Yoki fohishabozlik haqida ayrim mulohazalar
Ayollar haqida salbiy so‘z aytish juda og‘ir.
Xalqimizda azaldan o‘ziga xos odat bor. O‘g‘il farzand voyaga yetgach uni uylantirish ota-ona qarzlaridan biri hisoblanib kelingan. Odatda bo‘lajak qudalar o‘zaro kelishib olishganlaridan so‘ng ma’lum muddat (oylar, hatto yillar) to‘yga tayyorgarlik va yangi ro‘zg‘orni moddiy bazasini tuzish uchun qoldirilgan. Mana shu davr ichida bo‘lajak kelin bilan kuyovning uchrashuvlari maxsus tashkil qilinadi. Ko‘pchilik olimlarimiz, izlanuvchilarimiz o‘z «asar»larida o‘zbek xalqi va odatlari haqida so‘z yuritganda yigit bilan qiz to‘ygacha bir-birlarini mutlaqo ko‘rmasdan, ko‘r-ko‘rona, ota-ona ixtiyori bilan uylanishganini yozishadi. Bu fikrlar ko‘pam to‘g‘ri emas. Yuqorida aytganimizdek, kelin-kuyov bir-birini tanib olishida o‘ziga xos sinovdan o‘tishi uchun imkoniyat-uchrashuvlar tashkil qilingan. Bu uchrashuvlar «qalliqqa borish», «qalliq o‘yini» deb atalib, ota-onalar yoki yaqin qarindoshlar tomonidan tashkil qilingan. Shu uchrashuv — «qalliq o‘yini»da yigit qizga yaxshi kiyimlik, taqinchoqlar, shirinlik sovg‘a qilib borishi odat bo‘lgan. Bu odat hozirgi kunga qadar ham ayrim oblastlarimizda (Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand) saqlanib qolgan. Boshqa ayrim regionlarda (Toshkent, Farg‘ona vodiysi) bo‘lajak kelin-kuyovni bir-biri bilan pinhona uchrashtirish odati bor. Agar qiz yigitga yoqib qolsa, o‘zi bilan olib kelgan sovg‘asi — toza kiyimlikmi, nafis buyum yoki matomi qizga topshiradi.
Yana bir azaliy «odat» borki, uning tarixidan ko‘ra, yaqinroq o‘tmishi va hozirgi kundagi holatidan fikrlashgan ma’quldir. Chunki uning davomchilari harom yo‘llar bilan umumxalq dasturxonidan chegirib qolgan molu-pulini qo‘ltiqlab olib, «qalliq» — suyuq oyoqli qiz-juvonlarni axtarib umrini o‘tkazayotgan bir guruh shaxslardir.
Men prokuratura organlarida ko‘p yillik ish tajribamda uchratgan jinoiy ishlarni, shikoyat xatlarini varaqlab, ko‘rgan-eshitganlarimdan shu xulosaga keldimki, «to‘qlikka-sho‘xlik»dan kelib chiqadigan harom qiliqlar ancha tomir otgan ekan.
Bu guruh odamlar oilasi borligi, yoshi, jamiyatdagi o‘rni, mansabidan qat’iy nazar, o‘ynash tutadi. To‘g‘ri, men o‘ynash tutishni oqlamagan holda, agar bu munosabatlar o‘zaro muhabbat, bir-biriga intilish beg‘araz bo‘lsa, har bir inson hayotining, shaxsiy muhokama qilish nojoiz hisoblangan tomonini nazarda tutmoqchi emasman. Men jazmanini pul hukmi bilan saqlovchi, tekinxo‘rlik bilan yashashga o‘rgatuvchi, el-xalq va bola-chaqa nasibasidan chegirib bir fohishaga oborib berib, o‘zicha «quturib» yurganlarni aytmoqchiman.
Avvalo shu narsa ma’lumki, biror erkak o‘z mehnati evaziga, peshona teri bilan topilgan pulga o‘ynash axtarmaydi. Eng yaxshi daromad oluvchi mansabdor ham yolg‘iz bo‘lsaku «hay-hay», xotini, bolalari bo‘lsa, ro‘zg‘or ehtiyojidan orttirib uy quradi, mashina oladi, dala hovlini obod qiladi, sayru tomoshaga boradi, lekin o‘ynash axtarib, uni saqlab, boqib, kiyintirib yurishga sarfiyoti yetishmaydi. Bundaylar boshqa shaharga komandirovkaga, safarga yoki dam olishga, davolanishga yetib borar-bormas ko‘zi alang-jalang, cho‘ntagini changallagancha juvon-fohisha axtarmaydi.
Demak, avvalo fohishabozlikka intiluvchi erkaklar, pul, qimmatli sovg‘a-salom evaziga ayollar bilan jinsiy yaqinlik qiluvchi «kuyov»lar o‘g‘ri, talonchi, kazzob, davlat va jamoat pulini o‘maruvchilar yoki odamlar mulkini turli firibgarliklar bilan shilgan jinoyatchilardan iborat bo‘ladi desak xato qilmaymiz.
Men erkaklarning fohishabozlikdagi rolini mutloq qoralagan holda, harom ishdagi ishtiroklari, yuqorida aytganimiz — harom pul topishdagi jinoyati soyasida ko‘rinmay ketishini e’tiborga olib, bu boradagi suhbatimiz mavzuini fohishalarga qaratishni ma’qul ko‘rdim. Ma’lumki, fohishabozlikni fohishalar qiladi, ular esa asosan — ayollardir.
Aziz va mo‘‘tabar inson — ona haqida madh aytaverib, adog‘iga hech kim yetib borolmagan. Lekin shu nomga da’vogar bo‘laturib, vaqtinchalik kayfi-safo yo‘lini tutib, hatto farzandlaridan fahshni afzal ko‘rib ketgan ayollar qanchadan-qancha ekanligiga ishonasizmi?
Bizda katta kamchiliklar yoki tomir otgan jinoyatlar haqida ham «onda-sonda uchrab turadigan ayrim hollar, ayrim insonlar...» deb aytishga o‘rganib qolingan. Biz keltirmoqchi bo‘lgan holatlar, ming afsuski, «onda-sonda...» emas-da! Bu narsa ancha-muncha tomir otgan. Militsiya, prokuratura, sud organlaridagi tom-tom ishlar fikrimiz dalilidir.
Ayniqsa biror jinoiy ishga aralashib qolgan buzuq ayollarning so‘roqdagi ko‘rgazmasi bilan boraversangiz «zanjirli reaktsiya»sining naqd ustidan chiqib qolasiz.
Chilonzor rayonida yashovchi Gulchehra T. o‘z «faoliyati»ni juda erta boshladi. Hayotning biror qirrasini bilmay turib, yonidan o‘tgan erkak zotini birortasini nazardan qochirmas edi. O‘qish, o‘rganish, mehnat qilish hissi unga yot edi. Halollik bilan baxt topishni xayoliga ham keltirmadi. Ichkilik va ishratga berilib ketib, ota-onani ham bevaqt «go‘rga tiqdi».
Uch xonali dang‘illama uy-joyda yolg‘iz qolgach «faoliyati»ni avj oldirib yubordi. O‘ziga o‘xshagan axloqsiz «dugonalar» va o‘g‘ri-kazzob erkaklarni yig‘ib tongotargacha fohishabozlik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Orada «o‘ynash»dan o‘g‘il ham tug‘ib oldi. Ko‘ni-qo‘shnilar, militsiya xodimlari uni ogohlantirishar, jarima solishar, muhokama qilishardi. Boshqa nimayam qilishsin, axir qonunda boshqa jazo bo‘lmasa? Oxir-oqibat uni onalik huquqidan mahrum qilishdi, xolos.
Xo‘sh, Gulchehra parazitlarcha hayot kechirdi, necha o‘nlab yoshlarni yomon yo‘lga boshladi, qancha oilalar, taqdirlar inqiroziga sababchi bo‘ldi, mahallani, qo‘ni-qo‘shnilarning yuzini yerga qaratdi. Ayol degan nomga, ona degan nomga dog‘ tushirdi. Jazo esa...
Gulchehraning qo‘shnisi Irina S. ham undan qolishmadi. Eri vafot etgandan so‘ng ko‘p o‘tmay uning xotirasiga xiyonat qildi. Bolalari Lena va Jenya ko‘zi oldida murdor ishlarini boshlab yubordi. Go‘dak bolalar onalarini begona odamlardan qizg‘anib ustiga tashlanganlarida ularni ayovsiz savaladi. Bolalarni vrachlar o‘limdan asrab qolishdi. Fohishaga aylangan ayol ona nomidan mahrum qilindi...
Farg‘ona shahrida Umida D. ismli ayol mast holda jamoat joyida to‘palon ko‘tardi, ashaddiy bezorilik qildi. Uning qilmishiga baho berish maqsadida shaxsi o‘rganib chiqildi; bu ayolning hammayog‘i tillaga «belanib» ketgan ekan. Uyi esa pul, qimmatbaho buyumlarga kon bo‘lib ketgan... Maoshi atigi 70—80 so‘m bo‘lgan farrosh ayol buncha boylikni qaerdan olgan — eri bilan ajralishganda unga radio, televizor, xolodilnik va boshqa ro‘zg‘or anjomlari tekkan edi, xolos. Olti yoshli qizi bilan ikki xonali uyda yashardi. Oradan sakkiz yil o‘tdi. Shu davr mobaynida uning uyi to‘rt xonali bo‘ldi. Avval bolaxona, so‘ng hovlida hammom qurildi. Xonalarni chet el mebellari bezadi. Kiyim shkafiga ko‘ylaklari sig‘may qoldi.
U xazina topganmikin deb o‘ylayotgandirsiz? Yo‘q! Tergovda Umidaning suyuqoyoqlik — fohishalikni o‘ziga kasb qilib olganligi, ustiga-ustak hali o‘n gulidan biri ham ochilmagan qizini «xaridor»larga qo‘shib berayotganligi aniqlandi. Sud avvalo, uni yagona qiziga onalik huquqidan mahrum qildi. Haromdan yiqqan molu-mulki musodara etildi. O‘zi esa... qizining nomusiga zo‘rlab tekkanlikda ishtirokchi va qo‘shmachi sifatida jinoiy javobgarlikka tortildi. Qilmish-qidirmish... Adolatli hukm...
Xo‘sh, Umida o‘z xatti-harakatlari bilan jinoyat yo‘liga kirayotganligini, o‘zining kelajagini, qizining baxtini oyoq osti qilayotganligini bilmasmidi? Yo‘q, bilardi, u o‘zi tanlagan yo‘lni juda yaxshi bilardi, ammo nafs balosi uni harom-xarish komiga yo‘lladi, oru-nomusni, sharm-hayoni unutdi.
Uning buzuqchilik ko‘chasiga kirib ketganligini shu paytgacha nahotki qarindosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilari sezishmagan bo‘lsalar? Bilishardi. Ular o‘zlarini bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka olishadi. Ana shu loqaydlik tufayli fohisha ayolning hech narsadan tap tortmasdan ko‘ngilning istagan ko‘chasida yuraverishlari uchun sharoit yaratildi.
Loqaydlik... Dangal aytish mumkinki, sodir bo‘layotgan juda ko‘p jinoyatlarning ildizlari, surishtirib kelsangiz, oxiri shunga borib taqaladi;
Zarina B. oqshom tushishini sabrsizlik bilan kutar, betoqat bo‘lib soatiga tez-tez ko‘z tashlardi. Soat millari esa juda imillab yurayotgandek tuyuldi unga. «Eh, tezroq kech bo‘la qolsaydi!» — o‘yladi u ichi qizib.
Qaerga oshiqayapti bu qiz? To‘ygami? Yoki dugonasinikiga bormoqchimi? Yo‘q!.. U... «oviga bormoqchi, fohishalikka!..
Shu payt Zarinaning ichida kimdir «bu niyatingdan qayt, oxiri yomon bo‘ladi, axir bir marta... esingdan chiqdimi?» deganday bo‘ldi. U bir daqiqa o‘yga cho‘mdi. Bu ovoz uning yodiga noxush xotiralarni soldi: ilgari «ko‘ngil ochish» paytida qo‘lga tushgani, ko‘pchilik o‘rtasida mulzam bo‘lib «Endi bunday noma’qulchilikni qilmayman», deb va’da berganini esladi.
Qiz ikkilandi, bir qarorga kelolmay boshi qotdi. Shunda, beixtiyor kaftida o‘ynayotgan jaraq-jaraq pullarni tasavvur qildiyu qora ko‘zlari chaqnadi: «Boraman».
U shaxd bilan yo‘lga tushdi. «Do‘stlik» mehmonxonasi qarshisidagi yorug‘da o‘zini tovlab, nari-beri borib kelaboshladi. Va nihoyat...
Uning yuragida g‘alati, yovvoyi quvonch bosh ko‘tardi. Yonidagi yoshi o‘tib qolgan kishining quchog‘ida erkalanar, xayoli esa «daromad»ga ertasi kuni nima xarid qilish bilan band edi.
Keling, endi Zarina bilan yaqindan tanishaylik: u endigina o‘n yetti yoshga kirdi. Ota-onasi, akasi, singillari bor... Unda nima uchun u bu nopok yo‘lga qadam qo‘ydi? Uning bu ish naqadar tubanlik ekanligiga aqli yetmaydimi? Yoshlik qilayaptimi? O‘z hayotini boshi berk ko‘chaga olib kirayaptiku?
Uning xatti-harakatlarining boisini tushunib olish uchun, kechagi kunlarga qaytmasdan ilojimiz yo‘q.
Zarina bundan 3 yil burun, aniqrog‘i 1984 yil noyabr oyida o‘z-o‘zidan uydan ketib qoldi. Hech kim uni urishgan emasdi. Ketganini uydagilar ham bilmay qolishdi. Lena ismli dugonasinikiga bordi. So‘ng sayrga chiqib ketishdi. Lena bir gruppa yigitchalar bilan tanishtirdi. Keyin muzika eshitishga taklif qilishdi. Ozgina-ozgina vinodan tatib ko‘rishdi. Rosa o‘yinga tushishdi. So‘ng esa... 7 kundan so‘ng militsiya xodimlari Zarinani uyiga eltib qo‘yishdi...
Endigina o‘n to‘rt yoshga kirgan qizning uyidan chiqib ketishi taajjubga soladi kishini. Modomiki, shunday voqea yuz bergan ekan, demak bu xonadonda qiz uchun og‘ir vaziyat vujudga kelgan deb o‘ylarsiz? Afsuski, yo‘q. Lekin shuni aytish kerakki, bu paytga kelib Zarinaning yurish-turishida nojo‘ya qadam olishlar ko‘zga tashlana boshlagan edi. Uni-buni bahona qilib uydan chiqar, har xil tanish-notanish tengdoshlar bilan kinoga borar, pod’ezdlarni «obod» qilishardi. Ota-ona, yaqinlari tegishlicha «tergamadilar», har kim o‘zining ishi bilan band bo‘ldi.
Ayni o‘smirlikning nozik davrida qizning taqdiriga befarqlik, loqaydlik qilindi. Maktabdagi ko‘pni ko‘rgan tajribali o‘qituvchilar Zarinaning tarbiyasi ustida astoydil qayg‘urishmadi: ishlari faqat ota-ona bilan suhbat o‘tkazish, sinf majlislarida qizlar xulqi haqida nasihatbozlikdan nariga o‘tishmadi. Ya’ni, «...nazorat o‘rnatdik...», «...suhbat o‘tkazdik...», «muhokama qildik...», «...ishlab chiqdik...» deganday siyqasi chiqib ketgan usullar...
Endi voqeaga qaytaylik. Militsiya xodimlari Zarinani uyga keltirishgach, ko‘p o‘tmay maktab ma’muriyati shunday hujjatga imzo chekishdi:
«...Zarina R. qobiliyatli, namunali xulqi bilan ajralib turadi. O‘qishni yaxshi o‘zlashtiradi. Faol jamoatchi, myohnatsevar... Topshiriqlarni vijdonan bajaradi. Mehribon va ibratli o‘quvchi, hurmati baland...»
Bu hujjat... uni hunar-texnika bilim yurtiga jo‘natib maktabni esa «sha’niga dog‘ tushishdan qutqarib qolish» uchun ekanligini sezgan bo‘lsangiz kerak.
Ko‘p o‘tmay militsiya bo‘limidagi yangi papkada mana bunday yozuvlar paydo bo‘ldi: «...Zarina o‘ta yengil tabiatli, chekadi, bir necha marta mast holda bo‘lganligi kuzatilgan. Sayoq qizlarga qo‘shilib buzuqlik qila boshlagan... Sovg‘a evaziga jinsiy aloqa qilishda fosh qilinib ogohlantirilgan...» Uzundan-uzoq yozilgan hujjatning oxirida Zarina... fohisha deb atalgan edi.
Bunday ahvolga olib kelgan umumiy sabablarga keyinroq qaytish maqsadida yana Zarina haqida to‘xtalaylik: bu 17 yashar navnihol qiz katta xatoga yo‘l qo‘ydi. U o‘zida uyg‘ongan yengil havaslarga, mayllarga qul bo‘lib qolmasligi, qaytanga ularni jilovlab o‘zining ma’naviy qiyofasi uchun kurashishi kerak edi. Ammo unda iroda yetishmadi. Yengil hayotga intildi. Turli yerlarda uchrab turadigan suyuq oyoq ayol-qizlarni o‘ziga rahnamo deb bildi. Buning oqibati uning o‘zi uchun ham, ota-ona, aka va singil, maktab uchun ham yomon bo‘ldi. U barvaqt nomusini yo‘qotdi. So‘ngra esa nafsi «g‘ovlay» boshladi: tanasini pullashga o‘tdi. U kelajagini barbod qildi, nahs botqog‘iga botdi. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Faqat oldinda, uning o‘ziga ko‘proq bog‘liq bo‘lgan bir qancha yo‘llar turibdi. Qaysi birini tanlash esa...
Fohishabozlik ruscha «prostitutsiya» deb atalib, bu lotincha prostituo ya’ni sharmanda qilaman, nomusdan ajrataman, degan ma’noni bildiradi.
Yaqin-yaqin vaqtlargacha mamlakatimizda «fohishabozlikka chek qo‘yilgan, bizda bu illat yo‘q» deb kelindi. Muammo ustidagi «oq parda»ni olib tashlamoqchi bo‘lgan ayrim jonsarak kishilarning «og‘ziga urildi». Bu yolg‘on rostgo‘ylik ustidan hukmron bo‘lgan, haqiqat kamalakday egilib, sinay-sinay deb turgan davrlar edi. Taajjubki, ko‘pchilik «jilovdor»lar uchun shunisi ma’qul edi. O‘ylashga, bosh qotirishga ham o‘rin yo‘q. Fohishalar va ular atrofidagi «arvoh kapalaklar» safi esa gurkirab o‘sar, borgan sari ko‘payardi.
Fohishabozlikning ildizi qadim-qadimlarga, deyarli inson ongli hayotga qadam qo‘ygan kundan boshlangan, desak xato qilmaymiz. Bu illatni «ongli hayot»ga taqaganimizning boisi shundaqi, fohishabozlik ham ongli ravishda qilinadigan harakatdan iboratdir. Hayotiy misollardan biriga murojaat qilamiz:
Muzlatish kombinatida sekretar-mashinistka bo‘lib ko‘p yillar ishlab kelgan R. S. Vilenskayani kollektivda izzat-hurmat bilan pensiyaga kuzatishdi. Bu serharakat va mulozamatli ayol ishbilarmonligi bilan ajralib turardi. Uni ko‘pchilik hanuzgacha hurmat bilan eslaydi.
Ammo...
Keyin ma’lum bo‘lishicha, Vilenskaya ishda boshqayu, uyda — shaxsiy hayotda butunlay boshqa ayol ekan. U Chilonzor rayonida joylashgan ko‘p qavatli uyning 3 xonalik kvartirasida yolg‘iz yashardi. Eri o‘lib ketgan. Yagona qizi turmush qurib, chiqib ketgan edi. Qo‘ni-qo‘shnilari vaqti-bemahal Vilenskayaning uyiga kirib chiqib turgan kishilarni ko‘rishar, lekin bu «beozor» kishilar hech kimga halaqit berishmaganligi uchun «odam oldiga odam keladida» deb qo‘yishardi. Bir kuni uning uyiga ikkita ayol kirib keldi. Kiyinishi, o‘zlarini sipo tutishidan, bu ayollar haqida biror nojo‘ya fikrlash gunohga o‘xshab tuyulardi. Ichkaridagi suhbatni eshitgan har qanday kishining esa eti junjikib ketishi aniq: ular puldor erkak topishdan va uchrashuvdan umidvor bo‘lib kelishgan ekan.
Vilenskaya o‘ziga tanish fohisha — asli qarag‘andalik, yolchitib biror joyda ishlamaydigan Larisa Svershukka qo‘ng‘iroq qiladi. «Klient» kerakligini uqtiradi...
Shu kechasi vaqt allamahalga yetganda Larisa kirib keladi va bir «frayer» bilan kelganligini ma’lum qiladi. Vilenskaya eshikni ochib, «mehmon»dan 30 so‘m olgandan so‘ng ichkariga qo‘yadi.
«Mehmon» — R. Mikaelyan taniqli jinoyatchi — Larisa bilan pinhona ko‘z urushtirib, «gaplashib» olganligini uy bekasi sezmay qoladi. Shu kechasi tongga yaqin Larisa bilan «kavaleri» allanarsalarni ko‘tarishganicha oyoq uchida uydan chiqib ketishadi, uyda esa «beka» boshi qoq bo‘lingani holda o‘lib yotardi.
Tergov uzoq davom etdi. Ko‘p yillardan beri fohishabozlik, qo‘shmachilik bilan shug‘ullanayotgan Vilenskayaning uncha-muncha jamg‘arma puli, qimmatbaho buyumlari borligi Larisaga ma’lum ekan. U o‘z navbatida buni Mikaelyanga aytdi. Oqibatda esa «o‘g‘rini qaroqchi urdi» xilidagi og‘ir jinoyat sodir bo‘ldi.
Bu voqeani keltirishdan maqsadimiz shuki, qaerda nomus sotish, fohishabozlik bor ekan, jinoyatchilar shu atrofda aylanib yuradi va bu «tomosha»ning oqibati mana shunday fojea bilan tugaydi. Ayrim hollarda esa nafaqat fohishalar, ularning qo‘ni-qo‘shnilari, hech qanday gunohi bo‘lmagan kishilar ham jabrlanishi mumkin. Chunki xalqimizning «qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi» degan gapi bejiz aytilmagan.
Davlat va jamoat mulkini ta’magirlik bilan, shaxsiy boylik orttirish maqsadida egallab olishga qaratilgan jinoyatlar, shuningdek, o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, kamomad, mansabni suiiste’mol qilish va firibgarlik kabi jinoyatlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu ishlarning deyarli hammasi u yoki bu darajada fohishabozlikka borib taqaladi.
Matbuot organlari orqali yoki bo‘lib o‘tayotgan ochiq sud majlislari materiallaridan ma’lum bo‘lgan — 80-yillar jinoiy ishlarining qaysi birini varaqlab ko‘rsangiz, «qahramon»lardan xoh partiyaviy rahbar, xoh xo‘jalik rahbari, xoh paxta zavodi direktori, xoh savdo xodimi yoki ma’muriy organlarda mas’ul xodim bo‘lsin davlat, xalq pulining mo‘maygina qismini o‘marganiga duch kelasiz. Tergov faqat qancha pul o‘zlashtirilganini emas, balki bu pul qaerga sarflanganini ham aniqlashi lozim. Buni qarangki, bebiliska topilgan pul insonni buzadi, deganlari rost ekan. Haromxo‘rlar xotini, bola-chaqasi bo‘lgan holda, yana bir nechtadan o‘ynash-teqinxo‘r ayollarni shu harom topilgan pul hisobidan saqlab turgan va katta miqdordagi pullarni fohishabozlik yo‘lida — suyuqoyoq ayollarga sarflaganlar. Erkaklar-ku o‘g‘irligi va sarfiyoti uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, munosib jazolarini olayaptilar. Lekin bu hamtovoq ayollarchi? Qaysi bir fohisha «qallig‘i» sovurayotgan pullar uning oyligi — peshona ter bilan topilgan ish haqi emasligini bilmaydi? Hammasini biladi. Har bir mijozi g‘arra-g‘arra sarflayotgan pullar nopoklik bilan, jinoiy yo‘l bilan topilganligini juda yaxshi tushunadi. Oddiy bir mehnatkashning bir oylik ish haqi miqdoridagi pulni, qandaydir bir lahzalik lazzat uchun, u ham bo‘lsa mast-alast holda «quturib» kechadigan hayvoniy hirs uchun sarflagan odam bu pulni yo kimningdir uyidan o‘g‘irlab yoki davlatning «tubsiz kissa»sidan shilib kelganini a’lo darajada biladi.
Xo‘sh, shunday ekan, nega bu fohishalar vaqti kelib jinoyatchilar bilan bir qatorda o‘tirishmaydi? Nega bunday hollarda ularning javobgarligini belgilovchi qonun yo‘q? Axir, jinoyat qonunida jinoiy yo‘l bilan topilgan pul yoki mulkni yashirishga yordam qilish, «shunday yo‘l bilan topilgan mablag‘ ekanligini bilaturib sotib olish» kabi xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlik bor-ku?
Lekin jinoiy harakatlar oqibatida to‘plangan pullarni fohishalik yo‘li bilan o‘zlashtirish, talon-taroj qilishda ishtirok etish, o‘g‘irlik pulligini bilaturib, tan sotish evaziga o‘zlashtirganlik uchun javobgarlik yo‘q?
Ayrim qonunshunoslarimiz «fohishalar o‘zlariga sarf qilayotgan pul qaerdan kelib qolganini bilmasligi mumkin. «Kishining bilmagan narsasi uchun javob berishi mumkin emas», deyishadi. Men bu fikrga qo‘shilmayman. Mana dalil:
Fohishalar o‘z «mijozlari»ni juda yaxshi bilishadi. Ular «qalliq» tanlashda xato qilmaydilar: cho‘ntagida dollari bor chet ellikni bexato «otadilar», qassobni shofyordan, savdo xodimini matbuot xodimidan, ferma mudirini o‘qituvchidan, buxgalterni injenerdan, kassirni partiya xodimidan adashmay ajrata oladilar. Bu kasb egalarining oylik ish haqi miqdoridan ham, daromad manbalaridan ham juda yaxshi xabardorlar. O‘g‘rilik pulni bilaturib sherik bo‘ladilar-u; javob berishda tomoshabin bo‘lib turaveradilar.
Surxondaryo oblastida bir magazin mudiri 50 ming so‘mdan ortiq miqdorda davlat pulini yeb yuborganligi uchun qo‘lga tushib, qamalib ketdi. Tergovda u yigitga bir juvon elakishib yurganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u bu yigitni yo‘ldan urib «pinhoniy yo‘ldosh»iga aylangan, «uni sog‘ib ichgan». Yigit bilan bir necha marta kurortlarga borgan. Guvohlarning aytishicha, bu ayolning kamtargina xonadoni, u mudir bilan «donlasha boshlagani»dan so‘ng yaxshigina remont bo‘lib, turli-tuman buyumlarga liq to‘libdi, o‘zi esa tillaga «belanibdi»... Xullas, mudir qamalib ketdi. Pullari esa fohishada qoldi: mudir davlatni, fohisha mudirni shildi. Yana «o‘g‘rini qaroqchi urdi». Lekin nima uchun «o‘g‘ri» qamaladi-yu, «qaroqchi»ning mushugini birov «pisht» demaydi, eski «kasbini» davom ettiraveradi? Yangi «qalliq»lar esa panjara ortidan qarab qolish uchun nomzodlikka navbatda turganliklarini o‘ylashmaydi ham. Bu ayolni javobgar qilishga qonunimiz «ojiz»ligi sizga qiziq tuyulmayapdimi-a?
Fohishalikni «kasb» qilib olganlar o‘zlarining insoniy qiyofalarini yo‘qotib, jinoyatchilar qo‘lida buyumga aylanib qolganliklarini tushunib yetmaydilar. Ularni istagan paytda buyumdek sotib olib, payti kelganda boshqalarga pullab yurishganda ham o‘zlarini hech kimdan kam ko‘rmaydilar.
Yuqorida aytganimiz, respublikamizdagi sobiq mansabdor shaxslarga nisbatan olib borilayotgan tergov ishlarida poraxo‘rlik chuqur tomir otganligi ko‘zga tashlanadi. Pora beruvchilar o‘z «homiy»larini ko‘nglini olish uchun bir tarafdan pul, tillo buyumlar berganlar. Bundan tashqari suyuq ayol-qizlar — fohishalarni pul evaziga boshliqlariga qo‘shib qo‘yish yo‘lidan ham foydalanganlar. Bu o‘rinda fohishalar bir buyum vazifasini bajarishgan. Jinoiy yo‘l bilan to‘plangan pulning bir qismini ikkinchi bir jinoyatchiga topshirishda oraliq predmet bo‘lib xizmat qilganlar. Jinoyat ko‘rib chiqilayotganda esa ular faqat guvoh sifatida ishtirok etadilar.
Garchand biz masalaning bu tarafi haqida fikrlashar ekanmiz, ayrim hamdardlashadigan joylarda to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Pornografik narsalarni tayyorlash yoki sotish fohishabozlik tug‘diruvchi omil sifatida ham xavfli harakatdir. Shuning uchun respublikamiz jinoyat qonunining 221-moddasi pornografik (uyatsiz) asarlarni, bosma nashrlarni va rasmlarni yoki boshqa shu xarakterdagi narsalarni tayyorlash, tarqatish va e’lon qilish yoxud sotish maqsadida saqlash va tarqatganlik uchun, tegishli buyumlar musodara qilinib, bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki shu muddatga axloq tuzatish ishi yoki 300 so‘mgacha jarima jazosini belgilaydi.
Chunki bu harakatlar tuban his-tuyg‘ular, orsizlik, hayosizlikni uyg‘otish maqsadida yasalgan, jinsiy munosabatlarni aks ettiruvchi narsalarda ifodalanadi va ko‘pincha, yengil tabiatli shaxslar psixologiyasiga tez ta’sir qiladi. Orsiz, hayosizlarga esa fohishabozlikkacha bir qadam... Juda qiziq emasmi? Qandaydir uyatsiz suratlar, buyumlar uchun jinoiy javobgar qilish mumkin-u, «falon so‘m bersang jinsiy aloqaga tayyorman», deb har kuni bir erkak tagidan ikkinchisiga tashlanadigan behayo «o‘ziyurar uyatsiz»lar uchun jazo bo‘lmasa?
Yoki O‘zbekiston jinoyat Kodeksining 218-moddasi ikkinchi qismda «Voyaga yetmaganlarni... fohishabozlik... bilan shug‘ullanishga jalb qilish...» uchun uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Savol tug‘iladi: nega fohishabozlik bilan shug‘ullanishning o‘zi jinoyat deb tan olinmaydi? Nima uchun faqat voyaga yetmaganlarni fohishabozlikka jalb qilish uchun jinoiy jazo bo‘lishi kerak? 18 yoshga to‘lishiga bir necha kun yetmagan qiz uchun kimdir jinoiy javobgar qilinadiyu, «yubiley»idan ertasigayoq uni fohishabozlikka jalb qilaverish mumkinga o‘xshab qoladi?
Jinoyat qonunimizning 220-moddasini olaylik. Bu modda darbadarlik, tilanchilik yoxud boshqacha tarzda tekinxo‘rlarcha hayot kechirganlik uchun jinoiy jazo belgilaydi.
Tekinxo‘rlarcha hayot kechirishning eng tarqalgan formasi sifatida fohishabozlik tan olinishi kerak emasmi? Axir fohishalar ishlashdan bo‘yin tovlab, osongina mo‘may pul topish payida bo‘ladilar-ku?..
Hech qanday mehnat qilmasdan (qonunda ijtimoiy foydali mehnat deyiladi) pul-molga ega bo‘lishadi-ku? Lekin fohishalarga ushbu moddani tadbiq etolmaymiz?
Jinoyat qonunimizda fohishabozlikka qarshi kurashda amalda bo‘lgan birdan-bir modda bor. Bu 219-modda bo‘lib, «Fohishaxona va qimorxonalar ochish yoki saqlash, shuningdek, ta’magirlik bilan qo‘shmachilik qilganlik» uchun molu-mulkini musodara qilib yoki qilmay, ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilaydi.
Bunday buzuqilik uyalarini saqlash g‘arazli qo‘shmachilik, ta’magirlik bilan qilinganligi uchun aybdorlar jazolanadi. Lekin bu yerda ham nohaqlik ko‘zga tashlanib qoladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Fohishalik «kasbi»ni puxta egallagan ayol biror ishga o‘rnashib oladi-da, mehmonxona va restoranlarda «ov» bilan shug‘ullanadi. O‘tkir hissiyot axtaruvchi «boyvachcha»larni bexato nishonga oladi. Lekin ular «savdo»ni oxiriga yetkazishlari uchun «joy»dan qiynalishadi. Shunda yolg‘iz yashaydigan kampirmi, boshi bilan ichkilikka sho‘ng‘ib ketgan dardi-bedavomi, ko‘ngli bo‘shroq tanishmi topib, 5—10 so‘m pul yoki bir shisha spirtli ichimlik hisobiga jazmani bilan «gaplashib» olishga ruxsat so‘raydi. Bora-bora bunday «uy egalari»ni mazaxo‘rak qilib qo‘yadilar. Har bir fohishalik «akti» uchun o‘rtacha 50 so‘m atrofida «daromad» qilinsa, shundan 35—40 so‘mi fohishaga, 10—15 so‘mi «beka»ga tegadi. Albatta, bunday hol uzoq davom etmaydi. Bu «ishbilarmonilar qo‘lga tushadilar. Tergov ham bo‘lib o‘tadi. Fohishalar, jazmanlar aniqlanadi. Natijasi nima bo‘ladi deng? Fohishalar ogohlantiriladi. Jazmanlar ogohlantiriladi. Jarima to‘lashlari ham mumkin. Sudga esa faqat «joy bergan»lar boradi. Sud jazosiga ana shulargina tortiladilar.
Raisa G. 1931 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida yashaydi. Uning fohishabozlik ko‘chasiga kirganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Avval o‘z nomusini pulladi. So‘ng «bozori kasod» bo‘lgach (qarilikda!), boshqalarni qovushtirib «lazzatlanadigan» bo‘ldi. Hamyoni ham qappayaverdi.
Raisa bilan o‘tkazilmagan tadbir, ko‘rilmagan chora qolmadi. Hatto bir-ikki marta qamalib ham keldi. Bir muncha vaqt o‘zini yaxshi tutib yurdi. So‘ng yana «bezgak xuruj» qilib qolaverdi. Navbatdagi «qorovul»da turganida militsiya xodimlari kelib qolishdi. Uyidagi jim-jit xonalardan qip-yalang‘och erkak-ayollarni sudrab chiqishdi...
Tabiiyki, shu yerda fohishalarga nisbatan ko‘riladigan choralar nimadan iborat degan savol tug‘iladi.
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 31 iyul 1987 yil Farmoni bilan tasdiqlagan «ma’muriy javobgarlik haqida»gi kodeksining 186-moddasiga ko‘ra fohishabozlik bilan shug‘ullanganlik uchun ogohlantirish, 50 so‘mgacha jarima, agar bir yil davomida takrorlansa 200 so‘m jarima jazosidan boshqa chora yo‘q. Yoki 186-moddasiga ko‘ra, chet el grajdanlariga buyum, pul olish maqsadida har xil yo‘llar bilan elakishish uchun, avvalo 100 so‘mgacha, takrorlansa 200 so‘mgacha jarima solish mumkin.
To‘g‘ri, fohishabozlik bilan shug‘ullanganlarni ushlash, tekshirish, fohishalik orqasidan topgan buyum va pullarni olib qo‘yish, majburan meditsina ko‘rigidan o‘tkazishga yuborish mumkin. Mana shular bilan chegaralaniladi, xolos. Bir kunda «oshiq»lar sonini 2-3 tadan 10 tagacha yetkazadigan fohisha uchun 100—200 so‘m jarima to‘lash, yo‘l-yo‘lakay «chirt» etkazib tupurganday gap emasmi?
1941 yilda tug‘ilgan Dina K. uch bolaning onasi, zavod ishchisi, Chilonzordagi shinamgina kvartirada yashardi. Oila hayoti uni zeriktira boshladi. Eri ko‘ziga baloday ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Kunlar o‘tgan sayin xayolidan puldan boshqa fikr arimaydigan bo‘ldi.
Anchagina to‘lishib qolgan qizi Yuliyani kuzatar, o‘zini oynaga solib ko‘rar va puldor erkaklarning ko‘nglini topsa ancha-muncha daromad qilishi mumkinligini o‘ylardi. Lekin... Eri xalaqit beradi-da!..
Dina bo‘lar-bo‘lmasga janjal chiqara boshladi. Oxiri maqsadiga erishdi. Eri bilan ajralishdi. Uyda «hokim» bo‘lib oldi. Endi bu xonadonga turli paket, to‘rxalta ko‘targan erkaklar serqatnov bo‘lib qoldi. Bu hol bir qancha muddat davom etdi.
Dinaning topgan «xaridor»lari kecha-kunduz tinim bermaganidan bezor bo‘la boshlagan Yuliya bir bo‘shroq yigitga o‘zini pokiza ko‘rsatib tegib oldi va ko‘chib ketdi. Dina ilgarigiday «faoliyati»ni davom ettirolmay qoldi. Daromadning barakasi uchib qolgani uni tashvishlantira boshladi: yoshi o‘tib borardi-da!
Restoranma-restoran yurib ofitsiantkalar orasidan sherik qidira boshladi. «Labbay», deganlari ham bo‘ldi. Ularga uy adresi va telefonini qoldirdi. «Ish»i biroz jonlandi: uyiga xotin, erkaklar kela boshladi. Uyi ichkilikbozlik, pinhoniy uchrashuvlar joyiga aylandi. Har gal uy bekasiga ma’lum miqdorda, 10—30 so‘m atrofida pul to‘lanardi. Dina qizlarning adreslarini yig‘ib yurardi. Shu bilan uyi islovatxonaga, o‘zi qo‘shmachi-«sevgi» axtaruvchi erkak va xotin yollovchiga aylandi. Bu orada qizi Yuliya ham erining ko‘zini shamg‘alat qilib kelib-ketib turdi...
Qarangki, «yomon qiliq yuqumli bo‘ladi», deb bekorga aytishmagan ekan. Dinaning qilmishlaridan xabardor bo‘lib qolgan qo‘shnisi Zaynab X. eriga maslahat soldi: «Osongina pul topish yo‘li bor...»
Bu xonadon ham ko‘p o‘tmay uchrashuvlar, harom-xarishliklar uchun «qadamjo»ga aylandi.
«Parilar uyasi» fosh qilindi. Bu «qadamjoining «ziyoratchilari» birma-bir tavba-tazarrusini aytishdi. Kimlar deng? 16, 27, 21, 25, 29... yashar qiz-juvonlar. 25, 40, 45... hatto 60 yashar erkaklar... student, ishchi, buxgalter, savdo xodimi, meditsina hamshirasi, artist, pedagog, qassob, oshpaz va... oilalik, ajrashgan, bolalik ona, ko‘p bolali ota, ordenli mutaxassis, komsomol, KPSS a’zosi, rahbar va hokazolar...
Nomussizning katta-kichigi bo‘lmas ekan.
Sovet qonunlari SSSRda xotin-qizlarning jins dahlsizligini, yoki jins erkinligini qo‘riqlaydi. Har qanday majburiy-zo‘rlik ishlatish bilan bog‘liq jinsiy aloqalar uchun aybdor shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilangan.
Qonunlarimiz majburan nomusga tegish uchun javobgarlikda jabrlanuvchi or-nomusli, pok qalbli qizmi, yoki fohishami bir xil jazo belgilaydi. Bir shisha vino uchun o‘z tanini duch kelgan kishiga taklif qilib yurgan daydi ayolni vino olib bermasdan nomusiga tekkanligi uchun bir qancha yosh yigitlar jinoiy javobgarlikka tortilib, 13—15 yilga qamalib ketgani ko‘pchilikka ma’lum. Chunki, ular fohisha aytgan vinoni olib berishmagan, bu esa ayolga alam qilgan, u ariza yozib kelgan edi-da! Bunday hol buzuq ayollarga ko‘proq qo‘l kelardi. Ular turli yo‘llar bilan obro‘li, topish-tutishi yaxshi shaxslarga elakishib, olib, o‘zlari «xurmachasi toshganicha» ichkilik ichishar, so‘ngra esa «behush holda qarshilik ko‘rsata olmaslikdan foydalanib, «nomusimga tegdi» degan so‘zga tayanib, xohlaganlaricha katta pul talab qilishar, qamataman deb qo‘rqitishardi. Qonun esa ularni himoya qilardi!
Shuni qayd qilib o‘tish lozimki, ko‘pchilik burjua mamlakatlarida fohishalarga, axloqi buzuq ayollarga nisbatan qilingan harakat uchun «majburan nomusga tegish» degan jinoyat qonuni qo‘llanilmaydi. O‘tgan asrning 40-yillarida yashab o‘tgan taniqli nemis qonunshunosi va kriminalisti A. Feyerbax «Nomusga majburan tegish jinoyati faqat o‘zini badnomlikdan asraganlar uchundir, to‘g‘ri kelgan erkaklar bilan aloqada bo‘lib ketaverganlar uchun emas, fohishani jinsiy aloqa qilish uchun zo‘rlash shart emas, juda nari borganda shaxsga nisbatan zo‘rlik deb baholash mumkin» — deb ta’kidlagan edi. Revolyutsiyadan ilgarigi rus krimnalistikasi ham shunga yaqin pozitsiyada bo‘lgan. (I. Ya. Foynitskiy. Jinoyat huquqi kursi).
Xo‘sh, fohishabozlikka chet ellarda munosabat qanday?
Masalan Vengriya Xalq Respublikasi qonunlari fohishabozlik uchun jinoiy javobgarlik belgilaydi. Vengriya jinoyat Kodeksida: «Harom ishlar va axloq buzishga olib keladigan harakatlar bilan shug‘ullanuvchi shaxs bu narsani kasb qilib olsa, jinoyat sodir etgan deb hisoblanadi va bir yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishi, shuningdek, pul jarimasi to‘latish bilan jazolanadi» — deyilgan.
Bundan tashqari sud hukmi bilan fohisha yashab turgan joydan badarg‘a qilinishi mumkin. Fohishabozlik harakatlari uchun ma’muriy choralar qatorida 60 sutkagacha qamoq va 10 ming forintgacha (VXR pul birligi) jarima to‘latish jazosi beriladi.
Germaniya Demokratik Respublikasi jinoyat qonunlari bo‘yicha, foshihabozlik jamoat tartibiga tahdid soladi, aholi axloqini buzilishiga ta’sir qiladi, deb hisoblanib, ikki yilgacha muddatga qamoq, shartli jazo yoki ozodlikdan mahrum qilish choralari belgilaydi.
Polsha Xalq Respublikasida foshihabozlik uchun uch oygacha qamoq, huquqini chegaralab qo‘yish va jarima jazolari amaldadir.
Ruminiya Respublikasida fohishalar uchun uch oydan uch yilgacha, Chexoslovakiyada 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari mavjuddir.
Kapitalistik mamlakatlarda esa fohishabozlikka boshqacha qaraladi. Masalan, Germaniya Federativ Respublikasida fohishalik professiya — kasb deb tan olingan. Fohishalar ma’lum miqdorda doromad solig‘i to‘lab turadilar va yoshi yetgandan so‘ng stajiga qarab pensiyaga chiqariladi. GFRda fohishabozlik to‘g‘risida ayrim cheklashlar ham yo‘q emas. Masalan, fohishabozlik bilan aholisi 50 mingdan oz bo‘lgan shaharlarda shug‘ullanish mumkin emas. Shuningdek, katta shaharlarda ham, markaziy ko‘chalar, maktab, bolalar muassasalari, diniy qadamjolar yaqinida fohishabozlik qilish ta’qiqlangan. Bu tartiblarni buzish esa GFR qonunchiligida jinoyat deb taniladi va uni buzganlar jazoga tortiladilar. Mening bu boradagi shaxsiy fikrim shuki, agar ilgarigiday bizda fohishabozlik yo‘q bo‘lib ketgan degan pozitsiyada turilsa, oq bilan qorani ajrata olmay qolamiz. Garchand biz ayollarni haqiqiy nomi bilan — ayol deb atasak va ikkinchi qismini fohisha deb tan olsak, qonun ham shunga qarab qo‘llanilishi kerak. Axir nomusi poymol qilingan qiz — ayol bilan allaqachon nomusini tark etgan fohisha qonun shohsupasida bir qator o‘tirishi mumkin emas-ku!
Biz ko‘p yillar davomida fohishabozlik kapitalizm jinoyatiga xos deb, avvalo o‘zimizni aldab keldik. Uning paydo bo‘lishini ayollar mehnatiga kam haq to‘panishi, boy va kambag‘allar mavjudligi, ishsizlik, qashshoqlik kabilarga bog‘ladik. Bizda bunday sotsial illatlarga chek qo‘yilgan, deb nog‘ora qoqdik. Ko‘chalarda, mehmonxonalarda, dam olish joylarida fohishalarni ko‘rib, ko‘rmaganga oldik. Nafaqat o‘zgalar, butun hayoti tanini pullash bilan o‘tayotgan ayolga «siz jalab, fohishasiz» deb ko‘ring edi, uni haqorat qilgan, shaxsini pastga urgan, g‘ururiga tegib, jinoyat qilgan hisoblanar edingiz.
Bunday munosabat buzuqlik, fohishabozlikning ustiga parda tortadi, uni jirkanch «kasb» ekanligini yashirib, bu «kasb» egalarini rag‘batlantiradi. Yaxshi-yomonni ajrata olmay qolib, bu illat bilan kurashni qiyinlashtirdi. Pritonlar (islovatxona) deyarli barcha jinoyatlarning kelib chiqishida ozmi-ko‘pmi omil sanaladi. Bu joylar ayniqsa fohishabozlik taraqqiy etishiga birinchi «baza» bo‘lib xizmat qiladi. Xoh qimor o‘yini, xoh pornogafiya bilan o‘ralashuvchi, xoh ichkilikbozlik yoki bangixona ishqibozlari to‘planmasin, bu «davra»larda nomus oradan ko‘tarilgan bo‘ladi va bu joylarga qadam bosgan xotin-qiz fohishalikdan xoli bo‘lmaydi.
Samarqand shahrida bir necha mahalla «Shovvoz»lari «kim zo‘r?» qabilida faoliyat ko‘rsata boshlaganlar. Yigitchalar ma’lum doiradagi yosh qizchalarni go‘yo «o‘z himoyasiga olganlar». Navbatdagi «himoya»dan so‘ng «shovvozlar»ning «shtab-kvartirasi»—xilvat joylardagi uychaga yig‘ilishib, spirtli ichimliklar ichish, narkotik moddalar iste’mol qilish bilan shug‘ullanganlar. Yosh qizlar o‘z «soyabon»laridan qaysi biri bilan aloqada bo‘lganlarini hisobiga yetaolmasdan, tubanlikka ketayotganliklarini sezmay qolishgan. Bora-bora yigitlar ichkilik va narkotik moddalarga «chanqoq» bo‘lib qolishib, qizlarni «ishga solgan»lar. Qizlar ham hech tap tortmay, «kim oshdi» savdosiga o‘zlarini qo‘yishib, fohisha degan nomni «faxr» bilan yorliq qilib olganlar.
Shuni qayd qilib o‘tish lozimki, narkomaniya, bangilikka ruju qo‘ygan xotin-qizlarning birontasi ham fohishabozlik ko‘chasidan o‘tmay qolmaydi, bu ikkala illat doimo birga yuradi.
Hozirgi kunda respublikamizda fohishabozlikka qarshi bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yashirib o‘tirishdan ne foyda, 1984—87 yillar davomida o‘tkazilgan amaliy ishlar natijasida respublikamiz shahar va qishloqlarida 10 mingdan ortiq suyuq oyoq ayollar aniqlanib, maxsus ro‘yxatga tirkaldi. Faqat 1987 yilda ushlangan fohishalar orasida 1248 tasi turli xil yuqumli tanosil kasalliklariga mubtalo ekanliklari qayd etildi.
Rashida F. oliy ma’lumotli pedagog, maktabda o‘qituvchilik qilardi. Institutni bitirgan yili turmush qurdi. Ammo oila hayoti Rashidani qoniqtirmas, ko‘proq puli, taqinchog‘i, kiyimlari bo‘lishini xohlardi. Erini qiynayvergach, oxiri er uni tashlab ketdi. Ikkinchi bor topish-tutishi yaxshi bir yigitga «ko‘ngil berdi». Lekin bunisi yaxshigina pul topish bilan birga «yaxshigina» ichar ham ekan. Mast-alast holda uyga «do‘st»larini ergashtirib kelar edi. Rashida erining do‘stlari orasida «toparman»larini ko‘zi ilg‘ab qoldi. Ustomonlik bilan ularga suykalib, sovg‘a-in’om evaziga jinsiy aloqa qiladigan odat chiqardi. Bora-bora bu hol eriga ma’lum bo‘lib qoldi va u alamini aroqdan ola boshladi. Mutlaqo alkogolizmga chalinib, davolanishga yuborildi. Rashida endi «ish»ni keng ko‘lamda boshlab yubordi. Kunduzi maktabda o‘quvchilarga ezgulik haqida, nomus, vijdon haqida va’zxonlik qilar, kechqurun esa bir qancha qiz-juvonlarni yig‘ib, puldor erkaklarni «siqib suvini chiqarish»dan saboq berardi.
Bu ayolning fohishabozlik va qo‘shmachilik borasida qilgan ishlari har qanday odamni aqldan ozdiradi. Xullas, uning «hisobi»da turgan qiz-juvonlarning soni 100 dan oshiq edi. «Xaridor»lar esa respublikamizdan tashqarida ham bor edi. Ular istagan mahali bu yerda «samimiy qabul» qilinar edilar...
Hozirgi kunda faqat Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasida deyarli 800 ga yaqin ashaddiy fohisha ro‘yxatga olingan. «Ish joylari» asosan shahar mehmonxonalari, restoranlar, yotoqxonalar va maxsus uyushtirilgan uylardan iborat bo‘lgan bu iflos «jamoa» bilan qonun doirasida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, bu qadimiy «hunar» egalari avvalo o‘z jonlariga qasd qilar ekanlar. O‘z bo‘ynilariga sirtmoq tortib, o‘n gulidan bir guli ochilmasdan so‘lib, barvaqt qarir ekanlar. Keksaygan chog‘larida esa yolg‘izlik azobidan qiynalar, bir piyola suv tutuvchiga zor bo‘lib qolishar ekan.
Faqat 1987 yilning yarmida 3 mingga yaqin buzuq ayol tanosil kasalligi bilan og‘riganligi meditsina muassasalarida qayd qilingan. O‘tkazilgan tadbirlar natijasida mingdan ortiq uy-joylar jinsiy aloqa qilish va intim uchrashuvlar uchun xizmat qilib turganligi, qo‘shmachilik maqsadida foydalanib kelinganligi aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.
Zina degan 37 yashar ayol ish joyining va mehnat daromadining tayini bo‘lmagan holda sistemali ravishda fohishabozlik va qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Uning uyidan yalang‘och erkak va ayollardan tashqari 68 ming so‘mdan oshiq pul qo‘yilgan omonat kassa daftarchasi va bir qancha qimmatbaho buyumlar topishgan. Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlardan biridan kelib chiqqan natija tahlili e’tiborga molikdir. Bir oqshom restoran, kafe, mehmonxonalar atrofida o‘ralashib yurgan fohishalardan 120 tasi qo‘lga olindi. Tekshirishda ularning yarmidan ko‘pi, ya’ni 67 tasi tanosil kasalligi bilan og‘riganligi ma’lum bo‘ldi.
Xo‘sh, bu fohishalar kimlar? Aniqlanishicha, ularning har uchinchisi Toshkent shahridan, har to‘rtinchisi Toshkent oblasti shahar va qishloqlaridan, har beshinchisining yashash va ishlash joyining tayini yo‘q, qolganlari esa mamlakatning turli shaharlari — Moskva, Leningrad, Sverdlovsk, Kuybishev, Olmaota, Murmansk, Mogilyov va boshqa joylardan kelgan «gastrolyorlar» ekan.
Ular orasida 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan juvonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo 14 yashari ham, 40 yashari ham bor. Sotsial sostavi har xil: o‘quvchi, student, ishchi, daydi... Eng ko‘p qismini kim tashkil qiladi deng? Xizmatchi — nomiga dabdabali davlat idoralarida turli ishlarda o‘ralashib yuradigan «sirti silliq» oyimchalar...
Yana shu narsa haqiqatki, turg‘unlik yillarida, garchi keng ommalashmagan bo‘lsa ham, «idoraviy fohishalar» paydo bo‘ldi. Bundaylar biror iqtidori bo‘lmagan, lekin sirti silliq ayollardir. Ular kattaroq idoralarga ishga joylashib oladilar-da, boshliqqa pinhona ko‘z suza boshlaydilar. Uni o‘z «tuzog‘i»ga ilintirgach, kollektivning «malikasi»ga aylanadilar. Darhol ishi yengil, maoshi mo‘may lavozimga o‘tadilar, navbatdan tashqari kvartira oladilar, tez-tez mukofotlanadilar. Eng dahshatlisi, bu xil buzuq ayollar boshliqni «gah» desa qo‘liga qo‘nadigan qilib olgach, uning ishiga aralasha boshlaydilar. Qarabsizki, kollektivda adolat tarozisi chil-parchin bo‘ladi, noroziliklar kuchayadi.
Ayollar fohishalik ko‘chasiga qanday kirib ketishi to‘g‘risida tag-zaminli javob topish qiyin. Chunki ilgari bu sotsial hodisa tadqiq etilmas, biz ayrim manbalar — badiiy adabiyot, kinofilmlar, xabardor kishilarning hikoyasi orqali fikr-mulohaza yuritardik. Fohishabozlik aksariyat moddiy yetishmovchilik, qiyin, nochor ahvolga tushib qolish natijalarida boshlanadi, deb tushunar edik. Nainki, ilgari bir burda nonga zor bo‘lgan ayolning tanasini pullagani haqida ko‘p eshitganmiz. Lekin hozirgi «mijozlar»ning ahvoli mutlaqo boshqacha — birortasi muhtojlik ko‘rishmagan. Yashayman desa — uy, ishlayman desa ish joyi, qiynalgan bo‘lsa atrofida mehribon kishilar topilardi.
Fohishalar bu «hunar»ini ko‘pdan-ko‘p sabablarga ko‘ra tanlab olishgani ravshan. Lekin eng asosiysi ularning es-hushini «lazzat va farog‘at» dunyosi, osongina mo‘may pul topish imkoniyati olib qo‘ygan. Fohishalik bilan jaraq-jaraq pul topib, yaxshi kiyinish va huzur-halovatda yashash mumkinday ko‘ringan. Sirtdan jilpanglashib, baxtiyor ko‘rinishga uringan bu baxti qarolar ma’lum bir davrda arzimas pul va boylik to‘playdilar. Ammo, oru-nomusidan, sog‘lig‘idan, jamiyatdagi o‘rnidan, hatto o‘z insoniy qiyofasidan mahrum bo‘lib, bedavo dardga chalinib, qolgan umrlari azobda o‘tishi aniq. Bu hayot haqiqatidir. Fohishalarni davolaydigan muassasalarda, jazo o‘taydigan tarbiya muassasalarida ulardan biror kishi (yaqinlari, do‘stlari, qarindoshlari) xabar olmaganligi, aksincha uchrashib qolganlarida hazar qilib, yuz o‘girib o‘tishganini yaxshi bilamiz.
Yana bir omil haqida to‘xtalsak.
Oila mustahkamligiga erisha bilmaganimiz oqibatida ko‘pdan-ko‘p oilalar «sinayapti». Buning sababini axtarib uzoqqa borishning keragi yo‘q. Dangal aytish kerak, bu uzoq yillar davomidagi zanjirli xatolarimiz oqibatida yuzaga kelgan ichkilikbozlik, giyohvandlik, uy-joy bilan aholini to‘la ta’minlay olmaganligimiz, yosh oila a’zolarining kam ish haqi olishi va moddiy ta’minlanilmaganliklari, ta’lim-tarbiya ishlarining susayganligi va jamiyatimizdagi boshqa nuqsonlarning «mevasi»dir.
Xo‘sh, oilaviy ajralishlar masalasida ahvol qanday? Mana, 1950 yilda har 100 ta nikohdan 3 tasi, 70-yillarga kelib har 28 tasi, bugungi kunga kelib esa 40 tadan oshig‘i, deyarli har ikkita nikohdan bittasi «sinib» turibdi. Mamlakatimiz bu masalada jahonda Shvetsiyadan so‘ng ikkinchi «faxrli» o‘rinda turadi.
Tahlillar shuni nsbotlaydiki, ajralishlardan so‘ng, har ikki «beva» qolgan ayoldan biri boshqa turmushga chiqmas ekan. Orzu-havas va muhabbat bilan, haqli ravishda baxtli bo‘lishga intilgan ayol ro‘zg‘orda baxtini topa olmay, eru-xotinlikdan hafsalasi soviydi. Ersiz qolgach, muhabbatga ishonmay qo‘yadi. Sekin-asta to‘g‘ri kelgan erkak bilan tasodifiy jinsiy aloqalarni odat qiladi. Ana shu bir qism ayollar orasidan ayrimlari fohishalar safidan o‘z o‘rnini topadi.
Yana bir masala bor. Qizlarda jinsiy uyg‘onish va unga qiziqish shakllanish davri mediklarimiz fikriga ko‘ra 11 —12 yoshdan boshlanib, bu davr 25—26 yoshgacha davom etadi. Mana shu davrda ular alohida e’tibor va munosabatga muhtojdirlar.
14—15 atrofidagi yoshlar, xoh qiz, xoh o‘g‘il bo‘lsin, buzuqlik yo‘liga tushib qolishi sababi so‘ralganda onasi yoki otasini ichkilikboz yoki ma’naviy yuztuban ketganligi aytiladi. Ular o‘zlari guvoh bo‘lgan gumrohliklar haqida qizarib-bo‘zarib hikoya qilib berishadi.
Mavzuimizning bularga bog‘liq tomoni bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ha. Bog‘liq tomoni bor! Oramizda fohishabozlikii muammo darajasiga olib kelgan omillardan biri ham mana shu holatlardir. O‘z uyida, atrofida andoza olishi, hayot tarzini o‘rganishi lozim bo‘lgan shaxslar — kattalarning beandisha hayotini ko‘ravergach, har qanday o‘smirning ham axloqi buziladi. Ko‘cha-ko‘yda bemalol daydib yurishni, pod’ezd, yerto‘lalarda tunashni odatga aylantiradi. Bu esa tasodifiy jinsiy aloqalarga olib keladi. Eng dahshatlisi ham mana shu yerda-da! Kim bilan aloqa qilishga befarq bo‘lib qolgan qizda nima tashvish bo‘lardi? Ko‘proq pul topish, yaxshi kiyinish, maishat qilish tashvishida!.. Shundan keyin u o‘z tanasini ehtiyojlariga xizmat qildira boshlaydi.
Insonning eng muqaddas boyligi bo‘lgan muhabbati, nomusi bozorga — savdoga olib chiqiladi — fohisha deb nomlanadigan yangi bir shaxs paydo bo‘ladi.
Fohishabozlikni tug‘diruvchi omillardan yana biri pornografiyadir. Ilgari pornografiya deganda turli xildagi uyat rasmlar, jinsiy hirsni uyg‘otuvchi chizmalar, kartalar kabi sur’atlar bilan chegaralanilardi. Endi esa texnika taraqqiyoti o‘zi bilan videofilmlarni odamlar orasiga olib kirdi.
Turli, noqonuniy yo‘llar bilan chet ellardan keltirilgan yoki pulquvar «ijodkor»lar, erkatantiq o‘g‘il-qizlarning «chanqoq bosdi» qiliqlari oqibatida qo‘lbola «kinofilm»lar, uyatsiz «asar»lar paydo bo‘la boshladi.
Sir emas, bunday filmlar hatto katta yoshdagi kishilarda ham qandaydir qiziqishga o‘xshash his uyg‘otadi. Agar tomoshabin yoshlar bo‘lsa-chi? Ular xarakter jihatidan tez hissiyotga beriluvchan bo‘lganliklari sababli bunday «film»larga «qoyil qoladilar» va taqlid qila boshlaydilar. Vaqtida oldi olinmasa, ularning fohishabozlik ko‘chasiga kirib ketishlari hech gap emas.
Mehnat qilmay «lazzat» axtarishga tushib qolgan yoshlar o‘qish-o‘rganish, kasb tanlashga vaqtlari bo‘lmaydi. Bora-bora yashash uchun mablag‘ni o‘z «kasb»laridan chiqarib olishga odatlanadi.
Fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi ma’muriy javobgarlik belgilanganiga ham bir yildan oshdi. Mazkur qonun bilan belgilangan jazo chorasi — 200 so‘mgacha miqdorda jarima to‘latish bilan o‘z tanasini pullash hollariga chek qo‘yiladimi?
Hozircha faqat bir narsani aytish mumkin: bu illat haqida oshkora fikr-mulohaza yuritilayapti, xolos. Bir qator maqolalar e’lon qilindi. Qonunshunoslarimiz ham, grajdanlar ham fohishabozlikka qarshi kurashda «engil-elpi» choralar bilan tegishli maqsadga erishib bo‘lmasligini ta’kidlamoqdalar. Axir, ko‘pgina sotsialistik va hatto, kapital hukmron mamlakatlarda fohishalarga qarshi kurashda ta’sirchan qonunlar mavjudligini aytib o‘tdik.
Men buni qo‘pol bo‘lsa ham «chorasizlik»dan boshqa narsa deb atay olmayman. Axir nomusini bir-ikki oqshomda 400—600 so‘mga «pullagan» fohishani 200 so‘m jarima bilan jazolash kulgili-ku... Darhaqiqat, Toshkent shahridagi mehmonxonalardan biri oldidan o‘tib ketayotib, «ovchi qizining, uni to‘xtatgan militsiya xodimiga qilgan «buyrug‘i»ni eshitganman:
— Mana, tezroq jarimangni olda, gapni cho‘zma. Jazmanlar ketib qoladi. (Balki «kutib qoladi» degandir)...
Qayd etish lozimki, fohishalar bilan kurash qancha kuchliroq va oshkora bo‘lmasin, ular ham qarab turmas edi. Bundan bir necha yil muqaddam mehmonxonalar va istirohat bog‘larida har qadamda to‘g‘anoq bo‘ladigan «shaddod oyimcha»larni hozir uchratmaysiz. Lekin sal sinchkovlik bilan qaralsa «yashirin holat»ga o‘tilganligini payqash qiyin emas...
Tekshirishlar shuni tasdiqlaydiki, fohishalikni kasb qilib olganlarning ko‘pchiligi yengil-elpi ishlarga joylashib olar ekan. Bir qismi bir sutka ishlab ikki-uch kun dam oladigan smenali ishlarda bo‘lishadi. Ayrimlari esa javobgarligi yo‘q ish axtarishib, ustiga-ustak ma’lum pul hisobiga o‘z o‘rinlarida ish bajarib turishga odam topishadi. Ular orasida yuz-ko‘ziga gard yuqtirmasdan «ko‘cha supuruvchi — farrosh», «qorovul», «yo‘l remonti ishchisi», «quvur tozalovchi», «o‘t o‘chiruvchi» kabi kasblarda hisobda turganlari borligi ma’lum bo‘lib qoldi. (Hatto suvga cho‘kkanlarni qutqarish xizmatida ham «ishlasharkan»!)
Fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchi ayollarning qilmishlari yana bir qator tekinxo‘rlarga qo‘l kelishi aniqlangan. Bular pul ilinjida yurgan avtomobil egalari, davlat taksisi haydovchilari, uylarini bo‘shatib berish hisobiga pul to‘plovchi turli qalang‘i-qasang‘ilar, mehmonxona «beka»lari, restoran ofitsiantlari va shularga o‘xshagan shaxslar ekan.
Respublika prokuraturasi pochtasi turli xil xat-xabarlarga to‘la bo‘ladi. Ular orasida buzuqlik, fohishabozlikka tegishli xabarlar, takliflar ham uchrab turadi. Alam bilan yoziladigan bu xatlar odatda ana shunday nopoklikdan jabr ko‘rgan kishilarga tegishli bo‘ladi.
Mana, ularning ayrimlariga e’tibor bering:
Toshkent shahar Chkalov nomli aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasidan A. Serdyuk:
«...Bundan 30 yilcha ilgari «mamlakatimiz fohishabozlikdan xoli» deb jar solinib, jinoyat kodekslaridan bu jinoyatni shoshma-shosharlik bilan chiqarib tashlab, katta xatoga yo‘l qo‘yilgan. Hozirgi kunda o‘tmish xatolari keng miqyosda tuzatilmoqda. Bu xato ham tuzatilishi kerak...» Menimcha juda to‘g‘ri taklif.
Qarshi shahridan pensioner K. Mallaev:
«...Keyingi paytda fohishalarga nisbatan chora ko‘rish birmuncha jonlangani yaxshi bo‘layapti. Lekin bu kam. Axir pornografiyani (uyatsiz), buzuqilikni targ‘ibot qilish kabi harakatlar uchun jinoiy jazo boru, lekin o‘z qilig‘i bilan buzuqilikni targ‘ibot qilib yurgan fohishalarga bu moddani qo‘llamaysizlar? Axir bir-ikkita yalang‘och ayol suratidan ko‘ra, hammani ko‘z oldida biltanglab, tan sotib yurganlar el axloqini ko‘proq buzayapti-ku!.,»
Qo‘qon shahridan yetti bolaning onasi Ma’rifat Tursunova:
«...Bir zinapoyadan suyuq oyoq qiz bilan birga kirib chiqib turish sizga yoqadimi? Buning ustiga uyingizda o‘g‘il-qizlaringiz bo‘y cho‘zib qolgan bo‘lsa? Lekin ma’muriy organlarga murojaat qilsak, har gal «ogohlantirdik, fakt tasdiqlanmadi, nima ham qilaolardik», deb yelka qisishadi. Bu qanday «lattalik» axir?!»
Xorazmdan kelgan bir xatdan. (Xat muallifining familiyasini ma’lum mulohazalar bilan keltirmadik);
«...O‘g‘lim xotinini begona erkak bilan tutib olganida achchiq ustida uni do‘pposlab, tan jarohati yetkazdi. Haromdan kelib qolgan buyumlarni topib, sindirib, yoqib tashlagan edi. Tergovda xotini o‘ynash tutib, pul, mol evaziga fohishalik qilib yurganini dalillar bilan tasdiqlay olmadi. Uni sud qilib uch yilga qamashdi. Hozir esa «kelin» uyida 2 ta nevaramning ko‘z oldida fohishabozlikni avjiga chiqarayapti...»
Tekshirishda bu faktlar tasdiqlandi. Lekin faqat ogohlantirish bilan chegaralanildi. Chunki ikki yosh bolasi bilan bu ayolni javobgar qilishga qonunimiz ojizda!
Denovlik R. Tojiddinov: «...fohishalarni oqlamayman. Lekin asosiy ayb erkaklarda ham bor-ku! Erkaklar o‘zlarini bosishmaydi. Ayollarni ular buzadi. Albatta, fohisha ayol javob berishi kerak. Lekin erkak... uning ishtirokchisi emasmi?..»
Odamlar fikrida jon bor, kuyunchaklik bor. Ular bilan hisoblashish kerak.
Fohishabozlikka qarshi kurashni kuchaytirish masalasi muhokamasida jinoyat Kodeksiga bu haqda tegishli qo‘shimchalar kiritish haqida takliflar bo‘lgan edi. Lekin tegishlicha baho olmadi. Ko‘pchilik qonunshunos olimlarimiz, hatto tajribali praktik huquqshunoslar orasida ham «fohishabozlikni jinoyat kodeksiga kiritish mumkin emas, axir buni dalillash, isbotlash qiyin bo‘ladi», degan fikrlar bo‘ldi.
Vaholanki, jinoyat — bu ijtimoiy xavfli, huquqqa xilof, qasddan yoki ehtiyotsizlikdan qilingan harakatdan iboratdir. Fohishabozlikni jinoyat deb tanish uchun uning jamoat uchun xavfliligi, qonunga xilof munosabat ekanligi, odamlar axloqini buzish, tekinxo‘rlik bilan kun kechirish, davlat va jamoat mulkini talon-taroj qilishda, oilalar buzilishiga va turli xil tanosil kasalliklari tarqalishiga olib keladigan xavfi, qasddan sodir etilishi kabi bir qator holatlar to‘la mavjud edi.
Qolaversa, jinoyatchilikka qattiq qonunchilik asosida kurashish kerak. Isbotlab bo‘ladimi, yo‘qmi, deb ikkilanib o‘tirish bilan masalaga to‘g‘ri yondoshib bo‘lmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim. Har qanday qonunda xalqning irodasi ifodalangan va uning manfaatiga xizmat qiladi. Shunday ekan, jurnalxonlar — xalq, bu borada o‘z fikrlarini, munosabatlarini bildiradilar degan umiddaman.
Hayotning muqaddas mezonlari bor. Qaerda bu mezon buzilsa, adolat o‘rnini nohaqlik, diyonat o‘rnini xiyonat, halollik o‘rnini o‘g‘irlik, samimiyat o‘rnini ta’magirlik egallaydi. Ta’magirlik!.. Fohishabozlikda ham bosh «rol»ni ta’ma o‘ynaydi. Fohisha ko‘zlarini quv qilganicha uchragan «oshiq»dan iloji boricha ko‘proq pul, narsa yulib qolishga urinadi. Aslida fohisha o‘sha erkakdan emas, balki jamiyatdan yuladi.
Jamiyat uchun emas, o‘z g‘ami bilan yashaydigan shaxslarga hech kim yaxshilikni ravo ko‘rmasa kerak, chunki, xudbin, yuzsiz, o‘z oilasi va o‘z kollektiviga, o‘z do‘sti va ona-yurtiga xiyonat qilgan kimsalardan nafratlanish tuyg‘usi tabiiydir. O‘z nomusini sotgan kishidan esa har qanday xiyonatni kutish mumkin.
Xo‘sh, fohishabozlikning boshqa ildizlari ham bormi? Ha, bor. Asosiy ildiz boshqa yoqda. Menimcha, uni eng avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashdagi nuqsonlarimizdan, qolaversa, seksual masalalarda oshkoralik talab darajasida emasligidan, turmushimizdagi yetishmovchiliklardan, qonunlarimiz mukammal emasligidan, insoniy munosabatlarda o‘zgalar taqdiriga loqaydligimizdan axtarish kerak...
“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 11-son