OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Serjilo kulgi (1991)

Abdulla Qodiriyning hajviy merosi hanuzgacha to‘laligicha yig‘ilgan, atroflicha o‘rganilgan emas.

Adibning hajviy iste’dodi 20-yillarda to‘laroq namoyon bo‘lgan. Yozuvchi o‘sha kezlari bizda «o‘tkir kulgi ijodchilari yo‘qligidan», «bu kungi hajviyotimizda keskinlik» yetishmayotganligidan afsuslanadi. «Biroq yaxshi xususiyatimiz shundaki, har zamon jamiyatning qitig‘ini izlaymiz, izlashdan charchamaymiz va o‘tirib ham qolmaymiz», deya o‘ziga taskin beradi: yangi inqilobiy hajvchilik «yoshligi jihatidan dag‘alligi, qo‘polligi va kamchiligi bo‘lishi ham tabiiy» ekanini e’tirof etadi.

Darhaqiqat, o‘tgan asrda Gulxaniy, Muqimiy singari hajvchilarni bergan o‘zbek adabiyotida asrimizning dastlabki yigirma yili davomida yorqin hajviy iste’dodlarni, barkamol hajviy asarlarni deyarli ko‘rmaymiz. Agar inqilobdan burungi hajv ko‘proq taraqqiyparvar adiblar qo‘lida ma’rifatparvarlik — jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga, «qoloq udumlar»ni qoralashga xizmat qilgan bo‘lsa, inqilobdan keyin yangi hukmron inqilobiy mafkuraning «o‘tkir quroli»ga aylandi; eski tuzumni, uning ma’naviy asoslarini, eski jamiyat ustunlari bo‘lmish mansabdor, boy va ruhoniylarni qahru g‘azab bilan qoralash, savalashga tushdi. Bu davrda yaratilgan aksari hajviy asarlarda qahru g‘azab, qoralash, fosh etish bor-u, chinakam san’at asariga, chin ma’nodagi realistik hajviyotga xos, Qodiriy iborasi bilan aytganda, «xarakter kulgisi», hayotning, turmush hodisalarining xolis va teran tahlili yo‘q. Qodiriyning ko‘plab hajviyalari ham bunday kamchiliklardan xoli emas. Ayni payda, 1915 yilda bitilgan «Uloqda» hikoyasidan boshlab yozuvchi ijodiga kulgining xilma-xil tovlanishlari — yengil hazil, nimtabassum, kinoya-kesatiq, piching yo‘llari bilan xalq turmushi manzaralarini xolis turib chizish, personajlar qismati va tabiati mohiyatini ochish mayllari ko‘zga tashlana boshlagan edi. Bu jihatdan «Otam va bolshevik», «Tinch ish», «Bechora Roziqboy aka», «Maslaku maqsaddan shamma’i izhor» kabi asarlari ajralib turadi. 20-yillar miyonasida yaratilgan «Kalvak maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» qissalari yangi inqilobiy hajviyotimizning jiddiy yutug‘i bo‘ldi. Bu asarlarda yozuvchi kulgisi chindan ham «xarakter kulgisi» darajasiga ko‘tarildi, muallif endi hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy mavqeda turib nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yo‘lidan bormay, xarakter va hodisalarni butun murkkabligi, ziddiyatlari bilan ko‘rsatishga jazm etadi. Ha, Qodiriy buyuk so‘z ustalariga xos realistik tasvirning sehrli qudratini ko‘rsatdi, hattoki hajviy personajlar talqinida ham bir xildagi rang, ohanglardan qochib bo‘yoqlarning rang-barang jilolarini namoyon etdi. Bunday fazilat «O‘tgan kunlar» romanidagi O‘zbek oyim, «Mehrobdan chayon»dagi Solih mahdum, «Obid ketmon»dagi Xatib domla, mulla Muhsin obrazlari ifodasida yana ham sayqal topgan. Mazkur siymolar jahon adabiyotidagi hajviy xarakterlarning eng mumtoz namunalari qatoridan o‘rin olishga haqli.

Qodiriyga, Qodiriy ijodiga johillarcha munosabat ayni uning hajviy asarlarini noto‘g‘ri tushunish, talqin etishdan boshlandi: chunonchi, adibning 1926 yili «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» hajviyasidagi jumhuriyat rahbarlari haqida ovsar bir personaj tilidan aytilgan beozor tanqid, hazil aralash haq gap uchun unga siyosiy ayb qo‘yilib qamoqqa olindi, adib ustidan ig‘vo, bo‘htonlar uyushtirildi. O‘zbek oyim, Solih mahdum kabi personajlar o‘sha davr tanqidchiligida, umuman yozuvchining yutug‘i sifatida nisbatan ijobiy baholangan bo‘lsa-da, bu xil, obrazlar mohiyati anchayin yuzaki talqin etildi. So‘nggi paytlarda «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» personajlari tevaragidagi ayrim bahslar, yangicha izlanishlar jarayonida faqat mazkur asarlar personajlarigina emas, umuman Qodiriy ijodidagi hajviy xarakterlarning adabiyotshunoslikdagi talqini keskin tanqidga, qayta ko‘rib chiqishga muhtoj ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Shunisi qiziqki, aksar tadqiqotchilar «Mehrobdan chayon»dagi Solih maxdumni salbiy tip, qabohatlar timsoli tarzida baholaydilar, o‘z da’volarini romandan olingan dalillar asosida isbotlashga harakat qiladilar. Tanqidchi Azim Rahimov «Solih maxdumda nima ayb?» maqolasida («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1980 yil 3 avgust) esa bu shaxs ustiga qo‘yilgan ayblarni rad etishga, har bob bilan uni oqlashga — reabilitatsiya qilishga tirishadi, maxdumning «ijobiy ishlari»ni, «insoniy fazilatlari»ni tasdiqlaydigan dalillar keltirishga urinadi. Yosh adabiyotshunos Murtazo Qarshiboev «Solih maxdum farishtami?» maqolasida («O‘zbekiston adabiyoti va sanati», 1990 yil 2 noyabr) esa islom mafkurasi nuqtai nazaridan kelib chiqib A. Rahimov da’vosiga e’tiroz bildiradi. Solih maxdumni o‘ta salbiy kimsa sifatida qoralaydi. U ham romandan o‘z qarashlarini tasdiqlaydigan talay dalillarni topishga erishadi. Ehtimol, yana bir tadqiqotchi mazkur obrazga boshqa tomondan yondashishi, o‘z qarashi isboti uchun yangi dalillar topishi mumkin. Xo‘sh, nega shunday? Gap shundaki, adib bu obraz tasvirida realizmning eng mo‘‘tabar mezonlariga amal qilgan, o‘zining shaxsiy mayllari, mafkuraviy maqsadlaridan yuksakroq turgan; bu shaxs yozuvchining xohish-irodasi bilan emas, o‘z ichki mantiqi asosida ob’ektiv sharoit, vaziyat taqozosiga ko‘ra harakat qiladi, Alloh in’om etgan zuvalasidagi mavjud tabiiy xususiyatlarni oshkor etadi. Xarakter va harakat mantig‘iga ko‘ra, meningcha, Solih maxdum asardagi ikki qutb — «nomarg‘ub-manfiy qahramonlar» yoki «marg‘ub qahramonlar» toifasiga ham kirmaydi. U ikki o‘t orasida qolgan, tabiatidagi ojiz mayllarning quliga aylanib, shayton vasvasasiga uchib, vaziyat, sharoit hukmiga bo‘ysunib ham ayanchli, ham kulgili ahvolga tushib qolgan sho‘rlik bir banda. Darhaqiqat, unda qator ijobiy fazilartlar bor, biroq ular o‘quvchida o‘ziga nisbatan joziba, mehr uyg‘otishga to‘la qodir emas; unda ko‘p yaramas odatlar bor, bu hol esa, negadir, unga nisbatan sizda keskin bir nafrat ham tug‘dirmaydi: ko‘p o‘rinlarda, xususan, pirovardida uning ayanchli holiga siz hech qachon astoydil hamdam bo‘lolmaysiz. Yozuvchi xalq kulgisining g‘oyat xilma-xil jilolarini ishga solib maxdum tabiatining jamiki qirralarini ko‘rsatadi. Mazkur obraz tub mohiyatini mana shu ifodalar rang-barangligini nazarda tutmay turib ochish, tagiga yetish mushkul; faqat bir yoki ikki jihati bilangina u haqda uzil-kesil hukm chiqaraman degan kishi, shubhasiz, yanglishadi.

Shunday biryoqlamalik adibning «Kalvak maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» kabi asarlari talqinida ham ko‘zga tashlanadi. I. Sulton o‘zining «Abdulla Qodiriy» tadqiqotida birinchilardan bo‘lib bu ikki asarni ancha keng tahlil etgan, ularning asosiy ruhi «ijtimoiy hayotning hamma sohalarida, ayniqsa kishilarning ongida» saqlanib qolayotgan eskilik qoldiqlariga, ekspluatator sinflar ideologiyasi sanalmish dinga, «faqat kapitalizm sarqitlarigagina emas, feodalizm qoldiqlariga qarshi kurash»dan iborat ekanligini aytadi. Bugina emas. Olimning fikricha, «Abdulla Qodiriy salbiy xarakterlarni tasvirlash orqali ijobiy hodisalarni tasdiq etadi», «yozuvchi sovet davridagi ijobiy hodisalarni shu hayotda eskilik sarqiti bo‘lgan salbiy personajlar orqali tasvir etadi» (I. Sulton. To‘rt jildlik, 11-jild, 345-bet).

«O‘zbek sovet adabiyoti tarixi»da (1-jild, 1968) ham, «Kalvak maxzum...» bilan «Toshpo‘lat tajang...» asosan feodal o‘tmishning kishilar ongidagi sarqitlarini fosh etuvchi asarlar sifatida qaraladi. «Yozuvchi bu asarlarda, — deyiladi o‘sha kitobda, — o‘tmish sarqitlari, ruhoniylar va tekinxo‘r takasaltanglarni qattiq tanqid qiladi, ularning yangi hayot qurishimizga ko‘rsatayotgan qarshiliklarini ochib tashlaydi» (71-bet.) Bu asarlardagi yetakchi personajlar mohiyati odatdagi qarashlar doirasida sharhlanadi. Chunonchi, Maxzum — reaktsion ruhoniy, eski tuzumning ko‘pgina yaramas tomonlarini o‘zida mujassamlashtirgan, u yangi tuzum afzalliklarini tushunishdan juda uzoq kimsa (262-bet). Kalvak maxzum o‘tmishiga oid tasvir ma’nosi shunday izohlanadi: «Tarjimai hol» bilan tanishar ekanmiz, ichki dunyosi chirik, tashqi dunyosi kulgilik kalvak Maxzumgina emas, balki bunday tuban tushunchali buzuq axloqli kishilarni yetishtirgan o‘tmish jamiyat, qoloq ijtimoiy tuzum illatlari ham ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi« (264-bet). Maxzumning sho‘ro davridagi sarguzashtlariga oid tasvir ma’nosining «Tarix»dagi talqini esa mana bunday: «Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasidan keyingi yangi tarixiy sharoitda — Kalvak Maxzum kabi kishilar toifasining ildiziga bolta urilgan bir vaqtda — reaktsion ruhoniy ulamolar darg‘azab bo‘ldilar, progressiv kishilarga qarshi g‘iybat va bo‘htonlarni yog‘dirdilar». (264-bet). «Tarixida «Toshpo‘lat tajang» xususida muxtasar qilib u «o‘tmishdagi qoloq ijtimoiy tuzumning yaramas sarqitlaridan qutila olmagan tuban kishilarning tipik bir vakili» deyiladi (261-bet). A. Aliev «Abdulla Qodiriy» kitobida «Kalvak bolsheviklarning, yangicha kishilar va yangicha tartiblarning ashaddiy dushmani», «kalvaklar guruhi sovet zamonasidagi eng reaktsion elementlardan biri» (67-bet); Toshpo‘lat esa «bekorchilik orqasida tekinxo‘rlikka o‘rganib, yangi hayotdagi hamma narsaga nafrat bilan qaraydigan beburd chapani» deb yozadi (62-bet). Azim Rahimov «Solih maxdumda nima ayb?» maqolasida yana ham keskinroq qilib «Kalvak maxzum johil va notavon, jismoniy va ma’naviy majruh bir shaxs», «unda qizg‘in faoliyat uchun kuch ham, bilim ham, qobiliyat ham yo‘q», «o‘ta ketgan xudbin, aqli ko‘toh bir nodon», «yuz berayotgan katta ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga tor manfaatparastlik doirasidan qaraydi», «u jamiyat taraqqiyoti tomonidan chetga uloqtirib tashlangan jirkanch kimsa» deydi. Nihoyat, eng keyingi manbalardan biri «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi» darsligida har ikki asardagi asosiy gap eskini, salbiyni inkor etib, fosh qilib yangining ulug‘vor, hayotiy, po‘rtanavor odimlarini tasdiqlashda va olqishlashda» ekani ta’kidlanadi (32-bet).

Men «Kalvak maxzum...» va «Toshpo‘lat tajang...» haqidagi bu xil fikrlarni butunlay rad etmoqchi emasman, ularda bir qadar haqiqat bor, albatta. Ammo har ikki asarning, ulardagi yetakchi personajlarning ma’no-mazmun doirasi faqat shulardangina iborat emas.

Avvalo har ikki asarning asosiy ruhi o‘tmishni qoralash, feodal o‘tmish sarqitlarini fosh etish, sovet davri voqeligini, hayotdagi yangiliklarni tasdiqlash va olqishlashdan iborat deb sanash, ya’ni asarlarni sof mafkuraviy tarafkashlik mahsuli deb qarashning o‘zida muayayn biryoqlamalik bor. Har ikki asarni tadqiq etishga kirishganda yozuvchining mazkur asarlar va ularning yetakchi personajlari xususida aytgan mulohazalarini ham nazarda tutmoq darkor. Maxzum haqida Qodiriy deydi: «Kalvak maxzumni o‘qing: ko‘bdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan, madrasa xurofati bilan miyasi g‘ovlag‘on xolis bir mahalla imonini ko‘rasiz». So‘ngra Toshpo‘lat haqida mana bunday deydi: «Toshpo‘latni o‘qing: ishsiz, biri bit, biri sirka bo‘lmagan va shu faqirlik orqasida o‘g‘riliq va faxshiyat dengizida suzib tajanglangan xolis bir chapanini ko‘rasiz». E’tibor bering, adib bosh qahramonlari — Maxzum, Toshpo‘lat xarakterlari iroda yo‘nalishlarining yetakchi jihatlariga ishora qilyapti, shuning barobarida har ikkala shaxs tabiatining bir mushtarak jihatini — ularning «xolis» odamlar ekanini uqdiryapti. Ma’lumki, har ikkala asar ham o‘sha yetakchi personajlar tilidan hikoya qilinadi. Tabiiyki, ular hodisalarni o‘z saviyasi, nuqtai-nazaridan turib baholaydilar. Biroq ulug‘ realist yozuvchi san’atining sehri shundaki, muallif madrasa xurofati bilan miyasi g‘ovlagan mutaassib ruhoniy — Maxzum, ishsizlik va faqirlik orqasida ezilib tajanglangan chapani — Toshpo‘lat tabiatiga xos ajib bir xolislikni ham kashf etadi. Bir qarashda xiyla tarafkashlik bilan hikoya qilinayotgan hodisalarda hayotning xolis, ob’ektiv manzarasi gavdalanadi. Har ikki asarni sinchiklab o‘qir ekansiz, ularda siz faqat feodal o‘tmishni qoralash, eskilik sarqitlarini, mutaassib ruhoniy va tajang-bezorini fosh etish yoki sho‘ro davri yangiliklarini tasdiqlash, olqishlashnigina emas, ayni paytda o‘tmishdan meros qator xalq udumlarini — qanday bo‘lsa shundayligicha, manfiy va musbat tomonlari bilan ko‘rasiz. Maxzum, Toshpo‘lat va ularga yaqin kishilarning kechmishdagi talay noxush jihatlari barobarida ularning tabiiy, insoniy quvonchu tashvishlariga sherik tutinasiz: sho‘ro davri voqealari qalamga olinganda adib nuqul yetakchi personajlar nigohida salbiy bo‘lib tuyulgan marg‘ub hodisalargagina emas, balki 20-yillar hayotiga, sotsialistik voqelikka xos bir qator jiddiy, noxush hodisalarga ham e’tiborimizni tortadi. Yangi inqilobiy davr rivojining murakkab ichki ziddiyatlarini badiiy tahlil etadi. Bu hol 20-30-yillarda johil kimsalar da’vo qilganidek, aslo yozuvchining yangi jamiyatga noxush munosabati, qandaydir «g‘arazi», «dushmanligi», «revolyutsiyaga qarshi xatti-harakati» alomati emas, balki vijdoni pok, haqgo‘y adibning chin fuqarolik burchini ado etganligi tasdig‘idir.

Gapni Kalvak maxzumdan boshlaylik. Sir emas, asar boshida Maxzumni fosh etishga urinish xiyla kuchli, yozuvchi har bob bilan Kalvakni qoralash, masxaralashga tushadi, ayrim o‘rinlarda muallif qahramonini xarakter mantig‘iga zid xatti-harakatlar qilishga majbur etayotganday tuyuladi. Chunonchi, Maxzumning it urishtirayotgan bolalar qiliqlaridan zavqlanishi, o‘n ikki yoshli qiz bolaga behayolarcha tegajoqlik qilishi, uni chapanilarcha so‘roqqa tutishi, qizaloqqa qarata: «Emchaging olmadek bo‘lib qolibdir: o‘ynashing ham bormi?» deyishi — bular madrasa xurofati bilan miyasi g‘ovlagan mulla odamning gapi emas, bu gaplarni Toshpo‘lat tajangga o‘xshash chapani odam aytsa, unga to‘la ishonish mumkin edi. Shuningdek, Maxzumning dunyoga kelish tarixi, chaqaloqlik yillari, kasalliklarga chalinish voqealari bayonida ham inson shaxsini tahqirlash, masxaralash, bu borada me’yoridan chiqib ketish hollari uchraydi. Buning muayyan ob’ektiv sabablari bor, albatta. Ma’lumki, «Kalvak maxzum» 1923 yili yozila boshlagan edi. O‘sha kezlari mamlakatda «feodal o‘tmish»ga, «o‘tmish sarqitlari»ga, jumladan, dinga, diniy aqidalarga, dindorlarga qarshi shafqatsiz kurash avj oldirib yuborilgan, ko‘plab ziyolilar, ijodkorlar mana shu kurashga safarbar etilgan edi. Qodiriydek e’tiqodi butun alloma ham zamona zayli tufaylimi, ixtiyoriymi yoki shayton vasvasasi, shubha-gumonlar, ruhiy-ma’naviy ikkilanish, izlanishlar oqibatidanmi — qandaydir sabablar bilan muayyan muddat shu jangu jadallarda qatnashdi, din va diniy udumlarni yoppasiga qoralovchi, rad etuvchi asarlar yozadi. Birgina misol: «Zamonaning zayli» maqolasida «Millatning peshonasining sho‘ri bo‘lgan, to‘g‘risi, millatning sof va toza miyasini siqib olib, o‘rniga hayvon miyasi o‘rnashtirgan oq sallali devlarni bir chuqurga tiqib, ustiga maorif va madaniyat asosini qursak qanday ur-yiqit bazm bo‘lur edi», deb yozadi.

«Kalvak maxzum» Qodiriy xuddi shunday qarashlar girdobida paytida yozila boshlagan. Tabiiyki, bu hol asarda, ruhoniy Maxzum obrazi talqinida o‘z muhrini qoldirgan. Ammo realist yozuvchi o‘zining o‘sha kezlardagi mafkuraviy aqidalaridan, mayllaridan yuksaklikka ko‘tarilib, ayni o‘sha hajv tig‘iga ro‘para qilingan ruhoniy Maxzum, uning shaxsiyati, muhiti, o‘tmishi va sho‘ro davridagi sarguzashtlari bilan bog‘liq ob’ektiv haqiqatni ham aytishga, ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan.

Hech shubha yo‘qki, ota-ona tilab olgan, oilada yakka-yagona o‘g‘lon — Kalvakning o‘ta erkatoy o‘sgani, mudarris ota panohida madrasada shaltoq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgani, otasining ham shaltoq ishlarga aloqasi borligi, qallob yo‘llar bilan farishtaday qizga uylanishi, ko‘ngilsiz kelinga vahshiylarcha tajovuzi va bu ishning noxush oqibatlari — shu kabi o‘rinlarda yozuvchining kulgisi haqiqatan ham zaharxanda qahqahaga aylanadi, muallif qahramoni tabiatidagi qabohatlarni boplab fosh etadi. Shular barobarida, adib ota bilan onaning yolg‘iz farzand tarbiyasi, salomatligi, kamoli, istiqboli, baxti deb chekkan aziyatlarini ham tushunib, yurakdan his etib qalam tebratadi. Bu dardchil, ko‘rimsiz, noshud-notavon, kalvak tabiat o‘g‘lon ota-ona boshiga ne-ne tashvishu savdolarni solmadi, axir! Xususan o‘g‘lining madrasadagi shaltoq ishlari oshkor bo‘lgan kezlardagi ota holati, so‘ngra nobop o‘g‘lonning chimildiqda kelinchakka qilgan tajovuzidan keyin qudalar, el-yurt oldida sharmandalik va qo‘rquvdan tahlikaga tushishi, yana o‘sha baxti qaro o‘g‘ilning boshini ikkita qilish yo‘lidagi tashvishlari — hajviy asar bag‘ridan shunday tig‘iz, mungli ruhiy dramatik tasvirlarning joy olishi san’atda siyrak uchraydigak noyob hodisa! Shuningdek, kitobxon madrasa xurofati bilan miyasi g‘ovlagan Maxzumning hayotdagi bir qator maqbul o‘zgarishlar, yangiliklar, tarkib topib borayotgan yangicha taomillarni hazm qilolmay noqulay ahvolga tushib qolishidan qahqah otib kuladi; qiroatxonada erkak va ayolning oddiy insoniy munosabatlari Maxzumga fahsh bo‘lib tuyuladi; u qiroatxonaning odamlarga tekin xizmat qilishi sababiga tushunolmaydi, yangi ilmiy kitoblarga nafrat bilan qaraydi, ularni «ag‘darish-to‘ntarish qilub ko‘chaga chiqarib» tashlagisi keladi; mahalliy xalq yoshlarini markazga o‘qishga yuborilishi unga zo‘ravonlik bo‘lib ko‘rinadi va hokazo. Bunday o‘rinlardagi piching, kinoya-kesatiqlar muhim ijtimoiy ma’no kasb etadi. Ammo Maxzo‘m qismati, sarguzashtlari ifodasida boshqa jihatlar ham mavjud. Maxzum tabiati e’tibori bilan har qancha kulgili bo‘lmasin, u ayanchli kimsa. Avvalo Ollohning o‘zi uning baxtini kemtik qilib yaratgan, bolaligi dardu tashvishlar bilan o‘tgan, voyaga yetib uylanganida ilk quvonch azaga aylangan; oradan ancha fursat o‘tib, o‘ziga munosib ayolga unashuv asnosida ota olamdan o‘tadi, to‘yga atalgan narsalar ota azasiga xarj qilinadi; so‘ng otadan qolgan mulkning bir qismini sotib uylanadi, farzand ko‘radi, baxtli bo‘ldim deb quvonadi, ammo birin-ketin ikki farzandini qaro yerga berib judolik o‘tida o‘rtanadi. Nihoyat, yakkayu yagona qizini voyaga yetkazib, uzatib endi «tinchigani»da yurtda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lib, bolshevoylar siyosati tufayli madrasalar yopiladi, dindorlarga, eski ziyolilarga munosabat keskinlashadi, ko‘plar qator Maxzum ham tirikchilik manbaidan — imomatdan haydaladi, ko‘cha-ko‘ylarda sarson bo‘lib qoladi: «bu vaqtda tiriklik toshdan qattiq, bola-chaqaning tashvishi kishini qaysi ko‘ylarga solmaydir...» Maxzum nochor duoxonlik qilishga majbur bo‘ladi, ammo duoxonlik orqasida kun ko‘rish bisyor qiyin, baxtiga kampiri bor ekan «ipu ipliq qilib» ro‘zg‘orni tebratadi; Maxzumning «Mushtum» idorasiga yozgan xatidagi imomatdan tushib qolgandan beri benihoya dilgirligi, ertadan-kech qiladigan ishi uyga kirish, eshikka chiqish — bundan boshqa gap yo‘qligi, bekorchilikdan er-xotin orasida dilxunlik davom etayotgani xususida qilgan shikoyatlari ifodasida kulgi ohangidan ko‘ra qahramonning nochor ahvoliga achinish tuyg‘usi ustivor.

Maxzum sarguzashtlari talqinidagi yana bir g‘oyat muhim yo‘nalish hozirga qadar adabiyotshunoslar e’tiboridan chetda qolib kelayotir. Gap shundaki, go‘yo Maxzum uchun tushuniksiz, g‘ayritabiiy, kulgili bo‘lib tuyulgan hodisalar zamirida tamomila boshqa bir ma’noni o‘qib olish qiyin emas: bir qarashda Maxzumni «fosh etish»ga qaratilgandek bo‘lib ko‘rinadigan kulgi tig‘i o‘sha davr — 20-yillardagi ijtimoiy-siyosiy hodisalarning ko‘pgina jiddiy tomonlariga, adib iborasi bilan aytganda «jamiyat qitig‘iga» tegib o‘tadiki, yozuvchi bunday qaltis ishni benihoya ustalik, katta mahorat bilan ado etadi. Bunda u ko‘hna adabiyotimizdagi muhim bir san’at — tajohi ul orifin — bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka olish usulini ishga soladi. Eslang, Maxzum Mushafi Usmoniyni — Qur’oni karimning nodir nusxasini qidirib qiroatxonaga boradi: ma’lum bo‘ladiki, uni halqdan yashirin — «po‘lod sandiqqa solub soqlor ekan»lar. U qiroatxonada muqaddas diniy kitoblarni so‘rab-surishtiradi, lekin birortasini ham topolmaydi. Demak, jamoatchilik allaqachon ulardan mahrum etilgan. Maxzumning buxorolik tanishi tilidan sho‘ro ijroiyasiga yozgan maktubida o‘z-o‘zini fosh etuvchi jihatlar talaygina, shular barobarida sho‘ro odamlari bilan o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zarurligi haqidagi gaplari kishini hushyor torttiradi, chunki Maxzumning «ul haromzodalar andak sababini aytib darhol qamoqqa olmoqdin ham toymaslar» degan gaplarida jiddiy haqiqat bor. Boshqa bir o‘rinda hikoya qilinishicha, Maxzum masjidda yer islohati xususida amri ma’ruf qilib, shariat bo‘yicha birovning mulkini olish ahli mo‘minlarga haromligini aytgani uchun ertasi kuniyoq militsioner kelib oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketadi, aksilinqilobchi sifatida qamalib ketishiga oz qoladi.

Kalvak maxzum bir necha o‘rinda sho‘ro hukumati, firqa xodimlariga ro‘para keladi. Odatdagidek, ular bilan muloqotda Maxzum ovsarligi tufayli bir qadar kulgili holatga tushadi, ayni paytda o‘sha kulgili holatlarning o‘zida hodisaning boshqa jihatlariga imo-ishora, piching-kinoya mavjud. Masalan, ko‘chada ketayotgan Maxzum miltiq ko‘targan militsionerga duch keladi, uni «o‘rus» deb o‘ylaydi, keyinroq bilsa u rus emas, musulmon bolasi, o‘zining quyi mahallalik tanishi ekan, ul yigit tirikchilik toshdan qattiq bu zamonda bola-chaqaning tashvishi bilan militsiyaga ishga kirganiga iqror bo‘ladi; Maxzum unga «Yashirincha bo‘lsa ham namozingni o‘qi, cho‘qing‘oningda ham ichingdan «xudoyo o‘zing kechir...» deb tur, qani bo‘lmasa bir «tadjidi imon» qilaylik!» deganida bechora tevarakka alanglab kalima aytadi. Ehtimol, 20-yillar sharoitida fidoyi inqilobchilar nazarida militsioner yigitning bu qilmishi munofiqlik, sho‘ro xodimiga noloyiq xatti-harakat bo‘lib tuyular. Ammo uning hadikla tevarakka alanglab kalima aytishida yengil kulgi bilan barobar naqadar samimiyat bor: ustiga ustak odamlarning vijdon erki, e’tiqodi uchun hadiksirashga majbur etgan siyosatga muayyan munosabat ham bor. O‘sha o‘rinda Maxzumning shunday so‘zlari keltiriladi: «Ul (militsioner— U.N.) ketgandan so‘ng musulmonlarning holig‘a nihoyatda afsus qilib yig‘ladim: — oh, dedim, bu kofir musulmonlarning boshiga nimalar solmadi — dedim». Bu o‘sha davr siyosati uchun xiyla keskin aybnoma. Biroq bu gaplarni Maxzum, ya’ni «madrasa xurofati bilan miyasi g‘ovlagan», «ovsar», «kalvak», «qoloq» odam aytgani uchun bilinar-bilinmas yeldek o‘tib ketadi, o‘quvchi uning ohlariga, ko‘z yoshlariga uncha e’tibor bermaydi, ammo bular sezgir kitobxonni birdan hushyor torttiradi...

Ulug‘lardan biri vafot etadi, marhumning yaqinlari Maxzumni janoza o‘qishga taklif etadilar. Ma’lum bo‘lishicha, «marhum o‘zi o‘shal nauzanbilloh haqdin tong‘onlardin erdi, ammo botinda dini islomni do‘st tutub, kabzi ruh asnosida vasiyat qilibdilarkim, «agarchandiki, maxfiy bo‘lsa ham faqirni janoza birlan dafn qilingiz», deb...» Yozuvchi hodisa tafsilotini davom ettiradi. Maxzum so‘zidan bir qadar kulgili, ammo achchiq haqiqat ayon bo‘la boradi: «o‘zga ulug‘larning qulog‘iga bu ma’nidin chizi xabar yetmasin, deb» o‘sha mahallaning imomiga ham buni bildirmaydilar, uzoq-yaqin qavm-qarindoshlar to‘planib yarim tunda mahfiy tarzda janoza o‘qiladi: ertagi kun uchun esa ajib bir tadbirga hozirlik ko‘rib qo‘yiladi: «Erta birlan o‘shal mansabdor partinaylar tushib, munzakon birlan zakunska qilib, marhumni ko‘mar erkanlar...» Qarangki, 20-yillarning o‘rtalaridan boshlangan, ehtimolki, so‘z san’atida ilk bor Qodiriy tomonidan qalamga olingan bu xil taajjub hangomalar hayotda, afsuski shu kunga qadar davom etib keldi, hatto bu achchiq haqiqat gurji adibi N. Dumbadzening mashhur «Abadiyat qonuni» romanida ham qalamga olindi.

Asarda o‘z davrining aql bovar qilmaydigan g‘aroyib ziddiyatlari haqida yo‘l-yo‘lakay imo-ishoralar, qistirma gaplar ko‘p uchraydi. Bir o‘rinda muallif So‘fi Olloyorning «Agar daryo tagida bo‘lsa joying Bahona birla yetkurg‘ay xudoying» degan baytini keltiradi-da parvardigorning bu inoyatidan ahli kuffor ham nasibador ekanini aytadi va buning dalili sifatida Maxzum tilidan shularni so‘zlaydi: «O‘zbekiston deb tasmiya qilibdurlar, necha lak ahli bedin umrguzaronlik qilurlar va yana ul qavmi loyuflixunlardin har ro‘z va har shab otash aroba birlan vakon-vakon sorupo barahna xo‘rdu kalon bul janoblarga azimat qylib va andak fursatlarda xo‘raklik va po‘shaklik bo‘lib darajot ba darajot o‘shal mag‘ribi zaminda umrguzaronlik qilg‘uvchi farangilardek ko‘pas bo‘lib ketar erkanlar. Vaholanki, biz kalimago‘ ahli mamlakatlar ul parvardigorning chizi marhamatiga yak ro‘z tashna va yak ro‘z gurusna bo in hama shukim va zikr ilohiyga zabon go‘yolik qilurmiz».

Bu kulgili e’tirof — 20-yillardagi, yangi iqtisodiy siyosat davridagi O‘zbekistonning, tub millatga mansub xalqlarning qismatiga oid shafqatsiz haqiqatning o‘zginasidyr.

Ko‘pchilikka ayonki, «Kalvak maxzum...» 1923 — 27-yillar davomida yozilgan. Bu yillar mobaynida hayotning o‘zida, qolaversa Qodiriy qismatida, qarashida ko‘p jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi; Oktyabr inqilobi bergan erk, haq-huquq, birin-ketin tortib olina boshlandi, va’da qilingan narsalar, kutilgan ko‘p shirin orzu-umidlar sarobga aylandi, ma’muriy qo‘mondonlik hokimiyatining tahdid va zulmi kuchaydi; Qodiriydek sho‘ro hukumatiga, sotsializm ishiga sodiq, o‘zini «Marks va Leninning haroratlik shogirdi» sanagan alloma adib arzimas bahona bilan qamoqqa olinib «kontrrevolyutsion harakat»da ayblandi, mnsonlik sha’ni, orzu-umidlari toptaldi. Adib qismati, qarashi va ruhiyatidagi mana shu keskin dramatik fojeiy jarayon yozuvchining ijodiy tadrijida chuqur iz qoldirdi; buni jumladan, «Kalvak maxzum...»da ham ko‘rish mumkin. Boshda ko‘proq jonli hayot bilan aloqasi uzilgan, qoloq, ovsar bir ruhoniy ustidan kulishga qaratilgan asar bora-bora davrning ijtimoiy ziddiyatlari va illatlarini fosh etuvchi o‘tkir pamfletga, asardagi bosh hajviy personaj esa «hajv ob’ekti»ligidan chiqib, davr qurboni, ayanchli bir kimsaga aylanadi. Asar oxiridagi ikki holat: byurokratizmni fosh etuvchi «Qavoidul umaro» hangomasi hamda o‘sha davrda o‘rtaga tashlangan «odamizotning aqli yetmaydigan» «Qishloqqa yuzingni o‘gir!» shiorining asl ma’nosi haqidagi kinoya-kesatiqlarga to‘la mulohazalarni esga oling. «Qishloqqa yuzingni o‘gir!» shiori ma’nosini qidirish yo‘lidagi hangomalar va bu shiorga berilgan izohlar, ya’ni bolsheviklar shaharda amalga oshirgan o‘zgarishlaru endi qishloqda ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lgai rejalar sharhi, odatdagidek, o‘quvchini ham kuldiradi, ham kuldirib turib o‘yga toldiradi. Mana ular:

«Endi qishloqqa yuz o‘giringiz, ya’ni yuguringiz! Ularni ham bir yarim olchinlik ko‘ylak va lozimlardan barhamand qilingiz, ya’ni kaltadum aylangiz! Yangi maktablar ochib, er va qiz bolalarni o‘qittirib, maktab foydasig‘a yig‘ilg‘on donlarni shaharga ketirib uyingizga bosib olib, muallimlarga o‘z tishlarining kirini so‘rdiringiz! Sigirlarga ho‘kiz va ho‘kizlarga buzoq deb nom beringiz! Otliq kishini eshakka va eshakli kishini otg‘a mindiringiz! Qishloqqa qadam ranjida qilib borg‘oningizda boorbo‘, og‘zi katta shaxslarning xonalariga mehmon bo‘lib, shul shaxslarning maslahati bilan bir tangalik soliqni o‘n tanga qilib yig‘ib, ortig‘ini orada bo‘lib olingiz!..» Bu xildagi achchiq piching-kinoyalar — naqd «jamiyat qitig‘iga» tegadigan gaplar o‘z davrida jamoatchilik orasida qanday taassurot qoldirgan ekan?! Ayniqsa «Sigirlarga ho‘kiz va ho‘kizlarga buzoq deb nom beringiz! Otliq kishini eshakka va eshakli kishini otg‘a mindiringiz!» degan zaxarxanda iboralar o‘sha kezlarda yurgizilayotgan bema’ni siyosat haqida o‘tkir aybnoma emasmi?!

Yozuvchi bular bilan cheklanmay yana davom etib, tanqid tig‘ini bundan ham keskinlashtirib dangaliga «Qishloqqa yuzingni o‘gir!» degan chaqiriqning asl ma’nosi qishloqni talashdan iborat ekanini, uni «Qishloqqa qopingni o‘gir!» deb tushunish mumkinligini ta’kidlab, keskin bir ohangda mana bularii yozadi: «Qishloqqa yuzingni o‘gir!» boychechagi o‘rniga «Qishloqqa qopingni o‘gir!» shiorini qabul qilish va undan so‘ng har birimizni qishloqdagi katta mansablarga; masalan: ijroqo‘m, sarkotib, sud, yer-suv, sho‘‘ba, milisiya boshlig‘i, xo‘jalik, idora (ammo muallim belgilash yana yaramaydir, chunki bu dunyoda shunday rasvo va unumsiz hunar yo‘q!) va boshqa amallarga belgulib, ba’dazon har birimizning qo‘limizg‘a topilsa non, topilmasa xalta berib qishloqlarga chiqorish kerak edi. Bu taqdirda haligi «qishloqqa yuzingni o‘gir!» shiori xoh-noxoh amalga oshib shaqarda qolg‘on katta go‘zimlarni ham biz kaminalar topib tutqon joyda xaltalarimiz bilan qkshloq tomong‘a tabassum qildirg‘on bo‘lar edik».

Bu da’voning tasdig‘i sifatida o‘sha kezlari bo‘lib o‘tgan kichik bir voqea keltiriladi: Ko‘rko‘ldak suvi ustiga ko‘prik solmoqchi bo‘ladilar; bu ko‘prik ham dehqonlar, ham paxtaqo‘m idorasi ehtiyojiga xizmat qilishi kerak. Biroq ko‘prik solishda «ishtonsiz dehqonlar» jonini jabborga berib ishlaydilar, ular noilojlikdan paxtaqo‘m eshigiga «o‘n ikki dona xari so‘rab «shayan olloh» o‘qiydirlar», paxtaqo‘m esa ularning iltijolariga nopisandlarcha «popirisining kulini cherta-cherta «Xudoy bersin!» javobini qiladi. Xulosa shuki, «paxtaqo‘mdek bir idora ham aptini chetga burib qopini keng qilib, qishloqqa o‘girdi!»

Biz yuqorida Kalvak maxzumni ham kulgili, ham ayanchli shaxs, davr alg‘ov-dalg‘ovlari qurboni, deb edik. Asar oxiriga tomon uni hajv qilishdan ko‘ra unga nisbatan achinish, hamdardlik tuyg‘usi ortib borishini eslatgan edik. Bilamizki, Kalvak maxzum sarguzashtlari 1927 yili to‘xtab qoladi.

Umuman Qodiriy ancha vaqt hajviyotni tark etib ketadi. Nihoyat, adib 1935 yil 10 martda «Yosh leninchi» ro‘znomasining adabiy to‘garagidagi uchrashuvda «yana o‘zining hajvchiligini yangidan boshlash tilagi bor»ligini aytadi. (Qarang: «Yozuvchi o‘z ishi to‘g‘risida» maqolasi) Shu niyatda, u avvalo chala qolgan mashhur «Kalvak maxzum...» qissasi ustidagi ishini davom ettiradi. Habibulla Qodiriyning eslashicha, oradan o‘n yil o‘tib adib 1936 yili yana Maxzum tarixiga qaytadi, asarning avval jurnal va ro‘znomalarda chiqqan boblarini jamlab, kattagina — o‘n ikki varaqli daftarga jo bo‘lgan xotima bobi bilan to‘ldiradi. Bu nusxani yozuvchi mashhur turkshunos — filolog olim Ye. D. Polivanovga tarjimaga beradi, uni o‘zbek va rus tillarida kitob holida chiqarmoqni niyat qiladi. Afsus, bu nusxa (ehtimolki, uning tayyor bo‘lgan tarjimasi ham birga) o‘sha kezlardagi mudhish voqealar to‘zoni ichra yo‘qolib ketgan. Yangidan yozilgan xotima bobini o‘qib chiqqan H. Qodiriyning aytishicha, unda Maxzumning qishloqqa safari va u yerdagi ko‘rgiliklari hikoya qilingan. Maxzum ish topolmay ro‘zg‘or vajidan qiyin ahvolda qoladi. Nihoyat, tanish-bilishlar oraga tushib Toshqo‘rg‘on qishlog‘i masjidiga imomlikka tayinlanadi va eshakda qishloqqa otlanadi: ne-ne orzu-havasu mashaqqatlar bilan qishloqqa yetib kelib endi ish boshlaganida «o‘rischa kiyinib, soch qo‘ygan» yosh bir komsomol yigit masjidga kirib domlaga: «Ha, shahardagilarning miyasini chiritib bo‘lib, endi qishloqdagilarning miyasini chiritgani keldingizmi?!» deya dag‘dag‘a qiladi. Domla o‘zidek odamlar, hatto qishloqlarda ham xor bo‘lganidan benihoya afsus chekadi. Shu orada qishloqda kolxozlashtirish, keskin sinfiy kurash, quloqlarni sinf sifatida tugatish safarbarligi boshlanadi, boy xonadonida yotib yurgan Maxzum to‘s-to‘polon payti qo‘lga olinib «sinfiy dushman»lar qatorida yalangoyog‘, ichki ko‘ylak-lozimda haydalib qishloq sho‘rosiga olib boriladi. So‘roq-tekshiruvdan so‘ng Kalvak oqlanadi, ammo u bunday notinch qishloqda yashashdan voz kechadi. H. Qodiriy ma’lumotiga ko‘ra, asar xotimasi «Kalvak tog‘am yana Toshkand shahrida eski bekorchilar. Endi imomatchilik topilmasa, biron qorovulchilik xizmatiga ham rozidirlar», degan so‘zlar bilan tugallanadi. (H. Qodiriy. «Otam haqida», 1983, 43-44-betlar.)

H. Qodiriy xotirida saqlanib qolgan tasvir umuman asar ruhiga, voqealar rivoji mantig‘iga mos. Unda Maxzumning bir qadar kulgili, ammo asos e’tibori bilan ayanchli qismati bu yerda muayyan intihosiga yetadi. Qissaning oxirgi boblarida muallif qahramonini qishloqqa olib boradi, uning achchiq sarguzashtlari va nigohi orqali eng keskin, dramatik palla — kollektivlashtirish davri hodisalariga o‘z munosabatini bildiradi. Afsuski xotima bobning barcha tafsilotlari bizga qorong‘i. Modomiki asarning e’lon etilgan oxirgi boblari shu qadar keskin tarzda bitilgan ekan, o‘z-o‘zidan dramalarga to‘la kollektivlashtirish voqealari ham shu yo‘sinda tasvir etilgan, davr ziddiyatlari xiyla keskin tarzda ochib berilgan, hodisalar mohiyati teran tahlil etilgan, deb taxmin qilish mumkin. H. Qodiriy qisqacha bayon etgan voqealar tafsiloti, chunonchi, «o‘rischa kiyingan, soch qo‘ygan» komsomol yigitning masjidga kirib qishloq qariyalari oldida shahardan kelgan domlani, nima bo‘lganida ham chetdan kelgan mehmonni, keksa odamni mensimay haqorat qilishi, qishloqdagi sinfiy kurash tufayli tahliqali hayot, Maxzumning sinfiy dushmanlar qatorida ta’qib etilishi, qishloqqa sig‘may shaharga qaytishi — shularning o‘ziyoq xotima bobining jiddiy bir ruhidan dalolat berib turibdi.

«Kalvak maxzumning xotira daftaridan» asaridagi shu xil o‘rinlar hozirga qadar adabiyotshunoslik e’tiboridan chetda qolib kelayotganligi kechirib bo‘lmas bir holdir. «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» asarining «tahlil» va «bahosi» bundan ham nochor. Toshpo‘lat «o‘tmishdagi qoloq, ijtimoiy tuzumning yaramas sarqitlaridan qutila olmagan tuban kishilarning tipik bir vakili», u «bekorchilik orqasida tekinxo‘rlikka o‘rganib, yangi hayotdagi hamma narsaga nafrat bilan qaraydigan beburd chapani», asarning bosh g‘oyasi esa «eskini, salbiyni inkor etib, fosh qilib yangining ulug‘vor, hayotiy, po‘rtanavor odimlarini tasdiqlash va olqishyadan iborat, degan xulosalar qissani yuzaki mutolaa qilish tufayli tug‘ilgan biryoqlama tasavvurlar samarasidir. Qolaversa, bu hol chinakam realistik asarga voqelikning xolis, haqqoniy tasviri, hayot haqiqati, rivoji ichki ziddiyatlarining ob’ektiv badiiy tadqiqi deb emas, nuqul unga «g‘oyaviy qurol» deb qarash, asarni mafkuraviy maqsadlardangina kelib chiqib baholash oqibatidir. Shuning uchun ham «Kalvak maxzum...» tahlilida bo‘lgani kabi «Toshpo‘lat tajang...»ni baholashda ham undan asosan feodal o‘tmishni, o‘tmish sarqitlarini «fosh etadigan», sho‘ro voqeligini esa «tasdiqlaydigan» va «olqishlaydigan» jihatlariga e’tibor qaratiladi, Toshpo‘lat siymosi esa nuqul sarqitlar, tubanliklar timsoli deb talqin etiladi.

Takror aytaman, «Kalvak maxzum...»da bo‘lgani kabi, «Toshpulat tajang.,.»da ham bunday holatlar yo‘q emas, albatta. Darhaqiqat, asar yetakchi personaji Toshpo‘lat tabiatida ko‘p nobop ziddiyatli jihatlar mavjud: u bolaligida yaxshi tarbiya ko‘rmagan, maktabda yolchitib bilim olmagan, savodsiz-omi, ma’rifatdan yiroq, hayotda yo‘lini topa olmagan, omadsiz odam. Toshpo‘lat fahsh ishlardan — nashavandlik, qimorbozlik, bezorilikdan ham toymaydi. Ma’rifatsizlik tufayli u ko‘p hollarda oddiy turmush chigalliklarini yecholmay, hayotdagi o‘zgarishlar, yangiliklar mohiyatini anglab yetolmay qiynaladi, kulgili, tang ahvolga tushib qoladi. Xususan soliq qog‘ozining, umuman soliq tartibotining ma’nosiga tushunmay dovdirashi, boboq xo‘rozini quvlab maktabga kirib qolib, yangicha ta’lim-tarbiya, o‘quvchilar haqida o‘zicha badbin xayollarga borishi — shu kabi o‘y-xayollari, bema’ni xatti-harakatlari bilan chindan ham u o‘z-o‘zini fosh etadi. Biroq asar personajiga baho berayotganda unga yo‘q ayblarni taqash, hajviy asar qahramoni ekan, deb jamiki yomon xususiyatlarni tirqayverish to‘g‘ri emas. Ayniqsa, unga nisbatan aytilgan «tuban kishilarning tipik vakili», «bekorchi», «tekinxo‘r», «hamma narsaga nafrat bilan qaraydigan beburd chapani» degan ayblar asossiz. Yozuvchining o‘zi bu obraz tabiatiga xos yetakchi xususiyatni juda aniq ta’riflab bergan. Muallifning fikricha, Toshpo‘lat — ishsiz, biri bit, biti sirka bo‘lmagan va shu faqirlik orqasiga yomon yo‘llarga kirib qolib tajanglangan chapani. Toshpo‘latni takasaltang bekorchi, tekinxo‘r deb bo‘lmaydi; u o‘zini har xil sohaga uradi, do‘kondorlik qiladi, tegirmonga aralashadi, dehqonchilikka qo‘l uradi, mardikor bozorga tushib yollanib birovlarning xizmatini ado etadi — biroq bu bilan uning sira kosasi oqarmaydi: do‘konni barham beradi, bir yil burun tegirmonga aralashgani uchun katta soliq tagida qoladi, «non o‘rniga kesak tishlab, yoz bo‘yi suv ichib ishlab oyog‘ida bitta chilim qovoqqa ega» bo‘ladi; kasalvand nochor odam bilan birovga mardikorlikka yollanib, hamma ishni o‘zi bajarib, olgan haqini nochor sherigiga in’om etib o‘zi quruq qoladi... Xullas, o‘z iborasi bilan aytganda, u «odamizod farzandining g‘aribi». Uni yemagan somsa uchun haq to‘lashga majbur etganlarida, tegirmonchi deb soliq solganlarida aytgan mana bu gaplari tagida faqiru haqir odamning fig‘oni yashirinib yotibdi:

«— ... Nima, pul qoqyabmanmi?

Choychaqasini undan-mundan qilib, tarallasini tortib yurgan Toshpo‘latning yetti yarim so‘lkavoyni tag‘in qaysi go‘sxo‘rdan olsin, a? Bobog‘imni sotib beraymi? Yoki sayratmamnimi? Etigim bo‘lsa-ku o‘n besh kundan beri garavda, choponni bo‘lsa o‘tgan kuni o‘zingni oldingda uch so‘lkavoyga sotdim. Xudoy haqqi, galavam aynadi...» Xuddi o‘sha ishsizlik, adolatsizlik, yo‘qchilik tufayli chin najot yo‘lini topolmay alamidan asabiylashadi, nashavandlikka beriladi, bedanabozlik, xo‘roz urishtirish bilan o‘zini ovuntiradi, goho gunoh ishlarga qo‘l uradi, yo‘lda ketayotgan notanish begunoh odamning yoqasidan oladi, mushkul ahvoldan, qaltis vaziyatdan chapanilarcha bezori-lik yo‘li bilan chiqmoqchi bo‘ladi. Bunday o‘rinlarda Toshpo‘latning holat va xatti-harakatlaridan ham kulasiz, ham ichdan zil ketasiz.

Xuddi «Kalvak maxzum...»da bo‘lgani kabi bu yerda ham muallif Toshpo‘lat sarguzashtlari orqali sizni 20-yillar hayotining ziddiyatli hodisalariga, davrning o‘tkir muammolariga ro‘para qiladi. Toshpo‘latning mardikor bozoridagi ko‘rganlari va o‘sha topdagi ahvol-ruhiyatini eslaylik: «Qissai ko‘toh shuki... tunov kun mardikor bozoriga tushkan edim — qo‘ling, qarasang ketmon ko‘targan xumsolaring arofat. Quling ham qatorg‘a kirib o‘ltirdim. Haytovur, mardikor bozoringni ijaraga olg‘on xumso yo‘q ekan. Sanga yolg‘on, xudoga chin, uka, odamzodning yuztasi to‘qquz pul: o‘zvagi, tojigi, machchosi, qozog‘i, qalmog‘i... borchi yetmish ikki jamg‘armasidan ham topasan. Boho oltita, odam oladirg‘on xumsong bo‘lsa anqo. Fe’lim aynadi, voy, kambag‘alchilikni chiqarg‘onni dedim...»

Bular sho‘ro hokimiyatning yettinchi-sakkizinchi yillarida Toshkentday shahri azimda bo‘layotgan voqealar. Ana, fuqaroning ahvoli, xilma-xil millat, jamoaga mansub oddiy mehnat ahlining holi, qadri! Buni ko‘rgan, boshiga o‘sha g‘ariblarning kuni tushgan Toshpo‘latdek faqr, chapani odam fe’l aynimay, tajanglanmay, faqirlikdan nolimay tura oladimi, axir! Voqealarning davomi yana ham iztirobli, iztirob to‘la kulgili. Toshpo‘lat hikoya qiladi: «Ketmonni tagimga qo‘yib o‘ltirdim. Yonimda bir bezgak; rangini qarasang sariq sumalak; buning ustiga eh-ehi qilib yo‘talib ham qo‘yadi. Ha, dedim; kasalingni mardikor bozorida tortasanmi, aka, dedim. Yoki bu yerni poshsholikni kasalxonasi, deb o‘yladingmi, dedim. Ey, uka, dedi, yo‘qchiligi qursin, jo‘ja-birdek jonman, dedi. O‘zi dehqon farzandi ekan, boboyi dehqon topa qo‘llaptilar kambag‘alni! Azbaroyi xudo, ta’bim tirriq bo‘ldi. Bordi-keldimni hisoblab qaragan edim, cho‘loq ketmondan boshqa hech gapim yo‘q, rangi ro‘yiga qarasam juda uvol, San ket, aka, — dedim. Ana shu bukun qanchaki ishlasam saniki bo‘lsin, kasalingni uyingda tort, — dedim. Bezgak xumsong marhamatimga sira ishonsa-chi. Indamadim. Qahrim bilan mardikor bozoring bo‘yicha yog‘rin berib gurs-gurs odim toshlob bir-ikki o‘tib soldim. Aqli ko‘zida bo‘lg‘on bir xumso sovlatimga po‘rt uchdi. Ha, dedim, o‘n bir kunlik ishingni bir kunda bajarib beraymi, aka, dedim. Yetti oq taga gaplashdik. Bezgagni ham shu bahoga so‘zlashib yonig‘a keldik. Afti basharani ko‘rishi bilanoq xo‘jayinning kayfi uchdi. Ha, dedim, bu xo‘roz-ku, aka, dedim. Buningni rangi o‘zi tug‘ma: o‘nta na’ra sheringni ishini qilmasa halol tuzingni sol, — dedim. Bo‘lmadi, xumsong judayam pix yorg‘on tullak ekan. Arang otang yaxshi, onang yaxshi bilan bir so‘lkavoyga bahayal itoribman. Bordiq. Haytovur xo‘jayin jonivoring bizni ishka solib o‘zi bozorg‘a jo‘nab soldi, kasofatingni salqing‘a cho‘ziltirib o‘zim kushod ketmonning olovini chiqardim. Xumso asirgacha yeguligini yeb yotkan yerida voldirab yotdi. Kechqurun baminador o‘n ikki oq tani olib o‘n birini bezgakka uzotdim, bir oq tani o‘zim nashamga olib qoldim, xumsong hali ham marhamatimga ishonsa-chi; nuqul, «ortiq berdingiz», deydi-ya; voy sani egam chaqirsin, diyman.

Kecha ketmonni ham olti yarim taga sotib yubordim. Nima, ochingdan o‘l deysanmi. Axir uch kungacha kishi ish topolmasa nimani yeydi?»

Qarang, naqadar tiniq, jonli, o‘ta shafqatsiz, dramalarga to‘la lavha! Yozuvchi kulib turib hayotning mungli, ayanchli haqiqatini qryillatib aytgan. Bugina emas. Bu lavhada Toshpo‘lat xarakterining tub mohiyati — qanaqa odam ekani juda yaxshi ochilgan. Ma’lum bo‘lyaptiki, u omi, chapani, bezori, nashavand, qimorboz bo‘lsa-da, uning vujudida, ruhida ko‘p olijanob xislatlar mavjud. O‘z turmushi, ahvoli ne holatda-yu, o‘zini emas, ko‘proq o‘ziga o‘xshash faqir fuqarolar qismati haqida o‘ylaydi: o‘ylab eziladi; g‘aribu miskin, o‘ta nochor notanish odam holiga achinib, uning joniga ora kiradi. Keei kelganida aytib o‘tay: Toshpo‘latga duch kelgan faqir; xasta mardikor dehqon obrazi, uning badiiy ifodasi, talqini yozuvchining muhim badiiy kashfiyotidir. Yuqrrida ko‘rib o‘tilganidek, Kalvak maxzum talqinida ham mungli sadolar uchrasa-da, mohiyat e’tibori bilan u komik obraz, chunki uning bisotida kulgi, istehzo uchun asoslar yetarli. Toshpo‘lat duch kelgan mardikor dehqon esa o‘ta g‘arib, miskin bir kimsa, uning holati, qismati faqat mungli-fojiy-sentimental yo‘nalishdagi talqinni taqozo etadi. Qarangki, adib mana shunday odam uchun ham hajviy asar bag‘ridan joy topib bera bilgan. Gap shundaki, yozuvchi bu nochor odam hayotiga Toshpo‘lat tipidagi chapani odam nigohi bilan qarab o‘ta mungli holat-hodisalar bag‘ridan ajib bir kulgili jihatlarni topadi. Boshqacharoq qilib aytganda, kulgi yo‘li bilan ayanchli, fojeiy hodisalar moh,iyatini ochadi. Toshpo‘latning bu xasta, nochor shaxs bilan chapanilarcha munosabati, xiyla-nayranglar bilan bu «o‘tmas matoh»ni pullab yotishi, qolaversa hayotga, odamlarga, ularning marhamatu saxovatiga ishonchni yo‘qotib qo‘ygan g‘arib kimsaning g‘aroyib tanti odamga duch kelib, g‘alati ahvolga tushib qolishi, ishga borib kechga qadar ishlamay salqinda «eb yotkan yerida voldirab yotishi», Toshpo‘lat mehnat haqining ko‘pini unga hadya etganida, go‘yo unda o‘zining ham hissasi bordek, nuqul «ortiq berdingiz» deb turishi — shu kabi kulgili o‘rinlar mung to‘la hodisaga qandaydir «engillik» o‘zgacha ruh baxsh etadi. Aslini olganda bu yerdagi kulgida «engillikining o‘zi yo‘q, kulgyli bo‘lib tuyulgan holatlar ayanchli istehzolarga to‘la.

Shu lavhadan ham ko‘rinib turibdiki, Toshpo‘lat aslo tuban, ishyoqmas, bekorchi takasaltang emas, tanida kuch-g‘ayrat, ko‘nglida ezgulik, shijoat to‘lib-toshib yotibdi. Ammo o‘sha nochor muhitda kuch-g‘ayratini ishga sololmay, o‘z mehnati, kuch-g‘ayratining nafi-samarasini ko‘rolmay sarson-sargardon: ishsizlik, binobarin faqirlik orqasida nima qilarini bilmay garang-tajang, alamzada. Ayniqsa, hayotdagi ajib jumboqlarni — tengsizlik va adolatsizliklarni ko‘rganda kufurligi ortadi: hissiz byurokrat mansabdorlar, shunday og‘ir zamonda «kambag‘alning boshini silashini xayoliga keltirmaydigan, yurt obodonchiligi haqida qayg‘urmaydigan, faqat o‘zini, mai-shatni o‘ylaydigan badavlat kimsalar, olifta kiyinib yuradiganlar ko‘ziga balo bo‘lib ko‘rinadi, o‘ziga o‘xshashlarning faqir yashashiga, sarson-sargardon yurishiga faqat shular aybdor deb biladi. Shuning uchun ham ularga duch kelganda asabiylashadi, bezoriligi tutadi. Nochor, o‘zini ovutish uchun nashavandlikka ruju qiladi.

Asarda Toshpo‘lat bisotini yorqinroq ochib beradigan, davrning shafqatsiz haqiqatini, ayanchli dramasini bundan ham keskinroq ko‘rsatadigan yana bir lavha bor. Bu lavhada yozuvchining boyagi noyob badiiy kashfiyoti — mungli, ayanchli hodisalarni ham kulgi — ayachnli istehzo bilan ifodalash san’ati yanada yorqinroq namoyon bo‘lgan: Toshpo‘lat Salim so‘tak degan tanishinikiga tomsuvoq hashariga boradi. Salim ham kosasi sira oqarmay kelayotganlardan. Uning oilaviy ahvoli ham kulgili, ham nochor. Toshpo‘lat hikoya qiladi: «Anavi yil Toji yamoqchining qiziga uylangan edi. Xotinchasi tozayam tashlab beripti. Qarabmanki beshta go‘dak! Ha, dedim bu chuvrindi bachchalarni qayog‘dan yig‘ib olding, xumso, dedim. Salim so‘taging kuladi. Ha, deydi, hammasi ham xudoy bergan qulbachchalaring, Toshpo‘lat, deydi. Voy, dedim, voy o‘ylamay ish qilg‘on odam farzandiga, dedim. Bitta arpa savating bormi, Salim dedim. Bo‘lsa, dedim, qama hamma jo‘jalaringni, pullab berayinchi men senga, dedim. Xudoy hakki, Salim so‘takka judayam og‘ir bo‘pti: yoningni kovlasang og‘zini ochadi, go‘daklari tushkir!..»

Ikki faqir, soddadil do‘stining hazil-mutoiba bilan aytgan gaplarini eshitib turib, Salim so‘takning, beshta norasida go‘dakning nochor holiga boqib, ayniqsa, go‘daklarning yonni kavlaganda og‘zini ochishlarini ko‘rib et-eting uvishib ketadi. Ochig‘i, shu paytga qadar adabiyotimizda. 20-yillar o‘zbek turmushining, jo‘jabirday faqiru haqir dehqon hayotining bunaqa yorqin, ayanchli, shafqatsiz manzarasi ifodasini ko‘rgan, o‘qigan emasman!

Yozuvchi qisqagina qilib Salimning shu holga tushish tarixini hikoya qiladi. Avvallari Salimning «ishi yirik: tagida ot-aravasi, yonida choy-chaqasi gotop» bo‘lgan; pul topib aql yo‘qotgan bu bandai mo‘min bir «nahs bosqon bilan sherik bo‘lib» amirkon paxta ekadi, «fabrikonchi o‘rusvoy» bilan bitim tuzib, undan besh-o‘n so‘lkavoy pul oladi. Kuzda yomg‘ir urib berib hosil nobud bo‘ladi-yu qarzga botadi, «voy-voyagi bola ochib, qishi bilan jo‘jalariga ot-aravani sotib» yediradi, endi u ham Toshpo‘latga o‘xshab bekorchi, ishsiz, na qilarini bilmay hayron. O‘sha damda Toshpo‘latning: «Ha, dedim, bo‘lar ish bo‘pti, endi nashangni bahuzur chekaver, Salim, dedim. Monovi jo‘jalaringni bo‘lsa, dedim, xudo yo‘liga qo‘yaver, dedim», deya bergan «dalda», «maslahati» davrning shafqatsizliklariga nisbatan shafqatsiz kinoya-kesatiq bo‘lib eshitiladi.

Mana shu ayanchli vaziyat asnosida dard ustiga chipqon, deganlariday yana bir ko‘ngilsiz hodisa yuz beradi. Faqir odamning do‘stlari uning joniga aro kirib tomini suvash uchun hasharga to‘planganida — qizg‘in ish paytida olifta bir mansabdor paydo bo‘ladi, «Salom yo‘q, alik yo‘q, horma-bor bo‘l ham qo‘ltig‘ida» zakun surishtiradi, Salimni odamlar kuchidan foydalanayotganlikda ayblaydi; bu oddiy xalq udumi, mehr-oqibati ekanini tushunishni ham istamaydi; «Hashar ishlab uxlog‘ong‘a o‘lmas mahshor kuni azob o‘lmas, toybas qilib sharob ichsang yana senga hisob o‘lmas», — degan kitob so‘zlari eslatilganida unga quloq ham solmaydi, hasharchilarni, ular qatori Toshpo‘latni ham xatga solib tergov uchun davlat mahkamasiga borishga majbur etadi. Salim so‘tak bu ishlardan jon-poni chiqadi, bezgagi xuruj qilib mansabdorga nima deganini bilmay qoladi. Toshpo‘lat esa, odatdagidek, bu ishlardan tajang, «shu zamonning oqibatidan xafa» bo‘ladi...

Endi asardagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davr siyosatiga oid ba’zi hodisalar tafsilotiga diqqatinggizni tortaman. Ishsizlikdan, faqirlikdan, adolatsizlikdan bora-bora Toshpo‘latning toqati toq bo‘ladi, adolatsizliklarga qarshi o‘zicha «isyon» ko‘taradi, sovet idoralariga borib, yer islohoti qilib fuqarolarga yer ulashgan xukumatdan savdogarlar do‘konini tortib olib, o‘ziga o‘xshashlarga bo‘lib berishlarini so‘rashga qat’iy jazm etadi, sindikatlardan «mol olib birni ikki qilishni xo‘b bilamiz» deya gerdayadi, o‘zini bilag‘on qilib ko‘rsatadi. Qizig‘i shundaki, shu xildagi faolligi, jangariligi bilan u darhol el nazariga tushadi. Saylov arafasida sakkizta kambag‘al uni o‘rab olib «Seni ulug‘ saylaymiz!» deya undan rozilik so‘raydilar. Shu o‘rinda piching-kinoyalarga, nozik imo-ishoralarga to‘la ziddiyatli g‘aroyib hodisalar qalamga olinadi; burungi «oq soqqa, qora soqqa» saylovi», saylov paytidagi kazo-kazolarning, qozi-domlalarning ta’margirlarcha saxovati, pul ulashishlari eslatiladi; endigi saylovda ular haqsiz, uylariga qamalib ustidan qulf solib olishgan. Bu gal kambag‘al mehnatkash xalqning saylovi, endi katta mansablarga faqiru haqirlar saylanishi, ha, Toshpo‘lat kabi kechagi yalangoyoq, omi, chapani, «yuk orqalaydigan», «xulegan», bezorilikdan, «gaknak topilsa ermak» deb qimor o‘ynashdan ham toymaydigan kimsalar davlatni boshqarishi lozim! Eng achinarlisi shundaki, amalda bunday ishlar bo‘lgan. Ammo Toshpo‘latda andak andisha, insof bor. «Shu qo‘l ko‘tardiminan ustalchasiga o‘ltirsam» deydiyu odamlarning malomatidan cho‘chiydi, bunday mas’uliyatli lavozimga o‘zini noloyiq sanaydi, bu soddadil faqir odam fuqaroparvar jamiyatning fuqaroparvar siyosatidan ajablanadi, «shu zamonangni bordi-keldisiga tushunolmay» tajang bo‘ladi. Axir o‘shanday siyosat tufayli, garchi faqiru haqir, mehnatkash xalq orasidan chiqqan bo‘lsa-da, o‘zi mutlaqo tajribasiz, g‘irt omi, ma’rifatsiz odamlar mo‘‘tabar mansablarga ko‘tarilib o‘zini ham, el-yurtni ham ne-ne ko‘ylarga solmadi, axir! Hushyor adib Toshpo‘lat bilan aloqador boyagi hodisalarni qalamga olish bilan o‘z vaqtida go‘yo jamoatni shunday ko‘ngilsiz hodisalardan ogoh etayotganday tuyuladi. Yozuvchi Toshpo‘lat singari faqiru haqirlar holiga qanchalar achinmasin, ularga hamdard bo‘lmasin, ularning ham «orqasiga oftob tegayotgani»dan quvonmasin, baribir, hali ular mas’ul vazifalarni bajarishga, davlat ishlarini boshqarishga tayyor emasligini sezib, tushunib turadi. Shunga ko‘ra, u qator qalamkash hamkasblari kabi o‘sha yillar sho‘rolar zamonasida sodir bo‘layotgan bu xildagi yangiliklarni o‘ylamay-netmay har bob bilan ma’qullash, oqlash, olqishlash yo‘lidan bormay, bu xil jarayonlarni xolis turib, ziddiyatlari, musbat va manfiy tomonlari bilan bor holicha gavdalantiradi, janr imkoniyati darajasida halol badiiy tahlil etadi.

Xullasi kalom, Abdulla Qodiriyning mashhur hajviy asarlari — «Kalvak maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» qissalarining mazmun-mundarija doirasi mavjud tasavvur-qarashlarga qaraganda ancha keng, yozuvchi kulgisi benihoya serjilo. Eng muhimi, realist adib 20-yillar sho‘ro voqeligining ko‘p nozik jihatlarini, o‘sha davrda yuz berayotgan muhim tarixiy jarayonlarning ichki ziddiyalarini g‘oyat ziyraklik bilan ilg‘ab ololgan, halol va favqulodda mahorat bilan badiiy ifoda etishga erishgan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.