OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Mochalov (1922)

Kichkina feleto‘n

Otingdan aylanay Mochalov... Ismi sharifingni eshitsam butun borlig‘img‘a sirqiroq kiradir, Mochalov!..

O‘tub ketdi o‘shal davrlaring: Eski shahar ko‘chalarida muborak vujuding ko‘rinib qolsa, homilalik xotunlar bola tashlar, yig‘loq bolalar yig‘idan to‘xtar, dag‘dag‘ai zolimonangni tatig‘an benavolar dir-dir qaltirar edilar. Qo‘lingda qamchin, belingda oshpichoq, shopdak murtingning ostidag‘i sassiq og‘zingdan «Qizingni... onangni... diningni... ota-bobongni...» degan zikri oliylar doim favvora urar edi. Eski shaharning yetti yosharidan to yetmish yosharig‘acha saning so‘kug‘ingda, tepug‘ingda edilar. Balki qo‘msarsan o‘shal kunlaringni?

Albatta, qo‘msaysan. Boshqalarini qo‘msamasangda iftrovoy gildi[1] ko‘paslar mehmonxonasida yegan palovlaringni, norinlaringni qo‘msaysan. Pudratchilar, zavodchilar uylarida ichkan aroqlaringni, hafta sayin qozilardan kelib turaturg‘an paketlarni, ayniqsa 1916 yil rabochiy voqeasida davlatxonangga arz-dod uchun borg‘anlarni otib, gunohsiz qonlarni suv o‘rnig‘a ichishlaringni qo‘msaysan![2] Falakning gardishi qurib uyi kuysunki, saning mash’um kunlaringni qaytub kelmaslik etub, tuzatdi. Buning bilangina qolmay, tinchkina ishlab turg‘an issig‘ o‘rningni sovutdi-da, turmaga ketirib tiqdi. Falakat ulug‘, foji’a katta... Bu kun insofi yo‘q, rahmi oz (go‘yoki o‘zing) Toshkand musulmonlarining borlig‘i deyarlik sanga da’vogar!

Ey falak, uying kuysun falak. Mochalov to‘raga o‘shal davlatlarni o‘zing bermadingmi? Endi bechoraning qarig‘an kunlarida bu yanglig‘ sarson, bunchalik sargardon qilishingda qanday hikmat bor? Qayg‘urma, to‘ram. Ko‘bchilik emasmi, balki shavkatlik kunlaring-da issig‘ingni ko‘rganlar himoyangda bo‘lurlar. Agar ishing chappa ketsa, joning jannatda bo‘lsun!..

Julqunboy

«Qizil bayroq» — 1922 yil, 26 avgust, 212-son

 

[1] Vtoraya gildiya - Rossiyada savdogarlarning boyligiga qarab beriladnganIII III darajalar.

[2] 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay IIning «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aqolisini harakatdagi armiya rayonida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun earur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» farmoniga muvofiq Sibir, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo va Kavkaz mahalliy aholisidan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 400 ming erkak, jumladan Turkistondan 250 ming erkak mardikorlikka safarbar qilinishi lozim edi. O‘shanda mahalliy xalq bu qarorga qarshi bosh ko‘targan, isyon mustamlakachilar tomonidan qonga botirilgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.