OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Yig'indi gaplar (1926)

O'qug'uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo'ldi.
-Qaysi burchakda uxlab qolding?-deb sorama, jiyan. Bu o'lkada nima ko'b ekan-uxlaydirg'on burchak va unda o'mpayib, to'mpayib uxlag'uchi menga o'xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o'zbekning ishchisi, dehqoni, ma'orifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas barchasi uxlaydi. Ammo o'choqboshini xoli topqon olaqarg'alar bo'lsa xo'bam bilgan noma'qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo'lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og'ayni! Ish qilib o'lmasdan bahorga chiqib olsaq bo'pti... "O'psa netar, yuvsa ketar", degan ekan ota-bobo.
Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o'ldursam deyman:
- Yerlilashdirish! O'zbeklashdirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg'anmi? O'lib bo'ldik-ku! (To'ng'iz qo'psang yo'q, dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko'rchipqonimni kimning oldida yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo'lsa kafanini hozirla!)
Ko'chaga chiqsang ko'ringan kishidan eshitadirgan so'zing shu. Qulog'ingga paxta tiqmasang, boshqa iloji yo'q!
- Voy o'sha kuydi-pishtini yig'ib, terib egam chaqirsin!
Hali-ku bu og'zaki g'ishg'isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek bitta sarkoringdan ham fe'lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq. Madanglik maorif xodimlari qurultoyida ma'ruza o'qib nima deydi, deng:
- "Jumhuriyatimizda har 200 murassa' chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg'a bitta maktab bor. Yoki o'qish yoshida bo'lg'on bolalarning har(emas, xo'tuk) 979 tasiga bitta maktab to'g'ri keladir!"
Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudoga shukur qorning to'q, qayg'ung yo'q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig'ingni qilaversang bo'lmaydimi, usta Yo'ldosh!
Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig'im yo'q. Rahmatlik bo'boy: "Sakkiz chaqirim bir tosh bo'ladi, bir toshni yaxshi oting bo'lsa bir soatda bosasan", - deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming... hisobning kallasi minan 24 tosh bo'lsa, haligidek oting chaman bo'lmasa bir qo'nib ertasiga tush chog'ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo'lsa-ku niyatni safarga qilib ro'zangni bahuzur yeyaver!ro'zangni bahuzur yeyaver!
Gap qayerda edi, hali.. ha, aytkandek har besh ming odamga bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go'dakka bittagina ermak to'g'risida edi.
Shu zamonadagi ba'zi odamlarg'a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag'a bitta maktab bo'lsa nima-yu, o'n minggiga bitta to'g'ri kelsa sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko'paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo'lsa azbarayi Lenin va Marks uzatkon oyog'ingni yig'ma! Ko'chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo'q, kuch yo'q, o'n to'qquzta yerlilashkan idoradan hafta o'tmay chirting-pirting qog'ozini olibdir. Rostini aytsam, "Qul o'lmas, rizqi kamimas" maqolini uncha-muncha odam to'qib tashlamag'an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo'lsa ham bechoralar yig'lab, siqtab, yag'irig'a kul sepib, bir kunini ko'rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg'an beshik-belik va qadr, hurmatlik mehmonlarg'a ham sirini bergani ma'lum emas. Endi har minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo'tuklari ham bir kunini ko'rib ketar deb, o'ylaymiz. Bitta-yarimtaning o'chog'iga kosov bo'lar yoki ot boqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo'lar-ku! Bas, menga qolsa mundog' mayda gaplarning qay'g'usini chekish ham arzimaydir.
Ensamni qotirg'on gaplarning yana bittasi anovi kun bo'lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To'g'risini aytkanda, ziyonliklarning foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qaqhqahamga mujib bo'lg'an gap ham shunisi. O'rtoq Akmalcha Cho'lponboyning:

Ziyolimassen ziyonli xezlardan
Upa-elik oludasi qizlardan.
Oxund bobo o'g'li kabi er kerak,
Boyonlardan olungusi yer kerak!-


degan she'ri bilan ziyonlilarning aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib "Xezlar tavba-tazarru' qilsa firqaning quchog'i ularga ochiq!"
deb qo'yadir. darhaqiqat, xezlardan bittasi tavba qilib, istig'for aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo'qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg'an mahluq yo'q. Biroq bunga ishonar ekan Akmalingg'a aytadirgan ikki og'iz gapim bor:
Senga misol berish uchun Shayx Sa'diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga murojaat qilib o'lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan eshit:
Men har kuni Xudog'a to'qquz martaba osiy bo'lib, o'n sakkiz martaba tavba va istig'for aytaman. Isyonim bepayon bo'lg'onidek, istig'forim ham hadsiz va lekin isyonsiz qolg'an soatimg'a juda oz uchrarman! Bas, onglag'ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo'yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg'on rasvo-rasvolarning eng ashaddiy rasvosidir. O'z butunlig'ini saqlay olmag'an boshqag'a en bo'laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo'lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo'yin egish tovbadir, o'zgasi g'ovg'adir!
Shu oralardag'i muhum hangamalarning yana bittasi "Milliy qo'shinning firqa kanferensiyasi" deb arz qilsam ehtimolki, hech kimning ko'ngliga og'ir kelmas. Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og'rig'i yo'q, yigitlarimizni basharti muvofiq ko'rilsa va gazarmalaringiz bo'sh bo'lib ko'ngillariga gap kelmasa, qo'llarig'a miltiq topilmag'anda ham bitta-bitta ketman dasta berib? qo'riqchilikka qabul qilish chakki bo'lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra'yi o'zlarinikidir.
Yer islohati munosabati bilan O'zbekistonda boshqa islohatlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohatga muhtoj masalalar ko'bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohati, muharrirlarg'a til va ma'no., shoirlarga ilhom va uslub(ma'no bo'lmasa ham mayli), yoshlarg'a axloq va kiyim, xotinlarg'a jabru zulm, domlalarg'a din va salla, "Mushtum" yozishg'uchilarig'a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to'g'risida o'ylab ham qaramaslik va hokazo islohatlarg'a nihoyat darajada ehtiyoj ko'bdir.

Ovsar
"Mushtum"-1926-yil, 2(27)-son, 2-3 bet, 25-fevral

___________
O'choqboshi - hukumat
Olaqarg'a - kelgindi 
Yo'ldosh Oxunboboyev - O'zbekiston SSR MIK raisi
Sarkor - rahbar
Madanglik - madaniy
Murassa' - qiymatli toshlar bilan bezalgan, ma'ruzachining so'zida bu so'z murabba' (kvadrat) deb berilgan.
Yo'ldosh Oxunbobvoyevning ma'ruzasi "Qizil O'zbekiston" gazetasining 1926-yil, 4-fevral, 29-sonida bosilgan.
Faroyizxonlik - hisobdonlik
Chaqirim - 1,06 kilometrga teng uzunlik
Chaman ot - sekin yuradigan ot yoki eshak
Ma'lumki, safardagi odam ro'za tutmaydi, rozangni ochaver, baribir yetib borolmaysan, demoqchi.
Mirzaboshi - xizmatkor, malay
Oyoq yig'maslik - yo'ldan, niyatdan qaytmaslik
Bu yerda chet ellardan va markazdan kelayotgan mehmonlar nazarda tutilayapti.
Davlat boshqaruv apparatini, umuman, Turkistonda "Milliy jumhuriyatlar" hayotini milliylashtirish, o'zbeklashtirish,-idora xat-hujjat ishlarini o'zbek tilida yuritish, deganda barcha boshqaruv apparatini yerli aholi qo'liga topshirish degan ma'noda tushuniladi. 1919- yil 12-iyulda RKP MK bu masalani milliy jumhuriyatlar tuzilganidan so'ng, chet ellik mehmonlar kelib milliy masalalar jumhuriyatlarda qanday hal etilayotganligini ko'rib, bilib ketayotganlaridan so'ng qayta ko'rishga majbur bo'ldi.
RKP MK o'zining 12-qurultoyida har bir jumhuriyatda idora ishlarini milliylashtirish masalasini qayta ko'radi. 1924-yil 29-mart sonida "Zarafshon" gazetasining muxbiri "Mushtum" tanqidining o'rinsiz" nomli maolasida shunday deb yozib o'tadi: "Hozirgi xo'jalik ishlarimizning to'qson foizini, balki ko'pragi ovropalik o'rtoqlarning qo'lidadir. Shu vaqtgacha bularning oralarida sinfiy ayurma masalasi qo'zg'alganini ko'rmaymiz. Balki ish nuqtai nazaridan oddiy kishilar bir tarafda tursun, xo'jayun va oqsuyaklar qo'yulg'ondur. Chunki ular o'zlarining mutaxassisliklari orqasida ko'b vaqt zarar o'rniga foyda ham bera olurlar"...
Xalq kommisiriati qoshida ochilgan yerlashdirish kommisiyasi joylardan sinfiy mansubiyati, ijtimoiy ahvolini tekshirib o'lka va viloyat idoralariga tajriba uchun ko'plab kadrlarni yig'ib jo'natadilar. Lekin bu tadbir ham samarasiz qolayotgani; yuborilgan kadrlarning hech biri layoqat va iste'dodi e'tiborga olinmagani, boshqarma mudirligi faoliyatini o'rganishga qo'yilmay muxbirlik, kassirlik, qog'oz tikish kabi eng oddiy ishlar bilan ovora bo'lib yurganlari haqida muxbirlar gazeta maqolalarida yozib o'tadilar. Bolsheviklarning bu tadbirlarini Georgiy Safarov "Mustamlaka inqilobi, Turkiston saboqlari"(1921 yil, M.) nomli kitobida "Mustamlakachilarga yerli xalqdan chiqqan haqiqiy rahbar, o'zlari bilan bir safda turadigan teng huquqli o'rtoq kerak emas edi. Ularga tilmochlar va ijrochi mirshablar zarur edi" deb izohlab o'tadi.
Oktabr inqilobining o'n yilligi munosabati bilan Maskovga borgan fransuz ishchi delegatsiyasining bir guruhi Turkistonga ham tashrif buyuradi va ular safarlari yakunida o'z taassurotlari bilan deklaratsiya e'lon qiladilar. Shu deklaratsiya munosabati bilan 1928-yilda Parijda yashab turgan turkistonlik muhojir Mustafo Cho'qay o'g'li "Turkiston sho'rolar hokimiyati davrida" nomli risolasini yozadi. Adib Abdulla Qodiriyning ushbu "Yig'indi gaplar" felyetonida ko'tarilgan ayni shu masalalarni Mustafo Choqay o'g'li ham o'z risolasida batafsil tahlil etib o'tadi. 
1926 va 1927-yillarda Toshkentda O'zbekiston madaniyat va maorif xodimlari qurultoyi bo'lib o'tadi. Bu qurultoyda bolsheviklarning mamlakatda o'tkazayaotgan bir necha xil kampaniyalaridan biri-ziyolilar masalasi ko'riladi. Unda ziyolilar ikkiga: proletar va eski ziyolilar guruhiga bo'linadi. Eskilarga millatchi, panturkist yorliqlari osilib, ularga qarshi qattiq siyosiy hujum boshlanadi. Maxsus qarorlar qabul qilinib, eskilar san'at, adabiyot, matbuot ishlaridan, ayniqsa, rahbarlik lavozimlaridan chetlashtiriladi, ba'zilari ta'qib ostiga olinadi. Qurultoyni Akmal Ikromov ma'ruza qilib ochadi, ikkiyuzlamachilikdan iborat bo'lgan bu ma'ruza "Qizil O'zbekiston" gazetasining 1926-yil 21 - yanvar, 8-sonida bosilgan.
Istig'for - kechirim so'rash, tavba qilmoq.
"Kalila va Dimna" - shahzodalarga ta'lim-tarbiya beruvchi, pand-nasihat uslubida yozilgan hindlarning "Pantachantra" kitobi.
Mutakallim - so'zlovchi, notiq, o'zimdan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.