Sharq ellari orasida «O‘zbek boyisa tom solar» degan gap yuradi. Bu gapning rostligiga necha ming yillik tarix guvoh. Birgina Alisher Navoiy kurdirgan oliy imoratlarning o‘zi 150 dan oshadi. Bular madrasa, masjid, xonaqo, shifoxona, karvonsaroy, rabot va shu kabilardir.
O‘zbek imoratsozligining o‘ziga xos va nodir fazilatlaridan biri shuki, unda e’zozlanayotgan tuyg‘u o‘zining takrorlanmas va eng yuksak cho‘kkisini topadi. Olam olam bo‘lib, odam odam bo‘lib yaralgandan buyon hech bir shoir Ahmad Yassaviydek ulkan va buyuk maqbara bilan qadrlanmagan bo‘lsa kerak. Bu Amir Temur tomonidan shoir umrining oxirlarida Yassi shahrida qurilgan obidadir. Insoniyat ishqu vafo, sadoqatu xotirot tuyg‘ulariga oshno bo‘lganidan beri hech kim suyukli rafiqa Mumtoz Mahaldek yori tomonidan qurilgan sadoqat ramzi bo‘lmish tengi yo‘q yodgorlikka munosib ko‘rilmagan. Bu Bobur avlodlaridan bo‘lmish Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahaldir. Umuman, imorat qurish va qurdirish o‘zbekka yo‘rgakda tekkan odat. Qiziq bir fakt: hattoki faoliyatidan to shu paytga qadar faqat nuqson qidirib kelinayotgan Buxoroning so‘nggi podshohi Amir Olimxon ham zamonasi o‘ta notinch bo‘lishiga qaramay, Buxoroda madrasa, shahar yaqinida va Qarshida saroylar, Peterburgda esa jome masjidi qurdirishga ulgurgan. XIV asrning birinchi yarmida yashagan mashhur arab sayyohi ibn Battuta va uning zamondoshi Al-Umariy ham ajdodlarimizning shu fazilatlarini ko‘klarga ko‘tarib maqtaganlar. Masalan, Al-Umariy mavoraunnahrlik, ya’ni turkistonlik davlatmand va o‘ziga to‘q kishilar pullarini asosan madrasalar, rabotlar, yo‘llar qurishga, vaqflar belgilashga sarflaydilar, deb yozadi. Shu fazilat tufaylikim, jumladan Turkistondan, ya’ni O‘rta Osiyo va Kozog‘iston tuprog‘ida asrlar davomida minglab osori-atiqalar qad ko‘targan.
Birgina Toshkentni olib ko‘raylik. 1911 yilgi ma’lumotga ko‘ra, Toshkentning eski shahar kismida 333 ta, yangi shahar kismida 16 ta machit bo‘lgan. Turli sabablarga ko‘ra, asosan, shaxsga sig‘inish yillarida o‘tmish madaniyatiga munosabat printsiplari qo‘pol ravishda buzilishi okibatida Toshkentning ko‘p machitlari qarovsiz kolgan, buzib tashlangan. Baxtli tasodiflar tufayli saqlanib qolgan machitlarning ahvoli ham nochor. Ko‘kcha dahasining yobu Nazir mahallasidagi machitga kandolatpazlik tsexi joylashgan. Machit yonidagi necha yil bo‘yi suv bosib, ko‘lmak bo‘lib, zaxi machit devorlariyu minorasigacha ko‘tarilib boryapti-yu, na qandolatpazlar, na mahalla ahli bunga parvo qilmaydi.
Toshkentning bosh masjidi — Xo‘ja Ahror jome masjidida ilgari «Qizil olov» zavodi joylashgan bo‘lib, bu yerda cho‘yan quyulardi, XV asrda kurilgan bu binoning shimoliy devori qisman qulatildi, yuk mashinalari masjid hovlisiga bemalol kirib-chiqib turardi. O‘quvchilik yillarimizda muallimlarimiz bizni shu «masjid-zavod»ga sayohatga olib kelardilar. O‘shanda uning nurab borayotganiga loqayd qaraganmiz. To‘g‘ri, bizlar bola edik, lekin o‘qituvchilarimiz oliy ma’lumotli odamlar edi-ku. Demak, gap diplomda emas ekan. Endilikda, o‘quvchilik va talabalik yillarimiz allaqachon ortda kolib ketgan hozirgi kunda o‘tmish yodgorliklariga munosabatimizni o‘zgartirganmizmi, yo‘qmi? Afsuski, o‘zgarish sezilmaydi. Eski Toshkentning naq kindigida qad ko‘targan Xo‘ja Ahror jome masjidi, garchi zavod ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, hamon ta’mir-talab bo‘lib yotibdi. Saqichmon mahallasidagi To‘xtabek jome masjidini ham tezda ta’mirlash zarur.
Xo‘sh, asrimiz boshlarida Toshkent qiyofasini belgilab turgan o‘sha 349 masjidu 17 madrasadan bugungi kungacha kelib nechtasi saqlanib qolgan ekan? Madrasalardan faqat uchtasi bor: bular — Ko‘kaldosh, Baroqxon va Abulqosim madrasalari. Masjidlarning atigi 5 foizi kolibdi, xolos. Yaqinda shahar kezib, ayrim masjidlarni ko‘zdan kechirdik. Chig‘atoy darvoza (hozirgi Forobiy) ko‘chasi bilan Sag‘bon ko‘chasi boshlanadigan joy Hoji Malik mahallasi deyiladi. Ana shu yerdan Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab shimol tomon ikki yuz kadamcha yursangiz, Hofiz mahallasiga yetasiz. Ko‘cha yoqasidagi g‘ishtin masjidning yarmi yo‘lni kengaytirish bahonasida buzib tashlangan, xuddi daraxtni kesishgani kabi o‘rtasidan tikkasiga «arralashgan». «Arra» tekkan — chopilgan mustahkam g‘ishtlarga sinchiklab karasangiz, ularning oraliqlaridan go‘yo ko‘z yoshi silqib chiqayotgandek tuyuladi. Bu osori-atiqalarning — o‘tmish asrlarning ko‘z yoshlaridir. «Yig‘layotgan masjid»dan shimolga ellik metrcha yursangiz, Sag‘bon ko‘chasi bilan Olcha ko‘chasi tutashgan yerda yana bir masjidga ko‘zingiz tushadi. Unga qandaydir korxonaning filiali joylashgan. Dastgohlar dastidan masjid devorlari zirillagani-zirillagan. Oltmish-etmish metr narida, ko‘chaning o‘ng tarafida yana bir masjid bor. Ilgari bu imoratga 24-maktabning kutubxonasi joylashgan edi. O‘zbek allomalari Yahyo G‘ulomov, Obid Sodikov, Sobir Yunusov, Karim Ahmedov, Hamdam Usmonov, SSSR xalq artisti Malik Qayumov, sharqshunos Laziz Azizzoda kabi tanikli kishilar shu yerda ko‘p mutolaa kilishgan. Hozir u qarovsiz yotibdi. Yana yuz ellik metr shimolda, Qo‘shtut guzaridagi kattakon masjidga ham bir korxona joylashgan.
Qo‘shtut markazidan chapda, Yengish ko‘chasidagi masjidlardan biriga korxona, ikkinchisiga bolalar bog‘chasi joylashgan. Kaykovus arig‘i yoqasidagi g‘ishtin masjid ombor, Qumloq mahallasidagi masjid esa dorixona, Hamza ko‘chasida — Birinchi va Ikkinchi Zarqaynar mahallalaridagi masjidlar esa ilgari yotoqxona edi, endilikda qarovsiz. Sobir Rahimov va Hamza ko‘chalari tutashgan yerdagi g‘ishtin bino Xotinmasjid deb ataladi. Uning nomlanish tarixi boshqacharoq. Bir ishbilarmon boy kishi navqiron yoshida to‘satdan vafot etib, undan ko‘p yer-suv, mol-mulk go‘zal xotiniga meros qoladi. Shaharning kazo-kazolari bevaga sovchilar yuborishadi. O‘rtaga din arboblari ham tushadilar. Ayol bilardiki, xaridorlarini faqatgina husnu odobi emas, balki boyliklar ham maftun etardi. Ko‘z ochib ko‘rgan eriga bir umr sodiq bo‘lib qolgan bu ayol shunday tadbir qo‘llaydi. Butun mol-mulkini masjid qurishga sarflash, yer-suvlarini masjid vaqfiga bag‘ishlash niyatini yurt kattalariga bildiradi. O‘sha kezlari nafaqat Toshkentda, balki butun Turon mamlakatida Masjid qurish g‘oyasini to‘xtatib qo‘ya oladigan kuch yo‘q edi. Shu tariqa Xotinmasjid bunyod bo‘ladi. Men bunda ayol vafodorligining yorkin bir dalilini ko‘raman. Uni ko‘rkamlikda emas, balki inson xotirasini e’zozlash borasida buyuk Toj Mahalga tenglash mumkin.
Shayxontovur (Shayx Xovand Tohur)lik Gadobek degan kishi qurdirgan ikki masjid haqida ham albatta gapirish lozim. Qariyalarning hikoya qilishlaricha, Gadobekning ham jufti haloli yoshligida og‘ir dardga uchrab dunyodan ko‘z yumadi. Undan farzand kolmaydi.
Lekin xotiniga vafodor Gadobek boshka uylanmaydi, mol-mulkini beva-bechoralarga hadya qilish bilan ham ko‘ngli taskin topmaydi. Suyukli marhuma xotini xotirasini abadiylashtirish maksadida o‘z mahallasida baland va go‘zal bir bino — masjid qurdiradi. Xalq ko‘rinarli va ko‘ngay yerga qurilgan imoratning balandligiga urg‘u berib, uni balandmasjid deb ataydi. Bora-bora butun mahalla ham Balandmasjid deb yuritila boshlaydi. Mazkur mahalla hozirgi Navoiy ko‘chasida, Xadra maydoni bilan Markaziy telegraf bekati oralig‘ida, ko‘chaning shimol tarafida joylashgan edi.
O‘ttizinchi yillarda dinga qarshi kurash niqobi ostida ko‘hna osori-atiqalarni buzish boshlanib, navbat albatta Balandmasjidga ham yetib kolgan edi. Lekin yolg‘iz suyanchig‘i — suyukli zavjasi siymosini eslatuvchi masjidi bor edi, xolos. Uni shu suyanchig‘idan ham mahrum etishmoqchi. Agar masjid ham yo‘q qilinsa, dunyodan hech bir nom-nishonsiz o‘tib ketarkan-da. Izsiz o‘tishni bila turib, dunyodan ko‘z yumish dahshat. O‘ylab-o‘ylab, oxiri yo‘lini topadi: Balandmasjidni saqlab qolishning birdan-bir chorasi ateizm bilan «shug‘ullanish» edi. Gadobek jumhuriyat hukumati raisi Fayzulla Xo‘jaev qabuliga yoziladi. «Ateizm bilan shug‘ullanish maqsadida hukumat raisi bilan maslahatlashmokchiman», deganini eshitib, qabulxona xodimlari Gadobekni tezda rais huzuriga qo‘yib yubora qoladilar.
«Kamina balandmasjidlik Gadobek bo‘laman. O‘sha masjidni qurdirgan g‘arib kimsaman. Shu masjiddan bo‘lak suyanchig‘im, bevaqt meni yolg‘iz tashlab ketgan zavjamni eslatuvchi shu imoratdan bo‘lak boyligim yo‘q. Masjidni bironta mix ishlatmay qurdirganman. Kamina masjid qurilishiga faqat uskunayu oziq-ovqat sarf etganman, xolos. Qolgan hammasini xalqning o‘zi bajargan. Masjid Katta ko‘chani (Navoiy ko‘chasi ilgari Katta ko‘cha deb yuritilgan) kengaytirish maqsadida buzilar ekan. Uni boshqa joyga olib borib, qayta qursak va unda... ateizm muzeyini ochsak...»
Fayzulla Xo‘jaev gap nimada ekanini anglab yetadi-da, istisno tariqasida Balandmasjidni boshqa joyga ko‘chirib, qaytadan qurishga ruxsat beradi, bu nozik yumushni Gadobekning zimmasiga yuklaydi.
Bundan ruhlanib ketgan Gadobek yeng shimarib ishga kirishadi. Yana butun shahar bo‘yicha hashar e’lon kilinadi. Kimki savobtalab bo‘lsa, belbog‘iga yemishini tugib, Balandmasjid tamon keladi va hamma bir yoqadan bosh chiqarib, bu masjidni xuddi o‘z shaklu shamoyilida Beshyog‘och maydoniga eltib o‘rnatadilar. Hozir bu me’moriy yodgorlikka ateizm muzeyi joylashgan. Eng muhimi, Gadobek nomi bilan bog‘liq xalqimiz tarixining bir yodgorligi saqlanib qolganligidir.
Ko‘hna Turkistonda joylarning nomi masjidlarga nisbat berilib, Oqmasjid qishlog‘i, Sirlimasjid mahallasi kabi atalishini bilamiz. Bosh universal magazinning orqasidagi eski mahalla masjidi, aytishlaricha, chindan ham sirli bo‘lgan. Masjidning siri yo‘g‘on va baland ustunlarning ostidagi olis ellardan keltirilgan ko‘k marmar toshlarda ekan. Ulardan taraladigan yoqimli hidlar shifobaxsh bo‘lib, turli allergik kasalliklarga, jumladan, ko‘kyo‘talga davo.
Ajdodlarimiz uchun shifo maskani ham bo‘lgan bu «Sirlimasjid» haligacha qarovsiz yotibdi. Me’moriy yodgorliklarning bunday achinarli holda yotishi uchun faqat mutasaddi tashkilotlar va ularning oylik olib, oila boqadigan mas’ul rahbarlarigina emas, balki hammamiz aybdormiz. Ajdodlarimiz nahotki bizdan shuni kutishgan? Chig‘atoy chaqiridagi masjidga dastlab laboratoriya joylashdi, darvozaxonasida esa kerosin sotildi. Hozir u ham tashlandiq holda diniy boshqarma qarorgohi bo‘lgan Baroqxon madrasasining janubiy katta zalidan ham kerosin do‘koni sifatida foydalanishardi (hozir bu yer diniy boshqarma rahbarining ish kabinetidir) desam, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganlar gapimga ishonmasliklari mumkin. Axir, ko‘p asrlik xalq tarixining ko‘zgusi bo‘lmish madrasadan kerosin do‘koni sifatida foydalanishganda befarq qarab turganlar ham boshqalar emas, o‘zimiz edik. To‘g‘ri, o‘sha kezlari mening tengdoshlarim boshlang‘ich sinf o‘kuvchilari edilar, hali aqlimiz ko‘p narsaga yetmasdi. Xo‘sh, kattalar-chi, ular qayoqqa karashardi, nimani o‘ylashardi? Menimcha, elliginchi yillarning boshlari bo‘lgani uchun, hali urush kasofati kuchli bo‘lgani uchun o‘tin-ko‘mir kamyob edi, kattalar, avvalo, navbatda turib, kerosin olib, bir amallab qoraqozonni qaynatish o‘yida edilar. Demak, moddiy qashshoqlik ma’naviy tanazzulga olib kelar ekan. Lekin hozir-chi?
Me’moriy yodgorliklarimizga belisand qarash illatining ildizlari stalinchilik yillari kasofatlarnga borib taqaladi. Bu siyosat xalqni avvalo zamondan uzoqlashtirib, moddiy qashshoqlashtirdi, keyin ma’naviy gado va basir qildi. 30-yillar boshidagi kahatchilikda odamlar avvalo qorin to‘yg‘azish, ya’ni jisman tirik qolish tashvishi bilan yashashga majbur bo‘ldilar. Shu sababli o‘ttizinchi yillar o‘rtalarida butun mamlakat bo‘ylab me’moriy va ma’naviy boyliklarga qarshi qirg‘in boshlanganida, odamlar bunga qarshi kurasha olmadilar. Bugungi ommaviy loqaydlik va fikriy qashshoqlik ildizlari paxta yakkahokimligi kasridan yurtimiz iktisodiy hayotiga yetgan o‘nglanmas zararga borib taqaladi.
Maqsadimiz jumhuriyat jamoatchiligining diqqatini nurab borayotgan ular masjidmi, madrasami, xonakohmi, saroymi, bundan qat’i nazar — tarixiy binolarga jalb etishdir. Barcha ta’mirtalab bo‘lib, qarovsiz yotgan imoratlar o‘z egalariga — o‘sha yodgorliklar atrofida yashovchi aholi ixtiyoriga topshirilsa, ayni muddaodir. Birinchidan, bu ommaning me’moriy yodgorliklarga bo‘lgan vatanparvarlik munosabatini kuchaytiradi. Ikkinchidan esa, me’moriy yodgorliklarga umumiy, ya’ni mavhum egalik barham topadi.
Madrasalar, masjidlar, xonaqohlar moddiy emas, ma’naviy boylik maskanlari bo‘lib kelgan. Ulardan korxona, omborxona sifatida foydalanishga qat’iy chek qo‘yish payti yetdi. Ayrim yodgorliklardan qiroatxona yoki kutubxona sifatida foydalangan ma’qul.
Yana bir taklif shuki, yodgorliklarning har birida uning kim tomonidan va qachon qurilgani, me’mori kimligi, unga kimlarning qadami yetgani ve shu kabilar haqida ma’lumot yozilgan levhalar osish lozim. Masalan, Samarqandning bosh maydonidagi Ulug‘bek madresasida Muhammad Tarag‘ay Ko‘ragoniy — Mirzo Ulug‘bek haqida, shu joyga maydon kiyofasini berib turgan Sherdor va Tillakori madrasalariga bu salobatli va shukuhli oliy imoratlarni qurdirgan buyuk o‘zbek farzandlaridan biri Samarqand hokimi, atokli lashkarboshi va tengi yo‘q quruvchi Yalangto‘shbek bahodir haqida ikki og‘izgina so‘z yozilgan marmar lavha qo‘yilsa, bu yoshlarni o‘tmishga hurmat ko‘rsatish ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shgan bo‘lardi. Yalangto‘shbek bahodirga o‘xshash buyuk bobolari o‘tganini o‘zbek yoshlari, ittifoqdosh jumhuriyatlar va chet ellik sayyohlar ham bilib qo‘ysalar yomon bo‘lmasdi. Samarqand, Buxoro, Xivada joylashgan sayyohlik idoralarida ishlayotgan yo‘lboshlovchi xodimlarning bilimi, qarashi, gap-so‘zlariga yozuvchi, jurnalist va olimlarimiz jiddiy e’tibor berib, viloyat va jumhuriyat matbuoti orqali xolis fikr bildirsalar, ajdodlarimiz ruhini shod etgan bo‘lardilar. O‘zbekning boy va ko‘pqirrali tarixidan bexabar minglab sayyohlarni ayrim yo‘lboshlovchilar ko‘p chalg‘itishadi. Shaxsan o‘zim samarqandlik gidlarning «Amir Temur Buyuk mo‘g‘ullar saltanatining asoschisi Boburning katta bobosi bo‘lgan» deganga o‘xshash noto‘g‘ri gaplariga tuzatish kiritganman. Ajdodlarimizga bizning maqtov so‘zlarimiz darkor emas. Ular busiz ham o‘z vazifalarini o‘tab qo‘yganlar — buyuk va boy me’moriy yodgorliklar qoldirganlar. Birdan-bir o‘tinchlari shu bo‘lsa kerakki, ular qoldirgan meros haqida rost so‘zlaylik va e’zozlab, o‘zimizdan keyingi avlodga ham yetkazaylik. Bu eng avvalo o‘zimizga karek. Zero, o‘tmish haqida yolg‘on so‘zlaganning, o‘tmishini unutganning kelajagi bo‘lmaydi.
Joy nomlari ham tarixiy boylik, xalqning ma’naviy merosi hisoblanadi. Ular xalqni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda alohida o‘rin tutadi. Ma’lumki, eski Toshkentning o‘n ikkita darvozasi bo‘lgan, har birida kiraverishda o‘ziga xos Oqtepalar bo‘lgan: Ko‘kcha Oqtepa, Chig‘atoy Oqtepa, Chilonzor Oqtepa ve hokazo. Bu Oqtepalar aslida harbiy istehkomlardir. Har tunda Oqtepalarda soqchilar gulxan yoqib qorovullik qilganlar, agar dushman askarlari kelayotgani sezilgudek bo‘lsa, darrov gulxanni o‘chirganlar. Buni shahar darvozasi tepasidan kuzatib turgan qo‘riqchilar darrov sezib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rganlar. Hamma kuch hujum kutilayotgan darvoza mudofaasiga qaratilgan. Oqtepalarning bunday vazifa bajarganidan bexabar kishilar ularni yer bilan yakson qilib, tekislab yubormoqdalar. Hozir faqat Chig‘atoy Oqtepesi qolibdi, xolos. Buni jisman yo‘q qilish deymiz, chunki tarixiy nomni yo‘qotishning ikki usuli bor. Biri hech bir sababsiz tarixiy nomni yangi nom bilan almashtirishdir. Buni ma’naviy o‘ldirish desa ham bo‘ladi. Qatortol ko‘chasining nomi asossiz o‘zgartirildi, Chirchiq bo‘yidagi ikki rayonga Kommunistik va G‘alaba deb nom berildi. Xo‘sh, nega? Agar, 1945 yili G‘alaba nomi berilganda, buni urushdagi g‘alaba sharafiga yo‘yish mumkin edi. Turg‘unlik yillarida rayonga G‘alaba deb ot ko‘yish mantiqsizdir. Yoki bo‘lmasa, qadimgi Bektemir shahriga Narimonov nomini berishni nima bilan izohlash mumkin? Axir, Toshkent muzofotida ro‘y bergan ko‘pgina tarixiy voqealar Bektemir nomi bilan bog‘lik-ku. Bektemir ilmiy va tirixiy asarlar, badiiy kitoblarda ham tilga olingan. Endilikda ularni o‘qiydigan kitobxonlar, Bektemir qaerda bo‘ldiykin, deb qiynalishlari turgan gap. Rossiyada o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish uchun yaxshi ishlar qilinyapti. Masalan, Ijevsk shahri yana o‘z nomi bilan atala boshlandi. O‘zbekistonda ham shunday tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Tarixiy joy nomlarini o‘zgartirishga hech kimning haqi yo‘q. Bu xuddi tug‘ilganida Alpomish deb ot ko‘yilgan bolaga yigit bo‘lgach, Albert deb nom berishdek bo‘lmag‘ur ishdir. Joy nomlari daxlsiz bo‘lishi va xuddi moddiy, madaniy yodgorliklardek, davlat tomonidan muhofaza etilishi kerak. Respublika madaniyat yodgorliklarini saqlash Jamiyati kengaytirilib, madaniy yodgorliklar va joy nomlarini muhofaza etish jamiyati, deb atalishini taklif qilaman. Ittifoqdosh respublikalar Fanlar akademiyalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi qoshida ham etnografiya ilmiy-tadqiqot institutini ochish, toponimika masalalari bilan shug‘ullanuvchi olimlar safini kengaytirish va faoliyatini kuchaytirish lozim.
Respublikamizda yil sayin ko‘plab yangi-yangi turar joylar, ko‘chalar, maydonlar, shahar va qishloqlar bunyod bo‘layotir. Bularga nom berishda o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesib ish tutish lozim. Ular o‘z nomlari bilan ham O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga tegishli ekanligi sezilib tursin.
Matbuot sahifalarida bu xususda ajoyib gaplar aytilmoqda. Lekin, «Pravda Vostoka» va boshqa gazetalarda ayrim chalkash fikrlar ham uchrab qolayotir. Ayrim mualliflarning pala-partish maqolalari gazeta sahifalariga chiqib ketmoqda. Shoir Muhammad Alining «Yosh leninchi» gazetasida bosilgan maqolasini tanqid kilaman deb, R. Sobirov degan shaxs o‘z bilimsizligini fosh etib qo‘ydi. Uning «maqola»si avvalo, biror mutaxassisga ko‘rsatilib, keyin «yoshleninchi»ning o‘zida bosilsa, aqlli ish qilingan bo‘lur edi.
«Pravda Vostoka»dagi pala-partishliklarni M. Vahobov boshlab bergan bo‘lsa, A. A’zamxo‘jaev davom ettirdi, G. Hidoyatov esa juda avjiga chiqardi. Hatto u o‘zbek xalqiga Temurning hech bir aloqasi yo‘q deyishgacha borib yetdi. U loaqal Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois»ini yoki Sharafiddin Ali-Yazdiyning «Zafarnoma» asarini o‘qigan bo‘lganida bu fikridan qaytar edi. Professor, fan doktori bo‘lmish G. Hidoyatov talabalar oldida o‘zbek xalqi tarixi, ya’ni o‘z tarixi bo‘yicha bilimi noetuk ekanligini isbotladi-qo‘ydi. Qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonov ta’biri bilan aytganda, tarixda qoralama bo‘lmaydi, tarix bir marta yoziladi. Hech bir odam o‘z tarjimai holidan voz kecha olmaganidek, hech bir xalq ham o‘z o‘tmishidan qochib ketolmaydi. Chunki o‘tmish yashab o‘tilgan kunlardir. Olim odamning ishi esa Temur bizniki yoki bizniki emas deyish emas, balki marksizm-leninizm nuqtai nazaridan Temurga xolis baho berishdir. Vaholanki, Temur haqida Ibrohim Mo‘minovning bir kichik risolasidan bo‘lak hech narsa chop etilmagan. Marhum Mahkam Abduraimovning «Temur va To‘xtamish» degan monografiyasi o‘n yillardan buyon bosilmay yotibdi. G. Hidoyatovga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor. Agar Temur turk bo‘lmaganida yurtimizni mo‘g‘ul bosqinchilaridan tozalash uchun jon-jahdi bilan kirishmas, Samarqand taxtini egallab tinchlana qolardi. Ikkinchidan, o‘zi Chingizxon avlodidan Amir Husaynning singlisiga uylanib, Ko‘ragoniy laqabini olishga, to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongir Mirzoni Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning nevarasiga uylantirib, unga ham Ko‘ragoniy laqabini olib berishga intilmas, bunga hojat ham bo‘lmasdi. Aytish kerakki, Boburiylar sulolasining Buyuk mo‘g‘ullar deb noto‘g‘ri atalishiga ham chek qo‘yish payti keldi.
«Pravda Vostoka»da o‘tgan yili M. Vahobov boshlab bergan kampaniya boshqa matbuot organlariga ham o‘tdi. «Toshkent oqshomi» gazetasida (12 noyabr, 1988 yil) Sh. Shomuhamedov bilan Firdavsiy «Shohnoma»si haqidagi suhbati bosildi. («Toshkent oqshomi»). Sh. Shomuhamedov bayon qilishicha, «Faridun katta o‘g‘liga salomatlik, sog‘lom ma’nosida Salm ismini beradi, o‘rtanchasiga ho‘kiz ma’nosini beruvchi Tur ismini qo‘yadi, ham oqil, ham mehribon, olijanob va jasur bo‘lgan kenja o‘g‘liga olijanob eroniy ma’nosida Eraj nomini beradi». (Ta’kidlar bizniki — A. I.) Gap nimadaligini ilg‘ab olgandirsiz. Suhbat bilan tanishishda davom etamiz: «Faridun keksalik zaifliklarini seza boshlagach, mamlakatni uch o‘g‘liga taqsim qildi. Mamlakatning g‘arbiy qismidagi Rum viloyati Salmga, Chin bilan birga sharqiy qismi Turga tegadi. Markaziy Eron yerlarini esa Erajga beradi va uni valiahd e’lon qiladi.
...Ammo hasad olovi aql ko‘zini ko‘r qilgan akalar Eraj ko‘ksiga xanjar uradilar... Shundan boshlab Eron va Turon orasida adovatli urushlar...»
Rivoyat shu yerga yetganda suhbatni olib borayotgan muxbir ortiqcha chidab turolmagan bo‘lsa kerak, ilk bor savol beradi:
—...«Turon» Turkiston ma’nosini anglatmaydi?
— Turon... Tur qo‘li ostidagilar, Turga qarashli fuqaro ma’nosini anglatadi».
Professor odamning «ilmiy» javobi mana shu.
Professor tushmagur pardali qilib, «Turga qarashli fuqaro» deb atabdi. Lekin mo‘tabar matbuot minbaridan shunday nomaqbul gaplarning aytilishi taajjublanarlidir. Biz haligacha hech bir manbada bunday fikrni uchratganimiz yo‘q. Sh. Shomuhamedov «tur» so‘ziga ko‘plik affiksi «on» ni ko‘shib, kashfiyot qildim, deb o‘ylasa kerak-da. Sh. Shomuhamedov va u kabilarning g‘ayri ilmiy, g‘ayri tarixiy gaplariga yo‘l beruvchilar qattiq yanglishadilar.
Eron forslar diyori, Turon turklar yurti. Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, arab g‘ayri arabni Ajam deydi. Ajam esa, Eron va Turondan iboratdir. (Shu o‘rinda xalq kuyi — «Ajam»ni bir eslang.) Eron bilan Turon oralig‘ida hamisha talash bo‘lib kelgan mamlakat Xurosondir. Chindan ham agar tarixni varaqlasaq, Xurosonda goh turklar, goh forslar hukumat tuzganlar. (Masalan, Husayn Boyqaro, Shohruh va boshqalar) Hozir o‘sha Xuroson uch qismga bo‘lingan bo‘lib, Eron, Afg‘oniston va SSSRga tegishlidir. Firdavsiy o‘sha qadim Xurosonda tug‘ilgan. «Shohnoma»sini o‘sha davrdagi yurt egasi Sulton Mahmudga bag‘ishlagan. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, Sh. Shomuhamedov o‘z suhbatida turkiy sulolalar va ularning vakillarini nafrat bilan tilga oladi, ularga nisbatan «pastkash», «xasis», «zoti past», «taxtga noloyiq» kabi haqoratli so‘zlar ishlatadi. Bag‘dod xalifalariga ozodlik uchun bosh ko‘targan isyonkorlarning kallasini yuborib turgan somoniylarga yon bosadi. Bu hol o‘quvchida taajjub uyg‘otishi turgan gap. Chunki, birinchidan, olim odam kechmish kunlarga, barcha sulolalarga, garchi ular somoniylarmi, chingiziylarmi, temuriylarmi, safaviylarmi, kim bo‘lishidan qati nazar, xolis baho berishi zarur. Tarix haqida so‘z ketganda, tarixiy shaxs haqida gap borganda tarafkashlik kilmaylik, chunki tarix qaytmaydi, uni boshkatdan yaratish mumkin emas, tarixiy shaxs kayta qurilmaydi, oq qora, qora oq bo‘lmaydi ham.
Shuni bilib qo‘yish kerakki, biz istaymizmi-istamaymizmi qat’iy nazar, tarixiy asarlarda, demakkim, ajdodlarimiz muomalasida turk ellari yurtining nomi sifatida ishlatilgan Turon Turkiston so‘zlari ilmiy-badiiy kitoblardan mustahkam o‘rin olgan, jug‘rofiy termin sifatida ko‘llanilgan. (Masalan, Turon pasttekisligi.)
Asrimizning boshlarida, 1905-1907 yillarda birinchi rus revolyutsiyasi epkinidan madad olgan Turkistonimizda ilk uyg‘onish uchqunlari ko‘rindi. O‘sha yillari Sharqda inkilobiy markaz bo‘lmish Toshkentda va yurtimizning bo‘lak yerlarida «Turon» teatrlarining vujudga kelishi, «Turon» gazetasining chiqishi, «Turon» kutubxonasining ochilishi, bu ezgu ishlarga Avloniy, Behbudiy kabi Turon o‘g‘lonlarining bosh bo‘lishlari bejiz emas, albatta.
Turon va Turkiston bir ma’noni bildiruvchi so‘zlardir. Turkiston atamasi ham ko‘p asrlardan beri Turon kabi ishlatib kelingan. Afsuski, hozir bu so‘z o‘rniga nimagadir «O‘rta Osiyo» ishlatilyapti, lekin bu, bizningcha, xato. Axir «Turkiston» — bu Eron, Hindiston, Xitoy singari mamlakat nomi. «O‘rta Osiyo» esa bu — Yaqin Sharq, Uzoq Sharq kabi jug‘rofiy atamadir. V. I. Lenin hamma vaqt Turkiston so‘zini ishlatgan. Masalan, u bir xatini «Turkistondagi kommunist o‘rtoqlarga» deb ataydi. Hozirgi kunda faqat bir kishi — Chingiz Aytmatov Turkiston so‘zini ishlatadi, «O‘rta Osiyo respublikalari» emas, balki «Turkiston respublikalari» deb ataydi. Bu ham adibning o‘z tarixiga, ajdodlari xotirasiga farzandlik hurmatidir.
Sh. Shomuhamedovning o‘zi ham ta’kidlaganidek, «asar boshdan-oyoq eroniy shohlar haqidadir». U urg‘uni ana shu yoqqa — shohlar tarixiga, shahzodalar nizosiga burib yuborgan, lekin shahzodalar nizosi bu xalqlar nizosi emasligini unutib qo‘ygan. U xuddi shu nuqtada yanglishgan. Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqargan — turonlik, ya’ni turkistonlik vorislarni «jasorati zo‘r, ammo aqlu tadbirkorlik yetishmas»likda ayblagan. Mumtozlik talab qilish, bir xalqdan ikkinchi xalqni ustun qo‘yish, gina-kudratlar sandig‘idan nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan gaplarni topish bizning mafkuramizga mutlaqo yotdir. Tariximizning hamma sohalari va barcha qirralarida ham ibrat olsa, bugungi kunga tatbiq etsa arziydigan nurli nuqtalar ko‘p. Buni qarangki, xalqimiz qabriston uchun joy tanlashda ham ezgu maqsadni ko‘zlar ekan. Toshkent o‘tmishi haqida maqola yozish niyatida ko‘pdan beri izlanib kelaman. Bir kuni o‘rta asrlardagi Toshkent qiyofasini xayolan ko‘z oldimga keltirish maqsadida shaharning endilikda nomi boru o‘zi yo‘q bo‘lib ketgan o‘n ikki darvozasidan «Toshkentga kirib» va «Toshkentdan tashqariga chiqib ko‘rdim». Shunda shahardan chiqayotib ham, shaharga kirayotib ham ko‘zim tushgan birinchi narsa... qabriston bo‘ldi. O‘n ikki darvoza tashqarisida o‘n ikkita kabriston; Ko‘kcha darvozasida Shayx Zayniddin qabristoni, Chig‘atoy darvozasida Qo‘shchi ota qabristoni, Kamolon darvozasida Xo‘ja Alambardor qabristoni va boshqalar. Xo‘sh, nima uchun qabristonlar shunday joylashtirilgan? Yomon niyat bilan shahar tomonga otlangan yo‘lovchi qabristonga ko‘zi tushib, dunyoning o‘tkinchiligini yodiga keltirib, faqat ezgu ishlar bilan yaxshi ot qoldirishi mumkinligini o‘ylagan. Yomon niyatidan qaytib shaharga ezgu niyat bilan qadam qo‘ygan. Yomon niyat bilan shahardan tashqariga chiqqan kishi ham oxir-oqibat boradigan yeriga — qabristonga ko‘zi tushib qaroridan qaytib, yaxshi ishga bel bog‘lagan. Balki bu gaplar rivoyatni eslatar. Lekin har holda ezgulikka xizmat qiladi-ku! O‘tmishimizning nurli nuqtalaridan foydalana bilaylik, e’zozlaylik va targ‘ib etaylik. Zero, takror aytamizki, o‘tmishini unutganning kelajagi bo‘lmaydi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 10-son