OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Ko'ksimizga shamol tegsin (1990)

SSSR xalq deputatlarining birinchi s'ezdida so‘zlangan nutq

Biz yetmish yil badalida, ha, ha, bir necha asrga tatigulik mana shu davr ichida jon qadar aziz bo‘lgan juda ko‘p qadriyatlarimizdan judo bo‘ldik. Ular ichida shunday bir qadriyat ham borki, ming afsus, uning o‘rnini biron-bir narsa bilan qoplash bag‘oyat mushquldir. Tirikchilikning mushkullashganligi, birida ochin, birida to‘qin yashayotganimiz tufayli, insoniy qadr-qimmatni yer bilan bitta qilguvchi uzundan-uzoq navbatlarda navbat kutishlar tufayli yuz berdi bu. Inson bolasiga xos bo‘lgan eng olijanob fazilat bo‘lmish rahm-shafqatdan, muruvvatdan asar qolmadi bizda. Boz ustiga, shu xislat o‘rnini toshbag‘irlik ishg‘ol etdi. Kishilar mehr-oqibatsiz, yon-veridagilar dardiga loqayd, iltifotsiz. Juma kuni edi, orasta kiyingan ikkita juvon foyeda suhbatlashib turgan ekan. Biri norozi bo‘lib: Namuncha bu o‘zbeklar paxtasi haqida tinmay javrashadi? - desa sherigi aytardiki: Jonga tegib ketishdi, o‘zi bularda ma'naviyat degan narsa bo‘lganmi sira?!

Bu malomat, gapning ochig‘i, menga alam qildi. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, avvalgi chapdast, mard, tanti dehqon, o‘ning ko‘zlari charos, qoshlari kamon ayoli bugun shunday bir ayanchli, foje ahvolga tushgan bo‘lsa, kim aybdor bunga?

Bu sho‘rliklarning ma'naviyati qanday qilib yuksalsin, axir! Hamma, zamonlar va barcha xalqlarning otasi bo‘lmish Iosif Stalin mamlakatning paxta mustaqilligini ta'minlash uchun o‘rtaga tashlagan mash'um shior bizning dehqonlarni hamma-hamma narsadan mosuvo qilmadimi, axir! Aynan ularga tegishli bo‘lgan zamin: Ko‘rsa ko‘z quvonadigan necha yuz ming gektarlik ko‘rkam va serhosil bog‘-rog‘lar, sollanib turgan yam-yashil yo‘ng‘ichqazorlar, salqini orombaxsh yong‘oqzorlar, hattoki, bodomzorlar, axir, shafqatsizlarcha kesib tashlanmadimi, shudgor qilinmadimi! Muhtaram Chingiz Aytmatov bu, yerda aytgani kabi, chindan ham paxta bexosiyat ne'matga aylandi. Ha, mamlakat oxir-oqibatda, paxta mustaqilligiga erishdi ham. Hatto, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan boylikka ham ega bo‘ldi. Lekin dehqonga, uning ayoliga, bola-chaqasiga shundan nima naf tegdi? Saratonning jaziramasnda xudoning bergan kuni o‘n ikki soatlab qirt-qirt zahmat chekish, hatto, dam olish kunlari, bayramlarda, ta'til nimaligini bilmasdan, oftob tig‘ida ter to‘kish shu dehqonning gardaniga tushmadimi!

So‘nggi paytlarda vaqtli matbuot jumhuriyatimiz boshiga shov-shuvdan iborat behisob maqolalarni do‘ldek yog‘dirdi. Shundan kelib chiqib, umumxalq xazinasiga qo‘l cho‘zganlarning har qaysisi qanchadan mablag‘ o‘marganligini, sizlar hatto sariq chaqasigacha hisoblab chiqishgan bo‘lsangiz kerak. Haromtomoqlarni, albatta, jazolamoq joiz. Bu haqda boshqacha gapning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Biroq O'zbekistondan chetda yashayotgan biror-bir kishi, vijdonga zid bormagan tarzda, shu - paxta tufayli, paxtakor bugungi kunda ne ahvolga tushib qolganligini bor holicha tasavvur qila olarmikan! Davlat plan komiteti kafolaticha, paxta strategik xomashyo hisoblanadi va u davlatga juda ko‘p daromad keltiradi. Mamlakatga aynan paxta tufayli, ozmuncha chet el valyutasi oqib kelayotgani yo‘q. Ana shu valyutasiz, Davlat plan komitetining e'tirof etishicha, davlatimizning qo‘li ham kalta bo‘lib qolar edi. Xo‘sh, shunday xomashyoni yetishtirayotgan dehqon, mashaqqatli mehnat qilib holdan toygan uning sho‘rlik ayoli qanday sharoitda yashamoqda o‘zi?! Bu odamlar mashaqqatli mehnatlari evaziga qanchadan haq olishayotir?! Bizning opa-singillarimiz quyoshning radiatsiya sochuvchi nurlari tig‘ida, jazirama oftobda zahmat chekishayotir. Ha, ular bajarayotgan ish ayol zotiga munosib emas. Oftobning zahri tufayli ham, zaharli ximikatlarning xuda-behuda qo‘llanilishi tufayli rak, oshqozon-ichak va sariq kasalliklari, ayollarning kamqonligi va boshqa xastaliklar behad urchidi. Ayollar va bolalar o‘limi o‘sishiga ham sabab shu.

Ularning turmush darajasi qay holatda? Paxta dalasida mehnat qiladigan ayollarimiz qosh qoraygandan keyingina uyga qaytishadi. Bola-chaqaga obiyovg‘on pishirish kerakmi? Kerak. O'choq boshiga borishadi va otam zamonidagiday tappi qalab, qozon qaynatishadi. Qaddi basti nechundir yashin urgan qayinlarni eslatuvchi shu ayollarning barkashday qoraygan yuzlariga ko‘zim tushsa, ko‘zlarimdan beixtiyor yosh tirqiraydi. Qani ulardagi ayollik nafosati? Qani sarv qomatlar, qani latofat, nazokat! Ko‘zlari to‘la mung, armon va hasrat. Men bilaman, mamlakatimizdagi hamma dehqonlarga xam, rus dehqonlariga ham qiyin. Ahvolni o‘nglab olish niyatida, hukumat ezgu tadbirlar qo‘llayotganidan men ham mamnunman. Lekin, birodarlar, har qalay paxta paxta-da! Janubiy Amerikadagi toshbag‘ir oq tanli fermerlar tutgan yo‘lni bir eslaylikmi-a. Ular paxta plantatsiyalarida o‘zlari ishlashni istashmadi, bu zahmatdan xotin, bola-chaqasini ham xalos etish uchun, borib Afrikadan necha yuz ming qora tanlini kishanband etib, olib kelishdi. Ammo adolat yuzasidan shuni ham aytish kerakki, naslu nasabini paxta zahmatidan asragan o‘sha qahri qattiq fermerlar ham, kelgusida qullaridan sog‘lom, ya'ni og‘irini yengil qiladigan nasl yetishsin uchun, ularni to‘ydirib boqishgan. Shuning sharofatidanki, bo‘yi ikki metrli qoratanli polvonlar dunyoga keldi; ularning avlodlari bugungi kunda Amerika sportining, san'atining ham gultojlaridir!

Xo‘sh, bizning qishloqlardagi bolalar-chi? Bu o‘rinda sportu ma'naviy kamolat haqida gapirib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Ular qorni to‘yib ovqat yemayotirlar (axir, jon boshiga yiliga atigi yigirma kilogramm go‘sht to‘g‘ri keladi), og‘ir mehnat qilayotirlar, shuning oqibatida ularni, hatto, armiyaga ham olishmayapti. Olishgan taqdirda ham, qurilish batalonlarida xizmat qilishayotir. Dehqonlarmiz boshiga tushgan kulfat haqidagi shu muxtasar gapimdan so‘ng, muhtaram Nikolay Ivanovich (Rijkov) men sizga murojaat qilmoqchiman: Davlat plan komitetidagi o‘rtoqlarning paxta mamlakatga kerak, u strategik xomashyo hisoblanadi, valyuta daromadida salmoqli o‘rin tutadi, degan gaplari to‘g‘rimi? Agar, to‘g‘ri bo‘lsa, nega endi bizdan u suv tekinga sotib olinayotir?!

Inqilobga qadar, Nikolay Ivanovich, Turkestanskoe vedomosti ro‘znomasi qayd etganidek, rus savdogari (ha, o‘sha o‘lkamizga bu mehnati og‘ir ekinni olib kelgan rus savdogari) bir pud paxta evaziga o‘n sakkiz pud bug‘doy berar edi. Bizning jonajon sotsialistik davlatimiz esa bir kilogramm paxta uchun o‘rtacha hisobda ellik tiyin haq to‘layotir. Bu pulga Toshkentdagi Oloy bozorida atigi yarim kilogramm bodring beradi, xolos (o‘rtoqlar, yana shuni ham eslatib o‘tishni istardimki, bir kilogramm paxtadan ikkita erkaklar ko‘ylagi tikilayotir, ularning qiymati kamida ellik so‘m turadi)! Bizning O'rta Osiyo, tabiiy iqlimi jihatidan, jahonda tengsiz imkoniyatga ega ekanligi tarixiy manbalarda ham qayd etilgan. Dunyodagi eng shirin ne'matlar - meva-cheva-yu, sabzavotlar shu yerda yetishtirib kelingan. Qovun, tarvuzning shirasi tilni yorgan. Tabiiy boyliklardan ilmga zid ravishda shafqatsizlarcha foydalanish yetmish yil mobaynida shunga olib keldiki, bugun o‘lkamiz ekologik halokat yoqasiga kelib qoldi.

O'rtoqlar, kecha siz mening gaplarimni oxirigacha eshitmadingiz, men akademik Aganbegyanning fikrini aytayotgan edim. Shu fikrni hozir qayta, to‘liq aytmoqchiman. O'tgan yili Orol muammosiga bag‘ishlab KPSS Markaziy Komitetida o‘tkazilgan kengashda akademik Aganbegyan O'zbekistonning tabiati, zamini va oxir-oqibat xalqi duchor bo‘lgan qabohatlarning haqiqiy sabablarini hech kim bilmasligini ta'kidlagan edi. Na Davlat plan komitetidagilar, na Davlat agrosanoat komitetidagilar bilmaydi buni, dedi u; boz ustiga, jumhuriyat mehnatkashlari yelkasiga bo‘lar-bo‘lmas majburiyatlarni yuklashdiki, bu misoli tumanda yo‘l qidirgandek. Shu bois akademik yetuk iqtisodchi olimlar, ekologiya tadqiqotchilari. shifokorlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislaridan tashkil topgan obro‘-e'tiborli, favqulodda iqtisodiy komissiya tuzish kerakligini, bu komissiya O'zbekistonda qanday ahvol ro‘y berganini g‘oyat teran tahlil qilib, hukumatga bu ahvolni to‘la-to‘kis, ochiq-oydin qilib izohlab berishi zarurligini qat'iy uqtirib aytdi.

Birodarlar, mening ishonchim shunga komilki, ancha vaqtga cho‘ziladigan kelajakda emas, balki yaqin yillarda O'zbekiston mamlakatimiz aholisining yarmini yeb-ichirishga qurbi yetishi mumkin. Buning uchun jumhuriyatni paxta yakkahokimligi qusuridan qat'iy turib qutqarmoq kerak. Mehnatga jon-dili bilan bog‘langan xalqqa turg‘unlik yillari yetkazilgan behudud ofatdan qutulishga va nihoyat, uning ham ko‘kragiga shamol tegishiga yordam berish lozim.

Biz qardoshlik oilasida yashaymiz, bir-birimizga aka-uka, birodarlarmiz. Eng og‘ir damlarda ham bahamjihat, yelkama-elkamiz! - Baland maqomdagi bunday gaplarni ko‘p aytamiz.

Sizlarga sir emas, turg‘unlik davrida bizning boshimizga og‘ir musibat tushdi, uning qora ko‘lankasi respublika ustidan hali tarqab ulgurganicha yo‘q.

Rost, o‘sha baxtsizlik, mohiyat e'tibori bilan, nopoklikdan, beimonlikdan, e'tiqodsizlikdan kelib chiqdi, yetim-esirlarning, xalqning haqiga xiyonat qilindi, nainki xiyonat qilindi, hatto hayotning o‘zi ham notoza o‘zanga yo‘naltirildi. Bunday badbaxtlarga, nopok kimsalarga, takror aytamanki, zig‘ircha shafqat qilmaslik lozim. Har qanday jazoga ular munosib. Lekin boshqalarning, o‘rmonga o‘t ketganida, qo‘shilib yonib ketganlarning gunohi nima?! Deyarli aybi bo‘lmagan yoki bo‘lsa ham uni zo‘rning zug‘umi bilan qilgan, bolachaqasining och qolishidan, turmushi yanada yupunlashishidan qo‘rqqan, bir burda nonimdan ayrilmay, deya zo‘ravon rahbarning buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘lganlarning gunohi nima?

Baxt ham, baxtsizlik ham, qo‘sha-qo‘sha bo‘lib keladi. Bugun xalqimning boshida yana bir musibat - Farg‘onadagi sitamlar, notinchlik yurakni o‘rtab turibdi.

Kasalingni yashirsang, isitmasi oshkor etadi. Shuncha yil o‘tsa-da, kindik qoni tomgan yerdan quvg‘in qilingan mesxeti turklarining yurak nolasiga biz quloq tutmadik! Biz xalqimizning qo‘llari oltin dedik, mehnatkash-mushfiq dedik, lekin aslida uni ham o‘z holiga tashlab qo‘ydik! Oxir-oqibat shu bo‘ldiki, jon tomiri bir, qismati bir bo‘lgan aka-uka bir-birining dilini jarohatladi.

Ijtimoiy adolatsizlik Ufa yaqinida to‘planib qolgan gaz uyumiga o‘xshaydi. Modomiki, shunday ekan, biz hushyor bo‘lishimiz, o‘t chiqaruvchilardan saqlanishimiz zarur. Aziz hamyurtlar, sizdan hozircha shuni o‘tinch bilan so‘raymanki, olovdan ehtiyot bo‘lingiz. Tarixning eng qora kunlarida, ham, ota-bobolarimiz mushkulliklarni sabr-toqat bilan, vazminlik bilan, tadbirkorlik bilan yengib o‘tishgan.

«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.