Dunyoda eng qulay va oson ish nima, deb so‘rag‘on kishiga «tiyotruchilik» deb javob bersak, alhaq o‘roqdek to‘g‘ri javob bergan bo‘lamiz. Voqean, agar tiyotruchilik bir qult suv ichishdek oson bo‘lmasaydi, bu kunlarda shahrimizning har bir gadoy topmas ko‘chasida haftada uch qatla tiyotruni tomosha qilishga musharraf bo‘lmas edik. Tiyotruchilik rahmatlik «Marmarxon pistadahon»ning masxarabozlig‘idek qulay bir o‘yun bo‘lmasa edi, «olma pish, og‘zimg‘a tush!», deb yurg‘onlarimiz bu kunlarda tiyotru boshlig‘i va o‘yun kulguni tushlarida ko‘rmaganlarimiz, xolis o‘yunchilik maqsadi bilan ma'rakaga chiqib, «arzi andom» qilmag‘on bo‘lurlar edi. Yashasin sanoe'i nafisa bilan o‘ynag‘uvchi tiyotruchilarimiz! Yashasun o‘lib ketgan eski masxarabozliqlarimizni turguzguvchi o‘yunchilarimiz!
So‘ngg‘i vaqtlarda Samarqandimizda bir necha Isonafas o‘rtoqlarimizning yo‘lboshchilig‘i ko‘lankasida tiyotru ishlari birdan jonlanib ketdi. Usta ko‘rmagan shogirdlarimiz sahnag‘a chiqib eshitilmagan maqomlarda o‘ynay boshladilar. Bazm majlislaridan foydalanib yurg‘on xalqimiz bunday qiziq tiyotrularni chilla o‘tirib tomosha qilishdan ham zerikmayturg‘on bo‘ldi. Endi umid etiladirkim, yaqinda shahrimiz O'zbekistonning siyosiy markazi bo‘lishi bilan barobar, tiyotruchilik jihatidan ham markazlik ro‘lini o‘ynamoqqa kirishar.
Boturbek