OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Muhitga sig'magan yurak (1989)

Iste'dod shunday bir javohirki, u dengiz tubida sadaf ichida ham gavhar. Iste'dod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarining qudrati, ummonlarning teranligi bor. Iste'dod shunday bir. gulki, uning ochilmagan har g‘unchasida chamanlarning bo‘yi va tarovati bor.

Usmon Nosir ana shunday gavhar, ana shunday irmoq, ana shunday g‘uncha edi. Shoirning zamondoshi, qahramon adib, chex farzandi, o‘zbek xalqining do‘sti Yulius Fuchik: «Odamlar, hushyor bo‘ling, men sizni sevardim!», degan so‘zlarni aytgan. Usmon Nosir o‘z ijodi bilan, o‘z qismati bilan, har nafas bizga shu so‘zlarini takror etadi: «Odamlar, hushyor bo‘ling, men sizni sevardim!»

...Shoir bo‘lsang, bo‘lsa qalbing,
Elga qurbon bo‘lgudek,
Shoir bo‘lsang, bo‘lsa qalbing,
Senga qalqon bo‘lgudek...

Usmon Nosirning elga qurbon bo‘lgudek qalbi bor edi. U agar, hech bo‘lmasa, 1941 yilgacha yetib kelolsa, balki o‘sha fidoyi jonini Sulton Jo‘ra kabi Vatan uchun qurbon qilgan bo‘lardi. Agar unga uzoq umr  ko‘rish nasib etsa, balki necha-necha betakror she'ru dostonlar, dramalar yozib, adabiyotimizning tabarruk siymolaridan bo‘lib, yetmish beshga kirib, oramizda yurardi!

Usmon Nosirni ijod bog‘idan yulib olib ketgan mudhish davrni qoralash, la'nat o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. O'sha davrni keltirgan o‘sha dahshatli muhitni yaratgan sharoitni bilish, uning sababini aytish lozim. Bugun biz hamma aybni faqat Shaxsga va unga sig‘inishga qo‘ysak, barcha savollarga javob bergan bo‘lmaymiz. O'sha Shaxsni davlat tepasiga keltirgan, o‘sha sig‘inishni paydo qilgan kuch nima? Butun-butun xalqlarni sehrli qahhor va jabbor qudrat oldida ojiz tomoshabin qilib qo‘ygan narsa nima? Bugun qayta qurish to‘lqinida uyg‘ongan ong shuni tahlil qilmoqda. Qimlarnidir qoralash, kimlargadir ayb to‘nkash uchun emas, balki o‘sha muhitni hech qachon, hech bir sharoitda, hech qanday rahbar zamonida takrorlamaslik uchun tahlil qilmoqda.

Usmon Nosir ruhi bizni uyg‘oqlikka chaqiradi. «Kim erk, hayot, deb jang qilolsa har kun, erku hayot uchun o‘sha munosib». Ulug‘ nemis mutafakkiri Gyotening Faust tilidan aytgan bu so‘zlarni hamma zamon va hamma xalqlarga tegishlidir. Zamonlar osha, zamonlarning girdobu bo‘ronlar osha o‘z gavharlarini asrab qololgan xalq sharaflidir. Xalqning sha'nu shavkati, tili tarixi, tabarruk an'analari, ulug‘ farzandlarining ruhi pokiga sadoqat ana o‘sha gavharlardir. Yo‘qolgan moddiy boylikning o‘rnini to‘ldirish mumkin, lekin ma'navyy boylikdan judo bo‘lish - ulug‘ fojia!

Oshkoralik zamoni tariximiz sahifalaridan sirlar pardasini ko‘tarmoqda. Jumladan, o‘ttiz yettinchi yillarning hujjatlari markaziy va mahalliy matbuot orqali xalq hukmiga havola etilmoqda. Shunday hujjatlarning ayrimlarini siz «O'zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasida o‘qidingiz.

O'sha davrdagi Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan yig‘inlarning stenogrammalarini ko‘zdan kechirish ayniqsa ijodkorlar uchun foydadan xoli bo‘lmas. Bu ish, xususan,bizning inqilobiy qayta qurish davrimizda, mafkuraviy to‘qnashuvlar avjga chiqqan bir paytda, g‘oyat ibratlidir. Ularni o‘qigan kishi oladigan birinchi saboq shuki, iste'dod bilan noqobillikning, teranlik bilan yuzakilikning, halollik bilan nopoklikning kurashida aksari zafar yovuz kuch tomonida bo‘lgan. Bamisoli billur bilan harsang toshning to‘qnashuvida hamisha billur chil-chil bo‘lgandek!  Biz ijodkorlar necha iste'dodlarga zavol bo‘lgan o‘sha muhitni qoralar ekanmiz, hozirgi o‘z muhitimizga aql ko‘zi bilan, kelajak ko‘zi bilan boqsak, yomon bo‘lmasdi. Qayta qurishni o‘zicha tushungan, barcha qadriyatlarning oyog‘ini osmondan qilib qo‘yishga urinayotgan, davr epkinida yuzaga chiqib olishni ko‘zlayotgan badniyatlar yo‘q emas. Ular Yozuvchilar uyushmasi minbarini egallab, iste'dod egalariga loy otayotganlari, oshkora ta'qib va tahqir qilayotganlari o‘sha o‘ttiz yettinchi yil muhytini eslatmaydimi? Men u o‘ktam va'zxonlarning kymligini aytib o‘tirmayman, kimga xizmat qilayotganlarini ham gapirmayman. Faqat eslatmoqchimanki, ularning asosiy quroli - tuhmat, shallaqilik, g‘azabkorlik. O'sha davrlarda Usmon Nosirga qarshi ishlatilgan qurollarga juda o‘xshab ketadi. Farqi faqat shuki, o‘ttiz yettinchi yilda bunday majlislardan keyin shoirlarga qamoqlarning eshigi ochilgan bo‘lsa, endi kasalxonalarning eshigi ochilmoqda.

O'sha davr xujjatlarini o‘rganishning yana bir ibratli tomoni bor. Iste'dod bilan noqobillik-ku azalan bir-biriga dushman. Lekin iste'dodlar osmondagn yulduzlardek bir-biriga hamroh bo‘lishlari lozim emasmi?! Nega endi hammavaqt ham shunday bo‘lmaydi? Noqobillikning «buyuk» qobiliyati shundaki, u iste'dodlarning o‘rtasiga ham raxna soladi. Eng ulug‘ shoirlar ham hayotda oddiy inson. O'z mehri, g‘azabi, rashki, gumonlari bilan yashab turuvchi inson. Afsus, ming afsuski, Abdulla Qodiriyga ham, Usmon Nosirga ham tosh otganlar faqatgina noqobil kasbdoshlari bo‘lgan emas... Hayotning o‘ta murakkabligi, davrning o‘ta chigalligi ana shunda! ..

Usmon Nosirning «Yurak» she'rida shunday bir satr bor:

«Senga tor keldi bu ko‘krak. .»

Shoir o‘z muhitiga sig‘madi. O'z xalqi peshonasiga ham sig‘madi! Lermontov, Dobrolyubov, Abdulla To‘qay, Baratashvili, Sergey Yesenin... Usmon Nosir. .. Bular dunyodan o‘ttiz bahorni ham ko‘rmay o‘tgan, ammo o‘z nomlarini ulug‘lik pillapoyasiga ko‘targan siymolardir... Yoshligida hayotdan ketgan shoir, ixlosmandlari tasavvurida mangu yosh bo‘lib qoladi. Usmon Nosirning yoshlikka xos ehtirosli, sodda, samimiy satrlar xalq, qalbida so‘nmaydi!..

«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.