Umrim bo‘yi boy bo‘lish yo‘llarini izlab topolmay, oxir, «taqdirimda boyliq yozilmag‘on ekan» deb yurgan edimki, to‘yqusdan o‘ktabr o‘zgarishi voqe' bo‘lub, bolsheviklar hukm sura boshladilar. Ko‘b vaqt o‘tmadikim, bular turli gazeta va kitoblar chiqarib, xalqni bolsheviklikka tashviq eta boshladilar. Boshqa yoqdan, eshonlarimizga o‘xshash: «Dunyo harom, pul bekor, boylar zolim, qonxo‘r!» deb boynamolarimizni ezishga tutindilar...
Qarab tursam, maslakdoshlarimdan tuzuk-tuzuk obro‘li kishilar «holo so‘zingiz haq» deb bolsheviklikka yozilib uchiga chiqib ketdilar. Zotan, man o‘zim boy bo‘lmoq yo‘lini topolmay, garang bo‘lib yurgan emasmi, Tangrining meni boy qilmag‘anig‘a shukrlar qildim. Chunki bu kun agar men ham boy bo‘lsam edi, bu kungi boynamolar qatorida bor-yo‘g‘imdan ayrilib, turmalarda qamalib, qancha azoblar ko‘rgan bo‘lur edim.
Oqibat, men ham hech kim bilan kengashmasdan, istixora qilmasdan, tezgina bolshevik bo‘lib oldim. Shuni ham bilmoq kerakkim, men zohiran bolshevik bo‘lgan bo‘lsam ham, ota-bobomdan meros bo‘lib kelgan ko‘nglimda «kan-naqshi fil-hajar» (toshga o‘yilgan naqsh) kabi o‘ltirib qolg‘on hislarim o‘z joyida barqaror edi.
So‘zning qisqasi, men ham mas'ul ishchilar qatorida mas'uliyatlik bir ishga kirib ketdim. Oylar o‘tdi, yillar o‘tdi. Men bukun-ertalarda oqcha bekor bo‘ladir, boylar yo‘q bo‘lib, barchamiz kambag‘al holatida rohatda yasharmiz deb yursam ham, lekin bul sabil qolgur pul bil'aks ko‘paya berdi. Tuxumiga qiron kelgur boylar ham yo‘q bo‘lmadilar, balki birlari ming, minglari milliyun, milliyunlari milliardlarg‘a yetib, Qorundek mullalarning hisobini bilmay-turg‘on bo‘ldim.
Maslakdosh musulmon, bolshevik o‘rtoqlarimning ba'zilari holig‘a diqqat bilan qarasam, zohiran bular ham men bilan barobar oyliq oladurlar. Lekin haqiqatdan dimog‘lari choq, bosh-oyoq kiyimlari «zolim Nikolay»ning generollarida ham yo‘q...Ishlariga ko‘z solsam: dalaga har bir ovga chiqqanlarida «muzaffar va mansur» bo‘lib qay-tib kelarlar. So‘ngra o‘zlari istagan xotin-qizlarini milliardlarcha so‘m xarajot bilan to‘y qilib olib, kayf-safo etarlar. Bolshevik zakunida ichkilik harom bo‘lsa-da, bular hiylai shar'iy topib, suv o‘rnida konyak icharlar.
Bu ishlar meni hayratga soldi. Boy bo‘lmoq savdosi yana boshimga tushdi. Bir do‘stimning kengashi bilan do‘kon ochdim, ammo sarmoyadan asar, savdodan davlat yo‘q. Ba'zan kunlik non va choyni «harifona» tariqasi bilan topib o‘tkazaman...Natijada, yana ochliq, yana yalang‘ochliq.
Oqibat, o‘ylab topdimki, bu to‘g‘rida ayb o‘zimda ekan, muncha ochliq, muncha yalang‘ochlig‘img‘a, bu qadar baxtsiz va tolesizligimg‘a o‘zim sabab bo‘lg‘on ekanman. Chunonchi, men bolshevik bo‘lib turib ba'zi bolshevik o‘rtoqlarimdek xalq nomidan zakot olishni o‘zimga vazifa etmabman.
Har kim boy bo‘lishni istasa, vijdon bilan aloqa qiddingmi, boylik sendan aloqasini uzishi aniqdir, bu narsa menga uzoq tarbiyalardan keyin saboq bo‘ldi.
Boturbek
Ko‘b vaqt bir kishiga yoki bir necha kishiga qaratib aytilgan «Tayoq» o‘zini to‘g‘ri hisoblab yurgan kishilarga ham tegib ketadir. Menim bu tayog‘im to‘g‘rining boshidan sakrab o‘tub, egrining boshini yoradir.
«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 3 noyabr