RASHID AFANDI
Vengriyalik Armin Vamberining darvish qiyofasida Rashid afandi, Rashid hoji nomlari bilan bizniig yurtimiz bo‘ylab qilgan safariga 125 yil to‘ldi.
Mana, o‘tgan 125 yildan beri mojaristonlik bu sayyohning nomi jahon xalqlari entsiklopediya, qomuslaridan tushmaydi, uning yozib qoldirgan kitoblari hanuz yevropaliklar tomonidan qiziqib o‘qiladi, o‘rganiladi. Uning o‘zi haqida o‘nlab kitoblar yozilgan, filmlar qo‘yilgan. Buning boisi nimada? Armin Vamberi kim bo‘lgan?
Armin Vamberi 1832 yilning 19 mart kuni Dunaya orollaridan biriga joylashgan kichik venger shahri Duna Sherdaxelida yahudiy oilasida tug‘ilgan. 12 yoshgacha qishloq maktabida o‘qiydi, so‘ng Avliyo Georgiy gimnaziyasiga kiradi. 16 yoshida u mojor, lotin tillaridan tashqari, frantsuz, nemis, ingliz hamda skandinaviya tillarini yaxshi bilgan, rus va boshqa slavyan tillaridan xabari bo‘lgan. Ota-onasi erta vafot etganligi sababli, u yoshligidan mehnatdan qochmadi.
Til o‘rganishga qiziqish Vamberida erta boshlangan, G'arb va Sharq tillarini o‘rganish uning uchun bir orzu bo‘lgan. Vamberining ikkinchi yana bir orzusi bor edi - u venger tilining kelib chiqishiki, uning Sharq tillari bilan aloqasini aniqlamoqchi edi.
O'sha vaqtlari va undan keyin ham, bir qancha olimlar venger (mojor) urug‘i O'rta Osiyodan yoki Boshqird tekisligidan ko‘chib kelgan degan taxminni olg‘a surishgan. A. Vamberi yoshligidan bu jumboqqa javob axtarib, O'rta Osiyoni ko‘rib qaytganidan so‘ng, unga javob topgandek bo‘ladi. U yozadi: Biz Osiyoda turg‘un bo‘lib qolib ketgan urug‘larimizni qidiryapmiz, degan fikr xatodir... Biz o‘z tilimizning etimologik tuzilishini aniqlashga harakat qilamiz, aniq ma'lumot olish uchun qardosh shevalarga murojaat etamiz (O'rta Osiyo bo‘ylab sayohat, SPb., 1865, 1-bet).
Ma'lumki, venger tili oltoy tillari oilasiga kiradi. A. Vamberining orzui venger tilini oltoy tillari oilasining fin-ugor guruhlarigami yoki turkiy tillar guruhiga kirishini aniqlash edi. Shu maqsadda, ma'lumotli bo‘lganidan so‘ng, u 1852 yili Osiyo mamlakatlaridan eng yaqini Turkiyaga yo‘l oladi. U o‘sha yillari Konstantinopol deb nomlangan Istanbulga ko‘chib o‘tib, o‘ziga to‘q turk oilalarida g‘arb tillari, asosan frantsuz tilidan dars bera boshlaydi. Avval Posha Husayn Doim xonadonida, so‘ngra do‘sti va maslahatchisi Mulla Ahmad afandi ta'sirida deyarli usmonli turk qiyofasiga kiradi hamda Fuod posha idorasiga ishga o‘tadi. «Bir necha yil turk xonadonlarida bo‘lishim, islom maktablariga va kitob do‘konlariga qatnab yurishim», deb eslaydi A. Vamberi, «meni tezda turkka, hatto afandiga aylantirib qo‘ydi». Istanbulda A. Vamberi turk tili, eski o‘zbek tilidan tashqari, arab, fors tillarini qunt bilan o‘rganadi, islom dini qonun-qoidalari bilan mukammal tanishadi va natijada, islom dinidan olgan bilimi bir mullaning bilimidan ortiq bo‘ladi. Bularning ustiga 1858 yili Nemischa-turkcha lug‘at (taxminan 14 ming so‘zli), 1860 yili esa Chig‘atoycha (eski o‘zbekcha) - nemischa lug‘at (taxminan 40 ming so‘zli) tuzib, Istanbuldagi nashriyotlarda chop ettiradi.
A. Vamberining bu ishlari O'rta Osiyoga rejalashtirayotgan sayohatining boshlang‘ich bosqichi edi.
Tillarni o‘rganishdagi mening muvaffaqiyatlarim, deb xotirlaydi u, Sharq bo‘ylab sayohatni davom ettirishim uchun meni ruhlantirdi. Men O'rta Osiyo bo‘ylab sayohat qilishga bel bog‘lar ekanman, afandi qiyofasini saqlab qolishni va Sharqqa shu mamlakatlarning tabiiy fuqarosi sifatida kirib borishni to‘g‘ri deb hisobladim.
O'z rejasini amalga oshirish maqsadida A. Vamberi 1863 yilning boshida Tehronga keladi. Eron poytaxtidagi Turkiya elchixonasi boshlig‘i uni yaxshi qabul qiladi va O'rta Osiyoga darvish qiyofasida amalga oshiriladi sayohat rejalarini ishlab chiqa boshlaydilar. Bu reja bo‘yicha, A. Vamberi Makkadan kelayotgan hojilar karvoni bilan O'rta Osiyoga kirib borishi lozpm edi. Armin Vamberining ism-sharifi o‘zgartiriladi, endi u Rashid afandi nomi bilan yashashga majbur edi. Keyinchalik karvondagilar uni Rashid hoji deb ham ataydilar.
27 mart kuni Turkiyaning Tehrondagi elchisi Rashid afandining O'rta Osiyo bo‘ylab safari oldidan katta ziyofat beradi...
1863 yilning 28 mart kuni Makkadan qaytayotganlar bilan birga kechqurun Rashid afandi darvish qiyofasida hali bizga noma'lum ming xil xayollar, ming xil rejalar bilan yurtimiz tomon kela boshlaydi.
VAMBERI O'ZBEKLAR YURTIDA
1863 yil 29 may kuni A. Vamberi qo‘shilib olgan karvon Xeva xonligi tuprog‘iga qadam qo‘yadi. 30 may kuni Xeva yaqinidagi qishloqda dam olishadi. A. Vamberi: 30 may kuni biz o‘zbek qishlog‘iga kirib keldik. Bu qishloq aholisi men ko‘rgan birinchi o‘zbeklar edi; «ular juda ham ajoyib inson ekanlar», - deb yozadi daftariga (63-bet).
Xevani ko‘rgan Vamberi hayratda qoladi. «Men avval Xevaning shunchalik chiroyliligini sahro bilan qiyosdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edim. Yo‘q, yo‘q! Xevaning atrofidagi baland teraklar, soya tashlab turgan kichik hovlilar (asl nusxada ham xavli so‘zini ishlatadi - X. I.), ko‘m-ko‘k yaylovlar va to‘kin-sochin dalalar hozir ham, - Yevropaning g‘oyat go‘zal yerlarini ko‘rganimdan keyin ham, - men uchun eng chiroyli bo‘lib tuyulyapti» (64-bet).
Amudaryoning suvi haqida biz ko‘p rivoyat va haqiqatlarni eshitganmiz. A. Vamberining yozganlari haqiqiy dalillarga qo‘shilgan bir dalildir: «Dunyoda bunga o‘xshash boshqa daryo yo‘q, muborak Nil daryosi ham bunday emas deyishardi. Men bo‘lsam, bu daryo suvining totliligi suvsiz cho‘ldan chiqib, uning qirg‘oqlarida orom olish natijasida bo‘rttirib aytilgan gap bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Biroq keyinchalik buning xatoligiga ishondim. Aminmanki, men bilgan daryolar ichida suvi eng shirini, bu - Amudaryo suvidir» (78-bet), deb guvohlik beradi mojor sayyohi.
A. Vamberining yozishicha, «Xevaning tuprog‘i boy, u bug‘doy, sholi, ipak, paxta qog‘ozi, sifatli qizil bo‘yoq olinadigan ro‘yon nomli ildizi bilan shuhrat qozongan. Xevaning mevalari shunday yaxshiki, unga teng keladigan mevalarni Eron va Turkiyadangina emas, balki Yevropaning o‘zidan ham topib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Hazorasp olmalari, Xevaning nok va anorlari tengi yo‘q, ajabtovur qovunlari juda ham yaxshi. Uning qovunlari Pekingacha ma'lum. Aytishlaricha, Osmon saltanatining sultoni vaqti-vaqti bilan Urganch qovunlarini xushlab qolar ekan. Bu qovunlar Rossiyada ham yuqori bahoda sotiladi. Bir arava qishki qovunga bir arava shakar to‘lashadi» (170-bet).
Yana boshqa bir kitob - O'rta Osiyo ocherklarida A. Vamberi Xeva qovunlari xususida to‘xtalib, ularni yuqori baholaydi: «Xeva qovunlariga o‘xshash qovunlarni siz Osiyodagina emas, balki butun yer yuzida topolmaysiz. Ularning shirinligi to‘g‘risida yevropalik hatto tasavvur ham qilolmaydi. Ular shu darajada shirin va xushbo‘yki, og‘izda eriydi; agar ular non bilan yeyilsa, bizga tabiat in'om etgan eng yaxshi taom shu bo‘ladi» (226-bet). A. Vamberi 10 ta tezpishar, 5 ta qishki qovunning navlarini sanab, ularni ta'riflaydi.
A. Vamberi o‘zbek paxtasiga alohida e'tibor bergan. Vamberining 125 yil avval chiqargan xulosasiga ko‘ra, O'rta Osiyo paxtasining kelajagi katta. «Turkiston paxtasi hind, eron va misr paxtasidan yaxshi, ko‘plariing fikricha, u mashhur amerika paxtasidan qolishmaydi» (229-bet). A. Vamberini tashvishga solgan masala - O'rta Osiyo paxtasini faqat birgina Rossiya yildan-yilga ko‘proq xarid qilishi. Vamberi bu masalada ham o‘ta sinchkovlik bilan ish tutgan. U 1840-1860 yillar davomida Buxoro amirligi va Xeva xonligidan Rossiya sotib olgan paxtaning miqdori va narxi bilan qiziqqan va buning jadvalini tuzgan. A. Vamberi jadvalidan ko‘rinadiki, o‘zbek paxtasining Rossiyaga chiqishi 1840-1850 yillarga nisbatan 1853-1860 yillari ikki marta oshgan. Birgina Buxoro amirligadan Rossiya 1840-1850 yillari 2.065.679 funt sterlinglik paxta sotib olgan bo‘lsa, 1853-1860 yillari 4.237.772 funt sterlinglik paxta olgan (231-bet).
Turkiston o‘lkasining qazilma boyliklari to‘g‘risida ham A. Vamberi ancha keng va haqiqatga yaqin ma'lumotlar keltirgan. «Men shunday xulosaga keldimki», deb yozadi u, «Turkiston boyligi kam o‘lkalardan emas. Uni (Turkistonni - X. I.) qum gardishli olmos, deb bejiz aytishmaydi. Kelajakda O'rta Osiyo haqiqatan ham muhim ahamiyat kasb etadi va Sharq mamlakatlari o‘rtasida eng ko‘zga ko‘rinarli o‘rinni egallaydi» (238-bet).
Yangi Urganchda yetishtiriladigan paxta, A. Vamberining yozishicha, eng sifatli, Hazorasp pillasidan olinadigan ipak butun Xeva xonligida eng qimmatli hisoblanadi, Gurlanda eng yaxshi sholi o‘stiriladi. Buxoro va Qo‘qonda ham shunday.
A. Vamberi Turkistonning o‘simlik dunyosi ta'rifiga katta e'tibor bergan. Har bir o‘simlikning navlarini, qanchadan hosil berishini ko‘rsatib o‘tadi va Yevropa bilan qiyoslaydi. Buxoro bug‘doyi eng sifatli sanaladi, u uzun va ingichka qizil rangli don beradi. Bu bug‘doy unidan Buxoro shahrida shuhrat qozongan non yopishadi. Bu bug‘doy hamma yerda shirmoy nomi bilan shuhrat qozongan. Guruch bu yerlarda juda ham mo‘l; jo‘xori uchala xonlikda ham ko‘p ekiladi. Moyli ekinlardan kunjut bu yerda yaxshi o‘sadi va ko‘p moy beradi. Zig‘irdan olinadigan moy ovqatga ishlatiladi. Paxtaning chigitidan olinadigan yog‘ ovqatga ishlatilmaydi, deb ta'kidlaydi A. Vamberi (223-bet).
Bir narsani oldindan aytib qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi: shahar-qishloqlarimiz, xalqimiz, bizgacha barcha o‘simlik va hayvonot dunyosi, yurtimizning geografik va strategik mavqei haqida A. Vamberi o‘z asarlarida deyarli haqiqatni yozishga harakat qiladi. Uning vazifasi O'rta Osiyoning geografik, siyosiy, ijtimoiy mavqeini to‘g‘ri baholashdan iborat edi. Uni O'rta Osiyoga yuborganlarga shu kerak edi. U o‘z vazifasini a'lo darajada bajaradi. Biz uchun A. Vamberi yozib qoldirgan xalqimizning o‘tmish hayotiga oid har bir tarixiy dalil qimmatlidir.
Buxoro do‘konlarida A. Vamberi choyning 16 xilini ko‘rgan va ularning nomini o‘z yon daftariga tushirgan. Ularning anrimlari mana bular: qirqma, axbor, oq quyruq, qora choy, sepet choy, ishboglu, gulbo‘y, poshun, mushuk ko‘z, lonka (94-bet).
A. Vamberining o‘lchovicha, o‘sha vaqtlari Samarqand sahni jihatidan Tehronga teng bo‘lgan, lekin uylar uzoqroq joylashgan, katta binolar esa yaxshi yerlarga qurilgan (112-bet).
A. Vamberi Qarshi shahrida faqat uch kun turgan bo‘lsa-da, u yerdan ham ko‘p dalillar to‘plagan. Qarshi qadimgi Naxshabdir, deb yozadi u, o‘zining mavqei va savdo ahamiyati jihatidan Buxoro amirligida ikkinchi shahar sanaladi. Agar siyosiy to‘s-to‘polon monelik qilmaganda edi Qarshi, Buxoro, Qobul va Hindiston bilan bo‘ladigan savdo-sotiqda muhim ahamiyat kasb etardi. Vamberining sanog‘iga ko‘ra, o‘sha vaqtda Qarshining aholisi 25 ming, asosan o‘zbeklar bo‘lgan va ular amir askarlarining asosini tashkil etgan (114-bet).
VAMBERINING YURTIMIZDAN CHIQIB KETISHI
Qarshi A. Vamberi bo‘lgan oxirgi bizning shahrimiz edi. Bu shaharda uch kun turgach, u Amudaryoni kechib o‘tib, Hirotga yo‘l oladi.
1863 yil 15 noyabr kuni Hirotdan 2000 kishilik karvon bilan Mashhadga qarab jo‘naydi. O'n ikki kun yo‘l yurib, 27 noyabr kuni Mashhadga yetib keladi va bu Eron shahrida birinchi qilgan ishi - Mashhad shahrining gubernatori bo‘lib turgan ingliz polkovnigi Dolmaj qabulida bo‘ladi. Mana shu kundan boshlab Rashid afandi o‘zining darvish niqobini olib tashlab, yana Armin Vamberi qiyofasiga kiradi. Ingliz polkovnigi Dolmaj uni 1863 yil 25 dekabr kunigacha mehmon qiladi. Vamberining o‘zi iqror bo‘lishicha, yangi yil - mavludni mehmondo‘st polkovnik bilan o‘tkazib, 1863 yil 26 dekabr kuni Tehronga qarab yuradi. Bu safar u karvonsiz, o‘zbek yo‘ldoshi mulla Ishoq bilan otda yo‘lga chiqadi. A. Vamberidan u to‘plagan O'rta Osiyoga oid dastlabki ma'lumotlar bilan tanishgan ingliz polkovnigi Vamberi va mulla Ishoqni ikki yaxshi ot va yetarli yo‘l anjomlari va xarajat bilan ta'minlaydi.
1864 yil 20 yanvar Kuni A. Vamberi va mulla Ishoq Tehronga yetib kelishadi: «Qo‘rinishim kulgili va ayanchli bo‘lishiga qaramay, men Turkiya elchixonasiga shoshildim. Ingliz elchixonasi esa, meni xushmuomalalik va samimiyat bilan kutib oldi», deb xotirlaydi A. Vamberi (146-147-betlar). Chindan ham, Buyuk Britaniyaning Erondagi elchisi Alison, uning ikki sekretari Tomson va Votson Vamberiga iltifot ko‘rsatishadi va Angliyaga yetib borishi bilan O'rta Osiyo xotiralarini bosib chiqarishda yordam berajaklarini bildirishadi.
Bu yerda bir narsaga e'tibor berish kerak: hech bir elchixonadagi uchrashuvda Vamberining yo‘ldoshi mulla Ishoq ishtirok etmaydi. A. Vamberini elchilar, ingliz-harbiylari qabul qilib, unga iltifot ko‘rsatishayotganda, mulla Ishoq Makkaga olib bormoqchi bo‘lgan o‘z hamrohini karvonsaroylarda kutib o‘tirar edi.
Tehronda A. Vamberini Eronning yosh shohi Nazriddin ham qabul qiladi. «Yosh Nazriddinshoh meni bog‘da qabul qildi», - deb eslaydi Vamberi. - «U mendan (O'rta Osiyolik) hamkasblari, xonliklar haqida so‘radi. Men ularning siyosiy ahvoli tangligini aytdim. Yosh shoh yonida o‘tirgan vaziriga o‘n besh ming askar bilan biz ularning hammasini yengardik», dedi (147-bet).
A. Vamberi Tehronda ikki oy turgach, 1864 yil mart oyida Istanbulga qarab yo‘lga tushadi. Istanbulda hamasi bo‘lib uch soat (!) bo‘ladi, biroq shu vaqt ichida xam diplomat baron Fon-Prokash-Osten bilan uchrashadi va undan o‘zi to‘plagan ma'lumotlarni qanday ishlab chiqish haqida maslahat oladi. Istanbuldan so‘ng o‘z vatani Vengriya poytaxtiga o‘tadi. O'sha vaqtlari Vengriyaning poytaxti bo‘lgan Peshtda mulla Ishoqni do‘stlari qo‘liga topshirib, yakka o‘zi Londonga - uni kutib turishgan shaharga yo‘l oladi. A. Vamberi Londonga 1864 yil 9 iyul kuni kirib keladi. «Men vatanimda ham ko‘p turolmadim, chunki Angliya qirollik geografiya jamiyatiga o‘z hisobotimni olib borishga shoshilayotgan edim», deya o‘zini oqlashga urinadi A. Vamberi (148-bet).
Vamberi «O'rta Osiyoga qilgan safarining asl mohiyati to‘g‘risida safarimning asl siri, mohiyati faqat ikki kishiga ayon edi», deb yozadi, lekin kimlar bu safarning siridan voqif bo‘lganligi haqida og‘iz ochmaydi.
VAMBERINING «HISOBOT»I
Tarixdan ma'lumki, XIX yuz yillikning o‘rtalari inglizlar Hindistonda o‘z mavqelarini mustahkamlab olgan, Afg‘oniston va O'rta Osiyoga intilayotgan bir davr edi. Bu yillari rus armiyasi ham Orenburgga o‘rnashib olib, kelgusi yurishlarini Turkistonga qaratishni rejalashtirayotgan edi. Inglizlarga O'rta Osiyoning siyosiy ahvoli, geografik mavqei, aholisi, armiyasi haqida aniq ma'lumotlar havo bilan suvdek zarur edi. Ular O'rta Osiyoga yuborgan bir necha sayyohlar maqsadga erisha olmadi: qatl etildi, cho‘llarda suvsizlikdan nobud bo‘ldi, chegaralarda ushlab qolindi. Armin Vamberi inglizlarning so‘nggi umidi edi. U bu umidni to‘da oqladi. Vamberi aqlli edi, ilmli edi, ayyor edi. U har qanday qiyinchilikka jismonan chidadi, chunki yoshligi qiyinchilikda o‘tgan edi; u o‘z safari davomida berilgan har qanday so‘roqlarga aniq, to‘g‘ri javob berdi, uning ilm doirasi keng edi.
A. Vamberi o‘z hisobotiga kirishni Londonda 1864 yil 28 sentyabrda yozib tugallagan.
A. Vamberi Xeva, Qo‘qon xonliklari va Buxoro amirligiga oid to‘la ma'lumotlar to‘play oldi. Armin Vamberi o‘z hisobotida siyosiy jabhada bir necha yil keyin kechishi mumkin bo‘lgan voqealarni oldindan bashorat qila oldi. Mana ayrim dalillar: I) A. Vamberi Xeva xonligiga qarashli 32 shahar va joyning Amudaryodan qancha mil uzoqqa joylashganligini aniqlab chiqqan. II) Uning aniqlashicha, Buxoro amirligining armiyasi 40 ming otliqdan iborat, kerak bo‘lganda 60 ming otliqqacha oshishi mumkin (169-186-betlar). III) Rossiyaning O'rta Osiyo bilan aloqa qiladigan yo‘llari: 1) Xeva - Astraxan - Orenburg; 2) Buxoro - Orenburg; 3) Toshkent - Orenburg va Qiziljar (Petropavlovsk); 4) Namangan va Oqsuv - Po‘lat (Semipalatinsk) (201-bet).
A. Vamberi yana O'rta Osiyo xonliklari o‘rtasidagi yo‘llarni, ularning necha farsaxdan iborat ekanligini ham hisobotiga kiritgan.
Vamberi Angliyani O'rta Osiyoni Rossiyaga berib qo‘ymaslikka chaqirgan, rus armiyasi O'rta Osiyoga yaqinlashib kelayotganligidan ogohlantirgan. «Ayrim odamlar Londonda O'rta Osiyo bizga kerak emas, kerak bo‘lsa ruslar olaversin, deb yurishibdi», - yozadi hisobotida A. Vamberi. - Angliyaning hind yerlariga Rossiyaning yaqinlashib kelishiga befarq qarashi mening aqlimga sig‘maydi. Rossiyaning O'rta Osiyodagi xatti-harakatining muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Lekin Rossiya faqat Buxoro bilan chegaralanadimi? Va u o‘z intilishlarini Amudaryo bilan chegaralaydimi? Men Rossiya Turkistonni zabt etganidan so‘ng, bir kun kelib, Afg‘oniston yoki Shimoliy Hindistonga qarab yurishdan o‘zini tiya olishini tasdiqlaydigan siyosatdon bilan uchrashishni istar edim. U hisobotini shu so‘zlar bilan tugallaydi: «Mening kamtarona fikrim shu. Britaniya sheri rus ayig‘i bilan bu mamlakatlarda dushmanlik munosabatida bo‘ladimi yoki aka-ukalarcha o‘z o‘ljalarini teng bo‘lib oladilarmi - bu shunday masalaki, o‘zini filologik tadqiqotlarga bag‘ishlagan bir darvish sifatida men bunga yaqinroq yondosha olmayman» (221-bet). Tarix shupga aniqlik kiritdiki, bu masalaga eng yaqin yondashganlardan biri mana shu darvishning o‘zi bo‘lib chiqdi. 1864 yili 10 sentyabr kuni chiqqan sonida «London Deyli telegraf» gazetasining Peterburgdagi muxbiri ruslar Toshkentni ishg‘ol etganligi haqida xabar beradi. A. Vamberi o‘sha kungi hisobotida buning to‘g‘riligiga ishonib bo‘lmaydi, biroq ruslar u yerda harakat qilayotganliklariga shubha yo‘q, deb yozadi (221-bet). Vamberi bu masalada ham haq bo‘lib chiqadi. Haqiqatan ham, general Chernyaev 1864 yil 1 oktyabr kuni o‘z askarlari bilan shaharga yaqinlashadi va 2 oktyabr kuni Qo‘qon yo‘liga chiqib, shu tomondan shaharga hujum uyushtiradi. Lekin bu hujum natijasida, uning qo‘mondonligidagi askarlar talafot ko‘radi, podpolkovnik Obux o‘ladi, podpolkovnik Lerxe yarador bo‘ladi. Bu muvaffaqiyatsiz hujum tufayli, general Chernyaev askarlaridan 18 kishi o‘ladi (2 tasi ofitser) va 60 kishi yarador bo‘ladi (2 tasi ofitser). Bu otryad 4 oktyabr kuni Toshkentdan uzoqlashib, 7 oktyabr kuni Chimkentga qaytib boradi (bu haqda qarang: A. I. Maksheev. Istoricheskiy obzor Turkestana i nastupatelnogo dvijeniya v nego russkix. S. Peterburg. Voennaya Tipografiya v edanii Glavnogo shtaba, 199, str. 227).
Toshkentni ruslar 1865 yil 14 iyundan 15 iyunga o‘tar kechasi qattiq hujum bilan zabt etishadi (o‘sha kitob, 223-bet).
Bu hisobotidan so‘ng, A. Vamberi nimaga erishdi, degan savol tug‘iladi. Rus sovet yozuvchisi N. Tixonovning ancha yuzaki bitilgan «Vamberi qissasi»da (Toshkent, 1963) bu savolga Vamberi tilidan shunday javob beriladi: «Tortgan mashaqqatlarim, oqargan sochlarim uchun hech kim bir paqir to‘lamadi» (shu kitob, 54-bet). Bu, albatta, haqiqatdan yiroq fikr. Keyingi yillari topilgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, alohida xizmatlari evaziga Armin Vamberi, amerikalik olim H. B. Paksoyning aniqlashicha, Britaniya Tashqi ishlar idorasi tomonidan muntazam oylik, keyinchalik pensiya bilan ta'minlanib turgan (bu haqda qarang: X. V. Paksoy. O'rta Osiyoning yangi dostonlari. «Sentral eyshan servey» jurnali 6-tom, 1-son, 1987, 91-bet). Agar . A. Vamberi 1913 yili vafot etganligini eslasak, 49 yil davomida Britaniya mojor sayyohiga pul to‘lab turgan bo‘lib chiqadi. Inglizlar bekorga pul to‘lamasligi barchaga ayon!
Londonda bir yil turib, A. Vamberi 1864 yilning oxirida O'rta Osiyo bo‘ylab sayohat kitobini ingliz tilida chiqaradi va Yevropaga mashhur bo‘lib ketadi. Bir yildan so‘ng- 1865 yili Parij orqali o‘z vataniga qaytadi va Budapesht universitetida sharq tillaridan professor lavozimida ishlay boshlaydi.
A. Vamberi 1913 yil 15 sengyabr kuni Budapeshtda 81 yoshida vafot etgan.
VAMBERINING ASARLARI
Armin Vamberiga shuhrat keltirgan asar, so‘zsiz, 1864 yili Londonda ingliz tilida chiqqan «O'rta Osiyo bo‘ylab sayohat» kitobi hisoblanadi. Bu kitob ikki qismdan iborat bo‘lib. 1-qismda uning O'rta Osiyoga qilgan sayohati xotiralari o‘rin olgan, 2-qismda esa turkmanlar, Xeva, Buxoro, Qo‘qon, Xitoy, Turkiston tarixi, siyosiy ahvoli, geografik mavqei o‘rganilgan. Bu kitobning 23, 24 boblari Angliya uchun kerakli Vamberi chiqargan xulosalardan iborat. 23 bobda O'rta Osiyoning ichki va tashqi siyosiy aloqalari o‘rganilgan, oxirgi - 24 bob O'rta Osiyoda ruslarning inglizlar bilan raqobati. Rossiya va Angliyaning O'rta Osiyoga nisbatan tutgan o‘rni, deb ataladi. Bu bobda A. Vamberi o‘sha davr Angliya hukmron doiralari uchun tayyorlagan xulosalarini bayon qiladi. Bu kitob bir paytning o‘zida Rossiya uchun ham ahamiyatli edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u darhol rus tiliga tarjima qilinib, 1865 yili S-Peterburgda bosilib chiqadi.
Mazkur kitobni G'arbdagi ayrim mutaxassislar juda qisqalikda tanqid qilishadi. A. Vamberi bu tanqidni tan olib, 1868 yili «O'rta Osiyo ocherklari» kitobini nashr ettiradi. Bu kitob birinchisini to‘ldiradi. U 17 bobdan iborat bo‘lib, O'rta Osiyo xalqlari tarixi va o‘sha davr hayotining turli masalalarini yoritishga bag‘ishlangan. Unda Xeva saroyi, uch xonlikning ishlab chiqarish kuchlari, O'rta Osiyodagi turon va eron qabilalarining etnografik xususiyatlari, O'rta Osiyo adabiyoti kabi masalalar ustida to‘xtab o‘tilgan. Bu kitobning O'rta Osiyo adabiyoti bobida Olloyor, Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab g‘azallarining tarjimalari, «Qissai Sayfulmuluk» asaridan bir parcha keltirilgan. Xususan, Alisher Navoiy haqida A. Vamberi ushbu fikrlarni bayon qiladi: Mashhur kishilar Navoiy asarlari bilan faxrlanishadi... «Navoiy kam uchraydigan she'riyat dahosidir, u juda ham mahsuldor shoir bo‘lgan. U o‘zidan so‘ng she'riyat, tarix, odob va maitiqqa oid 32 asar qoldirgan... Uning O'rta Osiyo turkiy shevasini ulug‘laganligini, yuqori darajaga ko‘targanligini tan olmaslik mumkin emas». (340, 341-betlar). Bu kitobi yozilgan yillargacha A. Vamberi Navoiy asarlari bilan to‘la tanishib chiqmaganligi seziladi. U «Layli va Majnun»ni teskari «Majnun va Layli» deb ataydi. «Qissai Sayfulmuluk»ni Navoiy qalamiga mansub asar, deb hisoblaydi.
1867 yili Vamberining boshqa bir kitobi chop etiladi. Bu uning shu kunlargacha o‘z qadrini yo‘qotmagan «Chig‘atoy tilidan qo‘llanma» asaridir. Bu kitob nemis tilida Leyptsig shahrida bosilib chiqadi. Asar uch qismdan - ilmiy tadqiqot, matnlar va lug‘at qismlaridan iborat. Qitobning birinchi qismida tilning grammatik qurilishiga oid ma'lumotlar, 2-qismida Tohir va Zuhra, Yusuf va Ahmad, Huriliqo va Hamro kabi asarlar keltiriladi. A. Vamberi bundan tashqari 112 o‘zbek xalq maqolini o‘zbek tilida keltirib (arab va lotin yozuvlarida), nemis tilidagi tarjimasini ham beradi. Olloyor, Nasimiy, Navoiy, Fuzuliy g‘azallaridan namunalar ham bu kitobdan o‘rin olgan.
Vamberining ilmiy jihatdan katta ahamiyatga molik asarlaridan biri - uning 1873 yili yozilgan «Buxoro yoki Transaksoniya tarixi» kitobidir. Muallif Movarounnahr (ikki daryo oralig‘i)ni Transaksoniya atamasi bilan beradi. Bu kitobida u Buxoroning eng qadimgi davrlaridan to XIX asr ikkinchi yarmngacha bo‘lgan tarixini e'lon qilingan va e'lon qilinmagan, o‘zi O'rta Osiyodan olib ketgan qo‘lyozmalar asosida bayon qiladn. Uning kitobi ikki qismdan tashkil topgan: «Qadimgi yoki Movarounnahr tarixi» va «Yangi yoki Buxoro amnrligi tarixi».
Vamberining barcha asarlari bilan tanishib chiqqan kishi uning bir xususiyatiga e'tibor bermasdan qolmaydi: U oldingi asarlarida yo‘l qo‘ygan xatolarini keyingi kitoblarida e'tirof etib, ularni to‘g‘rilashga harakat qiladi. Bir qancha G'arb olimlari o‘rta asr o‘zbek tilini chig‘atoy tili atamasi bilan nomlab keladilar. Vamberi ham o‘zining «Chig‘atoy tili qo‘llanmasi» kitobida xuddi shu yo‘ldan borgan. «Buxoro yoki Transaksoniya tarixi» kitobida bu xatosini tuzatishga harakat qilib yozadi: «Ko‘pgina Yevropa olimlarining, ularga men ham o‘zimning «Chig‘atoy tilidan qo‘llanma» asarimda qo‘shilgan edim, fikrlari ikki karra xatodir... Birinchidan, O'rta Osiyo aholisi hech vaqt o‘z yurtini ham, o‘z tilini ham chig‘atoy deb atamagan. Bu nom Amudaryoning u tomoni -Eronda forslar tomonidan qo‘llanilgan. Bu o‘lkaning aholisi o‘z yurtini Turkiston, o‘z tilini turkiy til, deb atab kelgan. Ikkinchidan, Chig‘atoy musulmonlar tomonidan nimaga erishgan bo‘lsa erishgan, lekin muhabbatga, hurmatga erishmagan» («Buxoro yoki Transaksoniya tarixi», 158-bet).
Vamberi bu kitobida Temur tuzuklari haqida ham qiziq ma'lumot beradi: «Ingliz mayori Devi Yevropaga Hindistondan olib kelgan Tuzuki Temur 457 sahifadan iborat bo‘lib, uning sakkizdan bir qismi fors tilida edi. Chig‘atoy tilida yozilgan asl nusxa Yaman gubernatori Ja'far kutubxonasidan topilgan. U avval fors tiliga, so‘ngra 1830 yili mayor K. Styuart tomonidan ingliz tiliga o‘girilga» (183-bet).
A. Vamberi Amir Temurga shunday ta'rif beradi: «Hirot va Halab olimlari bilan bahsga kirishib, o‘ziga o‘xshab fikrlamaganlarini mukofotlagan odamni qahri qattiq va yovvoyi deyish mumkinmi! Bursadan Samarqandga yuk hayvonlariga butun boshli bir kutubxonani ortib, ko‘chirib keltirgan kishini qahri qattiq va yovvoyi deyish mumkinmi! Shuning uchun ham Temurni Chingiz bilan teng qo‘yuvchilar ikki karra xato qiladilar» (219-bet). Vamberining ko‘rsatishicha, Temur saroyida xorijiy olim va rassomlari ko‘p bo‘lishgan, biroq mamlakatning rasmiy tili doimo turkiy bo‘lib qolgan. Temurning o‘zi ravon va ta'sirli turkiy tilda yozgan «Tuzuklar»i buni isbotlaydi.
Vamberi kitobida Ulug‘bekni ulug‘laydi, unga to‘g‘ri, xolis baho beradi: «Ulug‘bek G'arb dunyosida bir necha asr keyin ham nomi hurmat bilan tilga olinadigan yagona temuriylar sulolasidan edi... U hukm surgan davr temuriylarning oltin davri sanaladi».
Temuriy sulolasi haqida fikrlarini A. Vamberi Boburga bergan bahosi bilan yakunlaydi: «Bobur Mirzo o‘z asarida («Boburnoma» - X. I.) bizning ko‘z o‘ngimizda ham shoir, ham siyosatdon, ham faylasuf shaklida gavdalanadi. Turkiy va forsiy xalqlarning adabiyotida o‘zida shunchalik foydali fikrlarni oddiy, ravon tilda bayon qilgan bironta boshqa bunga o‘xshash kitob yo‘q».
QO'NG'IROTLIK MULLA ISHOQ, QAYDASIZ?
Vamberining «O'rta Osiyo bo‘ylab sayohat» kitobidan ma'lumki, u Xevaning Muhammadamin madrasasida asli Qo‘ng‘irotdan bo‘lgan mulla Ishoqni uchratib qoladi. Mulla Ishoq Makkaga borishni orzu qilib yurgan. Vamberi bilan tanishgach, u ham Makkaga boradi, deb o‘ylab unga hamroh bo‘lgan. Xevadan so‘ng Buxoro, Samarqand va Qarshida birga bo‘lishib, A. Vamberi mulla Ishoq va yana noma'lum ikki hoji bilan Hirot tomon ketishadi. Mulla Ishoq safar chog‘ida haqiqiy do‘stlik namunasini ko‘rsatadi. Vamberining tan olib yozishicha, uni hamma tark etgan, boshqa hamrohlarining bari tashlab ketgan, lekin butun safar chog‘ida birgina mulla Ishoq uni yolg‘iz qoldirmagan. Buning ustiga, u har vaqt yoshi ulug‘ bo‘lgan Rashid Afandi - Vamberi bilan bir kosada ovqat yemagan, Vamberi ovqatdan olib bermaguncha unga qo‘l tegizmagan, u bilan bir qatorda, yonma-yon, teng turishni ham odobdan deb bilmagan. «U eng halol, ochiqko‘ngil inson edi, uning g‘arazdan yiroq, sof munosabati xavf-xatarga to‘la yolg‘iz yo‘limda menga dalda va suyanchiq bo‘ldi», deb eslaydi sayyoh.
Mulla Ishoqning taqdiri bilan tanishgach, nima sababdan Vamberi uni Yevropaga o‘zi bilan olib ketgan, degan savol tug‘iladi. Bu savolga «O'rta Osiyo ocherklari» kitobida A. Vamberining o‘zi javob beradi: «Bilimga intilish va menga yaqinligi yosh mulladan, chindan ham, biror arzirli kishi chiqishini his etganimda so‘ig, o‘sha zahoti men uni tashlab ketmaslikka va iloji bo‘lsa, o‘zim bilan Yevropaga olib ketishga qaror qildim. Men bu qarorga Hirotga yetmasimizdan ancha oldin kelgan edim. Men birinchi tanishganimdayoq uning qalbi sofligini sezgandim, bu masalada men hech qachon adashmaganman» (143-, 145-betlar).
Istanbulga yetib kelishganda, A. Vamberi mulla Ishoq qo‘liga pul berib, Makkaga boriladigan yo‘lni ko‘rsatadi, lekin mulla Ishoq undan o‘zini tanho qoldirmaslikni, Farangistonni (Yevropani- X. I.) bir ko‘rib, yana Istanbulga qaytajagini iltimos qiladi. Shundan so‘ng Vamberi mulla Ishoqni Vengriyaga birga olib ketib, u yerda do‘stlari qo‘liga topshiradi va o‘zi Londonga qarab yo‘l oladi.
A. Vamberining do‘sti mulla Ishoqni qishloqdagi bir uyga joylashtiradi, Vamberi esa Londondan bir yildan so‘ng qaytadi. Bu vaqt ichida mulla Ishoqning taqdiri nima kechdi, deb o‘ylash mumkin. Bu haqda A. Vamberi ushbu ma'lumotni beradi: «Bir yildan so‘ng Angliyadan qaytib kelsam, qaysi ko‘z bilan ko‘rayki, mullam venger libosida, sallaning o‘rnida so‘nggi modadagi prichyoska. Venger tilini tez o‘rganib olgan. Mening mullamni hamma yoqtirib qolgan. Bir safar uni bashang kiyingan, qo‘llarida qo‘lqop, qaysidir xonim bilan berilib suhbatlashib turganini birinchi bor ko‘rib, rosti, kulishga holim qolmadi. Ikki yil avvalgi Xeva madrasasi mullasining hozirgi bashang ko‘rinishini qarang» (150-bet).
Mulla Ishoq haqiqatan ham venger tilida o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtirib olganidan so‘ng, uni D. Vamberining do‘stlari Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxoiasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limiga ishga joylashtirib qo‘yadilar. Mulla Ishoq keyinchalik venger tilidan o‘zbek tiliga ayrim asarlarni tarjima qilgan. Venger yozuvchisi Yanosh Arenning «Ajoyib ohu haqida afsona» dostonining mulla Ishoq qilgan o‘zbekcha tarjimasini mojor olimi G. Kara nashr ettirgan. Mulla Ishoq venger olimlariga o‘zbek tili, O'rta Osiyo tarixi bo‘yicha asar yozishlarida yordam bergan, ular faktik dalillarni mulla Ishoqdan olishgan.
Bu tarixiy voqeaning achinarli tomoni shuki, mulla Ishoqning so‘nggi hayoti, qilgan ishlari xususida materiallar hali topilganicha yo‘q.
Vengriyalik kinorejissyor, Vamberining muxlisi Jozef Kish A. Vamberi bilan mulla Ishoqning birga tushishgan rasmini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu rasm qaysi shaharda - Tehrondami, Istanbuldami yoki Peshtdami olinganligi noma'lum. Mulla Ishoq o‘z ustozi oldida odob saqlab tik turibdi, A. Vamberi sharqona o‘tiribdi.
Armin Vamberi va uning hamrohi mulla Ishoq haqidagi tarix mana shulardan iborat.
Biz Armin Vamberiga baho berayotganimizda, uning darvishligini bo‘rttirib ko‘rsatib, sayohatining faqat sarguzasht tomonlariga e'tibor beribgina qolmasdan, darvish kiyimini kiyishga uni qanday sharoit va kim majbur qilganligini ham e'tibordan soqit etmasligimiz lozim.
Xayrulla Ismatullayev
«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.