OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Pora va poraxo‘rlik (1922)

O'ktabr o‘zgarishining besh yillik bayrami munosabati bilan biz «Tayoq»imizning ushbu favqulodda sonini poraxo‘rliq qahramonlarig‘a bag‘ishlamoq bilan barobar bu sonda yolg‘uz «pora»ning lug‘aviy va izohli ma'nolaridan ham poraxo‘rlikning burung‘i va hozirgi hollaridan suvga tegmagan nodir va muhim ma'lumot berib o‘tamiz:

«Pora», «poru»dan mushtafiqdir. Poru hayvon tezagi bo‘lg‘anidek, pora ham inson tezagidur. Mana shuning uchun bizning shariatimiz pora yemakni musulmonlarg‘a harom qilmishdir. Bu poraning lug‘aviy ma'nosi bo‘lib, istilohda vijdonsiz «xodim ul-millat»lar qoshida ona sutidan ham halolroq sanalg‘on maxsus bir oqcha turidirkim, buni yegan kishi oz kunda cho‘chqadek semirib va davlatida ham favqulodda barakot hosil bo‘ladir. Ko‘p zamon o‘tmasdan, poraxo‘rning axloqida katta «o‘zgarish» paydo bo‘lib, ul dunyoda bor fisq-fujur ilmig‘a chechan bo‘ladur. O'zi kunda har qancha gunohsiz va kuchsiz kishiga uchrasa, ularni jinni it kabi qopadur - talaydur. Oxiri, gunohsizligidan osmong‘a uchib ketib, qattig‘ bir yelga yo‘liqib birdan yerga yiqilib o‘ladur.

Poraxo‘rliq ishi zolim Nikolay zamonida yomon bir holda edi. O'zgarishdan keyin har ish «taraqqiy» qilg‘onidek, poraxo‘rliq hunari ham yaxshigina taraqqiy qilib oldi. Hukumat har ishni yangi asosqa qo‘yishga tushgan bir vaqtlarda poraxo‘rlar har bir yangilikdan o‘zlariga cheksiz bir ulush chiqardilar.

«Xodim ul-xalq»larimiz hurriyatdan foydalanib ham hukumatdan va ham kambag‘al xalqdan «oyliq» ola berdilar. Bular hukumatdan olaturg‘on oyliqlar o‘z maishatlarini ta'min etalmag‘onlig‘i uchun «zakot» nomi bilan xalqtsan o‘zlari istagancha «oyliq» olishg‘a majbur bo‘ldilar. Shuning uchun zamonamizda poraxo‘rliq taraqqiy etdi.

So‘ngg‘i choqlarda xalqning poraxo‘rlardan zorlanib, bergan qop-qop shikoyatnomalari vogun-vogun bo‘lib Maskovga borg‘an bo‘lsa kerakkim, unda poraxo‘rlar bilan uzil-kesil kurashishga qaror qilinib bel bog‘landi. Bizning markaz (Toshkand)da ham shu to‘g‘rida juda katta qarorlar chiqarilib, poraxo‘rlar bilan kurashish uchun (truykalar) uchliklar tuzildi. Darhol truykalar kurash maydonig‘a kirib Rustamdek botirlik ko‘rsatdilar: boshlab bir necha poraxo‘rlarning bo‘ynilarig‘a sirtmoq solib jahannamga sudrab tushirdilar.

Eshitkanimizga qarag‘anda, bu qora xabar bundagi mashhur poraxo‘rlarg‘a yetib, bularni qo‘rqish va hayajong‘a tushiribdir. O'z muxbirimizning bergan xabariga ko‘ra, shahrimizdagi kattakon poraxo‘rlar yaqinda kattakon bir yig‘inda yig‘ilishib, truykalarning tuzog‘ig‘a ilinmaslik uchun muzokaradan keyin quyidag‘i tadbirlarni ma'qul ko‘ribdurlar:

1. Truykalarga bir miqdor yog‘liqg‘ina ulush chiqaramiz.

2. Bu tadbir bilan qutulib bo‘lg‘on taqdirda ochiqdan-ochiq hukumatga murojaat qilib maishatga yetarlik oyliq so‘raymiz. Arzimiz qabul bo‘lg‘onda, poraxo‘rliqni bir daraja ozaytiramiz. Bo‘lmasa, shu tutg‘on «muqaddas» yo‘limizda qurbon bo‘lishni bo‘ynimizg‘a olamiz, vassalom.

Yuqoridag‘i qaror poraxo‘rlarning umumiy majlislarida ham «bilittifoq» qabul qilinmishdir.

Ana endi, o‘lmasak ko‘ramizkim, bu hayot-mamot maydonida qaysi taraf yengar, qaysi taraf yengilar?

«Tayoq» bu muhim kurashda o‘zini betaraf tuta olmaydur. To‘g‘ridan-to‘g‘ri poraxo‘rlarni yoqlaydur. Chunki poraxo‘rlar hukumatdan emas, faqat xalqdangina pora olurlar. Bu ishdan hukumatning xazinasiga zarar bo‘lmas, yolg‘iz xalqning kissasigagina zarar bo‘lur. Shunday qimmatchilik zamonida poraxo‘rlikni qatag‘on etmak bechora «xodim ul-xalq»larni tiriklay go‘rga tiqmoq bilan barobardir.

Xayr, har holda, ikki tomong‘a ham muvaffaqiyat tilaymiz.

Boturbek

«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 16 noyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.