OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Xususiy maktublardan (1923)

Hangama

Kaminalari xususiy kabinetlarida o‘lturub, yangigina po‘chtalyo‘n tomonidan topshirilg‘an do‘st-dushman maktublarini o‘qub, goh kular edilar, goh yig‘lar edilar. Do‘st-dushman maktubidan bir necha nusxa:

«...Oyog‘ingg‘a qarab yur!.. Kechagi gazetda haqimda aljiganingni bu galcha bola-chaqang hurmatiga kechirdim. Yo‘qsa bitta kallakesarga zakaz berilgan edi... Imzo...»

Rezalyutsiya: o‘zim ham jondan to‘yganman!

* * *

«Birodar! Qo‘chqor podachining sigiri teskari tug‘ubdir. Shuni o‘xshatub gazetingga yozmaysanmi? O‘ zi juda qiziq gapda!..

Imzo...»

Rezalyutsiya: saniki ham ma’qul!

* * *

«O‘rtoq! Man saning shaharning chetrog‘ida turishingni bilaman. Shuning uchun sandan bir iltimos bor. Xudo uchun iltimosimni rad qilma. Oilam ila yaqing‘inadan beri bir balog‘a yo‘liqdiq. Yolg‘iz mangina emas, butun mahalla ahli yo‘liqdilar. Bu voqi’aga endi uch oylar chamasi bo‘ldi. Kunduzlari harchiku notinchlik bilan o‘tkuramiz. Ammo kechalari! So‘rama birodar, bizning holimizga mushuklar yig‘lasun! Bir chimdim uxlash yo‘q, butun kechasi jonsaraklik. O‘zimizni ham qo‘yabera, hammadan ham beshikdagi bolani ayt... Ey, bechora-bechora, saning nima gunohing bor edi?!

Tovushing o‘chkurning tovushini eshitkan sayin beshikda yotqan gunohsizning o‘takasi yorilib shaytonlaydir. Ertasiga butun kun domla xo‘ja qilub umrimiz o‘tadir...

Buning mahallasiga dev dorigan ekan, deb o‘ylay ko‘rma. Bu uning oldida hech narsa. Ajdarho paydo bo‘lg‘andir, deb ham o‘ylama. Chunki biz ajdar deganingdan ... olamiz, bu o‘zi ajib bir balo, xunuk bedavo!

Endi bo‘lmadi, endi uyni tashlab qochaman. Yo‘q, u tursun — yo‘q man turay. Sanga iltimos shulki, o‘zingga yaqin yerdan bir hovli top, man ko‘chay shu mahalladan, boshimni olib ketay shu uydan. Bir mangina emas, butun mahalla ko‘chish qasdida. Bechoralar: «Shahardan hovli topilmasa uyazga bo‘lsa ham chiqib ketamiz»,deydilar.

O‘zi ajib bir balo, ishonmasang bir kun kel, butun tun mijja qoqtirsa, har narsa de. Sanga baytalmonning otini aytishka ham yuragim yo‘q. Xayr nima bo‘lsa ham aytay: «Sharq» sahnasi bilan «Turon»ning[1] to‘rtta karnayi g‘a-a-a-a-at, g‘a-a-a-a tuu-u-g‘a-a-a-aat! G‘art-g‘art-g‘art! Ha tovushing o‘chkur, ha, egasiz qolg‘ur!

Maxsido‘z mahalla: Imzo...»

Rezalyutsiya: shu gapingga noma’qul buzoqning go‘shtini yebsan. Jimgina qimirlamay uyingda yotaber. Tovushi saning mahallangga yoqmag‘an karnay «Sharq» «Alt musiqiya»sidan[2] bir nav’idurki, uning insonga uch turluk foydasi bor, deydirlar. Chunonchi:

  1. Har inson, forsiycha «xar», o‘zbekcha «eshak» degan hayvonning nag‘mai jonso‘zini eshitsun va yo karnay tovushini!
  2. Musiqiyshunoslarning so‘zlariga qarag‘anda, bu ikki jonvorning tovushi ijroi ta’sirida barobar bo‘lub, kishining miyasini to‘lg‘uzar ekan va yana ruhiga oziq bo‘lub tabi’atini ham noziklashdirar ekan!
  3. Xususan, karnay bizning xalqqa gipno‘tizm qabilidan ta’sir berib, beixtiyor karnay tovushi chiqqan tomong‘a yugurtirar ekan. Shu munosabat bilan «Turon» va «Sharq» sahnalarining kartina belatlari chaqa pul bo‘lub, murod-maqsadga yetilar ekan.

Mana ukajon, ko‘rdingizmi, karnay degan «Alt musiqiya»ning «Hikmati komediya»sini! Ko‘chaman-netaman deb o‘lturmangki, miyangiz to‘lsun va o‘zbek millatiga oz deganda bir mahalla musiqiyshunoslar yetishsun!

Tort-ey, karnayingni, sadag‘ang ketay!

Julqunboy

«Turkiston» — 1923 yil, 6 fevral, 57-son

 

[1] «Sharq» va «Turon» sahnasi — Toshkentning Eski jo‘va maydonidagi Maxsido‘zlik ko‘chasida, eski harbiy komissariat binosida bo‘lgan.

[2] «Alt musiqiya» — past ovozda chalinuvchi asbobi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.