Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasig‘a ketadi.
Sovdagarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi.
Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan yozliq gapka ketadi.
Qimorbozning topqani gartkam bilan to‘rtta oshiqqa ketadi.
Bedanabozning topqani tariqqa ketadi.
Muridning topqani eshonga ketadi.
Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi.
Xotunlarning topqanlari issiq-sovuqchi domlag‘a ketadi.
Boybachchaning topqani «Turkvino»[1] bilan barishnaxonlarg‘a ketadi.
Yoshlarning topqanlari upa-elik bilan o‘sma-surmalarga ketadi.
Eski shahar ispolqo‘mining topqani har xil yuqori shefstvolarga ketadi.
Baladiya bo‘limining topqani xizmatchilarning maoshiga ketadi.
Vaqf sho‘‘basining[2] topqani idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi.
Otning topqani eshakka ketadi.
Bo‘rining topqani tulkiga ketadi.
«Mushtum»ning topqani turkistonliklarning tumshug‘iga ketadi.
Ushbularning o‘qug‘an kishining dami — dambalig‘a ketadi!
Bizning topqanimiz achchiq-tiziqqa ketadi! — deb,
Mulla Julqunboy yozdilar.
«Mushtum»: yozganlaringizning hammasi ham havoga ketadur! — deb biz ham muhrimizni bosdiq.
«Mushtum» — 1923 yil, 15-mart, 3-son, 3-bet
[1]«Turkvino» —- o‘sha paytda «Turkvino» nomli Turkiston Davlat tresti boshqarmasi turli xil vino nchimliklari chiqargan.
[2]Vaqf sho‘‘basi — vaqf yerlar inqilobdan so‘ng ma’orif ixtiyoriga berilib, daromadi maktab va ma’orif ehtiyojlariga sarflangan.