Sobiq kursdosh do‘stim hozir yoshlar gazetasida xizmat qilyapti. U bilan ko‘p suhbatlashamiz. Yaqinda gap aylanib, komsomolga qanday qilib kirganimizga borib taqaldi.
Men o‘sha kunni juda yaxshi eslayman. Butun sinf pioner-vojatiy yordamida bir oy tayyorgarlik ko‘rdi. Raykom byurosining ko‘chma yig‘ilishi bizning maktabda o‘tadigan bo‘libdiyu o‘sha kuni bizni komsomolga qabul qilishga kelishilibdi. Nihoyat, orziqib kutilgan kun ham keldi.
Mana, besh kishi-besh kishidan kirib chiqyapmiz. Hali ichkariga kirmagan bolalar komsomol safiga o‘tganlardan: «Nima bo‘ldi, qanaqa savol berishdi?» deb so‘rashardi. Ular beparvogina: «E, oson!» deyardilaru kulib qo‘yishardi.
Navbatim yetib, men ham ichkariga kirdim. Besh kishimiz. Rayon komsomol komitetining birinchi sekretari eng oldinda turgan bolaga qarab:
— KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari kim? — deb so‘radi.
Buni kim ham bilmasdi — u aytdi. Hammamiz tasdiqladik. Keyin respublika partiya va davlat arboblari, oblast, rayon, kolxoz, qishloq Soveti, maktab rahbarlarining familiyalarini aytdik. Keyin «jiddiy» savollarga o‘tildi — dunyoda nechta sotsialistik mamlakat bor, ittifoqdosh respublikalarni, Qahramon shaharlarni nomma-nom sanadik. Birdan ruhim tushib ketdi: axir bularni bilish katta narsa emas-ku? Nahotki, komsomolga kirayotgan o‘quvchining siyosiy saviyasi shu darajada bo‘lsa — bas, deb hisoblansa?! Men komsomol a’zosi bo‘lgan bir-ikki o‘qituvchimizning darslaridan qoniqmasligimni ochiq aytaman, hech bo‘lmasa, o‘qigan kitoblarim haqida gapirib beraman deb o‘ylagan ekanman. Afsus...
Sekretar eng oldinda turgan bolani so‘roqqa tutyapti deb o‘ylab jim turaveribman. Sheriklarim ham shu xayolga borishgan ekan. U esa savollarga javob berolmadi. Biz ham jimmiz. Savollar ustma-ust yog‘ilyapti. Oxiri hukm aytildi:
— Kerakli narsalarni bilmadinglar, yiqildilaring. Boshqatdan tayyorlanib, raykomga borasizlar, hozir bo‘shsizlar.
Bosh egib chiqib ketdik. Kulgi bo‘ldik hammaga. Men u paytda rayon gazetasiga xabar, maqola va ahyon-ahyonda g‘aribgina hikoyalar yozib turardim. Hamqishlog‘im, komsomol veterani bo‘lgan Sayfulla bobo haqida «Qaldirg‘och qarimaydi» degan lavha ham yozgandim. U kishiga: «Ertaga komsomolga o‘tib, oldingizga kelaman», deb qo‘ygandim. Endi uning oldiga qanaqa qilib boraman? Buning ustiga, o‘zimning ham juda-juda komsomol bo‘lgim kelayotgan edi.
Kolxoz komsomol komitetida a’zolikka qabul qilish huquqi bor ekan. Ularga shior yozish, kolxoz radiouzelida eshittirish tayyorlashda yordamlashib yurardim. O‘sha yoqqa bordim. Sekretar mening qabul qilinmaganimdan ranjidi va kechqurun byuro a’zolarini yig‘adigan bo‘ldi.
— Bilasanmi,— degan edi u mening byuro a’zolari bergan savollarning bema’niligi haqidagi gaplarimni eshitib,— ular faqat o‘zlari biladigan narsalarni so‘rashgan. Jiddiy savol-javob qilinsa, oliy ma’lumotli komsomol xodimlari partiya s’ezdlarini ham tuzuk-quruq bilishmaydi. Bari rayondagi katta-kichik rahbarlaru puldorlarning arzandalari. Bir oz bu yerda ishlashadi, rayijroqo‘m, raykomda joy bo‘shashini kutib o‘tirishadi. Ularni boshqa narsa qiziqtirmaydi. Anavi kolxoz raisi — o‘g‘ri, borib turgan tovlamachi. Chalasavod o‘g‘li qishloq xo‘jalik institutini bitirgan. Rayon xalq nazorati raisiga o‘rinbosar. Ular faqat «komsomol obro‘yini bir pul qilish» uchun jon-jahdlari bilan kurashib yotishibdi. Men, masalan, oliy ma’lumotli ekonomistman. Bu vazifani raisning gumashtasi egallab turgani uchun menga joy yo‘q. O‘qishni bitirib kelganimga besh yil bo‘ldi. O‘z sohamda ishlaganim yo‘q. Zora zerikib ketib yuborsa, degan xayolda komsomol yetakchisi qilib qo‘yishibdi. Makkajo‘xorichilik brigadiri desa ham bo‘laveradi...
Xullas, o‘sha kuni komsomolga o‘tdim va uyga ko‘krak nishoni taqib bordim.
— Haligi veteran haqida, hozir aytganlaringni qo‘shib bizga bir maqola qilib bersang-chi,— deb qoldi do‘stim.— O‘sha sarlavhaning o‘zini qo‘yaverish mumkin. Rostdanam, qari qaldirg‘ochni ko‘rmaganman. Bo‘lmasa kerak. Ilk komsomollar ham shunaqa-da. Qaldirg‘och bahor ramzi bo‘lganidek, ular ham yangilik, kurash timsoli. Balki Ibod haqida ham yozarsan... Menga noqulay, ichida o‘zim borman.
Men «o‘ylab ko‘radigan» bo‘ldimu xayrlashdim. Maqolani yozish uchun qishloqqa borib kelishim kerak. Darvoqe, boboning nabirasi bu yil komsomolga o‘tsa kerak. O‘sha kunni olaman-da, ikkovini bog‘lab bir narsa qilib beraman.
Do‘stim ketdi-yu, birdan unga bog‘liq voqealar yodimga tushib ketdi.
* * *
Kuz keldi. Ko‘plab she’rlarda sokinlik va mahzunlik ramzi sifatida tasvirlanuvchi fasl O‘zbekistonga butunlay o‘zgacha bir maromda kirib keladi, boshqacha bir tarzda kechadi.
Talabalar shaharchasi. Yomg‘ir yog‘ib turibdi. Avtobuslar qator-qator. Odam hech qaerga sig‘maydi. G‘ovur-g‘uvur, kulgi. Birov qichqirgan, birov asabiylashgan. Studentlar hasharga ketishayotir. Talabalik davri allaqachon ortda qolgan bo‘lsada, har gal shu paytda bu yerga albatta kelaman. Kursdoshlarimni, o‘zim hasharga ketgan, paxta tergan davrlarimni eslayman.
Bu yil ham xayol og‘ushida bir-bir bosib kelayotgandim, nogoh kimdir otimni aytib chaqirib qoldi. Ovoz kelgan tomonga qaradim: bir yigit hovliqib yugurib kelyapti. Tanimadim. Nimasidir tanish, biroq eslolmayapman. U chopib keldiyu meni quchoqlab oldi. Hayron bo‘lib qoldim.
— E mana, yana baxtiyor bo‘ldik — paxtaga ketyapmiz! — dedi u kulib.
Shunday degandan keyingina esladim — u Nazir edi! Bir yili shunday ketish paytida: «Hammangizni uch mahal issiq ovqat ichish baxti bilan tabriklayman!», deb hammani kuldirgan, ikkimiz buni eslab ko‘p kulishardik. Bu yigit uchinchi kursdaligida bizdan haydalib ketgan edi. «Armiyaga ketibdi» deb eshitgandim xolos, u haqda boshqa hech narsa bilmasdim. Xizmatdan so‘ng o‘qishni «tiklabdi», bu yil yana uchinchi kurs bo‘lib hasharga ketayotgan emish.
— Xafamasmisiz? — undan shunday deb so‘radimu xijolat tortdim.
— E yo‘q, oqlangan odam ham xafa bo‘ladimi?! Ha aytganday, Ibod bilan birgamiz. Ikki haydalgan. U zavxoz edi — narsalarni tayyorlab turishga ketgan. Yana shunaqa ishlarga to‘g‘ri kelib qoldik. Paxtaga boring, gaplashamiz.
Anchagacha suhbatlashib turdik. Uni kuzatib qo‘ymaganim uchun uzr so‘rab, ishga ketdim.
Nazir ham, Ibod ham kursimizdagi a’lochi, yaxshi yigitlardan edilar. Ibod kursboshimiz edi. Uchinchi kursda ekanimizda paxta terimi davrida hisobchi bo‘lib ishlardi. «Spirtli ichimlik iste’mol qilib, begunoh bir qizni urganligi, shtab boshlig‘ini haqorat qilganligi uchun» o‘qishdan haydalgan edi. Nazir esa o‘zi ketib yubordi.
Studentlar yotoqxonasi g‘alati joy. Turli-tuman yigit-qizlar. Har birining o‘z dunyosi bor. Birov yig‘lasa, birov kuladi.
Indiniga paxtaga ketamiz, degan kuni kursdoshlar bir xonaga yig‘ilishib, yarim kechagacha o‘tirishdik. Bizdan bir kurs quyida o‘qiydigan, bugun qandaydir tasodif bilan bu davraga kirib qolgan Gulandom ismli qiz kutilmaganda juda yaxshi gap aytib qoldi.
— Mana, biz xursand o‘tiribmiz. Indinga paxtaga ketamiz. U yerda ham shunday ko‘tarinki ruhda, beg‘am yuraveramiz. Bizni mana shu kunga yetishimizga sabab bo‘lgan ota-onalarimiz esa bizni o‘ylab «oh» chekib o‘tirishibdi. Ular tinch, sog‘ bo‘lishsin. Men hozir sizlarga onamga bag‘ishlangan she’rimni o‘qib beraman...
Aytganini qildi. Bexosdan ma’yuslanib qolgan davra she’r tugagach, birpas garangsigandek turib qoldi va birdan qarsak yangradi...
Ibod eshikning qattiq taqillashidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Birdan qulog‘iga yig‘i tovushi eshitildiyu uyqusi o‘chdi. Shoshib eshikni ochsa, kursdoshlari turishibdi.
— Gulandomning ayasi vafot etibdi. Tez kiyining. Siz yo‘l yurishga ustasiz. Uni Jizzaxga tashlaysizu qaytasiz, yo bo‘lmasa, ertaga Sirdaryoga o‘taverasiz,— deyishdi.
Ibod narsalarini do‘stlariga topshirdiyu jo‘nab ketdi. Yo‘lda qizni qo‘lidan kelgancha ovutdi, tasalli berib bordi. Azaxonaga kirgach, yuragi vayron bo‘ldi.
O‘n besh kunlardan so‘ng Gulandom do‘stlari safiga qaytdi. Ibod hisobchi bo‘lganligi sababli dalaga kam chiqar, qizni faqat «barak»da ko‘rib, ko‘nglini ko‘taradigan gaplar aytardi. Bir kuni nima bo‘ldiyu dalaga chiqdi. Zimdan Gulandomni izlab boraverdi. Bir mahal qulog‘iga qo‘shiq eshitildi. To‘xtab quloq soldi. Sekin qarasa, Gulandom! Ashula «nozaninning nozi bor» seriyasidan edi. Ibod birdan karaxt bo‘lib qoldi. Uning nazarida, onasi o‘lgan odam qo‘shiq aytish u yoqda tursin, umrbod yayrab kulolmasligi kerak?! Bu esa... G‘alati o‘ylar iskanjasida ortiga qaytdi. Bir-ikki kun qiynalib yurdi.
Bir-ikki kun ichida fakultet shtab boshlig‘i bilan qattiq urishib qoldi. Boshliq — o‘zlarining muallimi, «yulduzlar chiqarishiga ishqiboz, shu maqsadda ularga qo‘shib yozishni taklif qilar edi. «Xozkomanda»dagilar ham ul-bulli bo‘lib qolishi uchun aslida shaharda qolgan, terimda yo‘q kishilarga ham paxta yozib, pulini «taqsimlash»ni shipshitdi. Har yili shunday bo‘lar ekan. Ba’zilar ruxsat olib uyga borib kelar, lekin qog‘ozda «kilogramm o‘lmas ekan». Ibod bunga rozi bo‘lmadi. Shundan kelishmovchilik boshlandi. Birdaniga terimchilarning barakasi uchdi. Har kuni ikki-uch kishi kasalxonada yotish uchun yo‘llanma oladi-yu, shu bilan qaytib kelmasdi. Qog‘ozni shtabga berib qo‘yib, o‘zlari uyga jo‘nab qolishar ekan! «Gap eshitmaslik uchun», aslida, boyagi maqsadlarda ularning nomiga ham paxta yoziladi... U bunga chek qo‘ydi. Dangasalarning misi chiqdi: ular uylaridan chaqirib olindi.
Ibod do‘sti Nazir bilan tez-tez suhbatlashib turardi. Birdan Gulandomning qo‘shiq aytib yurganidan dili ranjiganini gapirib berdi.
— E do‘stim-a,— asabiy kuldi Nazir,— kechqurun ikki-uchlarda xirmonga borgin. Tomoshani ko‘rasan.
Ibod tushunmadi. Nazir esa, ertaga o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan, deb gapni qisqa qildi.
Ibod ertasiga hamma uxlagach, sekin xirmon tomonga ketdi. Oydin. Osudalik. Bekinib borib, xirmonga yaqinlashdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, paxta ustida o‘qituvchi bilan Gulandom!.. Ibod bo‘g‘ziga kelgan allanarsani «qilt» etib yutdiyu sharpasiz iziga qaytdi. Shu bo‘yi ketaverdi. Qulog‘ida qizning onasi qabrini quchoqlab aytib yig‘laganlari jaranglardi. She’r yangrardi! Birdan sovuq bir ovoz keldi — o‘qituvchi: «Hech kimga rozi bo‘lmasangiz ham shu qizga oz-moz qo‘shib qo‘ying. Bir bechora, yetim qiz bo‘lsa», degandi! Mana senga, yordam!
Ertalab hamma Ibodni mast holda ko‘rib hayron qoldi.
U rostdan ham oyog‘ida turolmas, hadeb asabiy kulardi. O‘qituvchi butun dalani boshiga ko‘tarib baqirdi:
— Bu nima yurish? Uyat bormi sizda? Mana, men indamay yuribman-ku, sizlar yegan ovqatni yeb. Bola-chaqamdan kechib. Studentlarimni bola o‘rnida ko‘rib!
— E vijdonsiz, ota o‘zining bolasini...— U davomini aytolmay yig‘lamsirab tishlarini g‘ijirlatdi.— Ayt-chi, shunaqami? He seni!..
Shuning ustiga ichkaridan Gulandom chiqib qoldi. Ibod kutilmaganda uning yuziga bir tupurdi va quloq-chakkasiga tarsaki tortib yubordi.
— Tuyg‘ularimni haqorat qilganing uchun! — dedi u.
Akt tuzildi. Ibod militsiyaga topshirildi. Hech narsani tushuntirib aytmadi — haydaldi-ketdi.
Nazir do‘stining qarama-qarshi tuyg‘ular ichida qolib, nima qilarini bilmay, alamini eng ahmoqona usulda olganidan xabardor, biroq hech kimga aytmasdi, aytolmasdi. Shundan keyin Nazir o‘zgarib qoldi. Kursdoshlariga qo‘shilmas, o‘zi bir chetda yolg‘iz yurardi. Bir kuni lineykada: «Har qanday ob-havo sharoitida ham dalaga chiqamiz!» degan tashabbus boshlangani, fakultet studentlari ham bunga qo‘shilishlari lozimligi aytildi. Birinchi bo‘lib Nazir qarshi chiqdi:
— Men noroziman! To‘g‘ri, paxtani o‘ylash kerak! Biroq, sog‘ligimiz-chi?! Rasvo bo‘lamiz-ku! Vatanga paxta kerak, lekin biz ham kerakdirmiz?! «Havo ochiq kunlari uch hissa ishlaymiz» desak, yarashar. Lekin yomg‘ir-qorda... bo‘lmaydi.
Ola-g‘ovur bo‘lib ketdi.
— Nega komsomol komitetining tashabbusiga qarshi chiqasan? — Shtab boshlig‘i Nazirga chaqchaydi.— Biz adabiyot posbonlarimiz. Shunday tashabbus bilan chiqsak, hammamizning obro‘yimiz.
— Soxta obro‘ bu! — dedi Nazir.— Mayli, teraylik, faqat yigitlar tersin. Qizlarga to‘g‘ri kelmaydi.
— Nega?
— Axir ertaga ular ona bo‘lishadi-ku! — U iztirob bilan hammaga jovdirab qaradi.— Shusiz ham bu yerda ularga og‘ir. Shamollashadi. Kelajak avlodni o‘ylash kerak.
— O‘chir ovozingni, o‘rgildim sendaqa ginekologdan! — dedi shtab boshlig‘i. Kulgi ko‘tarildi.
Tashabbus «qabul qilindi».
Ko‘p o‘tmay u yana janjal ko‘tardi. Bir kecha uch bola brigadir bilan birga ariqdan suv olib, terilgan paxtaga quyayotganda Nazir borib qoldi. Shtab boshlig‘iga bu haqda aytganda u parvo qilmadi. Yana bir voqea sodir bo‘ldiyu Nazir ham ketib yubordi.
O‘sha paytda katta bir amalni egallab turgan yozuvchining qissasi jurnalda bosilib chiqdi. Fakultet dekani jurnalni olib keldi. Ikki kun shu yerda yurib, oxiri muddaosini bayon qildi:
— Shu kishiga, «Paxtazorda yurib asaringizni o‘qidik, bizga yoqdi» mazmunida studentlar va o‘qituvchilar nomidan ochiq xat yozamiz. Men, komsorg va profkom raislari qo‘l qo‘yadi. Bu fakultetga obro‘ olib keladi. Adabiyotdagi yangiliklardan xabardorligimiz va operativligimizdan dalolat bo‘ladi.
Ko‘pchilik buni ma’qulladi. Nazir so‘z so‘radi.
— Men ham o‘sha asarni o‘qidim. Yoqmadi. Butunlay yolg‘on, chuchmal narsalar. Xat yozishga qarshiman. Boshqacha xat yozish tarafdoriman: «Qachon ko‘zbo‘yamachilik tugaydi? Qachon hamma o‘z ishi bilan band bo‘ladi? Qachon biz to‘liq o‘qiymiz?» degan mazmunda xat yozaylik, birinchi bo‘lib qo‘l qo‘yaman!
Dekanning rangi o‘chib ketdi. Ertasi kuni tushlik paytida Nazirning ketib qolganligi ma’lum bo‘ldi. Dekan uni «insofga chaqirgan» ekan, lekin eshitishni istamabdi. Keyin: «Armiyaga jo‘natib yuboraman», deb po‘pisa qilibdi. «Ketaveraman», debdi Nazir. «Baloga ketasan! — kulibdi dekan. — Kunduzgiga xizmatdan qochib kirgansan-u, yana ketaveraman, deb oliftagarchilik qilasan!» Shu gap uchun Nazir ketibdi...
Mana, ular ikkovi ham xizmatni o‘tab, yana qayta student bo‘lishibdi. O‘sha Nazir, yuqorida aytganimdek, hozir redaktsiyada ishlayapti. Unga va’da berib qo‘yganim uchun rayondan telefon orqali aniqladim: yaqinda byuroda qabul bo‘lar ekan. O‘sha maktab. Vaqtini kelishib oldigu qishloqqa bordim.
Hamqishlog‘imiz Arofat xola qazo qilibdi, byuroga borolmadim. Sayfulla boboni o‘sha yerda uchratarman deb o‘ylagandim. Taajjubki, doim to‘y-ma’rakalar telasida turadigan kishi u yerda yo‘q edi. Surishtirsam, Habibulla amaki — bizning keksa muallim uni haydab chiqaribdi. «Ket!», debdi sekin yoniga kelib. Boboning rangi bir o‘zgaribdi-yu, indamay ketaveribdi. Sababini hech kim bilmasmish. O‘rni bo‘lmaganligi sababli ortiqcha ijikilab o‘tirmadim. Kechlatib bobonikiga bordim. U kasal kishidek bemajol yotardi. Hadeb «uf» tortadi. Men bilan ham ochilib gaplashmadi. O‘zimni noqulay sezib o‘rnimdan qo‘zg‘alayotgandim: «O‘tir», dedi shikasta ohangda. O‘tirdim. Niyatimdan xabardor ekan.
— Samad bugun komsomolga o‘tib keldi, — dedi bobo bazo‘r. — Xursand. «Sizga o‘xshagan bo‘laman», deydi. «Menga o‘xshamagin, men ablahman» deyolmadim.
Hayron bo‘lib qaragandim, bobo bosh chayqab achchiq kuldi.
— Sen ham hayratlanasan. Hammang meni umri kurashlarda o‘tgan, halol-pokiza odam deb o‘ylaysan. Qaldirg‘ochga o‘xshatgan eding bir paytlar. E afsu-us! Qushlar begunoh, men esa.. Yuragimni timdalab yotgan gallarni senga aytmasam bo‘lmaydi, bolam. Lekin zinhor-bazinhor birovga og‘iz ochmayman deb qasam ich. E qo‘y, qasam yomon. Men bir marta shunaqa qilib, uddasidan chiqolmaganman. Onamning oldida, Habib, Arofat, Layloning oldida yuzi qoraman. Sharmandaman. Odam emasman. Men insonlik sha’niga dog‘ tushirdim... Ke, bir boshdan gapirib beray. Lekin maqola qilib yozib chiqasan. Habib o‘qishi kerak. Lekin ismlarini o‘zgartirasan. Shunday qilmasang bo‘lmaydi. Hecham bo‘lmaydi. Shunday so‘z bersang — bas. Qasam ichma...
Men bu gaplar o‘rtamizda qolishini aytdim. U ko‘nmadi. «Yozasan», deb turib oldi. Ko‘ndim.
Bobo shikasta tovush bilan o‘z kechmishini ayta boshladi. U qarib qolgandi, umri tugashi aniq edi — shuning uchun ham o‘z o‘tmishidan qo‘rqmay qo‘ygan, unga faqat gapirib qolish muhim edi. Shu boisdan shoshilmay, yashirmay barini ochiq aytardi. Uzoq o‘ylab yurganidanmi, bu voqeaga aloqador har bir kishining kechinmalarini aniq tasvirlab berardi...
Arofat ko‘rgan kishining suqi kirguday bir qiz bo‘ldi. Ammo u tunlar g‘am bilan yotib, tongda beruh o‘rnidan turar edi. Qarindoshlar o‘zini chetga tortgan, otaning esa ichkilikbozlikdan bo‘lak ishi yo‘q. Uni bitta sir tinmay qiynar, o‘ylab toqati toq bo‘lardi: shu oy yuzli, malakdek qizining naq ko‘ksida kaftdek oppoq dog‘i bor edi.
Qiz turfa hislarga erk bermay, o‘zini tiyibroq o‘sdi. Sog‘lom qizlarga ich-ichidan hasad qila-qila bo‘yiga yetdi. U o‘zini ishontirib, hatto tayyorlab ham qo‘ygandi — unga kim uylansa, u yo bir bedavo, yo «bir dilxasta oshiq» bo‘ladi.
Ammo yon qo‘shnisi Sayfulla qizni tinmay ta’qib qilar, ko‘rganda xo‘rsinib qo‘yardi. Keyin-keyin borib dadil-dadil gapiradigan bo‘ldi. Qiz ham o‘ziga yigit kishi odamdek muomala qilganidan suyunar, aytganlariga itoat etardi.
Hammasi shundan boshlandi: kech bo‘lib, el yotgandan so‘ng qiz hovli orqasidagi bug‘doyzorga chiqar, yoshlikning betizgin hislariga berilgan yigitning pinjiga kirardi. Qiz oxiri nima bo‘lishini bilmas, o‘ylamas, uning xatti-harakatlarini kuzatadigan, tergaydigan ota esa mast-alast, araqdan bosh ko‘taray demasdi.
— Nima bo‘lsa bo‘lar, — derdi qiz o‘z-o‘ziga kunduzlari, — shuning o‘zi yetadi menga. Qiz qolib ham baxt topmasdim. Aybim nima axir? Men ham dunyoga kelib sevishim, sevilishim kerak-ku? Balki Sayfi aldamas?
To‘rt oy ana shunday telbalik ila o‘tib ketdi. Sayfulla o‘z tentakligi oqibatini sezdi. Qiz ham.
— Mening senga uylanishimga otam sirayam qo‘ymaydi, — dedi u bir kun surbetlarcha.
Qiz yig‘ladi. U sho‘rlik «bolam bor» deyolmas, bunga ishongisi kelmas, go‘yo bu yolg‘on-u, agar ovoz chiqarib aytsa rost bo‘lib chiqadigandek qo‘rqardi. Sayfulla esa dam uni, dam o‘zini so‘kardi.
— Qo‘y! — deb achchiq kuldi Arofat. — Endi sen ko‘nglimni siyoh qilma. Sen bari bir meni tashlab ketarding, bola bo‘lsa ham. Mana, ko‘rgin, ko‘ksimda dog‘ bor — men pesman...
Sayfulla qo‘rquv va dahshatdan titrab ketdi. U qizning nomusi uchun kuymasdi, balki: «Bu la’nati dog‘ menga yuqib qolmasmikan?» deb qo‘rqardi, xolos!
— Agar bir shartimga rozi bo‘lsang, bu gap uzoq paytgacha sir bo‘lib qoladi, — sekin, ammo keskin dedi Arofat.
— Ayt, tezroq ayt, roziman. Ayt — Talvasaga tushdi yigit.
— O‘zim buyog‘iga turib beraman, katta qilaman. Agar qiz bo‘lsa, uzatganimda kelib, fotiha berasan. Yigit bo‘lsa, ota bo‘lib kelinni kutib olasan.
Sayfulla uzoq jim turib qoldi.
— Rozimisan?
— Roziman.
— Agar kelmasam, non ursin, deb qasam ich.
— Agar kelmasam... non...
— Bo‘pti, ketaver! — dedi Arofat. — Lekin esingdan chiqarma, kelmasang — o‘ldiraman!
Qiz yarim tunda uyg‘onib ketdi. Negadir Sayfulla kelib uni kutib turgandek tuyuldiyu sekin bug‘doyzor tomonga chiqdi. Nariroqdan shivir-shivir eshitilardi.
— Meni nimaga bu yerda sudrab yuribsan?
Qiz hayron bo‘lib qoldi: bu Habibullaning ovozi-ku! Qiziq u nima qilib yuribdi bu yerda? Yuragi yomon bir narsani sezgandek titrab, oyoq-qo‘li bo‘shashib, to‘xtab qoldi.
— Senga yo‘lda aytmovdim, — derdi Sayfulla. — Hozir Arofat chiqadi. Hech gap-so‘zsiz. Hushtak ursam bas. Navbat bilan bir yayraylik. Yigitchilik-da endi.
— Nima? — so‘radi Habib. — Sevgilingni shunday degani qanday tiling bordi?
Sayfulla kuldi:
— O‘ynashingni de! Hamma biladi-yu, sen bexabarmisan?
Qiz ko‘ksini changallagancha bemajol, behol bo‘lib ortiga qaytdi. «Demak, o‘ynab yurgan ekan-da. O‘ynash... Oh, naqadar jirkanch, uyat. Habibga ag‘darmoqchi ekan-da. Voy, iflos!»
Arofat dahshat ichra kutib yurgan kun keldi — sir ochildi. Otasi uning ko‘z o‘ngida o‘ziga o‘zi pichoq urdi.
— Senga rahmat, qizim! — dedi u ihrab. — Cheksiz qiynoqlarga nuqta qo‘yding. Hayotdan zerikkan, charchagan, to‘ygan edim-u, o‘lishga bahona topolmay yurgandim!
Arofat qizchasini: «Otang to‘y kuni keladi», deb yupatdi. O‘zini goh bunga ishontirib yursa, goh ko‘ngliga g‘ulu tushardi. Urush yillari Habibulla jangga ketdi, Sayfulla hosilot, rais bo‘lib yurdi. Tinch kunlar boshlanib, Habibulla o‘qituvchilik qila boshladi. Arofatning Sayfullaga uyqashroq qilib ism qo‘ygan qizchasi Laylo onasining gaplariga ishonib o‘sdi. Doim to‘yini o‘ylardi. Ko‘cha-ko‘yda ezilsa hamki, shu narsa uning ko‘nglini to‘ldirardi. Nihoyat, o‘sha kun ham yetib keldi. Qiz ham, ona ham hayajonda. Garchand tumonat odam bo‘lsa ham hovli bo‘m-bo‘shdek tuyulardi ularga. Qizlar doira chertib, «yor-yor» aytib kirib kelishdi. Xuddi shu paytda qizning otasi unga oq fotiha berishi kerak. Ikki yurak qattiq dukurlardi. Arofatning ko‘zlari olazarak. Biroq... Biroq yigirma uch yil kutgan baxti sira kelmasdi. Birdan ko‘zlari xira tortib, boshi aylanib ketdi. To‘yxonada bir muddat o‘ng‘aysizlik hukm surib qoldi.
— Nahot u battol kelmaydi? — ezilardi Arofat. — Axir, yomon qasam ichgan edi-ku? Nahot shu ahdiniyam buzsa? Shundanam qo‘rqmasa-ya? E yo‘q, ana, kimdir chiqyapti-ku... Sayfullami, yo‘q, Habibulla ekan.
Uning oyoq-qo‘lidan darmon ketib, o‘tirib qoldi.
Habibulla muallim sifatida Layloga oq yo‘l tiladi, kelin ketdi. Arofat o‘ylab o‘yiga yetolmasdi. Birdan barchasi alam qilib, g‘azabi jo‘shib ketdi, Oshxonaga kirib, boltachani qo‘yniga yashirdiyu kolxoz idorasiga qarab jo‘nadi. Rais ikki-uch kishi bilan suhbatlashib o‘tirgan ekan. Ular Arofatni ko‘rib, chiqib ketishdi. Sayfulla borib, eshikni yopdi.
— Arofat, meni kechir. Kechir, hech ishdan ortinolmadim. Paxta, majlis... bariga la’nat! Endi kuyov ikkalasiga rostini aytaman. Ularga yordam qilaman. Shunda yaxshi bo‘ladi — ozchilik. Bugun xalqdan qattiq hayiqdim.
Hozirgina g‘azabdan titrab, ko‘ziga qon to‘lib turgan Arofat birdan bo‘shashib ketdi:
— Shunday borsang ham bilinmasdi. Sen bari bir kolxozga otasan-ku? Bugun borishing shart edi. Qizing meni yomon ayol deb o‘ylamasligi uchun borishing kerak edi. Uning oldida yuzim yorug‘ bo‘lishi lozim edi. Majlis, paxta, deysan... Axir sen qasam ichgansan-ku? Qizing ikkovimiz qattiq ishonib, nuqul kelishingni kutardik. Afsuski... Habibulla unga oq yo‘l tiladi. Sen nomardlik qilgan paytdanoq u sirimizni bilardi. Hammasini yashirib keldi. Sen pastlik qilding. Ayt-chi, senga inson o‘yinchog‘u uning tuyg‘ulari ermakmi-a? O‘z so‘zining ustidan chiqolmay qochib yurgan erkakni erkak deb bo‘ladimi? Sen gapingda turmasang, men ahdimni bajaraman!
Arofat shu so‘zlarni aytib, unga bolta urdi.
Tashqaridagilar g‘alati ovozlarni eshitishib, yugurib kirib kelishdi. Militsiya chaqirildi. Arofat: «O‘zim, shunchaki o‘ldirib tashlagim keldi», deb turaverdi. Sayfulla ham, «Xusumati bormi, nima balo», deb qo‘ydiyu qutuldi.
Arofat qamoqdan kelgach, o‘tgan yili rafiqasi qazo qilgan Habibulla unga uylandi. Ammo biron joyda Sayfullaning sirini ochmadi.
Yillar o‘tdi. Ko‘p ma’naviy va jismoniy azoblar chekkan Arofat ham qazo qildi. «Endi bari unutilgandir» degai umidda Sayfulla ularnikiga bordi. Biroq... Habibulla yoniga kelib: «Ket!», dedi. Bo‘ldi, boshqa gapirmadi. U ham indamay chiqib ketdi.
— Meni odam deyish, birovga ibrat qilib maqola yozish mumkin emasligini endi bildingmi, bolam? — dedi rangi bir holatga tushgan Sayfulla bobo. — Kimgaki muruvvat qilsam, rahmatni yakka o‘zim eshitdim. Kim yomonlik ko‘rsa, faqat meni so‘kmadi, davlatni qo‘shib so‘kdi. Kamchiligimni aytgan odamni «xalq dushmani, buzg‘unchi» deb yoqasidan olaverdim. Kimdir bu so‘zdan chinakamiga qo‘rqsa, kimlar teng bo‘lishni ep bilmadi. «Hukumatning odamiman» degan gapni qurol qilib oldim. Tinsam — chetda qolib ketardim, gapiraverardim. Amalda yurdim doim, oyog‘im uzangidan tushmadi. Hozir veteran deb izzat-hurmat qilishadi. Hamma halol emasligimni biladi. Kattalar ham. Lekin o‘zlari ham o‘zlarining farishtaligiga ishonishmaydi shekilli, birontasi tik qarab biron narsa deyolmagan... Bugun o‘zgarishlarni ko‘rib, birdan cho‘chib ketaman. Mendaylar ko‘p, hali yana uchrashi mumkin. Kursdoshlaringni aytib beruvding. O‘shalar haqiqiy komsomollar. Hech narsa ta’ma qilmay, beminnat, halol yashashadi. Menga o‘xshaganlar esa eng ulug‘ nomlarni sotib kun ko‘rishadi. Onam go‘rida tik turgandir! Yozmasang bo‘lmaydi, bolam. Habib buni ko‘rib qolishi kerak. Sirni ochmay turib onamning yoniga borolmayman. Men to‘g‘ri gapni ochiq aytaoladigan odam bo‘lolmadim. — Uning ovozi titrab ketdi. — Otimni o‘zgartirsang bo‘ldi. Ochiq aytishga chidolmayman, chidolmayman. Lekin oqlangim kelyapti bari bir...
* * *
Tong otmoqda. Chol oppoq choyshabga o‘ralgancha yotardi. Mening oldimda oppoq qog‘oz, hayron o‘tirardim. Borliq toza. Ishga tushib ketgan xalq ongida ham shunday tiniqlik. Yangi kunning oppoq tongida faqat ikkimiz karaxt edik.
“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 1-son
%MCEPASTEBIN%