Ma'lumdirki, har millatning taraqqiysi ilm ila bo‘lub, ilmi bor millatning istiqboli munavvar va o‘zi osoyishda ham ajnabiylar qoshida mahobatlik va hurmatlik ko‘rinur. Sohibi ilm va mutaraqqiy millatlarning alomatlarindan ba'zisi shulki, ibtidoiy maktablari muntazam bo‘lub, o‘rta va oliy har turli madrasalari bo‘ladur. Bu madrasalarda o‘qub chiqgon bolalari faol odam bo‘lub, hol va darajalariga munosib ish - hunar - tijorat va ruhoniy o‘runlarga kirishub ketarlar. Shu yo‘l ila mutamaddun millatlar o‘z ishlarini o‘zlari boshqarub, hech vaj-dan o‘zgalarga muhtoj bo‘lmay rohat, rohatda yashaydurlar. O'z madrasalariga diniy, dunyoviy ilm va fanlarni lozimincha o‘rganub chiqarlar. Oning uchun na dinlarini qo‘ldan berurlar va na dunyoviy ishlarini.
Demakki, bir qavmning hayot va saodati ilm iladur. Suvsiz baliq tirik qolmagani kabi ilmsiz, ittifoqsiz millatlarning yashay olmasligi tabiiydur. Men bu mahalda ilm va fan qatorinda sarvat, ya'ni boylikni yozmadim, holbuki, tirikchilik shartlarining birisi oqcha va mol edi. Chunki mol va mulk ilmning nihoyatsiz samaralaridan bir juz'idur. Ilmi bor odam ozgina harakat va g‘ayrat qilsa, albatta, boy bo‘lur. Yuqorida ilmlik millatlar yashaydur demish edim. Muning aksincha, nodon millatlar mutlaq yashamas, tadrijiy yo‘q bo‘lur. Alalxusus bu zamonda, ilmi zamoniysiz millatning yashamayincha, tezlik ila munqariz bo‘lishi muqarrardur.
Burung‘i zamonda temir yo‘l, paroxud, telegrof, ayruplon va shunga o‘xshash madaniyat asboblari yo‘qligidan dunyodagi hukumatlar bir-biridan uzoq turub, yaki digarining quvvai askariya va moliyasini tamom bilmas edi. Shuning uchun hukumatlarning bir-biri ustiga borub hujum qilishi nihoyatda mushkul edi. Shul vajdan avvalgi zamondagi hukumatlarning ahvoli ahyonan tabaddulot va tag‘yirotg‘a uchrar edi. Ammo bu zamon bo‘lsa, butun bosh-qadur.
Ilm va fanning taraqqiysi va yordami ila yer yuzindagi muxtalif millatlarning har nav' ahvoli mutamaddun yovrupolilarning ko‘zi oldindadur. Bu dunyo hayot muborizasi maydoni bo‘lgonidan, bir kuchlik nimarsa kuchsizini ezar, yutar. Bu qonuni tabiat har bir jonsiz va jonlik narsalar haqida umumiy va joriy bo‘lub kelmakdadur. Masalan, g‘arbdagi Ameriko hukumati sharqdagi Yopuniyoni bilfarz kuchsiz topsa, dengiz ichidan kelub, bir oy zarifida tamom Yopuniyoni istilo va tasxir etmoqi mumkindir. Aning uchundirki, zamonamizdagi hukumatlar boshig‘a tez-tez yangi hodisalar voqe' bo‘lub, ushbu zamon silohi ila qurollanmagan hukumatlar o‘z mamlakat va istiqlol-laridin mahrum bo‘lmoqdadurlar.
Misol uchun hozirgi zamonamizda kam ilm va beparvoligidan jannat kabi shaharlaridan ayrilub, yuz minglarcha askarlar va begunoh xotun, bola-chaqalarining talafig‘a sabab bo‘lgan Turkiya hukumati ila nodonlik va o‘z ichidagi fitna va ig‘tishosh sababli bir-ikki hamsoyasining tuzog‘iga ilinib, muxtazorlik holatiga kelgan Fas huqumatini ko‘rsaturmizki, bular har bir ko‘zi ochiq jaridaxonlarga ma'lumdir, Hokazo Eron.
Emdi kelayluk maqsudimizg‘a. Bizlarning zamonag‘a muvofiq, ya'ni zamoncha ehgiyojimizga yarayturgon maktab - madrasa - dorulsano'a - ...larimiz ila zamoniy ilm va fanlarni bilaturgon ulamo - ag‘niyo - tujjorlarimiz va hunarmandlarimiz yo‘q. Toki, bizlar ham o‘zgalar qoshida ushbu (muborizai hayot) maydonida ezilmay, ilmimiz ila dinimizni, molimiz ila hayotimizni muhofaza qilib yashasak. Shunday qilmaganimiz holda, bora-bora oxir holimiz taboh-bolalarimizning ishi oh va voh bo‘lub ham din va ham dunyomizni qo‘ldin berub munqariz bo‘lurmiz. Ushbu vaqtdan boshlab istiqbol g‘amini yeb, ta'mini istiqbolimiz yo‘lida harakat qilmoq har birimizning vazifai lozimalarimizdur.
«Oyna» jurnali, 1913 yil, 2-son