Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati ko‘hna tarixga ega. Arab xatini qabul qilmaslaridan burun ham ajdodlarimizning bir qancha mukammal alifboli yozuvlari bo‘lgan. Ana shulardan biri hozir fanda «uyg‘ur yozuvi» deb yuritiladi. Mazkur yozuvga nisbatan qo‘llanilgan bu nom shartli bo‘lib, o‘zini to‘liq oqlamaydi. Chunki, eski yozma manbalarda u turlicha nomlar bilan tilga olingan. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining «Devonu lug‘atit turk»ida uni «turkcha yozuv», «turk xati» deb ataydi. Alisher Navoiy ham uni «turk xati» nomi bilan tilga oladi. Arab-fors manbalarida «uyg‘ur xati», «mo‘g‘ul xati» degan atamalarga duch kelamiz. «Uyg‘ur xati» nomining kelib chiqishi XIX asrda Sharqiy Turkistondan ana shu yozuvda bitilgan turkiy yodgorliklarning ko‘proq topilishi bilan bog‘liq.
Bu davrda Sharqiy Turkistonga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida budda ibodatxonalari va turar joy xarobalaridan qadimgi turklarning juda ko‘p yodgorliklari topildi. Shu davrdan e’tiboran ushbu bitiklarni «qadimgi uyg‘ur yodgorliklari», xatini esa «uyg‘ur yozuvi» deb atash Yevropa sharqshunosligida rasm bo‘ldi.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyo qadimiy xalqlaridan bo‘lgan so‘g‘dlarning qo‘shni xalqlar bilan madaniy, savdo aloqalari kuchli edi. Shu tufayli ularning oromiy alifbosiga asoslangan «so‘g‘d yozuvi» deb ataluvchi yozuvlari ham keng yoyilgan edi. So‘g‘dlar va turkiy xalqlarning madaniy aloqa-aralashuvi natijasida eramizning VI asrlarida uyg‘ur yozuvi shakllandi.
Uyg‘ur xati turkiy xalqlarning o‘tmishda qo‘llangan boshqa alifbolaridan, jumladan arab xatidan farq qiluvchi, tamoman mustaqil yozuvdir. Uyg‘ur alifbosida harflar soni ko‘p emas — jami 18 ta, turli shakllar bilan 23 tagacha boradi. Alifbodagi harflar ozligining sababi bir belgi bir qancha tovushni ifoda eta olgan. Ba’zan ularga qo‘shimcha belgilar ham orttirilgan. Turli orfografik usul va qo‘shimcha grafik vositalar yordamida tilning murakkab tovush qurilishini aks ettirishga erishilgan. Shu kabi omillar natijasida uyg‘ur xatidan turkiy xalqlar hech bir qiyinchiliksiz foydalana olganlar.
Odatda, arab yozuvida unlilar doimo ifoda etilavermagan. Uyg‘ur xatining afzalligi shundaki, unda unlilar har qachon ifoda etilgan. Yozuvning bu kabi xususiyatlari uning turkiy singarmonizm (unlilar uyg‘unligi) qonuniga bo‘ysunganligidan dalolat beradi. Undoshlarning ifodalanishida ham o‘ziga xos tomonlari bor. Unda qator harflar bir qancha undoshni ifoda etgan (b-p, t-d, k-g, q-g‘-h, s-z kabi).
Uyg‘ur yozuvi turkiy xalqlar orasida keng qo‘llanildi. Mahmud Koshg‘ariy uning qadimiyligi va tarixda tutgan o‘rnini ta’kidlab yozadi: «Barcha hoqonlar va sultonlarning kitoblari, yozuvlari qadimgi zamonlardan shu kungacha, Koshg‘ardan Chingacha — hamma turk shaharlarida shu yozuv bilan yuritilgan» (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘atit turk, 1-tom, Toshkent, 1960, 50-bet.).
X asrga kelib qoraxoniylar davlatida islom rasmiy din sifatida qabul qilindi. Natijada arab yozuvi keng ommalashdi. Bu davrga kelib har ikki yozuvdan foydalanila boshlandi. Shunisi xarakterliki, uyg‘ur xati keyingi bir qancha asr mobaynida ham asosiy yozuvlardan biri bo‘lib keldi. Mo‘g‘ullar imperiyasi davrida ham rasmiy idora ishlarida keng qo‘llanildi. U boshqa yozuvlarning shakllanishiga ham asos bo‘ldi. XIII asrda undan mo‘g‘ul yozuvi, mo‘g‘ul xatidan esa manjur yozuvi ajralib chiqdi.
Oltin O‘rda davlatida uyg‘ur xatiga e’tibor kuchli bo‘lgan. Yozuv an’anasi davom etib, XIV-XVasrlarda temuriylar o‘zlarining davlat-idora ishlarida ushbu yozuvni keng qo‘lladilar. Movarounnahr va Xuroson madaniy muhitida bu yozuvning o‘rni katta bo‘ldi.
Uyg‘ur yozuvi O‘rta Osiyoning turkiy xalqlari orasida XV asr oxirlariga qadar arab xati bilan yonma-yon qo‘llanildi. Keyingi asrdan boshlab uning o‘rnini tamoman arab yozuvi egalladi. Islom ta’siri hali to‘la yetib bormagan joylar — Turfondagi budda ibodatxonalarida XVII asrda ham undan foydalandilar.
Uyg‘ur xatidagi yodgorliklarning eng qadimgilari VI-X asrlarga mansub. Bu davrga oid budda, moniy, xristian diniy-falsafiy asarlari, yuridik hujjatlar va boshqa turdagi bitiklar bizgacha yetib kelgan. Buddizm afsona va rivoyatlaridan tashkil topgan «Oltin yorug‘» sutrasi, qadimgi turkiy adabiyotning dramatik namunasi bo‘lgan salkam 600 sahifaga yaqin «Maytri sitim» asari, moniylik mazhabining muqaddas kitobi «Xuastuanift» asari shular jumlasidandir.
XI-XVasrlarda uyg‘ur xatida bitilgan yodgorliklar ham oz emas. Bu davrda uyg‘ur va arab yozuvlari yonma-yon qo‘llangani sababli bir qator asarlar har ikki yozuvda ko‘chirilgan. Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Ahmad Yugnakiyning «Hibat-ul-haqoyiq», Xorazmiyning «Muhabbatnoma», Xo‘jandiyning «Latofatnoma», Yusuf Amiriy yozgan «Dahnoma» asarlarining har ikki yozuvdagi nusxalari bor. Turkiy xalqlar og‘zaki adabiyotining eng qadimgi namunalaridan biri «O‘g‘uznoma» dostonining eng eski varianti ham uyg‘ur xatida bizgacha yetib kelgan.
Lutfiy, Sakkokiy va boshqa bir qator klassik shoirlarimizning uyg‘ur xatida ko‘chirilgan g‘azal, qasidalari bor. Mir Haydarning «Mahzan-ul-asror» asarining uyg‘ur yozuvidagi nusxasi ma’lum. Shuningdek, «Siroj-ul-qulub», «Rohat-ul-qulub», «Me’rojnoma», «Tazkirai avliyo» kabi bir qator diniy-falsafiy, axloqiy asarlarni bilamiz.
Yuqorida uyg‘ur xati rasmiy-idora ishlarida ham qo‘llanilgani aytib o‘tildi. Bu davrdan bizgacha bir qator yorliqlar va epigrafik matnlar (toshga bitilgan yozuvlar) saqlangan. To‘xtamishxonning 1393 yilda polyak qiroli Yag‘aylaga yo‘llagan yorlig‘i, 1397 yilda yozilgan Temur Qutlug‘ yorlig‘i, Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzoning 1469 yilda Marg‘ilonda bitgan yorlig‘i shular qatoriga kiradi.
Uyg‘ur xatida harflar o‘rxun-enisey yozuvidagi kabi alohida-alohida emas, balki bir-biriga ulab yozilgan. Shuningdek, yozuvning turli xil shakllari bo‘lgan. Yozuvning bu xususiyati kitobatchilik ishida juda qo‘l kelgan. Ma’lumki, XIV-XVasrlar O‘rta Osiyo kitobat san’atining gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Bu davrda arab xatida g‘oyat ajoyib qo‘lyozmalar bitilganligini juda yaxshi bilamiz. Kitobatchiligimiz tarixida uyg‘ur xatining ham o‘rni kam emas. Movarounnahr va Xurosonda uyg‘ur xatidagi asarlar asosan Yazd, Hirot, Samarqand kabi madaniy markazlarda ko‘chirilgan. Bu davr madaniy muhitida maxsus uyg‘ur xatida ko‘chiruvchi kotiblar maktabi ham vujudga keldi. Bizga bunday kotiblardan bir qanchasining nomlari ma’lum. Ularni o‘sha paytlarda «baxshi» deb ataganlar. Jumladan, Yazd shahrida Mansur baxshi, Hirotda Abumalik baxshi, Hasan Qora, Sayil Shams, Samarqandda Zaynul Obidin baxshilar yashaganlar. Istambulda yashab ijod etganlardan Abdurazzoq baxshining nomi ma’lum.
Uyg‘ur xati bilan ajoyib qo‘lyozma kitoblar bitilgan, majmualar tuzilgan. Majmuaga misol qilib Yazdda 1432 yilda Mansur baxshi tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmani ko‘rsatishimiz mumkin. Unga «Rohat-ul-qulub», «Masala kitobi», «Siroj-ul-qulub» kabi nasriy asarlar, Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si, shuningdek, qo‘lyozma kotibining bir qasidasi, Lutfiyning to‘rtta g‘azali, Qambar o‘g‘lining uchta, Javhariy, Sayyid, Qosimning bittadan g‘azali va beshta to‘rtlik kiritilgan, Hoshiyada esa Rashididdin Vatvotning «Sad kalimayasidan bir qismi, undan tashqari arab xati bilan Kamol Isfahoniyning forsiy devoni ko‘chirilgan. 1480 yilda Istambulda Abdurazzoq baxshi tuzgan qo‘lyozma majmuaga «Hibat-ul-haqoyiq», «Mahzan-ul-asror» asarlari, shuningdek, Lutfiy va Sakkokiy g‘azallaridan namunalar kiritilgan.
XIV-XVasrlarga kelib O‘rta Osiyoda arab yozuvi uyg‘ur xatini tobora siqib chiqara boshladi. Natijada kotiblar uyg‘ur xatini ommaga kengroq yetkazish zaruratidan kelib chiqib, ayrim kitoblarda arab yozuvini ham qo‘shib ishlatishga majbur bo‘ldilar. Shuning uchun bu davrda uyg‘ur xati bilan ko‘chirilgan matnlar orasida har bir satr ostida arab yozuvi bilan izohlab chiqilganlarini, shuningdek, uyg‘ur xatida yozilib, ayrim o‘rinlari arab xatida yozib qo‘yilganlarini ham uchratamiz. Tarixda turli til namoyandalari talabini nazarda tutib, ikki tilda ikki xil yozuv bilan bitilgan yodgorliklar bor. Lekin uyg‘ur xatidagi kitoblarda ikkinchi yozuv turk xatidagi matnni izohlab borish, ma’lum o‘rinlarni ajratib ko‘rsatishga xizmat qilgan. Yoki baxshi o‘z davri udumiga ko‘ra ayrim satrlarni (masalan, arabcha hadis, oyat va b.) arab xatida berishni lozim topgan. Har ikki yozuv bir-biri bilan uyg‘unlashib, kitob ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan.
Uyg‘ur xatidagi qo‘lyozma kitoblar e’tiborli shaxslar tomonidan maxsus buyurtirilgan bo‘lib, ular qunt bilan tayyorlangan. Kitob sahifalari miniatyuralar, turli geometrik shakllar hamda boshqa xildagi naqshlar bilan bezatilgan. Uyg‘ur xatidagi matn esa ana shu geometrik shakllar orasiga yoki naqshlarga moslab ko‘chirilar edi. Yozuv bilan naqshlar o‘zaro uyg‘unlashib, umumiy ohangdoshlik kasb etgan. Kitobat san’atining eng go‘zal namunalari qatoriga Britaniya muzeyidagi Orient 8193 nomerli majmuani, «Hibat-ulhaqoyiq»ning Samarqand nusxasini, «Me’rojnoma» kabilarni kiritishimiz mumkin. Bu qo‘lyozma kitoblar o‘zining nafisligi, sharqonaligi, takrorlanmas bezaklari bilan ko‘rgan kishini hayratga soladi. Turk yozuvidagi kitoblarda uning xatiga alohida e’tibor berilgan. Turli siyohlar ishlatilgan. Zarur o‘rinlarda zarhal rangdan ham foydalanilar edi.
Odatda, arab xatidagi qo‘lyozmalarda asarning nomi matn orasiga kiritilgan. Bu borada turkiy xatdagi bitiklarning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Ularda dastlab asarning nomini yirik harflarda ajratib yozib, undan keyin bitik ko‘chirilar edi.
Ko‘rinadiki, hozir shartli ravishda «uyg‘ur yozuvi» deb ataladigan umumturkiy yozuv ajdodlarimizning qadimiy bitigi sifatida madaniyatimiz tarixida katta o‘rin tutadi. Uyg‘ur xatida bitilgan yodgorliklarni o‘rganish sohasida amalga oshirilgandan ko‘ra amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Bu yodgorliklarning adabiyotimiz, tilimiz, xalqimiz tarixini o‘rganishdagi ahamiyatini bir so‘z bilan aytib o‘tishning o‘zi mushkul. Ularni chuqur tadqiq etish, ajdodlarimiz yaratgan bebaho merosdan .xalqimizni bahramand etmoq lozim. Bunday xayrli ishlarning amalga oshuvi fanimizning faqat yutug‘i bo‘ladi, xolos.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 7-son