Men yigirma to‘qqiz yildan beri deyarli har yili bir marta bir oylik muddat bilan o‘zbek shevalarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyada bo‘lib qaytaman. Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo oblastlarida (ularning ba’zilarida bir necha marta) bo‘ldim. Bu joylardagi o‘zbek shevalarini o‘rganish bilan birga shu shevalar vakillari bo‘lgan xalqlarning etnik sostavi (urug‘-aymoqlarga bo‘linishi), shajarasi, o‘tmishda qanday xalqlar bilan munosabatda bo‘lganligi, hozirgi til va etnik muhiti, rasm-rusumlari va qadimiy urf-odatlari, azaliy mashg‘uloti, kasbi-kori, folklori hamda ularning moddiy va ma’naviy hayotlarining yana boshqa birqancha sohalariga doir ko‘plab ajoyib ma’lumotlar to‘plandi, har xil tekstlar yozib olindi. Shu munosabat bilan ayrim etnografik adabiyotlarda (masalan, O‘zbekistonni rayonlashtirish bo‘yicha e’lon qilingan ishlarda) ana shu oblastlardagi aholining etnik sostavi, toponimiyasi va tarixiga doir yanglish va xato ma’lumotlarning ham mavjud ekanligi ma’lum bo‘ldi. (Masalan, ba’zi urug‘larning nomlari, tarqalishi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan, toponimlar yanglish talqin qilingan va hokazo).
O‘zbekistonning turli rayonlarida olib borilgan ko‘p yillik kuzatuvlar, yig‘ilgan boy va xilma-xil materiallar odamning bir tushunchaga bo‘lgan ishonch va e’tiqodini borgan sari orttirib boryapti. Bu — xalqning o‘zi tarix, degan tushunchadir. To‘g‘ri, bunday tushuncha avvaldan ma’lum, lekin biz, ayniqsa, mutasaddi ilmiy jamoatchilik bunga kam e’tibor beramiz. O‘zbekiston va o‘zbek xalqining o‘tmish tarixiga doir boy faktik material hozir ham xalqning o‘zidadir. To‘g‘ri, O‘zbekiston va o‘zbek xalqining tarixi haqida sovet olimlari yozgan asarlar, qo‘lyozma shaklidagi ko‘plab noyob tarixiy kitoblar, arxeologik qazishmalar va etnograf olimlarning yiqqan materiallari hamda turli davrlarda qurilgan tarixiy obidalar yaxshi ma’lumot beradi. Bular o‘zbek xalqining va O‘zbekistonning tarixini yozishda asosiy manbalar bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga O‘zbekiston va o‘zbek xalqining mukammal va sistemali tarixini yozishda til materiallari ham juda katta ahamiyatga egadir. Bu borada O‘zbekiston toponimiyasi (er, suv, joy nomlari)ning materiallari ayniqsa qimmatli bir manbadir. Toponimlarni bekorga «erning tili» deb aytmaganlar olimlar. Ularda xalqimizning va o‘lkamizning tarixiga doir juda qadimiy va noyob ma’lumotlar bekinib yotibdi. Shunga qaramay, O‘zbekiston toponimiyasini ilmiy jihatdan o‘rganish ishiga e’tibor berilmay kelinayotir. Bu sohada o‘z holicha ish olib borayotgan ayrim o‘zbek tilshunoslarining faoliyatlari qo‘llab-quvvatlanmay kelinadi. Maqola, kitob, dissertatsiya tarzida yakunlangan ilmiy ishlar yoki o‘zbek shevashunos olimlarining bu sohadagi to‘plagan materiallari va tadqiqotlari esa, O‘zbekiston tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlarimiz tomonidan o‘rganilmagan, umumlashtirilib ishlab chiqilmagan, ulardan tarix yozishda foydalanmay kelinmoqda. Hatto O‘zbekistonda toponimiya bilan shug‘ullanadigan biror ilmiy tashkilot yoki bo‘limning yo‘qligi juda achinarli bir holdir. O‘zbekiston toponimiyasini ilmiy asosda mukammal o‘rganish ishini planlashtirish va uni to‘g‘ri tashkil qilish vazifasini hech bo‘lmaganda O‘zbekiston Fanlari akademiyasining prezidiumi o‘z qo‘liga olishi kerak. Respublikamiz hayotida yuz berayotgan iqtisodiy, tashkiliy-ma’muriy o‘zgarishlar, xususan, bir oblastdan ikkinchisiga aholining ko‘chirilayotganligi, qishloqlar va oblastlarning yiriklashishi, yerdan va ekin maydonlaridan foydalanish ishlarini ba’zan qayta tashkil etish va har xil qurilish ishlari kabi faktorlar yer-joy nomlarining o‘zgarib ketishiga, ularning bir qismining esa tamoman yo‘qolib ketishiga ham ta’sir etadi. Shular bilan birga xalqimiz va o‘lkamiz tarixining «kichik-kichik bo‘lakchalari» ham yo‘qolib, unutilib ketadi. Biz hali shu paytgacha Toshkent, Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Farg‘ona, O‘sh, O‘zgan, Asaka, Buxoro, Termiz kabi ko‘plab shaharlarimiz, katta-katta daryo va ko‘llarimiz nomlarining ma’nolarini bilmaymiz, ular o‘rganilib, tarix kitoblariga, o‘rta va oliy o‘quv yurtiga mo‘ljallangan darsliklarga kiritilishi lozim. Bunday ma’lumotlarning O‘zbekiston tarixini boyitishdan tashqari, yoshlarimizii vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishida ham ahamiyati beqiyosdir.
Xalqimiz va o‘lkamiz tarixi uchun muhim bo‘lgan yana bir manba — o‘zbek shevalari leksikasida saqlanib, lekin yildan-yil kamayib borayotgan tarixiy so‘zlardir. So‘z ham tarix, u ham tarixiy obida. Har bir tarixiy so‘zda xalqimiz tarixining kichik bir «bo‘lakchasi» ifodalangan bo‘ladi. Respublikamizning turli regionlarida azaliy mavjud bo‘lib, so‘ng yo‘qolib ketgan yoki qisman har-har yerda saqlanib qolgan qadimiy har xil xo‘jalik sohalari, turmush tarzining biror sohasi, rasm-rusumlar, urf-odatlarning izlari so‘zlarda saqlanib qolgan. Xalqimizning 70—80 yoshlardagi keksa avlodining tili, nutqi, so‘z boyligi, so‘zlash uslubi bilan 18—20 yoshlardagi avlodning so‘z boyligi orasida juda katta farq borligi sezilib turibdi. Men har safar ekspeditsiyada bo‘lganimda bu haqiqatga amin bo‘laman va otaxonlarning so‘e boyligini yozib olishga oshiqaman. O‘zimning yoshim ham ellikdan oshgan bo‘lishiga qaramay, umrimda eshitmagan, «tutilmagan» ajoyib so‘zlarga duch kelaman. Bunday so‘zlarni o‘rganib, ular yordamida shu xalq tarixining bizga qorong‘i bo‘lgan ko‘p qirralarini bilib, ilg‘ab olish mumkin. Andijon oblastida bo‘lganimda, qo‘rg‘ontepalik otaxonlar bilan ko‘p suhbatlashdim. Ular bu yerda azaldan no‘xat ekilmasligini, buning sabablari borligini so‘zlab berdilar. Bu ham kichik bir tarix. Bunday ma’lumotlar O‘zbekistonda, uning turli oblast va rayonlarida qishloq xo‘jaligining qanday tarmoqlari rivojlangani va aksincha, qaysi tarmoqlari bo‘lmaganini, uning sabablarini aniqlash uchun ahamiyatlidir. Shu xildagi an’analarni ham xalqning o‘zidan o‘rganish kerak. «O‘z yerini o‘z xalqi biladi» degan naql bor tilimizda.
Boshqa bir misol: qo‘rg‘ontepalik oqsoqollar o‘zlarining aslida Tojikiston Qo‘rg‘ontepasidan kelganliklari (o‘z nomlari bilan) haqida qiziq tarixiy ma’lumotlarni so‘zlab berdilar. Bu ham e’tiborli fakt. Har bir keksa avlod oramizdan ketganida o‘zi bilan juda ko‘plab noyob so‘zlarni va ayni zamonda tariximizga, xo‘jaligimizga doir ko‘plab ma’lumotlarni, joy nomlarining ma’nolarini ham abadiy olib ketadi. Ularni qayta to‘plash mumkin emas. Xalqimizning tarixi, tili va qadimiy madaniyatiga oid bunday yo‘qotishlar tez-tez bo‘lib turibdi. Axir V. V. Radlov, P. M. Melioranskiy, A. K. Borovkov kabi ulug‘ olimlar qo‘lyozma kitoblarda arxeologik obidalarda aks etmay qolgan tarixiy faktlar xalqning jonli tilida saqlangan bo‘lishi mumkin deb necha bor aytishgan edi-ku.
O‘zbek xalqining etnik tuzilishi ham ko‘p yillardan beri konkret territoriyalar bo‘yicha atroflicha o‘rganilmay kelinadi. O‘zbek xalqining va tilining tarixi, etnogenezi uchun juda muhim bo‘lgan masalaning bu ahvolda qolishi tamomila achinarli bir holdir. Bu sohada qilingan ishlar juda oz bo‘lib, qanoatlanarli emas.
Hozirgi paytda katta-katta shaharlarda va ularga tutash bo‘lgan qishloqlarda urug‘-qabilachilik izlari deyarli saqlanmagan. Ularda til (sheva), madaniyat jihatidan yaxlitlashgan aholi yashaydi. Lekin ayniqsa Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm oblastlarida bunday holga duch kelamiz: katta shaharlardan turli tomonlar bo‘ylab qishloqlarga yurganimiz sari aholi har xil urug‘larga bo‘linib, etnik jihatdan parchalanib boradi va aksincha, uzoq qishloqlardan yirik shaharlarga tomon yurilsa, ayniqsa katta-katta markaziy shaharlar va ularning atroflariga kelib, aholi etnik jihatdan birlashib, uyushib yaxlitlasha boradi hamda urug‘-qabilachilik bo‘yicha bo‘linishlar ham yo‘qolib ketgan bo‘ladi. Etnik tuzilish bo‘yicha bunday xususiyatni qisman bo‘lsa-da, Farg‘ona vodiysi rayonlarida, xususan Andijon oblastining chekka (masalan sharqiy) rayonlarida ham ko‘rish mumkin. Bu xususiyat O‘zbekistondan tashqarida, masalan, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalarida va Shimoliy Afg‘onistonda tarqalgan o‘zbeklar orasida ham hozirgacha yaxshi saqlangan. Bu holat ana shu yerlardagi xilma-xil o‘zbek urug‘larini, ularning hayotidagi qadimiy-an’anaviy urug‘-qabilachilik munosabatlarining saqlanish darajasini juda aniq o‘rganishni taqozo etadi. Buning uchun esa o‘sha yerlarga borish kerak, u yerlardagi o‘zbek aholisining keksa avlodi xotirasi va hofizasida saqlanib qolgan ma’lumotlarni zudlik bilan yozib olmoq, o‘rganmoq kerak.
Holbuki, o‘zbek xalqining etnik tarixi haqida tarixiy, tilshunoslikka doir ayrim kitob va maqolalarda, darsliklarda «O‘zbek xalqi etnik jihatdan yaxlitlanib bo‘lgan», «urug‘-qabilaviy bo‘linishlar yo‘qolib, ular o‘zbek xalqi tarkibiga singib ketgan» kabi noto‘g‘ri fikrlarni tez-tez uchratamiz. Bunday mulohazalar bu masalani chuqur va to‘g‘ri o‘rganilmaganining oqibatidir. Etnik guruhlarning «singib ketishi» barcha oblastlarda bir xilda va bir tekisda emas. Shuningdek, o‘zbek xalqining turkiy bo‘lmagan boshqa (eroniy, arab) xalqlar bilan hamda mo‘g‘ul xalqi bilan bo‘lgan tarixiy munosabatlari va ularning hozirgi etnik tuzilishdagi ko‘rinishlari ham yetarlicha ishlangan emas. Umuman, etnogenez masalasi bilan hech kim jiddiy shug‘ullanmayotir. Bir masala ham tarix, etnografiya, tilshunoslik, xususan shevashunoslik kabi bir necha soha olimlarining mushtarak ishi bo‘lmog‘i kerak. Til materialisiz etnogenez masalasini hal qilib bo‘lmaydi.
Shajara ham bir tarix. Xalqimiz orasida katta va kichik shajaralar mavjud. Hozir ham qishloqlarda urug‘-qabila va ajdodlar shajaralarini, ularning tarqalish tarixini yaxshi biladigan o‘qimishli, zukko otaxonlar uchrab turadi. Kichik bir misol: o‘g‘il — otaning bolasi; nevara — bolaning bolasi; evara—nevaraning bolasi; chevara— evaraning bolasi; pannevara—chevaraning bolasi; kunun nevara—paynevaraning bolasi; yot nevara — kunun nevaraning bolasi. yoki: «Men — bolam-nevara-chevara-evara-kavara-duvora — tomdan itarib yubora» (begona degani) kabi shajaralarda yetti avlod, ularning kimligi, qaerlarga tarqalganligi, nufuzi, ijtimoiy ahvoli kabi ma’lumotlar ham keksalar esida saqlanganligi kabi faktlarga duch kelamiz. Bunday ma’lumotlarni to‘plash va ularni sinchiklab tahlil etish ham xalqimiz o‘tmish tarixini to‘g‘ri yoritish ishiga yordam beradi. O‘zining ajdodlari va nasl-nasabi tarixini yaxshi bilish, ularga sodiq bo‘lishning hozirgi qayta qurish paytida tarbiyaviy ahamiyati yo‘q emas. Ming afsuski, bunday ma’lumotlar ham xalqimizdan yig‘ib olinmagan.
Xalqimiz o‘z tarixida turli-tuman ko‘chish-ko‘chirilishlarni boshidan kechirgan. Har xil sabablarga ko‘ra turli mavzelarda aholining ayrim qismlarini qayta joylashtirish ishlari ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra yuz berib turgan. Bu xildagi tarixiy ma’lumotlarni yaxshi biladigan bilimdon keksalar xalqimiz orasida hali bor. Ulardan bu xildagi ma’lumotlarni ham kechiktirmay yozib olmoq kerak. Chunki bir joydan ikkinchi joyga yirikroq bir guruh aholi ko‘chib borib o‘rnashsa, o‘sha joyda ular til va boshqa etnografik belgilarga ko‘ra qayta shakllana boshlaydi. Bu masala ham o‘zbek xalqining tarixi, tilining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini aniqlashda e’tiborga loyiq faktlardan biridir.
Ma’lumki, O‘zbekistonda sun’iy sug‘orish, umuman, sug‘orish inshootlari tarixi muhim masalalardan biridir.
Kichik bir misol keltiray: Andijon oblastining Qo‘rg‘ontepa qishlog‘idagi bir suhbatda Matkarim ota Madrahimov, Azimboy ota Rahmonov kabi keksa otaxonlar bundan bir necha asr 4 muqaddam yer osti g‘ishtli quvur bilan O‘shdan Aqbug‘ra suvini Qo‘rg‘ontepaga olib kelinib, ekin sug‘orilgani to‘g‘risida juda maroqli bir tarixni batafsil so‘zlab berdilar. Bunday ma’lumotlarni men boshqa rayonlarda bo‘lganimda ham bir necha bor eshitganman va ularni dala daftarimga yozib qo‘yganman. Bu xildagi tarixiy voqealarga bag‘ishlangan rivoyatlar, qadimiy maqollar, qo‘shiqlar, naqllarning xalqimiz tilida ko‘pligini, xilma-xilligini aytmaysizmi? Bular ham tarixiy faktlar sifatida xizmat qilishi mumkin.
Qo‘rg‘ontepalik keksa dehqon Matkarim otaning aytishlaricha, yil (tabiat) uch marta yangilanadi: qishning chillasida, navro‘z (bahor) oyida va ashur (avgust) oyida. Bu xil yangilanish dehqonchilikda hisobga olingan. Chunki uning yerga, dehqonchilikka, insonga, ham ta’siri bo‘ladi. «Navro‘zda hech narsa olmasang ham bir kalish olib kiy», deydi xalqimiz...
Xalq xotirasidagi tarixiy ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilmiy-tarixiy kitoblarga ko‘chirib yozish kerak, demoqchi emasman. Bunday ma’lumotlarni o‘rganishning ilm uchun faqat foyda keltirishi mumkinligi haqida gapirmoqchiman.
Xullas, dono xalqimiz ko‘p narsa biladi. Uning o‘zidan o‘rganish kerak: dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik kabi xalq xo‘jaligining boshqa ko‘plab sohalari tarixi bo‘yicha ham qimmatli ma’lumotlar hali xalqimizning xotirasida saqlanib keladi. Bular emas, hatto bosmachilik harakati va Oktyabr inqilobi voqealariga doir kitoblarimizda mavjud bo‘lgan xato va chalkashliklarni bartaraf etish, ularga aniqliklar kiritish uchun ham xalq orasida yurib, uning o‘zidan so‘rash lozim bo‘ladi.
Men O‘zbekiston va o‘zbek xalqining tarixiga doir o‘rganishi kerak bo‘lgan ba’zi qirralar haqida qisqa-qisqa to‘xtalib o‘tdim. Buning sababi xalqimizning xotirasida «omonat» holda turgan tarixiy ma’lumotlarni kechiktirmay yig‘ib, to‘plab olishga bo‘lgan ehtiyojning hozirgi qayta qurish yillarida juda muhimligidir. Yuqorida bildirilgan mulohazalar va o‘zimning o‘zbek shevalarini o‘rganish bo‘yicha olib borgan ishlarim natijasi o‘laroq shunday bir xulosani bayon etmoqchiman: hozir tarixchi olimlarimiz «O‘zbekiston SSR tarixi» deb atalgan o‘zbek xalqi va O‘zbekiqtonning sakkiz jildlik tarixini yozishga kirishdilar.
Lekin, bizningcha, ana shu katta tarixni yozishdan oldin loaqal ikki yil, ya’ni har yili bir oydan ikki marta (bahorda va kuzda) butun O‘zbekiston oblastlarida va O‘zbekistondan tashqarida tarqalgan o‘zbeklar orasida kompleks ilmiy ekspeditsiya uyushtirishlari kerak. Bunday ekspeditsiya maxsus tayyorlangan so‘roqlik bo‘yicha olib borilishi va ekspeditsiya sostavida akademiklar va muxbir a’zolar, yetakchi va yirik-yirik olimlar: tarixchilar, etnograflar, arxeologlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, qishloq xo‘jalik va boshqa muhim sohalarning mutaxassislari albatta uyushgan holda ishtirok etishlari lozim. Ana shular ikki yil mobaynida, xuddi yaqinda Moskvadan uyushtirilgan Orol ekspeditsiyasiga o‘xshab, o‘zbeklarning tarqalgan territoriyasini to‘liq aylanib, o‘rganib chiqishlari va xalqimizdan to‘plangan materiallardan tarix yozishda albatta foydalanishlari shart. Chunki 20-yillarning boshlarida respublikani rayonlashtirish munosabati bilan nisbatan shoshilinch ravishda o‘tkazilgan tekshirishlardan bu yog‘iga bunday kompleks ekspeditsiya deyarli uyushtirilgan emas. Hozirgi paytda, nazarimizda, shunday ilmiy ekspeditsiyaga bo‘lgan ehtiyoj juda ham sezilib turibdi. Kompleks ekspeditsiya materiallari xalqimiz tarixiga doir ayrim yanglish qarashlar, nuqtai nazarlar va ilmiy masalalarga aniqlik kiritish, ularni to‘g‘ri yoritish ishiga ham shubhasiz ko‘maklashgan bo‘lar edi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 3-son