Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun o‘rtag‘a chiqqan, «maf'iu-l-zamiri[1]» ma'lum bo‘lg‘aydir.
Rusiya inqilobi. Imperatorning taxtdan tushgani, rus hukumatining xalq qo‘lig‘a qo‘chdigi Buxoro hukumatig‘a inqilobning haqiqati va inqilobchilarning tilaklarini bildurdi. Inqilobchilarning himoyasig‘a sig‘ing‘an yoshlardan Buxoro hukumati biroq qo‘rqdi. Ko‘b o‘ylovlar, tushunchalar va qarorsizliklardan so‘ng belguli bir qarorg‘a keldi. O'zi uchun ikki yo‘l tayin etdi: vijdon va imonlarini sotaturg‘an «oqcha quli» afandilarni sotib olmoq va oltun tuzoqg‘a tushmas yoxud oltung‘a qaramaslarini turli bahonalar bilan u dunyog‘a yubormak!
Bundan birinchi yo‘lni amirning o‘zi qabul qilib, ikkinchisini qushbegisiga[2] havola etdi.
Amir janoblari yuborg‘an «ehson»ning qobug‘ini ochib yaramas, arzimas kimsalarga mehroxo‘rlik[3], to‘xsobaliq[4] rutbalarini bag‘ishlamoq, hatto fohisha xotunlarig‘a madrasa mutavalliliklarini bermak yo‘li bilan o‘ziga tarafdor to‘plab turubdir. Qushbegisi esa, angiz isiyun[5] mazmunini esga keltirur yo‘llar bilan yoziqsiz, gunohsiz kimsalarni mahv qilmoq ila mashg‘ul!
Hukumatdan bo‘lmag‘an va ko‘nglidagini tilinda olg‘an mazlumlarni o‘g‘rilik tuhmatila tutdirib, qinab[6] iqror qildirmoq bahonasi bilan yalang‘och qorinlarig‘a yuz-ikki yuz tayoq urg‘andan keyin tarbuz suyi ichiradir. Bechoralar tarbuz suyini ichkandan so‘ng shishib o‘larlar!.. So‘ng bir oy muddatda shu surat bilan o‘lganlarning soni yuz ellikdan ortmishdir.
Yaqinlarda yana qushbegining piloni[7] bilan bo‘g‘dirilg‘an ikki yosh buxoriyning shahodatlarini gazitga yozg‘an edik[8], bu kun oldigimiz xabarg‘a ko‘ra, Buxoro amiri amlokiga, ikkinchisining aklig‘a buyuk bir muosiylar[9] beribdir. Ya'ni bu jinoyatning o‘z ishi va huquqini harakati bilan isbot qilibdur. Mana shu so‘ng hodisalar, zulmlar va insofsizliqlar Buxoro hukumatining «ma'fiu-l-za-miri»ni onglatadir. Ortiq Buxoro islohoti yo‘linda chin ko‘ngil va o‘z tilagi bilan bayonnoma chiqarg‘an bir «jinoyali»[10] va u bayonnomani yurutmoq uchun tayin bo‘lg‘an bir «vazurotpanohi»[11] yo‘qdir. Bunlar yolg‘on va bo‘sh so‘zlardir. Bunlar zulm qullari bilan qurulg‘an tuzoqlardir. Bunlarg‘a ishonmoq o‘zimizni aldamoqdir.
Endi Buxoro yoshlari uchun lozimdirkim «bayonnoma - hamma bunga ko‘mak etmak»[12] shiorini miyalaridan chiqarg‘aylar. Buxoro inqilobini istar esalar, inqilobchilarg‘a yarashur harakatlar qilg‘aylar. Yaxshi so‘zlar bilan, tavozelar bilan, yolborishlar bilan Buxoro hukumatini yo‘lga keturmak bo‘lmas. Zolimning «...» tabiatiga o‘xshash bir tabiati bordir: qochg‘anga quvar, quvg‘anga qochar. Zolimlarning shu tabiatlarini, shu «ahvoli ruhiya»larini ko‘zda tutmayin harakat qilaturg‘anlar(ning) xato yo‘ldadirlar, zarar ko‘rarlar. Qo‘rqmayin, tortinmayin keskinroq harakat qilmoq kerak bu kun: Rusiya xarobalaridan chiqg‘an Qafqos, Turkman, Totor, Turkistonning muxtor hukumatlari Buxoro yoshlig‘iga[13] har jihatdan ko‘mak qilarlar. Adolat, hurriyat va mashvarat bilan idora bo‘laturg‘an bu muxtoriyatli islom o‘lkalari yoninda Buxorodag‘i zulm himoyaning yiqiluri muqarrardir. Muncha adolat va haqqoniyat quyoshlari bilan yorug‘an, oydinlashg‘an bir qit'aning o‘ta soxta, insofsizliq qorong‘usi turolmas, yo‘qolur.
(«Hurriyat», 1918 yil, 62-son)
[1] maf'iu-l-zamiri - zamiriga (ostiga) yashirilgan narsa.
[2] qushbegisi - Buxoro amiri Olimxonning qushbegisi Nasrullohbiy parvonachi nazardatutiladi. Hozirgi bosh vazirga yaqin lavozim.
[3] mehroxo‘r - yig‘ilgan soliqlarni qabul qiluvchi.
[4] to‘xsobaliq - Buxoro amirligidagi oliy harbiy vazifalardan. Negadir lug‘atlarda «to‘qsabo» deb forscha talaffuz bilan berilgan. Bu asl turkcha so‘z «Farhangi zaboni tochiki»da nisbatan to‘g‘ri yozilgan: Farhangi zaboni tochiki, 2-jild, Moskva, 1969, 383-bet.
[5] angiz isiyun - «angiz» qasd, qasos. Qasos olishni tezlatish ma'nosida.
[6] qinab - qiynoq, azob berish.
[7] pilon - reja, plan.
[8] «Hurriyat» gazetasining 57-58-sonlaridagi Buxorodagi ahvolga taalluqli maqolalar nazarda tutiladi.
[9] muosiy - gunohkorlik.
[10] jinoyali - jinoyatkorona demoqchi. Buxoro amiri Olimxonning 1918 yil 17 mart Farmoni nazarda tutiladi. Farmonning to‘la matni uchun qarang: F. Xo‘jaev. Tanlangan asarlar, uch tomlik, 1-tom, Toshkent, 1976, 108- 109-betlar.
[11] vazurotpanoh - vazirlar kengashi.
[12] «bayonnoma - hamma bunga ko‘mak etmak» shiori yosh buxorolilar partiyasining «Kolesov voqealari» deb nomlangan voqealargacha bo‘lgan shiori bo‘lib, dastlab ular amirdan islohot talab qilgan edilar. Keyinroq mart voqealarida amir garchi islohot va'da qilgan yuqoridagi bayonnomani chiqargan bo‘lsa-da, voqealar rus harbiylarining aralashuvi bilan jangovar tus olib ketgandi.
[13] Buxoro yoshlig‘i - yesh buxorolilar partiyasi.