OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. «Nashri maorif» uyushmasining ahamiyati (1923)

Madaniy mamlakatlarning har birida maorif-madaniyat ishlarini odatdan xalq o‘zi olib boradur. Hukumat esa yolg‘iz rahbarlik va yordamchilik vazifalarinigina ado etib turadir. Shul sabablik ongli millatlar o‘zaro ilmiy, fanniy, adabiy va ijtimoiy uyushmalar va «Nashri maorif» jamiyatlari tuzub, hukumatlarining rahbarlik va millatlarining yordami orqasida xalqni maorif va madaniyat jihatlardan yuqori ko‘tarilishiga, oqartirilishiga xizmat va harakat qilurlar. Dunyoning eng madaniy mamlakatlariga nazar solsak, unda maorif va madaniyat ishlarini hukumat ustallaridan ko‘ra ko‘proq jamoat ustallarida, maorif nazoratidan ko‘proq «Nashri maorif» uyushmalarida ishlanganligini ko‘ramiz. Hukumat arboblarining ham ko‘brog‘i maxsus soatlarda hukumat kabinetlarida rasmiy vazifalarini ado etganlaridan so‘ngra qolg‘on bo‘sh vaqtlarida jamoat kabinetlarida o‘ltirib, xalqning taraqqiy va taoliysi, maorif va madaniyatining yo‘lida vijdoniy vazifalarini ado etadurlar.

Bularning xizmatlari, harakatlari o‘z xalq va millatlarining madaniy darajasiga, ahvoli ruhiyasiga muvofiq bir suratda bo‘lg‘onlig‘i uchun, tabiiy, afkor omma, xalq va millat bularga yordam berar va orqalaridan ergashar.

Mana bu yo‘llar bilan bugun Ovrupo va Amriqo xalqlari havoda uchar, dengiz ostida suzar, dunyoning eng narigi bo‘laklari bilan vositasiz xabarlashar bir holg‘a, bir madaniyatga yetishdilar.

Endi o‘z holimiz va o‘z tariximizga boqsak, bir vaqtlar Ovrupo vahshiy ekan, biz madaniy edik, Ovrupo poposlari «Osiyo osmonig‘a jisman uchdimi, ruhan uchdimi?» kabi diniy nizolar bilan bir-birlarini bo‘g‘ushar ekanlar, usmonli turklari Istanbulni fath etmoq, Turkiston turklari madrasa va rasadxonalar bino qilmoq kabi madaniy ishlar bilan mashg‘ul edilar.

So‘ngralari Ovrupo xalqi maorif va madaniyat yo‘lida ishladi, bu holg‘o yetishdi; biz tushdik, uxladik, bu holg‘a yetushduk. Bugungacha Ovrupo xalqi osmong‘a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari... davom etadi.

XX asr boshlaridan e'tiboran bizda ham maorif va madaniyat so‘zlarini og‘izg‘a oluvchi, taraqqiyot va taoliyning kerakligidan matbuotda yozuvchi, majlislarda so‘zlaguvchilar chiqdi, bilfe'l, yangi usul maktablari ochildi. Gazetalar chiqorildi, «Jamiyati xayriya» va «Nashri maorif» uyushmalari tashkil etildi, faqat chor hukumatining politsiyalari, oxrannaya otdeleniyalari bunday madaniy ishlarda yerlik xalqqa ochiq yo‘l bermadi. Bir tomondan ochilsa, ikkinchi tomondan yopa berdi. Shunday bo‘lsa ham, ul zamonning yoshlari, taraqqiyparvarlari o‘z maqsad va maslaklarida sobit qadam bo‘ldilar, bir gazetani hukumat yopsa, ikkinchi ismda, buni yopsa, uchinchi ismda gazeta chiqarib turdilar. Jamiyat va maktablarning ham birini yopsa, ikkinchisini ochib, birini qissa, ikkinchisini kengaytirib turishdan to‘xtamadilar. Hukumatning quvish va siqishlari ularni umidsizlantirmadi, maqsad va maslaklarida davom etdilar. Hech mumkin bo‘lmag‘on bir zamonda chetga o‘quvchilar yubordilar. Maktablarni o‘rta darajalarga qadar olib bordilar. Jamiyatlar chetga ketuvchi o‘quvchilarga, maktablarga moddiy va ma'naviy yordam berarlik darajada kuchga ega bo‘ddi. Gazetalari afkor ommani hiyli qo‘lga olib, 3-4 ming nusxa sotilaturg‘on martabaga yetdi. To‘rtinchi sinflarga yetarlik maktab kitoblarimiz hozirlandi. Hukumat ham maxsus maqsad bilan ochqon russko-tuzemniy maktablarini yangi milliy maktablarga raqobat qila olmasligini anglab, oz bo‘lsa ham isloh etmakka majbur bo‘ldi.

Mana bu yuqorida sanalg‘on va bu kunda tarix sahifalariga topshirilg‘on milliy-madaniy xizmat va harakatlarning hech biri hukumat ustallarida emas, yolg‘iz jamoat ustallarida ishlangan ishlardir. Hukumat ustallari esa ul zamonda bunday xarajatlarga tom ma'nosi bilan xilof va qarshi borar edi. Bu qarshilik, quvish va qisishlar jamoat xizmatchilarining ko‘ngillariga shul qadar tekkan va zeriktirgan ediki, inqilob bo‘lib, yerlik xalqning maorif va madaniyatiga taoliy va taraqqiysiga qarshi ustallar yig‘ilg‘on kundan boshlab, har birlari har yerda otilib, hukumat ustallarig‘a mindilar-da, jamoat ustallarini butun tark etdilar ham o‘z maqsad va maslaklarini yolg‘iz rasmiy kabinetlarda o‘ltirib, davlat puli, davlat qonuni va hukumat kuchi bilan vujudga chiqarmoq fikriga tushdilar. Xalq fikri, xalq ahvol ruhiyasi, xalq darajai madaniyasi va xalq yordami ko‘pincha e'tiborga olinmadi. Bizning eng buyuk xato va yanglishimiz ham shunda edi. Ham bunday ulug‘ inqilob vaqtida bizga o‘xshash madaniyatsiz millatga mundan boshqa chora, ehtimolki, yo‘q va topilmasda edi. Mana bu vositalar bilan biz qora xalqdan uzoqlashdik, o‘zimiz bilan birga maqsad va maslagimiz ham uzoqlashdi.

Bundan, tabiiy, maorif va madaniyat dushmani bo‘lgan qorinparastlar, mutaassiblar istaganlaricha istifoda etdilar. 16-yillarda yangi maktablarga raqobat qila olmog‘on eski maktablar bukun dahshatlik sur'atda taraqqiy etdilar. Eski Toshkent maorif sho‘‘basining so‘nggi olg‘on hisobi bo‘yincha, butun yangi maktab shogirdlari 4000 to‘lmag‘on holda eski maktab va qozixonalarda 7000 qadar millat bolasining ezilib yotqonlig‘i ko‘rinadir.

Bu hollar Turkiston maorif va madaniyat markazi bo‘lg‘on Toshkentda, agarda biz Toshkentdan qancha chetga chiqa bersak, maorif va madaniyat ishlarimiz shuncha zaiflana va xalqning maorifiga va maorif xodimlariga nazari shuncha yomonlana boradir. Bu kun yangi maktablarni «kufr uyasi» deb e'tiqod qilg‘on va yangi maktab muallimlarindan shaytondan qochqon kabi qochqon va qo‘rqqan kishilarni, o‘rinlarni, qishloqlarni, hatto shaharlarni topmoq mumkin.

Bunga sabab, bir tomondan, xalqning nodonligi va mutaassib ulamoning ig‘vosi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bizning yoshlar va maorifparvarlarimizni xalqfikri va xalq yordamini butunlay unutib, yolg‘iz hukumat kuchi va hukumat puli bilan ish ko‘rmoq xayolig‘a tushganlari va bu xayol orqasida xalqdan hiyli uzoqlashganliqlaridir.Agarda biz avvalda bir necha inqiloblarni ko‘rib tajriba hosil qilg‘on bo‘lsak, tabiiy, bu besh yillik inqilob davrida maorif va madaniyat yo‘lida o‘ylab ishlagan, qora xalqni tamom qo‘lg‘a olib, taraqqiy va taoliy yo‘lig‘a o‘zimiz bilan birga olib ketgan va bu vosita bilan inqilob davridan qora xalqni fikr, maorif va madaniyat jihatida juda ko‘b foydalandirg‘on bo‘lar edik.

Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Inqilob dengizlarining to‘lqinlari pasaydi. Har ish o‘z yo‘lig‘a va o‘z tartibiga kira boshladi. Bu kungacha davlat sarmoyasidan ta'min etilib kelgan maorif va madaniyat muassasalarining ko‘prak qismi mahalliy sarmoyaga va xalq yordamiga qoldirildi. Bu kungacha maorif va madaniyat ishlarini hukumat kuchi va hukumat yo‘li bilan olib bormoq xayolida bo‘lg‘on maorifparvar yoshlarimiz endi xalq kuchi va xalq yordami bilan olib bormoq fikriga keldilar. Buning uchun xalq fikri va xalq ruhi bilan hisoblashmoq lozimligini ham shoyad anglagandirlar. Ishlar bu fikr va bu yo‘l bilan yuritilgan taqdirda xalqni ham maorif va madaniyat ishlari atrofiga to‘plamoq va orodag‘i anglashilmovchiliklarni xalqqa tushuntirish va amalda ishlab ko‘rsatish yo‘llari bilan oradan ko‘tarmak mumkinligi tajriba bilan ma'lumdir.

Tabiiy, bunday ishlarni endi yolg‘iz hukumat kabinetlarida o‘ltirib emas, balki jamoat ustallarida va qora xalq orasida ishlamak lozimdir. Buning uchun har yerda «Nashri maorif» uyushmalari ochmoq va butun maorifparvarlarni, yoshlarni, chollarni shul uyushma atrofiga to‘plamoq kerakdir.

Turkistonning hayoti, Turkistonning najoti yolg‘iz maorifga va madaniyatning taraqqiysi esa butun xalqning «Nashri maorif» uyushmalari atrofiga to‘planmog‘iga bog‘liqdir. Shundagina biz madaniy millatlar qatoriga kira olamiz, shundagina madaniyat dunyosida o‘z huquqimizni ola olamiz.

«Turkiston» gazetasi, 1923 yil, 4 mart

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.