OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sharof Ubaydullayev. Osmonni kim suyab turibdi? (1990)

«Paxta ishi» endigina yodimizdan ko‘tarilayozganda, tuzlig‘imizdan tuz, arig‘imizdan suv ichib turgan ikki azamat general «o‘zbek mafiyasi»ni pesh qilib, g‘ijinib yer tepinib qolishdi. Qalam tutishimga turtki bo‘lgan sabab shu: Generallar - Eduard Alekseevich Didorenko va Oleg Ivanovich Gaydanovning: «Kim-kimni yengadi, mafiyami yoqi bizmi?» («Chelovek i zakon», M., 1989 yil, 2-son) hamda «Haqiqatning achchiq ta'mi», («Zvezda Vostoka», 1988, yil, 12-son) deb nomlangan maqolalaridir. Avvalo har ikki oynomaning naq o‘ttiz betini band etgan «o‘zbek mafiyasi» hamda unga qarshi kurashga kirishgan hurmatli generallarimiz qanday dahshatli «ichki va tashqi dushmanlar»ga duch kelishayotgani haqidagi rivoyatlarni o‘qish, eng muhimi uqish lozim.

Odatda, o‘quvchi ikki toifaga bo‘linadi: Biri o‘qiganini «ilib» odadi; ikkinchisi haqiqiy ahvolga solishtirib, mushohada etadi. Xo‘sh, huquqni muhofaza qilish, organlarimizning yutuqlari shu qadar beqiyosmi? Kechagina jumhuriyatning eng yuksak minbarlaridan balandparvoz hayqiriqlar yangrab turuvdi. Endi-chi?.. Endi so‘roq berishga to‘g‘ri kelyapti!.. O'zbekistonda generallarning ovozi ham birinchi marta yangrayotgani , yo‘q, hash-pash deguncha, Churbanovdan tortib, Yahyoevgacha 20-30 tasining «misi» chiqdi... Lekin huquq tidida «Qiyoslash asos bo‘lolmaydi» degan ibora bor, shunday bo‘lsa-da, bugungi yutug‘imizning bo‘yini nimaga taqqoslash mumkin ekan-a? Sharqda: «O'tmishni o‘rganaman desang, mozorga bor, bugunni o‘rganaman desang, bozorga bor», degan maqol bor. Bozor esa... yonmoqda! Ushbu satrlar, bitilayotgan erta ko‘klam kunida bozorda, sabzavotning narxi do‘kondagi davlat narxidan 4-5 marta baland ekanligini aytish kifoya emasmi? Olma, anor, nok kabi mevalarning narxini do‘kon bilan taqqoslashning iloji ham yo‘q! Chunki bu mevalar do‘kon peshtaxtasini ham ko‘rmaydi. Toshkent - atrofi oynavand shahar, deb faxrlanamiz, lekin uning mahsuloti do‘konni chetlab o‘tib, bozorda narx-navoni gullatyapti! Marhamat, bodring 5-6 so‘m, pomidor 10 so‘m! Shahardagi 150 ta go‘sht do‘koni eshigiga ovora bo‘lib, qulf osib yurishibdi. Holbuki, o‘g‘ri uradigan narsaning o‘zi yo‘q. Shahar savdo idorasiga taklif kiritaman: Eshik-darvozalar qulf o‘rniga, mixlab tashlansa, yuzlab qulf foydaga qolardi! Bu qulflardan o‘rinli foydalanilsa, sabzavot do‘konlarida esnab o‘tirganlarning og‘zini ham yopsa bo‘ladi. Shahar savdosi xo‘jalik hisobiga o‘tmagan ko‘riyadi, bo‘lmasa allaqachon shunday qilinardi!

Bozor yonmoqda dedik, shu o‘rinda bir misol ortiqchalik qilmasa kerak, chunki uning ham olov tushgan bozorga daxli bor. Chunki bunga biz jurnalistlar ham allaqachon o‘z «hissamizni» qo‘shishga ulgurganmiz... 1984 yilning avgust oyi edi, Markaziy Komitetda «Bozor operatsiyasi»ning o‘ta sirli plani o‘ziga xos, maxfiy tarzda muhokama qilindi. «Bozorni qachon bundoq tuzukroq silkiysizlar, o‘rtoq gazetachilar? Murasasozlik yetar!», deyilgan tanbehni oqsoqolimiz Nikolay Fedorovich Timofeev (o‘sha paytdagi «Pravda Vostoka» ro‘znomasi bosh muharriri) o‘ziga olish bilan birga, lo‘nda jazob ham qaytardi: «Silkish bilan ham, do‘q-po‘pisa bilan ham bozor mahsulotga to‘lib qolmaydi! Bozor, o‘z paytpda Marks tomonidan kashf etilgan raqobat qonuni bnlan yashaydi!» Bozorni bir hamlada «tor-mor» keltirish planini chizib turganlarga bunday gap yoqarmidi? «Kechirasiz, o‘rtoq Timofeev, dedi o‘zicha xayol surayotgan rahbar pastdan aytilgan oddiy haqiqatdan lovullab ketganini yashirolmay, biz bozor mafiyasining bir uchi gazetaga kelib ulanishini bilmabmiz. Ha, ko‘ramnz, kim-kimni yengadi, bozor mafiyasimi yoki biz?!» Mana shunday dabdaba bilan «Bozor operatsiyasi»si o‘z tasdig‘ini topgan, kimdir uni oshkor, kimdir sukut roziligi bilan ma'qullagan edi!..

Nachora? O'sha majlisidan so‘ng, har bir gazetachiman degan shovvoz «mafiyaning uchi o‘ziga kelib taqalmasligini» amalda ko‘rsatishga tushib ketdi. Militsiya bizdan oldinda! O'sha «o‘ta maxfiy» majlisdan chiqib, uch-to‘rt kishi yo‘lni beixtiyor Oloy bozoriga burganimizni kechagiday eslaymiz. Lekin «Bozor operatsiyasi» nimadan iboratligini bilolmay, har kim o‘zicha javob axtarib ketyapti Har holda, bozorda qandaydir mo‘‘jiza ro‘y berishiga umid yo‘q emasdi: Bozor masalasi shunday yuksak minbarda tilga olindi-ku, axir!.. O'sha kuni Oloy bozorining u boshidan - bu boshiga necha martalab kezib, «maxfiy holatni» har kim o‘zicha baholaganini ko‘rsangiz! Har dehqonni to‘rttadan militsiya xodimi va «durjinachi» obdon tekshirar, pasporti yo‘qlarni alohida ro‘yxat qilar, «Tergov» borardi. Maxfiy operatsiya nahotki shundan iborat bo‘lsa? Yo‘q-e?! Orqa-oldiga qaramay chopgan bozor pattachisi biz muxbirlar to‘dasiga urilib ketmaganda bormi, rosti, o‘sha kuni hech birimiz bu maxfiylik jumbogini yecholmasligimiz turgan gap edi. Urishga urilib, yerga uchib tushgan qalamini olarkan, pattachi do‘q ham qilib qo‘ydi:

- Xo‘sh, nega sallotday tizilishib yuribsiz?

- I-e, mulla aka, uzr so‘rash o‘rniga-ya, salkam ko‘zni chiqarib...

- Ertadan keyin, keling, uzr so‘rab qo‘yaman!

- Ertadan keyin? Nega bugun emas?

- Bugun bozorga o‘t tushgan kun, xabaringiz yo‘qmi, uka! - deb qoldi pattachi kutilmaganda yarim hasrat, yarmi zarda bilan. - Ko‘rmayapsanmi, bugun bozorga melisa o‘t qo‘yvotti! Ertaga katta pojar! Usmonxo‘jaev kevotti!

Bu gaplar o‘shanda dehqonning tinchini buzib, uni bozordan bezdirganini ko‘rib-bilib turganlar uchun ham, «pojar» bo‘lib tuyulmagan, aksincha, «bozorga g‘amxo‘rlik» sifatida qabul qilingan. U bugun bo‘lmasa ham, ertaga in'om etishi aniq bo‘lgan mevalardan umidvor etgani-chi! Bularni eslashdan maqsad nima? Insof bilan aytganda, har qanday «pojar»ni faqat bozorning qoq o‘rtasidan axtarish kerakmi? Bir kunlik «ma'murlik» bozorga qanchalar qimmatga tushishini bilish uchun «payg‘ambar» bo‘lish shart emas. Ertasiga kishi bilmas bir tarzda bozorga bosh suqish kifoya edi...

Bozor atrofidagi umri kapalak umridek qisqa mahobatli tadbirlar, bugun nimasi bilandir generallarimiz Gaydanov va Didorenko undayotgan - uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash usuliga hamohang tuyulmaydimi?!

Bu gaplar o‘tgan kunniki, bugun nimalar yuz beryapti o‘zi? Hurmatli generallarimiz Ittifoq jaridasi muxbiri bilan: «Bizning mafiya Vatanimiz - O'zbekiston bu borada Sitsiliyani ortda qoldiradimi, yo‘qmi», degan masalani o‘rtaga qo‘yar ekanlar, shunday xulosaga kelishadi: «O'zbeklar ishi»ni g‘arbga solishtirganda ham umumiy tomonlari ko‘p ekan! Bu o‘rtoq E. A. Didorenkoning fikri, lekin o‘rtoq O .I. Gaydanov bu bilan ham qanoatlanmaydi. «O'zbek mafiyasi»ga baho berar ekan, u shunday tagdor xulosa chiqaradi: «Biz istaymizmi, yo‘qmi, bugun tan olmaslikning iloji yo‘q... manzara bir xil - jinoiy kuchlar ayrim davlat tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomon chuqur ildiz otib ketgan. Bugunning fojiasi eng xunuk qiyofasi bilan O'zbekistonda namoyon bo‘ldi...»

To‘g‘ri, O'zbekiston boshdan og‘ir kunlarni kechirdi va kechirmoqda. Vatan farzandlari shunday og‘ir kunda, haqiqatdan yuz o‘girmagan holda, qanday yo‘l tutishlari kerak? Yaqinda Qalmiq o‘lkasida 28 norasida go‘dak qonida SPID kasalligi topilishi munosabati bilan, qalmiqlar chekayotgan ma'naviy azobning dahshatlari haqida xalq shoiri Dovud Qug‘ultinov yurak bag‘ri yonib-yozdi: «Qalmiqlar asrlar bo‘yi cho‘lma-cho‘l ko‘chib yurib, oddiy gigiena talablari xususida bosh ham qotirgan emasdilar, ularda bunday tasavvur ham yo‘q edi, ammo ular SPID degan baloni ham bilmasdilar». («Izvestiya» 24 fevral, 1989 yil). Biroq bizning generallarimiz hamma yaramas illatlarning ildizi O'zbekistonga kelib taqaladi, deb ishontiradilar.

E. Didorenko: «Jinoyatchilik ham, hamma hodisalar kabi, o‘ziga xos qonuniyatlarga ega... Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, faqat ro‘yxatlarda bo‘lgan qartaboz va turli xil qimorbozlarning o‘zi 1500 dan oshadi. Ularning juda ko‘pchiligi bir necha yuz ming so‘mlab yutib-yutqazib, o‘sha joyning o‘zida naqd hisob-kitob qilib ketadilar... Hozir O'zbekistonda 160 dan ortiq yashirin milioner va bir yarim mingdan ortiq yashirin biznes egalari bor...»

Ajabo, oddiy odamlar uchun «yashirin» bo‘lishi mumkin. Ammo huquq muhofazasining shunday mavqedagi generallari uchun ham u «ro‘yxati aniq» bo‘lgan qora sharpalar «yashirin»mi?! Shunday ekan, ularning yuzini kim ochishi kerak? Bu yo‘lda ko‘zga ko‘rinmas g‘ovlar bor ekan, unda ashaddiy jinoyatchilar insofga kelib, o‘z-uzini fosh etishini kutamizmi? U holda, chindan ham, itsiliyani ortda qoldirish hech gap emas! Xo‘sh, qog‘ozga tushgan jinoyatchini qo‘lga tushdi, deya olamizmi?! Sitsiliyada ham shunday jinoiy guruhlarning borligiga shubha yo‘q, lekin bunday generallar borligiga ishonish qiyin. Chunki ular, ishonchli manbalarning ta'kidlashicha, jinoyatchi orqasidan iz sanab xulosa chiqarishmaydi, balki avval qo‘lga tushirib, keyin sanashadi!.. Bu borada O'zbekiston bugun yarqirab ko‘zga tashlanib turgan ekan, uning qiyosini Sitsiliyadan emas, ancha beridan, bepoyon mamlakatning quchog‘idan axtarsa bo‘lmasmikan? Bu borada «o‘z ishidan mamnunlik» va «halollik» tuyg‘ulari bilan masrurlik tuyayotgan ayrim shaxslarga «Drujba narodov» oynomasi bergan saboq-tavsiya e'tiborga molikdir. Oynoma taniqli rus yozuvchisi Yuriy Chernichenkoning qardosh jumhuriyatlar o‘rtasida , kechayotgan murakkab hodisalarga yengil-elpi yondoshishiga nisbatan o‘z munosabatini bildiradi. «Hozir Qozog‘iston, O'zbekiston, Turkmanistonga ko‘plab rus xodimlari... jo‘natilmoqda, qo‘pol qilib aytganda, u yoqqa nima import qilinmoqda? Bilim emas, ishbilarmonlik emas, chetdan halollik kiritilmoqda», - degan Yuriy Chernichenkoga «Drujba narodov» shunday javob qiladi: Onajonim - Rossiyaga, qamoqqa olingan ministrlari, direktorlari, partiya xodimlari va hokazo va hokazo kazo-kazo «sobiq»lari bo‘lgan, Shchelokovu Churbanovdek poraxo‘rlari, mafiyalari bo‘lgan Rossiyaga halollikni kim import qilar ekan? Balki, varyaglarni chaqirib keltirsakmikan-a!» (1988 yil, 5-son).

Biroq «Chelovek i zakon» jaridasi «o‘zbeklar ishi» haqida o‘z qarashiga ega ko‘rinadi. Bu uning generallarimiz bilan suhbat qurgan muxbirlari I .Yuferov va S. Dvigantsev qarashida namoyon bo‘lib turibdi! Generallarimiz esa, «o‘zbeklar ishi»dagi mahobatda bir-biridan o‘tib, poygaga aylangan suhbatda musobaqaga berilib ketadilar. Muxbirning qizishgan generallarga bergan tasallisini ko‘ring: «Hechqisi yo‘q, sizlarni tushunish mumkin. Urush axir, urushda esa qarab turib bo‘lmaydi, g‘alaba keltirgan vositalarning hammasi ham yaxshi!..» Lekin generallarimiz ham bo‘sh kelishmaydi, yotib qolguncha otib qol qabilida, jumhuriyatda ko‘zga ko‘rinmas allaqanday kuchlar mavjudligidan nolib, falsafiy xulosa yasashadi. E. Didorenko: «... ichki dushman (?) bilan kurashmoq tashqi dushman bilan kurashmoqdan ko‘ra qiyinroq». Ajabo, bunday da'volardan keyin o‘ylab qolasan kishi: O'zbekistonda «uyushgan jinoyatchilikka» qarshi kurash boryaptimi yoki biz bexabar, grajdanlar urushi boshlanib ketganmi? Bunga intervyuda javob bo‘lmaganidek, jinoyatchilikning ommaviy tus olib ketishidan haqli ravishda tashvishlanayotgan xalqni umidvor qiladigan biron iliq so‘z ham yo‘q! Aksincha, generallarimiz tantanali «va'da» berishadi: «Ikki yoki besh yildan keyin ham, uyushgan jinoyatchilikni yengamiz, deyish xomxayol bo‘lur edi!».

Bu yo‘nalishdagi harakatning loaqal biron bir dasturi bormi-yo‘qmi, bu ham noma'lumligicha qolaveradi. Bizga «Italiya va GFR politsiyasining ilg‘or tajribasi yetishmayotgan» ekan, buni yana o‘n yil paysalga solish shart emas, qayta qurish - shuning uchun ham qayta qurishki, hamma narsa, shu jumladan, bahona ham o‘z nomi bilan atalishi kerak! Biroq ko‘pchilikka sirli tuyulgan yana bir savol bor: Axir, siz tajribasini o‘rganishga oshiqqan o‘sha politsiyaning o‘zi «tajriba»larini o‘rtoqlashaditan ahvoldami? G'arbning ko‘pgina mamlakatlarida HUQUQ muhofazasi namoyandalari qo‘riqchisiz ko‘chaga ham chiqolmay yurishadi-ku? Hozircha O'zbekistonda,birorta sudya - hakam, prokuror - qozini «o‘g‘irlab» ketishga uyushgan jinoyatchilik doirasi ham jur'at etganicha yo‘q. Xudoga shukur, o‘zaro aloqalar mustahkam! Bir tomondan, hurmatli generallarimiz ham haq ko‘rinadi, «qo‘shib yozish» va «ommaviy poraxo‘rlik»da O'zbekiston Sitsiliyani allaqachon ortda qoldirib ketgani aniq. Lekin hayfsan yuqoridan pastga, pora esa pastdan yuqoriga o‘rmalaydi, degan hayotiy haqiqat ham bor! Afsuski, yuqoridagi maqolalar ruhida bunga ishora ham yo‘q. Go‘yo, O'zbekiston o‘zini talab ketgan! Hurmatli generallarimiz olib borgan katta kurash shuni ko‘rsatib turibdiki, «o‘zbeklar ishi» nafaqat «pa[ta mafbyasi» va «sut mafiyasi»dan iborat, «qaroqchilik» va «bosqinchilik»da ham ustasi farang ekanmiz! Qarang-a, Ittifoqda «birinchi» bo‘lgan holda, o‘zimiz buni bilmas ekanmiz. Bu o‘rinda markaziy matbuotning qanchalar beqiyos xizmati: borligini ham ko‘plar bilmaydi-da!.. Mana sizga, «o‘zbeklar ishi!» Paxta dog‘ini o‘tgan yili endigina ter bilan, halol mehnat bilan yuvdik deganda, navbatdagi, qaroqchilik yorlig‘i ham o‘zbeklarga tegib tursa-ya?! Ikki generalimiz imzo chekkan ushbu xulosadan o‘zingiz bir ma'no chiqarib ko‘ring: «Uyushgan jinoyatchilik... Bu so‘zlar tez-tez tilga olinadigan bo‘lib qoldi. Bu tushunchaning ortida nima turadi? Na SSJ Ittifoqi, na jumhuriyatlar jinoyat Qonunchiligida, na Jinoyat kodekslarida bu savolga javob bor. Bu savolga, afsuski, huquqshunos olimlarimiz ham chap berib kelishadi. Uyushgan jinoyatchilik, hammadan ko‘ra, «O'zbeklar ishi» (?) deb nom olgan «paxta» ishi», «sut ishi» bilan bog‘liqlikda ko‘rinadi...»

Mana sizga, nohaq malomatdan oylab, yillab xalos bo‘lolmay yurgan xalqni ko‘rib-bilib turgan ikki generalning bahosi! Bir guruh poraxo‘r jinoyatchilar qachondan buyon butun boshli xalq - o‘zbeklar qiyofasini belgilaydigan mezon bo‘lib qoldi? Boz ustiga, o‘n millionli jarida Ittifoq bo‘ylab uchgan kezda, Moskvada «hurmatidan ayrilgan» sakkiz general ustidan o‘qilgan sud hukmi ham bu «haqiqat»ning qaror topishida ozmuncha rol o‘ynamadi!

Xayriyatki, O'zbekistonning kuni faqat generallarga qolgan emas! Har ishning bahosini oxir-oqibatda, eng oliy hakam - vaqt belgilaydi. O'zbeklar ishi - qadim-qadimdan halollik, mehnatsevarlik bo‘lib kelgan. Bir mayizni qirq bo‘lib yeyish - o‘zbeklar ishi ekanligini bilmagan kim bor?! Butun Osiyo faxri va g‘ururi Chingiz Aytmatov «Qayta qurish oshkoralik - omonlik daraxti» maqolasida o‘zbeklarning kimligi haqida tarixning o‘z bahosi borliginn aytdi: «O'zbek xalqining mamlakat uchun qilgan mehnatini birma-bir sanayversak, bularning bari boshimizni quyi egib, ta'zim etishga sazovordir. Qadimdan qadim o‘zbek madaniyatining O'rta Osiyoga ko‘rsatgan ta'sirini ko‘hna Vizantiya Qadim Rusga ko‘rsatgan ta'sir bilan qiyoslash mumkin. Sovetgacha bo‘lgan davrlarda va sovet davrida ham O'zbekiston bizning Sharqdagi so‘zimizu yuzimiz bo‘lib keldi. Yo‘q, o‘zbek xalqining bokira yuziga hech narsa dog‘ tushirolmaydi!» («Pravda», 1988 yil, 13 fevral).

Ikki generalimiz - E. A. Didorenko va O. I. Gaydanov o‘zlarining Ittifoq jurnaliga bergan intervyularida yuristlar va jurnalistlar ittifoqi yaxshi samaralar berayotganidan mamnun ekanliklarini ta'kidlab, «biz oshkoralikka, ayniqsa, uyushgan jinoyatchilikni yorug‘likka olib chiqqan jurnalistlarga minnatdorchilik bildiramiz», deyishadiki bunga qo‘shilmoq kerak. Lekin shu o‘rinda, bunday yaqinlikka intilishni tabriklagan holda, aytish kerakki, matbuot va oshkoralik maydoni, xuddi huquq jarayoni kabi, g‘oyatda halol, har bir so‘z o‘lchovida naqadar ehtiyotkor bo‘lishni taqozo etadi. Ammo akademik Erkin Yusupovning «Parvozga shaylangan qush mag‘rur bo‘lmog‘i kerak» maqolasiga («Zvezda Vostoka», 1988 yil, 8-son) raddiya sifatida O. Gaydanov yozgan «Haqiqatning achchiq ta'mi» «(Zvezda. Vostoka», 1988 yil, 12-son) maqolasi «shovla ketsa ham obro‘ ketmasin», degan maqolni eslatadi. Maqolaga O. Gaydanov jumhuriyat prokuroriniig o‘rinbosari sifatida imzo cheksa-da, olim va jamoat arbobi haqida yuritgan fikr-mulohazalarini uning shaxsiy fikriga yo‘yish mumkin. Biroq uning asossiz da'volarini qanday baholash kerak? Prokuror maqola boshidayoq «tayyor» xulosaga keladi: «Ayni paytda muallif  (ya'ni, Erkin Yusupov) ayrim doiralarga qo‘shilib (?), O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti XVI plenumining (1984 yil) jumhuriyatdagi negativ ko‘rinishlarga qarshi kurashish haqidagi qarorlariii taftish etishga intiladi... Prokuror ayblovni davom ettirib yozadi: «Ular jumhuriyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, ommaviy o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, uyushgan jinoyatchilikka nisbatan ko‘rilayotgan tadbirlarga qarshi jamoatchilik fikrini qo‘zg‘atish niyatidadirlar»...

Bunday «aybnoma»lar prokurorning munozara madaniyatigina emas, huquqiy saviyasi ham maqtovga sazovor emasligini ko‘rsatmaydimi? Akademik Erkin Yusupov maqolasida munozarali o‘rinlar bo‘lishi mumkinligidan ko‘z yumish yoki uni xaspo‘shlash niyatidan uzoqmiz, biroq asosan, ma'naviy yuztuban ketgan bir guruh shaxslar o‘zbek xalqi qiyofasini belgilay olmasligi haqidagi maqolaning nimasi prokurorga hazm bo‘lmadi ekan? Maqolani ming qayta o‘qiganda ham, bunday beshafqat «hukm»ga asos yo‘q! Nahotki, o‘zbekning bag‘ri va qanoti butun bo‘lishi uchun, avvalo uning sha'ni yerga urilmasligi, ming yillik mag‘rur qiyofasini asrab-avaylab munosabatda bo‘lishga da'vat etuvchi fidoyi so‘z huquq-tartibot namoyandasiga munozarali tuyulsa? Bunday shiorni har bir xalq farzandi o‘rtaga tashlashi mumkin va shunga haqlidir. Aksincha, huquq-tartibot muhofazasi ham shu tomonga yuz burib, jinoiy guruhlarni fosh etishda izchillik yo‘lini tutishi, ular qilmishiga baho berganda, xalq ko‘ziga cho‘p tashlamay, mag‘rur qalbni majruhlikka mahkum. etmaslik san'atini egallashi kerak emasmi?! Bizga allaqachon hamyurt bo‘lib qolgan Gaydanov va Didorenko ham o‘zlari ta'kidlab o‘tganlaridek, «1984 yildan buyon O'zbekiston - mehmondo‘st va ochiq qalbli yurt»da yashamoqdalar, axir!

Xo‘sh, o‘rtoq O. Gaydanovni darg‘azablik ila qo‘lga qalam olishga undagan sabab aslida nima? Gap shundaki, akademik Erkin Yusupov, munozarali tarzda bo‘lsa-da biroq umum manfaati, shu kunnnng talabidan kelyb chiqqan holda, jumhuriyatda huquq-tartibot ishlari ko‘ngildagidek emasligini aytib baloga qoldi. Olim tergov organlari aybi bilan bir necha oy nohaq hibsda saqlangan Ziyaeva taqdiriga kuyunadi. Bu ayol yuz ming so‘mlab pora olishda ayblangan, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Suddan keyin nafaqat o‘zini, uni partiya a'zoligiga tavsiya etganlarni ham jazolashga tushib ketdilar. Jazoga mahkum etilgan tavsiyachilardan biri esa yurist edi. U Ziyaevaning haqligiga shubha qilmagan holda, o‘z yonidan otpuska olib, Moskvaga uchib boradi va bir qancha vaqt jinoiy ishni o‘rganib chiqadi. Xolis niyatli odamning chuqur grajdanlik tuyg‘usi va odamiyligi tufayligina, bu ish «sostavida jinoyat alomati bo‘lmagani uchun», harakatdan to‘xtatildi. Ziyaeva qamoqdan ozod qilindi. Xo‘sh, shu bilan, inson, partiya a'zosi va oila bekasining qalb jarohati barham topdi, deb ayta olamizmi? Uni partiyaga tavsiya etganlar orasida yurist bo‘lmaganda-chi? Bunday holatlar tergov ishlarida yagona hodisami? Prokuror qayoqqa qaramoqda, o‘zi?!

Qolaversa, o‘rtoq Gaydanov jumhuriyat prokuraturasida yetakchi lavozimni egallab turgan keyingi uch yilning o‘zidayoq nohaq qamalgan qariyb 500 kishi oqlanib, ularga to‘langan tovon 1 000 000 so‘mdan oshdi! Hurmatli prokuror, shular ichida qanchasi uning shaxsan «o‘z ijodi», qolganlari iqtidorli shogirdlari o‘rtasida qanday taqsimlanishi xususida so‘z yuritsa, bunday hikoya oshkoralik va mardlik yuzasidan ham, «maroqli»roqmidi? Binobarin, E. Yusupov «qonun posbonlari»; hamlasiga uchragan birinchi va yagona muallif ham emas.  Bu borada jumhuriyatdagi birmuncha yozuvchilaru Anatoliy Kovalev, Safar Ostonov, Habibullo Olimjonovdek talay jurnalistlar ham allaqachon «guruhboz», «millatchi», «qasoskor» kabi qator yorliqlar majmuasiga musharraf bo‘lganlar!

O. Gaydanov maqolasida akademik «po‘stagini qoqib», so‘ng unga shunday amirona talablar qo‘yiladi: «Erkin Yusupovdek atoqli olim turli shubhali odamlarning etagini tutmay huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘maklashadigan materiallar yozishi kerak!» Ajabo, akademik bo‘la turib, shu paytgacha o‘zining muqaddas vazifasi nimadan iboratligini bilmasa-ya? Nahotki, hurmatli generallarimiz hamon dunyoda rusdan bo‘lak ko‘z va aql yo‘q, deb bilishsa?!

Generallar so‘zining mavqei har qancha baland bo‘lsa-da, u hali jumhuriyat huquq - tartibot idoralarining yakdil ovozi bo‘la olmaydi. Ular orasida halol ham oshkora, samimiy hurmat, eng muhimi, haqiqatga ko‘maklashish asosiga qurilgan hamkorlikni yuksak qadrlaydigan militsiya, prokuratura va sud xodimlari  juda ko‘p! Bu bilan birga, Gaydanov, Didorenko, Laptev, Shitov, Shabolkin, Abdiev, Toropov, Savinovskix, Ovsenyuk, Galkin, Popova, Artomonov kabi inson taqdiri bilan o‘ynashmoqni kasb qilgan «huquq posbonlari»ning aft-angorini ham zndilikda elimiz yaxshi biladi!

Hamkorlik o‘rniga nayzavozlik yo‘lini tutishdan kim manfaatdor? Bundan kimlarning oshig‘i olchi? Boshimiz ustidagi osmonni suyab turgan generallarning bahsi nima haqida? Har ikkala maqolada, «o‘zbeklar ishi»dagi oldi-qochdi chekinishlarni istisno etganda ham, gap «quyon ovi» haqida emas, tsivilizatsiyaning SPIDdan kam bo‘lmagan dahshatli illati - uyushgan jinoyatchilik va unga qarshi kurash ustida boradi. Shunday ekan, ashaddiy jinoyatchilar osongina uyushgan va til topishgan chog‘da, sog‘lom kuchlar nega bir-birlari bilan til topisholmay ovora? Sog‘lom kuchlarning birikmasligi - uyushgan jinoyatchilarning orzusi, xolos. Xalqimizning yakka otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas, degan naqli bor. Hozircha, osmonni suyab turganlar marhamati bilan, faqat changimiz chiqmoqda!.. 

«Fitna san'ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.