Cho‘lponning 1923 yilda yozilgan «Somon parcha» she’ri «Topshirdim o‘zimni muhit erkiga», degan misra bilan boshlanadi. Shu bir misrani o‘qishing hamono qiziq bir holatga tushasan: go‘yo shoir favqulodda bir karomat qilayotgandek, bir misra she’r vositasida ham o‘z qismatiga, ham zamona zayliga, muhit mohiyatiga baho berib turgandek bo‘ladi. Ma’naviy komillik darajasidan qat’i nazar har bir insonni ulkan mashinadagi murvatdan iborat deb bilgan jamiyatning ijtimoiy-axloqiy mezonlari shoir misralarida shundog‘icha jonlanib turadi:
Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boramen,
Har amal, har ishni «Haq» deb boramen,
Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha...
Aslida, Haq bitta bo‘ladi-ku! Haqdan tashqaridagi «Har amal, har ishni «Haq» deb borgan»lar munofiq bo‘lib chiqmaydimi?! Shoir munofiqmi ekan, yoki muhit munofiqmi?..
Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni,
Chaqmoqdek yaltirab o‘chish yo‘q endi.
Yolg‘on xayollarga ko‘chish yo‘q endi
Oqishning yo‘liga soldim kunimni...
Garchi shoir muayyan kayfiyat realligi asosida «Har amal, har ishni «Haq» deb boramen» deyotgan esa-da, uning ichki — ma’naviy mavqei juda mustahkam bo‘lganligiga shubhalanmasa ham bo‘ladi.
Bu misralardan bayronona bir iqror («Albomga» she’rini eslang), lermontovcha nozik xayol, hassos tiniqlik, shekspirona karomatgo‘ylik, mashrabona sarkash dangallik borday. Mayli, shoir she’rlarining fazilatlari xususida gapirishga hali vaqt bo‘lar, lekin hozircha shoir va muhit munosabatlarining ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz, xolos.
Odatda, Sho‘ro tuzumi davrida shaxs erki, inson qadri toptalgani haqida gap ketsa, bas, o‘tmas pichoqlarimiz Stalinning allaqachon yanchib tashlangan boshida aylangani-aylangan. Vaholanki, shaxs erkiga tazyiq, erkin fikrni tushovlash, ziyolilarni quvg‘in qilish hali Stalin yakkahokimlik siyosatini yurgizmasdan oldinroq boshlangan edi. Buning isbotiga qiynalish yo‘q. Sergey Xorujiyning «Falsafa kemasi» maqolasini («Literaturnaya gazeta», 1990 yil, 9 may) eslash kifoya. Cho‘lponning «Somon parcha» she’ri 1923 yilda yozilganini hisobga olsak va umuman, she’r muayyan voqea-hodisaning ruhiy-estetik hosilasi ekanidan kelib chiqsak, 30-yillarda O‘rta Osiyoda ham shaxs va davlat munosabatlari masalasida ko‘plab nohaqliklar yuz bergani shundog‘icha ayon bo‘lib qoladi. Albatta, bu boradagi gaplar endi-endigina ochilib kelyapti. Ammo yana bir narsaga shubha yo‘qki, jismoniy ta’qib, ommaviy qirg‘in to‘xtagan daqiqalarda ham ichki ta’qib, ma’naviy qatag‘on muttasil davom etib turgan. Xuddi ana shunday ta’qib sharpasi shoir va yozuvchilar, ziyolilar ongida dahshatli bir vahshiylik obraziga aylangan, ular qalbini zanjirlab, ruhlarini tushovlab kelgan. Shu boisdan shoirning «Topshirdim o‘zimni muhit erkiga», degan satrini o‘qir ekanmiz, u nazarda tutgan «muhit erki aslida tutqunlik «erki» ekanini darrov his qilamiz. «Na isyon, na to‘lqun, na to‘fon, na o‘t! Ko‘zimda og‘ir bir «taslim» nuri bor», deydi u. Mening nazarimda Cho‘lponning she’rlari tushkunlik devorlariga urilaverib qon bo‘lgan yurakning nolalariga o‘xshaydi. Ha, u erk istab kirgan joyidan tutqunlik topdi...
Abdulla Oripov o‘z zamonasiga munosabat bildirib, «Davrimdan qayga ham tushardim yiroq», deydi. Cho‘lponning «Topshirdim o‘zimni muhit erkiga», deyishi ham shoirning davr fojialarini o‘z qalbidan o‘tkazib his qila olganidan dalolat beradi.
Ma’lumki, Cho‘lponning ijodi 1927 yilda ham adabiy doiralarda, ham siyosiy-mafkuraviy jabhada qattiq tanqid qilindi. Natijada shoir maorif xodimlarining 11 qurultoyi hay’atiga arznoma yozishga majbur bo‘ladi. Ehtimol, shu arznoma sabab shoir tanqidlar tig‘idan omon qolgandir. Chunki boshboshdoqlik zamonida Cho‘lpondek shoirlarni jazoga tortish uchun matbuotdagi bir-ikkita tanqidiy maqolaning o‘zi yetarli edi. Ammo, ne baxtki bu safar shoir yovuzlik sirtmog‘idan qutulib qoladi.
Cho‘lpon ijodini tanqid qilish, uning shaxsiga turli xil ayblar taqash 1931—32-yillar matbuotida yangi bir bosqichga ko‘tariladi. Hatto shoirning qamalishi ham aniq bo‘lib qoladi. Ma’lumki, 1929—32-yillar oralig‘ida O‘zbekistonda Munavvarqori va boshqalar ishi, Qosimov ishi, Botu va Ramz ishi, Badriddinov va boshqalar ishi singari qator sud jarayonlari bo‘lib o‘tadi. Bu sud jarayonlari borgan sari bir-biri bilan bog‘lanib, bu «ish»larga mutlaqo daxlsiz odamlarni ham o‘z domiga tortib ketishi-da hech gap emasdi. Cho‘lpondek muhit erkidagi shoirning shunday jarayonlarga tortilmay qolgani o‘sha davr hodisalaridan, shoir qismatidan xabardor odamlarni hayron qoldirmasligi mumkin emas. Xo‘sh, Cho‘lpon 1930—32-yillardagi qirg‘in mavsumlaridan qanday omon qoldi ekan? Cho‘lponning O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik qo‘mitasida saqlanayotgan P-224777-arxiv raqamli «Jinoiy ish»iga doir ba’zi hujjatlar bu masalaga ma’lum ma’noda to‘g‘riroq yondashishimizga yordam beradi,[1] deb o‘ylaymiz.
Avvalo «Jinoiy ishining o‘zi, undagi ma’lumotlar tabiati haqida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tmasdan iloj yo‘q. Unda Cho‘lponning hayoti va ijodiga doir masalalarda tasavvurimizni bir oz bo‘lsa-da to‘ldirishga xizmat qiladigan to‘g‘ri ma’lumotlar barobarida kishini chalg‘itadigan, chalg‘itish uchun o‘ylab topilgan «dalillar» ham ancha. Bunday dalillar, ayniqsa «ish»ning tergov qismiga oid hujjatlarda ko‘p uchraydi. Ammo ular ichida ham saralab olsa bo‘ladigan, o‘sha davr voqealari mantiqi, «ish»ning o‘zidagi boshqa hujjatlar mazmuni asosida yondashilganda soxta libosi to‘kilib, hayotiy qimmat kasb etadiganlari ham bor. Demak, bunday dalillarning talqinigina soxta esa-da, o‘zi muayyan darajada haqiqatga yaqin bo‘lib chiqadi. Ammo hamma gap talqin qaerdan boshlanib dalil qaerda tugashini va aksincha, talqin qaerda tugab dalil qaerdan boshlanganini ajrata olishda. Chunki talqinlar dalillar mohiyatiga moslanganidek, dalillar mohiyati ham talqinlar mantiqiga ko‘ra shishirilgan. Biz Cho‘lponning 1931—32-yillardagi hayotiga doir mulohazalarimizni shunday dalillar asosida davom ettirishga harakat qilamiz. Bu ish ikki jihatdan muhim deb o‘ylaymiz. Birinchidan, Cho‘lponning hayotiga oid ba’zi yangi ma’lumotlarga ega bo‘lamiz va ikkinchidan, Cho‘lponning «Jinoiy ishi» haqida o‘quvchilarimizda muayyan tasavvur uyg‘otgan bo‘lamiz.
1937 yilning 29 iyulida tergov protokolida (tergovni O‘zbekiston Ichki Ishlar Xalq Komissarligi Davlat Xavfsizligi Boshqarmasi 4-bo‘lim boshlig‘i Davlat xavfsizligi leytenanti Agabekov olib borgan) Cho‘lpon tilidan quyidagi ma’lumotlar qayd etiladi:
«Men Fayzulla Xo‘jaev bilan ilk bor 1919 yil tanishdim. Taxminan, 1931 yilda u bilan aloqada bo‘la boshladim. 1930 yilda Botu, Ramz va boshqa bir qator millatchi aksilinqilobchilar qamoqqa olinganida meni ham qamamasa go‘rga edi-ya, deb xavotirga tushdim. Ammo Fitrat menga shuni ma’lum qildi: Fayzulla Xo‘jaev uning bog‘ida bo‘lganida aytibdiki, men behudaga qo‘rqayotgan ekanman, chunki men bilan unga — Fitratga tegishmas ekan.
1931 yilda meni matbuotda burjua millatchi aksilinqilobchisi deb rosa tinimsiz fosh qilib turishgan davrda Fayzulla Xo‘jaevning oldiga arz qilib va yordam so‘rab bordim. Fayzulla Xo‘jaev meni tinchlantirdi va 300 so‘m pul berdi, yana vaqtincha Toshkentda ko‘zga ko‘rinmay turishni, Maskovga ketishni, jamoatchilik meni biroz unuta boshlagach, qaytib kelishni maslahat berdi, men ham uning aytganidek qildim.
1932—34-yillar Maskovda yashab yurganimda Fayzulla Xo‘jaev kelgan fursatlarda uch marta uning huzurida bo‘ldim. U meni hamisha mamnun qarshi olar, pul berardi.
1934 yilda Toshkentga qaytishim bilan Fayzulla Xo‘jaev menga 500 so‘m pul berdi va yaxshigina bir uy ajratdi. 1936 yilda Fayzulla Xo‘jaev mening sog‘ligim to‘g‘risida gap ketgan bir suhbatda mening hayotim qimmatli ekanini, meni u zo‘r shoir deb bilishini ta’kidlab, «Biz Sizdan ajralib qolishimiz mumkin emas», dedi va menga eng yaxshi shifokorlar qo‘lida davolanishni taklif etdi.
Bundan tashqari Fitrat bilan ikkalamizning suhbatlarimizda u menga bir necha bor o‘zimni asrashimiz zarurligi haqida gapirgan, taniqli artist Qori Yoqubov esa men bilan uchrashib qolganida Fayzulla Xo‘jaev meni juda hurmat qilishini aytgandi.
Shularga asoslanib, o‘ylaymanki, Fayzulla Xo‘jaev meni va Fitratni faol aksilinqilobiy millatchi ekanimizni bilib, qandaydir maqsadlarni ko‘zda tutib, bizni qo‘llab-quvvatlagan».
Ehtimol, o‘quvchimiz bular bari tergovchilar o‘ylab chiqqan gaplar bo‘lsa-chi, demoqchi bo‘lar. Albatta, u zamondagi tergovchilar qar qanday narsani to‘qib tashlashga qodir edilar. Ammo ular bir narsani — haqiqatni to‘qib chiqarolmas, bunga qodir ham emasdilar. Yuqoridagi ko‘chirmaning so‘nggi jumlasi tergovchilarning ish uslubini o‘zo‘zidan fosh etib qo‘yadi. Ular bitta-ikkita to‘g‘ri dalil asosida butun bir yolg‘onning tegirmonini yurgizib yuborishmoqchi bo‘lishadi. Ko‘chirmadagi ma’lumotlarning ayrimlari Cho‘lpon va Fayzulla Xo‘jaev, Cho‘lpon va Fitrat munosabatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun ataylab muayyan darajada semirtirilgan. Bu shubhasiz. Ammo shu vajdan u Fayzulla Xo‘jaev huzuriga yordam so‘rab borgan-bormagani noma’lum. Ikkinchidan, 1931 yilda Cho‘lponning Maskovga borgani ham to‘g‘ri. Biz uchun Cho‘lpon hayotiga doir ana shu ikki dalilning haqiqat ekani katta ahamiyatga ega. Negaki, u dalillar vositasida boshqa haqiqatlarni ham bilib olish imkoniyati vujudga keladi.
1931 yil matbuotida Cho‘lpon ijodi shunchaki tanqid qilib qolinmasdan, balki unga siyosiy-mafkuraviy ayblar taqash ham kuchayadi. Uning nomi bilan bog‘liq atama — «cho‘lponchilik» keng iste’molga tushadi, «qosimovchilik», «chig‘atoychilik» singari atamalar bilan yonma-yon qo‘llanadi, o‘sha atamalar kabi dahshatli ma’no urg‘usiga ega bo‘ladi.
«Qosimovchilik» degan atama O‘zbekiston Oliy sudining raisi bo‘lib ishlagan, 1930 yilda sudlanib, otuvga hukm qilingan Sa’dulla Qosimovning nomi bilan bog‘liq edi. O‘sha yillarda bu atamasiz biror bir tanqidiy maqola yozilmasdi. Agarda «qosimovchilik» atamasi Qosimovning sud jarayonidan so‘ng juda og‘izga tusha boshlaganini hisobga olsak, «cho‘lponchilik» atamasining paydo bo‘lishi ham shoir hayotiga tajovuz boshlanganini bildirardi.
«Pravda Vostoka» gazetasining 1931 yil 14 yanvar sonida «O‘quvchi» degan imzo bilan «Madaniy jabhadagi o‘pirilish» nomli maqola e’lon qilinadi. Maqolada Gramatovichning o‘zbek tili darslik kitobi tanqid qilinadi. Tanqidga sabab bo‘lgan omillardan biri darslikda Cho‘lponning «Go‘zal» sarlavhali she’rining berilishi ekan.
Gazetaning o‘sha yilgi 15 yanvar sonida Mixail Sheverdinning «O‘zbek yo‘qsul adabiyotining ilk katta asari» degan maqolasi bosiladi. Muallif Umarjon Ismoilovning «Paxta shung‘iyalari» asarini ko‘kka ko‘tarib maqtaydi va unga qiyosan Cho‘lponning «Yorqinoy», Fitratning «Arslon» asari soxta klassik ko‘rinishdagi aksilinqilobiy zararli asarlar ekanini va shu boisdan ham ular sahnadan olib tashlanganini aytadi. U yana davom etib yozadi: «Burjua yozuvchilari Fitrat («Arslon»), Cho‘lpon («Yorqinoy»), Qodiriy («O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon»), Elbek, Muhammadjonov («Turmush urinishlari») va boshqalar o‘zbek adabiyotining o‘ta o‘ng qanotini egallab kelishyapti. Bu yerda Fitratning qator asarlaridagi turkparastlik haqida, Cho‘lpon ijodidagi bosmachilik kayfiyatlari to‘g‘risida, Julqunboy — Qodiriyning savdo burjuaziyasi va feodalizmni madh etgani xususida, Muhammadjonovning shovinizmi borasida gapirib o‘tirishning o‘rni emas».
Umarjon Ismoilovning yangi asarini tahlildan o‘tkazmoqchi bo‘lgan tanqidchi butun kuchini o‘zbek adabiyotidagi «burjua millatchiligi ruhidagi aksilinqilobiy unsurlar»ni fosh etishga qaratadi. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, muallifning o‘zi e’tirof etishicha, Umarjon Ismoilovning bu asarini ilg‘or o‘zbek ziyolilaridan birortasi yaxshi baholamagan. Botu hatto tanqidiy fikrlar bildirgan.
Tag‘in o‘sha gazetaning 1931 yildagi 31 dekabr sonida M. Sheverdin va boshqalarning «Badiiy adabiyotdagi chirkin liberalizmga qarshi» nomli maqolasida boshqa ko‘pgina «zararli» adabiy-siyosiy va mafkuraviy ko‘rinishlar qatorida «qosimovchilik» bilan «cho‘lponchilik» ham tilga olib o‘tiladi, ularning xavfidan ogoh etiladi.
Albatta, 31-yilda bevosita Cho‘lponning o‘ziga, uning ijodiga qaratilgan yoki uning nomi bilan bog‘langan tanqidlar ko‘p bo‘lgan. Ammo ularning ichida professor Abdurahmon Sa’diyning maqolasi alohida o‘rin tutadi. (Qarang: Abdurahmon Sa’diy «O‘zbek nafis adabiyotida millatchi aksilinqilobchilik», «Uzbekistanskaya pravda» gazetasining[2] 1931 yil, 24—25 mart sonlari).
Abdurahmon Sa’diy Cho‘lpon o‘z she’rlarida bolsheviklarga ochiqdan-ochiq qarshi chiqayotganini, ularni «bo‘rilar», «sharpalar», «xo‘jalar» deb ataganini sharh eta boshlaydi. Davom etib yozadi: «Cho‘lponning «Farg‘ona» gazetasining 23-yil 119-sonida bosilgan «Xazon» she’rini o‘qib, indamay qo‘yaverish yaramaydi. Mana uning bir necha misrasi:
Ay, sovuq ellardan muz kiyib kelganlar,
U — qo‘pol tovshingiz qirlarda yo‘q bo‘lsin.
Ay, mening bog‘imdan mevamni terganlar,
U — qora boshingiz yerlarga ko‘mulsun!
U Turkistonda kimki mahalliy aholiga mansub bo‘lmasa, hammasining boshiga ana shunday la’nat yog‘diradi. Ularning boshlari «erlarga ko‘mulushi»ni intizorlik bilan orziqib kutadi».
Aslida bu she’r «Kuz chog‘i...» deb boshlanadi. Unda shoir o‘z kayfiyatlarini tabiat qonunlariga qiyosan moddiylashtiradi. Shoir ruhning o‘z fasllari borligini, ular tabiat bilan mushtarak bir qonuniyatlarga ega ekanini ifodalashga intilayotganga o‘xshaydi:
Bilmadim, kimlarning umidi yo‘q bo‘lur,
So‘ng damda yaproqlar kizarib oldilar?
Abdurahmon Sa’diy Cho‘lponning «Madaniyat» («Sivilizatsiya»), «XX asr» she’rlarini ham vulgar sotsiologizm ruhida «tahlil» qiladi va shoirga yangi-yangi ayblar taqaydi.
Bizningcha, bu siradagi maqolalar Cho‘lponni zada qilmasligi, uni hayotdan ham, ijoddan ham bezdirmasligi mumkin emasdi. Shunday paytda uning Maskovga ketishi mantiqiy va tabiiydek tuyuladi. Ammo shoirning dushmanlari uni Maskovga ketkazib ham tinchib qo‘yaqolishmagan. Ular shoirning boshiga yana yangi balolarni yog‘dirish rejalarini tuzishgan.
Toshkent shahridagi Kafanov nomli qulubda 1932 yilning 5 mayidan to 17 iyunigacha O‘zbekiston Oliy Sudining prokurori bo‘lib ishlagan Shamsi Badriddinovning va boshqa bir qancha kishilarning jinoiy ishlari bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Shamsi Badriddinov 1924—27-yillarda Farg‘onada sud idoralarida ishlaydi. Farg‘ona muzofot sudining raisi sifatida 1927 yilning dekabr oyida aka-uka savdogar Xanyantslar «ish»ini yopib qo‘yadi. 1932 yilda esa bu «ish» asosida unga jinoiy ayb qo‘yiladi. Badriddinovning sudida qo‘qonlik Rahmonov Abdurahmon, Sodixonov Muhiddin, Xo‘jaev Muhammadxon, Ahmadxonov Mahmudxonlarning ishlari ham ko‘riladi. Ular Qo‘qonda avval Inqilobiy qo‘mita kotibi, so‘ngra maorif sho‘‘basining raisi bo‘lib ishlagan Ahmadxonov Mahmudxonning batrak hamda «Yangi Farg‘ona» gazetasining ishchi muxbiri Alimov va boshqalarga o‘tkazgan nohaqliklarini qo‘llab-quvvatlashda, Ahmadxonovning uyida aksilinqilobiy majlislar o‘tkazganlikda ayblanadilar. Badriddinov esa bularning hammasini bila turib, indamagan bo‘lib chiqadi va hokazo.
Xullas, bu sud ishining 2 maydagi ertalabki majlisida guvoh hamda jabrlanuvchi «Yangi Farg‘ona» gazetasining ishchi muxbiri Alimov ko‘rsatma beradi. U Ahmadxonov va uning atrofidagilarning o‘ziga nisbatan qanday jabr-zulm o‘tkazganlarini gapirib, bu guruhning muhim sirlarini bilishini, ular 1929 yilda Ahmadxonovning uyiga yig‘ilishib, maxfiy majlislar o‘tkazganini hikoya qiladi. Bu majlislarda Farg‘onani qanday qutqarish masalalari, bosmachilikni keng yoyish va boshqa narsalar haqida gap borgan emish. Yana ajablanarlisi shundaki, bu majlislarda Cho‘lpon ham qatnashgan va o‘z she’rlarini (aksilinqilobiy she’rlarini albatta!) o‘qib bergan emish[3]. Bu g‘irt tuhmatdan iborat gaplar shoir hayotini butunlay o‘zgartirib yuborishi, uning muddatidan avval qamoqqa olinishiga sabab bo‘lishi aniq edi. Chunki u davrdagi sud ishlariga xos bo‘lgan xususiyat shundan iborat ediki, bir ish davomida tinglanayotgan ko‘rsatmalarda butunlay boshqa bir ishga aloqador gaplar uchrab qolsa, yoki shunday gaplar ataylabdan to‘qib chiqarilsa, o‘sha yangi chiqib qolgan «ish»ning «gunohkorlari» ham yo‘l-yo‘lakay sud qilinib ketilaverardi. Masalan, Badriddinov va boshqalarning sudida Oliy Sud ko‘chma sessiyasining 11 may kechki majlisida davlat qoralovchisi Katanyanning taklifi bilan guvoh Alimovni so‘roq qilish to‘xtatiladi va sud butunlay boshqa bir ishni, Egamberdiev degan kishining ishini ko‘rishga kirishib ketadi[4]. Demak, davlat qoralovchisi xohlagan paytda Cho‘lponni ham sud ishiga tortishni talab qilishi va unga ayblar taqashi hech gap emasdi. Bizningcha, buni Cho‘lponning o‘zi ham yaxshi bilgan, hayotiga tajovuz kuchaya boshlaganini sezgan. Shuning uchun 1932 yil mayining 27-kunida KP(b) Markazqo‘mining O‘rta Osiyo byurosi kotibi Baumanga bayonotnoma yozadi. Bayonotnomaning bitta-bittadan nusxalari Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jaev nomiga yuboriladi. Bu bayonotnoma Cho‘lponning biz yuqorida tilga olganimiz P—22417-arxiv raqamli «Ish»ida (66—67-varaqlar) saqlanadi. «Ish»da O‘zbekiston KP(b) Markazqo‘mining kotibi Yakovlevning 1937 yil 14 noyabrida O‘zbekiston Ichki Ishlar Xalq Komissari Davlat xavfsizligi mayori Apresyan nomiga yozgan xati bor. Unda Cho‘lponning Ikromovga yozgan xati yuborilayotgani, u Ikromovning seyfidan olingani aytilgan. Cho‘lponning bayonotnomasi o‘rischa, moshinkalangan. Uni to‘liq keltiramiz.
«KP(b) Markazqo‘mining O‘rta Osiyo byurosiga
o‘rtoq Baumanga Nusxalari:
- Uzbekiston KP(b) Markazqo‘miga o‘rtoq Ikromovga
- O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Kengashiga o‘rtoq Fayzulla Xo‘jaevga
shoir Cho‘lpondan
Badriddinov va boshqalarning sud ishida guvoh o‘rtoq Alimovning ko‘rgazmalarida yana, odatdagidek, mening ismim baralla tilga olinadir («Uzbekistanskaya pravda» gazetining 1932 yil may 108-soniga qarangiz.) Garchi meni Sho‘ro hukumatiga qarshi va tabiiyki, inqilobga qarshi bo‘lmag‘ur «karomatlar»da ayblash yangilik bo‘lmasa-da, har qalay mana shu bayonotnomani Sizning e’tiboringizga havola qilmoqni lozim topdim.
O‘rtoq Alimovning gaplaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ayblanuvchi Ahmadxonov Inqilobiy qo‘mita kotibi bo‘lib yurgan chog‘da unikida «aksilinqilobiy to‘dalar»ni majlisi bo‘lib o‘tganmish, buni qarangki, bu majlisda men ham bor ekanman. Majlisda bosmachilarga yordam uyushtirishga qaror qilinadi. Maxsus otryad tuziladi, uni qurollantirish uchun Ahmadxonov yarog‘ topadi. Uni taqsimlashayotganda men — Cho‘lpon o‘z she’rlarimni o‘qibman. Bu she’rlardan o‘rtoq Alimovning esida qolganlari mana bular ekan:
«Qurol oling qo‘lga, yigitlar!
Xudo ulug‘ ham qudratlidir!
Qurol oling qo‘lga, yigitlar!
Qodir xudo — biz bilan birga!»
Xo‘p, men bunga ko‘ngan ham bo‘layin. Ehtimol, shunaqa majlis qaerdadir bo‘lib o‘tgandir. Ammo men bunday majlislarda hech bir qatnashgan emasman, o‘zimning o‘sha paytdagi e’tiqodimga ko‘ra qatnasha olmasdim ham.
Ahmadxonov Inqilobiy qo‘mita kotibi lavozimini egallagan chog‘da men Qo‘qon (u lavozimini egallagan joyda) u yoqda tursin, hatto butun Farg‘ona muzofotida ham yo‘q edim. Men Toshkentda edim (1919 yildan to 1923 yilgacha). Farg‘onaga (Andijonga) bosmachilik harakati uzil-kesil tugatilayotgan bir pallada frontning o‘zbekcha gazetida ishlash uchun kelganman (1923 yil). Men Farg‘onaga Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining safarbarligi va Turkfront Harbiy Inqilobiy Kengashi yo‘llanmasi bo‘yicha o‘rtoq Tojiev Abdulhay[5] bilan birga borganman. U «Darxon» front gazetining muharriri ham edi, men esa texnik muharrir hamda adabiy xodim edim. O‘z vaqtida bu gazet juda yaxshi baholangan. Mening undagi ishim haqida Tojiev A. Tadorskiy (Farg‘ona frontining sobiq qo‘mondoni), Segizboev[6], Ali Xo‘jaev va Bikson o‘rtoqlar bilishadi.
O‘rtoq Alimovning esida qolgan she’r aslo meniki emas. Menda umuman bunaqa she’r bo‘lgan emas. Agar o‘sha davrdagi, ya’ni, bosmachilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha xilma-xil tashkilotlar tuzilgan va shunga o‘xshash she’rlar to‘qilgan mahaldagi omillarni haqqoniy yoritishga erishilsa, unda aksincha, men o‘sha mahalda aynan bosmachilikka qarama-qarshi tomonda turganligim fakti ayon bo‘ladi (mening Toshkentda o‘zbek tilida chiqqan «Rosta» gazetidagi ishim va bundan tashqari, tirik guvohlar Risqulov, Nizomiddin Xo‘jaev, Moisey Sviling, Xirisanov-Sermyajniy, To‘raqulov Nazir va boshqa o‘rtoqlar). O‘rtoq Alimovning ajoyib xotirasi sal nariroqdagi narsalarni ham esga solsa yomon bo‘lmasdi: 1917 yilda, hali o‘zbeklardan biron kishi ishchilar harakati nima demak ekanini, burjua emas, ishchilar inqilobi nima demak ekanini bilmagan bir chog‘da mening she’rlarimning birida («Yurt» jurnali) mana bunday satrlar uchraydir:[7]
«Qizil bayroq—qip-qizil qon, bu qon — ishchilar qoni!»
(Afsuski, mening esimda ham bir satrgina qolibdi, xolos.)
Men so‘zimni tugatyapman. Bu bayonotnomaning so‘nggida shuni aytmoqchimanki, mening xatolarim istalganicha bor. Ular bilan kurashmoq lozim, ammo mening xatolarimni yo‘q joydan va umuman, bo‘lmagan joylardan izlamaslik kerak, balki va hatto xotirani ortiqcha zo‘riqtirmasdan ham topish mumkin bo‘lgan joylardan izlash zarurdir. Afsuski, ayni holda u (xotira) o‘z egasini shunchaki aldab qo‘yibdi, xolos...
Cho‘lpon 1932,
27/V Maskav
Maskav,
411 grajdanskaya 101, 1-xona»
Bu bayonotnoma Cho‘lponni noqaq hujumlardan asrab, bevaqt qamalishdan (1937 yilgacha albatta) saqlab qolgan bo‘lsa ajab emas. Ammo uning nomi «maxsus ro‘yxatlar»ga tirkalganicha turavergan, olib tashlanmagan. Ya’ni, uning hayoti muhit erkiga tashlanganicha qolavergan. Zero, bu «erk»dan xalos bo‘lish imkoniyati yo‘q edi.
Davlat qoralovchisi Katanyan Badriddinov va boshqalarning sudida so‘zlagan ayblov nutqida Cho‘lponning «aksilinqilobiy» faoliyatiga ham ishora qiladi. Shunga asoslanib aytish mumkinki, garchi Cho‘lponning bayonotnomasidan so‘ng unga ochiqdan-ochiq tanqid to‘pidan o‘q otish bir oz susaygan esa-da, bu jarayonning o‘zi butunlay to‘xtab qolmagan. U sal pardalangan holda davom etavergan. Davlat qoralovchisining nutqidagi Cho‘lponga tegishli gaplarni keltiramiz: «1929 nchi yilda Ahmadxonovning xonasida bo‘lg‘on yig‘ilishlar to‘g‘risidag‘i oling‘on ma’lumotlar esingizdadir. Bu yig‘ilishlarg‘a Qosimof, izvoshdan tushub Badriddinof keladi, bunga kunduzi «kommunist», kechasi bosmachi bo‘lib yuraturg‘on sirlangan kommunistlar oqiladi, bu yerda Sho‘rolar hukumatidan norozi bo‘lg‘on, ulardan jabrlangan hamma unsurlar kelib, partiya va Sho‘rolar hukumatining har bir qadamini va har bir tadbirini tanqid qiladilar. Mana shu o‘tkunchilarning hammasi, mana shu aksilinqilobiy svolichlar — ko‘ppaklar so‘zdan harakatka vaqt yetkanligi to‘g‘risida bosmachilar vaqtidog‘i singari butun kishi va butun narsa ustidan hushyor kontrollik qo‘yg‘on partiya ishchilariga qarshi ur-yiqitchiliqg‘a ko‘chishka vaqt yetilganligini bayon qilib suhbatlashadilar.
Shu bilan bir vaqtda bunda 1927—29 nchi yillarda, mana shu yig‘intida «qandaydir» shoirlar o‘zlarining Farg‘onaga bag‘ishlang‘on xayoliy she’rlarini o‘qub deklamatsiya qilib beradilar. Bu she’rlarda go‘zal Farg‘ona vodiysida gullar ochilishdan to‘xtalg‘oni, bulbulning ovozi kesilgani, odamlar hazin bo‘lg‘onliqlari so‘zlanadi. Bu hazinlar chindan ham xon-pomeshchiklar zamonasini xayollog‘on kishilarning dalillarini, yashirin — qochib ishlashka ketkan, uyqusida qora reaktsiyaning qaytg‘onini tushida ko‘rgon kishilarning yuragini to‘ldirg‘on edi»[8].
Qizig‘i shundaki, Cho‘lponning 1937 yildagi tergov hujjatlarida shuncha yolg‘on gaplar yozilganiga qaramasdan, Katanyanning ayblov nutqidagi «dalillar»dan foydalanilmaydi. Axir shuncha yolg‘onlar ichida bu ham bir yolg‘on bo‘lib turaverishi mumkin edi-ku!
Gap shundaki, 1937 yilgi tergov hujjatlaridagi yolg‘onlarning yo‘sini butunlay boshqacha. Unda voqealar talqini ham boshqacha bir o‘zandan rivojlantiriladi. Birinchidan, yolg‘onligi avval bir bor fosh etilgan «dalillar»dan ikkinchi bor foydalanish «tergovchilik etikasi»ga to‘g‘ri kelmagan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, bir yolg‘on tufayli butun bir ishning soxtaligi ochilib qolishi hech gap emasdi. Ikkinchidan, 37-yildagi «ish»ning maqsadi, vazifasi butunlay boshqa edi, ya’ni, Cho‘lponni fosh etish ishi Fayzulla Xo‘jaev, Fitrat, Abdulla Qodiriy, G‘ozi Olim Yunusovni fosh etish ishiga muvofiq kelishi lozim edi. Ana shu maqsad va vazifa talabiga ko‘ra voqealar talqini ham butunlay o‘zgaradi. Ilgari Cho‘lpon Qosimov, Badriddinov, Ahmadxonov bilan majlislarda o‘tirib, aksilinqilobiy suhbatlar o‘tkazgan deb ayblangan bo‘lsa, keyincha Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev, G‘ozi Olim, Abdulhay Tojievlar bilan yaqin aloqada bo‘lgani uchun dushmanga chiqariladi. 1937 yil 10 avgustidagi tergov protokolidan (tergovni Davlat xavfsizligi leytenanti Trig‘ulov olib borgan) olingan mana bu ko‘chirmaga e’tibor beraylik.
«Abdulhay Tojiev, men Bois Qoriev Farg‘onada ekanimizda Obid Chatoqning uyida o‘tirishda bo‘ldik. Obid Chatoq: «NEP siyosatiga o‘tildi, endi bosmachilarga qarshi hech qanday chora ko‘rishning hojati yo‘q, chunki bosmachilik harakati «o‘z-o‘zidan tugaydi», bosmachilik bu Sho‘ro hukumatining zo‘ravonlik siyosati natijasidir, NEP bu siyosatga barham bergani uchun xalq ham bosmachilikdan voz kechadi», dedi. Abdulhay Tojiev Obid Chatoqning fikrlarini ma’qulladi.
Yana o‘sha o‘tirishda «Avf» mazmunidagi «Darxon» nomlik front gazetasini tuzishga qaror qilindi. Bu gazeta millatchilik g‘oyalarini tashirdi, jumladan, men ham (unga) millatchilik mazmunida bir necha she’r yozganman».
Agar «Uzbekistanskaya pravda» gazetasining 1932 yil 12 may sonidagi sud xabarida Cho‘lpon Ahmadxonovning uyidagi o‘tirishda she’r o‘qigani aytilgan bo‘lsa, endi u Obid Chatoqning uyida, butunlay boshqa bir davrada o‘tirgani aytiladi. Lekin suhbat mavzui o‘sha — bosmachilik. Suhbat yo‘nalishi esa tamoman boshqacha. Bu yerda Cho‘lponning Farg‘onaga kelishi ham, «Darxon» gazetasining tashkil bo‘lishi to‘g‘risidagi gaplar ham o‘zgacha talqin kasb etyapti. Yo tavba! Qilni qirq yoruvchi tergovchilar shu ishning yonida Cho‘lponning bayonotnomasi borligini, u hamma yolg‘onlarni yo‘qqa chiqarib qo‘yishi mumkinligini o‘ylashmaganmikin? Shu protokolning o‘zida yana Cho‘lpon tilidan Abdulhay Tojiev uning O‘zbekistonga qaytib kelishiga yordamlashgani aytilib, orqasidan: «Chunki u Fayzulla Xo‘jaevning yaqin odami edi», deb qo‘yiladi. Endi o‘ylab ko‘raylik. Avvalgi ko‘chirmalardan ayonki, Cho‘lpon ham Fayzulla Xo‘jaev bilan yaqin aloqada bo‘lgan, Maskovga kelgan paytlarida oldiga borib turgan. Shunday ekan, u O‘zbekistonga qaytish masalasini Fayzulla Xo‘jaevning o‘ziga aytib ham hal qilib olsa bo‘lardi. Bizningcha, Abdulhay Tojievni Cho‘lponga yordam bergan qilib ko‘rsatishdan maqsad, birinchidan, Abdulhay Tojievning ham «jinoyatchi» ekanini ta’kidlash, ikkinchidan, Cho‘lponni chaqimchiga chiqarib qo‘yish bo‘lsa kerak.
Yana o‘sha protokolda Cho‘lponning Fitrat haqidagi fikrlari ham beriladi. Bu yerda ham Fayzulla Xo‘jaevning Fitratni tinchlantirib, sizlarga hech kim tegmaydi, degan gapi keltiriladi. Haqiqatan ham yuqorida aytib o‘tganimiz kabi Fitrat va Cho‘lponni turli xil nohaq hujumlardan asrab qolishda Fayzulla Xo‘jaev muayyan o‘rin tutganiga shubhalanishga o‘rin qolmaydi. Fayzulla Xo‘jaev, Fitrat, Cho‘lpon o‘rtasidagi munosabat samimiy bo‘lgan. Faqat bugina emas, ularning hayoti, taqdiri ham muayyan ma’noda bir-biriga uzviy kechgan bo‘lsa ajab emas. Chunki tasavvur qiling, Fitrat va Cho‘lpon 37-yilgacha ko‘pgina tuhmatlarga, hujumlarga duch kelishadi. Ammo ular faqat 37-yilda Fayzulla Xo‘jaev singari rahbarlar qamoqqa olingan bir paytda nohaqlik, zulmdan qutulolmay qolishadi.
Cho‘lponning Fitrat bilan juda yaqin aloqada bo‘lganini aytdik. So‘roq protokolidagi (1937 yil, 10 avgust protokoli) ma’lumotlarga ko‘ra, Cho‘lpon Fitratni 1913—14-yillarda, u Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan birga «Oyna» jurnalida hamkorlik qilib yurgan davrda tanigan. Keyinchalik Fitrat har xil tomoshalarda (ispektakillarda) havaskor o‘xshatg‘uvchi (aktyor) bo‘lib qatnashgan. Bu tomosholardan tushgan pullar esa 1914 yilgi Rossiya-Turkiya urushida jarohatlangan musulmonlarga yordam sifatida yuborilgan. Fitrat shu xayrli ishi uchun Buxoro qushbegisidan martaba oladi. Keyin Cho‘lpon Fitratni 1917 yilda Samarqandda gazeta muharriri bo‘lib ishlab yurgan chog‘larida ko‘rganini aytadi. 1919 yilda esa Toshkentda Fitrat bilan shaxsan tanishdim, deydi. Bundan tashqari, Fitrat «Chig‘atoy gurungi» jamiyatini tuzgani, o‘z asarlarini G‘ozi Yunusning shaxsiy nashriyotida chop ettirgani, 1920 yilda Toshkentda «Tong» jurnalini tashkil etgani, Samarqanddagi Musiqa institutiga rahbarlik ishlarida yordam berib turgani va boshqalar ta’kidlab o‘tiladi. Albatta, bu ma’lumotlar haqiqatga yaqin. Ammo ular mohiyatan Fitrat Sho‘ro hukumatiga qarshi edi, shuning uchun Cho‘lpon ularni aytib o‘tgan degandek xulosa chiqarishga ham, Cho‘lpon sotqinlik qilgan ekan-da, deb kalta fikrlashga ham asos bo‘lolmaydi. Hamma gap bu ma’lumotlarni kimning g‘alviriga solib elashda bo‘lgan. Bizningcha, Cho‘lpon Fitratni yaxshi tanishini aytgan va u haqda bilganlaricha hikoya qilib bergan. Bu hikoyalarga qanday libos kiydirish esa boshqalarning ixtiyoridagi ish edi.
Shu o‘rinda o‘quvchimizda shubha qolmasligi uchun Cho‘lpon so‘roq paytida o‘zini qanday tutganini yaxshiroq tasavvur qilishga yordam beradigan ikkita misol keltiramiz. Bular 1938 yilning 2 oktyabrida o‘tkazilgan Cho‘lpon bilan Fitratni yuzlashtirish protokoli va yana o‘sha kunning o‘zidagi Cho‘lponni tergov qilish protokolidir. Boshqa tergov protokollaridan farqli o‘laroq, bu hujjjatlarda asl Cho‘lponni ko‘rgandek bo‘lamiz. Albatta, bu protokollarda umuman soxtalashtirish yo‘q, ularda asl jarayon qanday o‘tgan bo‘lsa, shundog‘icha qayd qilingan deyolmaymiz. Bu protokolllardan ham ozmi-ko‘pmi yolg‘on sasi eshitilib turadi (yolg‘onsiz ish bitarkanmi, yolg‘onsiz yovg‘on yo‘g‘u). Ammo «ishidagi boshqa protokollarga qiyosan olib qaralganda keyingilari sal boshqacharoqdek tuyuladi. Bu protokollardagi Cho‘lpon o‘ziga ham, boshqalarga ham noo‘rin taqalayotgan barcha ayblarni rad etadi. Faqat «Men millatchi edim», deydi, xolos.
Quyida O‘zbekiston Ichki Ishlar Xalq Komissarligi Davlat Xavfsizlik Boshqarmasining 4-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Davlat xavfsizligi katta leytenanti Koposov 1938 yilning 2 oktyabrida o‘tkazgan Fitrat va Cho‘lponning yuzlashtirilishi protokolidan bir necha parcha keltiramiz:
«Fitratga savol: Sizning ayblanuvchi Sulaymonov Abdulhamidga dushmanligingiz yo‘qmi?
Javob: Men bilan Sulaymonov o‘rtamizda hech qachon, hech qanaqa dushmanlik bo‘lgan emas. Biz bir-birimizga juda yaxshi munosabatda edik.
Sulaymonovga savol: Fitratning gapi to‘g‘rimi?
Javob: Ha, to‘g‘ri. Men Fitratni judayam hurmat qilardim...»
Keyin Fitratdan uning Angliya foydasiga ayg‘oqchilik qilgan-qilmagani, Angliya ayg‘oqchisi Said Afandi bilan (aslida u hech qanday ayg‘oqchi emas, shunchaki bir tabib — M.Q.) aloqasi bor-yo‘qligi so‘raladi. Fitrat bu savollarga tasdiq mazmunida javob beradi. Shundan bilish mumkinki, Fitrat bu uchrashuvda ezilgan, holdan toydirilgan bir alfozda ishtirok etgan. Muttasil zo‘rlash va xo‘rlashlar o‘z kuchini ko‘rsatgan shekilli, shunday bir alloma inson o‘zini Angliya ayg‘oqchisiga tenglashtirib qo‘yadi.
Yana bir ko‘chirma:
«Fitratga savol: Sulaymonov Abdulhamidning Said Afandi bilan aloqasi bormidi?
Javob: Men tergovda keyingi davrda ayg‘oqchilik ishi bo‘yicha Angliya razvedkasining rezidenti Said Afandi bilan bog‘langanim to‘g‘risida ko‘rgazma berdim. Men bu ko‘rgazmalarimni tasdiqlayman. Men Said Afandi bilan G‘ulom Zafariy orqali aloqa qilib turardim. 1930 yilda G‘ulom Zafariy menga Cho‘lpon va u ikkalafi Said Afandidan pul olganini aytdi. Mening Cho‘lponni — Sulaymonovni Said Afandi bilan aloqasi haqida G‘ulom Zafariydan eshitgan gapim shugina, xolos.
Sulaymonovga savol: Siz Said Afandini taniysizmi?
Javob: Ha. Said Afandi degan hindi tabibni rostdan ham shaxsan taniyman. U bilan 1928 yoki 1929 yilda G‘ulom Zafariyning Samarqanddagi xonadonida tanishganman. Men G‘ulom Zafariydan xabar olay deb kirgan edim, chunki u kasal bo‘lib yotgan edi. G‘ulom Zafariyning uyida men hindi tabib Said Afandini uchratib qoldim va u bilan tanishdim.
Mening Said Afandi bilan bo‘lgan ikkinchi uchrashuvim o‘sha yili Samarqandda, Vaxshullaxonovning xonadonida bo‘lgan edi. Men xotinimni izlab unikiga boruvdim. Men u yerda G‘ulom Zafariy, Said Afandi va Baxshullaxonovni uchratdim. Baxshullaxonov meni o‘tirishga, Said Afandi pishirgan qandaydir hindi taomidan totib ko‘rishga taklif qildi. Men o‘tirdim, ovqatlandim va ketdim.
Xotinimni Baxshullaxonovnikidan izlashimning boisi shundaki, o‘sha uyda musiqachi Po‘latov ham yashardi. Po‘latovning xotini bilan mening xotinim Musiqa ilmlari institutida birga o‘qishgani uchun mening xotinim unikiga borib turardi.
Fitratga savol: Baxshullaxonov va Po‘latov sizga qanchalik tanish?
Javob: Menga ularning ikkoviyam shaxsan Angliya ayg‘oqchisi sifatida ma’lum.
Sulaymonovga savol: Siz bergan ko‘rgazmalardan mutlaqo ayon bo‘lyaptiki, Siz Angliya razvedkasining ayg‘oqchilari bilan aloqa qilgansiz, Sizning Said Afandi bilan, Baxshullaxonov bilan, Po‘latov va G‘ulom Zafariylar bilan o‘zaro munosabatlaringizning haqiqiy xarakteri xususida ko‘rgazma bering.
Javob: Men G‘ulom Zafariy bilan juda yaqindan tanish ekanimni tan olaman. Po‘latovni, Said Afandini va Baxshullaxonovni qay darajada bilishimni esa aytdim. Sanab o‘tilgan shaxslarning ayg‘oqchilik qilganini bilmasligimni tasdiqlayman.
Na bevosita, na G‘ulom Zafariy orqali men Said Afandidan pul olganim yo‘q.
O‘zim ayg‘oqchi bo‘lmaganman, men millatchi edim va bu haqda ko‘rgazma berdim».
Cho‘lpon G‘ozi Olim Yunusov bilan yuzlashtirilganida ham o‘zining millatchi bo‘lganini aytib o‘tadi. Nega bunday? Aftidan, doimiy qistovlar, do‘q-po‘pisalar zo‘ri bilan singdirilgan ayblarga ayblanuvchilarning o‘zlari ham ko‘nika boshlashgan. Inson tabiati o‘zi shunday: bir narsa muttasil ongiga quyib turilaversa, bas, oxir-oqibatda ruhiga o‘sha narsaning nuqsi urib qoladi. Inson beixtiyor o‘zi rad etgan narsani tan olib, uning mantiqiga bo‘ysinib qoladi. Ammo Cho‘lponning o‘zini millatchi deb tan olishi, she’rlarida millatchilik kayfiyatlari bor ekanini e’tirof etishi qamalmasidan oldin yuz bergan edi. Shoir matbuotdagi yalpi hujumlar tazyiqi ostida shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgan edi. Shu boisdan ham uning tergovda «Men millatchi edim», deyishi bu hamma bilgan va ko‘nikkan haqiqatni shunchaki qayd qilib o‘tishdek bir gap edi. O‘sha paytda buni tan olmaslikning iloji ham yo‘q edi. Tan olmasa katta minbarlardan, g‘alamis matbuotdan turib aytilgan «mo‘‘tabar» fikrlarni rad etgan bo‘lardi. Qolaversa, partiyaning turli dunyoqarashdagi yozuvchilarga munosabat borasidagi mafkura siyosatining notayinligini ko‘rsatib qo‘yardi: Shu tariqa o‘zini yanada kattaroq ajdahoning og‘ziga tutib berardi.
1938 yilning 2 oktyabrida Cho‘lponning yakka o‘zi so‘roq qilinganida ham u o‘ziga tirkalgan barcha ayblarni rad etadi. O‘sha so‘roq protokolidan ko‘chirma keltiramiz (tergovni O‘zbekiston IIXK DXB 4-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Davlat xavfsizligi katta leytenanti Koposov olib borgan):
«Savol: Fitrat bilan yuzlashtirilganingizda Said Afandidan pul olganingiz fosh etildi. Bu pullar Sizga nima uchun berilgan edi?
Javob: Men buni mutlaqo rad qilaman. Said Afandidan hech qanaqa pul olganim yo‘q.
Savol: Tergovga shu narsa mutlaqo ravshanki, 2 oktyabrda Fitrat bilan yuzlashtirishda Siz aytgan Said Afandi bilan ikki bor uchrashuvingiz tasodifiy bo‘lmasdan Angliya ayg‘oqchisi bilan avvaldan shartlashib olingan uchrashuv edi. Shuni tan olasizmi?
Javob: Men buni tan olmayman, chunki bu gap yolg‘ondir. Men ayg‘oqchi bo‘lmaganman. Fitrat, G‘ulom Zafariy, Said Afandi, Baxshullaxonov va Po‘latovning ayg‘oqchi bo‘lgan-bo‘lmaganini men bilmayman.
Savol: G‘ulom Zafariy bilan Said Afandining keyingi yillardagi aloqalari to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
Javob: G‘ulom Zafariy keyingi yillarda surgundan qaytib kelganidan so‘ng ham Said Afandi bilan o‘z aloqasini uzmagan. 1935 yilda u menga Said Afandi Samarqandda ekanini gapiruvdi. 1937 yilning boshida G‘ulom Zafariy menga Said Afandining Toshkentga kelganini aytdi.
Savol: Ikki martasidayam nima sabab bo‘lib u Sizga Said Afandi haqida gapirdi?
Javob: Adashmasam, men G‘ulom Zafariydan Said Afandining qaerda ekanini so‘radim va u menga u haqda gapirib berdi. Men faqat diabet bilan og‘riganim uchun ham Said Afandi haqida so‘ragan bo‘lishim mumkin».
Ko‘rinib turibdiki, Cho‘lpon keyingi ikki tergovda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan. U na Fitrat to‘g‘risida, na boshqalar haqida noto‘g‘ri ko‘rgazma bermagan. Ular xususidagi nohaq da’volarni ham iloji boricha inkor qilgan. Endi shu nuqtada bizga nisbatan o‘quvchida haqli bir e’tiroz tug‘ilishi muqarrar. Biz boshida tergov manbalari xususida gapirib, ularda qayd qilingan ko‘rgazmalarning deyarli hammasi soxta ekanini, ba’zan to‘g‘ri dalillar uchrab qolsa-da, ular ham teskari talqinga o‘ralgan bo‘lishini aytgan edik. Ammo keyingi ikki tergov protokolidagi gaplarni rost o‘rnida qabul qilishimiz va shularga asoslanib Cho‘lpon tergovda o‘zini yo‘qotmagan, o‘z ichki mavqeni saqlab qolgan demoqchi bo‘layotganimiz tergov manbalariga munosabatdagi ilk mezonlarimizdan voz kechayotganimizni ko‘rsatmaydimi?! Yo‘q. Gap shundaki, keyingi ikki protokol (ularga Cho‘lpon va G‘ozi Olimni yuzlashtirish protokolini ham qo‘shish mumkin) avvalgilaridan keskin farq qiladi. Albatta, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu protokollarda ham yetarlicha yolg‘on aralashgan bo‘lishi kerak. Ammo ularda tergov savol-javoblarini qayd qilib borish mezoni butunlay boshqachadir. Agar avvalgi tergov protokollarida Cho‘lpon o‘ziga qo‘yilgan ayblarni so‘zsiz tan olsa, hatto o‘z ayblariga yangi-yangi ayblar qo‘shib gapirsa, Fitrat va boshqalarni keskin «fosh» etsa, keyingi protokollarda, aksincha, u deyarli hamma ayblarni rad qiladi. Xo‘sh, bir jinoiy ishda, yana buning ustiga yolg‘iz ayblanuvchining turli tergovlardagi turlicha savollarga turlicha mavqelardan turib javob berishini qanday tushunish mumkin? To‘g‘ri, har qanday ayblanuvchi ham turli savollarga turlicha javob beradi. Ammo uning savollarga, shu savollarni berayotgan tergovchiga ichki munosabati, ichki mavqei bir xil bo‘lishi kerak-ku, axir! Cho‘lpon bilan olib borilgan tergov protokollarida ana shu bir xillikni ko‘rmaysiz. Avvalgi protokollarda o‘zgacha munosabat, o‘zgacha mavqe bo‘lsa, keyingilarida yana o‘zgacha. Yoki bu ayblanuvchining ruhiyatidagi o‘zgarishlar ifodasi o‘laroq yuzaga kelgan ikki xillikmikin? Axir u boshida sarosimaga tushib ko‘p narsalarni chalkashtirib yuborgan bo‘lishi, keyinroq esa o‘zini tutib olib, har bir savolga aniq va to‘g‘ri javob bergan bo‘lishi mumkin edi-ku! Yo‘q, bu farazimiz ish bermaydi. Negaki, avvalgi protokollarga tergovchilar tomonidan juda ko‘p yolg‘on-yashiqlar aralashtirib yuborilganini o‘zimiz ham necha bor qayd qilib o‘tdik. Bizningcha, gap har bir tergovchining «o‘ziga xos» ish yuritish «uslubi»da. E’tibor berib qaralsa, «ish»ning avvalgi tergov protokollarini Davlat xavfsizligi leytenantlari Agabekov (1937 yil 23 iyuldagi tergov protokolini) va Trig‘ulov (1937 yil 10 avgusti va 25 sentyabridagi protokollarini) to‘ldirgani ayon bo‘ladi. Bu kimsalar o‘zlarining shafqatsizligi bilan nom chiqargan. Ularning qilmishlari keyinchalik ko‘pchilikning og‘ziga tushgan. Xullas, tergovchilar ayblanuvchidan o‘zlari to‘qib chiqargan ertaklarga qo‘l qo‘ydirib olavergan. Albatta, ularga Cho‘lponning o‘zi ham ancha narsalarni aytib bergan bo‘lishi mumkin. Ammo protokolga bu gaplarning hammasi ham kiritilavermagan. Faqat «syujet»ga mos keladiganlari, aft-angorini o‘zgartirsa bo‘ladiganlarigina kiritilgan, xolos. Keyingi tergovlarni olib borgan Davlat xavfsizligi katta leytenanti Koposov esa o‘z hamkasblariga qaraganda ancha «demokratroq» bo‘lib chiqadi.
Tergovchilarning ana shunday «o‘ziga xos» ish «uslub»larini hisobga olib bemalol ayta olamizki, Cho‘lpon tergovda o‘z ichki mavqeidan chekinmagan, har bir savolga to‘g‘ri va halol javob bergan. Ammo yana shuni aytib o‘tish kerakki, tergovchilar uning to‘g‘ri javoblaridan ham «unumli» foydalana olishgan.
Biz Cho‘lpon muhit erkida, muhit ixtiyorida edi, dedik. Albatta, «erkinlik»da tutqunlik qonunlari bilan yashash shoirga oson kechmagan. Lekin shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan shoirning irodasi bukilmagan. To‘g‘ri, u umidsizlikka tushgan, goh g‘amgin, goh zamonasoz she’rlar ham yozgan. Ammo undagi ichki «Men», ichki jur’at so‘nmagan. Yillar davomida shoirning dunyoqarashi o‘zgarib, e’tiqodi yangilanib borgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Cho‘lpon Bauman va boshqalar nomiga yozgan bayonotnomasida Ahmadxonovning uyidagi majlislar xususida fikr bildirib, bu majlislarda «o‘zimning o‘sha paytdagi e’tiqodimga ko‘ra qatnasha olmasdim ham», deydi. Shunga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, 20-yillarning boshidagi Cho‘lpon bilan 30-yillardagi Cho‘lpon bir-biridan keskin farq qilgan. Biri inqilobning ozodlik kuchiga qattiq ishongan, hatto uni kuylab she’r yozgan («Qizil bayroq» she’ri), ikkinchisi esa o‘zi ishongan haqiqatdan faqat adolatsizlik topib, ishonchi so‘ngan, umidsizlikka tushgan.
Cho‘lponning inqilobga, Sho‘rolar hukumatiga so‘nggi yillardagi ichki munosabati xususida uning xotira daftarlari ko‘p ma’lumotlar berishi mumkin edi. Ammo ular shoirning uyidan olib ketilgan boshqa buyumlar qatorida tergovdan so‘ng «Ishga aloqasi bo‘lmagan» hujjatlar sifatida yo‘q qilingan. «Ish»da Cho‘lponning xotira daftarlari haqida yozilgan «taqriz» bor. «Taqriz» muallifi Nasrulla Oxundiydir. Nasrulla Oxundiy shoirning xotira daftarlaridan juda oz ko‘chirmalar keltirgan. U xotira daftarlardagi gaplarning hammasini xuddi shoirning nashrga tayyorlab qo‘yilgan asarlarini sharhlagandek sharhlamoqchi bo‘ladi. Vaholanki, kishi o‘z xotira daftariga nimalarni yozmaydi deysiz? Taqrizchi Cho‘lponga nisbat bergan ko‘chirmalar balki Cho‘lponning biror bir sevimli shoir yoki yozuvchisining asaridan qilingan tarjimadir. Agar Cho‘lponning o‘ziniki bo‘lgan taqdirdayam qandaydir kayfiyat, holat hukmi bilan yozib qo‘ygan gaplaridir. Kishi o‘z kayfiyatidan xotira so‘zlarni xotira daftarlariga yozmasa qaerga yozadi? «Taqriz»da Cho‘lponning xotira daftarlaridan olingan she’riy parchalar ham bor. Ammo ularni daf’atan Cho‘lponniki deyishga tiling bormaydi. Oddiy, jo‘n. Chunki Cho‘lpon o‘z davri, o‘z zamonasiga shaxsiy noroziligini bildirib qo‘yishni istagan bo‘lsa bunday oddiy gaplarni yozib o‘tirishga hojat bormidi! U axir har qanday she’rda ham isyon ruhini bera oladigan san’atkor shoir edi-ku! Shuni o‘ylab xotira daftarlaridagi she’riy parchalar boshqa birovlar tomonidan to‘qilmaganmikin degan taxminga ham borasan kishi[9].
Ha, Cho‘lpon muhit erkidagi shaxs edi. Muhit uni o‘zi xohlagan paytda parchalab, qirg‘oqqa otib yuborishi muqarrar edi. Ammo shunisi ham bor ediki, muhit o‘z erkidagi «Somon parcha»lardan qo‘rqardi.
Ha, Cho‘lpon muhit erkidagi shoir edi. Ammo uning ruhi ozod edi. U muhit erkida yashab yurib ham shoir bo‘lib qoldi. Shoirlik muhit erkiga tashlangan qismat ekanini anglatib ketdi.
Sotsializm tarixi sinfiy kurashlar tarixidan iborat deb bilgan mafkura kurash deganda ko‘proq kaltakni tushunar edi. Cho‘lpon tiniq qayg‘ular, sarkash xayollar shoiri edi. Ammo iflos muhit bu go‘zallikni qabul qilolmadi. Qabul qilsa iflos bo‘lmay qolardi-da!..
CHO‘LPONNING XOTIRA DAFTARLARI HAQIDA
Aksilinqilobiy burjua millatchilarining onasi bo‘lgan Cho‘lponning xotira daftari butunlay aksilinqilobiy mafkurani, xotirani va uning Sovet hukumatiga, buyuk rus xalqiga qarshi olib borgan kurashlarini yig‘indisi bo‘lgan. Cho‘lpon o‘z xotira daftarida Sovet hukumatiga qarshi o‘zininggina olib borgan kurashini sistemali ravishda yozib borish bilan qanoatlanmagan. U xotira daftarida Akmal Ikromov boshliq butun bir aksilinqilobiy tashkilotning kurashini ham qisman yozadi. Bu daftarda yozilganlardan ko‘rinadiki, hali ko‘p sirlar ochilmagan, bir muncha kishilarning yuzlaridan millatchilik niqobi yulib tashlanmagan. Cho‘lponning xotira daftari bir muncha Cho‘lponchilarning yuzlarini ochib bergan. Ya’ni, u kishilar hozir biz bilan bir qatorda yurib, ko‘rinishda Sovet hukumati tarafdori bo‘lib, aslida esa va yurakdan unga qarshi ishlovchilardir. Bularning bir qismi san’at, adabiyot sohasida hali-hali yashamoqdalar. Cho‘lponning xotira daftaridan ma’lum bo‘lishicha bular Uyg‘ur, Obid Jalil kabilardirkim, ular yashirincha va zimdan ish olib borsalar-da, ko‘rinishda haqiqiy Sovet grajdani bo‘lib ko‘rinishga urinadilar.
Cho‘lponning so‘zicha, uning xotira daftaridan tashqari yana ikkita xotira daftari bo‘lgan. Biri Buxoroda yozilgan, ikkinchisi Maskavda, Maskavdagisi ayniqsa aksilinqilobiy sirlar bilan to‘lgan bo‘lsa kerakki, u shuning uchun o‘z qo‘li bilan yondirib tashlaydir. Cho‘lponning bu xotira daftari boshidan oyoq aksilinqilobiy zaharli ideya va so‘zlardan, xotiralardan iboratdir. Cho‘lpon aksilinqilobiy tashkilotning yengilganligiga iqror bo‘lgan. U o‘z-o‘ziga va do‘stlariga bu yengilish vaqtincha va bu yengilishdan yengish uchun kurashishga chaqiradi. Xotira daftarning 29/VI —1926 yilda yozilgan xotirasida shunday deydi: «San’at haramiga bir yovvoyi bo‘ron kirdi... Oltun qadah, billur kosalardan bir-ikki juftini ag‘darib ketdi. Maylar to‘kuldi, kosalar sindi, qadahlar parcha-parcha bo‘ldi... yengilishning ham kayfi bor, xuddi yengish kabi! Yengilishka — yengish orqali keling. Xuddi yengishka — yengilish orqali kelinganlik kabi. Qanotlarimiz singan, fonarlarimiz o‘chgan, hassamiz sindirilgan...[10] yo‘l boramiz, manzildan darak yo‘q».
Bu xotira aksilinqilobiy «Qizil qalam» jamiyati va qosimovchilar tor-mor keltirilgandan keyin yozilgan bo‘lishi mumkin[11]. «San’at haramiga yovvoyi bo‘ron kirdi» degan jumlaning ma’nosi san’atga bolsheviklar o‘z ideyalarini va o‘z kishilarini kirgizdilar degan gap. Cho‘lpon ulug‘ rus xalqiga qarshi 12/1 1—1927 yilda yozgan xotirasida shunday dedi: «Sening oq betlaring unutilishi lozim bo‘lgan oq «betlar»day qora pardalar orasida qolib ketipdir». Yana «Sariq paqirning bulg‘anch suvlari, ikkiga bo‘lingan ulug‘ bir baliqning qonlarini yalaydilar».
Bu jumlalardagi «Oq bet, sariq paqir» degan so‘zlar ruslarga qaratilgandir. Chunki Cho‘lpon ilgarida ham, hozirda ham ruslarni «qarg‘aga, bulutga, sariq sifat berib, og‘zi qon bo‘ri» deb ta’birlar edi[12]. Cho‘lpon bu zaharli fikrini xotira daftarida quyidagicha yozadi:
«Bu yerda Maskav har tolibning talabi,
Hovuch-hovuch, quchoq-quchoq berilgan.
Lokin «Maskav qiziman» deb kerilgan
Poytaxtning u yasama «cho‘g‘ labi».
Sizdan luqma olmaguncha yutilmas,
Uning butun tushunchasi olmoqdir.
Olib-olib cho‘ntagiga solmoqdir
Berganda ham nima berar dor, maraz!
... sening joying emasdir[13]
Ay, «Paxtaston» o‘lkasining tashnasi!
Ay, Maskavning 60 yilliq oshnasi,
Maskav o‘sha eski olib bermasdir...
Ikromovdan A’lamovga kelgan xat
Avtomobil taglarida yo‘q bo‘ldi.
Shuning uchun turmushing ham «yo‘q» bo‘ldi
A’lamovning pokligida bor illat!
Yangi chiqqan o‘zbeklarga joy berib,
Hammasini xursand qilg‘on «O‘zqo‘nsul»
Senga kelgach «Otkaz» bilan «Xey» berib,
Bezirayib tura berdi... o‘lah, o‘l!
Kim deb edi senga o‘zbek tug‘ul deb
«Baxtsizlik»: o‘zbekning hamdami.
...................................
...................................[14]
Bu she’ri bilan Cho‘lpon ruslar o‘zbeklarga maraz yuqtiruvchi xalq, dedi. Rus ayollarini barchasi buzuq, fohisha dedi. Cho‘lponning fikricha, rus xotinlari skver xotinlari emish. Maskav esa (Maskav so‘zi bilan esa rus xalqini ko‘zda tutadi) o‘zbeklarni talovchi bosmachi emish. Cho‘lponning fikricha va yuqoridagi she’rning ma’nosiga ko‘ra ruslar oltmish yildan beri o‘zbeklarni talar emish. Cho‘lpon shunday aksilinqilobiy fikrni davom ettirib yana yozadi. Xalq dushmani Akmal Ikromovning A’lamov degan bir shaxsga yozgan xatining yo‘qolganiga Cho‘lpon afsuslanadi. Uning fikricha, shu xatning yo‘qolishi natijasida o‘zbek turmushi xarob bo‘lgan emish. Biroq bu xatning mazmuni xotira daftarida yo‘q. Lekin o‘ylayman, u xat diqqatni jalb qilarliq xatdir. Cho‘lpon Sovet hukumatiga va ulug‘ rus xalqiga qo‘lidan kelgan tuhmat va haqoratlarni maydonga tashlagan. Bunga ochiq dalil uning mana shu xotira daftaridir. Chunki xotira daftarlarining boshidan tortib to oxirigacha aksilinqilobiy so‘zlar, aksilinqilobiy xotiralar bilan to‘lgan. Uni tahlil qilib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Shuning uchunki, bu xotira daftarlarida bu aksilinqilobiy fikr ochiq aytilgandir.
Nashrga M. Qarshiboyev tayyorladi.
REDAKSIYADAN: Oshkoralik, qayta qurish sharofati o‘laroq Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasining «temir sandiq»lari ochildi. Bu sandiqlarda ommaviy qatag‘on yillarining qurboni bo‘lgan millionlab raso fikrli kishilar qismati bitilgan turli ma’lumotlar, hunokatlar saqlanardi. Yosh adabiyotshunos hamda shoir M. Qarshiboevning adib Cho‘lpon haqidagi mazkur maqolasi ana shu hujjatlarni o‘rganish asosida yozilgan. Ularda sevimli shoir va yozuvchimizning keskin fojiali qismatigina emas, balki uning insoniy sifatlari ham aks etgan. Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi xodimlari kelgusida ham qatag‘onga uchragan adiblar, olimlar va xalqimizning boshqa asl farzandlari taqdirini o‘rganishda bizga shunday xayrixoh va samimiy yordam ko‘rsatib turadilar, deb astoydil ishonamiz.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 10-son
__________
[1] Qarang: «San’at» jurnali, 1989 yil, 8-son.
[2] «Uzbekistanskaya pravda» O‘zKP(b) Markazqo‘mi, O‘zSSR MIQ, O‘zbekiston Kasaba uyushmasi va O‘zKP(b) Toshkent firqa qo‘mitasining nashri, 1929—34-yillar davomida chiqqan.
[3] «Uzbekistanskaya pravda» gazetasi 1932 yil, 12 may.
[4] «Uzbekistanskaya pravda» gazetasi 1932 yil, 14 may.
[5] Abdulhay Tojiev — matbuot xodimi, «Turkiston» (hozirgi «Sovet O‘zbekistoni») gazetasida, «Kommunizm» jurnalida va boshqa mas’ul vazifalarda ishlagan.
[6] Sulton Segizboev bo‘lsa kerak.
[7] Bu satr 1917 yilda «Yurt» jurnalida bosilgan «Qizil bayroq» she’ridan olingan. Satr qo‘lda arab xati bilan (o‘rischasidan so‘ng) yozib qo‘yilgan.
[8] «Qizil O‘zbekiston» gazetasi, 1932 yil 16 iyun.
[9] Nasrulla Oxundiyning «taqrizi»ni maqolaga ilova qilayapmiz. «Taqriz» lotinlashtirilgan o‘zbek alifbosida yozilgan, «ish»da uning o‘rischasiga tarjimasi ham (X. Qurbonov degan kishi tarjimasi) bor (69—70-varaqlarda).
[10] Nuqtalar o‘rnidagi so‘zni aniq o‘qiy olmadik.
[11] Qosimov 26-yilda emas, 1930 yilda sud qilingan, keltirilgan ko‘chirma esa partiyaning o‘sha ynllardagi adabiy siyosat bobidagi noto‘g‘ri tadbirlariga munosabat tarzida yozilgan.
[12] Jumla g‘aliz.
[13] Nuqtalar o‘rni bo‘sh qoldirilgan.
[14] Nuqtalar o‘rni bo‘sh.