1920 yil dekabr oxirlarida mashhur muallim va muharrirlarimizdan Shokirxoniy o‘rtoq dunyodan o‘tdi. Bu kishi o‘zining qalami bilan tanilgan bir kishidir. Bu kishining she’rlari Orenburgda chiqadirg‘on «Sho‘ro» majallasida va Turkiston gazetalarida bosilar edi.
Inqilobdan burun Farg‘onada muallimlik qilg‘on, inqilob boshlarinda o‘zining maqolalari bilan Farg‘ona gazetalarini bezagan. «Kim qozi bo‘lsun?» degan asarini shunda yozg‘on. Hukumat ishchilar qo‘lig‘a o‘tgandan keyin Samarqandga kelib mehnatkashlar gazetasiga muharrirlik kilib, yozg‘on maqolalari bilan xalqni o‘ziga jalb qilg‘on. Shu chog‘larda «So‘siyolizm nimadir?» degan asarini yozg‘on. Quramalarda va dorulmualliminda muallimlik qilg‘on. «Turk tilining usuli ta’limi» degan kitobini yozg‘on. Askarlik vaqtinda sil kasaliga yo‘luqg‘on. Bora-bora shu kasali kuchayib, ish qilolmas darajaga kelib, Dizaxga borg‘on va Dizax kasalxonasida uch oy chamasi yotg‘ondan keyin dunyodan o‘tgan.
Shokirali Muxtoriyning xizmatlari g‘oyat taqdirdir. O’z kasalining yoyilg‘oniga qaramasdan kecha-kunduz ishladi, tirishdi, o‘zining ahlidan bir necha yil burun o‘lishga sabab bo‘ldi. Shokirali Muxtoriy oddiy bir muharrir, anchayin bir muallim edi. Lekin bizga — qorni bilan yuragini ayira olmayturg‘on turkistonlilarga — farqli bir kishi edi.
U o‘lgach uni o‘rniga qolaturg‘on bir muallim, u ketgach, o‘rnini bosaturg‘on bir muharrir qolmasligi uchun topilmas bir kishi edi.
Ay buyuk ishchi! Tinch yot sag‘anangda, sening kilg‘on xizmatlaring esdan chiqmas, sening chekkan zahmatlaring unutilmas. Sen o‘z bo‘yningga yuklangan vazifangni ado qilding. Koshki sendek kishilarimiz bir necha bo‘lsa edi. O’zining keyin qolg‘on xalqi uchun umridan kechaturg‘on kishilar koshki topilsa edi. U vaqt sening tutgan yo‘ling ochiqroq bo‘lar edi. Tikilgan yulduzingga tezroq yetishar edik. Har holda sen shuhratlisan.
Vadud Mahmud. Marhum Shokir Muxtoriy (1921)
Maqola «Mehnatkashlar tovushi» gazetasining 1921 yil 12 fevral sonida bosilgan.