OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fayzulla Qilichev. Mustaqillikning fojiali yo‘li (1992)

http://n.ziyouz.com/images/fayzulla-xujayev.jpg

(yoki P 31922 sonli jinoyat ishi hujjatlari asosida tug‘ilgan mulohazalar)

«Inson bo‘lmoq — kurashchi bo‘lmoqdir» degan edi buyuk Gyote. Bu, menimcha, «hayot — kurashdir» degan hikmatning boshqacharoq ifodalangan shaklidir. Inson turmushning har daqiqasida duch keladigan yechimtalab, choratalab muammolardan hatlab o‘tish ham o‘ziga xos kurash. Och qolganda ovqat axtarish ham kurash... Hatto umr tugab o‘lim oldidan bir ho‘plam suv so‘rash va titrab-qaqshab ho‘plash yoki yaqinlariga biror narsa aytish ilinjida tevarakka alanglash ham — hayot uchun kurash ko‘rinishlaridir.

Men ana shu katta kurashning yuksak bir turi — shaxs erkinligi, davlat mustaqilligi va xalq istiqloli yo‘lidagi kurashni alohida, muhim faoliyat deb o‘ylayman. Va shu mavzuga qo‘l urdim.

O‘ta murakkab yaqin o‘tmishimizni o‘rganishga qiziqish, o‘sha davr shaxslarining chinakamiga chigal hayot yo‘llari, ular haqda yuritilayotgan qarama-qarshi fikrlar mana shu mavzuga qo‘l urishimga sabab bo‘ldi.

* * *

...1920 yilning bahoriga kelib, Buxoro amirligi chegarasida Sovet Rossiyasining bir necha ming kishilik armiyasi aeroplan, to‘p va bombalarini shaylab, hujumga tayyor bo‘lib turardi. Qo‘llarida esa bir parcha: «Mustaqil demokratik davlat qurishimiz uchun yordam bering, mazmunidagi qog‘oz va Moskvadan berilgan «Qanday qilib bulsa ham Buxoroni egallash, uni Rossiya manfaatiga moslash» haqidagi ko‘rsatma mavjud edi.

O‘ylab ko‘ring: Boltiq dengizidan Tinch okeaniga qadar cho‘zilgan Rossiya inqilob qilib, oqibatda rosa «inqillayotgan» edi. Shahar-qishloqlar vayron qilingan, sanoat va qishloq xo‘jaligi ishdan chiqqan, och-yalang‘och xalq izg‘ib yurardi. Ichki va tashqi muxoliflar bilan qonli jang ketayotgan edi. Davlat «jilovini» boshqaradigan mexanizm ishga tushishi og‘ir kechardi. Xullas, o‘zlari tang ahvolda qolgan, yordamga muhtoj Rossiya birdaniga Buxoroga yordam ko‘rsatish uchun «bor-budi»ni tashladi. Ularga buxoro xalqi ham, uning tashvishi ham kerak emas edi. O‘z askarlarining jonini, qonini qurbon qilish uchun yo‘naltirish lozim bo‘lgan «front»lar o‘zida yetarli edi. Ular Buxoroning tillasi, kumushi, paxta, uzum, ipak, qorako‘l teri, go‘sht, meva-chevalariga tashna edilar. Shuning uchun och bo‘riday «qo‘y-qo‘zi»larga tashlanishdi.

Amir Said Olimxon 1920 yil 1 sentyabr kuni Buxoroni tashlab chiqib ketdi. Qirg‘in va quvg‘inlar, o‘ldirish va talashlar borgan sayin kuchayardi. Buxoro qo‘lga kiritildi. Endigi navbat — bu yerlarni sovetlashtirish, aniqrog‘i, ruslashtirishga keldi.

Bosqinchilar bo‘ysunishni, qullik kishanini kiyishni xohlamaganlarni bosmachilar deb, mustaqillik va ozodlik yo‘lida qilingan har qanday harakatni «aniq maqsadi va g‘oyasi bo‘lmagan to‘dalarning qonxo‘rlik harakati» deb atadilar.

Kurbaqani ham noxosdan bosib qo‘ysang «va-aq» etadi deganlaridek, joylarda baholi qudrat qarshilik ko‘rsatish janglari boshlandi. Bu kurash uzoq yillar bo‘yi davom etdi. Hozir ham to‘xtagan emas. Dastlabki kurashchilarning xorijga qochib ulgurganlari yangi tuzumni umr bo‘yi yomonlab o‘tdilar. Qolganlarini esa jismonan yo‘q qilib tashladilar — issiq jonini oldilar, tilini, dinini, e’tiqodini tahqirladilar. Lekin ozodlik va mustaqillik hayqirig‘i dildan-dilga, ruhdan-ruhga ko‘chib, doim sado berib turaverdi.

Ana shu yo‘ldagi kurashchan shaxslardan biri — Moskvaga, qizil inqilobga ishonib oyog‘i toygan Fayzulla Xo‘jayev bo‘lib, u «inqilob» deb atalmish «bosib olish»ning dastlabki kunlaridanoq maydonga otilib chiqdi. «Milliy taraqqiy», «Sho‘royi Islom», «Ittihod va taraqqiy» tashkilotlari tuzilib, faoliyat ko‘rsata boshladi.

Bu tashkilotlarning a’zolari, faol kurashchilari, fidoyilarining nomlarini shu o‘rinda sanab o‘tish lozim deb o‘ylayman. Ular millatning haqiqiy qahramonlari edilar. Har biri NKVD hujralarida azobga duchor bo‘lishgan. Istibdod o‘ti ularning hayotlarini xazon qildi.

Mana ulardan ayrimlarining nomlari:

Fayzulla Xo‘jayev — O‘zbekiston Xalq Nozirlari kengashining Raisi.

Ota Xo‘jayev — Sharqiy Buxoro dehqon qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.

Muinjon Aminov — Buxoro Markaziy Ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari.

Muxtor Saidjonov — Markaziy Ijroqo‘m kotibi.

Musa Saidjonov — Oziq-ovqat xalq noziri.

Parda Xo‘jayev — Davlat nazorati qo‘mitasi boshlig‘i.

Naim Yoqubov — Tashqi ishlar noziri o‘rinbosari.

Rahmat Rafiqov — Davlat Nazorati raisi.

Hoshim Shayxiy — Tashqi ishlar noziri o‘rinbosari.

Yo‘ldosh Qori Po‘latov — Maorif noziri o‘rinbosari.

Abduqodir Muhiddinov — Markaziy Revkom raisi.

Abduvohid Burhonov — Tayyorlov boshqarmasi boshlig‘i.

Ahmadjon Abdusaidov — Markaziy revkom raisi muovini, adliya noziri o‘rinbosari.

Sattor Xo‘jayev — Moliya noziri o‘rinbosari.

Usmon Xo‘jayev — Buxoro MIQ raisi.

Abdurauf Fitrat — Davlat nazorati raisi o‘rinbosari, maorif noziri.

Obro‘y Qulmuhamedov — Harbiy nozir o‘rinbosari.

Rafat Muhiddin — Buxoro Favqulodda Komissiyasi raisi muovini.

Mukamil Burhonov — Buxoro adliya noziri.

Mirza Izzatulla — iqtisodiyot noziri o‘rinbosari.

Sodiq Muhammadiev — Buxoro diktatorlik komissiyasi raisi muovini.

Qosim Qoriev — Buxoro shahar hokimi muovini.

Shavkat Sulaymonov — Buxoro Sharqiy okrug raisi.

Muhiddin Mahsum — Sharqiy Buxoro Favqulodda Komissiyasi raisi.

Abduhamid Oripov — Harbiy nozir.

Abdurashid Mukamilov — O‘z VKP(b) MK kotibi.

I. Alimov — Buxoro adliya noziri.

Yusufzoda — Buxoroning Kobuldagi va so‘ng Moskvadagi muxtor vakili.

Rahmatulla Muzaffarov — Buxoro uezd ijroqo‘mi raisi.

Abdurahim Sattorov — Buxoro savdo noziri.

Muqim Karimov — Favqulodda Komissiya raisi, Buxoro Kompartiyasi MK kotibi. Turkiston prokurori muovini.

Ravshanqul Boymurodov — Buxoro harbiy noziri.

Ostanaqul Ibodullaev — Sherobod ijroqo‘mi raisi.

Saydulla Omonov — Samartsand ijroqo‘mi raisi.

Egamberdi Mavlonberdiev — Buxoro kasaba uyushmasi raisi.

Nabiev — Buxoro viloyati kasaba uyushmasi raisi.

Po‘lat Tursunov — Buxoro okrugi ijroqo‘mi raisi.

Hojiboev — Toshkent oziq-ovqat savdosi xodimi.

Yo‘ldoshboev — Buxoro komsomoli MQ kotibi.

Barotov — Buxoro yer-suv bo‘limi mudiri.

Xo‘ja O‘rol — «Paxtasoyuz» boshqaruvi raisi.

Bo‘ri Xo‘jayev — Buxoro davlat xazinachisi.

Vafo Cho‘liboev — Ichki ishlar noziri muovini.

Baqojon Cho‘liboev — Buxoro okrugi ijroqo‘mi raisi.

Xo‘ja Hamro — F. Xo‘jayevning shaxsiy yordamchisi.

Vosit qori Muhammadiev — Maorif nozirligi xodnmi.

Haydar Hayotiy — F. Xo‘jayevning shaxsiy kotibi.

Mukamil Abdurashitov — O‘zbekiston go‘sht-muzlatish korxonasi boshlig‘i.

...Bu ro‘yxatni davom ettiraverish mumkin. Bitta maqolada jami nomlarni sanab o‘tish qiyin. Buning iloji ham yo‘q. Har holda bu nomlarni tiklash, xotirlash, ular haqqiga duo qilish har bir qishloq, mahalla, shahar ahli uchun, bugun mustaqillikka erishgan O‘zbekiston ahli uchun qarz ham farzdir. Ular nomlari abadiylashtirilmog‘i, xatmi-Qur’on bag‘ishlovlarida qo‘shilib aytilmog‘i kerak...

* * *

1937 yilning 17 yanvar kuni O‘zbekiston Ichki ishlar noziri, davlat xavfsizligi xizmati mayori Zagvozdinning topshirig‘iga ko‘ra, Buxoroning eski shahar qismida yashagan 46 yashar fuqaro — Muinjon Aminov to‘satdan Toshkentda qamoqqa olinadi. Uni Buxoroda «Milliy ittihot» deb nomlangan aksilinqilobiy tashkilot Markaziy Qo‘mitasi rahbarlaridan biri, Sovet hokimiyatini ag‘darib, mustaqil davlat tuzish harakatiga odamlarni jalb qilish bilan shug‘ullangan va qurolli qo‘zg‘olon uyushtirish uchun bosmachi to‘dalari bilan aloqada bo‘lib, ularni yaroq va mablag‘ bilan ta’minlagan, deb gumon ostida qo‘lga olgan edilar. Uyda uning xotini Fotima, farzandlari Muhammadjon, Xolida va Muniralar zor qaqshab qolaverdilar. Ular boshiga shu mash’um kunda tushgan falokat oilani xazon qildi. Buyog‘i — alohida bir doston.

Xuddi shu kuni Buxoro shahrida, Ota Po‘lat o‘g‘li Xo‘jayev degan shaxs ham ana shunday gumonlar bilan qamoqqa olindi. U 57 yoshda bo‘lib, barvaqt qarigan, sochlari oqargan, nogiron kishi edi. Shahar markazidagi oziq-ovqat do‘konida ishlardi.

Oradan ikki kun o‘tgach, Toshkent shahrida O‘zbekiston kino san’ati xodimi, buxorolik Muxtor Saidjonov ham «ENKEVEDE» domiga tortildi. Uyida ikki o‘g‘il va xotini izillab qolaverdi...

Rossiya qizil imperiyasi «iskovuch»lari ozodlik istovchilarni axtarib izg‘ishda davom etardi.

17 mart kuni Buxoroda yung tayyorlov idorasi xodimi, 1897 yilda tug‘ilgan Sattor Xo‘jayev hibsga olinadi. Bu ziyoli odam yurak og‘rig‘iga chalingan, kasali tez-tez huruj qilib turardi. Xotini Robiya uyda, uchta qizi: 16 yashar Muharram, 12 yashar Munira, 10 yashar Mayramlar «ozodlik» olib kelgan hokimiyat maktabiga qatnashardi...

10 aprelda Samarqand shahrida yana bir buxorolik avaxtaga olib ketiladi. U 1893 iilda tug‘ilgan Musa Saidjonov bo‘lib, tarix-arxeologiya muassasasida ilmiy xodim bo‘lib ishlardi. Cho‘ziq yuzli, ozg‘in, qotma kishi bo‘lib, oilasida 44 yashar Rizvon ismli xotini va 5 nafar farzandi bor edi. To‘ng‘ich qizi Sevara 20 yoshda, katta o‘g‘li Narzulla 18 yoshda bo‘lib, institutga qatnashardi. 13 yashar Habib, 9 yashar Ulug‘bek, 3 yashar Salimjonlarning ota-ona bag‘rida yayrab o‘sadigan davri edi. Afsus...

1937 yilning 25 mayida Toshkent shahar uy-joy xo‘jaligi xodimi Naimjon Yoqubzodaning uyini bosdilar. Uyda 80 yoshni qoralab qolgan mushtipar ona, tibbiyot hamshirasi bo‘lib ishlovchi 31 yashar xotini Xadicha va 8 yashar yolg‘iz, erkatoy Roziyalar ko‘zyoshlariga g‘arq bo‘lganlaricha qolaverdilar...

Oradan sal o‘tmay, Samarqand shahrida yana bir buxorolik — Mukamil maxsum Burhonovning xonadoniga to‘pponcha taqqan 10 tacha «abjir» kishilar birvarakayiga yepirilib kiradi. Uyni titi-pitini chiqarib tintuv o‘tkazishadi. Hatto 2 yashar qizchasi Rakinaning o‘yinchoq-qo‘g‘irchoqlarining ham «qornini yorib» ko‘rishadi. Mukamilni kasal holida avaxtaga olib ketishadi.

Navbat Burhonovlar «urug‘i»ga keladi: Mukamilning maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlaidigan ukasi 40 yashar Muxamar Burhonov qamoqqa olinadi. 59 yashar Masxar Burhonov, 32 yashar Misbax Burhonov Toshkent turmasiga tashlanadi. Misbax Burhonov «Tojikistoni Surx» gazetasida ishlagan taniqli qalamkash, jurnalistlar va yozuvchilar uyushmasining a’zosi edi. U biroz ilgariroq — 1933 yilda millatchi sifatida sud qilinib, jazo o‘tayotgan edi. Uni qamoqqa olishda to‘ldirilgan hujjatdagi «yaqinlari» degan joyiga o‘z qo‘li bilan, «Ukam — Mutal Burhonov, 40 yoshda, student. Singlim Fotima, 23 yoshda, uy bekasi», deb yozib qo‘yadi. (Bu yigit taniqli bastakor Mutal Burhonovning akasi bo‘lganligini anglagandirsiz?) So‘ngra oradan sal o‘tmay, ushbu ish bo‘yicha «to‘plangan» mahbuslar qatoridan quyidagilar «o‘rin» olishdi:

O‘zbekiston go‘sht-muzlatish korxonasi boshlig‘i Abdurashid Mukamilov (homilador xotini, onasi va 4 nafar qizi bo‘lgan);

Buxorolik Rahmatulla Muzaffarov;

Samarqandlik Hamro Xo‘jayev (13 yashar Farid, 5 yashar Fazri, 8 oylik Favat ismli ug‘illari qolgan);

Buxorolik Ahmadjon Abdusaidov, Toshkent shahrida yashaydi, yozuvchilar uyushmasining a’zosi, 60 yoshda (Anvar ismli o‘g‘li va bir qizi qolgan);

Buxorolik Porso Xo‘jayev, Toshkentda yashaydi, 60 yashar (Halima, Musatbah, Muhaboat ismli qizlari, Iso, Zikriyo, Robert ismli o‘g‘illari qolgan).

Bu materiallar, Fayzulla Xo‘jayevga nisbatan yuritilgan, uni badnom qilish uchun to‘plangan xufiyona hujjatlar — «falon joyda eshitdim, ko‘rdim» xilidagi mishmishpar asosida «puf»lab qappaytirilgan P 31922 sonli jinoyat ishining birinchi jildini to‘ldirgan. Mazkur shaxslar— 1921—22 yillarda faol harakatda bo‘lgan, maqsadi vatan ozodligi, mustaqilligi uchun kurashdan iborat buxorolik vatanparvarlar tashkiloti — «Ittihod va taraqqiy»ning a’zolari bo‘lib, ular umr so‘nggigacha shu dard bilan yashab kelgan ilg‘or fikrli odamlar edi. Ular avvaliga inqilobga, qizillarning «mustaqil demokratik davlat bo‘lasizlar» qabilidagi va’dalariga ishonishgan, ular bilan yonma-yon turib kurashgan, so‘ng esa Rossiyaning haqiqiy maqsadi — Turkistonni qullikda asrab turish, uning tabiiy va qazilma boyliklari qisobidan o‘z «kamchiliklarini butlash» ekanligini sezib qolishib, xatolarini tuzatish uchun jon kuydirgan shaxslar edi.

* * *

Buxoro «Milliy Ittihod» — ozodlik uchun kurash tashkiloti rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev, Abduqodir Mirza Muhiddinov, Saydulla TursunXo‘jayev va Oripovlar juda keng fikrlovchi, siyosiy yetuk odamlar bo‘lganligini tan olish kerak. (Moskva va Frunze tuzog‘iga tushib qolgan paytlari bundan mustasno, albatta.) Dalil uchun, ular muhokama qilgan ishlarga e’tibor berish kifoya:

«Bir tan bir jon bo‘lib (F. Xo‘jayev bilan A. Muhiddinov tarafdorlari o‘rtasida kelishmovchilik mavjud edi), asosiy yo‘lni Buxoroni mustaqil va ozod qilishga bag‘ishlashimiz shart. O‘zaro nomuvofiq qarashlarimizni so‘ng bir yoqli qilsak bo‘ladi. Mustaqil bo‘lish uchun esa Buxoroni, avvalo «qizil»lashib, Sovet Rossiyasiga qorishib ketishdan saqlab qolish lozim. Buxoroga Sovet Rossiyasi ta’sirini kamaytirib borishda kurashning har qanday usul va shaklidan foydalanish kerak. Bu yerda asosiy bir omilni esdan chiqarib bo‘lmaydikim, Buxoro respublikasi Sovet Rossiyasi bilan hamma aloqalarini birdaniga uzib ketadi, degan fikrni juda ehtiyot qilib, pinhona asrash kerak. Chunki iqtisodiy vajug‘rofiy ahvolimiz shunday ahvoldaki, biz birorta kuchli va qudratli davlat yordamisiz muvaffaqiyatga erishishimiz qiyin. Bugun esa biz faqat Rossiya bilangina aloqa qilayapmiz. Demak, Sovet Rossiyasidan bizga faqat sovetlashtirish siyosati kirib kelaveradi va biz Sovet Rossiyasi qamrovida qolaveramiz...»

Ular bu fikrni yashirin saqlaganlar. Boshqa qudratli davlatlar bilan aloqa uzilganligi uchun ochiq harakat qilish, Sovet Rossiyasi oldiga masalani dangal qo‘yish naqadar xavfli ekanligini tushunishgan.

«Milliy Ittihod» tashkiloti Markaziy Qo‘mitasi qarorida shunday jumlalar bor: «Sovet Rossiyasi nazarida shunday yo‘l tutishimiz lozimki, ular bizni ajralmas bo‘lib bog‘langan va boshlagan yo‘limizdan og‘ishmay boraveradi, deb tushinsin. Ayni paytda boshqa qudratli mamlakatlar bilan aloqa bog‘lashimiz kerak. Buning uchun Buxoroning qoloq davlat ekanligini, aholisi savodxon emasligini, xalqda dinga fidoyilik tomir otib ketganini, ishchilar sinfi yo‘qligi uchun sanoat rivojlanmay qolayotganini bahona qilib, boshqa chet mamlakatlar ta’sirini kuchaytirish kerak. Shunda Sovet Rossiyasi ham xavfsiramaydi.

Bosmachilik deb atalayotgan harakatdan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak. Buning uchun, birinchidan, Sovet Rossiyasi, Moskva va uning vakillariga turli yo‘llar bilan «bizning xalqimiz sovetlashtirishni qabul qilmayapti, xalq buni xohlamayapti, ko‘p qon to‘kilishi mumkin», degan fikrni singdirib borish kerak.

Bir vaqtning o‘zida tarqoq bosmachi guruhlarini yiriklashtirish va siyosiylashtirish yo‘lida ish olib borish kerak. Chunki yaxshi qurollangan va kurashlarda tajriba orttirgan bu kuchlar orasida ajoyib komandirlar va botir jangchilar pishib yetilgan bo‘lib, kelajakda ulardan milliy armiyani juda tez shakllantirish mumkin. Vaqti kelib, Sovet Rossiyasidan ajralish masalasi ko‘tarilganda, real kuchga ega bo‘linadi.»

* * *

Fayzulla Xo‘jayev Namiq Kamol degan turk shoiri qalamiga mansub doston va she’rlarni yonida olib yurgan. Ulardan birida it bilan ovchi munosabatlari haqida mulohaza yuritilib, itning ovchiga sadoqat bilan xizmat qilishi, lekin unga suyakdan boshqa «mukofot» tegmasligi aytiladi. Asar oxirida «Atrofni qoplagan zim-zimiston tun, lekin tundan keyin kelur yorug‘ kun», degan jumla bo‘lgan. Fayzulla Xo‘jayevning ushbu misralarni takror-takror o‘qib, chuqur xayolga cho‘mgan paytlarini ko‘rgan do‘stlari, bir kun kelib O‘zbekistonda ham yorug‘ kun — Mustaqillik bo‘lishini orzu qilganlar.

1935 yilning kuzgi oqshomlaridan birida Fayzulla Xo‘jayev xonadoniga birin-ketin mehmonlar kirib kelishadi. Bular — Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Buxoro FKsining raisi, Ichki ishlar Noziri vazifasini bajargan, so‘nggi paytlarda «O‘zbekbirlashuv» mahkamasi xodimi bo‘lgan Muinjon Aminov, yozuvchi Komil Yashin, artistka Halima Nosirova, Muzaffarov va boshqalar edi. Suhbat orasida Fayzulla Xo‘jayev: «Ey xudo, O‘zbekistonimizning mustaqillikka erishib, o‘z-o‘zini boshqargan, gullab-yashnayotgan kunini ko‘rishni nasib etgin!» deb xitob qiladi...

F. Xo‘jayev Buxoroning to‘pga tutilib, bombalar ostida vayron qilinishida o‘zini aybdor deb bilar va xatosidan afsuslanardi. «Meni hech kim kechirmaydi, o‘zim ham», derdi u, uz aybini sezib, imkoni boricha Buxoroni tiklash, ta’mirlash uchun jon kuydirar, har bir ilinjli yerdan mablag‘ topib shu yo‘lga xarjlardi.

* * *

Ota Xo‘jayev so‘rog‘idan parcha:

Savol: Tashkilotingiz amalga oshirgan ishlarni gapirib bering?

Javob: Joylarga ishonchli vakillar yubordik. Ular siz «bosmachi» deb atagan harakatlar boshliqlari bilan uchrashib, tegishli yo‘riqnomalar berib borardi. Sharqiy Buxoroga mening akam Usmon Xo‘jayev — Buxoro Respublikasi Markaziy Ijroqo‘mining raisi — safarbar qilingan edi. Anvar posho borgandan so‘ng, ular Qizil Rossiyaga qarshi kurashga bosmachi guruhlarni birlashtirib, ochiqchasiga jang boshladilar.

Savol: Ularning rolini gapirib bering?

Javob: Usmon Xo‘jayev obro‘li shaxs sifatida xalqni kurashga qo‘zg‘ashi, da’vat qilishi kerak edi. Anvar posho esa yirik harbiy xodim sifatida kuchli armiyani shakllantirishi lozim edi. Boshqalarning ham roli bor edi. Masalan, Harbiy nozir Oripov Vang‘ozi atrofida bosmachilarni o‘z homiyligiga oldi. Ichki ishlar noziri Muinjon Aminov Jabbor qo‘rboshi boshchiligida jangovar otryad tuzdi...

Savol: Buxoro hukumati asosan qaysi davlatlardan umid qilardi?

Javob: Asosan Turkiyadan, uning musulmon davlatlari orasidagi obro‘siga e’tiboran...

Savol: Siz Turkiyada bo‘lganmisiz?

Javob: Ha, 1909—13 yillarda Konstantinopolda yashab, o‘qiganman.

Savol: Kimlar birga borgan edi?

Javob: Akam Usmon Xo‘jayev va shoir Fitrat. Ular ham o‘qishga borgan edilar.

Savol: Davom eting.

Javob: Men 1922 yil boshlarida Moskvaga ishga yuborildim, tashkilotimiz ishidan ancha uzoqda edim. So‘ngroq qaytdim. 1923 yilda Rossiya hukumati bizga yuborilgan kup sonli Armiyasini to‘liq ta’minot qilish va boqishni bizga yukladi...»

«Ko‘psonli Qizil Armiyani ta’minlash va boqishni bizga yukladi!» Bu talab amalga oshirilganligiga mavjud hujjatlar to‘la guvohlik beradi. Beixtiyor xayolga tolasan kishi: sizlarga ozodlik, mustaqillik, demokratiya olib kelamiz, degan aldov bilan mamlakatni bosib olishdi. To‘pga tutib, bomba tashlab, shahringni vayron qilishdi. Necha o‘n minglab fuqarolar xonadonidan, vatanidan judo qilindi. Xazinadagi bor-budni talashdi. Tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar tuproqqa aylanib, oyoqosti bo‘ldi. Aholining mulki talandi. Paxta, qorako‘l, oltin, ipak va boshqa yetishtirilgan hosil tekin olib ketila boshlandi. Turmushi izdan chiqqan xo‘jalik va loysuvoq, vayrona kulbalarda yashayotgan fuqarolarga chidab bo‘lmas soliqlar solinadi. Shu yo‘l bilan to‘plangan davlat xazinasining mablag‘i bilan avvalo markaz — Moskvani ta’minlash, Qizil Rossiya tashkil etgan mahkamalarni ta’minlash va boqish kerak edi. Ustiga-ustak, xalqdan o‘z bosqinchilari, xunxo‘rlari bo‘lgan bir necha o‘n ming kishilik o‘ris armiyasini boqish, ot-ulov va uy-joy bilan ta’minlash talab qilinadi. Xalq puliga uning jallodlari saqlab turiladi. Ular noningni yeb, og‘a-iningni, diningni, e’tiqodingni o‘ldirardi, ruhingni so‘ndirardi, g‘ururli-orli odamlaringni terib otishadi. Yangi-yangi hibsxonalar ochib, ularni begunoh mahbuslar bilan to‘ldiradi. Qo‘shni mamlakatlar bilan ming yillar mobaynida davom etib kelgan muomala-aloqalaringni mutloq uzadi. Yeringni sim to‘r bilan o‘raydi. Tilingni va yozuvingni unutishga majburlaydi. «Yashasin rus og‘am-i-iz!..», «Moskva! Moskva!..» deb kuylattiradi. Aksil-istibdod yo‘lini tanlaganlarni «aksilinqilobchi» tamg‘asi ostida otadi «sibir» qiladi...

* * *

1923 yilda Buxoroda «Milliy ittihod» O‘rta Osiyo tashkiloti rahbarlarining iig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Fayzulla Xo‘jayev quyidagi hujjatni e’lon qiladi (parcha keltiramiz):

«IQTISODIY MASALALAR BO‘YICHA

Bugungi kundagi Sovet Rossiyasi bilan Buxoro munosabatlari Sobiq Rus imperiyasi bilan Buxoro amirligi munosabatlaridan farq qilmay qoldi. Rossiya jahon revolyutsiyasi haqdagi yo‘li amalga oshmasligiga amin bo‘ldi, shu sababli, ichki tizimda fakat foyda ko‘zlab, o‘zgacha yo‘l tutyapti.

Qizil Rossiya kommunistik partiya va hozirgi hukumatni hamda buyuk davlatchilikni saqlab qolish uchun, tashqi bozor va jahondagi yuritilayotgan siyosatdan o‘zini himoyalash maqsadida tevarak-atrofidagi davlatlarni yo‘q qilib, o‘z qamroviga olmoqchi. Shular hisobidan boyib, o‘z mavqeini tiklab olishga urinmoqda.

Buxoroni mustaqil respublika sifatida SSSRga kiritmaslikka urinish bo‘layapti. Uni O‘rta Osiyo iqtisodiy tizimiga qo‘shib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilib, Angliya va boshqa davlatlar bilan xalqaro siyosatda yutmoqchi.

MOLIYAVIY MASALADA

Rossiya har xil yo‘l bilan bizning pulimiz qiymatini pasaytirish va shu yo‘l bilan o‘z pul birligini joriy qilish niyatida.

Pochta va temiryo‘llarda bizning pulimizni qabul qilmay qo‘ydi.

Rossiya byudjetiga bo‘ysunishga majbur qilib, bizdagi xo‘jalik va qurilish taraqqiyotini bo‘g‘ib qo‘ymoqda.

Bizning 300 ming trillion pulimizga o‘zlarining 50 trillion pulini tenglashtirib qo‘yib, bizdan katta miqdorda tovar va oltin ekvivalenti olishni ko‘zlaydilar.

Bizning banklarni yo‘q qilib, o‘z bankini ochish orqali bizni Rossiyaga tobe qilib qo‘ydi. O‘z qog‘oz banknotlariga bizdan oltin, kumush bilan to‘lov talab qilayapti. Mana bu telegrammaga e’tibor bering: «Agar Buxoroga pul kerak bo‘lsa, pulimizga oltin bilan to‘lov haqida vakillarimizga murojaat qilsin. Ana shunda avans tariqasida qog‘oz pulimizdan beramiz.»

VAZIFALARIMIZ

Bizdagi mavjud tovarlar va pul haqidagi ma’lumotlar aniq berilmasligi kerak. Chiqim-xarajatlar kirimga nisbatan 3 barobarga ko‘p ko‘rsatilsin.

Buxoro qog‘oz pulini juda ko‘p miqdorda chiqarish kerak.

Rossiyada savdo-sotiq va boshqa yo‘llar bilan, uning pulini ko‘plab keltirishni ta’minlash lozim. Buning uchun xususiy savdoga yo‘l ochish va katta mablag‘ ajratish kerak.

Rossiya iqtisodiy siyosatini qo‘llash va uni amalga oshirishdan qochish kerak.

BOSHQARUV VA SIYOSATDA

Rahbariy lavozimlarda o‘z odamlarimiz ishlashiga erishish kerak.

VKP(b)ni, ular ruhida ishlayotganimizga ishontirish kerak. Ota Xo‘jayev, Shaziddin Maxsum, Fitrat, Qori Yo‘ldosh, Usta Nur, Yusufzoda, Muhiddin Maxsum, Ibod Xo‘jayevlar bu ishlarga bosh-qosh bo‘lishi kerak.

Rus vakolatxonalarda o‘z xufya kishilarimiz tinmay kuzatuv olib borishi lozim. Muhiddin Maxsum, Ag‘darov va Oqchurinlarning har bir qadami kuzatib borilsin.

Eng asosiysi — o‘zimizdan, yerli xalqdan chiqqan sotqinlar bilan munosabat alohida bo‘lmog‘i, ular bilan turli yo‘llar orqali hisob-kitob qilish kerak!..»

* * *

1923 yilning boshlarida Mukamil Burhonov, Fayzulla Xo‘jayevlar Germaniyada bo‘lishadi. Ular «davolanish uchun borganmiz», deyishgan. Aslida o‘z dardlariga emas, el dardiga davo izlab borganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Ular jiddiy masalalar yuzasidan ko‘p ishlarni amalga oshirishgan.

Fayzulla Xo‘jayev Buxoroda Germaniya elchixonasi ochishga ko‘p uringan. Yaqinlarining guvohlik berishicha F. Xo‘jayev: «Nemislar zo‘r xalq, Germaniya kuchli mamlakat, ular har qanday vaqtda ham o‘z so‘zini ayta oladilar. Bizda ularning elchixonasi ochilsa va aloqalarimiz yo‘lga qo‘yilsa, Rossiya o‘z ta’sirini hadeb tiqishtiraverishining oldi olinishi mumkin», degan fikrlar bildirilgan.

Moskvada ta’lim olayotgan talaba — Misbax Burhonov turk elchixonasi vakillari bilan juda qalin bo‘lgan. U F. Xo‘jayevning Turkiya bilan va u yerda yashovchi akasi Usmon Xo‘jayev bilan muttasil aloqa qilib turishida vositachilik qilgan. Sharq mamlakatlari bilan munosabatlar asosan Fitrat, Haydar Hayotiy, Norbo‘tabekov kabi shaxslar kuchi bilan amalga oshirilgan. O‘rta Osiyo mintaqasi aralashtirilib yuborilganidan so‘ng, Fayzulla Xo‘jayev o‘z fikr doirasini kengaytiradi: «Biz nafaqat Buxoroni yoki O‘zbekistonni, balki butun O‘rta Osiyoning mustaqilligini ta’minlash haqida o‘ylashimiz kerak!» Yana bir so‘zida: «Buxoro yoki O‘rta Osiyo ozodligi bilan chegaralanish ham kaltabinlik deb o‘ylayman. Menimcha, butun turk-tatarlar yashovchi yerlarni birlashtirib, Turkiya yo‘lidagi mustaqil davlat tuzish haqida o‘ylash kerak. Yaponiya bilan yaqinlashish xususida fikr yuritish vaqti keldi», deydi.

Fayzulla Xo‘jayev doim bilimli, savodxon, keng dunyoqarashli, madaniyatli bo‘lish lozimligiga e’tibor bergan. Mana, uning o‘z yaqinlari davrasida aytgan so‘zlari: «Sizlar o‘qimay qo‘ydinglar. O‘z ustimizda ishlamayapmiz. Madaniy darajamiz va ma’naviy qiyofamiz achinarli holga kelib qoldi. Biz ana shu savodsizligimiz va madaniyatsizligimiz oqibatida Buxoroni, Vatanni boy berib qo‘ydik. Shu sababli ham, o‘z yurtimizda rahbarlik ishlarini qo‘lga ololmadik, mustaqillik yo‘lida aql bilan ish yurita bilmadik!»

Fitrat: «Akmal Ikromov va uning atrofida o‘ralashib yurganlar ruslar bilan aroqxo‘rlik qilish bilan obro‘ orttirib, milliy ruhini ham tobbosti qilib yubordilar», deb luqma tashlaydi.

Muin Aminov: «Trotskiy Stalindan o‘n barobar aqlli. Qo‘lida armiya, katta vakolati bo‘laturib Stalinni yo‘q qilolmay, o‘zi xor bo‘lib yuribdi. Agar menda uning yuzdan bir imkoniyati bo‘lganida, Ikromovga o‘xshagan sotqinlarni bir hamla bilan yo‘q qilib tashlardim», deydi.

Bu so‘zlar keyinroq partiya va davlat rahbariga suiqasd qilish deb baholanadi va ularning ayblov ishlariga tirkaladi.

Jinoiy ish hujjatlari orasida shunday ma’lumotlar diqqatni tortadi: «1925-26 yillarda millatchilik va aksilinqilobiy ruhda asarlar yozib yurgan Abdulla Qodiriy (Julqunboy) degan yozuvchi qamoqqa olinadi. Shunda Fitrat har kuni Fayzulla Xo‘jayevning qadamiga to‘g‘anoq bo‘lib, Qodiriyni ozod qilish haqida talab qo‘yaboshlaydi. Oxiri Fayzulla Xo‘jayev yordam berishga va’da qiladi va sal o‘tmay Abdulla Qodiriy qamoqdan ozod qilinadi».

Ikkinchi hujjat: «1932—33-yillarda Fitrat asarlarida aksilinqilobiy-millatchilik ruhi borligi «fosh bo‘lib», uning ustidan ish ochiladi. Bundan xabardor bulgan Fayzulla Xo‘jayev hukumat komissiyasi tuzib, o‘zi shu ish bilan shug‘ullanadi. Fitrat asarlari g‘oyaviy toza, hech qanday millatchilik va aksilinqilobiy ruh yo‘q, degan xulosa bilan ishni yopdirib yuboradi».

Uchinchi hujjat: «Milliy ittihod» tashkilotining fondi — har bir a’zodan oyiga 60 so‘mdan tushadigan badaldan, Fayzulla Xo‘jayevning katta pul mablag‘idan, ko‘pchilik a’zolarning uylarini sotib keltirgan xayriyasidan, Fitratning o‘z kutubxonasini sotib yiqqan 20 ming so‘m puli va shu kabilardan jamg‘arilgan».

To‘rtinchi hujjat: «Fayzulla Xo‘jayev xorijda yashovchi Mustafo Cho‘qayevni moddiy jihatdan ta’minlash uchun turli yo‘llar bilan uning nomiga tilla, pul yuborib turgan».

1921 yilda Fayzulla Xo‘jayevning topshirig‘i bilan Sharqiy Buxoro—Dushanbega bosmachilik harakatini o‘rganish va «chora» ko‘rish uchun Ota Xo‘jayev, Sodiq Muhammadiev va Naimjon Yoqubzodalardan iborat komissiya yuboriladi. Yuqoridagi shaxslar u yerdagi Qizil Armiya qismlari qo‘mondonligi bilan «kelishib», Ko‘lob viloyatining Baljuvon tumanida harakat qilayotgan bosmachi guruhlarining qo‘rboshilari Davlatmandbiy, Komilboy va Qayum To‘qsabolar bilan uchrashadi.

Oldindan kelishilgan tavsiyalarga ko‘ra, u yerda tubandagicha bitim tuziladi (parcha keltiramiz):

«BITIM — KELISHUV

Olloh va Islom diniga cheksiz hurmat bildirib, Buxoro ahli-fuqarosining tinchligi va osoiishtaligi yo‘lida tubandagi shartlar asosida kelishib oldik:

Biz — Sharqiy Buxoro xalqi roziligi bilan Mustaqil Buxoro Respublikasini tan olamiz va uning qonunlariga og‘ishmay amal qilamiz;

Muqaddas Buxoroni bosib olgan Rossiya qo‘shinlari darhol olib chiqib ketilishi kerak. Davlatda tartib o‘rnatish — Mustaqil Buxoro hukumati qo‘lida, o‘z armiyasi kuchidan foydalangan holda bo‘lishi kerak;

Birorta ham horijiy mamlakat muqaddas Buxoroning ichki ishlariga aralashmasin;

Hamma bo‘g‘inlardagn rahbar xodimlar faqat ahli Buxoro orasidan tanlanishi kerak. Ular bizning din, urf-odat va an’analarimizni bilishi, hurmat qilishi shart;

To‘ntarishdan so‘ng Rossiya armiyasining maxsus otryadlari xalqni qirib, mulklarini taladi, Sharqiy Buxoroni ship-shiydon qilib ketdi. Bu talab ketilgan mulk va boylik Rossiya hukumati tomonidan Buxoroga qaytarilsin;

Ushbu shartlarga rioya etilsa, biz o‘z islom armiyalarimizni tarqatib yuboramiz yoki hukumat ixtiyoriga o‘tamiz. Lozim bo‘lsa, muqaddas Buxoro davlati vakillariga qurollarimizni topshiramiz. Buxoro dushmanlari — bizning dushmanimiz, do‘stlari — do‘stimiz bo‘lib qolajak;

Agar bizga o‘z hukmini o‘tkazish siyosatini to‘xtatsa — Rossiya davlatini hurmat qilamiz;

Ichki ishlarimizga aralashishga urinayotgan inglizlarni millatimiz, davlatimiz va dinimiz dushmani deb bilamiz;

Xalqimizga tazyiq o‘tkazgan, millatimiz oldida jinoyat qilgan (12 kishining ismi yozilgan ro‘yqat bor)lar jazoga tortilishi kerak;

Bular amalga oshirilmasa, qamma urinishlar bekor ketadi va kurash davom etaveradi.

Buxoro vakili: Ota Xo‘jayev; — Davlatmandbiy Kamoliddin o‘g‘li».

Bu hujjag yuzasidan Moskvada bo‘lgan muhokamada SSSR Tashqi ishlar noziri Chicherin Fayzulla Xo‘jayev va o‘zbekistonliklarni qattiq so‘kadi...

* * *

Muinjon Aminov so‘rog‘idan parcha:

Savol: Siz «Ittihod va Taraqqiy» tashkilotida nima vazifani bajargansiz?

Javob: Men Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy topshiriqlarini bajarardim, jumladan, uning Afg‘onistonga qochgan amakisi Usmon Xo‘jayev bilan aloqani amalga oshirish menga yuklangan edi.

Savol: Siz Buxoroda rahbar xodimlardan biri bo‘lgansiz, tashkilotning faoliyati va tarkibini aytib bering.

Javob: Ha, men Fayzulla Xo‘jayevga yaqin turgan rahbarlardan edim. Ichki ishlar noziri, hukumat a’zosi bo‘lganman. «Ittihod va Taraqqiy» tashkiloti Toshkentdagi Munavvar Qori Abdurashitov boshliq «Milliy Ittihod» tashkiloti bilan aloqa qilardi. Biz Buxoroga kelgan Anvar posho — Turkiyaning sobiq harbiy noziri — bilan aloqa o‘rnatdik, Anvar posho Buxoroda Fayzulla Xo‘jayev, Abduqodir Muhiddinov, Munavvar Qori, Hoshim Shayx, Ota Xo‘jayev va 20—30 kishi bilan uchrashgan edi. Shu uchrashuvda Anvar yig‘ilganlarga o‘zaro ahil bo‘lishni, millat ozodligi uchun birdamlikda kurash yuritishni, davlat organlarida qanday yo‘l tutish haqida maslahat berdi.

Savol: Fayzulla Xo‘jayevning amakisi Usmon bilan qanday aloqalar bo‘lgan?

Javob: Fayzulla Xo‘jayevning qarindoshi Ota Xo‘jayevning gapiga qaraganda, ular Usmon Xo‘jayev bilan yashirin yozishmalar olib borishgan. Anvar posho ham bizning tavsiyamiz bilan Dushanbega — Usmon Xo‘jayev oldiga yuborilgan edi. Usmon Xo‘jayev 1922 yilda Afg‘onistonda turib Fayzullaga, Buxoroga qaytsam bo‘ladimi, degan mazmunda xat yuborgan edi. Fayzulla yo‘q, deb javob yubordi. «Iloji bo‘lsa boshqa davlat hududiga o‘tib keting. Qaytsangiz tutib olib otib tashlashadi», deb yozadi u. Oqibatda Usmon Xo‘jayev Turkiyaga o‘tib ketadi. Keyingi aloqalarni Fayzulla Xo‘jayev Moskvadagi Turk elchixonasi orqali amalga oshiradi. Bu aloqalar Ota Xo‘jayev, Ibod Xo‘jayev, Hamro Xo‘jayev va Misbax Burhonovlar orqali bo‘lar edi.

Savol: Ikromovga aloqador nimalarni bilasiz?

Javob: Fayzulla Xo‘jayev uni, sobiq Buxoro respublikasi kadrlarini yo‘qotish uchun ish olib borayapti, deb aytgan edi. Jumladan Fayzullani ham yo‘qotish uchun ish olib borayotgan ekan. Umuman, Akmal Ikromov 1923 yilda Buxorodan Markazga ishga o‘tkazilgan va rahbar vazifalarida ishlovchi buxoroliklarni quvg‘inga olganligi haqida faktlar yetarli edi. Buni Fayzulla ham, biz ham bilardik. F. Xo‘jayev «Ikromov ukam Ibod Xo‘jayevni partiyadan va ishdan haydab, o‘z-o‘zini o‘ldirishiga sabab bo‘ldi» degan edi. Bunga uning xotini Fotima ham guvoh...

Savol: Fitrat haqida nimalarni bilasiz?

Javob: Fitrat taniqli shaxs... Uning «Mana sizga mamlakat» degan poemasida, gullab-yashnayotgan mamlakatga dushman — Angliya xavf solayotgani kuylangan. Aslida Rossiyaning O‘zbekistonga munosabati yoritilgan edi. Bu poemani Fayzulla Xo‘jayevning topshirig‘i bilan taniqli artist Qori Yoqubov kuylardi...

Savol: «Milliy Ittihod» tashkilotining katta mablag‘i va oltin jamg‘armasi bo‘lgan. Ular qaerda?

Javob: Bilishimcha, oltinlar Mukamil Burhonovda saqlanardi. Keyinroq Ota Xo‘jayevga o‘tkazildi. Ular kimga tegishli bo‘lganligi va hozir qaerda ekanligini bilmayman...

Savol: Buxorodan chet elga o‘qishga yuborilganlar xususida nimalarni bilasiz?

Javob: 1920 yil oxirida Germaniyaga buxorolik bir guruh yoshlar ta’lim olish, kasb o‘rganish uchun yuborilgan edi. 1922 yilda Kuybishev men va Fayzulla Xo‘jayevdan ularni qaytarishni, Moskvada o‘qitishni talab qildi. Xo‘jayev qat’iy rad javobini berdi. So‘ng Umar Faxriev degan kishini xat bilan Germaniyaga jo‘natdi va u yerda ta’lim olayotgan buxorolik talabalarga «Sovet yeriga qaytmay turing» deb topshiriq berdi.

Savol: Mustafo Seyful-Mulyukov kim?

Javob: U Buxoroning Tiflisdagi savdo vakili bo‘lib ishlardi. Uning turklar bilan aloqasidan xabarim yo‘q. (Muallifdan: taniqli jurnalist Farid Seyful-Mulyukov ajdodlaridan emasmikan?)

Savol: Usmonxon Eshon Xo‘jayev haqida nimalarni bilasiz?

Javob: U Samarqandda 1925 yilda millatchi-trotskiychi guruh rahbari sifatida gumonga olinib, Moskvaga chaqirtirilgan edi. Uni Fayzulla Xo‘jayev juda hurmat qilardi, aqlli odam, derdi. U bilan, menimcha shoir Fitrat yaqin aloqada edi...

* * *

Fayzulla Xo‘jayev 1935 yillardan boshlab o‘zi ustidan Rossiya, davlat xavfsizligi va ichki ishlar komissarligi xufiya xizmati ish olib borayotganini sezgan va odamlarni asrab qolish uchun ko‘p uringan. Bularga dalil qilib ayrim faktlarni keltirish mumkin.

Muinjon Aminov shunday ko‘rgazma beradi: «1935 yilda Fayzulla Xo‘jayev menga S. A. Q. degan shaxsdan ogoh bo‘lish kerak, u NKVD agenti... deb aytdi. So‘ng bir yig‘inda urtoqlariga, vaqtincha Toshkentdan uzoqroq joyga ketinglar. Atrofimda tushunib bo‘lmaydigan ishlar bo‘lyapti, dedi».

Shoir Fitrat: «1936 yil oktyabrida men Fayzulla Xo‘jayevning uyiga kelganimda, u menga: «Kelganingdan xursandman, lekin ogoh bo‘l, men bilan uchrashgan har bir odam ruixatga olinib, qadami kuzatilyapti», deb yozib qoldirgan. Bu kabi dalillar ishda ancha-muncha bor.

1935 yil bahor kunlaridan birida Fayzulla Xo‘jayev xonadonida uning onasi, Ota Xujaev, Sattor Xo‘jayev, Rahmatulla Muzaffarov, Muinjon Aminovlar choy ichib utirishardi. Shunda xayolga cho‘mib o‘tirgan Fayzulla onasiga qarab: «Onajon, Siz meni baxtsiz qilib dunyoga keltirgan ekansiz. Men vatanim, millatim, xalqim uchun jonimni jabborga berib ishlayapman. Lekin... men Rossiya buyrug‘ini qul misoli bajarishdan boshqa hech narsa qilaolmayapman!» deydi. So‘ng uzoq vaqt o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi.

Ota Po‘latovich Xo‘jayev — Fayzulla Xo‘jayevning amakisi Usmon Xo‘jayevning ukasi. Buxoroda amir va uning maslakdoshlari yuritayotgan siyosatdan qattiq norozi bo‘lganlardan biri edi. U Buxoro va uning xalqi, millat uchun jonkuyarlardan bo‘lgan. 1915 yilda Buxoro amiri tomonidan 45 kun zindonda saqlangan. 1917 yilda Buxoro amiri ikkinchi bor uni qamoqqa oldi. Shu sababdan ham amirlikka qarshi «qizil»lar tarafida turib qattiq kurash olib boradi. Amirlik o‘rnida adolatga tayangan demokratik va mustaqil davlat tuzish haqidagi Rossiya aldovlariga laqqa tushganlardan. Inqilobdan so‘ng xatolarini anglab, qattiq qayg‘uradi, «shamoldan qutulib, dovulga duch kelgan»ini tushunib yetadi. Chora axtaradi. Avvaliga Toshkentda tashkil etilgan eser (sotsial revolyutsioner)lar partiyasiga o‘zini uradi. Bu yerda ham ruslar, asosan Rossiya uchun jon kuydirayotganini sezib, u yerdan chiqadi. Umri so‘ngigacha Fayzulla Xo‘jayev yonida, mustaqillik va ozodlik uchun kurashda ishtirok etadi. U «Sho‘royi Islom», «Ittihod va Taraqqiy», «Milliy Ittihod» tashkilotlariga a’zo, faol rahbarlardan biri edi.

NKVD qamoqxonasida tergovchi savollariga bergan javoblari:

Savol: Aksilinqilobiy tashkilotlar tuzib kurashishdan maqsadingiz nima edi?

Javob: Birinchidan, Sovet qizillarining ta’sirini Buxoroga o‘tkazmaslik; sobiq Buxoro davlati o‘rnida Rossiyadan mustaqil davlat tuzish uchun kurash; Rossiyaning davlatimiz ichki ishlariga aralishishi va boyliklarni tashib ketishiga barham berish; o‘z armiyamizni tuzish orqali Buxoro mustaqilligini qo‘riqlash; bu ishlarni amalga oshirish uchun yashirin tashkilot va uning a’zolarini jamlash; Afg‘oniston, Eron, Turkiya bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish; Bosmachi deb ataluvchi guruhlarni siyosiylashtirish, ularning boshini biriktirib, mustaqillik uchun kurashga yoppasiga yo‘naltirish kabi maqsadlar bor edi.»

Anvar posho 1921 yil yozida bir haftacha Buxoroda bo‘lgan. Fayzulla Xo‘jayev va Abduqodir Muhiddinovlarga xatolarini tushuntirib bergan. Bosmachilik harakatini siyosiylashtirish g‘oyasi Anvar poshadan chiqqan. U deyarli hamma nozirlik va davlat idoralarini kezib chiqadi. Rahbariy xodimlar bilan suhbat quradi. Kurash uslubi xususida maslahatlar beradi. Rahmat Rafiq degan kishining uyida mehmon bo‘ladi. So‘ng Sharqiy Buxoro (hozirgi Surxondaryo va Tojikiston) taraflarga yo‘l oladi...

* * *

Fayzulla Xo‘jayev o‘zi ishlab chiqqan dasturda tubandagilar nazarda tutilgan:

«Buxoro mustaqilligi uchun kurashni tashkil qilish va ozod davlatning tashkiliy tizimida, qonunlarga ko‘ra, biror bir shaxsni millatiga, diniga, irqiga ajratmaslik;

Har bir fuqaro erkin, o‘ziga yoqqan kasb va faoliyat bilan bemalol shug‘ullanishi;

Mulk daxlsizligi ta’minlanishi;

Buxoro davlati o‘z milliy armiyasiga ega bo‘lishi va u davlat mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishi;

O‘z davlat byudjeti va xazinasi, pul birligi bo‘lishi;

Yer va Suv mutlaq unga ishlov beruvchilarga tegishli bo‘lishi, dehqon yerning haqiqiy egasi ekanligi;

Amir va uning amaldorlaridan tashqari hamma fuqaro o‘z yeriga ega bo‘lishi;

Diniy maktablar va dindor-ruhoniylarning mutlaq mustaqil va erkin faoliyati ta’minlanishi».

E’tibor qiling, bugungi tanlagan yo‘limiz va dasturimizdan nimasi bilan farq qiladi?

Fayzulla Xo‘jayev Sovet davlatining quloq qilish siyosatini va yer-suv islohotini amalga oshirish dasturini qattiq tanqid qilgan va bu ishlarga doim norozilik bildirib kelgan. (Qarang, tarix ham bu siyosatlarning xato ekanligini tasdiqladi!)

* * *

Mukamil Abduqodirovni go‘sht korxonasi xodimlari «sotadi». Iosif Matkovskiy degan o‘rinbosari hatto eng qabih xabarlarni ham yozib beradi: «Abduqodirov uchiga chiqqan millatchi ekan. U qassobxonada mollar so‘yiladigan joyni ko‘rib, bu yerda cho‘chqa bilan qo‘y-sigir bir yerda so‘yilishini bilgach, bizlarni so‘kdi. Bundan keyin cho‘chqa so‘ysanglar izidan yaxshilab tozalanglar, dezinfektsiya qilinglar, so‘ng boshqa mollarni so‘ysa bo‘ladi yoki alohida-alohida so‘yinglar, dedi. U bunday millatchiligi bilan xodimlar orasida norozilik tug‘dirmoqda...»

Georgiy Nyusser degan kishi: «Uning cho‘chqaga munosabatini Rossiyaga qarshi siyosat deb bilaman», deb yozib beradi.

* * *

Mukamilovni partiya safidan chiqarish va ishdan bo‘shatishda Usmon Yusupov shaxsan ishtirok etadi va uni aybli deb topadi. «Sening harakatlaring — millatchilik, sen sotqin va millatchi Ibod Xo‘jayev (F. Xo‘jayevning ukasi)ga xayrixohsan», deb ayblaydi.

Mukamilov bilan birga o‘sgan kerkilik do‘stlari: «qiziq, konstitutsiyada so‘z erkinligiga yo‘l qo‘yiladi deb yozishibdi-yu, lekin amalda «g‘iq» etsang qamashadi dedi», deb, uni Sovet Konstitutsiyasini haqorat qilganlikda, siyosatga qarshi ish yuritganlikda ayblab yozib berishadi.

Harholda, meni yaratganning o‘zi kechirsin, deyman. Axir «gumon imondan ayiradi» degan gap bor!

* * *

1920 yil yozida Ota Xo‘jayev Qarshi shahar Inqilobiy Qo‘mitasi (revkom) raisi vazifasiga ishga yuboriladi. Kunlarning birida uni Og‘aliq ismli kishining uyiga shoshilinch chaqirib qolishadi: Buxoro Kompartiyasi Markazqo‘mining kotibi Saydulla TursunXo‘jayev kelgan ekan. U yerda Otaxonov degan kishi ham bo‘ladi. Ota Xo‘jayevni ular avval tahorat olishga undashadi. Tozalanib o‘tirgandan so‘ng, ozodlik va mustaqillik yo‘lida kurash olib boruvchi tashkilot tuzilgani haqida xabar qilishadi va unga kirishga roziligini so‘rashadi. Ota Xo‘jayev hech ikkilanmasdan rozi bo‘ladi. Shunda uning oldiga Qur’on va mauzer qo‘yishib qasam ichirishadi. U: «Men ushbu tashkilotga kirar ekanman, unga sodiq xizmat qilaman, bu haqda hech kimga og‘iz ochmayman va sotmayman. Aks holda Qur’on ursin, mauzer o‘qidan o‘lim topay», deydi...

Ota Xo‘jayevning «Milliy Ittihod» tashkilotiga kirishi tafsilotini keltirishimdan maqsad — bu tashkilotga jalb qilingan har bir shaxs uchun shunday yoki shunga o‘xshash qat’iy tartib o‘rnatilganligini anglatishdir.

* * *

Jinoiy ishda buxorolik taniqli mudarris Burhon Alimov oilasida tug‘ilib o‘sgan aka-ukalarga tegishli ma’lumotlar alohida e’tiborga molik.

Mukamil Burhonov, Fayzulla Xo‘jayevga yaqin, hammaslak bo‘lgan. «Milliy Ittihod» tashkilotining xazinachisi vazifasiga F. Xo‘jayevning tavsiyasi bilan tayinlangan. Oltin jamg‘armalari, asosan, unda saqlangan. Maorif Noziri bo‘lgan Fitrat kabi ilg‘or fikrli kishilar davrasidan. Olmoniyada yashovchi Olimjon Idrisiy, millioner Amin Sulaymon, buxorolik yahudiy savdogari Edelman degan shaxslar bilan mustaqillik uchun kurash yo‘lida aloqa qilib turgan.

U — buxorolik 40 nafar yoshni Olmoniyaga o‘qishga yuborishni tashkil qilganlardan. Ularga funt sterling (ingliz puli) yuborib turgan. Unda Fayzulla Xo‘jayev tomonidan taqdim qilingan, chet ellarda daxlsizlikdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat bo‘lgan. 1937 yil 25 oktyabrda mash’um «uchlik» qarori bilan otib o‘ldiriladi.

Muxamar Burhonov. Turkiyaning Istambul, Bursa, Kastamuna shaharlarida yashagan va ta’lim olgan. Mukamilning ukasi. 1921 yilda Buxoroda militsiya Bosh boshqarmasi rahbari, hukumat boshlig‘i kotibi bo‘lgan. Chorjo‘y, Shahrisabz viloyati militsiyasini boshqargan. 1924-25-yillarda Turkiyada istiqomat qilayotgan oilasidan xabar olish uchun bir necha marta u yerga borib, milliy ozodlik harakati fidoyilari Usmon Xo‘jayev va Nosir Hakimovlar bilan uchrashgan. 1937 yil 25 oktyabrda akasi yonida «uchlik» o‘qidan jon beradi.

Masxar Burxonov. Turkiyada ta’lim olgan ziyolilardan. Fayzulla Xo‘jayev bilan 1910 yildan buyon tanish, inqilobdan so‘ng yaqin aloqada bo‘lgan. 1922 yilda Buxoro Maorifi Noziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1932—1933-yillarda Stalinobod (Dushanbe)da, 1933—1936 yillarda Toshkentda yashagan va ishlagan. So‘ng Samarqand shahriga ko‘chib ketib, o‘qituvchilik qilgan, nafaqachi bo‘lgan. Buxoro maorifchilari tuzgan «Nashri maorif» tashkiloti tarkibida faoliyat ko‘rsatgan. 1937 yil 25 oktyabrda ukala-ri va jiyani bilan yelkama-elka turib, shahid bo‘ladi.

Misbax Burhonov. Taqdir bu iqtidorli yigitni ham achchiq savaladi. U 14 yoshda Buxoro amiri tomonidan otasi Muzail bilan birga zindonga tashlanadi. Inqilob paytida orzu-umidli, o‘qishga chanqoq yosh o‘spirin edi. Avval o‘rta maktabda, so‘ng 1928 yilgacha Moskvada ta’lim olgan. Buxoro respublikasi rahbarlari bilan doimo birga bo‘lgan. Jurnalist, yozuvchi edi. Inqilobni to‘g‘ri tushunadi, lekin yuritilayotgan siyosat bilan kelisholmaydi. Milliy ozodlik uchun jonkuyarlik qilaboshlaydi. 1933 yilda Tojikistonda qamoqqa olinadi. Shu bilan yorug‘lik ko‘rmay, 1937 yil 25 oktyabrda amakivachchalari yonida o‘limga ro‘baro‘ bo‘ldi...

Uning hujjat-qog‘ozlari orasida, bir varaqda fors mutafakkiri Buzurgmehrning quyidagi so‘zlari ko‘chirib yozib qo‘yilgan ekan:

Hammasi — taqdirdan, taqdir o‘yinidan hech kim, hech qachon qochib qutula olmagan.

Bu iztiroblarni sabr-bardosh bilan yengishdan o‘zga chora — yo‘l yo‘q.

Shukur qil, axir bundan ham battar ahvolga tushishing mumkin edi-ku!

Balkim ozodlik daqiqalari yaqinlashib kelayotgandir-u, sen bundan bexabar o‘tirgandirsan?..

Qamoqxona tuynugiga termulib turib, bu so‘zlarni necha bor shivirlagan ekan uning lablari...

* * *

Men hech qanday yangi gap aytayotganim yo‘q. Bular ilmiy izlanishlar ham emas. 20—30-yillarda jamiyatimiz hayoti yea odamlari xatti-harakatiga siyosiy baho berish fikridan ham yiroqman. Men faqat sir saqlab kelingan ayrim tarixiy ma’lumotlar bilan mavjudlarini to‘ldirmoqchi edim.

Masalan, buxorolik tarixchi olim Rajab Qilichev «Bizlar bosmachilar emasmiz...» maqolasida («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1992 yil 21 fevral) Buxoro amirligining ag‘darilishi, Qizil qo‘shinlarning kiritilishi va Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida bu hududdagi siyosiy ahvol, ozodlik va mustaqillik uchun harakatlarga birmuncha yaqin yondashadi. Qizil Rossiyaning makkorona harakatlarini fosh qiladi. «Bosmachilik» deb nomlangan xalq harakatiga o‘zining to‘g‘ri munosabatini bildiradi, dalillar bilan isbotlaydi.

Buxoroning «ozod qilinishi» tafsilotlarini R. Qilichev tubandagicha yakunlaydi: «1) Buxoro amirligi hukmronligi o‘rnini egallagan BXShJ o‘zining mustaqil davlat sifatida shakllanishini tugatdi. Chunki Moskva uchun juda katta tabiiy boyliklarga ega bo‘lgan o‘lkani qo‘ldan chiqarish foydali emas edi. Shuning uchun ham ular bu o‘lkaga markazdan ko‘plab harbiy kuchlarni tashladilar, qurollarning barcha turlaridan vahshiylarcha foydalandilar. 2) Vatanning asl farzandlari qirg‘in qilindi, qishloqlar, shaharlar vayron qilindi. Aholining to‘qson foizi dehqonlar bo‘lgan o‘lkada dehqonchilik va suv xo‘jaligiga katta zarar keltirildi. 3) Buxoroning o‘n minglab aholisi o‘z ona yurtini tashlab boshqa mamlakatlar (Xitoy, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni)ga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. 4) Buxoroning milliy boyliklari talanib, markazga olib ketildi, amir xazinasida bo‘lgan o‘ttiz besh million so‘mlik oltin va kumush quymalar xalqdan yashirincha o‘g‘irlab ketildi. Yer osti va usti boyliklarini talash sistemasi ishlab chiqilib, bu sistama Sho‘ro Imperiyasining yemirilishiga qadar beto‘xtov va xatosiz ishlab turdi».

Bu fikrlar bilan yuz foiz kelishish to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin muallifning «ota-bobolarimiz olib borgan milliy mustaqillik va ozodlik harakatiga qarshi kurash oxir-oqibatda mana shular bilan tugadi», deb xulosa qilishi salgina noo‘rinroq tuyuldi nazarimda. Menimcha, yuqoridagi faktlar — aldov, firib, riyokorlik bilan ozodlik, inqilob shiori ostida jahon jamoatchiligining ko‘zini shamg‘alat qilib, g‘arazgo‘ylik bilan Buxoroni bosib olishning natijalari edi.

Bu esa «ota-bobolarimiz olib borgan ozodlik harakati va ularga qarshi kurash... tugadi», deyishga asos bo‘lmaydi. Bu kurash hech qachon tugagan emas. U bir kun ham so‘ngan emas. Kurash hozir ham davom etmoqda. Sotqin, g‘oyasiz, vatan va millatini unutganlar bundan istisno, albatta. Chunki «beayb — parvardigor», «sholi kurmaksiz bo‘lmaydi» deganlaridek, oramizdan xiyonatkorlar chiqib turgan. Mustaqillik uchun kurashchilar ham, ularga qarshi kurashuvchilar ham hamisha bor edilar. Yaqinginada respublikamizda «aziz mehmon» bo‘lganlar, Gdlyan — Ivanov guruhlari va ularga qo‘shilib xalqimizni «tepkilagan» o‘z qo‘ynimizdagi gazandalar bunga dalil emasmi? Farg‘ona, O‘sh, Parkent va boshqa joylarda og‘a-inilar orasiga nifoq tushurib, odamlarimiz qoniga zavol bo‘lgan Qizil Moskva «askar»larining fitnalari va ularga qarshilik ko‘rsatish harakatlari — o‘sha kurashlarning davomi emasmi? Markaz matbuotining qator xurujlari-chi?

Yoki, misol tariqasida, kuni-kechagi chiqishlardan faqat bittasiga to‘xtalib o‘tishning o‘zi kifoya: toshkentlik yuridik fanlari doktori B. Merenskiyning «Inson huquqlarining «himoyachilari» nima uchun jonbozlik qilmoqdalar?» maqolasi respublikamizdagi «Xalq va demokratiya» oynomasining 1992 yil fevral sonida bosilib chiqdi. Bu «asar» bilan tanishar ekanman, miyamga birinchi kelgan fikr shu bo‘ldi: «Boris Merenskiy o‘zining qaysi davr va qaysi siyosat olimi ekanligini yaqqol bayon etibdi!» Chunki janob Merenskiyning O‘zbekiston mustaqilligini hazm qilolmay juda qiynalganligi ko‘rinib turardi.

U millatlararo munosabat mavzusiga qo‘l urib, uning turg‘unlik davridan meros bo‘lib o‘tgan muammo ekanligini va yetarlicha ma’lumligini, bu muammoni hadeb tahlil qilaverish katta xato ekanligini yozadi. Bu bilan muallif, o‘zini issiq bag‘riga olib, fanlar doktori darajasiga yetkazgan o‘lkaning tarixidan, tarixiy jarayonlaridan mutlaqo yiroq ekanligini namoyish qiladi. Aks holda u, O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekistonda ming yillar davomida o‘zbek, tojik, eroniy, turk, qozoq, mo‘g‘ul, arab, uyg‘ur, qirg‘iz, afg‘on, hind, yahudiy va boshqa elu elatlar yashab kelganidan, ular orasida hech qachon milliy ixtiloflar kelib chiqmaganligidan ogoh bo‘lardi. O‘zbek xalqi imperiya bosqini, qizillar hukmronligi davrlarida ham, hozir ham hech kimni millatiga ajratib olomon — toshbo‘ron qilgan emas. Aksincha, o‘zi yemasa ham — mehmonga yedirgan, kiymasa ham — kiydirgan, siqilishib joy bergan. Faqat bir narsani — o‘z yeri, tuprog‘i, xalqi, ruhi ustidan o‘zgalar hukmron bo‘lishini xohlamagan, o‘zgalarning «Onangdan tonasan» qabilidagi siyosatini hazm qilolmagan, qorishib o‘zligini yo‘qotishdan qo‘rqqan.

B. Merenskiy aytmoqchi bo‘lgan «millatlararo munosabatlar muammosi»ni esa zulukka aylangan imperiya vakillari, o‘zgalar hisobidan tarallabedod yashashga o‘rganib qolganlar va ular chalgan nog‘oraga yo‘rg‘alashdan bahra oladiganlar o‘ylab topmoqdalar. Farg‘ona, O‘sh, Parkent, shuningdek, Boltiqbo‘yi va Kavkazorti hududlaridagi millatlararo janjallarning maxsus ishlangan «sahna asari» ekanligi allaqachon jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Buni juda nari borsa, sodda, go‘l odamgina bilmasligi mumkin, lekin, yuridik fanlari doktori bundan bexabar bo‘lsa... «E. Yusupov va G. Hidoyatovlar rusiyzabon aholini tub yerli aholiga to‘liq bo‘ysundirishni yoqladilar, tashabbuslar o‘z tarkibiga ko‘ra bir xil bo‘lmagan milliy uyushmalar qo‘liga o‘ta boshladi, ular joylardagi davlat organlariga tazyiq o‘tkazish bilan shug‘ullandilar», degan tuhmatnamo fikrlar bildirishi — Merenskiyning huquqshunos olim emas, balkim ig‘vogar ekanligidan guvohlik beradi.

B. Merenskiy Olmaota deklaratsiyasini imzolagan davlatlarda «millatning ham, dinning ham ahamiyati bo‘lmaydi», degan fikrni olg‘a suribdi. Yopiray, nahotki mustaqil davlatlar bosh qo‘shgan anjumanda yoki uning yakuniy hujjatida millat va dinning ahamiyati muhokama qilingan bo‘lsa? Axir millatning ahamiyatini har millat, dinning ahamiyatini unga e’tiqod qiluvchilar mutlaq o‘zgacha va o‘z o‘rnida baholashadi-ku!

«Olim»ning davlat tili xususidagi alahsirashlari, rus tilini umumdavlat tili sifatida qabul qilishning afzalligi haqidagi lo‘ttibozligi, rusiyzabon xodimlar O‘zbekistonni boshqarishdan siqib chiqarilayotganligini va oqibatda ular ko‘chib ketayotganliklari haqidagi fikrlari ham hali mustaqilligimizga qarshi kuchlar mavjudligiga yaqqol dalildir.

Turkiy xalqlar yashaydigan respublikalarning yaqinlashishga, hamjihatlikka tomon harakatlari, islom partiyasini chigallashtirishga urinishlardan u juda qo‘rqib ketgan ko‘rinadi.

Davlatimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun Prezidentimizdan tortib har bir aqli-hushi joyida ahli fuqaro jon kuyidarayotgan bir paytda, Merinskiyning nuqtai nazarini ommalashtirishdan nashrning maqsadi nima ekan?

Merenskiy o‘zicha, bir jafokash o‘zbek farzandi — Boymirza Hayit shaxsiga baho berishga urinadi. Hatto O‘zbekistonni «uning sobiq vatani» deb ataydi. Boymirza Hayit butun umrini fashistlar Germaniyasi ravnaqi yo‘liga emas, o‘zbek yurti Turkiston elining ozodligi, mustaqilligiga bag‘ishladi. Unga Gitler emas, O‘zbekistonni tutib turgan qullik zanjirlarining parchalanishi kerak edi. Qolaversa, u fashizm siyosatini qo‘llagan emas, qo‘lini qonga botirib, fashistlarga qo‘shilib yahudiylarni otgan ham emas!

Merenskiy o‘z maqolasida yana shunday debdi: «Jinoyat kodeksining 64-moddasi respublikamizda qariyb o‘ttiz yil davomida qo‘llanilmagan. Ko‘plar hozir ham tub yerli aholiga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar berish bobida milliy siyosatni ro‘yobga chiqarishni, jinoyat tarkibi sifatida ko‘zda tutilgan shunday xatti-harakatlardan farqlay olmay boshlari garang». Ko‘ryapsizmi, huquq doktori yana yerli xalqning qatag‘on qilinishini istab qolibdi!

Nahotki xalq o‘z tarixiy vatanini o‘zi boshqarib, o‘z tilida so‘zlashishni maqsad qilgani jinoyat bo‘lsa, janob Merenskiy? Yoki elning, millatning o‘zligini anglagani, o‘z yeriga, boyligiga egaligi, ona tilini tiklashi — imtiyoz deb tushunilsa? Bu uning haqqi-ku, axir!

Xullas, muallif sobiq KPSS va KGBning imperiyani saqlab qolish yo‘lida millatlar o‘rtasiga qutqu solish uslubini tanlaydi, hatto mashhur Jirinovskiy, shovinizm ilinjida yurgan sobiq «markaz»chilar, markaziy matbuot organlarining «muqbil toshotar»lari darajasiga chiqadi.

Merenskiyga o‘xshaganlardan, respublikamizning mustaqilligi, ravnaqi, millatlarning tinch-totuv yashashi uchun foyda yo‘q. Hech bo‘lmasa zarari tegmay tursa ma’qul bo‘larmidi?

Xullas, hali kurash to‘xtagan emas...

* * *

Buxorolik oddiy ishchi oilasidan chiqqan Halimjon Karimov 30 yoshida — 1932 yilda qamoqqa olinadi va 10 yil muddatga kontslagerga tashlanadi. 1937 yilda uni jazo o‘tayotgan joyidan Toshkent turmasiga qaytarib kelib, so‘roq qilishadi.

«Savol: Buxoroda Sovetlarga qarshi bo‘lgan qanday harakatlar sizga ma’lum?

Javob: 1920 yildan boshlab, Buxoro davlat mustaqilligi uchun kurashuvchi milliy tashkilot tuzilgan edi. Uning faollaridan Muin Aminov, Fitrat, Ota Xo‘jayev, Ibod Xujaev, Sattor Xo‘jayev, Qoriyo‘ldosh Po‘latov, Rahmat Rafiq, Xolbotirov, Masxar Burhonov, artist Qori Yoqubov, Mukamil Burhonov, Xidir Aliev, Hamro Xo‘jayev, Najab Qurbonov, Yusufzoda, Ismoil Sharipov va boshqalarni bilardim. Xivalik Otajonov, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona vodiysidan vakillar kelib turardi...»

E’tibor qiling, Karimov «Sovetlarga qarshi» degan savolga «mustaqillik uchun kurash» so‘zi bilan javob berayotir. Buxoroga Qizil Armiya kirganidan boshlab yuqoridagi shaxslarning birlashishi — kurash birinchi kunlardayoq boshlanganidan dalolat beradi. Demak, Buxoro xalqi, bizga o‘qitib kelinganidek, «Rossiya inqilobini, Qizil Armiya va Sovet hokimiyatini olqishlar bilan kutib...» olmagan!

1936 yil 6 sentyabrdan boshlab Najab Qurbonovning uyida Tosh Rahmatullaev, Ismoil Sharipov, Jo‘ra Mo‘minov, Shukrullo Oqsoqol, Shavkat Sulaymonov, Ahmad Alimov va boshqalar to‘planishadi. Yig‘ilishda suhbat quyidagicha yakunlanadi: «Moskva Buxoroning jami boyligini egalladi. Oltinimiz, paxtamiz, qorako‘l terilar tashib ketilmoqda. O‘zlarida katta sanoat korxonalari, zavod-fabrikalar qurib, mamlakatini boyityapti. Biz esa ahmoq bo‘lib, ularga qo‘shilib amirni ag‘dardik, endi barmog‘imizni... tiqib o‘tiribmiz. Biror harakat qilib bo‘lmasa...»

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu fikr bildirganlar mutlaqo boshqa guruh odamlari. Demak, mustaqillik, vatan erki haqida bunday fikrlovchilar aholining turli qatlamlarida mavjud bo‘lgan.

Fikrning o‘ziga kelsak — u hech qanday tahlil, izoh talab qilmaydi. Ular rus xalqidan ham, Sovet hokimiyatidan ham norozi bo‘lmagan. Balki Sovet hokimiyati nomidan yuritilayotgan talonchilik va istilochilik siyosatidan noroziliklari bilinib turibdi. Shunday holda bu bechoralar «xalq dushmani» tamg‘asi bilan otib yuborilgan. Hech kim: «bular qaysi xalqning dushmani?» deb so‘rab ham o‘tirmagan...

Hujjatlar orasida Qozi Said Eshon Xo‘jayevning 1937 yil 27 iyunda bergan ko‘rgazmasida e’tiborga molik ma’lumotlar mavjud. O‘zining aytishicha, 1910-yillarda U Turkiyada ta’lim olgan. Bu yerda jamiki turkiy xalqlarni yagona davlat ostida birlashtirishni maqsad qilib qo‘ygan «Turon» tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan. Uning tarkibida Turkistondan, jumladan Buxorodan juda ko‘p shaxslar bo‘lgan. (Qiziq, hozir o‘sha tashkilot faoliyatiga oid hujjatlar saqlanib qolganmikan?) 1918 yilda Buxoro amiri qabuliga turk ofitseri Kozimbek va hindistonlik Mavlavi Barakatullo keladi. Ular Turkiyaning jami musulmon davlatlarining birlashishi haqidagi taklifini olib kelishadi. Lekin amir ularni qabul qilmaydi. So‘ng ular Xivaga ham borishadi. Turkman Junaidxon bilan uchrashishga urinishadi. U yerda ham qabul qilinmaydilar...

Qozi Said «Milliy Ittihod» tashkilotining faol a’zolaridan biri sifatida yozuvchi Sadriddin Ayniyni tilga oladi.

So‘roq oxirida o‘zini yomon sezib, yiqilib tushadi...

* * *

1936 yil boshlarida Toshkentda Fayzulla Xo‘jayevning ukasi Ibod Xo‘jayev o‘zini otib o‘ldiradi. Marhumning tanasini Masxar Burhonov yuvadi. Fayzulla Xo‘jayev bu fojiadan qattiq iztirob chekadi. Fitratning yelkasiga osilib yig‘laydi va atrofidagilarga: «Bu odam bizning kadrlarga boshdir. Uni seving va hurmat qiling. Bunday shaxslar hamma vaqt ham tug‘ilavermaydi!..» deydi.

Ish hujjatlari orasida Fitratga tegishli yana bir ma’lumot bo‘lib, unda 1934 yilda «O‘zbekkino» trestining direktori Muxtor Saidjonov Fitratga: «amir davri, jadidlar haqida haqqoniy asar yozib ber, biz o‘sha davrni hozirgi xarob ahvolimiz bilan solishtirib hujjatli kino yarataylik», degani aytiladi.

Fitrat Buxoro inqilobiga atab «To‘lqin» nomli pesa yozadi. Lekin bu pesa, Fayzulla Xo‘jayev va boshqalarning ming urinishlariga qaramasdan yorug‘lik yuzini ko‘rmay, San’at Bosh boshqarmasi sandiqlarida qolib ketadi. (Bu pesaning taqdiri ijod olami xodimlariga, ziyolilarga ma’lummi-yo‘qmi, bilmayman — F. Q.)

* * *

Fayzulla Xo‘jayev so‘rog‘idan parcha:

«1930 yilda O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Tatariston va Boshqirdiston milliy ozodlik harakatlari rahbarlari qatnashuvida panturkchi tashkilot tuzildi. Uni Risqulov boshqarar edi. Tarkibida men, Purmakov, Xo‘janov, Abdurahmonov, Xoliqov, Tojikistondan Qosim Qoriev, Sa’di Muhammadiev, Vosiq Muhammadiev (yozuvchilar), Hamidxonov («Chirchikstroy» boshlig‘i), Ali Rasulov (Toshkent banki bo‘limidan), Hanif Turnashev, Muslim Shermuhamedov, Abdulhay Tojiev, Qozog‘istondan Tursun Xo‘jayev, Qushbegieva, O‘zbekiston rahbarlaridan Akbar Islomov, Rustam Islomov va boshqalar bor edi...»

Shu yillarda Afg‘onistonda tashkil etilgan «Baroi din» («Din yo‘lida») deb nomlangan tashkilotning Buxoro bo‘limi ham milliy va e’tiqod ozodligi uchun fasug ishlab turgan. Uning a’zolari ham Qizil Rossiya agentlari tomonidan qo‘lga olinib, shafqatsizlarcha yo‘q qilib yuborilganlar.

* * *

Qizil Rossiya gumashtalari tomonidan milliy ozodlik, mustaqillik harakatlarining «O‘zbekistonni SSSRdan ajratib, mustaqil demokratik davlat tuzishga intilgan»liklari tan olingan holda, ularga «bosmachi», «aksilinqilobchi», «avantyurist», «xalq dushmani» tamg‘alari bosilib, ming-minglab a’zolari sudsiz otib tashlangan.

Masalan, sudsiz, faqat «uchlik»ning 1937 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan Muinjon Aminov, Ota Xo‘jayev, Muxtor Saidjonov, Sattor Xo‘jayev, Musa Saidjonov, Yoqubzoda, Abdurashid Mukamilov, Rahmatulla Muzaffarov, Hamro Xo‘jayev, Ahmadjon Abdusaidov, Porso Xo‘jayev, Abdulla Abdullaev, Abdurahim Yusufzoda va 4 nafar Burhonovlar otib o‘ldirishga hukm qilinganlar. Hukm 25 sentyabr kuni ijro etilgan. Ota — farzandining taqdiridan, xotin — erining, aka — ukasining o‘limidan bexabar, o‘mid bilan yo‘llariga ko‘z tikib yuravergan...

Bu ishdagi ayrim hujjatlarni ko‘rib, yuraging ezilib ketadi, beixtiyor mushting tugiladi, ko‘zlaringga yosh keladi.

1937 yil 25 sentyabrda otib o‘ldirilgan Naimjon Yoqubzodaning nogiron volidasi Orzibibi 1939 yil 10 fevralda ko‘zyoshlari tomgan daftar varag‘iga ariza bitib, hukumat idoralariga yo‘llaydi: «Yolg‘iz farzandim qamalganida yupun edi. Sog‘lig‘i yaxshi emasdi. Balkim kasali xuruj qilgandir? Sovuq qotayotgan emasmikan? Ozroq doridarmon bilan kiyim olib borsam, o‘g‘limga bersangizlar. U qaerda o‘zi?»

Bu dardni farzandi borlar yaxshi tushunadi. Bolasini yuragi tagida 9 oy ko‘targan, bir parcha go‘shtni asrab-avaylab, bag‘ri taftida o‘stirgan ona biladi. Yolg‘iz o‘g‘li qamoqqa olib ketilib, uning qaytishini kutib o‘tirgan bag‘ri qon, nogiron onani ko‘z oldingizga keltiring. Bechora, so‘nggi nafasigacha eshikka qarab, ilhaq bo‘lib o‘tirib, ochiq ko‘z bilan dunyodan ketgandir?..

Otib yuborilgan Mukamilovning xotini 1939 yil oktyabrda yozadi: «Erim qamalgandan so‘ng, 5 nafar go‘dak bilan ko‘chada qoldim. Bolalarim och, ustlari yupun, xor bo‘lib qoldi. Biz chidayapmiz va panohimizni kutayapmiz. Darak beringlar, qaerda farzandlarimning otasi?..»

Bu arizalar o‘sha paytda O‘zbekiston prokuraturasini boshqargan Silnichenko, Yarashenko kabi xalq dardidan yiroq kishilar qo‘lida ko‘rilmasdan qolib ketadi.

«Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» shiori ostida ish yuritgan Moskva «insonparvarlari», qamalgan odami bo‘lgan onalarni, qari, yosh, kasal, go‘dak demasdan, deyarli yalang‘och holda ko‘chaga haydaganlar va muttasil ta’qib etaverganlar. Masalan, Muinjon Aminov qamoqqa olib ketilgach, uning uyiga «bo‘kiradigan» mashinalarda kelishadi-da, uydagi bor-budini ro‘yxat qilib, olib chiqib ketishadi, Ro‘yxatda bo‘yalgan, eski simto‘rli temir karavot, bir oyog‘i siniq bolalar taburetkasi, kiyilgan 3 ta chopon, 13 ta ayollar ichko‘ylagi, bolalar o‘yinchog‘i (ot), 5 ta foydalanilgan dasturxon, yostiq, qoplama choyshab, bolalar ishtonchalari, telpakchalari, poyafzali, qiz bola ko‘ylakchasi, bolalar kalishlari, eski, kiyilgan paltolarigacha yozilgan.

So‘ng oila ko‘chaga haydab chiqarilgan...

1956 yil Moskvada Bosh prokuror R. Rudenko va Oliy Kengash Rayosati raisi K. Voroshilov nomiga Turkmanistonning Kerki shahridan M. Mukamilova xat yo‘llaydi:

«Erim Abdurashid Mukamilov 1901 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 16 yoshidan qo‘liga qurol olib inqilob uchun kurashganlardan edi. 20-yillarda men to‘rt yillab handaq-sandiqlarda partizanning xotini sifatida yashirinib yashadim. Faqat 1924 yildan sal-pal odamga o‘xshab yashay boshladik. Erimga Mehnat Qizil Bayroq, Hurmat belgisi ordenlari berildi. Bor-yo‘g‘i 11 yil birga hayot kechirdik. Shu davrda 5 ta bola ko‘rdik. Kattasi 11 yoshda, kichigi yoshiga ham to‘lmagan paytda erim qamaldi. Bor-budimizni tortib olishib, bilan ko‘chaga haydashdi. So‘ng ham hech qaerga sig‘madik. Ko‘rgan azoblarimizning adog‘i yo‘q. Shu ahvolda Toshkentdan Kerkiga kelib qoldik. 70 yashar kasal onam ham biz bilan birga ko‘p xorliklarga duch keldi. Ikki bolam ochlikdan o‘lib ketdi. Qolganlari savodsiz o‘sdi — maktabga olmadilar. Bolalarimning otasini izlayapmiz. Tirikmi, qaerda u, qachon keladi? Xabar bering, boshqa hech qaerdan javob ololmadik...»

Ko‘ryapsizmi, o‘z qo‘llari bilan otib o‘ldirgan odamlarning yaqinlariga, qarindoshlariga. «Eringiz yozishma man qilingan joyda jazo o‘tayapti», «kasal bo‘lib o‘ldi» va hokazo yolg‘onlar aytib, haqiqiy ahvolni 20 yillab sir saqlashgan... Bundan ma’no nima. Sabab-chi? Sababi menimcha, aybsiz odamlarni nohaq o‘ldirib yuborganliklari ochilib qolishidan qo‘rquv! Shundan boshqa narsa emas!

Samarqandlik M. Xo‘jayeva 1937 yilda otib yuborilgan eri Hamro Xo‘jayevni 20 iildan ortiq izlagan, 2 ta go‘dakni yetaklab yurib, kirmagan eshigi, sarg‘aymagan idorasi qolmagan.

Vaholanki, ular izlagan odamlar bor-yo‘g‘i ona yurtning mustamlaka bo‘lib qolishidan norozi edilar, Mustaqillik istardilar!

* * *

Munavvar Qori Abdurashitov, Fayzulla Xo‘jayev, Salim Tillaxonov va boshqalarning suddagi ko‘rsatmalarini o‘rgansangiz, bunga amin bo‘lasiz.

Munavvar Qori: «1920 yilda Buxoro inqilobini nishonlash uchun Buxoroga bordik. Turkkomissar vakili Safarov bilan bu yerdagi machit-madrasalarda ruslar ot bog‘lab qo‘yganining, beboshliklar qilganining guvohi bo‘ldik. Safarov ularni tartibga chaqirishga urindi. Lekin sal o‘tmay, rus komandirlaridan Safarovni millatchilik va aksilinqilobiy harakatda ayblab imzolagan xatlar tushdi. Oqibatda...»

Fitrat Munavvar Qorini quchoqlab yig‘laydi: «Biz bunday inqilobni xohlamagan edik. Biz faqat amirni ag‘darib adolatli jamiyat barpo qilmoqchi edik...»

Yuzlab xat, arznomalardan so‘ng 1957 yilda ishlar qayta o‘rganib chiqiladi. Lekin adolatsizlik bulganligi yana yashirin qolib ketadi. Qarindoshlariga tubandagi kabi yolg‘on xabar junatiladi: «Saidjonov 1937 yilda 10 yilga mehnat-ahloq tuzatish lageriga yuborilib, jigar kasalidan o‘lgan...»

* * *

Yana yillar o‘tadi.

Nihoyat begunoh odamlar nomi to‘la oqlanadi...

Lekin o‘lganlar hech qachon tirilmaydilar. Xazon bo‘lgan umrlar ko‘karmaydi. Bir umr azob chekkan onalarga, ota mehrini ko‘rmay o‘tgan bolalarga hech narsani qaytarib bulmaidi. Faqat bu jabrdiydalarga biz bugun hamdardlik bildirishimiz mumkin, xolos. Qarzi duolarimiznn ham darig‘ tutmay:

«Iloyim, mustaqillik yo‘lida hayotdan erta ketganlarning oxirati obod bo‘lsin dard chekkanlarning keyingi avlodi tashvish tortmasin!» deymiz...

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.