Tarixga inqilob nomi ostida kiritilgan, 1920 yil erta kuzida Buxoroda yuz bergan voqealar haqida qariyb yetmish yil davomida deyarli bir xil fikr yuritildi: «Buxoroda 1920 yilda bo‘lib o‘tgan xalq inqilobi oqibatida 2 sentyabr kuni Buxoro amirligi ag‘darildi. Buxoro xalq Sho‘rolar hukumati tuzildi. Buxoro inqilobi mohiyati bilan demokratik xarakterga ega bo‘lib, feodal tuzumga qarshi qaratilganligi sababli xalq ommasining keng qatlamlari qatnashgan inqilob edi» (O‘zSE, II t., 521-bet). Bu so‘zlar qay darajada haqiqat? Komusning o‘sha sahifasida: «amir hokimiyatini ag‘darib tashlashga Buxoro mehnatkashlarining qudrati yetmas edi. Buxoro inqilobini amalga oshirishda Sovet Rossiyasi o‘z ixtiyorida bo‘lgan qurolli kuchlar bilan yordamga keldi», — deyilib, Turkiston frontining qo‘mondoni M. V. Frunze-Mixaylov, komissari V. V. Kuybishev va turli davrlarda o‘lkaga kelgan Sh. Z. Eliava, A. A. Ioffe, A. X. Peters, L. M. Kaganovich, Ya. K. Rudzutak, G. K. Orjonikidze kabilar (tarixchilarning maqsadlariga qarab ayrimlari kerakli o‘rinlarda tushirib qoldiriladi yoki boshqa nomlar qo‘yiladi) Buxoro inqilobining fidoyilari sifatida talqin qilindi.
Bosh Qo‘mondonning g‘alaba haqidagi telegrammasini o‘qiyotib bunga amin bo‘lish mumkin: «Jumhuriyat harbiy inqilobiy kengashining bosh qo‘mondoniga, V. I. Leninga. Bugun Eski Buxoro qal’asi hujum bilan qo‘lga olindi... Registon ustida JAHON INQILOBINING QIZIL BAYROG‘I g‘olib hilpiramoqda. Butun Markaziy va Shimoliy Buxoroda inqilobiy tuzum o‘rnatildi» (M. V. Frunze. Izbrannie sochineniya, t. 1, s. 344). Buxoro inqilobi deganda behuda to‘kilgan hisobsiz qonlarni emas, «g‘olib hilpirayotgan qizil bayroqni» tasavvur qilish shu ondan rasm bo‘ldi. N. Berdyaev «inqilob bu mash’um qismatdir», deb yozganida uning «mash’um», ya’ni istab-istamay qon to‘kilishi mumkinligini, «qismat» deb ataganida, uni uyushtirib yoki yasab bo‘lmasligini uqtirmoqchi bo‘lgan. Biz esa bir necha o‘n yillar davomida unga «buyuk sifat o‘zgarishi» deb qaradik. Har holda «sifat o‘zgarishi»ni uyushtirish taqdir taqozosiga nisbatan mumkin va oson-ku: «Boshdan oyoq vayrona, jaholat o‘chog‘i, zulm va istibdod maskani, qullar va tullarning qorong‘u o‘lkasi» (A. Shukurov. «Buxoro respublikasining RSFSR bilan hamkorligi». T., «Fan», 1972, 35-bet) da inqilob «etarlicha g‘ayrat qilinsa, bugundan boshlab ikki haftalik muddatda hal bo‘lishi mumkin» (M. V. Frunzening S. S. Kamenevga telegraf orqali xabaridan. «Rodina». 1989, 11-son) ekanligiga o‘zimizni ishontirdik. Ishonmay ham bo‘ladimi?! «Amirning harbiy ta’lim ko‘rmagan 13 ming sarboziga qarshi zamonaviy qurol va jangovar aslahali 70 mingdan iborat jangchilar» («Rodina», 1989, 11-son), ya’ni «40 zambarak, 5 bronepoezd, 11 samolyot safarbar qilindi» (O‘zSE, II t., 528-bet). Bunday harbiy qudrat bilan ikki hafta emas, balki undan ozroq muddatda nafaqat amirlikni, balki ming yillar davomida xalqning milliy g‘ururi sanalib kelgan Buxoro osori atiqalarining kulini ko‘kka sovurish mumkin. Manbalar ham shuni tasdiqlaydi: «1 sentyabrda Buxoroga hujum boshlandi va 17 soat ichida shahar qo‘lga kiritildi» (O‘zSE, II t., 528-bet).
Bu yakson qilish operatsiyasida qatnashishni o‘zicha yuksak faxr deb bilgan rus harbiylaridan X. Omelyustiy yozadi: «Urush harakatlari 31 avgustda soat 4 da boshlandi. Ungacha butun kuchlar hujum uyushtiriladigan joyga maxfiy ravishda to‘plandi. Hujum qo‘qqisdan boshlandi. Oldinda amir poytaxtining devorlari... Bu devorlar olti asr burun qurilgan, balandligi esa besh sarjinga yaqin... Dala to‘pining o‘qi devorning bir qismini ko‘chirib yuborganiga qaramay, devorlarni olish qiyin bo‘ldi. Lekin har qanday sharoitda ham, ularni olish kerak edi. Eng botir o‘rtoqlarning hayotini qurbon qilib bo‘lsa ham, shahar devorining bir joyidan kichikroq tuynuk ochishga erishdik. Yaqin keltirib qo‘yilgan to‘plar Qarshi darvozasining archadan yasalgan tabaqalarini to‘pga tutdi... Ark oldi va atrofi lovullab yonmoqda edi» (G. Omelyustiy. Pod stenami Buxarы. V kn. «Sbornik statey desyatiletiyu Buxarskoy i Xorezmskoy revolyutsii», T., 1930) Bu voqealarga shohid bo‘lgan kishilarning, masalan, O. Oqchurinning yozma xotiralarini, harbiy hisobotnomalarni o‘qir ekansiz, «Inqilobmi bu yo rus harbiylari uyushtirgan qurolli to‘ntarishmi?» — degan haqli savol tug‘iladi. Biroq bunday savol qo‘yish «burjuacha mafkura» sanalgan. Rus tarixchisi O. Glovatskiy bu voqeani «burjua-demokratik inqilob» degani uchun tavqi la’natga uchragan. L. Soloveychik «sotsial inqilob emas, juda nom berish zarur bo‘lsa, agrar inqilob» deb yozgani uchun yetmish yildirki sovet tarixchilari tomonidan tanqid qilinadi.
Tabiiyki, bu davrda mahalliy vakilning fikri e’tiborga olinmas, agar inobatga olinsa, Toshkent shahar dumasida musulmon deputati Ibn Yamin Yenboev tomonidan aytilgan so‘zlarii o‘z vaqtida tushunardik: «Hozirgi hokimiyat tan olingan demokratiyaligi dargumon. Ushbu hokimiyat musulmonlar nomidan gapirish emas — qip-qizil yolg‘on... Mazkur hokimiyatning asl kuchi to‘p va pulemyotlardir» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1990 yil, 27 iyul). Bunga shohid keltirishning hojati yo‘q, chunki Turk MKning M. V. Frunzega yozgan tabrik telegrammasida aytilganidek, «qurol va miltiq sadolari ostida yangi inqilobiy hukumat — Buxoro inqilobiy qo‘mitasi tuzildi» (Istoriya BNSR, 1920—1924 gg. Sbornik dokumentov. T., «Fan», 1976, s. 46). Uning qo‘mondoni esa, mahalliy inqilobchilarni ilhomlantirardi: «G‘alaba uchun barcha mahalliy imkoniyatlarni ishga solingiz!», «Buxoro va Rossiya mehnatkashlarining manfaati uchun, olg‘a!» (M. V. Frunze. Izb. sochineniya, t. I. s. 342—343).
1917 yilning oktyabrida Qishki Saroyga hujum boshlanishidan avval tarixiy yodgorlikka zaha yetkazmaslik haqida V. I. Leninning maxsus ko‘rsatmasi bo‘lgan. Buxorodagi bu to‘ntarishda esa, negadir o‘sha ko‘rsatmaga amal qilinmaydi. Bosh qo‘mondon nuqul buyruq berish bilan cheklangan. «Bronepoezdlar himoyasida Eski Buxoroga shiddatli hujum qilinsin!». «So‘nggi rezervimni yordamga tashlayapman... Hal qiluvchi hujum bilan Eski Buxoro, Sitorai Mohi Xossa va dushmanning boshqa tayanchlari sari, olg‘a!» (O‘sha asar, 343—344-betlar).
Buxorodagi bu harbiy to‘ntarishni inqilob deb tavsif etilganiga qanchalik oson ko‘nmaylik, «amirlar, beklar va boylarning zulmlaridan ozod qilmoq va bizlarning rohatimiz va tinchligimiz uchun xarajat va taraddud» (A. Badriy. Yosh buxoroliklar kimlar? M., 1919 yil, 3-bet) qilgan Abdurauf Fitratni inqilobchi deb atasak, albatta, shubha bilan qaraladi. Sababi, har nashrida «tahrir» etilaverib, ko‘plab rost so‘zlar qatori uning nomi ham 30-yillardayoq tarix kitoblaridan o‘chirilgan. Hatto bugun ishonchli manba sifatida suyanayotganimiz Fayzulla Xo‘jaevning «Buxoro inqilobi va O‘rta Osiyoda milliy chegaralanishga doir» kitobi ham «tuzatilgan», «to‘ldirilgan». Sadriddin Ayniyning 1926 yili Moskvada chop etilgan «Buxoro inqilobi tarixidan materiallar» shahodatnomasi ham muallif tomonidan bir necha bor «tahrir» etilgani hyoch kimga sir emas. «O‘n yetti soat ichida» sodir etilgan «buyuk sifat o‘zgarishi»ning tarixiy ildizlarini izlash barobarida e’tiborimizni Buxorodagi milliy-ozodlik harakatlari, xususan, amir Buxorosidagi mavjud tartibotdan qoniqmay, uni o‘zgartirishga bel bog‘lagan jadidchilik harakati tortadi. Chunki «har qanday inqilob xalqning asriy orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish bahonasida sodir etiladi» (N. Buxarin).
Qatag‘on va turg‘unlik yillarida yozilgan tarix kitoblari jadidlarni qanchalik «reaktsion» qilib ko‘rsatmasin, ular XIX asrning o‘rtalaridan o‘lkada xalq orzu-niyatining ifodachilari sifatida maydonga chiqqan edi. Uning nafaqat madaniy-ma’rifiy oqim, balki yirik siyosiy harakat ekanini professor B. Qosimov yaxshi asoslagan esa-da («Yoshlik, 1990, 7-son), biz uchun bu o‘rinda jadidchilikning Buxorodagi ko‘rinishlari va Fitrat faoliyati bilan bog‘liq nuqtalari muhimdir. Adabiyotshunos L. Klimovichning yozishicha, Buxoro jadidlari Rossiya va Turkiston jadidlaridan farqli ravishda Buxoro mustaqilligi uchun ertaroq harakat boshlagan edilar. Fitrat talabalik yillaridanoq bu harakatga faol qatnashgan, keyinchalik esa uning rahbarlaridan biriga aylanganini eslash barobarida, F. Xo‘jaevning yuqorida nomi keltirilgan kitobidan o‘qiymiz: «Mavjud tuzumni qattiq tanqid qilgan, uning barcha kamchiliklarini ayovsiz ochib tashlagan, amirlikning chirik sistemasini fosh qilib bergan «Sayyohi hindi», «Sayxa», «Oila» va bir qancha asarlarini («Begijon» pesasini) ko‘rsatib o‘tmoq kerak... bu she’rlarda («Sayxa» to‘plami nazarda tutilyapti — H. B.) Buxoro mustaqilligi g‘oyasi birinchi marta juda yorqin shaklda ifodalab berildi» (F. Xo‘jaev. Tanlangan asarlar. Uch tomlik. 1-tom, T., 1976, 98—99-betlar). Ilk g‘azallarida ko‘ringan istiqlol g‘oyasi shoirni «istiqlol va taraqqiy» uchun kurashayotgan o‘lkalarga boshladi.
Ma’lumki, Fitrat asr boshlarida Turkiyaga o‘qishga borish uchun tayyorgarlik ko‘radi. S. Ayniy ta’kidicha, «Abdurauf Eron orqali Istambulga keldi». 1905—11 yillar Eron inqilobchilarining kurash yillari bo‘lganini barcha marksistlar tan olishadi. 1907 yili Eron shohi Muzaffariddin inqilobchilar bilan murosa qilishga majbur bo‘lib, Konstitutsiyaning Asosiy Qonuniga o‘zgartishlar kiritganidan Fitrat Buxorodaligi paytidayoq «Vaqt» ro‘znomasi orqali xabar topgandi. Uning Erondan keyin Istambulda bo‘lishi Turkiyadagi 1908 yilgi yosh turklar inqilobidan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Shubhasiz, Fitrat Istambuldagi inqilobchi tashkilot «Ittihod va taraqqiy»ning faoliyatiga aralashgan. Shunday ekan, Buxorodagi siyosiy harakatda Fitrat Eron va turk inqiloblarining samaralariga tayangan. Bundan tashqari, Rossiya turkparastlarining otasi Ismoil G‘asprinskiy ta’limoti bilan yaxshi tanish bo‘lgan Fitrat tomonidan uning «Dorul-rohat musulmonlari» asarini turkchadan forsiyga o‘girishi hamda bu asarning Tehron va Bokuda chop etilishi ham 10-yillarning boshiga to‘g‘ri keladi. Anglashiladiki, Fitrat istiqlol, musovot (tenglik) va hurriyat g‘oyalarini marksistik darsliklardan emas, balki musulmon Sharqidagi milliy-ozodlik harakatlaridan va uning bosh xabarchisi bo‘lgan «Tarjumon» ro‘znomasidan o‘qib bilgandi. «Tarjumon»ning 1909 yil 27-sonida «Buxoroni qayon yetaklamoqdamiz» nomi ostida bosh maqola berilib, u asosan, Buxoro yoshlariga qaratilgan, taraqqiyparvar «usuli jadida»ning o‘rnak bo‘larli tomonlaridan fikr yuritilgan edi. Ayniqsa, I. G‘asprinskiy tomonidan ilgari surilgan «Til va istiqlol uchun birlashingiz!» shiori Chor Rossiyasini qo‘rqitib yuborgan, undan ta’lim olgan Buxoro jadidlari ham endilikda istiqlol g‘oyalari bilan qurollanib, «o‘z vatanini chorizm oyog‘i ostidan tortib olib» ozod qilmoqlikni o‘ylay boshlagan edilar (L. Klimovich. Islam v Sarskoy Rossii. s. 194). Dastlab islomparastlik bo‘lib ko‘ringan bu harakat, sekin-asta amir oldiga talablar qo‘yish darajasiga yetadi. «Munozara»ning Buxoroda chop etilishi uchun shaxsan amirning ruxsati kerak bo‘lganda Fitrat amirga shunday murojaat qiladi: «Sening qodir qo‘ling idora qilayotgan musulmon yurtida imomni popga, azonni qo‘ng‘iroqqa, machitni cherkovga almashmoqdin o‘zga yumush qolmadi... Kim bizning xaloskorimiz? Bizning ojiz qo‘limizni bu baxtsizlik bo‘ronida kim tutishi mumkin? Kofirlar boy va xotirjamlikda yashamoqdalar, ki biz nechun qashshoq va bebaxtmiz?!» (Fitrat — buxarets. Spor buxarskogo mudarrisa s yevropeytsem v Indii o novometodnыx shkolax. «Istinniy rezultat obmena mыsley.» S persidskogo perevel polkovnik Yagello. Ne podlejit oglasheniyu. Tashkent. 1911. s. 53—54). Bu fikrlar uchun chor Rossiyasi tomonidan ta’qibga olingan Fitratni madaniyat tarqatish yo‘lidan siyosiy yo‘lga burgan birgina tashqi inqiloblar ta’siri emas edi. Toqat qilib bo‘lmaydigan darajadagi og‘ir hayot, ikki tomonlama zulmni u hushyor siyosiy arbob sifatida tushunib ulguradi. «Buni Buxoro jadidlarining o‘sha vaqtlarda ancha kengayib ketgan adabiyotchilik faoliyatidan ham ko‘rish mumkin... 1912 yildan chiqarib turilgan «Turon» va «Buxoroi sharif» gazetalari ham ozodlik adabiyotida katta rol o‘ynadi» (F. Xo‘jaev, o‘sha asar, 98-bet). Fitrat yozadi:
Zulm ast onki xonai moro xarob kard.Zulm ast onki siynai moro kabob kard.(Mazmuni: uyimizni xarob qilgan zulmdir. Siynamizni kabob qilgan zulmdir.)
Fitrat Buxoroga qaytishi bilan jadidlarning siyosiy faolligi ortadi, ayni zamonda esa rus ayg‘oqchilari ta’qibi ham kuchayadi. S. Ayniy xotiralarini o‘qiymiz: «Bu orada Fitrat va Atoxo‘ja Buxoroga qaytdilar. Tabiiyki, ular jadid maktablari bilan bog‘lanib, o‘qituvchilar bilan bordi-keldi qilib, maktablarning ishini yaxshilash bo‘yicha turli tadbirlarni amalga oshirdilar, muallim va yoshlarga maslahat berardilar. Bu holga rus elchixonasining ma’murlari toqat qila olmadilar. Buxoroning yarim isloh bo‘lgan maktablari talabalarini Istambulga yuborish ishiga avvaliga e’tibor bermagan bu ma’murlar endilikda Istambulda tarbiyalanganlar, xususan, Fitrat kabi o‘z qalami bilan o‘zini tanitgan kishilarning maktab ishlariga aralashuvidan qandaydir shubhalarga bordilar» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1988 yil. 4 noyabr). Bu fikr F. Xo‘jaev tomonidan yanada asosliroq bayon qilinadi: «Bunday maktablarni... Abduvohid Burhonov ham, Usmonxo‘jaev, Mukomil Burhonov ham ochdi. Amir Buxorosidagi tirik jonning hammasi shu maktablar tevaragida birlashdilar. Ular 1918—1920 yillardagi Buxoro revolyutsiyasi xodimlarining katta qismini tayyorlab bergan manba bo‘ldi» (O‘sha asar, 100-bet). Demak, istiqlol va inqilob g‘oyalarini amalga oshirish uchun kadrlar tayyorlash muhimligini tushungan Fitrat shu ishlarga bosh bo‘lgan, degan xulosa qilishga asos bor.
1914—15 yillari reaktsiya, ikki tomonlama tazyiq kuchaydi, ro‘znomalar yopib qo‘yildi. «Ma’rifat» nashriyoti va kitob savdosi ishlari tugatildi, bu o‘z navbatida jadidlar o‘rtasida ixtiloflar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. «Istambul va Orenburgdan qaytib kelgan ko‘pgina shogirdlar maqsad va usullari masalasida o‘zlarining ustozlari bilan kelisha olmadilar. Ular siyosiy jihatni oldinga surishni, siyosiy vazifalarni aniq ta’riflab berishni talab qildilar. Ularning yangi talablarida narodniklik ko‘rina boshladi... Eski tarzdagi jadidlarga A. Burhonov, so‘l jadidlarga Fitrat boshchilik qildilar» (F. Xo‘jaev, O‘sha asar. 101-bet).
1917 yil boshidagi Rossiyada ro‘y bergan voqealar, xususan, Fevral inqilobi amir hamda rus ayg‘oqchiligining zo‘r berib yashirishiga qaramay, bir hafta o‘tmayoq Buxoroga yetib keladi va jadidlarni to‘lqinlantirib yuboradi. Natijada dildagi hurriyat, musovot va istiqlol so‘zlari tilga chiqadi, mart oylaridan boshlab namoyishchilik harakati keng yoyila boshlaydi. «Yurtimizda, — deb yozadi H. Ismoilov «Turkiston 1917 yilda» maqolasida, — Fevral inqilobi tufayli yuzaga kegan musulmon umumdemokratik harakati shakllangan bir siyosiy kuch sifatida gavdalandi» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1990 yil, 27 iyul). Bu harakatlardan cho‘chigan Turkiston general-gubernatori Kuropatkin Muvaqqat hukumat tashqi ishlar ministrligiga shunday deb yozadi: «Yangi tartibga o‘tish Buxoroning Rossiyaga qo‘shib olinishi bilan yoki busiz ham boshqacha... hal bo‘lishi mumkin. Menimcha, ikkinchi usul ma’qul. Hozircha yangi tartibni kiritishga tayyorlanish uchun muvaqqat rezidentlik huquqi o‘rnatmoq va Buxoro hokimiyatining harakatlarini kuzatib, demokratik asosga o‘xshagan yo‘nalishda harakat qilmoq lozim» (O‘zSSR MDTA, 3-f, 2-r, 513-d., 49-v). Bu oqilona maslahatga Muvaqqat hukumat bajonidil rozi bo‘ladi, tezda Buxorodagi siyosiy ayg‘oqchilik Rossiya rezidentligiga aylantiriladi. Bu bilan siyosiy ayg‘oqchilikning vazifasi o‘zgarmasdan qolaveradi, faqat vaziyatga ko‘ra nomning almashtirilishi natijasida Buxoro, ayniqsa, Samarqandga ko‘plab rus siyosatdonlari to‘plana boshlaydi. Turkistonga ham ayni shu payt Stalinning hammaslak va safdoshlaridan L. M. Kaganovich yuboriladi va u «demokratik asosdagi saylovlar» natijasida Toshkent shahar Soveti raisligiga «saylanadi». O‘rta Osiyo rus harbiylari va siyosatchilari uchun asr boshlaridayoq «o‘zini ko‘rsatish maydoni»ga aylangan edi...
Buxoro amiri yangidan vujudga kelgan Muvaqqat hukumatga suyanmoqchi bo‘lgani kabi jadidlar ham muzaffar rus ishchi-dehqonlaridan madad kutadilar. Buxoroga erkinlik shimoldan kelishi mumkin emas edi, ularga «og‘alarcha madad»ni esa yuqoridagiday siyosiy-harbiy kadrlar ko‘rsatardi. Ular bilan maslahatni puxta qilgan amir Farmon berishga majbur bo‘ladi. Jadidlarning markazi sanalgan va tazyiq tufayli maxfiy ravishda ishlashga o‘tgan «O‘n ikkilar qo‘mitasi» ichida mana shu farmonga munosabat va namoyish o‘tkazish masalasida ixtilof chiqadi. Fitrat boshchiligidagi namoyish tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil etadi. Navbatdagi tortishuvdan so‘ng Buxoroda «jadidizm butun bir harakat sifatida o‘zini tugatdi... keyin yosh buxoroliklar inqilobiy partiyasi deb nom olgan rasmiy tashkilot mana shu voqeadan boshlandi. Nihoyat darajada muhim bo‘lgan bu fakt Buxorodagi jadidizmning o‘sha davr uchun bo‘lgan ijobiy muvaffaqiyatlaridan biridir» (F. Xo‘jaev, o‘sha asar, 104-bet). Lekin jadidlar o‘zlarining nomini almashtirishga shoshilmadilar, buning unchalik ahamiyati ham yo‘q edi, chunki Buxoro inqilobi «beshigini tebratgan» yosh buxoroliklar partiyasining barcha harakatlari jadidlar faoliyatining davomi sanalardi.
Jadidchilik harakatidan inqilobchi partiya tug‘iladi, unga rahbarlik qilish uchun to‘qqiz kishidan iborat Markaziy qo‘mita saylanadi: A. Burhonov (rais), Fitrat (sarkotib), Usmonxo‘jaev (xazinador), F. Xo‘jaev va boshqalar a’zo bo‘lib kiradilar. Tashkilot maxfiy ravishda o‘z saflarini mehnatkash va ziyolilar hisobiga kengaytiradi, 50 ga yaqin «dyujina» deb nomlangan boshlang‘ich tashkilotlar tuzadi va amirdan islohot talab qila boshlaydi, bu yo‘lda Muvaqqat hukumat amirni «tartibga chaqirib» islohot o‘tkazishga undaydi degan o‘yga boradilar. Yosh buxoroliklar faqat Muvaqqat hukumatga emas, balki ishchi va soldat deputatlarining Petrograd sovetiga ham telegraf orqali yuborilgan ikkinchi telegrammadan ham natija bo‘lmagach, Markaziy Qo‘mita Petrogradga ikki kishi — Fitrat va Usmonxo‘jaevdan iborat delegatsiya yuborishga qaror qiladi. Delegatsiya Orenburgga yetganida, Petrograddan «maxsus komissiya kelyapti» degan xabar chiqib, ularni Buxoroga qaytaradilar. Bu voqea tufayli qatag‘on yillari Fitrat Muvaqqat hukumatga emas, balki «Rossiya tarixidagi eng demokratik inqilob» (A. Soljenitsin) — Fevral voqealariga xayrixohlik bilan qaragan edi. Petrograddan hech qanday komissiya kelmaydi. Bu amir va uning rus ayg‘oqchilari Shulga, Vvedenskiy va Miller tomonidan yosh buxoroliklarning Petrograd bilan bog‘lanishlariga qarshi uyushtirilgan navbatdagi nayrangi edi. Shundan so‘ng Miller eski jadidlardan ayrimlarini tanlab olib, ular bilan suhbat o‘tkazadi va natijada Buxoro amiri Sayid Olimxon 1335 hijriy yili jumodis-soniyning 28-kuni (melodiy 1917 yil 7 aprelda) Farmoni oliy e’lon qilib, yosh inqilobchilarning ayrim talablariga yon bosishga majbur bo‘ladi. Eski jadidlar Farmoni oliy sharafiga bayram qilishni, Fitrat boshliq «so‘llar» esa namoyish o‘tkazishni talab qiladilar. Ne qiyinchilik bilan uyushtirilgan namoyishni Registonda amir askarlari o‘qqa tutadilar, qolganlariga esa, Burhonov uy-uyiga tarqalish lozimligini e’lon qiladi. Amir o‘ziga qarshi ilk bosh ko‘targan namoyishchilardan o‘ch ola boshlaydi, o‘ttizdan ortiq kishi qamoqqa olinadi. Fitrat va Usmonxo‘jaev Toshkentda ish olib borishga majbur bo‘ladilar, keyinroq esa Fitrat Samarqandda 1917 yil aprelidan chiqa boshlagach «Hurriyat» ro‘znomasi tahririyatiga taklif qilinadi.
Yosh buxoroliklar mamlakatda o‘tkazilishi zarur bo‘lgan islohotlar dasturini tuzmoqchi bo‘ladilar, uning loyihasini ishlab chiqish Fitratga topshiriladi. U qariyb ikki oy mobaynida amaliy ish loyihasini tuzib, MKga topshiradi. Nafaqat jadidlarning, balki Buxorodagi barcha afkor ommaning fikrini aks ettirishi lozim bo‘lgan bu loyiha inqilobchi yosh buxoroliklar siyosiy partiyasining «programma-minimumi» sifatida qabul qilinadi.
Buxoroda huquqiy davlatchilikni joriy etish hamda mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligiga erishishga qaratilgan, hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan bu loyihada dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi masalalariga keng o‘rin berilgandi. Unga binoan, yerga bo‘lgan mulkchilik uch xil shaklda — vaqf yerlari, xususiy va davlat yerlaridan iborat bo‘lishi lozim edi. Amir mulki esa davlat mulkidan ajratilishi kerak, yerga nisbatan belgilangan o‘ndan ortiq nomdagi soliqlar bekor qilinib, yangi soliq tartibi taklif qilinadi. Shuningdek, loyihada sug‘orish tadbirlari — Zarafshon sug‘orish tuzilmasini tartibga solish, qishloq xo‘jaligida qarzlar orqali mexanizatsiyalashga erishish, maxsus agronomiya madrasalari ochish ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, vaqf yerlaridan keladigan barcha sarmoya faqat madaniy-ma’rifiy ishlarga sarf etilishi, Armiyani tartibga keltirish maqsadida Buxoro fuqarosi uchun 22 yoshdan boshlab ikki yillik harbiy xizmat joriy qilish va harbiyda asosan, musulmon ofitserlari bo‘lishiga erishish rejalashtiriladi. Buxoro muzofotidagi barcha ishlarni boshqarish uchun Fitrat o‘nta xalq nozirligidan iborat Nozirlar sho‘rosi tuzishni taklif etadi. Bular: yer ishlari nozirligi, vaqf nozirligi, harbiy, moliya, ichki ishlar, adliya, militsiya nozirliklari; yo‘llar, qazib chiqaruvchi va qayta-ishlovchi sanoat nozirligi; maorif va tashqi ishlar nozirliklaridir. F. Xo‘jaevning yozishicha, «loyihaning katta kamchiligi shundan iborat ediki, Fitrat o‘ng qanotning achchig‘ini keltirmayin deb loyihaning biror joyida jumhuriyat so‘zini ishlatmadi». Lekin 1920 yildan vujudga kelgan Buxoro sho‘rolar jumhuriyati ham, asosan, Fitrat ishlab chiqqan dasturni o‘zining davlat idora usuli deb biladi...
1918 yilning boshlarida Turkiston Xalq Komissarlari sovetining raisi F. Kolesov Ashxobodga borayotib, Kogonga qo‘nib o‘tadi, chunki bu yerda yosh buxoroliklar qurultoyga tayyorgarlik ko‘rmoqda edilar. Rus inqilobchilari Poltoratskiy, Utkin va Preobrajenskiyning taklifiga ko‘ra bo‘lg‘usi qurolli qo‘zg‘olonga tayyorgarlik xususida Buxoro nomidan F. Xo‘jaev Kolesov bilan muzokara olib boradi. Kolesov Buxorodan ko‘ra yaqinda Qo‘qonda tashkil topgan Turkiston muxtoriyatidan ko‘proq xavfsirayotgan edi. «Qo‘qonda erishgan o‘zining g‘alabasidan mast bo‘lgan Kolesov amir Buxorosini shunday yengillik bilan tugataman deb o‘ylagan edi», shuning uchun ham qo‘zg‘olonga tayyorlanish va birga kurashish haqidagi bitimga rozi bo‘ldi, «pulemyot va askarlardan yordam berishga» va’da qildi (F. Xo‘jaev). Amir nomiga F. Xo‘jaev va F. Kolesov imzosi bilan ultimatum yuboriladi. Garchi amir ularning shartlariga rozilik bildirib, «shaharga qo‘shin bilan kirmaslikni so‘ragan» bo‘lsa-da, qo‘zg‘olonchilar kuch ishlatishni ma’qul ko‘rishadi. Shunda Fitrat: «Agar biz qaysarlik qilsak, hammasi o‘ladi. Amir achchig‘lanib, butun kuchlarini bizga tashlaydi. Bu urush nima bilan tugashini hech kim bilmaydi... Amir kuchli...» deb ogohlantiradi. «Revkom a’zosi Fitratning bu gapini qolgan yosh buxoroliklar ma’qullashdi» (H. Sodiqovning «Qon bilan muhrlangan» maqolasidan. Qarang: «Zvezda Vostoka», 1989, 5-son, 100-bet). Keyinchalik amir chiqarishga majbur bo‘lgan Farmoni oliy: «Xudo taolo nomi bilan xalqimizga ma’lum qilamizki, millat uchun tenglik va erkinlikdan ko‘ra ulug‘roq baxt yo‘q», deb boshlanadi. So‘ng amir Olimxon so‘z va jamiyat erkinligi, hurfikrlilar Ijroiya qo‘mitasi tuzib, «u bilan birgalikda davlatimizni boshqarishga» va’da berganiga qaramay, qo‘zg‘olonchilar bir guruh maslakdoshlarining hibsga olinganini bahona qilib kurashni boshlab yuborishadi. «Bizda yevropacha artilleriya bo‘lganligi amir armiyasiga nisbatan birdan bir afzalligimiz edi. Biz bundan foydalanib, Eski Buxoroni to‘pga tutishga, shaharga vahima solib, olomonga ta’sir o‘tkazishga qaror qildik. To‘pga tutishni boshlab yubordik» (F. Xo‘jaev, O‘sha asar, 155-bet).
«Kolesov voqeasi» deb nom olgan bu qurolli qo‘zg‘olon muvaffaqiyatsiz tugadi, bunga birinchidan, Kolesov va’da qilgan qurol-yarog‘ning kelishilgan miqdorda o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi, ikkinchidan, ichkaridan (xalq tomonidan) ko‘tarilish lozim topilgan qo‘zg‘olon sirtdan arkka hujum va to‘pga tutish bilan boshlangani sabab bo‘ladi. Pirovardida bu voqea el nazarida amirga qarshi xalq qo‘zg‘oloni emas, balki g‘ayridinlarning Buxoroi sharifga bostirib kirishi taassurotini uyg‘otadi va yosh buxoroliklarning ishiga mislsiz zarar ko‘rsatadi. Mart oyidagi mana shu besh kunlik qirg‘in, ya’ni kolesovchilarning chekinishi chog‘ida amir sarbozlari tomonidan «qo‘zg‘olonchilardan 5 mingdan ko‘prog‘i o‘ldirildi, ularning 3 mingdan ortig‘i yosh buxorolilar inqilobiy partiyasining a’zolari bo‘lgan» (O‘zSE, 11 t., 540-6.). Sarosimada qolgan Kolesov yosh buxoroliklar bilan maslahatlashmay amir oldiga chor ma’murlaridan Vvedenskiy va Haydarhoji Mirbadalovni elchi qilib yuboradi. Amir ularga javoban F. Xo‘jaev, Fitrat va Burhonovni tutib bersalar, bitimga roziligini bildiradi. Kolesov bunga rozilik bermaydi. Xullas, Mart voqealari natijasida «rahbarlik harbiy o‘rtoqlar va shaxsan Kolesov qo‘liga o‘tdi... Ular amir bilan bitimni tezroq imzolashga intiladilar» (F. Xo‘jaev). Nihoyat, 25 martda Qiziltepa bitimi imzolanadi. «Kolesov voqeasi» Turkiston o‘lka sovetlarining V qurultoyida (1918 yil 20—30 aprel) muhokama etilgan bo‘lsa-da, unga odil bahoni Fitrat muharrirligida chiqqan «Hurriyat» ro‘znomasi berdi: «Bu voqealar Buxoroning so‘nggi yuz yillik tarixini bo‘yagan eng qonli dog‘ bo‘ldi». O‘sha qonli dog‘ Fitratning nisbatan keyinroq «Sharq» dostonida yaqqol aks etgan:
O‘tlar aro yonib turgan qishloqlar,Xirmon bo‘lib yotgan gavdalar jonsiz.Oqmoqdadir qizil qondan ariqlar,Tinch turganlar talanar omonsiz...— Kim to‘kkan bu muqaddas ishga shuncha qonini?!(«O‘zbek yosh shoirlari» to‘plami. T., 1922)
Pishib yetilmagan harakatlarni sun’iy — harbiyona tezlashtirish natijasida Mart voqealari tufayli yosh buxoroliklar katta talafot ko‘rdilar. Qariyb yarim asrdan buyon najot ko‘zlarini jadidlar va yosh buxoroliklarga tikkan afkor omma ularning «ajnabiy kofirlar» bilan bir safda turib Buxoroi sharifni to‘pga tutganlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgach, ularning chinakam xalqparvarligiga ishonmay qo‘ydilar. Bu ma’naviy zarba (xalq ishonchining susayishi) «o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan» (Fitrat) yo‘qotish bo‘ldi. Noiloj qolgan partiyaning yuzdan ortiq faol vakillari Samarqand va Toshkentda siyosiy markaz tuzadilar, ular o‘z faoliyatlarini muhojirlikda davom ettiradilar.
Toshkentda yashagan chog‘ida Fitrat asosan, ilmiy, ijodiy va ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Aprel oyidan boshlab, Toshkent dorilmualliminida dars berish barobarida dastlabki ona tili darsligini, islom dini tarixidan «Muxtasari tarixi Islomiya» (fors tilida), «She’r va shoirlik» adabiy mubohasasi, yuqori sinflar uchun darsliklar («O‘quv») va ko‘plab ilmiy-badiiy asarlarini e’lon qiladi. Turkiston ASSR siporishi (sanktsiyasi) bilan tuzilgan adabiy tashkilot «Chig‘atoy gurungi» ishlarida qatnashadi, o‘lka musulmon byurosining topshirig‘iga ko‘ra Turkiston xalqlari madaniy merosini to‘plab, o‘rganish ishlariga jalb etiladi. Shu bilan birga «Ishtirokiyun», «Turkiston» ro‘znomalarida jo‘shqin maqolalari bilan qatnashadi. Qisqasini aytganda, Fitrat, bu davrda qurolli qo‘zg‘olondan madaniy inqilob sari yuz burgan edi. Bu haqda F. Xo‘jaev shunday yozadi: «Fitrat partiya va siyosiy ish bilan aloqani garchi rasmiy ravishda uzmagan bo‘lsa ham, ammo madaniy-oqartuv ishlariga butun vujudi bilan berilib ketib va ayni vaqtda Afg‘oniston elchixonasi xizmatiga kirib, partiyada aktiv ishlamay qo‘ydi» (O‘sha asar, 170-bet).
O‘rta Osiyoda bosmachilik deya tarixga kiritilgan milliy-ozodlik harakatlari avj olgani sayin Rossiya butun e’tiborini Turkiston va Buxoroga qaratadi. Ayniqsa, ataman Dutov tor-mor etilgach, Turkiston Rossiyaga qayta qo‘shib olingandan keyin «og‘alarcha» homiylik qilish yangidan yo‘lga qo‘yiladi. 1919 yil 8 oktyabrda RKP(b) MK va RSFSR Xalq Komissarlari Sovetining maxsus Turkkomissiyasi tashkil etilib, uning tarkibida Sh. Z. Eliava (rais), V. V. Kuybishev, M. V. Frunze, Ya. Ye. Rudzutak, G. M. Bokiy va boshqalar Turkistondagi «ishlarga rahbarlik qilish uchun» yuboriladi. V. I. Lenin shu yilning noyabrida «Turkistondagi kommunist o‘rtoqlarga» yozgan xatida: «Menga Xalq Komissarlari Soveti va Mudofaa Soveti raisi sifatida emas, balki partiya a’zosi sifatida sizlarga murojaat qilishga ruxsat etingiz... bizning Turkiston komissiyamizga katta ishonch bilan qarangiz va uning direktivalariga qattiq rioya qilishingizni iltimos qilaman» degan edi (V. I. Lenin. TAT., 39-t., 349—350-betlar). Turkkomissiyaning vazifalaridan biri «Turkistonda milliy siyosatni amalga oshirishda yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatishdan» (o‘sha asar, 581 -bet) iborat edi. Biroq Turkkomissiya asosiy e’tiborini harbiy siyosatga qaratadi. Dastlab (1920 yil 2 fevralda nisbatan zaif Xeva xoni Sayid Abdulloxon hukumatini ag‘darib tashlashga (albatta, mehnatkash xalq inqilobi shiori ostida) erishadi. V. V. Kuybishev Xevada so‘zlagan nutqida: «Rus revolyutsiyasining butun borishi natijasida ko‘rsatib berilgan mana shu yo‘lga (qurolli to‘ntarish yo‘liga — H. B.) Xeva xalqi birinchi bo‘lib tushib oldi, shuning uchun ham biz hozir Xeva xalqining ozod va mustaqil bo‘lganligini ko‘rib turibmiz» («Izvestiya TurkSIKa, 1920 yil, 22 iyun). Anglashilib turibdiki, erkinlik va istiqlol faqat Rossiya tufayli kelishi mumkin degan siyosat allaqachon avomga singdirilgan, garchi 30-yillardan keyin tahrir etilgan kitoblarda bu haqda nazokat bilan «xalqimiz madad ko‘zlarini Moskvaga qaratgan edi, bizga og‘alarcha buyuk yordamini ayamay...» deb yozilgan bo‘lsa-da, rus harbiylari «milliy siyosatni amalga oshirishda yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatmoqda» edilar. Endigi asosiy maqsad Buxoroga qaratilgan edi. Muhojirlikda ish ko‘rayotgan yosh buxoroliklar «Uchqun» (lenincha «Iskra»ga taqlidan), kommunistik gruppa esa «Qutulish» ro‘znomalari atrofiga uyushgan edi. Chalkashlik va yangi ixtiloflarga yo‘l qo‘ymaslik uchun rahbar hay’at MK emas, yosh buxoroliklarning Turkiston byurosi sanalardi. Byuro «Uchqun» sahifalarida «Zulmga qarshi birlashingiz!» shiori ostida partiyaning yangi sharoitga moslashtirilgan keskin dasturlarini e’lon qiladi. «Yashasin ozod va mustaqil Buxoro!» — dasturning asosiy maqsadi bo‘lib, unda amirlikni tugatib, Buxoro jumhuriyati tuzilishi, milliy va huquqiy masalalarda qo‘shimcha tadbirlar belgilanishi (Fitrat ishlab chiqqan avvalgi dasturga qo‘shimcha ravishda) lozim topiladi. Programmaga ilova tarzida o‘zbek tilida «Buxoro qo‘shinlariga», fors tilida esa, «Buxoroning mazlum xalqlariga» xitobnomasi e’lon qilinadi. Turkkomissiya har ikki gruppani tezroq birlashtirib, amir Buxorosi sari yo‘naltirish payida bo‘ladi. M. V. Frunze tashabbusi bilan «o‘zaro ixtiloflarni bartaraf etmoq va Buxoroda olib boriladigan revolyutsion ish uslublarini belgilab olmoq uchun» kengash chaqiriladi. Birlashish haqidagi so‘zlar yana yangi ixtiloflarni keltirib chiqaradi. V. V. Kuybishev raisligida o‘tgan bu kengash «har ikkala gruppaning kommunistik qismlari bitta tashkilotga birlashsinlar, har ikkala gruppaga hozirning o‘zidayoq birgalikda konkret revolyutsion ish olib borish taklif qilinsin» degan qaror qabul qiladi. RKP(b) MK Turkbyurosining talabi amalda bajariladi, har ikkala o‘ng va so‘l qanotning kommunistik qismlari Rossiya Kompartiyasining tarkibiy qismi bo‘lgan Buxoro Kompartiyasiga birlashadilar.
1920 yilning 16—18 avgustida Chorjo‘yda yosh buxoroliklar partiyasi va ikkala kommunistik gruppaning «mushtarak dushman — amirga qarshi blok» tuzish masalasiga bag‘ishlangan qurultoyi bo‘lib o‘tadi va bu yig‘in Buxoro Kompartiyasining IV s’ezdi sifatida rasmiylashtiriladi. Qurultoy qatnashchilarining, xususan, bosh ma’ruzachi O. Oqchurinning xotiralaridan ma’lum bo‘lishicha, bu sui’iy ravishda zo‘rlab qo‘shiltirish katta talafotlarga olib kelgan. (Qarang: «Buxoro va Xorazm revolyutsiyalarining o‘n yilligiga atalgan maqolalar to‘plami», T., O‘zdavnashr, 1930 y.) Qurultoy qaroriga ko‘ra amir taxtidan ag‘darilganidan bir hafta o‘tgach, inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Kommunistik partiyaga qo‘shib olinib, tugatiladi («Buxoro axbori», 1920 yil, 14 noyabr, 7-son). Inqilobchi yosh buxoroliklar siyosiy partiya sifatida o‘z ibtidosiga (jadidchilik negizida tuzilgani), kurash tarixiga (hech bo‘lmaganda so‘nggi o‘n yillik kurashni eslash kerak bo‘ladi) va taktikasiga (islohotlardan qurolli qo‘zg‘olongacha) ega bo‘lgani uchun Kommunistlar firqasiga qo‘shilib, uning tarkibiga singib ketishni istamagan edilar. Chunki Buxoroda xalq hokimiyati o‘rnatilgandan keyin ham shunday qirg‘inlar sodir qilindiki, pirovard natijada jadidlar va yosh buxoroliklar kurashining maqsadi — Buxoroni ozod va mustaqil ko‘rish istagi amalga oshmaydi. Fitrat bu yillar davomida partiya safiga kirgan, Turkbyuro a’zoligiga saylangan bo‘lsa-da, o‘zi yaxshi bilgan yurtda hali pishib yetilmagan inqilobiy harakatlarning ruscha formula — qurolli to‘ntarish qabilida yakunlangani va uning badalida ona yer «emgan» hisobsiz qonlar — sohibi qalamni iztirobga solmasdan qo‘ymasdi. Inqilob beshigini tebratgan yosh buxoroliklarni amir el ko‘ziga «g‘ayri» qilib ko‘rsatgani yetmaganday, ular faoliyatining Moskvadan kelgan o‘rtoqlar tomonidan «kommunizm programmasiga zid deb topilishi» va zo‘r berib sun’iy ravishda «kommunistiklashtiriluvining» kelgusi oqibatlarini Fitrat chuqur idrok bilan payqay bilgan edi. Shu boisdan ham jadidlarnng bu bemavrud harbiy siyosatdan ilmu urfonni, ma’rifatni afzal bilib «butun vujudi bilan madaniy-oqartuv ishlariga berilib ketgani»ga ishongimiz keladi...
Har bir inqilobning qay taxlit tarixga kiritilishi uning solnomachilariga bog‘liq. Buxoro jumhuriyatidagilar solnomachi tanlashda adashmagan (Maorif xalq nozirligining 1920 yil 30 oktyabr qaroriga binoan Buxorodagi inqilob tarixini yozish Fitrat bilan Ayniyga topshiriladi) bo‘lsalar-da, qonuniy solnomachilar tomonidan bitilgan tarix shu paytgacha to‘laligicha e’lon etilmadi, e’lon etilgan qismi ham (Ayniy tomonidan yaratilgan «Buxoro inqilobi tarixidan materiallar» nazarda tutilmoqda — H. B.) bir necha bor qayta tahrir etilib, tuzatildi. «Yesirlikda qolgan haqiqat hamon o‘z yaratuvchisini izlardi», deb yozgandi nemis foylasufi F. Nitsshe bundan yuz yil chamasi muqaddam.
Falsafani qo‘yib hujjat varaqlashda davom etamiz: Toshkentda maorif ishlari bilan band Fitrat yangi xalq maorifi targ‘ibotini tashkil qilish uchun Buxoroga so‘raladi, negadir yana tezda maxsus telegramma bilan Turkistonga qayta chaqirib olinadi. Buxoro Xalq Nozirlari Kengashi Turkiston Maorif komissarligiga murojaat etib, bir necha masalalar, xususan, «Fitrat boshlagan Buxoro inqilobi tarixini yozish tugallanmay qolmasligi uchun» uni Buxoroda qoldirish iltimos qilinadi. 1921 yilning 9 martidan Fitrat o‘z yurtida xalq xo‘jaligini tiklash, maorif va madaniyat ishlarini yo‘lga qo‘yish tadbirlarini amalga oshirishga jalb etiladi; jumladan, xalq maorifini tashkil qiluvchilar uchun tavsiyanomalar tayyorlash hay’atini boshqarib boradi. Buxoroda Sharq dorilfununini ochish zaruriyati asoslarini tayyorlab, keyinroq (1922 yil 14 sentyabr) kattaroq lavozimda ishlayotganida BMIKning Buxoro dorilfununini tashkil etish haqida qaror qabul qilinishiga erishadi. Buxoro jumhuriyati hamda Turkiston ASSR o‘rtasida «o‘quv yurtlari va maktablar uchun darsliklar tuzish va ta’minlash» borasidagi ishlarni tartibga keltiradi. Xalq xo‘jaligi ravnaqi uchun turli xil iqtisodiy sistema va islohot o‘tkazish, mamlakat jo‘g‘rofiy chegaralanishi asoslarini belgilash, Amudaryo flotiliyasining vazifalarini jumhuriyat maqsadlariga yo‘naltirish, vaqf yerlarni hisobga olish va undan foydalanishni nazorat qilish, narx-navoni arzonlashtirish, vayron bo‘lgan shaharlarni tiklash, me’morchilik obidalarini asrash kabi ishlarda qatnashadi. Uning serqirra faoliyatini ko‘z o‘ngimizda gavdalantirsak, «Buxoro — bizning ulug‘ otamiz, aziz va mehrli onamiz, Buxoro — bizning suydigimiz, Buxoro — bizdan, biz Buxorodan... bunday qorong‘ilikda tanballik va harakatsizlikdan g‘imirsib yotganimiz yetar» («Munozara»ga muqaddima. Istanbul, 1909, 21-bet) deyishi muhojir talabaning shoirona ehtiroslari emas, balki «muqaddas turk o‘chog‘ipning kelajagi uchun fidoyi kurashchining ajdodlar ruhi oldidagi burchi ekani anglashiladi. Va bu ona vatanini ozod, hur ko‘rmoq istagida shahid bo‘lgan do‘stlari oldidagi mas’uliyat ham edi. Qarshi begi tomonidan o‘ldirilgan Behbudiyning vasiyatini eslaylik: «O‘rtoqlarim — Siddiqiy, Ayniy, Fitrat... Sizlarga vasiyat qilaman: Buxoro tuprog‘iga tezlik ila yo‘l boshlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar!» (Hoji Muinning «Mufti Mahmudxo‘ja hazratlarining qanday shahid bo‘lganligi va aning tomonidin yozilgan vasiyatnoma» maqolasidan. «Inqilob», 1922 yil, 1-son).
Fitrat Buxoroga keliboq jiddiy kirishgan ishlaridan biri Buxoro ilmiy jamiyatini tuzish bo‘ldi, u mahalliy olim va ulamolar bilan hamkorlikda turli fanlar tarixiga oid qo‘lyozmalar to‘plashga kirishadi. Bu ishga S. Ayniy, Musajon Saidjonov (o‘sha vaqtdagi Xalq maorifi noziri), Mirzo Salimbek (amirning ko‘p hurmatiga sazovor bo‘lgan, Buxoroning keyingi amirliklar tarixini yozgan olim), Sharifjon Mahdum (Sadr Ziyo nomi ostida elga tanish adib) va boshqalarni jalb etdi. Jamiyatning «Anjumani tarix» sho‘‘basi tomonidan yozilgan «Buxoro arki tarixi» kitobining qo‘lyozmasi hozirga qadar saqlangan.
Fitrat Istambuldalik chog‘ida «Buxoro ta’limi maorif jamiyati» nomi bilan rasmiy va ochiq jamiyat tuzgan bo‘lib, «bu jamiyat o‘zining nomiga muvofiq Buxoro va Turkiston maorifining olg‘a siljishiga doir muhim ishlarni amalga oshirgan» (S. Ayniy). U Buxoroda maorif nozirligi ishlariga jalb etilgan ekan, yoshlarni xorijda (Istambul, Berlin, Moskva) o‘qishi uchun sharoit hozirlaydi, Moskvadagi Kommunistik universitetga Buxorodan yiliga 20 talaba yuborish haqida kelishib olinadi. Noshirlik va matbaa ishlarini kengaytirib, ko‘plab darslik hamda qo‘llanmalar nashr qilinishiga erishadi. Shu yilning mart oyida Nozirlar Kengashining qaroriga binoan «Buxoro jumhuriyatida turk tili davlat tili deb e’lon qilindi, rus sovet xodimlariga esa rus tilidan foydalanishga ruxsat berildi» («Izvestiya» xabarnomasi, Toshkent, 1921 yil, 17 mart). Shu yil kuzda «bir necha teatr truppalari asosida Maorif xalq nozirligi tasarrufida bo‘lgan Davlat teatri tuzildi va bu ishga rahbarlik qilish uchun taniqli rejissyor, o‘zbek sahna ustasi Uyg‘ur taklif qilindi» («Byulleten BuxTA» 1921 yil, 21 noyabr). Shaxsan Fitratning aralashuvi bilan «Buxoro axbori»ga muharrirlik qilish uchun «taniqli shoir Cho‘lpon chaqirtirib olindi» (o‘sha hujjatda). Shoirning Buxoro inqilobi bir yilligiga bag‘ishlangan mashhur «Xalq» she’ri o‘sha ro‘znomaning 7 sentyabr sonida e’lon qilingan.
1921 yil 15 iyunda Buxoro hukumati Turkiyaning Ulug‘ Millat majlisiga va Eron tashqi ishlar vazirligiga nota yuborib, o‘zaro vakil ayirboshlash haqida bitim taklif qiladi. Natijada shu yilning 3 noyabrida Turkiya diplomatik missiyasi, 9 dekabrda esa Eron konsulligi Buxoroda ish boshlaydi.
Fitrat tahriridan chiqqan «Buxoro xalq Sho‘rolar jumhuriyatining Konstitutsiyasi» 23 sentyabrda Umum Buxoro xalq vakillarining II qurultoyida qabul qilinadi. Bu qonun RSFSRning 1918 yilgi Konstitutsiyasidan qator muhim masalalarda farq qilib, uning 6-moddasida aytilishicha, «sotib olingan yoki meros bo‘lib qolgan xususiy mulkni istagancha tasarruf qilish va undan foydalanish huquqi»ni beradi. Shuningdek Rossiya Asosiy qonunining 9-moddasi tayin qilgan proletariat diktaturasi haqidagi modda Buxoro Konstitutsiyasiga kiritilmagan, sababi Buxoro proletariat diktaturasi hukmronligidagi sotsialistik davlat emas, balki demokratiya asosida tashkil topgan xalq jumhuriyati edi.
1921 yilning 15—20 dekabrida Buxoro Kompartiyasining II s’ezdi chaqirilib, partiya ichidagi «o‘ng» va «so‘l» qanotlarning qizg‘in bahslari davom etadi, bu tortishuvda «markaz»chilar yengib chiqadi. Natijada Buxoro Kompartiyasi uning qaroriga ko‘ra RKP(b) tarkibiga kiradi. yilning oxirlarida partiya ichidagi qutqular va «Dushanbe voqealari» deb nomlangan qirg‘inlar tufayli vaziyat yanada keskinlashadi. Oddiy masalalarning hal bo‘lishi uchun yana «markaz» aralasha boshlaydi. Partiya ichida qaytadan tozalov o‘tkaziladi. Bu haqda F. Xo‘jaevning RKP(b) MK ga yozgan hisobotnomasida o‘qiymiz: ...«joylarga tekshirish komissiyalar yuborildi, ular tozalash o‘tkazib va partiya safidan o‘chirib, uning sostavini 14 ming kishidan 6—8 ming kishiga tushirdi va nihoyat keyingi tozalash natijasida Buxoro Kompartiyasi safida ming kishi qoldi». Turkbyuro bu bilan cheklanishni xayoliga ham keltirmadi, Buxoro Konstitutsiyasi e’lon etilganidan to‘rt oy o‘tmay amal qilishi to‘xtatildi. 1922 yil 22 yanvarda Favqulodda diktatorlik komissiyasi tuzilib, u «Konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquqlarni cheklash, uning bajarilishini to‘xtatish, Buxoro MK tomonidan chiqarilgan buyruqlarni bekor qilish», «umumiy sudlanuvdan ko‘rilayotgan istalgan ishlar (delo)ni olib, qayta ko‘rib chiqish uchun harbiy tribunalning Muvaqqat bo‘limiga berish», «Sharqiy Buxoro hududida istalgan shaxsni mansabidan qat’i nazar qamoqqa olish va hududdan chiqarib yuborish kabi cheklanmagan huquqlar berildi» (O‘zSSR MDA, 48-f, 2-r, Shd, 35-v). Bu Favqulodda diktatorlik o‘z faoliyatini boshlab ulgurmay turib, RKP(b) MK Siyosiy byurosi 1922 yil 1 fevralda «Buxoro masalasi»ni muhokama qildi. Voqeani oydinroq tushunish uchun F. Xo‘jaevning bu muhokamadan bir necha hafta burun Turkqomissiya nomiga yozgan maktubidan parcha keltiramiz: «Bu masala — «Buxoro masalasi» hozirgi vaqtda yana qo‘zg‘alib qoldi va biz uchun jiddiy ahamiyat kasb etmoqda... Sizga jur’at qilib shuni aytamanki, yuqorida aytilgan sabablarga ko‘ra yoki boshqa biron sabablarga ko‘ra, Buxoroda hokimiyatni almashtirishdan iborat biror eksperiment o‘tkazishni zarur deb bilsangiz, buni bizga oldindan xabar qilib qo‘yishingizni iltimos qilamiz, bu ishda Sizga xizmatimizni ayamaymiz va Sizga kim ma’qul bo‘lsa, (unga) hokimiyatni topshirib qo‘ya qolamiz. Bizning har qanday o‘jarlik qilishimiz va Sizning zo‘rlik choralari ko‘rishingiz halokatli bo‘lishini, Sizlar uchun ham, bizlar uchun ham nomaqbul oqibatlar keltirishini juda yaxshi bilamiz. Biz zo‘rlik bilan qilinadigan to‘ntarishlarni istamaymiz, chunki shunday eksperimentlardan so‘ng Buxoro muqarrar xaroba cho‘lga aylanishini juda yaxshi bilamiz.
Muassasalarimizning ishlarida va’dalarimizni muddatida bajarmaslikdan iborat ba’zi nuqsonlar ro‘y berayotganligini inkor qilib bo‘lmaydi, albatta. Lekin mana shu nuqsonlarni deb bizni haddan ziyod qattiq ayblash kerak emas, chunki bu nuqsonlar qisman Sizning aakillaringiz aybi bilan ro‘y bermoqda...» (Asarlar, 1-tom, 451—453-betlar). Mana shu istehzo va jangovar ruh bilan sug‘orilgan xatdan so‘ng, o‘sha kuni MK Siyosiy byurosi F. Xo‘jaevning hisobotini tinglab, «Buxoro Kompartiyasi va Xorazm firqalari RKP(b) sostaviga kiritilsin», «Buxoro va Farg‘ona territoriyalarida bosmachilikka qarshi kurashayotgan frontlar RSFSR Revolyutsion harbiy Soveti tayinlagan maxsus qo‘mondonlik rahbarligida birlashtirilsin», deb qaror qabul qiladi.
Buxoroda yana harbiylar siyosati o‘rnatiladi, bundan norizo bo‘lgan ko‘plab partiya va davlat arboblari o‘z vazifasini tashlab keta boshlaydilar. Jumladan, Butun Buxoro harbiy qo‘mitasining a’zosi, harbiy ishlar xalq noziri Abdulhamid Oripov, Jumhuriyat Sho‘rolar MKning raisi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev kabi kishilar mamlakatdagi siyosiy tanglikdan charchab, Anvar poshsho tomoniga o‘tib ketadilar. Buxoroga maxsus topshiriq bilan kelgan (1922 yil 18 mayda) S. Orjonikidze boshliq RKP(b) MK taftish komissiyasi o‘z faoliyatini boshlab yuboradi. Darhol u Buxoro KP mas’ul xodimlarini to‘plab, kengash o‘tkazadi, unda: «Biz Buxoro hukumatini nafaqat aksilinqilobiy kuchlardan, balki qarindoshchilik aloqalaridan tozalashimiz kerak...
E’tiroz qilmaymiz: xalq nozirlarining raisi — buxorolik, MK raisi — Buxorodan bo‘lsin, lekin Kompartiya MK kotibi biror millatga (mahalliy millatga demoqchi shekilli — H. B.) aloqador bo‘lmasligi kerak. Xuddi shu kabi Nozirlar Kengashi ham millatni rad etmog‘i lozim. Nozirlar esa millatdan tashqarida bo‘lishlari lozim. Nozir buxoroli bo‘lsa, yaxshi albatta, lekin uning rus yoki gruzin bo‘lgani (Oripov bo‘lganidan ko‘ra) yana ham yaxshi!» (A. Ishanov. Sozdanie BNSR, 1920— 24 gg. T., 1955, s. 147) Bunday «milliy masalani hal qilishga yordam berish» siyosatining natijalari tezda ko‘rina boshladi...
Bu davrda Fitrat Nozirlar Kengashida qator mas’ul vazifalarni ado etish bilan band bo‘lib, bu haqda O‘zSSR Markaziy Davlat arxivining hujjatlari quyidagicha guvohlik beradi:
1922 yil 26 aprelda Xalq Nozirlar Kengashi raisining muovini va Buxoro jumhuriyatining Nozirlar Kengashi huzuridagi plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, Buxoro Kompartiyasi MK 1922 yil II maydagi yig‘ilishida III Umum Buxoro qurultoyiga tayyorgarlik va uni chaqirish hay’atining ishlari topshiriladi. Siyosiy byuroning 15 iyuldagi yig‘ilishida aksilinqilobiy tashkilotlar ishini taftish qilish borasida ma’ruza qiladi. O‘sha qurultoy qaroriga binoan (1922 yil 18 avgust) Buxoro MK a’zoligiga saylanadi, 1922 yil 19 sentyabrdan boshlab Tashqi ishlar Xalq Noziri, Xalq xo‘jaligi Kengashining raisi, BXShJ Xalq xo‘jaligi Oliy Kengashining raisi o‘rinbosari, BuxMIK raisining o‘rinbosari, BXShJ Mehnat kengashining Prezidium a’zosi vazifalarida ishlaydi. Uning faoliyati nafaqat xalqning, balki GPUning Buxoro vakili G. Og‘abekov orqali OGPU vakili A. X. Peters e’tiborini ham tortgan edi. Bu yillarda Buxoro xalq jumhuriyatini zo‘r berib sotsialistik davlatga aylantirishga tirishildi, chunki bu haqda Sovetlarning Butun Rossiya X s’ezdida I. V. Stalin: «Ikkita qo‘shilmagan sho‘rolar jumhuriyati — Xorazm va Buxoro nosotsialistik hisoblangani uchun... aynan ular sotsialistik bo‘lmaganlari uchun ham... Hech shubha yo‘qki, o‘rtoqlar... bu respublikalar o‘zining sotsializmga tomon ichki rivojlanish jarayonlarini bosib o‘tib, yaqin orada bugun tashkil bo‘layotgan Ittifoqqa birlashishlariga ishonaman» (I. V. Stalin, Soch., t. 5 s. 151) deb bashorat qilgan edi. Fitrat turli xil Kengash va yig‘ilishlarda Buxoroning sotsialistik yo‘lga chiqishi hali erta, toki sanoatni rivojlantirmay turib, sotsialistik ukladga o‘tib bo‘lmasligini yurtning fidoyi farzandi sifatida o‘z vaqtida aytgan edi. Moskva esa, F. Xo‘jaev aytmoqchi, navbatdagi «hokimiyatni almashtirishdan iborat yangi eksperimentiga tayyorlanardi. Buni I. V. Stalinnng 1923 yil 12 iyunda UkRKP(b) milliy jumhuriyatlar va viloyatlar partiya mas’ul xodimlarining IV yig‘ilishida so‘zlagan nutqidan ham bilish mumkin: «Men bu o‘rinda ma’ruzachiga Buxorodagi Nozirlar Kengashining tarkibi haqida savol berdim. Nozirlar Kengashi — bu Xalq Komissarlari Soveti. U yerda birorta dehqon bormi? Ma’ruzachi javob bermadi. Lekin menda shunday ma’lumotlar borki, Buxoro hukumatining tarkibida birorta dehqon yo‘q... 9 yoki II hukumat a’zosidan savdogar boyning o‘g‘li, savdogar, ziyoli, yana savdogar, mulla ziyoli, savdogar — birorta ham dehqon yo‘q... Bu Buxoro hukumati siyosatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador printsipial masala. Kommunistlar tepada turgan bu hokimiyat bilan hisoblashadilarmi?! Men faqat ikkita muhim faktga e’tiboringizni tortaman... Mas’ul o‘rtoqlar va eski partiya a’zolari qo‘l qo‘ygan xatda aytilishicha, Buxoro davlat banki ish boshlagan vaqtdan buyon xususiy savdogarlarga 75 foiz, dehqon va kooperativlarga 25 foiz qarz bergan... yana bu sovet hukumati, xalq hukumati ataladi. Shuni dalillab aytish kerakki, Buxoro hukumati nomi ostida ish ko‘rayotganlarning hech qanday xalq va sovet hukumatiga aloqadorligi yo‘q!» (I. V. Stalin, Soch., t. 5, s. 331—332). Keyinroq, 1923 yil 30 iyunda chaqirilgan Buxoro Kompartiyasi MK Plenumida qator hukumat boshliqlariga Stalin aytgan ayblar qo‘yildi. Buxoro MKning navbatdan tashqari chaqirilgan sessiyasida shu lavozimlarga saylanishiga huquq bergan Buxoro Konstitutsiyasining tegishli moddalariga o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinadi...
1923 yil 12 iyunda «Buxoro masalasiga doir» qabul qilingan tarixiy qarorni amalga oshirish uchun o‘lkaga RKP(b) MK sekretari Ya. Ye. Rudzutak yetib keladi va u Plenumdagi nutqida yuqoridagi da’voni takrorlaydi; «Bu yerda mehnatkashlar ommasining manfaatlariga har doim ham rioya qilinmayotganligi to‘g‘risida bizda muayyan shikoyatlar bor... savdogarlar ushbu davlat mablag‘idan 75 foiz qarz olganlar, vaholanki, kooperatsiya va dehqonlarga shu mablag‘ning 25 foizi berilgan. Bu hol partiyamiz MKni Buxoro hukumati tarkibiga yaqindan e’tibor bilan ko‘z tashlashga majbur etdi, chunki eng ko‘zga ko‘ringan kishilar ustiga, masalan, Maorif noziri Fitrat ustiga qo‘yilayotgan ayblar oshkor bo‘lib qoldi, u maorif ishlari bilan shug‘ullanish o‘rniga tosh yo‘l qurish bilan shug‘ullangan... Partiyamiz MK shularga asosan, ushbu xulosaga keldiki, Buxoro hukumatining tarkibini sog‘lomlashtirmoq uchun Fitrat, Aminov, Otaxo‘jaev, Sattorxo‘jaev, Yoqubzodalarni hukumat tarkibidan chiqarib, Buxorodan badarg‘a qilish zarur. Partiyamiz MK mazkur o‘rtoqlar o‘rniga... dehqonlar va ishchilar orasidan yetishib chiqqan kishilarni o‘z davlat hayotining rahbarlari qilib saylab qo‘ysa, maqsadga ancha muvofiq bo‘ladi deb hisoblaydi. RKP(b) MK ushbu takliflarni nazarda tutib, besh o‘rtoqni chaqirib olishga qaror qildi, men o‘ylaymanki, bu qaror Buxoro kommunistlari va Buxoro xalqi tomonidan to‘la ravishda ma’qullanadi, chunki bu masalada bizning partiyamiz... Buxoro kambag‘allarining ahvolini yengillashtirish istagida shunday ish qilayotir.
Partiyamiz MK qardosh sovet respublikalardagi hukumatlar tarkibi aholi ko‘pchiligining manfaatlariga muvofiq bo‘lishi, asosan dehqonlar va ishchilarning vakillari hukumat tarkibiga kirishi zarur deb hisoblaydi» (O‘z KP MK huzuridagi Partiya tarixi institutining partiya arxivi, 14-f, 1-r., 17-d., 1 va 3 varaqlar), Albatta, Fitrat va boshqalar bo‘yniga bugina ayblar qo‘yilgan emas, «mansabini suiste’mol qilgani uchun», «moliyaviy xarakterdagi kamchiliklari uchun» degan ayblar ham tarixga kiritilgani sir emas. Lekin ularning asosiy aybi birorta ham sanoat korxonasi yo‘q shaharda ishchi yoki dehqon bo‘lib tug‘ilmaganida ediki, buni I. Stalinga o‘z vaqtida yetkazib ulgurishgandi. Boshqa bir hujjatda «Fitrat Rossiyaga chaqirib olingani munosabati bilan o‘rniga Qayg‘isiz Otaboev tayinlansin» deb yozilgan (O‘zSSR MDA, 47-f., 1-r., 289-d, 71va 73 varaqlar). Stalinchilar hukumat rahbarlarini ishdan chetlatish bilan cheklanmaydilar, ular «savdogarlar, boylar va boshqa ezuvchi sinf vakillarini» saylash va saylanish huquqidan mahrum etgan Konstitutsiyani (1923 yil 11 oktyabr) qabul qildirishga erishadilar. «Mamlakatdagi demokratik asosdagi saylovlar natijasida IV Umum Buxoro qurultoyi hukumat a’zoligiga 32 dehqon, 12 ishchi va 8 hunarmandni sayladilar, bu Buxoro jumhuriyatida sovet hokimiyatining to‘la g‘alabasi edi» (A. I. Ishanov, Sozdanie BNSR, s. 153)
1923—24 yillar davomida Fitrat Moskvadagi sharq tillari instituti (hozirgi Osiyo va Afrika instituti)da ishlaydi, Leningrad dorilfununining Ilmiy Kengashi uni professorlik unvoniga tavsiya etadi. 1924 yili Fitrat Moskvadan vataniga qaytib kelganida O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy chegaralanish tufayli Buxoro jumhuriyati tugatilgan, u Turkiston ASSR ga qo‘shib yuborilib, O‘zbekiston SSR tashkil topgan edi.
...Oradan o‘n yil o‘tgach, Cho‘lpon bu sanaga bag‘ishlab, «Diyorim» nomli istehzoli she’r yozgan:
Bema’ni tarixni yondirdi inqilob,Sen qo‘ygan talabni qondirdi inqilob.Qarg‘algan kechmishdan tondirdi inqilob...Titilib o‘qilmas bo‘lganda tarixing.“Sharq yulduzi” jurnalining 1991 yil, 1-sonidan olindi.