Savodxonlik kishilarning madaniylik darajasini, bilimdonligini, o‘z tili va tarixiga, madaniy merosiga munrsabatini ko‘rsatuvchi muhim belgilardan biridir. Bu sohada ulkan yutuqlarga erishdik, biroq savodxonlik harf tanib, kitob o‘qish va xat yozishni bilishdangina iborat emas. Buni chalasavod ham eplaydi.
Bizningcha, yaqin o‘tmishda yuz bergan ko‘ngilsiz hodisalar ana shu uchala dushmanning birlikdagi ishidir. Yozma axborot aloqaning muhim vositasiga aylangach, savodxonlik darajamiz yaqqol ko‘rinib qoldi. Ayniqsa, rasmiy yozma manbalar, yillab turadigan lavhalardagi xatolar, o‘rinsiz nomlar chalasavodlikning amaliy ko‘rinishidir. Hozirgi chalasavodlik tilga, madaniy-ma’naviy boylikka e’tiborsizlik, ya’ni ma’naviy qashshoqlik oqibatidir. Xo‘sh, bu sohada ahvol qalay?
Ma’lumki, so‘nggi o‘n yilliklarda qator yoshlarning nainki chalasavod, hatto savodsiz bo‘lib chiqayotgani «sezilmay» qoldi. Masalan, quyidagi ikki faktni qiyoslab ko‘raylik (bitirish imtihonida yozilgan insholardan): «talantli uyg‘un shoyirgina emas Ayni Vaqtda istidodli dramaturgdur». «U «qaltis xazil xayot qo‘shig‘i oltin qul Alisher navoyi Dramalarini yaratdi» («O‘qituvchilar gazetasi», 1973, 17 iyun). Shundan 14 yil o‘tgach, 10-sinf o‘quvchilari haqida: «Sinfimizda 39 o‘quvchi bor, shulardan ikki nafari butunlay yozolmaydi, darsni so‘zlab berolmaydi. Zo‘rg‘a harf taniydi. 20 dan ortiq sinfdoshimiz esa bemalol o‘qib ketolmaydi», — deb yozildi («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1987, 3 aprel). Bu o‘quvchilar o‘rta maktabni bitirishi, hatto oliy maktabga kirishi ham mumkin, chunki kelajak studenti, o‘qituvchi-mutaxassisi, olimi, davlat arbobi shular. O‘rta va oliy maktab faoliyati o‘zaro shunday bog‘liqki, biridagi holat boshqasida albatta aks etadi, ammo maktab ta’limi kishi faoliyatida chuqur iz qoldiradi, chunki u «qon bilan kiradi». Masalan, qo‘qonlik bir o‘qituvchining redaktsiyaga yozgan uch varaqlik rasmiy xatida 94 ta xato qilgani, o‘z ism-familiyasini to‘g‘ri yozolmagani («Mushtum», 1980, 2-son) shuning aksidir.
Bular-ku ayrim shaxslar faoliyatiga xos, ammo rasmiy manbalardagi nuqsonlar chalasavodlikning keng yoyilganidan darak beradi, chunonchi, G‘afur G‘ulom nomli ko‘chadagi lavhada «atigi» 10 ta (umumlashtirsak, 8 ta) imloviy xato bor. Ayni bir joy yoki ko‘chaning o‘zbekcha nomi hamon 2-3, hatto 4-5 xil ko‘rinishda ko‘zga tashlanadi: Oqtepa — Oq-tepa — Aktepe — Ak-tepe — ak-tepa, Ozod — Azad — Azod — Azat, Matlubat — Matlyubot — Matlyubat — Metlubad, Bog‘ — Bag — Bog-kucha, Oxakchi — Axokchi — Axakchi, Sabzazor — Sabzizor, Maorif — Morif, Yangi-obod — Yangi-abad. Buyuk zotlardan Forobiyni Farabiy — Farobiy — Farabi — Farobi, Ogahiyni Agaxiy — Agaxi shakllarida o‘qib yurdik. Mazkur yozuvlar, ularni kim yozganidan qat’iy nazar, O‘zbekiston markazida — Toshkentda «porlab» turibdi. O‘zbekiston, Toshkent deganda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek xalqi gavdalanadi, binobarin, bu xatolar bizning nuqsonimiz sanaladi. Nega bo‘lmasa, taniqli olimimiz T. N. Qoriniyozov familiyasi yozma manbalarda besh xil formada uchraydi: Qoriniyozov — Qori-Niyozov — Qoriniyoziy — Qori-Niyoziy — Qori Niyoziy. Yoki esa Besh-Yog‘och, Yunus-Xan, Chor-Su, Ko‘k-Su, «Uqituvchi», Almazar (kafesi) kabilar joriy imloga mosmi? Ba’zilar savodxonlikning pastligini o‘qituvchilarga yuklaydi. E’tiroz yo‘q, ammo o‘z kasbini ardoqlab, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda halol-pok ishlayotgan o‘qituvchilar, pedagog-olimlar ham oz emas, binobarin, chalasavodlikning ildizlari ancha chuqur va murakkab.
Esingizda bo‘lsa, oldinlari chet el matbuoti O‘rta Osiyo xalqlari tillarining, jumladan, o‘zbek tilining hozirgi holati va kelajagi haqida turli bo‘htonlar, mahalliy xalqlarni ruslashtirish degan uydirma gaplar tarqalayotgani va bu ig‘volarga qarama-qarshi o‘laroq tilimiz erkin rivojlanib, madaniyatimiz kun sayin gullab borayotgani haqidagi maqolalarni o‘qir edik-u, biroq madaniyatning gullashi keng va yorug‘ ko‘chalaru osmono‘par binolar, ko‘rkam koshonalar, ko‘kalamzor xiyobonlaru teatr va kinolar soni bilangina belgilanmasligini o‘ylab ko‘rmas edik.
Bizningcha, o‘sha bo‘hton va tuhmatlar osmondan emas, balki hayotimizdan olingan. Shahrimizga har kuni yuzlab, minglab turli maqsaddagi sayyohlar kelib ketadi, qo‘llarida durbin, fotoapparat, har narsaga sinchiklab qarashadi. Hozirgacha shu haqda gap borsa, «It huradi, karvon o‘tadi» deb keldik, ammo o‘sha itning sezgirligiga va beg‘am karvon sezmagan bir narsani bilib hurayotganiga e’tibor bermadik. Ha, chet elliklar ham hayotni tushunish, fikrlash jihatdan bizdan aslo kam emas. Chindan ham mavjud rasmiy aloqalarni qo‘ya turaylik, anchagina ko‘chalarimiz nomlarini, ishlab chiqarish, ma’muriy-davlat, maishiy xizmat, savdo, sport, ta’lim maskanlari ichidagi yozuvlarni ko‘rgan odam: «Ha, bularning gapida ham jon bor ekan-ku» deb yuboradi. Ana shu nuqsonlar, garchi ular tashqi bezakdan boshqa narsa bo‘lmasa-da, to‘la yo‘qolmaguncha va tilimiz barcha sohada o‘z mavqeni egallamaguncha, o‘sha bo‘hton va tuhmatlarni rad etib bo‘lmaydi, chunki «turistlar» ko‘z bilan ko‘rib, qulog‘i bilan eshitmaguncha ishonmaydi va ishontirib bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, ayrim xatolar rus tilida ish yuritish oqibatida kelib chiqqan, masalan, ko‘zimiz tushgan Aklan, Aksay, Al-Xorezmi, Bogobod, Rumi Djalaltdinov (endi Djalalitdinov — Djalalitdin — Djalaletdin), Djizak, Djurdjoni, Kuyash, Ukchi, Urak kabilar shular jumlasidandir. Ammo, deylik, ul. Sapernaya o‘rnida tilimizga xos bo‘lgan Sapyorlar (Pedagoglar, Tankchilar, Yozuvchilar...) ko‘chasi kabi ohangdor nomlarni nega qo‘llamaymiz? Biz yoshlar chalasavod bo‘lib qolayapti deymiz-u, biroq mazkur nuqsonlarga ular aybdor emas. (Shu o‘rinda yana bir gap: — atamalar aksariyat adabiy til boyligidir. U holda, deylik, Kuyash, Ukchi kabilar o‘zbek adabiy tili boyligi bo‘ladimi yoki rus adabiy tili boyligi bo‘ladimi?) O‘tmish ziyolilarmizni shu qadar loqayd va hissiz qilib qo‘ygan ekanki, peshonasiga nima yozilgan, u nimani anglatadi — bu bilan ishi yo‘q, shuning uchun tilimizga xos bo‘lmagan nomlar o‘ta ko‘payib ketdi. Vaholanki, hozir har bir ko‘cha, mahallada fan kandidatiyu doktori, tilshunosu adabiyotshunos, shoiru yozuvchi topiladi. Yaqinda bir mahalla choyxonasi qoshida koop. «Chayxanщik», koop «Pekar», bir xonadonda esa «Lagman uygurskiy» nomlari paydo bo‘libdi. Hozir qaerga bormang, uch-to‘rtta o‘zbek somsa, non, lag‘mon, kabob kabi milliy taomlar pishirib yotibdi-yu, tepasida «Samsovaya», «Samsovo-lepeshechnыy tsex», «Lepeshechnыy tsex», «Lagmannaya», «Shashlыchnыy», «Plovnaya», «Natsionalnыe blyuda» kabi yozuvlar turadi. Sabzavot do‘konlarida aksariyat «luk», «morkov», «redka», «repa», «tыkva»... bor-u, «piyoz», «sabzi», «turp», «sholg‘om», «oshqovoq»... yo‘q. Yaqin vaqtlargacha dehqonlar sabzavot ekib kelgan keng dalalarga olib chiqadigan bir ko‘chaning nomi «Urojaynaya».
Shunga o‘xshash Vesna, Zimnyaya, Kultivatornыy, Laboratornыy, Lentochnaya, Nitochnaya, Novыy put, Pitomnaya, Figurnaya, Shaxtinskaya, Shirokaya, Shtapelnaya, ayniqsa, ruscha libosdagi Arыchnыy, Duvalnaya, Kattabagskaya, Sarjulskaya, Xavastskaya, Xivinskaya, Chashtepinskaya kabi «o‘zbekcha» nomlarni, dam olish joylaridagi «Ldinka», «Rыbak», «Solnыshko», «Yunga» kabi atamalarni, «Antikor», «Oneks», «Rosomaxa», «Uyut», «Eleks» kabi kooperativ nomlarini o‘qib turgan qaysi chet ellikni bular o‘zbekcha so‘zlar deb ishontirasiz? To‘g‘ri, yaqinda «Novza», «Bir zumda», «Tezkor», «Sebzor» kabi nomlar ham paydo bo‘la boshladi, ammo ular dengizdan tomchi. Shu o‘rinda Toshkent oblasti doirasida tuzilgan kooperativ nomlariga qarang: «Gribnoy», «Dobraya usluga», «Luch», «Mayak», «Metallist», «Nash dom», «Progress», «Radikal», «Rassvet», «Serebryanыe uzorы», «Stroitel», «Temp», «Shashlыchnaya», «Estetika», «Yasnaya polyana» va «Usta» («Toshkent haqiqati», 1989, 21 fevral). Ko‘rib turibsizki, bular hozirgi uyg‘onish davrida yuz bergan bo‘lib, o‘zbekcha va hind-evropa tillariga oid nomlarning o‘zaro nisbati 1:1.5!
Turli idoralarning peshtoqidagi nomini hisobga olmasa (shu ham hamma yerda emas), ichidagi stend va ko‘rgazmalarda, reklama va turli mazmundagi e’lonlarda, bo‘lim nomlarida, ish va qabul vaqti yozilgan lavhalarda o‘zbekcha yozuvlar ko‘rinmaydi. Ayrim zavod, fabrika va nozik idoralarni aytmaylik, mahallangizdagi magazin, pochta, poliklinikalarda, hatto madaniyatimiz, til va adabiyotimizga aloqador ayrim tashkilotlarda ham ahvol shu. Vaholanki, ona tilida lavhalarning to‘g‘ri yozilishi, birinchidan, savodxonligimizning oshishiga, ikkinchidan, boshqalarning o‘zbek tilini o‘rganishiga yordam beruvchi muhim vositalardandir.
Shahrimizda ajabtovur nomlar, noto‘g‘ri yozuvlarning tug‘ilishida maishiy xizmat, obodonlashtirish, qurilish tashkilotlari faol o‘rin tutadi: ular o‘zlari tashkil qilgan idora va nuqtalarga, kooperativlarga joyning tarixiy o‘rni va mahalliy xalq tili hususiyatini hisobga olmay, istagan nomni qo‘yishmoqda. Savodxonlik borasida ruslarda bir yaxshi odat bor: agar biror sohada yangilik paydo bo‘lsa, Rus tili instituti orqali unga berilgan nomning yozuvda qanday ifodalanishini aniqlab olishadi, bizda esa har kim bilganicha yozaveradi. Ko‘zga yaqqol ko‘rinib turgan yozuvlar juda ta’sirchan bo‘ladi. Uni ko‘pchilik o‘ylab, to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga e’tibor berib o‘tirmay aynan qabul qilaveradi. Bu hol tilning barcha sohasiga tarqalgan: addel kultura boshlig‘i, Alievada tushaman (jonli nutq), Abdullaeva ko‘chasi... s-z Tashkent otd-1 p-s Shamsiabad ul. Gulistan (e’lonlardan), Chashtepinskaya ko‘chasi... (televidenie). Hujjat tufayli Akbaev, Gazieva, Giyasov, Kazakov, Sagatov, Xanxodjaeva, Yulchiev kabi nomlarni o‘zbekcha yozolmaydigan, hujjat mohiyatini, o‘z ism-familiyasi ma’nosini bilmaydigan ziyolilar qancha!
Tashqi ta’sir sababli hatto filolog-studentlar ham madaniyat saroyi kabi jo‘n iborani qo‘llay olmayapti, chunki klubning peshtoqida «Dvorets kulturы»dan boshqa nom yo‘q. Bunday hodisalar boshqa shaharlarda, hatto qishloqlarda ham mavjud, ayniqsa, sovxozlarga qarang. Bu nima, taqlidmi? Voajab, Bobur «Eli turkdur. Shahr va bozorisida turki bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bilan rosttur» deb atagan Andijonda zamonaviy mehmonxona uchun «Oltin vodiy» degan nom topilmabdi! Qaysi shaharga bormang, «Anhor (soy) bo‘yi yo‘q — «Naberejkaya» yoki Toshkentda «G‘alaba» bog‘i, birorta raykom binosi oldida «Hurmat taxtasi», «Eng yaxshi kishilar» degan yozuvlar ko‘rindimi? Ayni shu sababli majlislar zali, dars jadvali, kutubxona, o‘quv zali (qiroatxona), bo‘lim mudiri, o‘rinbosar kabi oddiy so‘zlar ham yodgorlikka aylanib bormoqda. Turli sabab va bahona bilan o‘zbekcha matbuotni olmaydigan korxona, tashkilot va hatto kutubxonalar bor.
Lavhalardagi mazmuniy chalkashliklar tarjimonlar mahsulidir. Masalan, Glavnoe aptechnoe upravlenie (Dorixonalar bosh boshqarmasi) birikmasini Bosh dorixonalar boshqarmasi tarzida tarjima qilish tufayli Kichik dorixonalar boshqarmasi ham borligi anglashib qolgan. Shuningdek XXXIV Kirov rayon hisobot-saylov partiya konferentsiyasi kabilar ham tarjima oqibati. Endi mana bu yozulardagi so‘z tartibi va mazmunga e’tibor bering: Soyuz SSR Energetika va elektrlashtirish ministrligi, Goskomizdat O‘zbekiston SSR, SM UzSSR, UzSSR Maorifi ministrligi, UzSSR Madaniyat Ministirligi qoshidagi Respublika Markaziy
ko‘rlar uchun kutubxonasi (endi atamaning so‘nggi qismi «Markaziy ko‘rlar kutubxonasi» shaklini olibdi). Bunday nuqsonlarga chek qo‘yish uchun omma uchun mo‘ljallangan qar bir lavha, turli mazmundagi yozuvlar tegishli nazoratdan o‘tmog‘i kerak.
Savodxonlikning pasayishida zonal tillar, tillarning kelajakda qo‘shilib ketishi va keyinchalik tug‘ilgan ikki tillilik, ikkinchi ona tili, xalqaro umumiy lug‘at fondi kabi tushunchalar katta o‘rin tutadi. Qarangki, mohiyat jihatidan mazkur qarashlar bir xil, ammo so‘nggi o‘n yilliklarda oldingi qarashlar keskin qoralangani holda keyingi qarashlarga zo‘r berildi. Biroq ularga, avvallari bo‘lganidek, bir tomonlama yondashildi, jumladan, ikki tillilik istisnosiz barcha xalqlarga nisbatanmi yoki faqat mahalliy xalqlarga nisbatanmi va o‘zbek-tojik, o‘zbek-qozoq, tojik-o‘zbek, qozoq-o‘zbek kabi ikki tillilik ham shunga kiradimi degan masala ochilmay qoldi va shunday qolmoqda. Ikki tillilikka oid ishlarda asosiy diqqat mahalliy tillarning rus tili ta’sirida leksik jihatdan rivojlanishiga qaratildi, ya’ni o‘zbek-rus ikki tilliligiga alohida e’tibor berildi-yu, ayni chog‘da rus-o‘zbek ikki tilliligi qanday bo‘lishi, uning ahvoli haqida fikr yuritilmadi. Aslida ikki tillilik ommaviy ravishda kundalik zaruratga, ehtiyojga, odatga aylanib, oilaviy turmushga singib, o‘zbek-rus, rus-o‘zbek, o‘zbek-tojik, tojik-o‘zbek holati yuz berganda o‘z mohiyatiga aynan mos keladi. Bunga buxoro-samarqand tip ikki tilli shevalarni misol qilish mumkin. Bunday sheva vakillari tabiiy ko‘nikmaga ega bo‘lgani uchun o‘zbek va tojik tillarida fikrlay va aloqa qila oladilar, ammo shu tillardan birinigina ona tili hisoblaydilar. Bunday hodisa asrlar davomida ro‘y beradi, biz esa o‘zbek-rus ikki tilliligining g‘oyat qisqa vaqt ichida yuz berishiga intildik, hatto yuz berdi deb ham hisobladik, amalda esa bir tillilikka intilish boshlandi. Esimda: yoshligimda yevropalik o‘rtoqlar dadam bilan «Saniki balanchuk yakshi?», «Maniki kizingka bar» qabilida gaplashaverardi. Hozirgi avlod butunlay boshqacha ruhda tarbiyalanib qoldi, hatto o‘z tilini tushunmaydigan ziyoli o‘zbeklar paydo bo‘ldi va mavqei osha bordi.
Bunday hodisa Ittifoq miqyosida yuz berdi, masalan, qator shaharlarda, ba’zi avtonom respublikalarda o‘quvchilar yetishmasligidan milliy maktablar yopilib qoldi, ona tilidagi kitoblar sotilmasligidan, milliy tillarda kitob nashr qilish kamayib ketdi, jumladan, Buryatiya ASSRdagi holatga ko‘z tashlang. Odatda, xalq bor ekan, til yashaydi derdik, ammo tajriba xalq mavjud bo‘la turib, til yo‘qolishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Yo‘qolgan til egalari boshqa xalq tili bilan yashayveradi, chunki bir butun xalq birdaniga yo‘qolib ketmaydi. Shu o‘rinda ikkinchi ona tili iborasini ko‘raylik. Bu ibora 60-yillardan boshlab keng tarqaldi, ammo partiya Programmasining yangi nashrida rus tili «millatlararo aloqa vositasi» deb ataldi. Biroq birinchi tushuncha, ko‘pchilik ziyolilar, ayniqsa, rahbarlar, siyosatdonlar ongiga shu qadar singib ketgan ekanki, ona tili haqida gap borsa, hanuz shu iborani ro‘kach qilishadi.
Unutmangki, til bilish yutuq, ammo til bilmaslik gunoh emas, bundan kulish madaniyatsizlik bo‘ladi. Muxbirlarimiz shu masalada kubalik yoshlarni misol keltirishadi-yu, rus tilida ijod qiluvchi yozuvchi va shoirlar, olimlar, uni mukammal bilgan qanchadan-qancha ziyolilar, ishchilar haqida indashmaydi. Bir mamlakatdan ilm, hunar o‘rganaman deb kelgan odam, albatta, shu el tilini bilmay iloji yo‘q. Agar tarixga murojaat qilsak, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Forobiy, Mahmud Koshg‘ariy kabi olimlarimiz Bag‘dodda ta’lim olib, arab tilini mukammal egallashdi, ammo shuni pesh qilib, sen nega til bilmaysan deyilmaydi. Tabiat insonga bitta til beradi va u shu til bilan yashaydi. Til o‘rganish uzoq davom etadi va u kasb, ehtiyoj, iste’dod, sharoit, sa’y-harakatga bog‘liq. 10—15 yillab ona tilini o‘rgana olmaymiz-u, o‘zga tilni bilishni millionlab xalqdan bir xilda talab qilamiz. Bu ishimiz kampaniyabozlikni eslatadi. Ma’lumki, oilada birinchi va ikkinchi ona bo‘lmaydi — ona bitta bo‘ladi. Ona tili tushunchasi shu bilan bog‘liq. Bordi-yu, bola qaysi tilda tarbiya olsa, shu til ona tili bo‘lib qolaveradi, hatto poliglotlarda ham ona tili bitta bo‘ladi. Rus tili xalqaro tillardan biri, usiz jahon madaniyatidai to‘la bahramand bo‘lish, fanni rivojlantirish qiyin. Buni g‘oyat ko‘pchilik tushunadi, shuning uchun kishilar rus tilini targ‘ibotsiz ham bilishga intilmoqda, masalan, bozordagi oddiy dehqonni oling. Bu ehtiyoj natijasi. Darvoqe, targ‘ibot aksariyat ikkinchi bir hodisani inkor etishga qaratiladi.
Sirk, kino san’ati ham madaniyatimiz ko‘rki, ammo o‘zbekcha tsirk ko‘rdingizmi yoki milliy tillar va milliy madaniyatlar gullab-yashnayotgani haqida gapirilayotgan bir paytda «O‘zbekfilm» o‘z nomiga yarasha nechta mashhur film yaratdi? Matbuotning yozishicha, «O‘zbekfilm»da o‘zbek tilidagi asarlar qabul qilinmaydi va u yerda tilimiz tarjima tili darajasiga tushib qolgan. Rus tilida yaratilgan «Tohir va Zuhra», «Alisher Navoiy» kabi filmlarni chet el studiyalari ham yaratishi mumkin, lekin shunday holat o‘zbek milliy kino san’atining ko‘rki bo‘lolmaydi. Ayniqsa, «Dahoning yoshligi» filmida Botir Zokirov rol o‘ynab, Obid Yunusov so‘zlashi g‘oyat kulgili ko‘rindi. Bunday holga sabab nima yoki kino san’ati sirlarini, uning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘zbek tilida yoritib bo‘lmaydimi? Bizningcha, kelajak avlodga san’atkorlarning so‘zi, harakati, qiyofasi mujassam qolmog‘i kerak. Yana bir ko‘ngilsiz hodisa: O‘zLKSM Markaziy Komiteti plenumlaridan birida qoraqalpog‘istonlik mexanizator bir qiz ruscha gapirolmay yig‘lab yuboribdi («Yosh leninchi», 1987, 20 oktyabr). Boshqa shaharda emas, Toshkentda! O‘tirganlardan birortasi «Gapiring» deya olmabdi. Bu qiz yozning jazirama issig‘iga, qishning qahrli izg‘irinlariga bardosh berib, Siz bilan bizdan ko‘proq mehnat qilayotgan, Vatan boyligini oshirayotgan paxtakor-ku! Paxtada ezilgani yetmaganday, endi bu jihatdan ham eziladimi? Xo‘sh, bu holda uning qalbida kimga mehr-muhabbatu kimga g‘azab tuyg‘usi uyg‘ondi ekan? Qarang, yaqinginada biri o‘zbekcha nutqingni shartta to‘xtatib qo‘ygan, biri «domla» so‘zini qo‘llash dinchilik bo‘ladi (bu tushuncha hamon mavjud) deb dashnom bergan bo‘lsa, ikki tillilik va tillar tengligi shunday bo‘ladimi?
Savodxonlikning pasayishiga hissa qo‘shgan amaliy ishlar yana talaygina, jumladan: biror fan qo‘shiladigan yoki boshqa bir fanni o‘qitishni yaxshilash lozim topilsa, maktablarda va tegishli o‘quv yurtlarida avvalo o‘zbek tili va adabiyoti predmetlari soati qisqara bordi; o‘zbek madaniyati va san’ati bilan bog‘langan, til va nutqimiz rivojiga hissa qo‘shadigan qator institutlardagi mavjud til va adabiyot ichki imkoniyatlardan foydalanib nomigagina o‘qitiladigan bo‘ldi. Natijada til adabiyotdan, adabiyot madaniyat va tarixdan uzilib qoldi va bu hol o‘qituvchi-mutaxassislarda ham, studentlarda ham shu sohaga qiziqishni susaytirdi; rasmiy yig‘ilishlarda va turli hujjatlarni to‘ldirishda ona tilidan foydalanish, ariza, raport, ruxsatnoma, talabnoma, tilxat, hisobot kabilarni ona tilida yozish iste’moldan chiqib qoldi; diplom ishlari aksariyat rus tilida yozilsa, dissertatsiyalar umuman ona tilida yozilmaydigan bo‘ldi; qator institut va texnikumlarda darslarni ona tilida o‘qitish to‘xtab qoldi (o‘zbekcha tekstni mashinkada yozdirish ham muammo) va b.
Milliy tillarga bunday munosabat, ularning funktsional doirasini cheklash, albatta, tegishli ma’muriy rahbarlarning ko‘rsatmasi, siyosatdonlarning quvvatlashi bilan yuz berdi. Ehtimol, ularning bunday harakatini tushunish kerakdir, chunki ular aslida ijrochi, xolos. To‘g‘ri, ona tilini kamsitadigan biror rasmiy hujjat uchramaydi, shuning uchun ham bu sohada o‘zimiz aybdor deb kelar edik. Ammo oshkoralik tufayli ma’lum bo‘lishicha, milliy masaladagi nuqsonlar mamlakatimizning yetakchi rahbarlari nomi bilan bog‘liqdir. Masalan, MDU professori, filologiya fanlari doktori M. Vsevolodovaning yozishicha, KPSS MKning sobiq Birinchi sekretari N. S. Xrushchev: «Biz hammamiz rus tilida qanchalik yaxshiroq gaplashsak, kommunizmni shuncha tez quramiz», — degan bo‘lsa («Pravda», 1989, 6 mart), L, I. Brejnev davrida KPSS MK sekretari bo‘lgan M. Suslov millatlar va ularning tillari, madaniyatlarining zudlik bilan qo‘shilib ketishini qat’iy talab qilganini ta’kidlaydi Ukraina Kompartiyasining sobiq birinchi sekretari, KPSS MK Siyosiy byurosi a’zosi P. Ye. Shelest («Argument: i fakt!», 1989, 2-son), Xo‘sh, bular qaysi rasmiy hujjatdan kam? Axir, bizda ayrim ko‘rsatmalar og‘zaki berilishi, ammo ularni bajarish shart ekanligi ma’lum-ku!
Ayniqsa, N. Xrushchevning gapi ikki yoqlama xavflidir: bir tomondan, milliy til egalarida o‘z tiliga loqaydlik, ishonchsizlik kayfiyatini tug‘dirsa, ikkinchi tomondan, rus xalqining, ayniqsa, yosh avlodida o‘ta mag‘rurlik, boshqa tillarni mensimaslik kayfiyatini tug‘diradi va chindan ham shu hodisa yuz berdi. Bo‘lmasa «Bilimlar uyi»dagi bir rassomga o‘zbekcha shior ham yozgin deyishsa, «ishdan bo‘shashga ariza bersam beramanki, lekin o‘zbekcha yozmayman» dermidi («Fan va turmush», 1989, 7-son, 21-bet) yoki esa yosh pionerning o‘tgan yilgi haqoratomuz gapini eslang. Aytish mumkinki, poraxo‘rlik, qalloblik, axloqsizlik, ko‘zbo‘yamachilik kabi illatlarni ko‘ra bilgan va shuning uchun respublika boshlig‘iga yoqmagan odil rahbarlar, olimlar ham milliy masala sohasida yuqori bilan hamfikr bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shu jihatdan qaraganda, ikki tillilik, ikkinchi ona tili, xalqaro umumiy lug‘at fondi haqidagi nazariyalar yuqoridagi ko‘rsatmalar asosida yuz berganga o‘xshaydi. Ko‘rinadiki, kattalar mumkin qadar adashmasligi kerak, chunki ularning xatosi respublika, hatto mamlakat rivojiga salbiy ta’sir qilishi mumkinki, buning jarohati o‘ta xavflidir. Buni ko‘rib turibmiz. Xayriyatki, partiya va hukumatimiz rahbarligida nuqsonlarimizni vaqtida payqab, ijodiy taraqqiyot sari yuz o‘girdik.
Tilga bo‘lgan har qanday nojo‘ya harakat xalqqa nisbatan qilingan harakatdir. Biz til biladi deb kishilarni boshqa shaharlardan istagan sohaga jalb qilaverib, anchagina mahalliy ishchilarni sun’iy til to‘siqligiga duch qildik. Hatto oddiy kotibalikka kiruvchidan ham ruschani yaxshi bilasanmi, protokolni ruscha tuza olasanmi, deb so‘rashadi-yu, boshqalardan hech bo‘lmasa o‘zbekchani tushunasanmi deb so‘rashmaydi. Buning natijasida ne-ne ijodiy fikrlar, orzular aytilmay qoldi ekan, balki mahalliy ijodkor ishchilar sinfining keng quloch yoymaganligi ham qisman shundandir. Tag‘in mahalliy ishchilar yetishmaydi deb noliymiz. Mahalliy xalqning uzoq sanoat korxonalariga borib ishlashga ishtiyoqmand emasligini ham unutmaslik kerak. Ehtimol, uning vatanparvarligi shunda ham mavjuddir. Paxta dalasidagi og‘ir mehnatni qoyil qilayotgan xalq boshqa sohadagi ishlarni ham qoyil qilar. Buning uchun unga hech bo‘lmasa o‘z yurtida til to‘siqligi bo‘lmasligi kerak.
Milliy tillarga bepisandlik tarixiy nomlar markaziy shaharlarda qayta tiklanayotgan bir paytda bizda boshqasi bilan o‘rinsiz almashtirib turishda ham ko‘rinmoqda. Masalan, atoqli o‘zbek shoiri, Lenin mukofoti laureati G‘afur G‘ulom nomidagi sovxoz Timoshenko bo‘lib qolibdi. Esingizda bo‘lsa, Chilonzordagi bir maydonga Furqat haykalini o‘rnatishga harakat boshlanib, uning nomi berilay deb turganda «Chayka» bo‘lib qoldi. «Chorsu» nomini eshitib yurib, «Moskva»ga duch keldik. Kimningdir tashabbusi bilan tarixiy Qatortol nomi «Pravda» gazetasi» bo‘lib turibdi. Ziddiyatning sun’iy ravishda tug‘dirilishini qarangki, endi bunga haqli e’tiroz bildirilsa, «Pravda»dek siyosiy nomga qarshilik bo‘lib tuyuladi. Yana Bektemir shahri Narimonov bo‘ldi va hokazo. Bunday tarixiy nomlar asliga qaytarilishi kerak. Hayronman, o‘zbekcha nomlar shu qadar tikanli, yoqimsizmi? Nega bunday hodisalarga quyidagilar e’tiroz bildiradi-yu, rahbarlar jim yoki ular o‘qishmaydi, ko‘rishmaydimi? Bilamiz, mazkur nomlarning hammasi zamonaviy, ma’nosi chuqur, ularga e’tiroz bildirish siyosiy va ma’naviy kaltabinlikdir. Demak, gap tarixiy nomlarni saqlab qolishda va ularni o‘rinsiz o‘zgartirishda. Axir, bizda yangi-yangi sovxozlar, aholi punktlari, madaniy, ob’ektlar yoki o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan nomlar qancha. Nom qo‘yishda yana bir o‘rinsiz odatimiz bor. Deylik, Pushkin nomidagi joyni har bir shahar va rayonda uchratish mumkin, ammo Bobur, Mashrab, Zavqiy, Avaz O‘tar, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda kabi nomlarni esa ma’lum joylardagina uchratamiz. Bu mahalliy cheklanish oqibatidir. Hali bizda nomi biror joyga berilmagan o‘tmish siymolar qancha. Tarixning e’zozlanishini qarangki, yaqinda Oktyabr inqilobining ashaddiy dushmanlari ataman P. Krasnov, general, A. Denikin, muvaqqat hukumat boshlig‘i A. Kerenskiy kabilarning asarlarini ham o‘qish mumkinligi e’lon qilindi. Yuqorida qayd etilgan nuqsonlar milliy munosabatlarning keskinlashuvida sezilarli o‘rin tutdi deb o‘ylayman.
Ba’zan boshqacha nojo‘ya ishlar ham bo‘ladi. Bilasizki, haykal ulug‘ kishilarga qo‘yiladi. Bordiyu boshqa joyga ko‘chirish kerak bo‘lsa, odamlar ko‘zdan panaroq qilib, muhofaza bilan
ko‘chiriladi. Biroq O‘zbekistonning birinchi prezidenti Y. Oxunboboev haykalini kuppa-qunduzi ekskavatorning cho‘michiga bog‘langan tross bilan u yoqqa tortib, bu yoqqa tortib ag‘darishdi. Xo‘sh, bu kimga hurmat, nimaning belgisi? Aslida otaning haykali shu yerda turgani ma’qul edi. Bu bilan ham tarixiy bir hodisaga xiyonat qildik. Bunday ishlar milliy hissiyotga tegib ketishini sezmayapmiz. Unutmangki, «Hissiyot avlodlarda takrorlanadi, u zamonga bo‘ysunmaydi» deyishadi, chunki hissiyot doimo potentsial harakatda turadi. Hissiyot, iftixor, g‘urur, faxr tushunchalari bir-biri bilan bog‘liq va hamma xalqqa xos. Xalqlar bor ekan, bu tushunchalar, yashaydi, xalqlar do‘stligi, internatsionalizm turli tillarda so‘zlashuvchi va milliy iftixorga, o‘z madaniyati, urf-odatiga ega bo‘lgan xalqlarning mavjudligida yuz beradi. Eng oliy yig‘inlarda ham nutqlarning turli tillarda erkin yangrashi yutqiziq emas. Darvoqe, xapqlar do‘stligi g‘oyasi bizda azaldan mavjo‘d, masalan, Alisher Navoiy asarlari, «Alpomish» dostoni qahramonlarini eslang. Armaniston zilzilasi shuni ko‘rsatdiki, muruvvat, odamgarchilik, do‘stlik chet ellarda ham kam emas ekan. Adashmasak, Hammer hech bir tashviqotsiz pulning o‘zidan bir million dollar hadya qildi.
O‘zbek tilini o‘qitish o‘ta yaxshilangan, hatto davlat tili bo‘lganda ham, boshqa til egalari uni yoppasiga o‘rganmaydi. Ehtiyoj, qiziqish bo‘lmaganidan o‘zbek mahallasida 20—30 yillab yashab yoki o‘zbek xonadoniga kelin bo‘lib kelib, bir necha bolali bo‘lsa-da, bir og‘iz o‘zbekcha gapirmaganlar bor. Bu bilan ularni ayblab bo‘lmaydi, chunki til o‘rganish ixtiyoriy. Tilimizmi birovga o‘rgatish uchun oldin o‘zimiz ardoqlashga o‘rganaylik. Demak, davlat tili avval o‘zimizni tarbiyalaydi, o‘zimizda mas’uliyat, ehtiyoj, qiziqish tug‘diradi, ayrimlarning nojo‘ya harakatiga, pala-partish nom qo‘yishlarga chek qo‘yadi, tilni muhofaza qiladi, turli sohalar bo‘yicha adabiyotlar, qo‘llanma va darsliklar ko‘payadi. Tilni ehtiyoj yaratgan ekan, demak, uni ehtiyoj himoya qiladi, ehtiyoj bo‘lmasa, targ‘ibot va tashviqot samarasiz bo‘ladi. Tegishli idora va rahbarlar amaliy ishga o‘tib, namuna ko‘rsatib turmasa, qolganlar katta arava boshlagan yo‘ldan ketaveradi. Shu jihatdan olganda, respublika doirasida davlat tilining ikkita bo‘lishi ko‘pchilik tashkilotlarda mavjud holatni o‘zgartirmaydi. Rus tili rasmiy ravishda aytilsa-aytilmasa, SSSR miqyosida davlat tili bo‘lib qolaveradi, buni hamma biladi, shuning uchun rus tilini o‘qitishni yaxshilash o‘z-o‘zidan ma’lum. To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda ba’zi ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi, jumladan, qator o‘rin-joylar, narsa-hodisalar o‘zbekcha nomlarga ega bo‘ldi, deylik, Komsomol ko‘li, «Moviy gumbazlar» kabi mashhur maskanlar risoladagi nomini oldi, ayniqsa, madaniy markazlardan birining nomi Muqimiy shaklida yozilib, teatr xodimlarini savodsizlik ta’nasidan qutqarib qoldi va boshqalar, biroq Xamza, Tesha Zaxidov, G‘ofur G‘ulom kabi yangi nuqsonli yozuvlar kishini taajjubga solmoqda.
Milliy masalada buyuk o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibmiz. O‘ylaymizki, eski usul va qarashlar barham topib, yangicha qarashlar g‘olib chiqadi. Albatta, yangilikning qarshilikka uchrashi tabiiy, ammo yetilgan masalalar vaqtida yechilgani ma’qul, aks holda o‘zligini tanish osha borayotgan ekan, bir yoqlama qarorlar kelgusida yana ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Aminjon Mamatov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 11-son