Tarix fanlari doktori, professor Ruben SAFAROVga ochiq xat
Ruben Akopovich! Bemavrid bezovta qilayotgan bo‘lsam, ma’zur ko‘rasiz: men sizni tanimayman, qachondir bir kun kelib siz bilan bu yo‘sin muomala qilishim mumkinligi yetti uxlab tushimga kirmagan. Ammo jumhuriyatimizdagi eng ommaviy matbuot organlaridan biri bo‘lmish “Toshkent haqiqati” gazetasida chop etilgan (1989 y. 21 va 23 noyabr sonlarida) “Xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir — Abdulla Qodiriy hayoti va ijtimoiy ahvoliga doir yangi ma’lumotlar” nomli davomli maqolangizni ko‘rganimdan keyin ulug‘ yozuvchimizning Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi arxivida saqlanayotgan “Delo”si bilan yaqindan tanish odam sifatida fikrlaringizga munosabat bildirgim keldi. Zero, “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar” (Abdulla Qodiriy).
Avvalambor, maqolaning sarlavhasi ajablanarli: “Xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir”. Albatta, tarjima muvaffaqiyatsiz chiqqan bo‘lishi mumkin (qo‘shtirnoq ichidagi gap Qodiriy boboga tegishli ekanini kamina keyinroq bilib qoldim, uzr: – N.B.), ammo noo‘rin qo‘llangan shu “tansiq” so‘zi bir rivoyatni yodimga soldi. Naql qilishlaricha, e’tiqod uchun qizg‘in jang ketayotgan bir paytda lashkarboshilardan biri dushman o‘qiga chap berib, jonini saqlab qoladi. Bu holatni kuzatib turgan aziz zot: “Bay-bay-bay, shunday tansiq imkoniyatni boy berdi-ya!” deb bosh chayqagan ekanlar. Sahobalardan biri: “Taqsir, nega bunday deyapsiz?” deb so‘rasa, “Lashkarboshi dushman o‘qidan halok bo‘lganda bormi, shahid bo‘lardi — uning jonini Olloh taoloning o‘zi olardi”, deb javob beradilar. Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Olloh o‘z karamiga sazovor bo‘lgan marhumlarga qiyomat kuni hayot in’om etadi va ularga jannatdan joy tayin qiladi. Ruben Akopovich, albatta, siz ateistsiz — bunday gaplarga ishonmaysiz, shuning uchun keling, yaxshisi yangi ma’lumotlaringiz bilan tanishaylik.
“Abdulla Qodiriy hayoti va adabiy merosiga oid manbalar bilan mashg‘ul bo‘lar ekanman, yozuvchining o‘g‘li Habibullo Qodiriy tomonidan bitilgan kitobchaning “O‘tkan kunlar” asari yozib tugatilishi kezlariga tegishli sahifalariga nigohim tushib qoldi” deysiz, “salom-alik”dan so‘ng. Kechirsinlar, Habibullo Qodiriy o‘z xotiralarini matbuotda e’lon qilganida (“Sharq yulduzi” jurnali, 1965 y. 11-soni) tug‘ilgan chaqaloqlar hozir eng kamida ikki-uchtadan “yangi mehmon” topishgan. Demak, Ruben Akopovich, “yangi ma’lumotlar” ham o‘zbek o‘quvchisi uchun eski ma’lumotlardir.
Faqirning o‘ylashicha, “yangi ma’lumotlar” qidirgan olim Habibullo Qodiriyning 1988 yil 6 yanvar kuni O‘zbekiston SSR Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi raisi nomiga yozgan arizasini ham bir ko‘zdan kechirib qo‘yishi darkor edi. Jumladan, ulug‘ adibimizning betob bo‘lib yotgan o‘g‘li shunday deb yozadi: “Mening otamning jinoiy ishiga doir delo bilan tanishib ko‘rishimga yordam berishingizni so‘rayman. O‘sha ishlardan so‘ng yarim asr o‘tib ketdi, hozir hamma narsani eslab bo‘lmaydi; yolg‘on yozish unchalik qiziq emas, bunga haqqim yo‘q”. Kommunistik partiyaning tashabbusi bilan 30—40 va 50-yillarning boshlarida nohaq qatl etilgan kishilarni oqlash bo‘yicha amaliy ishlar qilinayotganini bilasiz: jumhuriyatimizda ham bu borada xayrlik tadbirlar qilinyapti. Shuning uchun O‘zbekiston SSR Davlat Xavfsizlik qo‘mitasining mas’ul xodimlari o‘sha yilning 27 yanvaridayoq bemor Habibullo Qodiriy huzuriga tashrif buyuradilar va: “Arizada qo‘yilgan masala bo‘yicha quyidagilar tushuntirildi; KGB tomonidan tergov qilingan kishilarning delosi tanishib ko‘rish uchun shaxsiy qo‘lga berilmaydi... Suhbatimiz oxirida Habibullo Qodiriy, agar otamning delosi bilan tanishib ko‘rishning iloji bo‘lmasa, nachora, men o‘z arizamga olgan javobdan qoniqdim, bu masala bo‘yicha KGBga hech qanday e’tirozim yo‘q deb javob berdi”, deb izoh yoziladi. Albatta, biz KGB o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni ado etayotganini bilamiz. Ammo hatto o‘z o‘g‘li ham tanishib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kishi ko‘nglida allaqanday g‘ubor paydo bo‘lishi tabiiy. Qolaversa, kamina tarjimon sifatida “Noviy mir” jurnalida chop etilgan Yelizaveta Drabkinaning “Gorkidagi o‘ylar” xotirasida V.I.Lenin oq podsho tomonidan o‘lim jazosiga hukm etilgan akasining maxfiy “delosi” bilan tanishayotib, qanday ahvolga tushganini yaqqol ko‘z oldimga keltirganim uchun ham, boz ustiga, jamiyatimiz insoniylik tomonga (k gumanizaöiyu) yuz burganini e’tiborga olgan holda ham bemorning so‘nggi istagi bajo keltirilsa savob bo‘lardi deb o‘ylayman. Siz KGBdagi o‘sha sarg‘ayib ketgan daftarning oxirgi sahifasiga tikib qo‘yilgan H. Qodiriyning arizasini ham, izohni ham payqamagansiz.
“Esingizdami? M.Gorkiy bir asarida...”, deb boshlanadigan rubobiy chekinishingiz bor maqolada. Eski gaplar.
“Gorkiy Italiyadan qaytib kelgandan keyin nima uchun umrining oxirigacha aftodahol hayot kechirganining sababini — adashganlikdan, olg‘ir bo‘lmaganligidan qidirib yurardim. Biroq, yaqinda uning 20-yillardagi yozishmalari e’lon qilindiyu tuban maqsadlarni ko‘zlab, g‘arazgo‘yligi tufayli shunday hayot kechirishga mahkum etilganini bilib oldim. Gorkiy Sorrentoda turgan paytida ajabki dunyoga dong taratganini ham, puli ko‘pligini ham go‘yo o‘zi bilmaydi (lekin uyi to‘la xizmatkor edi). Ma’lum bo‘ldiki, agar pul kerak bo‘lsa va shon-shuhratini yana tiklashni istasa, Ittifoqqa qaytib borishi, barcha shartlarga rozi bo‘lishi kerak ekan. Shunday qilib, u o‘z zohishiga ko‘ra Yagodaning quliga aylanib qoldi. Stalin uni o‘z tinchini ko‘zlab o‘ldirmaganda ham bo‘lardi: u o‘ttiz yettinchi yilni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdan ham toymasdi” (“Noviy mir” jurnali, 1989 y. 10-soni, 100-bet).
Aleksandr Soljeniöin “soöialistik realizm metodining asoschisi”ga xuddi shunday ta’rif beradi. G‘alati-a? Lekin, nachora: “yangi ma’lumotlar” shunaqa ekan?da!
Shu tobda xayolimga qiziq bir fikr kelib qoldi: Ruben Akopovich, siz umringizda dutor chertib ko‘rganmisiz? Mayli, haddimdan oshmay. Ammo, hech bo‘lmasa, gitara chalib ko‘rgandirsiz? Gitara chalmagan bo‘lsangiz ham, biror kuy ijro etayotgan sozandani yaqinroqdan tomosha qilganingizga shubhalanmayman. Xo‘sh, cholg‘uvchilar kuyning sho‘xligiga yoki ma’yusligiga mos pardani topganlarini payqaganmisiz? Afsuski, “yangi ma’lumotlar”ga monand pardani topolmabsiz: “mavzuni moziydan, yaqin o‘tgan kunlardan, tariximizning eng kir, qora kunlari bo‘lgan” 37-yillardan belgilabsiz-u, biroq to‘satdan rubobiy ashula ayta boshlabsiz.
“U yangi yil arafasida — 1937 yilning 31 dekabrida hibsga olindi. NKVD tergovchisi bayramni o‘z oilasi davrasida nishonlashdan uni mahrum etdi”, deysiz “yangi ma’lumotlar”ingizda. Agar siz “Yoshlik” jurnalini varaqlab ko‘rsangiz, marhum Habibullo Qodiriyning xotiralariga ko‘zingiz tushardi: muallif otasining aynan 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olinganini batafsil bayon etgan edi. Demak, sizning yana bitta “yangi ma’lumotingiz” o‘z-o‘zidan eskirib qoladi. “Bayramni o‘z oilasi davrasida nishonlash” masalasiga kelsak, Ruben Akopovich, siz bilibmi yoki bilmaymi, tarixiy haqiqatni soxtalashtiribsiz: Abdulla Qodiriy vahshiyona tergov chog‘ida ham, “La illaha illallohu Muhammadar rosululloh” deganini juda yaxshi bilamiz. Qolaversa, 1956 yil yanvar oyining 16 kuni Turkiston Harbiy okrugi Prokurorining yordamchisi adliya podpolkovnigi Grishchenko tomonidan guvoh sifatida so‘roq qilingan G‘afur G‘ulom: “Abdulla Qodiriy mutaassib xudojo‘y-musulmon edi, u barcha diniy rasm-rusumlarni sidqidildan ado etardi. Shuning uchun turmushimizdagi hamma yangiliklar unga nomaqbul tuyulardi; masalan, xotin-qizlarning paranji tashlashiga ham u salbiy munosabatda bo‘lgan edi”, deydi. Sir emaski, musulmon kishi Iso payg‘ambarning “mavlud hayiti”ni, ya’ni 1 yanvarni o‘z oilasi davrasida nishonlamaydi.
Qolaversa, maqolangizda: “Hibsga olish haqidagi xabarning orqasiga Abulla Qodiriy mana shunday deb yozib bergan: “Qaror menga e’lon qilindi (o‘qidim), qo‘yilgan ayblarga qo‘shilmayman va o‘zimni begunoh deb hisoblayman”, deb ta’kidlaysiz-u, ammo ustoz Qodiriyning dastxati o‘zbek tilida, arab imlosida yozilgani to‘g‘risida lom-mim demaysiz. Albatta, siz ham arab imlosidagi xatni o‘qiy olmagan bo‘lishingiz mumkin, biroq Turkiston Harbiy okrugi Harbiy prokuraturasi tarjimoni Zverev matnni 1956 yil 1 mart kuni rus tiliga o‘girganini aytib qo‘yishingiz va siz Abdulla Qodiriyning so‘zlarini aynan emas, rus tilidan tarjima qilib keltirayotganingizni bildirib o‘tishingiz lozim edi. Negaki, 38-yilda jumhuriyatimiz “oqsoqol”lari o‘zbek yozuvini rus alifbosiga ko‘chirish haqida qaror qabul qilgan edilar, ammo bir qator ilg‘or ziyolilar lotin imlosida qolishni yoqlab chiqqanlar; Abdulla Qodiriy, Fayzulla Xo‘jaev kabi o‘zbek xalqining atoqli farzandlari esa arab imlosiga qaytishni (tiklashni) himoya qilganlar. Agar ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, Abdulla Qodiriyning 4269-sonli delosining 62-63-betlarida Fayzulla Xo‘jaev 1933 yil 17 may kuni Bereginga ko‘rsatma sifatida yozgan xat bor. Bu xat ham rus tiliga tarjima qilingan — uni Abdulla Qodiriyning tergovchisi bo‘lmish O‘zbekiston Ichki Ishlar Xalq Komissarligi davlat Xavfsizligi leytenanti Trig‘ulov ruschaga o‘girgan. Ajabki, arabcha imloni o‘qish borasida u ham chalasavod bo‘lgan ekan. U hatto sanani ham noto‘g‘ri “o‘qiydi” — 1932 y. 10 aprel, deb “tarjima” qiladi. Aslida, F. Xo‘jaev xat-ko‘rsatmasi ostiga arab raqamida “1933 yil 17 may”, deb yozib qo‘ygan ekan. Ishonmasangiz, o‘sha xatchaning fotonusxasini olib birorta savodli kishiga o‘qitib ko‘rishingiz mumkin. Xo‘sh, men bu bilan nima demoqchiman?
Demoqchimanki, Abdulla Qodiriyning hayoti va ijtimoiy ahvoliga doir “yangi ma’lumotlar”ni shov-shuv ko‘tarishga mo‘ljallangan maqolada aks ettirib bo‘lmaydi, balki 4269-jinoiy ishni tarixiy “kontekstdan” yulib olmagan holda batafsil o‘rganish lozim. Buning uchun rostakamiga ter to‘kishga, 30-yillardagi O‘zbekiston ijtimoiy hayotini ilmiy asosda o‘rganishga, jumhuriyatimizda ro‘y bergan qatli omga “bosh-qosh” bo‘lishib turishgan partiya-sovet idoralari rahbarlarining faoliyatiga xolis baho berishga to‘g‘ri keladi. Bir so‘z bilan aytganda, chinakam tarixiy mavzudagi fojiali voqealarni “baqiroq sarlavhali” maqolada to‘la-to‘kis yoritib bo‘lmaydi. Ustiga ustak, o‘quvchi ko‘nglida har xil shubha uyg‘otish mumkin, xolos.
Eng ajablanarli joyi shundaki, sizning maqolangiz aynan gazetxonlarni chalg‘itish uchun yozilgandek taassurot qoldiradi. Masalan, “Qamoqqa olish bilan xuddi o‘sha mart oyida bo‘lib o‘tgan birinchi so‘roq oralig‘ida nimalar ro‘y berganligi bizlarga qorong‘i. So‘roq protokollarini aynan keltiraman. Ular bilan meni O‘zbekiston Davlat Xavfsizligi Komitetida tanishtirishdi”. Ruben Akopovich, keyingi paytlarda hatto SSSR Davlat Xavfsizligi Komitetining raisi Kryuchkov ham Markaziy televideniega intervyu berganini, qo‘mita “maxfiy ishlar”dan keng jamoatchilikni xabardor etayotganini bilasizmi? Siz negadir 38-yildan buyog‘idagi “tekshirish materiallari” haqida miq etmaysiz: “...Nimalar ro‘y bergani bizlarga qorong‘i”, deb yana-tag‘in KGB yuziga “paranji” yopmoqchi bo‘lasiz. Buning nima keragi bor? Axir, Abdulla Qodiriyni qonunga xilof ravishda tergov qilgan Trig‘unov 1956 yilda uch oy mobaynida “nimalar ro‘y berganini” ochiq-oydin aytgan-ku! Yoki 38-yilda Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasida “mahbuslarni sudga tayyorlaydigan” maxsus 47-xona borligini, u yerda Abdulla Qodiriy kabi minglab “xalq dushmanlari” vahshiyona ravishda kaltaklanishini, so‘ng tergovchilarning o‘zlari yozgan “protokollar”ga imzo chektirilishini bilmaysizmi? Abdulla Qodiriy matonatli, e’tiqodi sobit zot bo‘lgani uchun ham so‘nggi nafasigacha tuhmatlarni tan olmaganini, xudodan qaytmaganini, oxir-oqibatda jallodlar protokolga Qodiriyning so‘zini (“Ya sam veryu v boga!”) qayd etishga majbur bo‘lganlarini sezib olish qiyin emas-ku!
“Inqilobdan mamnun bo‘lar ekan, u hali Marks va Leninni to‘liq o‘zlashtirishga ulgura olmaydi, Ollohga ishonadi... Lekin bular A.Qodiriyni siyosiy jinoyatlarda ayblab, xalq dushmani deb e’lon qilish uchun asos bo‘la oladimi? Albatta, yo‘q!” Ruben Akopovich, Siz masalani xuddi shu tarzda qo‘yasiz va xuddi shu tarzda osongina hukm chiqarasiz. Menimcha, masalaning bu tarzda qo‘yilishi noto‘g‘ri. Esingizdami, A. P. Chexov: “Eng muhimi — yozuvchi masalani to‘g‘ri qo‘ya bilishi lozim, lekin unga to‘g‘ri javob topishi shart emas; to‘g‘ri javobni o‘quvchining o‘zi topib olaveradi”, degan edi. Xo‘sh, masalani qay tarzda qo‘yish kerak? Hozir biz Abdulla Qodiriy qonunga xilof ravishda jazolandi, deyapmiz. Shundoq ekan, marhamat qilib nima uchun qonunga xilof ravishda jazo belgilanganini isbotlab berish darkor edi. Ya’ni, a) SSSR Konstitutöiyasida I. V. Stalin zamonida ham “vijdon erkinligi” taqiqlanmagan, demak har bir sovet grajdani o‘zi istagan dinga e’tiqod qo‘yishi mumkin, jumladan, Abdulla Qodiriy islom diniga e’tiqod qo‘ygan bo‘lsa, bu uning aybi emas, balki bu Konstitutöiyada muhofazaga olingan huquqidir, xolos; b) “Marks va Leninni to‘liq o‘zlashtirish” hech qachon majburiy bo‘lgan emas, qolaversa, Marks bilan Lenin ta’limoti rahbarlarni mamlakatga qarshi jinoyat qilishdan saqlab qololmaydi. Buni isbotlash uchun falsafa so‘qib o‘tirmayman, o‘zingizning 1982 yilda chop etilgan V. I. Lenin haqidagi mo‘‘jaz kitobchangizdan olingan o‘sha zamonlardagi “millat otasi” L. I. Brejnev so‘zlarini ko‘chirma sifatida keltiraman: “Insoniyat qanchalik yuksaklikka ko‘tarilishidan qat’i nazar, kommunistik madaniyat chashmasi boshida donishmand, inqilobchi Leninning bahodirona siymosi turgani uchun Lenin kurashgan kelajakni yaqinlashtirishga butun kuch-g‘ayratini, aql-idrokini, irodasini sarflashdan ham muqaddasroq ish yo‘qdir” (Ruben Safarov, “Vechno jivoy”, Tash. 1982 god, 109 str.). Og‘izda Lenin ta’limotini “dastak” qilib olgan L. I. Brejnev yetovida qanday “kelajakka” yaqinlashib qolganimizni bugun hammamiz juda yaxshi bilamiz.
Lirik chekinish: “Atoqli jamoat arbobi, olim Yu. Afanasev yaqinda matbuotda quyidagicha fikr bayon etdi: biz shu paytgacha barpo etgan jamiyat — soöializm emas, kelajakda soöializm qurishimiz kerak. Agar shunday bo‘lsa, jamiyatimiz oldida turgan vazifa, taraqqiyotimiz istiqboli ravshan: nosoöializmdan — soöializm sari borish lozim. Xo‘sh, biz yetmish yil mobaynida qanday jamiyat barpo etdik?..” (“Noviy mir” jurnali, 1989 y. 10-son 161-bet).
“Muhtaram gazetxonlar! Mana, siz Qodiriyning tergovda bergan javoblari bilan tanishib chiqdingiz... Yuzlashtirishlar boshlanadi. O‘zbekiston Til va adabiyot ilmiy tekshirish institutining xodimi, doöent Qayum Ramazonov, adabiyotshunos Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon), Chirchiq qurilishi boshlig‘ining ma’muriy-xo‘jalik ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘anixon Homitxonov, Ikromov nomidagi Pedagogika instituti Til kafedrasining professori G‘ozi Olim Yunusov va yana bir necha kishi Qodiriyning “millatchi tashkilotlarga a’zo bo‘lganligini, turkparastlikni yoyishga harakat qilganligini aytadilar... Ayrim yozuvchilar esa Qodiriyni “fosh etishda” ayniqsa “g‘ayrat” ko‘rsatadilar. Ulardan biri tergovda shunday deydi... Ikkinchisi: “Qodiriy munofiq, Sovetlarga qarshi kayfiyatdagi odam”, deb, hisoblaydi. Uchinchisi tergovda batafsil ma’lumot beradi. Uni to‘liq keltiraman... To‘rtinchisi shunday ko‘rsatma beradiki, unda Qodiriyni ham, o‘zini ham ayamaydi... 1937 yilning yozida jumhuriyat Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan bir majlisda Qodiriyga Sovetlarga qarshi odam, Sovetlarga qarshi unsurlar, ruhoniylar bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Sovetlarga qarshi yig‘inlarda qatnashgan, Sovet hokimiyati haqida norozilik gaplari aytgan, deb ayblar qo‘yiladi... Ammo Abdulla Qodiriy o‘zining aytganlaridan tonmaydi... Keyinchalik ba’zi bir adabiyotchilar — Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari sirasiga kiruvchi baobro‘ adiblar tergov organlariga “O‘tkan kunlar” romanining burjua-millatchilik mazmuni haqida rasmiy xulosa beradilar... Natijada Abdulla Qodiriyni qoralash uchun anchagina ayblov dalillar to‘planadi... Abdulla Qodiriy shu tariqa “xalq dushmani” deb e’lon qilindi va otib tashlandi...”
Ruben Akopovich, maqolangizdagi talqin “muhtaram gazetxonlar”ni ataylab chalg‘itishga qaratilganga o‘xshaydi. Chunki siz sabab-mohiyatni emas, bahonalarni bayon etasiz: qatli om jarayonini teran idrok etolmaysiz va beixtiyor o‘zingiz ham yolg‘on ko‘rgazmalarga “qul” bo‘lib qolasiz. Maqolangizning bir joyida (“Abdulla Qodiriy... tabiati murakkab bo‘lib, tinmay odamlar, hatto respublika rahbarlariga qaltis hazil — tegajog‘lik qiladi”) masalaga yaqinroq kelasiz-u, ammo “langarcho‘p” yana-tag‘in sizga pand beradi — to‘g‘ri yo‘ldan toyib ketasiz. Oqibatda o‘quvchida: “Ha, Abdulla Qodiriy “o‘zining aytganlaridan tonmagan” bo‘lsa, demak oz-moz aybi bor ekan... Tirik qolgan yozuvchilar uni bearmon “sotishgan” ekan. Obbo, yaramaslar-ey, yozuvchilar orasida sog‘i yo‘q ekan-da!” degan qat’iy fikr paydo bo‘ladi. Haqiqatan ham, Siz qator-qator ko‘chirmalar keltirgan guvohlarning — yozuvchilarning soxta ko‘rgazmalari tufayli Abdulla Qodiriy “otib tashlangan”mi? Birinchidan, Abdulla Qodiriyni qamoqqa olish tashabbusi O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar Xalq Komissarligi Davlat Xavfsizligi Boshqarmasi 4-bo‘limning boshlig‘i Davlat Xavfsizligi leytenanti Agabekovdan chiqqan edi”, deydi N. Trig‘ulov 1956 yilda so‘roq qilingan paytda.
O‘sha yillari KGBda “Kim ko‘proq xalq dushmanini fosh etish va kim kattaroq mansabli odamlarni, obro‘li ziyolilarni qamoqqa olishu oliy jazoga hukm etish bo‘yicha o‘ziga xos soöialistik musobaqa” tashkil etilgan edi, “g‘oliblar” ham ma’naviy jihatdan, ham moddiy jihatdan rag‘batlantirilardi. Shuning uchun o‘zbek adabiyotining, ilm-fanining atoqli namoyandalarini juvonmarg qilgan Leon Agabekov uch yil mobaynida Davlat Xavfsizligi mayori unvoniga sazovor bo‘ladi. To‘g‘ri, u 1941 yili “begunoh sovet kishilarini qonunga xilof ravishda repressiya qilgani uchun” jarima bataloniga jo‘natiladi; natijada Ulug‘ Vatan urushining dastlabki pallasidayoq o‘lib ketadi. Ikkinchidan, O‘zbekiston JKning 64-, 67-moddalari bo‘yicha o‘n yil (10) muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Ibrohim Nazirov jazo muddatini o‘tayotgan joyda 1955 yil 21 dekabr kuni guvoh sifatida tergov qilinganda quyidagilarni aytadi: “G‘ozi Yunusov rahnamolik qilgan — yozuvchilarni o‘z safiga uyushtirgan aksilinqilobiy tashkilot haqida men hech narsani bilmayman. O‘zbekistonda aksilinqilobiy tashkilot mavjudligi borasida men matbuotda e’lon qilingan maqolalardan bilganman, lekin uni kim boshqarganini aytolmayman; chunki men u paytlarda juda yosh edim; qolaversa, kurakda turmaydigan bunday gaplarga jiddiy e’tibor bermasdim. Dastlabki tergov paytida bergan ko‘rgazmalarim haqiqatga mos kelmaydi: chunki Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan aksilinqilobiy millatchilar tashkilotiga hech qachon a’zo bo‘lmaganman; hatto O‘zbekistonda shunday tashkilot borligini ham bilmayman; dastlabki tergov paytidagi ko‘rgazmalarga esa tergovchilar — katta leytenant Andreev va serjant Saakovlar tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkazilgani tufayli imzo chekkanman; ular o‘zlari yozgan protokollarga meni imzo chekishga majbur qilishgan edi. Qamoqdan ketayotgan paytimda, aniqrog‘i, sudga chaqirilishimdan avval Andreev meni ogohlantirdi: “Agar sen sudda, o‘zimni aybdor deb hisoblayman desang, senga bir yildan ortiq qamoq jazosi belgilashmaydi; mabodo sen sudda, o‘zimni aybdor deb hisoblamayman deb aytsang bormi, men shu zahotiyoq sudga xarakteristika yozib beramanu seni zudlik bilan otib tashlashadi”. O‘rtamizda ana shunday suhbat bo‘lgan choqda xonada Andreev ikkovimizdan boshqa hech kim yo‘q edi. Men hali Andreev bilan gapimni tugatmasimdan burun, xonaga ikkita soldat kirib kelishdiyu meni sudga olib ketishdi... Men tergov jarayoni to‘g‘risida ham ba’zi bir gaplarni aytishni istardim: Andreev meni faqat kechqurun so‘roq qilardi, agar u charchab qolsa, uning o‘rniga Saakov kelardi. Serjant Saakovni men ilgaritdan tanirdim; biz Toshkent pedagogika institutining komsomol tashkilotida birga ishlagan edik. Undan tergov paytida menga qanaqa ayb qo‘yilgan, deb so‘radim. “Bu yerda biz hech narsani hal qilolmaymiz; chunki sening noming ham ro‘yxatga tushib qolgan ekan, endi baribir seni sud qilishadi; shuning uchun eng yaxshisi, sen hadeb paysalga solavermay ko‘rgazmaga imzo chekib bergin, vassalom”, deb javob berdi Saakov. Lekin men qanday ro‘yxatga tushib qolganimni Saakov baribir aytmadi; bir necha marta undan qattiq iltimos qilsam ham, ammo qanday ro‘yxatga tushib qolganimni Saakov aytmadi”.
Mana shunaqa gaplar, Ruben Akopovich! Afsuski, Abdulla Qodiriyning ishi bo‘yicha ko‘rgazma bergan guvohlarning ko‘pchiligi ham oliy jazoga hukm etiladi. Ular orasida faqat G‘afur G‘ulom qamalmaydi, xolos. Boz ustiga, u 1956 yili guvoh sifatida tergov qilingan choqda yana 1938 yildagi gaplarini deyarli aynan takrorlaydi. Lekin bu safar sud Abdulla Qodiriyni oqlab ajrim chiqaradi. Demak, bitta G‘afur G‘ulomning guvoh sifatidagi “ko‘rgazmasi” to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lsa-da, ammo sud hukmiga ta’sir etmasligi mumkin ekan-da! Demak, G‘afur G‘ulomning og‘zaki gaplari hech qanday salmoqqa ega emas ekan-da! Xo‘sh, nega bo‘lmasa baribir Abdulla Qodiriyni otib tashladilar? Bu savolga “ashyoviy dalil” yordamida javob berish mushkul, albatta. Chunki “ashyoviy dalil” ham soxta. Lekin, “shaxsga sig‘inish davrining — stalinizmning haqiqiy dushmani soöialistik tuzumga yot bo‘lgan allaqanday ta’limot emasdi, balki tanqidiy ruh stalinizmning barq urib gullab-yashnashiga to‘sqinlik qilardi, shuning uchun tanqidiy ruhdagi insonlar, aql-idrok sohiblari terib-terib olindi”, deb xulosa chiqarsak, mushkulimiz xiyla yengillashadi, shekilli.
“Abdulla Qodiriy ijodini murakkab va ko‘p ma’noli deguvchilarning fikriga qo‘shilish mumkin. Yozuvchi mehnatkashlarning inqilobiy ruhdagi qismi bilan birga bo‘lmagan, inqilobiy harakatlardan chetda turgan degan gaplar ham bir qadar to‘g‘ri deylik”, degan jumlalarni o‘qiganimdan so‘ng, beixtiyor “g‘oya bilan qurollangan” adabiyotshunoslarning eski ashulasi esimga tushdi.
Ruben Akopovich, siz ham “yangi ma’lumotlar”ingizda o‘sha eski ashulani xirgoyi qilasiz, xolos. Ustoz adibimiz o‘lmas romanlaridan birini nima uchun “Mehrobdan chayon” deb nomlaganini bilasizmi? Bir paytlar mehrobga tegishli ibratli hikoya o‘qigan edim (bu hikoyaga Abdulla Qodiriyning nazari tushgan bo‘lsa ham ajab emas).
Fariddiddin Attor “Malik Dinor zikridan” risolasida naql qilishicha, kunlarning birida jamoat hazrat Malikka yangi uy hadya etibdi. Uyning qarama-qarshi tomonida iuda (Iso payg‘ambarga xiyonat qilgan Yahud Iskariotning qavmidan bo‘lgan bedin) yashar ekan. O‘chakishgandek, Malik Dinor uyining mehrobi Yahudning darvozasiga qaragan edi. Yahud buni bilib qolibdiyu qo‘shnisini kalaka qilishni ko‘ngliga tugib qo‘yibdi va aynan mehrob ro‘parasidan bitta xandaq qazibdi; hojatxona quribdi. Malik Dinor nomoz o‘qiyotgan vaqtlarda Yahud hojatxonaga kirib o‘tirar ekan va o‘zicha qo‘shnisining ustidan kularkan. Biroq, Malik Dinor bu haqda hech narsa demayotgani uchun Yahudning jahli chiqib ketibdi va qo‘shnisini ko‘chada uchratib: “Ey musulmon, mehrobingdan uyingga iflos narsalar kirmayaptimi?” deb so‘rabdi. “Kiryapti-yu, ammo men supurgi bilan kurak xarid qilganman. Agar uyimga harom oralasa, darhol supurgi bilan kurakni qo‘limga olamanu xonadonimni tozalashga tushaman”, deb javob beribdi Malik Dinor. “Jahling chiqmayaptimi?” deb so‘rabdi Yahud hayratlanib. “Jahlim chiqadi, lekin darhol: “...Jahlini jilovlay olgan odamlarning gunohini kechiradigan zotlar, haqiqatan ham yaxshilik qiladigan kishilar Ollohning muhababtiga sazovor!” ekanini eslayman. Shundan keyin Yahudning ko‘zi ochilibdi va...
Mehrob — muqaddas joy. Ulug‘ yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning kitoblari esa xonadonlarimizning mehroblaridan o‘rin olgan. Bas, shunday ekan, Qodiriy haqida yengil-elpi, arzon-garov “yangi ma’lumotlar” tarqatishga chek qo‘yaylik. Qodiriy e’tiqod yo‘lida o‘z hayotini qurbon berdi, shahid bo‘ldi. Shahid zot to‘g‘risida biz — gunohkor bandalar safsata sotib o‘tirsak yarashmaydi: tarixchi bo‘lsak, ilm bilan shug‘ullanaylik, jurnalist bo‘lsak, “sensaöiya”ga boshqa mavzu topaylik. Yoki Abdulla Qodiriy haqiqatini buzmasdan, soxtalashtirmasdan, bor bo‘yicha aks ettiraylik!
Ruben Akopovich, agar bemavrid tinchingizni buzgan bo‘lsam, yana bir bor uzr so‘rayman. Ammo sizga bu maktubni yozmasdan burun shu paytgacha yozgan “tarixiy” asarlaringizni ko‘zdan kechirib chiqdim. Sarlavhalarning o‘ziyoq ko‘p narsalardan darak berarkan: “Qishloqda kommunistik mehnat” (1965 y.), “Paxta dalalari gvardiyachisi Mannop Jalolov” (1963 y.), “Toshkentdan gapiramiz va ko‘rsatamiz” (1977 y.), “Dobroe slova — klyuch k serdöu” (1977 y.), “Partiynoe rukovodstvo sredstvami massovoy informaöii” (1979 y.), “Veleno jit” (1979 y.), “Pressa Uzbekistana v kommunisticheskom stroitelstve” (1973 y.), “Sharofat besstrashnaya” (1966 y.), “Vijdon burchi” (1964 y.), “Mo‘l paxta uchun” (1963 y.), “Haqiqatning o‘zidek oddiy” (1980 y.), “Matbuot va xalqlar do‘stligi g‘oyasi targ‘iboti” (1967 y.) kabi ilmiy-ommabop asarlaringiz orasida “Vechno jivoy” (1982 y.) unvonli cho‘ntakbop kitobchangiz ham bor (darvoqe, yuqorida keltirganimiz L. I. Brejnevning so‘zlarini o‘sha kitobchadan olgan edim). U yerda siz V.I. Leninning 1922 yil 27 fevral kuni Akademiyaga yozib yuborgan ibratli xatini ilova qilgan ekansiz. Jumladan, o‘shanda dohiy shunday deb yozgan ekan: “Bag‘oyat minnatdorman! Afsuslar bo‘lsinki, betobligim tufayli Soöialistik akademiya a’zosining zimmasiga yuklanadigan burchni ko‘ngildagidek bajara olmayman. Ko‘zbo‘yamachilik qilishga esa vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun nomimni ro‘yxatdan o‘chirib qo‘yishlaringni yoki mening nomimni a’zolar ro‘yxatiga yozmasliklaringni iltimos qilaman”.
Ruben Akopovich, o‘ylaymanki, siz Lenin ta’limotini “to‘liq o‘zlashtirishga” ulgurgan bo‘lsangiz kerak. Shuning uchun...
Bular kaminaning shaxsiy fikrlari, albatta.
O‘zingiz nima deysiz, Ruben Akopovich: tarix — ilmmi yoki targ‘ibot-tashviqot vositasimi?..
Nabijon BOQIY
(“Mushtum”, 1990 y., № 1)