OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vadud Mahmud. Mustamlakachilik o’z yo’lida (1924)

Kommunist firqasi va sho‘ro hukumati har mamlakatni o‘z xalqi idora etishni asosi o‘laroq qabul etgan va buni tantanali suratda butun dunyo jahongirlariga qarshu e’lon qilg‘ondir. Chindanda bir mamlakatni ajnabiy bir tomondan kelgan kishilarning egalik qilishi, bir millatning o‘zga bir millat qo‘li bilan idora etishi ko‘b haqsizlikg‘a sabab bo‘ladir. 
Bunday hodisalar mustamlaka bo‘lg‘on mamlakatning iqtisodiga zarba berishi bilangina qolmay, u qulliq bilan yashayturgan millatning tabiiy iste’dodidan ayrilishiga ham sabab bo‘ladir.
Holbuki, bu so‘nggi hodisalar shu holga uchragan millatning dunyodan ketishi, yo‘q bo‘lishi demakdir. Bu kungi tarixiy voqealar ko‘rsatadirki, turmush va an’anasi boshqa bo‘lg‘on bir millat tomonidan idora etilib kelgan millatlar o‘smaydirlar. Ularning tabiiy iste’dod va qobiliyatlari inkishof etmaydir, o‘smaydir.
Bir yoqdan bir mamlakat o‘zi o‘z ixtiyori bilan o‘smasa, unda iqtisodiy tarmog‘i hosil bo‘lmaydir. Chunki u mamlakatning boyligi uchun ishlaniladir, ya’ni boshqa mamlakatning foydasi ko‘zda tutiladir. Bu holda esa bu mustamlaka bo‘lg‘on mamlakatning foydasiga emas, «zararig‘a» ko‘b ishlar qiling‘on bo‘ladir.
Bu hol iqtisodiy pastlanishga sabab bo‘ladirkim, ijtimoiy taraqqiy va tanazzul har vaqt iqtisodiy hayotning darajasiga bog‘liqdir. Ijtimoiy hayotning shu qonunlari nazarda tutilg‘onida har kim bu kungi milliy va iqtisodiy bo‘lishlar vujudga keltirilmakda, shuning uchundirkim mahkamalarni milliylashdirish uchun tirishilmoqdadir. Biz har vaqt ko‘rub kelamizkim, markazda hayotimizga muvofiq qarorlar va dekretlar chiqariladir va mumkin qadar o‘rniga ketirishi o‘z joylariga tatbiq etishi tanbeh qilinadir.
Faqat taassuflar bo‘lsinkim, ko‘b vaqt bu qarorlardan keragincha foydalanilmay qoladir.
O’ris jahongirligi vaqtida Turkiston general-gubernatori yonida ko‘churish mahkamasi (pereselencheskoe upravlenie) degan idora bo‘lar edikim, uning bir vazifasi Turkistonning doimo o‘ruslar qo‘lida qolishini ta’min etmak uchun o‘rus muhojirlari kelturub yerlashdirmak edi. Shu maqsad bilandirkim, Turkistonning har shaharida eng mahsuldor yerlarida o‘ris qishloqlari quruldi.
Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida bunday qishloqlar hayoti ham bor va ko‘chmanchilar koshki yolg‘iz o‘zlariga berilgan joylarga egalik qilsunlar. Bular o‘z hukumatlari kabi odamgarchilikni bilmas edilar. Yetti-suvdagilar qirg‘iz-qozoqtarni o‘ldirish, mollarini talash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Boshqa joydagilari ham atroflaridagi kambag‘al dehqonlarni har turli qiynoqlar ostida talamoq bilan kun o‘tkazdilar.
Shunisini ham aytib o‘tish kerakkim: bu ko‘chmanchilarning ketirilishi Turkistonda bo‘sh joylarning ko‘bligidan ham emas edi. Bizla bo‘sh joylar yo‘q emas, bordir. Faqat u joylar suvsiz, qum cho‘llaridan iboratdir. O’rus muhojirlari Turkistonning eng yaxshi hosil beradigan joylariga birlashganlar. Bu muhojirlar kelgandan keyin Yettisuvda qirg‘iz-qozoqlar joysiz qolg‘onlari kabi Turkistonda o‘zbek va turkmanlar o‘z yerlaridan ajralg‘onlar.
Bu kun Turkistonda yersiz dehqon ko‘bdir. Turkistonda ellik mingga yaqin batraklarning borligi bukun ma’lumdir.
Holbuki, qo‘shchi uyushmalariga kirmaganlari ham anchaginadir.
Hol shunday ekan, biz hali ham o‘rus muhojirlarining Turkistonning turli yerlariga yerlashmakda davom etganlarini Farg‘ona va Andijon muzofotlarining Jalolobod, Bozorqo‘rg‘on tomonlarida yangi muhojirlarning kelganliklarini o‘shal yerlardagi ishchilardan eshitdik. Samarqandning Jumabozor jivorida ko‘b joylarning shu muhojirlar tomonidan ishg‘ol qiling‘onligi ko‘ruladir.
Viloyat yer sho‘‘basidan oling‘on ma’lumotga qaraganda Jumabozordagi musulmonlarga tegishlik bo‘lg‘on yuz tanoblik yerlar va bog‘larning ko‘bchilik e’tibori-la o‘ris muhojirlariga o‘n yilliq, o‘n besh yilliq ijaraga berilgandir.
Holbuki, shul Jumabozorning o‘zida ko‘b dehqonlar bordirki, yeri bo‘lmag‘onidan majburan yerli boyga yoki shu katga yerni ijaraga olg‘on muhojirlarga kundalik mardikor bo‘lib ishlamakdadir. Bu o‘n yilliq yo o‘n besh yilliq bog‘larning ijaralari ham ko‘b ortiq emasdir. Yo bir uy yasamoq, yoki bir necha daraxt o‘tqazmog‘iga kifoya qilg‘ondir. Biz bu yengil shartlar bilan ijaraga musulmon mardikorlari ham olsalar idora qilish uddasidan chiqarlar, deb o‘ylaymiz. Bu g‘ayritabiiy holning bo‘lishiga sabab nimadir? Dekretlar va qarorlarmi? Yo‘q, albatta, yo‘q! Balki sho‘ro mahkamalarida o‘z buzuq maqsadlarini yurguzmoq uchun o‘rnashib qolg‘on mustamlakachilar, teskarichilar sabab bo‘lurlar.
Yer-suv mahkamalarining sho‘‘balarida mutaxassis oti bilan o‘tirib olg‘on tor o‘rus millatchilari musulmonlarga sho‘ro hukumatini yomon ko‘rsatmak uchun qo‘llaridan kelgan yomonliklarni qilmoqchi bo‘lg‘ondirlar. Sho‘ro hukumatiga qarshi bo‘lish ishchi dehqonga qarshi bo‘lishdir.
Musulmon mehnatkashlari yersiz-yurtsiz och-yalang‘och yursalar yursunlar, Jalolobodda bo‘lg‘oni kabi o‘rus boy dehqonlari 200—300 tanobliq yerlarni yolg‘iz o‘laroq idora etsunlar va musulmon yersiz dehqonlarini xotun bola-chaqalari bilan yuz haqorat ostida o‘lguday ishlatsunlar. Bu g‘ayritabiiy va g‘ayriqonuniy holga hech vaqt ishchi hukumati rozi bo‘lmas. Shuning uchundirkim, markazimiz mahkamalarini milliylashdirish uchun eng jiddiy ahamiyat bermakdadir. Vazifa yolg‘iz joylardagi mas’ul ishchilar ustig‘a qoladir. Faqat esdan chiqarmasliq kerakkim, musulmonlashdirish deb ham xalqning boshiga kelib yotgan musibatlarni ko‘ra olmayturg‘on g‘amsiz va parvosiz maxluklarni hadeb tayin qilabermak ham bekordir. Ishchi-dehqonning temir qo‘lli taftish hay’ati har zamon o‘z alangali ko‘zini eng qorong‘i burchaklarga tikmagi kerakdir. Ana shundagina sho‘ro hukumati dunyodagi hukumatlarning eng odili bo‘lg‘on bo‘lur. Bu ishlar esa bukungi kambag‘al ishchi va dehqondai chiqqan mas’ul ishchilarning bo‘yunlaridag‘i vazifadir.

___________
«Mustamlakachilik o‘z yo‘lida» maqolasi «Zarafshon» gazetasining 1924 yil 3 sentyabr sonida bosilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.