OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vadud Mahmud. Cho’lponning «Buloqlar»i (1923)

Bu kun o‘zbek adabiyotiga yana yangi bir to‘n kiygizildi, Cho‘lponning «Buloklar» otliq yangi bir she’rlar to‘plami bosilib chiqdi.
Cho‘lpon o‘zbekning yangi shoiridir. Shuning uchun o‘zbek elining bu kungi ruhi, holi, sezgisi «Buloqlar»da qaynaydir. O’zbek tili, o‘zbek ohangi «Buloqlar»da sayraydir, o‘quydir. O’zbekning ruhiy to‘lqinlari bunda ko‘puradir, ko‘klar tomon uchadir, ko‘tariladir. «Buloqlar»da o‘zbek sezgisi inglaydir, sizlaydir, titraydir. Shuning uchun bu to‘n shunday bir to‘ndirki, o‘zbekning ruhidan, jonidan bitkandir, uning badanini asramoq, qo‘rumoq uchun o‘z bag‘riga bosqondir.
O’zbek yangi she’rlarining ohangsiz bo‘lishini uyolmayin so‘ylayturg‘on og‘izlarg‘a «Buloqlar» tufuradir. O’zbek adabiyotiga til tegdirmakchi bo‘lg‘on mashhur «nodonlar»g‘a bu «Buloqlar» kuladir.
Shoir «Amalning o‘lumi» degan parchasida:

Ko‘nglimda yig‘lag‘on malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda inglagan bu jonlar kimlar,
Qullar o‘lkasining insonlarimi? —


deb, shu qisqag‘ina parchaning o‘zidagina qancha she’riyat, qancha ohang uydirg‘ondir, shuning bilan birga yurtning dardini, qullarining inglagan jonlar bo‘lishini, ko‘nglida yig‘lag‘on malaklarning sharqning onalari, juvonlaridan iborat ekanini qancha ochiq, muassir va e’joz bilan tasvir etadir.
Mana ikkinchi bandida elining umidlarini eskartib:

Keng xayollar uchdimi ko‘kka,
Butun umidlarin yovlarmi ko‘mdi, —


deb sharq xalqlarining abadiy asirlikka kirganligiga ishonmag‘onini ko‘rsatib, o‘zining «xayolida porlag‘on» shamning o‘chishig‘a shubhalik so‘rog‘i bilan aytadir:

Mangu tutqunliqqa kirdimi o‘lka?
Xayolda porlag‘on shamlarmi so‘ndi?


Yana boshqa bir sahifasini ochdim. Hali o‘z adabiyotining borliq-yo‘qlig‘i shubhalik bo‘lg‘onlarning «nazariyat adabiya»lariga, uzoqlardan misollarni anglamay olg‘onlarg‘a, «oliy hislar» uchun hali ko‘b yillar misol bo‘lishg‘a arziydurg‘on:

Och axir, ochg‘ilkim ko‘ksingni:
Bir nafas o‘zimni unutay;
Unutmoq butunlay «o‘zlik»ni,
Oh, shundan najotni men topay, -


degan shu parcha ko‘zimga tushdi va ko‘r vijdonlarg‘a la’natlar o‘qudim.
60 sahifaga molik bo‘lg‘on bu asar «Sharq uchun, Sezgilar, Sevgi, Qora yo‘llar, Qor qo‘ynida» unvonlari ostida bo‘limlarga ayrilg‘on 26 parchadan iboratdir.
Asar chiroyliq va nafis boshlang‘on. O’zbek shoirini bu muvaffaqiyati bilan tabrik etamiz va adabiyot suyguchilariga taqdim qilamiz.

______________
«Cho‘lponning «Buloqlar»i - bu maqola shoir to‘plamiga yozilgan taqrizdir. Maqola-taqriz «Turkiston» gazetasining 1923 yil 10 dekabr sonida e’lon etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.