Halol odamni ta’qib etish mumkin, ammo uni badnom qilib bo‘lmaydi.
VOLTER.
...Ming to‘qqiz yuz yigirma oltinchi yilning marti. Qantar og‘gan mahal. Izg‘irinning dami qaytgan. Saf-saf yastangan maysalar ayozning «muvaqqat qahriga» isyon ko‘targuday. Ariqlardan oqayotgan suv o‘zidan oppoq bug‘ chiqargancha allaqayoqlarga shoshiladi. Yerdan hovur ko‘tariladi. Dov-daraxtlar ham bu o‘zgarishlarni ajablanib kuzatayotganday.
Nomozshom... Osmonning huv chetidan ro‘dapo bulut sudralib kelayotir. Toshkentning Beshyog‘och mavzeidagi Eshonguzar mahallasidagi odamlar ham turmush tashvishlarining zalvorli yuklarini yelkalariga ortmoqlagancha tabiatdagi bu uyg‘onishni goh payqab, gohida payqamay turtinib, surtinib uylariga oshiqadilar. Odamlar oqimi ichidan o‘rta bo‘y, xushbichim, qorachadan kelgan va tim qora ko‘zlarida mubham bir ifoda qotgan, kiyimlari esa o‘ziga yarashiqlig‘, parishonxayol yigit o‘tib boradi. Tizginsiz xayollar o‘z og‘ushiga olgan bu kishi — elning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriy. U yon veridan o‘tayotgan tanish notanishlarning bosh irg‘aganini goh ilg‘aydi — gohida yo‘q. Negadir bugun diltang. Yo‘q, aftidan ishlarning bari maromida. «O‘tgan kunlar» qo‘lma-qo‘l o‘qilmoqda, ichakuzdi feletonlar, hajviyalar peshma-pesh «Mushtum» yuzini ko‘rmoqda. Biroq, ularning bari uni hali to‘la qanoatlantirmasdi. Xayolida charx urayotgan fe’l-atvorlar, qiyofalar va voqealar tizmasi uni tuganmas beoromlik girdobiga tortib ketardi. Ha, Qodiriy bo‘lajak romanning «to‘lg‘oq azob»larini boshidan kechirardi. Qolaversa, davr barcha ziddiyatlarni yuzaga chiqargan, bu ziddiyatlarni hal etishda esa mavqelarni, maslaklarni belgilash muhim edi. Bu qarama-qarshiliklar shaxslarda yanada murakkabroq tomonlari bilan aks etar va ularni sinfiy kurash degan po‘rtanaga tortib ketardi. Yangi hayot sari yo‘l ko‘p og‘irliklar ustidan solinayotgandi. Qodiriy ana shunday o‘y xayollar og‘ushida uyiga qanday yetib kelganini sezmay qoldi. Bo‘sag‘a hatlab o‘zini uyga olarkan, kayfiyatidagi miskinlik tumandayin tarqab ketdi.
Anchayin keksayib qolgan munisgina onasi Josiyat bibi tevaragida chug‘urlashib o‘ynashayotgan bolalari Nazifa, Habibulla va Adibani ko‘rib mehri iydi. Yostiqdoshi Rahbar esa qimtinibgina ro‘zg‘or ishlari bilan kuymanib yuribdi. Bir zumda uy quvnoq shovqinga to‘lib ketadi. Ona uchun bolalarini shu holatda ko‘rishdan ortiqroq baxt yo‘q. Bolalari bilan tillashayotgan o‘g‘liga qarar ekan, uning ko‘zlarida allaqanday horg‘inlikni ko‘rganday bo‘ldi. Ha, tashvishi ko‘p. So‘ng ona xonadonning kamolini tilab pichirlab duo qiladi. Abdullam elning xizmatida. El ulug‘lagan odam kam bo‘lmaydi. Bolalari baxtiga omon bo‘lsin. Bari ham orqamda qolishsinda egam!»
Eh, onalarning duolari hpr doim ijobatga o‘tsa bormi, bu dunyoda g‘amxonaning o‘zi bo‘lmasdi. Nadomatlar bo‘lsinki, gohida voqealar rivoji o‘zgacha kechadi. O‘sha kech Qodiriy bolalarini erkalab turgan pallada uning atrofida qabohat ko‘lankasi tentirar, derazalaridan yorug‘lik va quvonch yog‘ilib turgan xonadonga qanday suqulishni bilmay garang edi. Asabiylashgan ko‘lanka daydi shamol ko‘magida o‘zini oppoq parda tutilgan derazaga urar va uni zir titratishdan nariga o‘tolmay xunobi oshardi. Yo‘q, qabohatning jirkanch qo‘llari uzun va behisob ekan. Ana, nihoyat, eshik to‘satdan qattiq taqillaydi. Negadir, yuragini noxush o‘ylar g‘ijimlay boshlagan Josiyat bibi o‘g‘li Abdullaga qaradi. Onaning xavotirlanganini ko‘rgan Abdulla yelkasiga to‘nini olganicha shosha-pisha eshikka yo‘naldi. Oradan o‘tgan bir zum Josiyat bibi uchun juda uzoq ko‘rindi. Va nihoyat o‘g‘li uch kishini boshlab kirdi, rangi bir oz o‘chinqiragan. Kutilmagan mehmonlarning tashrifi hammani tang qoldirgandi. Kitel kiygan, yuzlari zahil birisi Qodiriyga yuzlanib:
— Bo‘la qoling, buyruq shunday — deydi rasmiy, beyoqimroq ovozda. — Ha, darvoqe, mana bu sizni qamoqqa olishim kerakligi haqida order.
Nelar bo‘layotganini unchalik anglay olmagan Qodiriy orderga ko‘z yugurtirdi:
«32 Order.
1926 yilning 8 martida xodim Kurmanovga berilgan.
Grajdanin Abdulla Qodirov qamoqqa olinsin va tintuv o‘tkazilsin. Adres: Toshkent shahrining Beshyog‘och qismidagi Eshonguzar mahallasi».
Badaniga chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. «Bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bo‘lganga o‘xshaydir. Yo‘q. Unda nega bular menga bundayin muomalada bo‘ladilar. Nega?.. Bolalari Nazifa va Habibulla Josiyat bibining pinjiga tiqilganlaricha, «begona amaki»larga qarab-qarab qo‘yishardi. Qodiriy og‘ir nigohlarini yerdan olib, qo‘zg‘alarkan, onasiga:
— Onajon, bu yerda qandaydir tushunmovchilik bo‘lganga o‘xshaydi. Men buni aniqlab tezda qaytaman. Xavotir bo‘lmanglar, — deydi. Qodiriy eshikka yetganida orqasiga qayrilib qaradi. Afsus, balki qaramaganida osonroq bo‘larmidi. Uning ko‘z o‘ngidan hozirgina ko‘rgani, burchakda siqilishibgina turgan pajmurda onasi va mushtipar xotini bolalarini quchoqlaganicha unsizgina yum-yum yig‘layotgani ancha mahalgacha ketmadi. Ikki mushtipar ayol va uch norasida o‘z ohiga o‘zi o‘ralib qolaverdi. Yarim tunga borib qattiq momaqaldiroq osmonning chokini so‘kib yubordi. Shivalab yomg‘ir yog‘a ketdi. Haligina bu baxtli oilaning quvonchiga shodon tikilib turgan deraza ko‘zlaridan yomg‘ir tomchilari, bamisoli ko‘z yoshidek oqa boshladi...
* * *
O‘sha mash’um kechada voqealar shunday kechgan bo‘lsa, ne tong. Qo‘limda o‘sha ziddiyatli kurashlarga to‘liq davrning guvohi bo‘lmish hujjatlar... Yillar o‘z muhrini bosgan sahifalarni varaqlar ekansan, sen uchun mo‘‘tabar bo‘lgan insonning mudhish taqdiri haqidagi voqealar ko‘z oldingga, o‘zining barcha fojialari bilan qalqib-qalqib chiqaveradi.
20-yillardan buyon o‘tgan fursat tarix uchun bir soniya. Biroq, bu davrda kechgan voqealar o‘zining sirliligi va mavhumligi bilan bizdan anchayin uzoqda. Hanuz mavhumlik o‘z changalida tutib turgan taqdirlar to‘g‘risidagi ishlar talay. Bugungi avlod haqiqatni bilishi shart. Bu davr taqozosi. Qolaversa, axir, buni nohaqdan zavol topgan taqdirlar so‘raydi, bizdan.
Ana shunday odamlar orasida Abdulla Qodiriy ham bor. Qodiriyning o‘z qo‘llari bilan yozgan iltimosnomalarini, ko‘rsatmalarini qalbda alam, ko‘zda yosh bilan o‘qir ekansan, shunda ulug‘ yozuvchi oldidagi buyuk qarzdorlik hissi mudroq ongingga tig‘ kabi sanchila boradi. Uzib bo‘lmas qarzni uzish qiyin. Kech bo‘lsada, o‘talmagan burchning armonlari dilni ezadi.
Qodiriy haqida so‘z aytish — juda mas’uliyatli ish. Biroq, yozuvchi hayotining ba’zi tomonlarini boyituvchi hujjatlarini o‘rganar ekanman, burchim yuzasidan bu haqda o‘quvchilarga hikoya qilib berish uchun o‘zimda jur’at sezdim. Zero, Qodiriy haqidagi har bir kalomni o‘quvchilar intiq kutishi, shubhasiz. Bas, shunday ekan, ulug‘ san’atkor haqida bir-ikki og‘iz yangi gap aytish dilga taskin beradi.
Shunday qilib, suronli ming to‘qqiz yuz yigirma oltinchi yilning mart oyi...
* * *
«O‘rta Osiyo GPUsining xodimi Kurmanov tomonidan hibsga olingan grajdanin Abdulla Qodiriyning uyida 1926 yil 8 martdagi GPUning 32-orderiga asosan tintuv o‘tkazildi. Tintuv o‘tkazishda qatnashuvchilar: Shosaidov Shotursun, Muhamedov, Teregulov hamda Abdulla Qodiriyning o‘zi.
OGPU olib ketish uchun quyidagi hujjatlar musodara qilindi:
1. Musulmon tilidagi har xil yozishmalar bir yuz qirq ikki (142) varag‘;
2. 3 kitob: 1. Baxtsiz kuyov; 2. «Juvonboz»;
3. Abdulla Qodiriyning o‘zbek tilidagi asarlari; ...
4. Yusuf Oqchurinning turk tilidagi «Yevropada ijtimoiy-siyosiy qarashlar» asari.
Tintuv o‘tkazdi: Kurmanov.
Protokol nusxasini oldim: A. Qodiriy».
Shundan so‘ng tergov organlari ish boshladi. Sud organlari tomonidan A. Qodiriy shaxsi sinchiklab o‘rganila boradi. Ana shu tergov organlarining «xolis xizmati» tufayli Qodiriyning o‘zi tomonidan to‘lg‘azilgan anketalarning va ko‘rsatmalarning asl nusxalari saqlanib qolgan. Anketadagi yozuvlar Qodiriy tarjimai holiga aniqlik kiritadi degan maqsadda uni to‘liq holda keltiramiz. (Anketa ruscha to‘ldirilgan).
«Qodirov Abdulla, O‘zSSR grajdani, millati o‘zbek, doimiy qayd qilingan joyi Toshkent shahri. 1896 yil 15 mayda tug‘ilgan, 30 yoshda. Uy ma’lumoti bor. Qaramog‘ida: xotini Rahbar — 30 yoshda, qizi Nazifa — 9 yoshda, o‘qiydi, o‘g‘li Habibulla 7 yoshda, qizi Adiba (anketada Aqiba deb yozilgan — A. X.) — 3 yoshda, onasi Josiyat — 65 yoshda. Partiyasiz. Hunari duradgorlik (toqichilik). Xususiy ustaxonalarda yollanib ishlagan. Oktyabr inqilobidan to 1918 yilgacha Eski shahar ozuqa komitetida sarkotiblik qiladi. 1918 yildan 1920 yilgacha eski shahar kasabalar sho‘rosida sarkotiblik vazifasini bajargan. 1920 yildan 1923 yilgacha TKPning agitprossida ishlaydi. Mansabi yo‘q. Xizmat qilib kun kechirgan. Uyi bor. Ma’muriy yoki sud javobgarligiga tortilmagan. Harbiy majburiyatga munosabati — yo‘q.
1926 yil 8 martda GPU tomonidan uyida hibsga olingan. So‘roqqa chaqirilmagan. Aybnoma berilmagan. Qamoqqa olishdan ilgari yashash joyi. Toshkent shahar, Beshyog‘och Eshonguzar mahallasi» (48) Arab imlosida Abdulla Qodiriy imzosi 1926 yil 8 mart».
To‘satdan qamoqqa olingan Abdulla Qodiriy qaysi gunohlari uchun bu «sharmandali o‘yinga» tushib qolganligini anglolmay iztirob chekardi. Kechagina asarlari qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgan, barcha tavoze bilan hurmatini joyiga qo‘yadigan Julqunboy qip-qizil teskarichi bo‘lib chiqsa-ya. Endi odamlarning ko‘ziga qanday qaraydi. Ne degan odam bo‘ldi. Qorong‘i zax xonaning u yonidan bu yog‘iga yurar ekan, miyasini faqat bir savol burovga olaverardi. «Ne yozig‘im uchun? Ne yozig‘im uchun bunday jazoga loyiqman?» Devorlar gung edi, olam gung edi.
Qodiriyning o‘tirsa o‘rni, yursa yo‘li kuyib, butun kechmishini sarhisob qilar, ko‘zga ilgulik ayb topolmay yanada hunobi oshardi. Bunday kundan ko‘ra o‘lim avlo emasmu? Yo‘q, men ahli turobga qo‘shilib ketishdan cho‘chimasmen, lekin dilni mendan so‘ng qoladirg‘on tavqu la’nat toshini bukchaygancha ortmoqlab yurgan jigarbandlarimning ohi ezadir. Hammadan onamga, bolalarimga jabr bo‘ldi. Eh, bu peshonada hali qanday ko‘rguliklar bor. Ne bo‘lsa ham ishga aniqlik kiritmoq lozim. Nega meni hech kim yo‘qlamaydur. So‘rovga chaqirishsa ham bir navi edi-ya. Uf-f... Aqldan begona bo‘lish hech gap emas. Bular to o‘zimni-o‘zim yeb bo‘lguncha tomoshabin bo‘larmikan? Nahot, bu la’nati tomosha men uchun naqadar qimmatga tushayotganini fahmlashmasa? Darvoqe, bugun qaysi kun? Agar xotiram pand bermasa, martning yigirma ikkinchisi. Mana, qamoqda saqlanayotganimga ham qariyb ikki hafta bo‘layapti. Vo darig‘o, nahot bari endi abas bo‘lsa...
Og‘ir iztiroblar to‘lqini yozuvchini o‘z bag‘riga ola ketadi. Axiri, asab torlari tarang tortilgan Qodiriy zil-zambil eshikni zarb bilan ura boshladi. Uning butun nafrati mushtiga tugilib, kuchli zarba bilan og‘ir eshikka tushayotgandi. Qodiriyning nazarida olamni tutib ketayotgan ana shu zarba ovozlarini o‘zidan boshqa hech kimsa eshitmayotganday edi. Behud bo‘lgan Qodiriyning qo‘llari behol sirg‘alib tushdi. Uning qalbini bir zumda zabunlik hissi chulg‘adi. Nahot, meni hech kim eshitmasa?
Shu payt qadam tovushi quloqqa chalindi. Ro‘yomikan? Yo‘q, qadam tovushi borgan sari yaqinlashib kelardi. Shukur, eslariga olishibdi. Eshik oldida qadam tovushlari tindi. Oldin maxsus teshikchadan nazoratchi qaraydi. Qodiriy nazarida teshikdan unga tikilayotgan ko‘z tobora kattalashib borayotganday edi. Uning negadir shu ko‘zda yashiringan ifodani juda-juda bilgisi keldi. Ammo bularning bari bir zumda tugaydi. Ko‘z yo‘qoladi. Teshikcha yopiladi. Zum o‘tmay eshik shiqirlaydi. Qo‘llari asabiy titrayotgan yozuvchining birinchi gapi «Meni tergovga chaqirishlaringizni so‘rayman» bo‘ldi.
Tashqarida esa hayot o‘z maromida davom etar, kimdir bozorda arzon bahoga urib olgan molini hamrohiga maqtar, kimdir tirikchilik tashvishida sarson tentirar, xullasi hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi.
Bularning birortasi ham oralaridan yakkayu yagona bo‘lgan Julqunboyning yo‘qolib qolganini sezmaydi, sezishni istamaydi.
Hayot o‘z maromida davom etaveradi...
GPU komendantiga mahbus Abdulla Qodirovdan
ARIZA
Shu yilning 8 martida hibsga olindim va hanuzgacha nazorat ostida qamoqda saqlanib kelinmoqdaman. Haligacha so‘roqqa chaqirilganim yo‘q. Umuman, ne gunohlarim uchun ayblanayotganligim men uchun qorong‘u. Zarracha bo‘lsa-da, o‘zimni qora sezayotganim yo‘q, shunday bo‘lsada, mening ishim kimda ekanligini aniqlab, zudlik bilan tergovga chaqirishlaringizni so‘rayman. Aks holda, o‘zimni qurbon qilsam-da, 24-martdan boshlab ochlik e’lon qilaman.
A. QODIROV,
22 mart, 1926 yil.
Qodiriyning arizasi inobatga olinib, so‘roqqa chaqiriladi. Tergovda u o‘zi haqidagi bor haqiqatni aytadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Chunki u adlu dodga erishish uchun kurashni boshlagandi. Azaldan ham unga bu yo‘lda haqiqat hamishalik hamroh bo‘lgan. Shuning uchun ham Qodiriy protokol so‘roqlariga javob berar ekan, ochiq so‘zlaydi. So‘rov 1926 yilning 24 martida GPU maxsus bo‘limi vakili Agidullin tomonidan olib boriladi.
Qodiriyga tergov jarayonidan anglashila boradiki, unga qarshi qo‘zg‘alayotgan aybnomaga asos bo‘lgan ashyoviy dalil yaqinda «Mushtum» jurnalida e’lon qilingan «Yig‘indi gaplar» maqolasi ekan. Yozuvchi maqolani boshdan oyoq esga olar ekan, unga bunchalik teskari tus beriladi deb hech o‘ylamagandi. (Bu maqola bilan bog‘liq butun tafsilotlar Habibulla Qodiriyning «Yoshlik» jurnalining 1987 yil 11-sonida e’lon qilingan. «Feleton qiroli yoki o‘z elining maxsus muxbiri» nomli xotiralarida yaxshi yoritilgan).
Ish shu tariqa jiddiy tus ola boradi. Tergovchilar har bir mayda «detal»larigacha ahamiyat berib sinchkovlik bilan aybnomalarni to‘ldirib borishar, ishga doir hujjatlar kundan-kun ko‘payib borayotgandi. Gumonlar, shubhalar, o‘rgimchak inidek odamlar qalbini chirmab olayotgan davr. Kishilarda bir-biriga ishonchdan ko‘ra, badgumonlik kuchliroq. Gumon va hadikka to‘la hayot...
AYBNOMA
Abdulla Qodirov «Mushtum» jurnalining muharrir yordamchisi lavozimida ishlagan. O‘z vazifasidan foydalangani holda muharrirning qat’iy taqiqiga qaramay jurnalning 27-sonida «Yig‘indi gaplar» maqolasini bostirgan. Mohiyati jihatidan mazkur maqola ochiqdan-ochiq O‘zbekiston hukumati va Kompartiyasining rahbarlarini obro‘sizlantirish hamda shu bilan birga Kommunistik partiyaning muhim tadbirlarini tanqid qilish va masxara qilish ruhi bilan yozilgan. Muallif shubhasiz bu maqolani aksilinqilobiy maqsadlarda foydalanish uchun keng yoyishga uringan.
Bu jinoiy hatti-harakat O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksining 72 va 105-moddasining 1-bandiga muvofiq ko‘rib chiqilsin. Aybnoma protokolini tuzuvchilar Agidullin va Belskiylar.
Aybnoma Qodiriyga 24 martda beriladi. Unga Abdulla Qodiriy «O‘zimni aybdor deb tan olmayman» deya imzo chekkan.
Tergov jarayonida Qodiriy ishiga taalluqli yangi yangi «dalillar» topila boradi. Qodiriy tomonidan tahrir qilib tushirilgan «Bon-bon» maqolasi ham ana shunday ashyoviy «dalillar» sirasiga kiritildi. Aybnomada ko‘rsatilishicha, mazkur material ham muharrir tomonidan bosishga yaroqsiz deb topilgan. Biroq, Qodiriy redaktor rezolyutsiyasini o‘chirib, uning sof mohiyatini soxtalashtirgan va bosmaxonaga topshirib yuborgan. Uning bu jinoiy hatti-harakati jinoyat kodeksining 116-moddasiga binoan 128, 129, 142-moddalarga amal qilingan holda ko‘rib chiqilsin. Qodiriyga esa qo‘shimcha aybnoma berilsin.
3 aprelda berilgan bu aybnomaga ham Qodiriy «o‘zimni aybdor deb tan olmayman» deya imzo chekadi.
Aybsiz aybdorlikning xo‘rliklari uzoq, ko‘zyoshlari achchiq. Nohaq tuhmatning toshi esa naqadar og‘ir. Nima qilsin. Haqligini qanday isbotlasin. Kun ora ishga unga qarshi bo‘lgan ashyoviy dalillar va jonli guvohlarning ko‘rsatmalari qo‘shilaverar, tergovchi ham ularni yig‘ishdan zerikmasdi. Mana Qodiriyning jinoiy ishiga tirkalgan ashyoviy dalillar:
1. «Mushtum» jurnalining 27-sonida joylashgan «Yig‘indi gaplar» maqolasining qoralamasi.
Muallif A. Qodirov.
O‘sha maqolaning asl nusxasi.
2. «Mushtum» jurnalining 28-sonida «Bon-bon» nomi bilan bosilgan maqolaning asl nusxasi. Muallif Xurshid «Mushtum» jurnali 27-soni «Yig‘indi gaplar» maqolasining korrekturasi.
Tergov paytida Qodiriyning ko‘pgina hamkasabalari va do‘stlari guvoh sifatida chaqirilgan edilar.
Bular tergovga o‘z ko‘rsatmalarini berar ekan, shunda ko‘zlari Qodiriyning ko‘zlariga duch kelishidan juda cho‘chishgan bo‘lishlari kerak. Achchiq zaharxanda va nafratga to‘la bu ko‘zlarga boqish ular uchun qiyin edi. Chunki ular Qodiriy bilan yaqin-yaqingacha do‘st, hammaslak edilar. Endi esa ikki o‘rtada tubsiz jarlik paydo bo‘lgan. Qodiriy sobiq do‘stlariga tikilarkan, nahot qo‘rqoqlik kishini shunday ojiz, notavon qilib qo‘ysa-ya, afsus. Vaqt har qanday jarohatga ham muolaja bo‘lishi mumkin. Biroq eng yaqin kishilaring qalbingga yetkazgan jarohatni bitkazish... deya o‘ylardi.
Bir-biriga gal bermay so‘ylayotgan guvohlar va miskin kayfiyatda o‘tirgan aybdorning keyinroq bir girdobga tushib, zavol topishini hali hech kim bilmasdi, bilolmasdi. Yo‘q, ular yomon odamlar emasdi. Ularda bilim ham, o‘quv ham, saviya ham yetarli edi. Biroq...
Hozircha hamma bu girdobdan qutilish payida edi.
Hammadan ko‘ra, Josiyat bibiga qiyin bo‘ldi. Onaizorning ohu-fig‘onlari olamni tutgan. Ko‘zining nuri, belining quvvati Abdullasini olib ketganlaridan buyon kamgap bo‘lib qolgan. Bir tutamgina bo‘lib burchakda qarog‘idan biror mujda kelarmikan, deb eshik poylaydi. Eshik tiq etsa yuragi hapriqadi. Aksiga olib uylaridan birin-ketin tanishlarining ham oyog‘i tortila boshlaydi. Na iloj, ko‘rgulikda! Bechora ona, tunu kun osmonga iltijolar qiladi. Duolari ijobatga olinishiga ishonadi. Tundan bir oz hadik oladigan bo‘lib qolibdi. Nazarida, deraza va eshiklardan qorong‘ulik xuddi ana u uch kishidek bostirib kelaveradi. Kampir qush uyqu. Bir kun kechqurun ko‘zi andak ilinib tush ko‘ripti. Emishki, tushida Abdulla uyga kelayotganmish, egnida oq ko‘ylak, oq lozim, oyoqlari yalang. Kularmishu, tovushi chiqmas emish. Uylariga yaqinlashganida, qaerdandir juda bahaybat qora ho‘kiz paydo bo‘libdi-yu, bolaginasiga tashlanipti. Abdulla o‘ngga-so‘lga qochibdi. Qayda, orqadan ho‘kiz yaqinlasha boshlabdi. Kallasi xumday, ko‘zlari kosasidan chiqquday. Ho‘kiz har pishqirganida, og‘zi-burnidan oq ko‘pik o‘rniga qopqora qon otilarmish. Ho‘kiz o‘g‘liga yetay deganida, Josiyat bibi o‘rnidan sapchib turib ketdi. Tuf-tuf, ko‘kragiga tufladi. Haytovur, tushim ekan, yorug‘likka bo‘lsin, ishqilib». Qaytib ko‘ziga uyqu kelmadi. Tuni bilan o‘g‘lini, uning norasidalarini o‘ylab tongni oqladi.
Ertalab kelini Rahbarga o‘g‘lini ko‘rishi zarurligini aytib yorildi. Qaynonasining ajinlari yanada quyuqlashgan yuziga qararkan, kelinning xo‘rligi keldi. Qanday o‘ktam ayol edi-ya. G‘am ezib qo‘ydi. Rahbar qaynonasini eshikdan kuzatib qoldi. Qo‘lida tuguncha ushlab olgan parishon kampirni nigohlari bilan uzatdi. Eshikni yopar ekan, ichidan gumirib kelgan xo‘rsiniq yig‘i bo‘lib otildi.
Bahor esa hech narsadan xabarsizday olamni bezash bilan ovora. Qodiriylar bog‘i ham oppoq gullarga burkangan. Bu gullar ichida bolarilar kuni bilan bozor qiladi. Qushlar esa bir-biriga basma-bas mast sayrashadi. Bahor xuddi ular uchun kelganday shodon bazm qurishadi. Lekin ular bir narsani anglashdan mahrum. Axir, shu hovlida bahorni eng intiq kutgan inson borligini, usiz bahor, bahorsiz u yetim bo‘lib qolganini ular bilmasdi...
«O‘rta Osiyo OGPU muxtor vakiliga Toshkentdagi OGPU nazorati ostidagi maxbus grajdanin Abdulla Qodirovning onasi Josiyat bibi Abulqodir xotini tomonidan
ILTIMOSNOMA
Yaqinda GPU organi tomonidan «Qizil O‘zbekiston» gazetasi va «Mushtum» jurnali redaktsiyasida ishlaydigan o‘g‘lim Abdulla Qodiriy qamoqqa olindi. Uning qamalishi men va butun oilamiz a’zolari uchun og‘ir zarba bo‘ldi, negaki biz o‘g‘limiz qandaydir jinoyat orqasidan qamoqqa tushadi deb, hech qachon xayolimizga keltirmagandik. Agar u qandaydir xato qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni, mening fahmimga, uning haddan tashqari yoshligidan, tajribasizligidan yoki aniqrog‘i boshqa odamlarning ta’siriga berilishidan kelib chiqqan deb tushunmoq joiz.
Menimcha, uning gunohi unchalik azim emas, qolaversa, u buning chun qamoqda o‘tirib yetarlicha jazosini oldi. Sizga astoydil murojaat qilib, uning ishini tez orada ko‘rib chiqishingizni o‘tinib iltimos qilaman, chunki men va butun oilam qattiq xavotirda. Kun va tunlarni ko‘z yoshi bilan o‘tkazmoqdamiz.
Toshkent. Eski shahar. 1926 yil aprelining 2-kuni».
Endi o‘g‘li bilan diydor ko‘rishishga ruxsat berarlar. Bolaginam esonmikan. Ko‘nglida bolasiga aytadigan gaplari shunchalik ko‘pki, faqat ko‘rsa bas. O‘g‘li bilan xayolan suhbatlashib yurgan onaga birdan sovuq xabar keltirishdi. «Abdulla ochlik e’lon qilgan emish. Ikki haftadan buyon tuz ham totimasmish». Josiyat bibi hayotning achchiq-chuchugini totigan kayvoni sifat bo‘lsa-da, bu noxush xabar uni tamom yiqitayozdi. Nuqul ko‘z o‘ngida o‘g‘lining horg‘in-behol chehrasi gavdalanaverdi. Josiyat bibi uvvos tortib yig‘lab yubordi. «Voh sho‘rpeshona bolam-a. Ne gunohlaring uchun bu azoblarni chekasan-a». Ona ayanchli ko‘z yoshlariga ko‘milib turgan paytda eshikdan norg‘ul bir kishi ko‘rindi. Ko‘zi ilg‘amadi. Yaqinroq kelib salom berganidan so‘ng tanidi. G‘ulom Zafariy. Asli qo‘qonlik bo‘lgan bu kishi Toshkentga ancha ilgari ko‘chib kelgan va Eshonguzar mahallasidan qo‘nim topgandi. Qodiriydan besh-o‘n yosh katta bo‘lsa-da, hamsuhbat edi. G‘ulom Zafariy bu xonadonga tez-tez bosh suqib turar, hatto uning onasi «Qo‘qonlik oyi» bilan Josiyat bibining bordi-keldilari bor edi.
G‘ulom Zafariy Josiyat bibiga o‘g‘li Abdulla bilan uchrashtirish chorasini o‘ylab ko‘rajagini aytib ko‘chaga yo‘l oldi. Oradan bir oz fursat o‘tgach yana kirib keldi. Uzun olacha qoviq to‘nining qissasidan allaqanday qog‘oz olib, Josiyat bibiga uzatdi: «Bibi bu sizning nomingizdan GPUga ariza, mana shu yerga barmog‘ingizni bossangiz kifoya. Siz xavotir olmasangiz ham bo‘ladi. Arizani kerakli joyga o‘zim yetkazaman. «Xayr. Baraka top, bolam! Omon bo‘lgin», — olqadi Josiyat bibi.
Toshkent shahar Beshyog‘och mavzeidagi Eshonguzar mahallasida yashovchi grajdanka Josiyat Qodirovadan
ARZIHOL
Sizning nazoratingiz ostida saqlanayotgan o‘g‘lim Abdulla, menga yetib kelgan mish-mishlarga qaraganda, ochlik e’lon qilibdi va qariyb ikki haftadan buyon och emish. Men uning volidasi sifatida bundan qattiq xavotirdaman. Shuning uchun mening og‘ir ruhiy ahvolimni hisobga olib, bechora kampirning gaplarini inobatga olishlaringni so‘rayman. Uni ishonchli shaxslar kafillikka olishini rad etmasangiz. Ko‘rilgan ko‘rsatma haqida xabar berishingizni so‘rab qolaman.
1926 yil 3 aprel.
Tergovchi arizani qabul qilib olarkan, unga «ariza G‘ulom Zafariy» tomonidan tushdi» — deb yozib qo‘yishni unutmadi. Har holda aniqlikka ne yetsin.
Ochlikdan behollashgan Qodiriy nazarida go‘yo uzundan-uzoq tush ko‘rayotganday edi. Turli doirachalar uni og‘ir xayollar iskanjasiga sudrar, tushkunlik bag‘ishlardi. U shunda birdan sergaklanib, o‘zini dadil tutishga harakat qilar, zo‘r berib salqilashgan qovoqlarini ishqalardi. Taxta so‘ri ustida chilparchin bo‘lib yotarkan, onasini, bolalarini esladi. Eslagani sari ko‘ksidan alamli xo‘rsinik otilib chiqa boshladi.
O‘rta Osiyo OGPUsiga mahbus Qodirovdan
ARZIHOL
Meni oilam bilan uchrashuvga qo‘yishlaringizni so‘rayman. 6 aprel 1926 yil.
Alam, iztiroblarga to‘la bo‘lgan ushbu arizalar mutasaddi kishilarni ham befarq qoldirmadi, albatta. G‘ayritabiiyroq mahbus Abdulla Qodiriy o‘zining kutilmagan xatti-harakatlari bilan organdagilarni bir oz tang ahvolga solib qo‘ydi.
Toshoblsudning 1926 yil 13 aprelda bo‘lib o‘tgan majlisi protokolidan (4852-protokol) katnashdilar: Rais Isamuhamedov, a’zolari: Chaliy, Otaboev. Bludoza va prokuror Navro‘zov. Sud a’zosi Otaboev ma’ruzasi tinglandi. Unda Josiyat bibining Abdulla Qodiriyni kafillikka olishga ruxsat so‘rab yozgan arizasi ko‘rib chiqildi.
Abdulla Qodirovni kafillikka olishga ish bo‘yicha navbatdagi ma’ruza tinglanguncha javob berilmaydi.
Josiyat bibining taqdirga tan berishdan boshqa iloji qolmadi. U o‘zining iltimoslari, yalinish va o‘tinchlari uchun emas, balki Abdullasining diydorini ko‘rolmaganidan alam bilan yig‘ladi. O‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi. Biroq, ko‘nglida bu xo‘rliklarning, ezilishlarning sababchisi bo‘lgan o‘g‘liga nisbatan zarracha bo‘lsada, gina-kudrat sezmadi. Abdullaning oqligiga ishondi. Shu ishonch xufton dilga yilt etgan umid uchqunlarini tashlab o‘tdi. Ana shu umidiga suyanib kunlarni o‘tkazdi...
Tergov ishlari tugagach, O‘zbekiston Davlat prokurori Nazarovning buyrug‘iga binoan mahbus Abdulla Qodirov 8 iyunda soqchi nazorati ostida Samarqandga keltiriladi. Nihoyat, ham ruhan, ham jisman horigan adibni tergov qilish tugay boradi. Axiri, sabr kosasi to‘lgan Qodiriy o‘ziga qo‘yilgan aybnomalarni bo‘yniga olar ekan, kechgan voqeani, ehtimol yuzinchi marotaba takrorlab, shunday to‘xtamga keladi. Endi uning uchun bari bir edi: «Harna yozilg‘oni bir «ovsar» tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgan, hukumat kishilariga bo‘lgan gaplar o‘rtoqlik hazili, shaxsiy mazohirdir. Oliy Sudga mening faqat shaxsiy adovat orqasida bir holga tushganim yaxshi anglashildi, deb bilaman.
Guvoh o‘rtoq Levchenkoning so‘ziga qaraganda, 27-son «Mushtum»ning dunyoga chiqarilishiga ruxsat berilgan, ya’ni meni mazkur sondagi «Yig‘indi gaplar» maqolam sudlarga ilmiy va adabiy bo‘ldi, sharhlab berganimdek zararsiz, nafsoniyatchilar aytgan ma’noda emasdir, ham shundog‘ bo‘lishi tabiiy. Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dir tarozulariga solib zararlik topishlari ersa g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir. Qisqacha tarjimai holimni bayon etib, so‘zimning oxirida shuni aytmoqchiman: maqolani zararsiz topib, bosishga ruxsat berguchi jurnal muharririning o‘zi edi. Bugun o‘z lavfzidan qaytib, vijdoni oldiga qip-qizil ajiva bo‘lg‘uchi, meni qoralag‘uchi va ustimga boshqa bo‘htonlarni taqiguchi ham uning o‘z bo‘ldi. Uch oylardan beri matbuot sahifalarida o‘rinsiz va boshqa faqat menga qaratilib bo‘lgan haqsiz hujumlar, anglashilmovchiliklar, bemaza isnodlar va jim-jimalik zamzamalar meni ko‘ra olmagan o‘sha ayrim shaxslarning adovatidandir. Xulosa, adovat mamlakat rangida bo‘yaldi.
So‘zimning oxirida o‘zimning asli g‘oya va maslakim bilan ham qisqacha tanishtirib qo‘yayin: Men Sharq ozodlig‘ini va uning mazlum proletariati saodatini faqat leninizm orqasida vujudga chiqishiga ishongan bir kishiman. Bu gapni sizning beradigan jazoingizdan qo‘rqib emas, balki, vijdonim, imonim tazyiqi ostida so‘zlayman. Lekin bu ozodlikdagi chin kurashchilar — lavfsiz qo‘rqoqlar, shaxsiy adovat orqasida baxt kutguchi mayda kishilar bo‘lolmaslar, ammo o‘rtoq Leninning sog‘lom, ulug‘, g‘azamatsiz, gidirsiz yo‘lig‘a tomon xolis niyatda bel bog‘lag‘uchi qahramonlarg‘ina bo‘lurlar. Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim. So‘zim oxirida adil sudlardan so‘rayman, garchi men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchiliklar orqasida ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmag‘on sodda, go‘l vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi, jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Adil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman».
Bu Qodiriyning so‘nggi so‘zi edi. Endi ne qilsalar ixtiyor ularda. Sud uch kun davom etadi...
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi maxsus majlis chaqirib, shunday qaror chiqaradi:
O‘zbekiston Ijtimoiy Sho‘rolar jumhuriyati.
Markaziy ijroiya qo‘mitasining o‘lturishidan 1926 yil 17 iyun.
Samarqand shahri.
Ishtirok etganlar (oprosom) Rayosat a’zolari Oxunboboev, Bikson, G‘oziev, Volik, Ikromov, Ivanov, Qosimxo‘jaev, Rahimiy, Mavlonbekov, Strogonov, Cheloguzov.
Muassasalardan: Oliy sud o‘rt. Qosimov. Rais: Qosimxo‘jaev. Kotib: Rahimiy. Tinglandi: O‘zbekiston SSR Oliy sudi shu yil 15-16 iyunda sud qilinib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdulla Qodiriyning qamoq muddatini o‘tamasdan ozod qilib yuborilishini so‘raydi.
Qaror qilindi: O‘zbekiston SSR Oliy sudining iltimosi qondirilsin. Ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Abdulla Qodiriy qamoq muddatini o‘tamasdan ozod qilinsin! Rais: Qosimxo‘jaev. Kotib: Rahimiy. Jurnalning tepa qismiga «O‘zSSR Oliy sudi raisi Qosimov Sa’dullaga bajarish uchun.»
Oliy sud raisi Qodiriyni qamoqdan ozod qilish haqida buyruq tayyorlaydi.
O‘zSSR Oliy sudi, sud kollegiyasining 1926 yil 17 iyundagi 1895-raqamli shoshilinch buyrug‘i.
Samarqand axloq tuzatish uyining boshlig‘iga, O‘zSSR Oliy sudi ushbuni olishingiz bilan taklif qiladiki, O‘zSSR MIK Prezidiumi avfi bilan shu yilning 16 iyunida sudlangan mahbus Abdulla Qodirov darhol OZOD QILINSIN. (shu yilning 17 iyunidagi jurnali).
O‘zSSR Oliy sudi raisi (Qosimov)
Sud kollegiyasi kotibi (Saxarov).
Buyruqqa axloq tuzatish uyining boshlig‘i «Qodiriy 17 iyun soat 15.00 da ozod etildi», deb rezolyutsiya qo‘ygan.
Haqiqat ozod bo‘lgandi, Adolat ozod bo‘lgandi. Biroq, bularning bari ne-ne iztiroblarning samarasi o‘laroq qaror topdi.
Navqiron yigit, navqiron yozuvchi uyiga, eliga qaytadi. Endi u hayot to‘g‘risida, odamlar haqida tiniqroq mushohada yurita boshlaydi. Bo‘lib o‘tgan voqealarning alami gohida yurak-yurakni tirnasa-da, bora-bora ijodning sirli og‘ushiga sho‘ng‘ir ekan, barisi unut bo‘lganday. Dahshatli tush singari undan uzoqlashganday. Taqdir vaqtincha bo‘lsa-da, bu gal Qodiriydan muruvvatini ayamagandi. Yozish imkoniyatining qadrini yaxshi anglagan yozuvchi ko‘p o‘tmay, o‘z xalqiga navbatdagi go‘zal romanlarini hadya etdi. Ha, yozuvchi bo‘lish qiyin, Qodiriy bo‘lish esa undan qiyinroq! Uning hal qilishi, ulgurishi zarur bo‘lgan ishlari ko‘p edi. Bariga ulgurish lozim, chunki 1937 yil yaqinlashmoqda edi.
1937 yil... Bu da’fa u qaytmadi. 1937 yili uning boshiga yog‘ilgan tuhmat balolari o‘zbek xalqidan buyuk o‘g‘lini tortib oldi! Ulug‘ yozuvchimiz boshidan kechirgan keyingi savdolar o‘zi bir qissa.
Abror Xidirov
“Yosh leninchi” gazetasining 1988 yil 4 fevral soni
Suratda: Abdulla Qodiriy. 1926 yil (Surat birinchi marta e’lon qilinmoqda).