«O‘zbekistonning sirlari va afsonalari» kitobidan
Insoniyat aqlini tong qoldiradigan va doimo o‘ziga chorlab turadigan jumbog‘u sehrlar sirasiga qachonlardir pinhon yo‘qolgan behisob boyliklar ham kiradi. Ko‘plab Misr ehromlarining simu zar va qimmatbaho jihozlari allaqachon ochko‘z xazinatoparlarning o‘ljasi bo‘lib qoldi. Hindiston va Seylondagi hamda Tibetning oltin ibodatxonalari boyliklari talon-taroj qilindi... Ammo Amriqo atsteklarining xazinasi, Ovrupodagi nibelunglar oltini hanuzgacha topilgani yo‘q. Ana shunday yashirin xazinalar mamlakatimizda ham mavjud. Rossiyada Kolchak olib qochgan qirq ikki pud tilla Sharqiy Sibir o‘rmonlarida bekitilgan. Manfur gitlerchilar tomonidan noma’lum joyga olib ketilgan Leningrad saroyining mashhur kahrabo xonasi butkul yo‘qoldi. Bu haqda bot-bot yozilmoqda, odamlar orasida turlicha fikr yuradi. Ammo, o‘sha vaqtlarda tilga tushgan, odamlar e’tiborini tortgan yana bir xazina mavjud. Uni negadir unutib yuborishdi, afsuski, bu dafina ham Kolchakning xazinasi kabi haqiqat bo‘lib, qaerlardadir yotibdi. Ha, bu — 1920 yil sentyabrda hokimiyati ag‘darilgach, o‘zi bilan Afg‘onistonga olib ketishga uringan Buxoro amirining tillasidir.
Tarixdan ma’lumki, har bir hukmron taxtda qanchalik sobit o‘tirmasin, mamlakatidan bosh olib ketadigan mash’um kun yaqinlashganini sezgani hamono birovga bildirmay, maxfiy suratda tayyorgarlik ko‘rar ekan. O‘sha qora kungacha hokim boyliklar jamg‘aradi, ularni hozirlaydi, tillani eritib yombilab qo‘yadi, qog‘oz pullarni qimmatbaho buyumlarga alishtiradi yoki Efiopiyaning sobiq hukmdori Xayle Silasiya Birinchi rejimining ag‘darilishiga qadar bir necha o‘n milliard dollarni Shveytsariya bankiga o‘tkazgani singari chet el banklariga o‘tkazadi. Shunday holni Gaiti xalqining zolimi Lyuvale o‘z boyligini Frantsiyaga o‘tkazib yuborib takrorladi. Filippinning sobiq prezidenti Markos ham o‘zi bilan milliardlab dollarni olib ketdi. Ko‘plab hukmdorlarning taqdiri shuni ko‘rsatdiki, ular «xalq otasi» nomi bilan ish ko‘rib, elini ayovsiz talon-taroj qilishgan. Buxoro amirlari ham bundan mustasno emas.
Buxoro amirligi kichik bir vassal xonlik bo‘lib, uning paydo bo‘lishi eramizgacha bo‘lgan birinchi ming yillikdan burungi davrlarga to‘g‘ri keladi. U hozirgi O‘zbekiston maydonining katta bir qismini — Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo oblastlari va qardosh Tojikistonning bir ulushini o‘z ichiga olgan. Ikki yarim ming yildan ko‘proq tarixga ega Buxoro va buxoroliklar nimalarni boshidan kechirmadi deysiz? Yuksak taraqqiyotni ham, jahonga dovruq qozonishni ham, ajoyib boyliklarni ham, shuningdek, mash’um kunlarni — yov bosqinini ham, batamom vayronaliklarni ham, alg‘ov-dalg‘ov zamonlarni ham ko‘rdi. Iskandar Zulqarnayn qo‘shinlari Buxoroni qurshab oldi, arab sarkardasi Muslim ibn Qutayba qamal qildi, Chingizxonning suvoriylari ochlik qozoni tagiga olov yoqib, kulini ko‘kka sovurdi, mahalliy xonlar o‘rtasidagi muttasil o‘zaro ichki nizolar ham Buxoroga vaqti-vaqti bilan kulfat solib turdi. Buxoroni somoniylar, saljuqiylar, shayboniylar, ashtarxoniylar sulolasi boshqardi, keyingi bir yarim asrda esa hokimiyat tepasiga mang‘itlar chiqdi. Ulardan birinchi bo‘lib, 1753 yili qarshilik Muhammadrahimxon taxtga o‘tirdi. Mang‘itlar orasida hukmdor-zohidlar ham bo‘lib, Shohmurod — o‘shalardan biri edi. U taxtga chiqqandan keyin ham o‘z tiynatini o‘zgartirmagan. U bir tanga uchun kechayu kunduz vaqtini sarflagan, juda juldur va jo‘n kiyim kiyib yurgan, juda kam ovqat yegan, yurishlarda askarlari bilan chodirlarda birga yotib qolavergan, xonlik chodirini tiklashga izn bermagan, ayo’nlardan birovinikiga ham ziyofatga bormagan, fuqarodan hech qanday in’om qabul qilmagan. Biroq aynan shu hukmdor-zohid shundayin ochko‘z, shundayin tillaga o‘ch bo‘lganki, hatto o‘zga ellar boyligiga ham ko‘z olaytirgan. Shafqatsiz bu amir o‘taketgan mutassiblik qilib, Sharqdagi eng boy va ma’rifatli shahar bo‘lmish Marvni yer yuzidan supurib tashlagan. Bu kentni talon-taroj qilib, neki boyligi bo‘lsa, barini Buxoroga keltirib, mang‘it amirlari xazinasiga joylagan.
Bir yarim asrlik hukmronlik davrida mang‘itlar Buxorodagi Ark yerto‘lalariga behisob xazina to‘plashgan. 1920 yili Buxoro amirligining nufuzi taxminan uch million kishini tashkil etgan. Butun xalq kechayu kunduz o‘zining yakkayu yagona hokimi — Buxoro amiri uchun ter to‘kib ishlagan. Amir o‘zining soqchilari va amaldorlari yordamida — ular o‘ttiz ming kishini tashkil etardi — o‘z taabalaridan soliq tariqasida katta boylik jamg‘argan. Bu qadar soliq dunyoning hech bir davlatida mavjud emas edi. Buxoro amiri xalqdan qirqdan ziyod o‘lpon undirgan, ularning eng asosiysi xiroj — yer solig‘i edi... Amirning har bir ahli bir parcha yerda dehqonchilik qilsa ham, hosilning beshdan bir hissasini amir xazinasiga topshirishga majbur edi. Og‘ir o‘lponlar orasida ikkinchi o‘rinda ya’ni mol-mulk solig‘i turardi. Buxoro amiri taabalari mol-mulkning qirqdan bir ulushini hokimiga in’om qilardilar. Qirq tuyadan bittasini, qirq qo‘yning birini va hokazo... Buxoro amirlari urush mahalida jul deb atalgan harbiy soliqni undirishardi. Og‘ir o‘lponlarning xili va soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, Buxoroning har bir yangi amiri boz ustiga o‘z soliqlarini joriy etib, shu tariqa xalqning bor budi-shudidan ham judo qilishardi. Shunday qilib, 1870 yili Buxoro amiri Muzaffarxon amin deb atalgan yangi soliq, ya’ni savdogarlar sotgan yoki boshqa shaharlarga eltgan mollarning umumiy yig‘indisidan bir yarim foizini to‘laydigan o‘lpon joriy etdi. Iqtisodchilarning hisob-kitobiga qaraganda, Buxoro amiri Said Olimxon hukmronligining oxirgi yilida yillik daromadi 30 million tillaga yetgan, shu mablag‘dan uch million tillani qo‘shinlar saqlashga sarflagan. Yuqorida ta’kidlaganimday, amirning o‘ttiz ming turli-tuman amaldori va xizmatkori bor edi. Ularning hammasi maosh olib, pul ehsonlaridan arz qilmas edi, biroq amirlik mulkida 26 beklik, minglab qishloq mavjud bo‘lib, ular mana shu amaldorlar badaliga butunlay berilgan edi. Ular o‘z rizqi hamda Buxoro amiriga tortiq qilish uchun soliqni undirardilar. Biroq amir nuqul o‘z xazinasini to‘ldirish bilan cheklanib qolmagan, albatta. Shunday paytlar ham bo‘lganki, amir saxiylik ham qilgan — toj kiydirish marosimlarida bazmi jamshidlar uyushtirgan, bolalar tug‘ilganda va boshqa ko‘p tantanalarga chiqim qilib turgan. Ba’zida kutilmagan sarf-xarajatlar ham qilingan. Masalan, Birinchi jahon urushi davrida. Rossiya Olmoniyaga qarshi urush e’lon qilganida, chor hokimiyatining vassali sanalmish Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon chetda qolmagan. Uch bor — 1914, 1915 va 1916 yillarda telegrammalarda yozilganidek, rus armiyasining «g‘alabasi uchun» bir million so‘mdan pul jo‘natgan. Amir Rossiya imperatorining ma’nisiz qirg‘inini davom ettirish uchun uch million so‘m hadya qildi. Bunday saxiylik e’tibordan chetda qolmagan, 1915 yili ikkinchi million Rossiya bankasiga kelib tushganda, sharq hukmdori imperator buyrug‘iga binoan Oq Burgut nishoni bilan taqdirlangan, 1916 yili esa, ya’ni navbatdagi milliondan so‘ng amirni Aleksandr Nevskiy nishoni bilan mukofotlashdi. Bundan tashqari, «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» Said Olimxonga maxsus muboraknoma bilan chor armiyasining general-leytenant unvoni berilgan. Shunday qilib, Buxoro amirlarining g‘aznasi har yili to‘lib bormay, balki kamaygan kezlar ham bo‘lgan. Biroq sharqona ifodalangan amir g‘aznasini saqlash qonuni mustahkamligicha qolavergan: «Simu zarga to‘lmaguncha, qanoat qilmoq joiz emas». Va Buxoro amirlari haqu nohaqliklar evaziga g‘aznasini to‘ldirishga harakat qilishavergan.
Shunday yaralgan odamlar ham bo‘ladi: ochko‘zligining na chek-chegarasi bor, na nihoyasi. Behisob boylikka ega odam bu boylikning ma’nisiyu mohiyatini bilmaydi, biroq botinida go‘yoki allaqanday bahaybat bir maxluq yashaydi, u odamlarning bor shudini tortib olib, sho‘rliklarni notavon qilib, o‘z xojasini esa kechayu kunduz xazina to‘plashga majbur etadi, pirovardida bu g‘aznaning mohiyatini hokimning o‘zi ham tushunmaydi. Uning fikri-zikri bitta: qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zini shuncha qudratli his etadi. Shunisi borki, boylik qancha mo‘l bo‘lsa, shunchalik ma’nisizdir. Barcha boylikning, u bir kishinikimi yo hokimnikimi — qat’iy nazar, mohiyati ana shunday. O‘marilgan boylikni bir umr tamom qilolmaysan — na bazmi jamshidlar, na saroy tantanalari, na xizmatkorlar, na ko‘hlik liboslarga sarflansa ham. Boylik jamg‘argan biror hokim bu nega kerak, bu nima beradi, bundan maqsad nima deb, o‘ziga o‘zi savol bersa qani edi? Xuddi mana shu o‘ysizlik, ochko‘zlik va haqiqiy boylikni anglab yeta olmaslik tufayli boylik jamg‘arishadiki, bu keyinchalik o‘zlarini falokatga duchor qiladi. Ulug‘ rus shoiri Aleksandr Sergeevich Pushkin «Uyoqda shahanshoh Kashey tilla tepasida ozib-to‘zib yotibdi...» deb bejiz yozmagan edi.
Said Olimxonning ham paymonasi to‘ldi. 1920 yilning avgustida, xalq qo‘zg‘oloni uni taxtdan uloqtirib tashlashini sezib qolib, u nafaqat bosh olib ketishni, balki mang‘itlar tomonidan o‘marilgan boyligini va ulkan amirlik g‘aznasini olib qochish haqida ham o‘ylanib qoladi. Buxoro amiri o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lgan boyliklarni bir joyga yig‘ib chamalab ko‘rganda, oltinu javohirlar butun bir karvonga yuk bo‘ladi. Buncha g‘aznani o‘zidan boshqa bilmaydigan noma’lum tomonga olib ketishga qurbi yetmas edi. Shunda Buxoro amiri o‘zining eski malayi, chor Rossiyasining Mashhaddagi bosh elchisi Nikolskiydan inglizlar bilan muloqotda bo‘lib, Britaniya hokimiyati amirlik xazinasini o‘z himoyasiga olishini iltimos qiladi.
Amir javohirotini yashirish uchun nega aynan Mashhadni tanlagan? Chunki, bu shahar orqali Said Olimxon allaqachon inglizlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan edi. 1920 yilning may oyidayoq inglizlar Buxoroga Mashhad orqali ikki yuz tuyadan iborat qurol-yarog‘ ortilgan karvon jo‘natgan edi. Amir aynan mana shu yo‘lga umid bog‘lab, o‘z boyliklarini inglizlar ehtiyot qilib saqlashi uchun Mashhadga o‘z choparini jo‘natadi. Boz ustiga Erondagi bu shtatga kirmagan mo‘‘jaz shaharchaga amir uchun yo‘l ochiq edi, amirlikning shimol tarafida esa inqilob tantana qilgan edi.
Chorizmning sobiq elchisi Nikolskiyga ko‘z tutgan ishi o‘ngidan kelmagach, amir o‘marilgan boylikni saqlash uchun shoshilinch yo‘sinda boshqa yo‘l qidirishga tushdi. Zum o‘tmay Said Olimxon o‘zining ishonchli odami, shahrisabzlik darvishlar sardori Davronni Koshg‘ardagi inglizlar elchixonasiga yuboradi. Buxoro amirining vakili Koshg‘arga to‘g‘ri yo‘ldan bormadi, negaki Turkistondagi inqilob u yoqqa eltadigan ko‘p yo‘llarni bekitgan edi. Shu boisdan Davronning Qorategin dovoni, Oloy vodiysi va sharqiy Pomir tog‘lari orqali o‘tib borishiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, Buxoro amirining vakili ikki haftalik yo‘ldan so‘ng, Koshg‘ar poytaxti Urumchi shahriga yetib keladi.
Inglizlar elchixonasi o‘sha paytda Urumchining chekkasidagi Chinnibog‘ soya-salqinida, shinam binoda joylashgan edi. Ingliz diplomati va ayg‘oqchisi Pette Esserton elchilik qilardi. Davron darvish Buxoro amirining nomasini topshirgach, javob kutish uchun Urumchida qoldi. Biroq voqealar o‘zgacha tus oldi: inglizlardan madad so‘ragan amirning kutganichalik bo‘lib chiqmadi. U eski tanishi bo‘lmish Esserton Buxoro g‘aznasini saqlashga joni-dili bilan rozi bo‘ladi, deb umid qilgan edi. Afsuski... Nomani o‘qib chiqib, amirning tillayu javohirlari yuz otga yuk bo‘lishini bilib, shuncha boylikni vasiylikka olgani uchun zimmasiga tushadigan mas’uliyatdan cho‘chiydi. Buncha boylikni bir joyda to‘plash va elchixonada saqlash o‘sha vaqtlarda juda xavfli edi. Atrof-tevarakda jangu jadallar avj olgan — Turkistonda inqilob, Sintszyanda qo‘zg‘olon davom etardi, hatto Koshg‘arda ham talonchilar to‘dasi xo‘jayinlik qilardi. Esserton maxsus seyflarsiz va yetarli soqchilarsiz elchixonada amir boyligini saqlashni mushkul deb hisobladi. Ingliz elchisi Turkistondagi voqealardan mufassal voqif bo‘lib, amir uzoq vaqt Buxoroda qola olmasligini, xazinasini tezda qayoqqadir jo‘natish zarurligini juda yaxshi anglardi. Pette Esserton aqlli diplomat, Britaniya saltanatining sadoqatli xizmatkori edi, amirning xazinasini Koshg‘arga olib kelishga o‘zicha va o‘z hokimiyatining roziligisiz ruxsat berishga huquqi yo‘q edi.
O‘sha tashvishli yillarda, elchixonaga eson-omon olib keltirilgan taqdirda ham boylikning saqlanishiga hech kim kafolat bera olmas edi. Yuz otli karvonning Buxorodan Urumchiga qadar yetti yuz chaqirim yo‘l bosib o‘tishiga, albatta, kimningdir nazari tushgan bo‘lar va karvon to manzilga yetguncha hech kimning payqamay qolishi esa aqlga sig‘mas edi. Behisob boylikni qo‘lga kiritishni xohlagan qaroqchilar to‘dasi elchixonani oppa-oson ishg‘ol etishi, uni qo‘riqlayotgan o‘ntacha askarni bemalol qirib tashlashi va elchining o‘zini ham boshidan judo qilishi mumkin edi. Amirning boyligi haqqi Britaniya saltanatining vayron bo‘lishini xohlamas edi. Esserton oltinning yaxshilik keltirmasligini, ko‘p hollarda u balo orttirishini tushunar edi.
Ammo u ayni mahalda rad ham qila olmas, shuningdek, ko‘nmagani uchun Buxoro amiridan zimmasiga tushadigan mas’uliyatdan ham cho‘chirdi. Shuning uchun Esserton Said Olimxonning shoshilinch iltimosnomasini Hindistonning Dehlidagi vitse-shahanshohiga yo‘llaydi. Bu hazil gap emas, negaki amir o‘z boyligi qimmatini 12—15 million tilla funtsterling yoki 150 million tilla pulga baholagan edi.
Rus-Osiyo bankining xodimi K. K. Yudaxinning hisobiga ko‘ra, amirning boyligi 22 million tilla o‘n so‘mlikka to‘g‘ri keladi. (Buni bugungi pulga chaqqanda to‘rt milliard so‘mni tashkil etadi.) Shu boisdan ingliz elchisi Essertonning ham, Buxoro amirining ham ancha-muncha bosh qotirishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Dehlidagi Hindiston vitse-shahanshohi idorasiga amirning xazinasini saqlab qolish haqidagi so‘rovini Esserton o‘zi uchun odatdagi, bir necha marta sinalgan tartibda yo‘llaydi. Oshig‘ich iltimosnomaning yo‘li mana bunday amalga oshdi: amirning tillasi haqidagi shartli belgilar bilan yozilgan telegramma Urumchidan sharqiy Pomirdagi Soriko‘l qishlog‘ida joylashgan va oxirgi manzil sanalgan Xitoy telegrafiga jo‘natildi. Telegrafda ingliz missiyasi vakilining imzosi bor edi. Chunki bu amaldor piyoda choparni Soriko‘ldan Qoraqurum tizma tog‘idagi Mingtaka dovoni orqali jo‘natganida, telegraf aloqasi shu yerda tamom bo‘lardi. Chopar bu shoshilinch iltimosnomani Xunza viloyatiga qarashli Mizgar qishlog‘idagi ingliz-avtomat stantsiyasiga olib keladi. Xunza viloyati Kashmirning shimoliy mavzeida o‘rnashgan bo‘lib, kashmirlik maxarojalarning vassallik shartnomasiga aloqador edi. Ma’lumki, butun Kashmir, butun Hindiston ingliz mustamlakalari tarkibiga kirardi. Amirning tillasi haqidagi xabar Mizgardan boshlanadigan telegraf liniyasidan Srinagarga, Srinagardan esa Simluga — ingliz vetse-qirollarining yozgi borgohiga jo‘natildi. Bu shoshilinch iltimosnoma ana shunday murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
Biroq Esserton o‘z hokimiyatidan amirning tillasini saqlash bo‘yicha ko‘rsatma olishni kutmagan edi. Britaniya saltanatining yuksak lavozimli amaldorlari Said Olimxonning g‘aznasi tashvishini zimmasiga oladigan bo‘lishsa, bordiyu bu boylik o‘g‘irlangan taqdirda, juda ko‘p pul tovon to‘lashga to‘g‘ri kelishini bilishardi. Shu sababdan inglizlar bunday tadorikka rozi bo‘lmadilar.
Esserton Buxoro amiriga nazokat bilan raddiya yuborishdan o‘zga iloj topolmadi. Bu noma bilan darvish ortiga qaytdi, uzoq yo‘l bosib, u Buxoroga avgustning o‘rtalarida yetib keldi. Amirning vakili saroyga yetib kelganda, amirlikning ag‘darilishiga bir necha kun qolgan edi.
Amir rad javobini olgach, boyligini yashirishning boshqa yo‘llarini qidira boshlaydi. Endi u ana shu maxfiy, xavfli va muhim topshiriqni boshqa bir yaqiniga, amir gvardiyasining qo‘mondoni, shaxsiy soqchisi polkovnik to‘qsabo Kalapo‘shga topshiradi. To‘qsabo Kalapo‘sh karvonni Eron yoxud Afg‘oniston chegarasi orqali olib o‘tish uchun yo‘lni ko‘zdan kechirib chiqishga urinadi. Ammo Kaspiy ortida vaziyat shunday tus olgan ediki, Mashhadga yo‘l olish mumkin ekani tasavvurga sig‘mas edi. Kalapo‘sh saroyga qaytib kelib, Eron va Afg‘onistonga olib o‘tuvchi karvon yo‘llari to‘silganidan amirni ogoh etadi. Shunda amir so‘nggi chorani mardonalik bilan ishga soladi. Said Olimxonning boyligini ortgan karvon Qarshi sari yo‘lga tushadi. Karvonni Kalapo‘shning kichik guruhi qo‘riqlab boradi, oltinni kuzatib boruvchilar orasida Davron darvish ham hozir edi. Amir bu ikki yaqiniga xazinani 1898—1910 yillarda surunkasiga o‘n ikki yil Qarshi bekligini boshqargan ana shu shahar atrofiga yashirishni tayinlaydi. (Said Olimxon otasi Abdulahadning buyrak xastaligidan 1910 yili vafot etganidan keyingina taxtga o‘tirgan.)
Amir sodiq Kalapo‘sh va Davronga g‘aznani o‘ziga tanish joylar bo‘lmish Qarshi atrofiga yoki Yakkabog‘, Boysun va Shahrisabz tog‘lariga yashirishni tayinlab jo‘natadi. Karvonni kuzatib borayotgan guruh ikkiga bo‘linadi. Oldinda haydovchilar va bir qancha darvishlar, jumladan Davron ham boradi, orqadan esa amir gvardiyasining soqchi-askarlari bilan to‘qsabo Kalapo‘sh boradi. Karvon Buxorodan taxminan 10 sentyabrda yo‘lga chiqadi, Qorovulbozor orqali Kosonga, so‘ng Qarshi tarafga yo‘naladi va dashtda adashib qoladi. Amirning oltinini kechalari olib yurishadi, Kalapo‘sh amirning karvoni qayoqqa ketayotganini yot kishiga bildirmaslikka ahd qiladi, chunki karvonning yo‘nalishidan faqat bir necha kimsa ogoh edi. Kalapo‘sh avval g‘aznani Kasbi qo‘rg‘oniga yaqin sardoba atrofiga yashirishni xayol qiladi. (Sardoba — bu bahorgi toshqin suvni yig‘ib, uni butun yoz yo‘lovchilarga saqlaydigan joy demak.) Kalapo‘sh xayol qilgan sardoba Qarshi dashtidagi eng yirik sardobalardan bo‘lib, uning yaqinidagi Tepa degan joyda qachonlardir o‘rta asr shaharchasi joylashgan edi. Bu manzilda aftidan qandaydir mahfiy joylar borga o‘xshaydi, Kalapo‘sh xazinani shu yerga yashirmoqchi edi. Ammo bu yerdagi qo‘shni qishloqlar odamlari amirning karvonini payqab, unga qiziqib qoladi. Bu esa Kalapo‘shni sergaklikka undaydi va bu yerda to‘xtamaslikka ahd qiladi: karvon yo‘lga tushadi. Guruh G‘uzor orqali Yakkabog‘ tomon yo‘naladi va Langarga chiqib, tog‘ orasiga qarab yo‘naladi.
Tog‘da, karvonni ko‘lankali bir pastqamlikda qoldirib, Kalapo‘sh bu yerni kuzatgani tepalikka chiqadi. Tog‘dagi darada u bir yoriq joyni ko‘rib, amirning boyligini shu yerda qoldirishga qaror qiladi. Bu ishni Davron boshliq haydovchilarga topshiradi. Bu guruh xazinani yashirgani ichkariga yo‘naladi. Kalapo‘sh esa soqchilar bilan qoladi va askarlarni Davronning ortidan izma-
iz borishga ruxsat etmaydi. Kalapo‘sh Davron darvishni ikki kechayu kunduzdan ziyod kutadi, ammo u qaytmaydi. Amirning shaxsiy soqchisi bezovta bo‘la boshlaydi — darvish nahotki topshiriqni ado etmasa? Kalapo‘shni faqat bir narsa — Davronning Said Olimxonga mutassiblarcha sadoqati borligi xotirjam qiladi. Bu darvish hokimining o‘ta mahfiy va qaltis topshiriqlarini ado etgan, tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab birinchi yurishi ham emas. Bunday odam hargiz aldamasligi, tilla va qimmatbaho javohirotni ortgan karvon bilan bekinib qolishi va bildirmay g‘oyib bo‘lishi ham dargumon. Biroq Kalapo‘shni darvishning ancha vaqtdan beri yo‘q ekani bezovta qilardi, axir xazinani tushirishga besh-olti soat, nari borsa yarim kun yetardi. Ammo Davronning ikki kundan buyon qaytib kelavermaganidan hiyla oromini yo‘qotgan Kalapo‘sh guruhni jar solgancha oyoqqa turg‘izib, darvish karvon bilan ketgan tomon yo‘lga tushadi. Ancha yurishgach, guruh bir talay jasad ustidan chiqib qoladi. Bu jasadlar Davron bilan ketgan odamlarniki edi. Darvishning guruhi kim bilan to‘qnash kelgani noma’lum, ammo qandaydir baxtsizlikka yo‘liqqani aniq edi. Yana bir necha soat yurganlaridan so‘ng Kalapo‘shning guruhi yana ikkita jasadga duch keladi, ulardan birining hali joni uzilmagan edi. Uni hushiga keltirishadi, suv tutqazishadi. Uning Kalapo‘shga aytib berishiga qaraganda, haydovchilardan biri karvonga yuklagan amir xazinasidan xabar topib, uni egallab olishga ahd qiladi. Kalapo‘shning askarlari hali yo‘lda ko‘rishgan marhumlar karvon haydovchilar olishgan joyda qolib, o‘z yo‘lboshlovchisi Davronni himoya qilishgan. U yerda Davronning guruhi ikkiga ajraladi, ya’ni xazinani o‘g‘irlovchilar va qo‘riqlovchilarga bo‘linadi. O‘sha tirik qolgan haydovchining gapiga qaraganda, sheriklarini Davronning gapiga quloq solishga undagani uchun uni o‘ldirmoqchi bo‘lishibdi.
Kalapo‘sh guruhining tog‘ oralig‘i sari yo‘lga tushishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Ertasiga Kalapo‘sh Davronning guruhidan qolgan-qutgan kuzatuvchilari turgan joyga yetib keladi. U faqat uch kishini ko‘radi, ular orasida darvishning o‘zi ham bor edi. Davron og‘ir yaralangan, rasvosi chiqqan yuzidan qon oqib turardi. Biroq Kalapo‘sh darvishni qay holatda bo‘lmasin, topganidan xursand edi. Davron darvish ollohning tavqi la’natini yog‘dirib, amirning shaxsiy soqchisiga hukmdorning xazinasiga ko‘z olaytirganlarning adabini berib qo‘yganini, Kalapo‘sh aytgan g‘orga xazinani bekitmoqchi bo‘lganini so‘zlab beradi. «Haytovur, nega bunchalik hayallab ketdilaring?» degan savolga darvish hamrohlarini g‘or tomon to‘g‘ri yo‘l bo‘ylab ketishga ko‘ndirolmaganini, ayrimlari shubhaga borib, niyati buzilganini aytadi. Shunday qilib, u hamrohlarining makkorona niyati oshkor bo‘lishi uchun bir kechayu kunduzdan ko‘proq yo‘l boshlab yuradi. Ikki kun ichida darvish amir oltinini egallamoqchi bo‘lganlar bilan uch bora jangga kirishadi. Hatto Davron otlardan yukni tushirib, ortga qaytib kelayotganida tirik qolgan haydovchilar pistirmada kutib turishgan ekan. Shiddatli hayot-mamot olishuvi bo‘lib o‘tgan, o‘shanda faqat ikki darvish omon qolgan, ular og‘ir yaralangan yo‘lboshlovchisini hushiga keltirishgan.
Ular bir pas nafas rostlashadi. Darvishning jarohatini bog‘lashadi, u ancha-muncha o‘ziga keladi. Kalapo‘sh esa o‘z guruhi bilan ortiga qaytadi. Guruh tog‘dan hech qanday xavf-xatarsiz enib tushadi. Biroq eng so‘nggi kecha tunaganlarida, ya’ni Qarshi vohasiga yo‘l olish oldidan Kalapo‘sh ikki darvishni o‘z qo‘li bilan o‘ldiradi va Davronning o‘zini ham ayab o‘tirmaydi. Amirning shaxsiy soqchisi Said Olimxonning xazinasining siri faqat o‘zigagina ayon bo‘lib qolishini istardi. Kalapo‘sh bunga Buxoro amiridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma olgan edi. Amir o‘z yaqinlarini yo‘lga otlantirayotib, xazina qaerga berkitilganini Kalapo‘sh yoki Davrongina xabar qilishi, boshqa choparlarning hojati yo‘qligini tayinlagan edi. Farmoyishda aytilishicha, bu joyni hech kim bilmasligi, birontasining qulog‘iga chalinmasligi, bironta ham yot zot dorimasligi shart edi.
Kalapo‘sh shu tariqa amirning farmoni bilan hukmdorning sadoqatli xizmatkori Davron darvishning jazosini berdi. Davron amirga ishonch va sadoqat bilan xizmat qildi va odatda shafqatsiz hukmronlar tomonidan beminnat xizmati uchun beriladigan mukofotni oldi. Agar hukmdorda ezguliknimi yoki o‘z foydasinimi tanlash ixtiyori ko‘ndalang tursa, albatta u doimo o‘z foydasini ko‘zlaydi.
Ertalab, darvishlarning qayoqqa g‘oyib bo‘lganini hech kim surishtirmaydi. Tanho bir askar darvishlar tungi manzilni tark etib, noma’lum tarafga ketganini aytadi, bunga Kalapo‘sh e’tiroz bildirmaydi. Guruh yana Qarshi tarafga qarab ilgarilaydi. Qarshi bekligining markazini aylanib o‘tgan guruh to‘rtinchi kuni Qorovulbozorga, ya’ni Buxoroning aholi yashaydigan eng chekka kentiga kelib to‘xtaydi. Kalapo‘sh va uning askarlarini amirning to‘pchilari qo‘mondoni to‘pchiboshi Nizomiddin kun og‘ib qolganda kutib oladi. Kalapo‘sh bu yerda uni Nizomiddin bejiz kutib olmaganini yaxshi bilardi. Nizomiddinning jangchilari Qarshi dashtidan qaytayotganlarni olqishlab qarshilaydi va har ikkala guruh Qorovulbozorda birgalikda tunab qoladi. Tong azon guruhlar yo‘lga otlanayotgan mahali ayon bo‘ladiki, karvonni kuzatgan soqchilarning birontasi ham tirik qolmabdi. Kalapo‘sh bilan tog‘da kimki birga bo‘lsa, o‘sha kechasi hammasi o‘ldirilib, baland tepalik ortiga ko‘milgan edi.
Kalapo‘sh o‘z jangchilarini Nizomiddin nega bunday qilganini undan surishtirib o‘tirmaydi. Shaxsiy soqchi bu — amirning buyrug‘i, deb hisoblaydi. Karvonni ko‘rgan, qayoqqa borganini bilgan, xazina yashirilgan joyni fahmlagan odamlarning hammasi tirik qolmasligi shart edi. Avval haydovchilar nobud bo‘ldi, keyin darvishlar, so‘ng Davronning ta’zirini berishdi, endi esa Buxorodan to tog‘ so‘qmoqlarigacha karvonni kuzatib, borgan soqchilarning hayoti so‘ndi. Faqat tiriklardan hamma sirdan voqif birgina Kalapo‘sh qolgan edi.
Yolg‘iz o‘zi omon qolgan Kalapo‘sh, amir Davron va darvishlar, soqchi askarlarga qilgan qaltis hazilini menga ham qilmasmikan, degan o‘yga botadi. Biroq Kalapo‘sh: amir shaxsiy soqchisiga, o‘n yildan ortiq o‘z hayotini ishonib keldi, demak, o‘z boyligi sirini ham bitta men bilishim mumkin, degan xayolga boradi. Kalapo‘shsiz amirning hech qayoqqa borolmasligini bilardi, bundan tashqari amirning oltini qaerga bekitilgani o‘zigagina ayon edi, xolos. Ammo baribir ana shu vaziyat Kalapo‘shni o‘z taqdirini o‘ylab ko‘rishga majbur etardi.
To‘pchiboshi Nizomiddin ham bor haqiqatni bilmas edi. Bu voqealardan ikki kun burun amir uni huzuriga chaqirib, Kalapo‘sh va uning odamlarini Qorovulbozorda kutib olishini tayinlagan edi. Said Olimxon Nizomiddinga o‘ychanlik bilan Kalapo‘sh soqchilari til biriktirib, uning o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lishganini va amirga ham suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishayotganini ma’lum qiladi. Shunday qilib, Nizomiddin Kalapo‘shni qutqarmog‘i, uni jinoyatkorlar changalidan ozod etmog‘i, guruhni esa majaqlab tashlashi zarur edi. Alqissa, Nizomiddin o‘sha qon to‘kishlar mohiyatini bilmay, amirning ko‘r-ko‘rona o‘yinchog‘iga aylandi-qoldi. U amirning farmonini xuddi aytgandek qilib ado etadi va Kalapo‘shni eson-omon amirning Arkiga olib keladi.
Amir shaxsiy soqchisini qabul qilishdan avval unga dam olish, o‘ziga kelib olish va yo‘l kiyimlarini almashtirmog‘i uchun ijozat beradi. Shundan so‘nggina Kalapo‘sh hukmdorning huzuriga kiradi. Amirni Kalapo‘shning safar tafsilotlari juda-juda qiziqtirardi: u o‘z xizmatkoridan karvon biror g‘ovga duch kelmadimi, hammasi joyidami, deb so‘raydi. «Hammasi joyidami?» degan iborada amir Kalapo‘shdan boshqa bironta tirik zot qolgan-qolmaganini, xazina bekitilganini boshqa birov bilib-bilmaganini ko‘zda tutgan bo‘lsa ajab emas. Kalapo‘sh o‘zidan boshqa hech kim, hech bir jonzot bekitilgan yukning qaerda joylashganini bilmasligini aytadi. Shunday qilib, Buxoroning ulug‘ hukmdori sirli xazinaning xavf-xatarsiz saqlanajagiga to‘la ishonadi. Sir — Kalapo‘shda, u bo‘lsa amirning soyasidir. Kalapo‘sh shularni aytarkan, sog‘ qolishidan umidvor edi. Afsuski, Kalapo‘sh xato qilgan edi. U tillaning kuchini bilmas edi. Agar odamlar tillaning quli bo‘lganda, bu odamlar o‘zlarini boshqara olmay qolishlarini tushunmas edi.
Amir o‘sha kechasiyoq Kalapo‘shni o‘ldirishga buyuradi. Bu farmonni ham ado etishni to‘pchiboshi Nizomiddinga topshiradi, Said Olimxon o‘z xizmatkoriga Kalapo‘sh ham amirga suiqasd qilmoqchi bo‘lganini, sotqinni hushiga keltirib qo‘yish uchun huzuriga chaqirtirganini aytadi.
Nizomiddin amirning buyrug‘ini ijro etishga imillab o‘tirmaydi. Shu taxlit amirning sobiq soqchisi Kalapo‘shning hayoti so‘nadi. Ikki kun o‘tgach, amir Said Olimxon o‘z yaqinlari bilan to‘pchiboshi Nizomiddin kuzatuvi ostida Buxorodan bosh olib qochadi va Boysunga yetib keladi. Ammo yo‘lda nogohon Nizomiddinning oti qoqilib ketadi va o‘zi esa o‘q uzilgan ko‘kragi bilan yuztuban qulab tushadi. Kim qayoqdan otganini to‘pchiboshi sezmay qoladi. Silsiladagi umrning yana bir bandi uzildi. Bu band karvonga, uni kuzatib borganlarga, ularni qirib tashlaganlarga, qirib tashlaganlarni yo‘q qiluvchilarga daxldor edi. Amirni oltin bekitilgan dafinaga boshlab boruvchi sirli rishta uzilgan edi. Ammo hamonki amirning o‘zi tirik edi.
1921 yilda Buxoroning sobiq hukmdori Said Olimxon kichik bir bo‘linmasi bilan amirlik sarhadini ortda qoldirib, Afg‘oniston chegarasiga o‘tadi. Endi amirda oltin yuklangan karvon yo‘q edi. U o‘zi bilan birga boshqa yuklar qatorida ikkita otga ortilgan ikki xurjun javohir va quyma oltinni olib qochadi. Buxoro amirining o‘zi bilan chegaraga olib o‘tgan boyligi atigi ana shu edi, xolos. Darvish Davron va shaxsiy soqchi Kalapo‘sh olib borgan karvonning oltini shu taxlit Shahrisabz, Yakkabog‘ va Boysun atroflarida bekitilganicha qolib ketadi. Pomir tog‘ining tizmalari bu mahfiy boylikni hanuzga qadar o‘z bag‘rida saqlab yotibdi. Balki, darvish Davron o‘z ixtiyoridagi o‘sha ikki kun ichida xazinani Kalapo‘sh bilgan g‘ordan boshqa joyga yashirgandir — bunisi noma’lum, albatta.
Amirning xazinasi haqidagi keyingi voqealarning tafsilotlarini hech kim aytib berolmaydi. Ammo shunisi aniqki, amir dafinasini izlashga kirishganlar ham bo‘lgan. Kimlardir buni astoydil qidirishgan, chunki yigirmanchi yillarda Davron darvishning qarindoshlari, opa-singillari, aka-ukalari, olis xesh-aqrabolari, o‘ziga yaqin tutgan kishilari ketma-ket halok bo‘la boshladi. Amirning oltinini izlaganlar Davronni bekitilgan xazinaning joyini kimgadir xabar qilishga ulgurgan deb gumonsirashadi. So‘ngroq esa Davronni kuzatib borgan darvishlarning yaqinlari nobud bo‘lishadi. Kalapo‘shning qarindoshlari, butun oilasi, u yashagan qishloqning halokati haqida ovoza tarqaladi. Ammo qotillarning oltin bekitilgan joygacha borib yetgani aniq emas. Bitta narsa ma’lum: bu g‘aznaga kimki dahldor, kimki nimanidir bilsa, kimki dafina qidiruvchilar orasida bo‘lsa, — hammasi o‘ldirildi yoki dom-daraksiz gumdon etildi. Oltin yuklangan karvon qurbonlari ro‘yxati uzundan uzun. Oltinni hamisha amir esda tutgan, bundan uning saroy xizmatkorlari xabar topgan va shu oltin tufayli odamlarning tinchi yo‘qolgan.
Aftidan, Buxoroning so‘nggi amiri o‘z yaqinlarini chegara orqali O‘zbekistonga, Qashqadaryo yoki Surxondaryo viloyati maydonlariga bir necha bor jo‘natgan. Ehtimol, u o‘z farmoni bilan yashirilgan xazinaning topiladigan joyini ko‘rsatgan ham. Shunday bosmachilar bo‘linmasi birin-sirin Afg‘oniston nohiyatidagi Amudaryo sohillarida paydo bo‘lishdi. Yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda mana shu g‘oyibona yo‘l bilan qariyb har oyi odamlar guruh-guruh bo‘lib kelib, tog‘larga yo‘l olgan. Ammo favqulodda ajib voqealar sodir bo‘lavergan. Amir oltinini qidirganlar guruhi batamom gumdon bo‘lar, so‘ngra esa ularning qarindoshlari halokatga uchrardi. Xullas, sir sirligicha qolaveradi.
1930 yili Afg‘oniston chegarasi orqali Ibrohimbek besh yuz otliq qilichboz to‘dasi bilan o‘tib keladi. Amirning bu arzandasi ham Said Olimxondan xazinani olib ketish haqida buyruq olgani ehtimoldan xoli emas. Ammo boshqa yo‘lbosarlar boshiga tushgan ko‘rgilik Ibrohimbekni ham chetlab o‘tmaydi. U Kofirnihon orqali suzib o‘tishga ulgura olmaydi. Qo‘lga tushib, qamaladi. Shunday qilib, Ibrohimbekka ham bu boylik nasib etmadi. Ha, bu sirli dafinaga qo‘l cho‘zganlarning barchasi singari u ham o‘z hayotini saqlab qololmadi, Ibrohimbek o‘limga mahkum qilinadi va bu hukm 1931 yili ijro etiladi. Harqalay qachon esa-da, kimdir yechishi mumkin bo‘lgan bu sirni bilgan so‘nggi odam o‘sha Ibrohimbekdir...
Biroq hozircha Buxoroning sobiq amiri-tirik edi. U kechayu kunduz o‘z xazinasini esdan chiqarmas edi, shekilli. Balki u o‘z odamlarini oltinni izlashga qayta-qayta jo‘natish borasida o‘ylab ko‘rgandir. Ammo Sovet mamlakatining chegarasi o‘ttizinchi yillardan keyin dahlsiz bo‘lib qolgan edi. Bu sarhadni oshib o‘tish hech kimga nasib etmadi. Alhol, sobiq amirning o‘g‘irlangan oltinga yana tag‘in ega bo‘lish orzusi behuda edi.
Ehtimol, xazina bekitilgan joyni amirning o‘zi ham aniq bilmagandir. Davron darvish Kalapo‘shga ishonmay shaxsiy soqchisini chalg‘itish uchun karvon yuklarini boshqa bir joyga bekitgan bo‘lishi mumkin. Taqdirini oldindan bilgan Kalapo‘shning o‘zi ham shafqatsiz hukmdorga firib bergan bo‘lsa ajab emas. Amirning yuborgan vakillari, u aytgan joydan xazinani topisha olmagandir, ehtimol. Nima bo‘lsa-da, Davron ham, Kalapo‘sh ham endi tirik emas va dafina ham sirligicha qolib kelaverdi.
Sobiq amirning nohaq o‘marilgan boyliklarini yana egallashga qurbi yetmadi. Ehtimol, u o‘z xazinasi haqida juda qattiq qayg‘urib, hatto bot-bot ko‘zyoshi to‘kkandir. O‘limidan bir necha yil oldin (u 1943 yilning 5 mayida vafot etgan) ko‘zi ko‘rmay qoladi. Balki oltin karvoni haqida alam bilan yig‘layverib, o‘ylayverib shu holga tushgandir. Axir, boshqalardan qanchalik ko‘p boylik o‘marsa, bu boylik o‘sha odamga shunchalik baxtsizlik keltiradi-da.
Amir oltinining bundan keyingi tarixi qanday kechadi — buni bilmaymiz. Ehtimollik nazariyasiga ko‘ra, bu dafinani kimdir va qachondir topmog‘i kerak. Amirning oltinini topgan odam g‘arazli maqsadlarda foydalanmoqni niyat qilgan bo‘lsa, boylik iziga tushganlar silsilasi qismatiga giriftor bo‘ladi, o‘lim uni ham chetlab o‘tolmaydi. Tilla muruvvatni tan olmaydi, biroq shafqatsizlikka ham to‘zim bermaydi.
Oltin karvon siri o‘z kashfiyotchisini kutmoqda. Bular uydirma emas, hayot haqiqatidir. Hayotning esa, ma’lumki, doimo ibtidosi va intihosi bor. Mavjudot dialektikasi ham ana shundadir.
Mana shunday hol ham yuz berishi mumkin: agar amirning oltinini topish hech kimga nasib etmasa, kunlardan bir kun kutilmaganda o‘zini oshkor qilib qo‘yadi. Xuddi o‘sha joydan, nohaq o‘marilgan boylik bekitilgan joydan, achchiq va sho‘r daryolar oqadi — daryolar ko‘zyoshlar va qonlar daryosidir. Bu — amirning tilla to‘plashi uchun o‘z mehnatini, manglay terini, jonini ayamagan odamlarning ko‘zyoshidir. Tog‘lardan qonli jilg‘alar oqadi — bu qon shu oltinni, deb jon bergan, o‘ldirib talagan, shu dafinani bekitay, deb halok bo‘lganlarning qonidir.
Oltin... Bu — rangin, tiniq, yaltiroq bir ma’dan... U odamlarga quvonch va tole, go‘zallik ato etish uchun yaralgan. Odamzod unga mukkasidan ketmasin, o‘z musibatini oltindan ko‘rmasin. O‘zining yovuz niyatlari shu oltinni qidirish ishqida tug‘ilgani uchun ham uni aybdor sanamasin.
Menga qolsa, bu dafinani hech kim hech qachon topmagani ma’qul. Bu oltinni eslaganda, g‘amgin xotiralar qayta tiriladi, g‘oyat ko‘p qayg‘ular tasavvurda jonlanadi.
Oltin va insonning unga munosabati... Oltin va insonning o‘z vijdoniga bo‘lgan munosabati... Oltin va insonning insonga munosabati... Bularning barchasi ana shu yarqiroq ma’danda yorqin namoyon bo‘ladi.
Ba’zan oltinning qiymati — hayotga teng keladi. Bir emas, yuzlab, minglab, millionlab, milliardlab taqdirlar oltin uyumlari payida uzala tushadi. Nahotki, bu taqdirlar «sariq iblis»dan ko‘ra qimmatroq narsaga arzimasa?!
Gohida odam o‘zining va o‘zgalarning umrini bekordan bekorga sovurib yuboradi. Demak, bekamu ko‘st oltin kabi odam unchalik komil emas. Oltinni tabiat yaratgan, biz esa, odamni vujudga keltiramiz va munosabatlarimizni belgilaymiz. Shunday ekan, biz uchun oltin qimmatmi yoki inson?!
Nahotki, inson va oltin bir dunyoda til topishib xotirjam yashay olmasa? Axir, bu kerak va zarur holdir. Bir butunlik tabiatga xos narsa, u oqil, dono. Tabiat odamzotni ham, oltinni ham yaratdi. Ehtimol, tabiat odamning kimligini, insoniy xususiyatlarini, o‘z-o‘zini anglashni aynan shu oltin orqali sinab ko‘rishni xohlagandir. Odam va oltin nimaga teng? Biz shu ikki qiyin yo‘ldan osonrog‘ini — yo oltinni boy berishni, yo hayotdan kechishni tanlab olamiz. O‘ylaymanki, tillaning bahridan o‘tish osonroq. Ammo noinsoniylikni, ochko‘zlikni, g‘arazgo‘ylikni, tug‘ma bo‘lmagan, tabiat ato etmagan va odamzotning o‘zi orttirgan qusurlardan kechish bundan-da afzalroq. Inson qalbining yomon xususiyatlari uning oltinga nisbatan munosabatida ko‘zgudagidek namoyon bo‘ladi.
Oltindan o‘pkalamang — o‘zingizdan o‘pkalang. Tarixdan o‘pkalamang — o‘zingizdan o‘pkalang. O‘zgalardan o‘pkalamang — o‘zingizdan o‘pkalang. Har bitta odamning o‘zida tabiat ham, tarix ham, o‘z taqdiri ham yashiringan. Shaxs har qanday boylikdan yuksak bo‘lmog‘i lozim, bu esa hayot alifbosidir.
Oltin xazinaning siri bahonasida sizlarga insonning oltinga, o‘zi va o‘zgalar taqdiriga munosabatini hikoya qildim. So‘z nimaning yuksakligi — oltinmi yoki inson ekani xususida bordi. Afsuski, men hikoya qilgan bu voqeaning tarixida oltin ustunlik qildi.
M. Xidirov va A. Haydarov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 10-son