OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Muvozanat (1988)

Yigirma-o‘ttiz yil muqaddam Bo‘stonliq chiroyini ta’riflashga til ojiz edi. Lekin bu ko‘rk, chiroy shiringina tush misol ko‘z o‘ngimizdan yiroqlashib bormoqda. 
Bor-yo‘g‘i yigirma-o‘ttiz yil oralig‘idagi yo‘qotish, salbiy o‘zgarishlarni ko‘rib, odamning hech ishongisi kelmaydi. Bolalik kezlarimizda meva va sabzavotlarga har xil dori solish, ximiyaviy ishlov berish degan gaplar butunlay yo‘q edi. Tog‘dan sharqirab oqib keluvchi shalolalar bo‘ylab jannatmakon bog‘lar yashnab yotardi. U joylarga texnika bora olmasdi. Kolxozlar uchun hech keragi yo‘q bo‘ltak-so‘ltak, qiyalik, toshloqdan iborat o‘sha yerlarni qishloq kishilari o‘z qo‘l kuchlari bilan yashnatib yuborgan, bir parcha ham bo‘sh joy topilmasdi. Mehnatkash odamlar bahordan to qishgacha shu maydon-bog‘larida yashab, bog‘dorchilik, sohibkorlik va chorvachilik bilan shug‘ullanishardi. Oila a’zolarining hammasi uchun o‘ziga loyiq ish topilardi. Katta yoshdagilar kolxozda mehnat qilsalar, ularning farzandlari darsdan bo‘sh paytlarida, ta’til davrida bog‘ va chorva yumushlarini bajarishar, ro‘zg‘orni bemalol tebratib turishardi. Daraxtlarga chirmashib o‘sgan toklar, xilma-xil mevalar kesilmas, ko‘milmas, shunday bo‘lsa-da, har yili shig‘a-shig‘a hosil beraverardi. 
Elliginchi yillarning oxirlarida kutilmagan xunuk voqealar sodir bo‘ldi. O’sha yo‘qotishning naqadar katta fojia ekanligini endigina sezib, tub mohiyatiga tushunib turibmiz. Odamlarning bog‘larini, qaysiki tog‘ etaklari, oraliqlaridagi yerlarni to‘satdan tortib olishga kirishdilar. Bu “hujum” boshida turganlar kolxoz nomi bilan, xalqning xohishisiz ish olib borishardi. Shu o‘rinda bog‘ egalarining ham ko‘pchiligi johillik qildilar: “Bekordan bekor tashlab ketgandan ko‘ra daraxtlarni o‘tinga kesib olganimiz ma’qul.” Shu o‘y bilan azamat daraxtlar hatto endigina quloch ota boshlagan navqiron nihollarning kundalariga ham bolta urildi. Gurkiragan bog‘lar o‘rnida mung‘aygan, ship-shiydon quruq yer qoldi. Bu Bo‘stonliqqa suiqasdning boshlanishi edi...
Keyinroq tuman bag‘rida yoppasiga oromgohlar qurilishi boshlandi. O’nlab lagerlar, hordiq chiqarish, sog‘lomlashtirish maskanlari qaror topdi. Dam olish zonasiga aylantirilgandan so‘ng Bo‘stonliqda ijobiy o‘zgarish yuz berar, degan umidda edik. Afsuski, bora-bora shu ilinj ham chippakka chiqdi. 
Odamlarning dam olgani, musaffo tabiat qo‘ynida yayrab-yashnagani yaxshi, albatta. Qachonki, ular o‘zlarini odamday tuta bilsa. Afsus, mas’uliyat, javobgarlikni his qilmaydiganlar ko‘p. Inson qo‘li bilan tog‘u toshlarga o‘t qo‘yildi, soy suvlarini zaharlab, baliq ovlandi, dorivor o‘simliklar ildiz-pildizi bilan yulib olib ketildi, yovvoyi parrandayu darrandalar qiyratildi. Bir misol: Sho‘robsoy deb ataluvchi tog‘ shalolasida qadim-qadimdan g‘ij-g‘ij mazali baliqlar yashardi. Hozirgi kunda Sho‘robsoy o‘lik suvga aylangan. Buning sababini shu atrofdagi cho‘ponu molboqarlar yaxshi bilishadi. Ularning guvohlik berishlaricha, Qorjantov tog‘larining bag‘rida yer portlatib yurgan geologlar avvallari garbit bilan oz-ozdan baliq ovlab yurishgan. Rejadagi ishlar tugab, butunlay qaytar kezlarida esa soyning eng tepasidan kuchli zaharli dori oqizishgan-da, yoppasiga qirilib, suv betiga chiqqan baliqlarni qop-qop qilib mashinalarga yuklab ketishgan. 
Bo‘stonliq vohasidagi shu kabi cheksiz beboshliklarni kim tiyadi, ularga qarshi kim kurashadi?! Mazkur vazifani bajarishi kerak bo‘lgan o‘rmon xo‘jaliklari, ovchilik jamiyati a’zolari, boshqa sohadagi tabiat qo‘riqchilarining o‘zlari, afsuski, nafs bandalariga aylanib qolishgan. Yilning to‘rt faslida ham bo‘stonliqlik brakonerlar beozor yovvoyi hayvonlar va qushlarni beomon qirg‘in qilaverishadi. Nazoratchilarning qo‘liga tushib qolishdan unchalik qo‘rqmasa ham bo‘ladi – ulardan qutulib ketish qiyin emas. Chunki ularda nafs yo‘q deysizmi?
Tuman bosh arxitektori Viktor Ivanovich Kitchenkoning zorlanib aytishicha, dam olish zonasi qurayotgan tashkilotlar qiyaliklarni tekislash, tepaliklarni surib tashlash, istagan joylaridan zovurlar ochish, umuman, xayollariga kelgan beboshliklarga qo‘l uraverishlari oqibatida qanchadan-qancha archazorlar, boshqa noyob o‘simliklar nobud bo‘lyapti. Tog‘ ko‘chish xavfi kuchayib bormoqda. O’zbilarmonlik bilan yer ostidan suv tortishlar ham Bo‘stonliq muvozanatini buzib yubormoqda. Tog‘ buloqlarining suvi qochib, shu chashmalar hisobiga yashab turgan yashil boylik qurib qolyapti. Holbuki, Bo‘stonliqda tabiat bag‘riga chang solishdan avval, tuman bosh arxitektori bilan maslahatlashish, uning ko‘rsatmasiga qat’iy amal qilish lozim edi. Ammo bu qoidaga hech kim bo‘yin egmayapti.
Ajabo, respublikamiz poytaxti – Toshkentga hayot baxsh etib (toza havo, zilol suv asosan shu vohadan oqib keladi) turgan orombaxsh bu go‘shani qutqarib qolish uchun nahotki imkon qolmadi?!
Bo‘stonliq tuman bosh arxitektorining qo‘lidagi mo‘‘jazgina bir kitobchada bu savolga ijobiy javob bor. Inqirozga yuz tutayotgan ushbu voha singari joylarni milliy boqqa aylantirib, qayta tiklash haqida ajoyib rejalar, olijanob orzular shu qadar yorqin bo‘yoqlarda tasvir etilganki, beixtiyor hayajonlanib, quvonib ketasan kishi! Agar Bo‘stonliqda ana shu reja amalga oshirilsa, tabiat yo‘qotganlarini ortig‘i bilan qaytarib, qadimgisidan ham ziyoda yasharardi, ko‘rkamlashib ketardi. Tuman tabiati dardiga malham qo‘yuvchi, uning ko‘rki jamolini kechayu kunduz muhofaza etib turuvchi yagona kuch vujudga kelardi. Bu tashkilot ruxsatisiz biron daraxt kesilmasdi, bitta ham tosh joydan qo‘zg‘almasdi. Sho‘robsoy kabi tog‘ shalolalarining baliqlari ham qirib tashlanmasdi, brakonerlarning esa payi qirqilardi. 
Bo‘stonliqni milliy boqqa aylantirish masalasi ancha oldin ko‘tarilgan. Bu haqda tuman miqyosida qaror qabul qilinganiga bir yilcha vaqt bo‘ldi. Shunga qaramay mutasaddi tashkilotlar hanuz jim. Shundoq ham Bo‘stonliqqa yon qo‘shni – Chirchiq shahrida yirik sanoat korxonalarining haddan ziyod ko‘payib borayotganligi, shamol esgan kezlarda o‘sha zavodlarning qurumini obdan tinkasi qurigan bu voha ustiga uchirayotgani dard ustiga chipqon bo‘lyapti. G’azalkentning, qator posyolka va qishloqlarining aholisi ichimlik suvga tobora tashna bo‘layotgani sir emas. Qaysiki, kelajakda sanoat korxonalari qurilishi mo‘ljallanayotgan Chimboyliq qishlog‘i zonasida yer ostidan tortib olinayotgan suv bilan G’azalkent shahri zo‘r-bazo‘r ta’minlab turilgani hammaga ma’lum. Nahot buni tuman ijroiya komiteti mutasaddilari tushunib yetmasa?! Bu shahar ostidagi suvlar esa ichish u yoqda tursin, hatto yuvinishga ham yaroqsiz holga tushib qolganini tuman sanitariya va epidemiologiya stantsiyasi xodimlari necha bor isbotlab berishgan. 
Bir paytlar benuqson bo‘lgan Bo‘stonliqda endilikda dorilarsiz, ximiyaviy ishlovlarsiz meva, uzum, sabzavot va boshqa ekinlar hosil bermay qo‘ydi. Bu nimadan? Albatta, tabiat asrlar davomida amal qilib kelgan muvozanatning qo‘pol ravishda buzilishidan.

“Sovet O’zbekistoni” gazetasi, 
1988 yil 12 iyul soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.