub ketdi. Bularning munozaralariga bir oz quloq solmak menga lozim bo‘ldi.

Ch a p a n (i): — Mullo aka! Man ul kuni tiyotrga borib edim. Xo‘b yaxshi tomosha bo‘ldi. Keyinroq borib qolgan ekanman, arzon bilet topolmay, iki yarim so‘mga bilet olib kirdim, siz ham borib edingizmi?

M u l l o: — Man ham borgan edim, o‘yinlari ko‘b yaxshi chiqdi. Hech bir tiyotr o‘ynamagan kishilar qanday bo‘lur ekan? Boshqa millatlar nazarida qulgi bo‘lub qolmasalar edi, deb xavotirda eduk. Juda xursand bo‘lduk. Boshqalar qoshida butun musulmonlarni obro‘larini olub berdilar. Tiyotr ko‘ngildagidek bo‘lub o‘tdi. Shul tiyotr xususida Toshkand odamlari yetmish firqaga bo‘lindilar. Ba’zilari: «Tiyotr harom, tiyotrdan kelgan oqcha ham harom», — derlar. Holbuki tiyotr harom ermas, bid’at. Bid’at bo‘lsa ham «bid’ati hasana». «Bid’ati sayyia»lardan emas. Tiyotr har bir millatning yamon urf va odatlarini yo‘q qilmak uchun, o‘zini ahvolini tuzatmak uchun boqadurgon oyinasidir. O‘shal harom degon kishilarning o‘zlari madrasa va yo mehmonxonalarda birovni qizdan sulu(v) bolasini ko‘zlaridan mo‘ldir-mo‘ldir yoshlarini oqizib, boshiga kokil solub, «aylansun-o‘rgulsun» deb yurgan kishilar! Yoki dallol va yallochilarni(ng) o‘ynatub, tishlarini oqini ko‘rsatub, tanga tashlatub turgan kishilarga bilmayman, nima uchun bul ibratxona ma’qul bo‘lmabdir.

Ch a p a n (i): — Yo‘q, mullo aka, tiyotr harom bo‘lmasa kerak. Mani bir akam hajga borgan edi. Istanbul, Misr, Quddusi Sharif, Qozon, O‘runburgni uch-to‘rt yil yurub, sayohat qilub keldi. Tiyotr to‘g‘risida aning birlan ham so‘zlashgan edim. Ul Qozon, Misr, xususan Istanbul tiyotrlarini ko‘b maktaydir. O‘zing borub, ko‘zing birla ko‘rmaguncha, gafurub bergan birlan tushunmaysan, deydir. Agar harom bo‘ladirgan bo‘lsa, Qozon, Misr, Istanbul ulamolari nima uchun man’ qilmaganlar? Ul yerlardagi ulamolar bizning Toshkand ulamolarini bir cho‘qishda qochiradirlar, deydir. Uni-muni qo‘ying, shul kuni tiyotrdan qancha foyda qolibdir?

M u l l o: — Salkam bir yarim ming so‘m sof foyda qolibdir.

Ch a p a n (i): — O... Askiyochilari... O‘zlari o‘n besh kishicha bor edilar. Bir kechada har birlari bir yuz so‘mga yaqin tushurubdurlar. Mendek odam bularni bir kechada topgan pullarini bir yilda qancha mehnatlar qilub zo‘rg‘a toparman.

M u l l o: — Bular o‘z nafslarining foydasiga o‘ynaganlari yo‘q, millat foidasiga, ya’ni jamiyati xayriyaning foidasiga o‘ynaganlar. Tiyotrdan kelgan sof foydani, o‘zlari bir tiyin olmay, hammasini jamiyatga beribdurlar. Avvalgi Tomosha bog‘idagi bo‘lgan tiyotrni ham, ramazonda mozorda bo‘lgan Sharq kechasidan kelgan oqchalarni(ng) ham jamiyatga bergan edilar.

Ch a p a n (i): — Aytgandek, esimda borida sizdan so‘rab qolayin, Tomosha bog‘idagi tiyotrga ham borgan edim. O‘shal kuni ham tomoshada xalq ko‘b edi. Mullolar, boylar ham bor edilar. Nimaga o‘shal tiyotr harom bo‘lmay, puli ham halol bo‘lub, hech kim lom-lum demasdan o‘tub ketdi. Emdi bul tiyotr nimaga durust bo‘lmay, puli ham harom bo‘lub chiqdi. Munda nima sir bor, bilasizmi?

M u l l o: — Man sirini yaxshi bilmayman, lekin eshitamanki, ba’zi firqalar bizlarning ota-bobomizdan qolub kelgan odatiy to‘ylarimizni she’rga solub o‘qub, hajv qildilar, chilonbonka deb boylarimizni masxara qildilar, bolangni o‘qutmasang, qorning yorulub o‘lasan, deb kulgi qildilar, der emishlar.

Ch a p a n (i): — Men bir kun Piyonbozorga chiqub edim, bir baqqolni do‘konida bir necha kishi jam’ bo‘lub, so‘zlashub turubdirlarki, «Kurer» gazetada Qur’oni karimni bir juhud she’r birla hajv qilub yozibdur, deb. Mana ul, tiyotrda bizni hajv qildi, deb ul bechoralarga tishu tirnoqlari birla yopishgan botirlar, Qur’oni karimni hajv qilg‘on juhudni tegishlik joyda so‘ralmoq uchun birgina ariza ham qilub bera olmadilar. Munga nima dersiz?

M u l l o: — Ey birodar, «Yamonni kuchi yapaloqg‘a yetar» degan so‘z to‘g‘ridir. Ul juhud, bular o‘z musulmonlaridir. Biz, musulmonlar har vaqt bir-birlarimizni chinishmoqdan boshqa qo‘limizdan bir ish kelmaydir.

Ch a p a n (i): — Mullo aka, o‘shal kuni yana millat, millat deb bir she’r o‘qudilar. Shul so‘zga yaxshi tushunmadim, lekin qulog‘imga yaxshigina kirdi. Bir oz yig‘lab ham oldim, yonimda o‘lturgon ba’zi mulla va boylar ham firq-firq yig‘lashub o‘lturdilar. Ammo ba’zi shul siz aytgan qo‘rumachilarmi yo tosh yuraklarmi qiqir-qiqir kulishub o‘lturdilar. Shunday achchig‘im chiqdiki, qo‘limdan kelsa hammasini tiyotrdan chiqarub yuborur edim.

M u l l o: — Bizlarning millatimiz islom millati, ruslarniki nasoro millati, juhudlarniki yahud millati deb aytilur! Shul kuni bizlar nimaga boshqa millatlardan keyin qolduk, nimaga harakat qilub o‘qumaduk, hammaga oyog‘osti bo‘lduk, dunyoda yashamoqchi bo‘lsak, har xil ilmlarni o‘qiyluk, har xil yangi hunarlarni o‘rganayluk, biz ham boshqa millatlar birla bir...[1] ketayluk, degan mazmunda she’r o‘qig‘on edilar.

Ch a p a n (i): — Balli taqsir. Bayt:

Qaromug‘ donasi bo‘lguncha, bug‘doyni somoni bo‘l,

Yamonni yaxshisi bo‘lguncha, yaxshini yamoni bo‘l, —

degon baytni bir mullo o‘rtog‘im o‘rgatub, har vaqt mullolar birla hamsuhbat bo‘l, chapanilarga jo‘raboshi bo‘lganingdan mullolarga oshfazlik qilganing yaxshiroqdir. Chunki mullolardan hikmatlik so‘zlar eshitub, yaxshi xulqlik kishi bo‘larsan, chapanilardan bachchabozlik, ichkulik, qimorbozlik, samovardan samovarga yurub, safsatabozlikdan boshqa nimani o‘rganursan, deb edi. Hozir man sizning oldingizda tavba qildim, emdi aslo mullolarning suhbatidan ayrilmasman. O‘zum musulmon bo‘lub turub, hozirgacha birgina millat degan so‘zga tushunmaydurgon darajada nodon va johil bo‘lub yurgan ekanman. Afsus, o‘tgan umrlarimga emdi siz guvoh bo‘ling, millat degan joyda jonimni ham ayamasman, dedi. Kun kech bo‘ldig‘indan boshqa firqalar xususida ma’lumot bermoqni mullo boshqa bir kunga va’da qildi. Bir-birimiz ila xayrlashub, bog‘dan chiqub ketdik.

II

Axshom soat beshda mullo va chapan birodarlarimiz topushub, ikinchi bir o‘rtog‘imizning bog‘iga borduk. Borgan bog‘imiz Toshkandning eng havodor, eng yaxshi yerlaridan baland bir tepalik usti bo‘lub, atrofining manzarasi (ko‘rinish) go‘yo boshqa bir olam kabi yoxud Isvichra[2] mamlakatining manzarasi kabi ko‘rinur edi. Ro‘baro‘mizda o‘n to‘rt kechalik oyning bizning majlisimizga elektr kabi ishiq va ziyo verishi, bir tarafdan, tog‘larning ustida cho‘kub yottan bam-bayoz qorlarning, iki(nchi) tarafdan, ko‘m-ko‘k daraxtlarning orasidan namoyon bo‘lishi ko‘k baxmalga o‘ralmish mahbub kabi ko‘rinur edi. Bir tarafdan, katta bir nahr — yilg‘aning suvi oyning shu’lasi ila oppoq sut kabi bo‘lub, chog‘laya-chog‘laya oqub kelishi, janobi Haqning qudratini isbot etmakda, tabiatni(ng) xursand qilmoqda edi.

M u l l o: —

«Ajab ibratnomadir bu jahonning bog‘u sahrosi,

To‘lin oy sayr etadir-da, it hurardin yo‘qtu(r) parvosi», —

deb so‘zga kirishub, bu baytni o‘qidi:

«Umring o‘tsa, xush o‘tsun, dunyoda ahli dil ila,

Mehnati jondir vale o‘lturma noqobil ila».

«O‘xshatmay uchratmas» deganlaridek, biz bir-birimiz ila xo‘p yaxshi tanishdik, tez-tez suhbat qilishub, dillarimizning chigilini yozishib turayluk.

Ch a p a n (i): — Avvalgi majlisda menga tiyotrdan tushkan oqchalarni jamiyatga berurlar, deb edingiz. Ul qaysi jamiyat? Rusning jamiyatimi yoki musulmonlarning o‘zlari boshqa bir jamiyat ochkanlarmi?

M u l l o: — Voy-bo‘y! Hozirgacha bilmas ekansiz, bu yil besh yil bo‘ldi, musulmonlar o‘zlariga maxsus «Jamiyati xayriya» ochganlar. Tiyotrdan tushgan oqchalarni shul jamiyatga berurlar.

Ch a p a n (i): — Jamiyat bu oqchalarni olub, qayu yerlarga va nimalarga sarf qiladir?

M u l l o: — Jamiyat tarafidan ochilgan kambag‘alxonalarga, beva-bechoralarga, maktab va madrasalarga, muhtoj o‘quvchilarga yordam qiladir va shularga o‘xshash yerlarga sarf qiladir.

Ch a p a n (i): — Oy... durust. Qalandarxonaga yaqin ko‘nka yo‘lida ochilgan kambag‘alxona shul jamiyatnikimi? Bir kun borib ko‘rgan edim, besh-olti ko‘r, shol va kambag‘allar yotar ekanlar. Har birlariga alohida karavat, joylari ozoda, har hafta kiyimlarini yuvdurub, o‘zlarini hammomga olib borib turar ekanlar. Maxsus bir xizmatchi har kuni palov-osh qilib berur ekan. Ittifoqo, bir kuni boshqalarini so‘zlari ila xidmatchi so‘k oshi qilib bergan ekan, bir ko‘r «Man so‘k oshini ichmasman!» — deb arazlab ketibdir. Xidmatchi borub, oni Xadradan zo‘rg‘a qaytarub, olib kelibdir. Munday yaxshilikni ko‘rlarga otalari ham qilgan emasdir. Taqsir, bu jamiyatning boshliqlari kim?

M u l l o: — Raisi hurmatlik Boqixonboy Dodaxonboy o‘g‘illari. Muovin: Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li. Xazinador: Ilhomjon In’omjon o‘g‘li, muovini Husanxo‘ja Dodaxo‘ja o‘g‘li. Sarkotib: Bashirilloxon Asadullaxo‘ja o‘g‘li. Muovin: Abdusami’ qori Hidoyatboy o‘g‘li. Idora a’zolari: hurmatlik Abduvali hoji Abdulmalikboy o‘g‘li, hurmatlik Tojimuhammad Isomuhammad o‘g‘li, Munavvarxon Abdurashidxon o‘g‘li, Nizomiddin qori Mullo Husayn o‘g‘li, Ubaydullaxon Asadullaxo‘ja o‘g‘li, Karim qori Ko‘chakboy o‘g‘li, Abdusami’ qori Hidoyatboy o‘g‘li, Karimbek Norbek o‘g‘li va mullo Abdulloh Avloniylardir. Taftish a’zolari: hurmatlik Koshifxon eshon, Orifxo‘ja qozi va Toshhoji Tuyoqboy o‘g‘lidirlar.

Ch a p a n (i): — Balli, taqsir, jamiyatni yaxshi bildim, Xudo xoxlasa, qo‘limga pul tushsa, olti so‘m berub, man ham a’zo o‘lurman. Emdi tiyotrga qarshu boshqa firqalardan ma’lumot beringiz.

M u l l o: — Tiyotr xususida ba’zi firqalar sham’ kabi o‘z etlarini o‘zlari yeb, kuyub, o‘rtanub, ichlaridin qirindi o‘tub yurgan emish. O‘zlarining kuyub o‘rtanganlari bir sari, tiyotr o‘ynovchi bechoralarni ham tinch qo‘ymay, qora qo‘ng‘iz kabi har bir yerda sosub, kurakda turmaydurgon so‘zlar ila maktublar yozub, ul bechoralarni(ng) yaqin kishilariga maxfiy tarqatib yurgan emishlar. Hozirda bularning qo‘llariga ul vijdonsizlarning yozg‘an xatlaridan yigirmaga yaqin tushgan emish. Ul maktublarni kimlar yozg‘anlig‘i, konvertlarini qayu yerdan oling‘anlig‘i, adrislarini kimlar yozg‘anlig‘i sezilub qolibdur. Ammo bular har bir ishni ochuq-oydin va oshkor qilub yurgan kishilar o‘ldig‘indan bu ishni ham teyishlik joylarda maydonga chiqarsalar kerak.

Ch a p a n (i): — Men ham eshitgan edim, tiyotr o‘ynagan kishilarning haqlarida yamon so‘zlar yozub, uyot joylariga til tekizibdurlar.

M u l l o: — Nima dedingiz?

Ch a p a n (i): — Uyot joylariga til tekuzubdurlar. ...Til! ...Taqsir! Mullo bo‘lub turub shunga tushunmaysizmi? Ya’ni yamon joylariga og‘iz solub, chaynamishlar. Bularni qo‘yabering, o‘zlaridan o‘zlari kuyub, kul bo‘lub yoki sil bo‘lub, o‘lub keturlar. Boshqa firqalardan so‘ylangiz.

M u l l o: — Ba’zi firqalar tiyotrlarning harom ekanlig‘iga fatvo so‘rab, eshik baeshik sargardon bo‘lub yurgan emishlar. Ammo tiyotr o‘ynovchi kishilarning qo‘llarida Toshkandning mashhur muftilari tarafidan qilub berilgan fatvolari bor emish. Mard kishi maydonda saylansun! Mana hozirda, nufusi Toshkandda turki tilda chiqadurgon gazetamiz iki bo‘ldi, banim fikrimcha kuchlari bo‘lsa, qorong‘u va hech kishi yo‘q uyda turub baqirmasdan, matbuot vositasi ila ko‘ngildagi g‘arazi habjo‘shonalarini yoxud xayoli fosidonalarini jaridalarga yozub, ochuqdan-ochuq so‘zlasalar, yaxshi bo‘lur edi.

Ch a p a n (i): — Taqsir! Qorong‘u uyda so‘zlamay, ochuqdan so‘zlasunlar, deysiz. Tovushimni odamlar eshitsunlar, deb uyni tomini ochub so‘zlaguncha, eshiklarini ochub so‘zlasalar, bo‘lmasmukin?

M u l l o: — Yo‘q, so‘z unda emas, bug‘doyda. Tiyotr o‘ynovchi kishilar Janob gubernatordan ijozat olub, bosh hokimlarining farmoyishlari ila so‘zlaydirg‘on so‘zlarini e’lomnomaga yozub chiqarub, har kimga ma’lum va oshkora qilub so‘zlamishlar.

Ch a p a n (i): — Ul qorong‘u hujrada xat yozgan kishilarning so‘zlari ham ma’lum va oshkor bo‘libdurki, mana, siz eshitubsiz, men eshitubman. Boshqa odamlar ham eshitgandir. Hukumatimiz ham eshitgan bo‘lsa kerak. Munga e’lomnoma nima kerak, e’lomnoma yozub, chiqarub qoron-g‘u hujrada maymun o‘ynatib beradirlarmi?

M u l l o: — Man sizga qachon hujra dedim? Man uy desam, siz hujra deysiz?

Ch a p a n (i): — Taqsir! Uy nima, hujra nima? Ikisi bir ma’ni. Ya’ni masalan: uy bir oz kattaroq, hujra bir oz kichikroq bo‘ladur. Ammo uy bir oz yorug‘roq, hujra bir oz qorong‘uroq bo‘ladur. Siz qorong‘u deganingizga manim xayolimga hujra kelub, og‘zimdan hujra chiqub ketibdur. Afu qiling, aybga buyurmang, taqsir!

M u l l o: — Ayb siz va bizda emas, Indamasda. O‘tgan majlisda o‘zaro so‘zlashgan so‘zumizni oquzmay-tomuzmay, hammasini «Sadoyi Turkiston» jaridasiga yozib chiqaribdir. Ul maxfiy maktub yozg‘uchilar eshitib qolub, bizlarga ham maktub yozsalar, nima qilurmiz?

Ch a p a n (i): — G‘am chekmangiz! Alarning yozadurg‘on xatlari menga ma’lum. Konverti sarig‘, markasi yo‘q, adrisi ham bilinib turadir. Olmaymiz — qo‘yamiz!

M u l l o: — Bizga yozmasa, Indamasg‘a yozar, Indamas jaridaga yozar, onda nima qilurmiz.

Ch a p a n (i): — Yozsa yozaversun! Bizga nima g‘am. Bizlar qorong‘u uyda so‘z so‘ylashib turganimiz yo‘q, op-ochuq sutdek oydinda so‘zlashub turubmiz.

M u l l o: — Bilaman, bizlarga g‘am yo‘q, lekin bizni «xafa qilaman» deb, maktub yozgan kishilarga achinaman. «Qing‘ir ish qirq yildan so‘ng ma’lum bo‘lur» degan so‘z bor. Bir kun emas, bir kun qilgan ishlari yuzaga chiqub qolub, «bizlar uchun qazigan chuqurlariga o‘zlari yiqilub ketmasalar edi», deb qo‘rqaman.

Ch a p a n (i): — G‘am yemang, taqsir! Tiflisda chiqadirgan «Mullo Nasriddin» degan bir jurnal bor. Shuning bir muxbiri ba’zi vaqtlarda jahannam chuquriga tushub turub, xat yozadir. Bu maxfiy xat yozadirgan kishilar ham «Asfalasofilin»ga tushub ketsalar ham xatlarini yoza beradirlar. Bularni qo‘yo bering, emdi ikinchi tiyotrning bo‘lishidan so‘zlang!

M u l l o: — Ikinchi tiyotr yaqinda bo‘ladir, hozir muni qo‘yub turayluk, o‘tub ketgan bir tiyotr munozarasini shuncha cho‘zub, xayoliy so‘zlar ila umrimizni o‘tkazduk. Emdiki majlisimizda so‘zlanadurgan so‘zlarimizni milliy, adabiy, fanniy, ilmiy va axloqiy so‘zlarga olishtirmog‘imiz lozimdir, deb so‘ziga xotima chekdi. Bir-birimiz ila «Axshomingiz xayrli o‘lsun!» deb bog‘din chiqub ketduk.

----------------------------------

[1]Gazeta sahifasining shul joyi uringan, o‘qib bo‘lmadi.

[2]Shveytsariya.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.