Hangama
«Turkiston»ning 36-sonida «Muxbirlarimizdan» bitgasi bir narsani yozibdirkim, o‘qub ko‘rib nax muxbirning og‘zini yorib yuborg‘um keldi.
Axir, uying kuygur, sag‘al og‘zingga qarab gapir-da:
— «Isroflik to‘y...» «Samarqandda o‘rtoq Qurbi o‘g‘ullarini kestirdi, uch-to‘rt kun to‘y berdi, bir-ikki milliard pul ketdi... To‘yg‘a isrof qilg‘an aqchasiyu! «Ko‘mak» uyushmasiga berganda falon bo‘lardi...»
Zab kurakda turmag‘an vahmalarni qilibsan-da, inim! Sening «Ko‘mak» uyushmang bizning mulla Qurbining kori xayriga qancha ko‘mak berdi? Og‘zing bo‘lsa gapir-chi, betiyiq! Va yo bu vag‘ir-vug‘uring mulla Qurbining to‘yig‘a qilg‘an to‘yonangmi? Hayf senga-e!
Samarqandlik mulla Qurbi bilan kamina toshkandlik mulla Julqunboyning onalari nima uchun tug‘ub tashladi? Doyachimiz nima deb tang‘layimizni ko‘tardi?
— Yaxshi boylarg‘a kuyov bo‘l, uvalik-juvalik bo‘l, o‘g‘ullaringning to‘y-tomoshasini ko‘r!..
Ammo «To‘y qilaturg‘an pulingni «Ko‘mak»ga ber!» deyilmabdiku? Bas, shunday bo‘lg‘andan keyin biz ham besh kunlik dunyoda bola-chaqamizning orzu-havasini ko‘raylik. Chiq eshikka-e, tuf betingga-e... Muxbir degan har bir maza-bemazani xabar deb gazetaga yozavermaydir. Andisha kerak, rioya kerak. Agar men shundaqanggi beandishalik qilib yozabersam-chi, nax butun Toshkandni kiyib yuboraman. Tag‘in menim yozg‘anlarimning eng kichkinasi tuyadek bo‘lur. Yo‘q, men senlarga o‘xshash beandisha emasman. Agar men beandisha bo‘lsam:
— Falon dahaning boshlig‘i, pismadonchi o‘rtoqning o‘zining yoshg‘ina xotunining ustiga yana bir xotun olmoq harakatida bo‘lub yurganini yaxshi bilaman, shuni yozsam bo‘lmasmi edi?
Agar men rioyasiz bo‘lsam:
— Tuppa-tuzuk ishboshi, yaxshig‘ina ongi bor bir taviya o‘rtog‘im qaydandir pul topib, imorat soldi, uning ketidan guvaladek pul isrof qilib, hovli to‘yi ham qilib berdi. O‘rtog‘imning qilgan ishi qip-qizil jinnilik, deb gazetaga yozsam qo‘limdan kelmasmi edi?
Agar men andisha qilmasam;
— Eski shahardagi solinaturg‘an teatru binosining muboshirlari kam xarju bolonishin[1] deb «Jangoh»ga solib bergan teatrularida qurbaqalar teatru boshladilar deb xabar yozmasmi edim?[2]
Agar Eski shahardagi puli ko‘paygan xunasai notantilarning bir oz andishalari bo‘lsa:
—Besh kunlab ayqirtirib qilg‘an to‘yimizni, o‘n milliardlab to‘yga qilgan isrofimizni mahallamizdagi ko‘ksini zaxga berib yotkan och-og‘riqqa berib, olqishlarini olsaq bo‘lmasmu? — deb andisha aylamasmi edilar?
Har holda og‘izg‘a qarab gapirish kerak. Buning ustiga bir chimdim andisha ham kerak?
So‘z uzoq erdi, muxtasar qildiq. Yomon ko‘b erdi, muttaham qildiq.
Hozircha xayr:
Julqunboy
«Turkiston» — 1922 yil, 26 dekabr, 41-son
[1]Kam xarju bolonishin — xarajati oz, ko‘rinishi hashamatli.
[2]Bu kichkinagina teatr Eski jo‘vadagi bolalar teatrining janubiy yon boshida bo‘lgan, 1940 yillar arafasida buzib yuborilgan.