OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Yoshlarimiz va qizlar tarbiyasi (1918)

Bizning Turkistonda boshlab tatar muallimlari va so‘ngra turkistonli yoshlarimiz tarafindan yolg‘uz er bolalarg‘a maxsus yangi maktablar ochila boshlag‘onig‘a 15 yildan oshdi. Bu muddatda hozirgacha bugun Turkiston o‘lkasida 50 dan ortuq maktablar ochildi, lekin kamoli sharmandalik ila iqror bo‘lurg‘a majburmizkim, shul muddatda va shuncha maktablar qatorinda bolalarimizning yarmini tashkil etgan qizlarimiz uchun namuna bo‘lurlik bir dona «Qizlar maktabi» ochilmadi, to‘g‘risi, ocharg‘a harakat qilinmadi. Holbuki, bizning Turkiston yoshlari orasida qizlar tarbiyasining ahamiyatini bilaturg‘on zotlar yo‘q emas, oz bo‘lsa ham bor edi. Bas, nima uchun bu yo‘dda ular tarafindan birlar qadam bosilmadi?

Bu savolg‘a javob o‘rninda ba'zi kishilar aytaturg‘onlardirkim: qiz bolalarni o‘qitmoq uchun Turkistonda iqgidorli muallimalarimiz yo‘q edi. Tatar qardoshlarimizdan muallimalar ketirarga zamoni musoid yo‘q edi. Ya'ni eski hukumat mone' bo‘la edi. Shuning uchun bu to‘g‘rida ayb yoshlarimizda emas, zamondadir.

Men bo‘lsam munday sathi yuzaki javoblarg‘a hech vaqt ko‘nmayman. Menimcha, bu harakatsizliklarning sabablari boshqa tarafdan kelgan. Mana shul ochiq haqiqatdir: bizning islom dini xotunlarg‘a o‘zga dinlardan ko‘broq huquq bergan va hurmat ko‘rsatgan, ilm o‘rganishning qarzlig‘ini erkaklar bilan barobar xotun-zanlarg‘a farz etgan bo‘lsa ham, lekin biz musulmonlar, boxusus, biz turkistonlilar necha zamonlardan beri bu haqdagi islom hukmlaryndan va islom ta'limotindan ko‘z yumib, xotinlar huquqini poymol etib va alarni o‘zimizg‘a asir hukminda yurutub kelmakdamiz. Qur'oni karim adolat qilmoq shartila to‘rtgacha xotun olmoqni tajviz etgan ekan, bizlar munday shartlarni hech bir rioyat etmay, ko‘p xotun olmoq payg‘ambarimizning sunnati, savob deb o‘zlig‘imizcha uch-to‘rt xotun olamiz va alarg‘a istagimizcha, charchaganimizcha javr va zulm qilib kelamiz. Islom shariati zarurat vaqtindag‘ina taloqg‘a ruxsat bergan ekan. Biz musulmonlar shaxsiy g‘arazlarimiz va fosid muddaolarimiz bilan gunohsiz xotunlarimizni sababsiz taloq qilib yuboramiz va alarni tiriklay qabrg‘a tiqamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom barcha muslim va muslimalarg‘a ilm o‘rganishning farzlig‘ini ochiq suratda bildirgan ekan. Bizlar o‘z qizlarimizni maktabga yubormay, chor devor orasinda hayvon qatorinda qamab qo‘yamiz va alarni ilmu tarbiya sharafindan, dunyo saodatindan mahrum etamiz.

Nima uchun bizlar o‘z qizlarimizni o‘qutmaymiz? Chunki alarning vazifalari uy ishlari va bola tarbiyasidangina iborat emish. Ammo er bolalar esa, o‘qib chiqg‘ondan so‘ng qozi, mudarris, imom, loaqal muallim, mirzo va savdogar bo‘lalar emish. Shuning uchun bularni o‘qutmoq kerak emish.

Mana, biz musulmonlar necha asrlardan beri shunday yomon odatlar va buzuq e'tiqodlar bilan yashab kelgan va bu odat bilan e'tiqod bizlarning tamoman ruhimizda va qonimizda singishib qolg‘an. Shuning ta'siri iladirki bizning Turkiston yoshlari nufuzimizning yarmini tashkil etgan besh millionliq ma'naviy hamshiralarimiz uchun 15 yil ichinda loaqal bir dona muntazam maktab ochmadilar yoki xotunlar huquqini himoya uchun biror turli harakat qilmadilar.

Matbuotimizg‘a kelsak, 15 yil ichinda Turkistonda necha turli g‘azeta va majmualar chiqoriddi. Lekin alarning («Sadoi Turkiston»dan boshqa) hech birisinda bu to‘g‘rida ahamiyatli bir maqola yozilmadi. «Sadoi Turkiston» g‘aze-tasinda xotun-qizlar haqinda bir necha maqolalar yozildi. Chunki ul g‘azetaning muharriri tatar qardoshlarimizdan Abdurauf afandi Muzaffar[1] edi. Agar ul g‘azeta bizning qo‘limizda bo‘lsa edi, unda xotunlar to‘g‘risinda biror maqola ham yozilmag‘on bo‘lur edi.

14-15nchi yillarda mazluma xotunlarni himoya etib, o‘z shevamizda ikki dona tiyotru risolasi nashr etildi. Bu risolalar tatar yoshlari tarafindan taqdir etilib, Samarqandda takror sahnag‘a qo‘yilg‘on bo‘lsa ham, lekin Turkiston yoshlari tarafindan quruq husni tavajjuh ko‘rmak sharafig‘ada noyil bo‘lmadi.

Rusiya inqilobi kabirindan so‘ng tatar qardoshlarimiz xotunlar huquqi to‘g‘risinda qo‘llarindan kelgancha tirishdilar. Qurultoylarinda bu xususda muzokara va mubohasalar etdilar.

Ammo bizning Turkiston yosh va ziyolilari xotunlarning huquqini talab etarlik shunday mavqe va majlislarda hozir bo‘lg‘onlarida bu haqda xidmat o‘rninda jinoyat qilib keldilar. Chunonchi, Maskovda bo‘lg‘on umummusulmonlar qurultoyig‘a borg‘on turkistonli bir vakilimiz xotunlar huquqinda so‘z ochilg‘och, hech bir uyolmayincha majlisda chiqib aytgan ediki: «Birodarlar! Bizning Turkiston xotunlari tatar xotunlari istagan huquqni istamaslar. Zinhor bu to‘g‘rinda bizning xotunlarni qotishdirmangiz!»

Bultur Xo‘qandda Turkiston Muxtoriyati e'lon qiling‘on qurultoyda Samarqanddan borgan muslima bir vakilaga xotinlar huquqindan so‘ylarg‘a majlis to‘rindagi o‘z ziyolilarimiz tarafindan ruxsat berilmagan edi.

Ushbu so‘ng kunlarda Turkiston markazi bo‘lg‘on Toshkandda «Xalq dorilfununi»ning ibtidoiy qismi nomi ila o‘nlab maktablar bilan «dorilmuallimin» kursi ochildi. Ammo bular qatorinda ko‘pdan beri to‘rt ko‘z ila kutib turdikimiz bir dona «Qizlar maktabi» ochilmadi. Loaqal, «dorilfunun» sho‘rosining kelar zamonda shunday maktablar ocharg‘a tashabbus etajagi haqinda biror xabar eshitilmadi.

Xulosa, hozirgacha bizning Turkiston yoshlari, qizlarni o‘qutmoq va huquqi mashru'isindan mahrum qiling‘on milliyunlarcha mazluma hamshiralarimizni himoya etmak yo‘linda tilg‘a olurlik biror turli harakatda bo‘lolmadilar. Harakatsizliklari sababli kelar zamondaki o‘z bolalari qoshinda tarixiy mas'uliyatda qolajaqlarini bir daraja eslarig‘a ham tushurmadilar...

Inshoolloh, biz mundan so‘ng xotun-qizlar haqinda yozilg‘on maqolalarg‘a g‘azetamizda mamnuniyat ila o‘run berarmiz. Xotunlarni himoya va qizlarni tarbiya etmak choralari to‘g‘risindagi xususiy fikrimizni ham g‘azetamizning kelasi raqamlarindan birisinda yozarmiz.

«Mehnatkashlar tovushi», 1918 yil, 28 iyun

 


[1] Muharrir Ubaydulla Asadullaxo‘jaev bo‘lgan. - N. N.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.