OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ziyoviddin Akromov. Yurt boyligi (1989)

http://ziyouz.uz/images/orol-kema.jpg

...Havoning yildan-yilga ifloslanayotgani hozirda kuchli xavf tug‘dirmoqda. Bizda 1543 ta sanoat korxonasi ishlab turibdi. Bundan tashqari 8 mingga yaqin yordamchi sanoat korxonalari mavjud. Barcha sanoat korxonalari havoga har yili 2 million tonnadan ortiq zaharli modda chiqaradi. Bu O‘zbekistondagi har bir kishiga 100 kilogrammdan to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda„ XI besh yillikda tozalovchi inshootlar quvvati 2 baravar oshdi, samaradorligi asa 15—20 foiz ko‘paydi.

Shunday qilib, hozirgi vaqtda 50 foizdan sal ortiqroq korxona chang-gazni ushlab qoladigan qurilma bilan ta’minlangan. Respublikamizda havoni ifloslovchi asosiy korxonalar ximiya sanoati, qora va rangdor metallurgiya, qurilish materiallari, mikrobiologiya sanoati, issiqlik elektr stantsiyalari va paxta tozalash zavodlaridir.

Bizda hozirgi vaqtda havoning sifati, sanitariya normalariga javob beradigan bironta ham sanoat rayoni, sanoat markazi, shahar yo‘q. Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Angren, Olmaliq, Chirchiq va boshqa bir qancha shaharlarda havoning ifloslanish darajasi yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan normadan 1,5—2, ayrim joylarda 3—6 baravar ortiq. Gaz va qoramoy (mazut) yoqiladigan 2114 ta qozonning faqat bir nechtasigina tozalovchi qurilmalar bilan ta’minlangan.

Havoga zararli zahar moddalar chiqaradigan korxonalar soni yirik shaharlarda yildan-yilga kamayish o‘rniga, ko‘payib bormoqda. 1987 yil ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda shunday korxonalardan 117 tasi havoga 51 ming tonnadan ortiq zaharli modda chiqargan, bu miqdor shahardagi har bir kishiga 23 kilogrammdan to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda har yili 7,5 million tonna sanoat chiqindisi, 60 million tonnadan ortiq keraksiz tog‘ jinsi hosil bo‘ladi. Biroq ishlab chiqarishda chiqindilarni ishlatish bor-yo‘g‘i 3 protsentdan oshmaydi, bu Ukrainadagidan 4 hissa kam.

Shaharlar havosiga va aholi sog‘lig‘iga avtrmobil transporti ham juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Respublika avtomobil transporti havoga har yili 2 million tonnadan ortiq zaharli modda chiqaradi. Bu esa har bir kishiga 100 kilogrammdan to‘g‘ri keladi. Avtomobil chiqindilari ba’zi shaharlarda sanoat chiqindisiga qaraganda 2—3 baravar ko‘p.

Suv resurslarining ahvoli bundan ham yomon. Hozirgi vaqtda o‘ylamay amalga oshirilgan tadbirlar oqibatida yer usti va yer osti suvlarining tozaligiga xavf tug‘ildi. Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Chirchiq, Ohangaron daryolari suvi ayniqsa xavf ostida. Bu daryolarga har sutkada 5 million metr kubgacha oqova suv, shu jumladan 0,5 million metr kubi hech bir tozalanmasdan tushiriladi.

Faqat Toshkent oblastida yiliga 7,3 milliard metr kub suv ishlatiladi. Chiqindi suv miqdori 5 milliard metr kub, shundan faqat 680 ming metr kub yoki bir protsentdan kami tozalanadi.

Chorvachilik komplekslari va fermalar suvni ifloslovchi muhim manbalardir. Ularning ko‘plari suv bo‘ylarida joylashgan va chiqindilarini tozalamasdan suvga oqizadilar. Masalan, Xatirchi va Qiziltepa rayonlarida 27 ta sut-tovar fermasi Zarafshon bo‘yida joylashgan va ularning faqat to‘rttasida shaltoq to‘plovchi qurilma bor.

Yer osti suvlarining ifloslanish darajasi ham yuqori. Hozirning o‘zida Qoraqalpoq, Xorazm, Buxoro, Samarqand zonalaridagi sifatli yer osti suv jamg‘armalari ishdan chiqdi. Samarqand va Qashqadaryo oblastlari g‘arbiy rayonlari, Surxondaryo oblastining janubiy rayonlari, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo oblastlarining ayrim rayonlari yer osti chuchuk suvidan mahrum bo‘ldi.

Suvni tozalash ob’eqtlari qurish, sanoat va qishloq xo‘jaligida suvni tejash planlari bajarilmayapti. Hozirgi vaqtda suvning ifloslanish darajasi halokatli tus olgan rayonlarda respublika aholisidan 3,5 million kishi ifloslanish darajasi xavfli bo‘lgan rayonlarda 6 million kishi yashaydi, umuman respublika aholisining deyarli yarmi shunday yerlarda o‘rnashgan.

Bizdagi 124 shahardan va posyolkalardan faqat Toshkent shahari sifatli ichimlik suv bilan ta’minlangan va shaharlarning 80 foizi, qishloq joylarning 60 foizi markazlashgan suv bilan ta’minlashga jalb etilgan. Ichimlik suv bilan ta’minlashda ayniqsa Orol atrofida yashaydigan aholining ahvoli og‘ir.

Orol fojiasi vujudga kelishining asosiy sababi Amudaryo va Sirdaryo suvlari hisobiga O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalarida sug‘oriladigan yerlarning kengayishidir. Keyingi 35 yil mobaynida Orol havzasida sug‘oriladigan yerlar 3 million gektardan oshiqroq kengaydi. Yirik magistral kanal va kollektorlarning qurilishi, ulkan suv omborlarining bunyod etilishi regiondagi mavjud daryolarni jilovlashga olib keldi. 1960 yillargacha Amudaryo va Sirdaryo orqali Orolga yiliga o‘rtacha 52—55 kilometr kub suv quyilib kelgan bo‘lsa, 1980 yillarda bu raqam 0—10 kilometr kubgacha qisqardi, suv kam bo‘lgan yillarda (1982—1986 y.) Orolga bir tomchi ham suv quyilmadi. Shu bilan birga dengiz sathidan suv bug‘lanishining davom etishi Orolning qurishini tezlashtirdi.

1989yilgacha dekgiz sathi 14 metrgacha pasaydi, suv hajmi 61 foiz kamaydi, akvatoriyasining 3 dan 1 qismi quridi, suvning sho‘rligi 2,5—2,8 baravar ortdi (ilgari har litr suvda erigan holdagi tuzlar 10 gramm bo‘lsa hozir 25—28 grammga yetdi), qirg‘oqlari 30—80 kilometrgacha uzoqlashdi. 1981 yildan boshlab dengizda kema harakatlari butunlay to‘xtadi, chunki hamma portlar (Mo‘ynoq, Aralsk, Uchsoy va boshqalar) quruqlikda qolib ketdi.

Orol akvatoriyasining uchdan bir qismining qurishi, million gektarlab to‘qaylar o‘rnida qumtepaliklari va sho‘rxoklarning paydo bo‘lishi, daryolardan suv kelishining to‘xtab qolishi natijasida Orol atrofida mikroiqlim ham o‘zgarmoqda. Kuz ertaroq va bahorning kechroq kelishi kuzatilmoqda. Qoraqalpog‘istonning shimoliy rayonlarida paxtaning pishishiga issiqlik miqdori yetishmay qolmoqda.

Ilgari, 1960 yillargacha, Orol to‘la turgan vaqtda quyoshdan kelgan issiqlikning katta qismini Orol suvi o‘ziga yig‘ib olar edi. So‘ngra yil bo‘yi, ayniqsa, kuz, qish va bahor fasllarida Oroldan ko‘tarilgan nam va iliq havo atrofdagi o‘simliklarning o‘sishiga ijobiy ta’sir qilish bilan birga, shimol tomondan kelgan sovuq havo oqimini qisman bo‘lsa-da, yumshatar edi. Endilikda bunday jarayonning davom etishiga Orolda imkoniyat yo‘q darajada. Mening fikrimcha, agarda Orol to‘la bo‘lsa, O‘rta Osiyoda, ayniqsa O‘zbekistonda 1989 yil aprel oxiri va may oyi boshida bo‘lgan sovuqlar juda bo‘lmaganda 1—3 darajaga kamroq bo‘lar, binobarin, ko‘p rayonlarda paxta, sabzavot, meva, uzumni sovuq urishdan saqlab qolish mumkin bo‘lar edi.

Orol fojiasining‘ asosiy qismlaridan biri bu regionda yashaydigan 3 milliondan ortiq aholiningturmush sharoitining yildan-yilga yomonlashib borishidir. Orol bo‘yida ekologik muvozanatning buzilishi, irmoqlardagi katta maydonlarning cho‘lga aylanish jarayonining davom etishi, Amudaryo va Sirdaryodan keladigan suvning ifloslanishi ortib borishi natijasida aholi ichishga yaraydigan chuchuk va toza suv manbalaridan ayrildi. Bu regionda yer yuzidagi daryo, ko‘l, yer osti suvlari ham sho‘r va sanitariya qoidasiga binoan ichishga yaramaydi. Xorazm oblasti va Qoraqalpog‘istonda ichimlik suvi tarkibidagi tuzlarning miqdori Toshkentdagidan 10 hissa ko‘p. Toshkentdagi vodoprovod suvining har bir litrida 0,3 gramm tuz bo‘lsa, Amudaryo etagida 3 gramm tuz bor. Buning ustiga, suv tarkibida gerbitsid, pestitsid, defoliant, sanoat va paxta dalalarining chiqindilari borki, ular aholi sog‘lig‘iga koni zarardir. O‘zSSR Fanlar akademiyasi ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganish kengashi ma’lumotiga ko‘ra, faqat QQASSR atrof-muhitni o‘zgarishidan har yili 600 million so‘m zarar ko‘rmoqda, yaqin yillar ichida bu zarar bir milliarddan oshadi. Bunga aholi sotsial sharoitining yomonlashuvi qo‘shilmagan.

Orol dengizining qurib borishi nafaqat O‘rta Osiyo uchun, butun mamlakat uchun ham salbiy hodisadir. Orol sathining pasayishi Qozog‘istonning Qizil O‘rda oblasti, Turkmanistonning Toshovuz oblasti, O‘zbekistonning Xorazm oblasti va QQASSRning tabiiy imkoniyatlarini kamaytirdi.

Orolni saqlab qolish mumkinmi? Bu savol juda ko‘pchilikni qiziqtiradi. Shu savolga javob tariqasida bir necha fikr va mulohazalarim bor. Orolning hozirgi holatini saqlab turish uchun yiliga unga 25—30 kilometr kub suv quyish kerak. Shuncha suvni qaerdan olish mumkin? Ba’zilar Kaspiy dengizidan suv olishni taklif qilmoqdalar. Buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Chunki, Orol sathi Kaspiydan 81 metr baland turadi. Kaspiy dengizi havzasining o‘zida suv yegishmaydi. Sibir daryolaridan Orolga suv keltirish to‘g‘risidagi takliflar ham ilmiy jihatdan yetarli asoslanmagan va amalga oshirib bo‘lmaydigan vazifadir. Tyan-Shan va Pomir tog‘laridagi muzliklarni eritib, daryolar suvini ko‘paytirish ham hozirgi hayotimiz va kelajak davr uchun xavfli, chunki muzliklar eritib yuborilsa, Amudaryo va Sirdaryo kelajakda suvsiz qolishi mumkin. Yana bir taklif — bu Orolning tagida va uning atrofidagi 1—1,5 ming metr chuqurlikdagi yer osti suvlarini yuqoriga ko‘tarib Orolga quyish to‘g‘risida bo‘lib, bu fikr ham yetarli asoslanmagan, undan tashqari, yer osti suvi sho‘r va issiq. Yer osti suvini olgandan keyin uning o‘rni to‘ldirilishi ham o‘rganilmagan.

Shunday qilib, Orolni ilgarigi holatiga keltirish uchun imkon yo‘q. Lekin uning sathini ma’lum darajada saqlab qolish uchun eng asosiy yo‘l — Sirdaryo va Amudaryo havzasida suvdan oqilona foydalanish va uni iqtisod qilib, Orolga quyishdan iborat. Buning uchun O‘zbekiston va boshqa qo‘shni respublikalardagi magistral va xo‘jaliklararo kanallarni foydali ta’sir koeffitsientini O‘zbekistonda hozir 0,63 bo‘lsa, uni 70 ga, Turkmanistondagi Qoraqum kanalida hozir 55—60 bo‘lsa uni ham 80 ga ko‘tarilsa, O‘rta Osiyo yiliga kamida 25—30 kilometr kub suv iqtisod qilish mumkin. Sanoat va kommunal xo‘jalik ehtiyojlari uchun sarflanayotgan suvlardan ham 5—10 kilometr kub suvni iqtisod qilish mumkinligi asoslangan. Binobarin, bu takliflar amalga oshirilgan taqdirda, Orolga 30—35 kilometr kubgacha suv quyib uni hozirgi holatidan qisman bo‘lsa-da, ko‘tarish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston va butun O‘rta Osiyo respublikalari uchun tuproqni, ayniqsa, obikor yerlaridagi tuproqni muhofaza qilish, hosildorligini oshirish juda muhimdir. Tuproqning ahamiyatini shundan ham ko‘rish mumkinki, yer yuzi aholisining yashashi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va energiyaga bo‘lgan ehtiyojning 88 foizini haydaladigan yerlar, 10 foizini yaylovlar va 2 protsentini okeanlar beradi.

O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan 28,4 million gektar qishloq xo‘jalik yerlaridan faqat 4,1 million gektari sug‘oriladigan yerlardir. Ana shu yerlarda 5 million tonnadan ortiq paxta, ko‘plab don, sabzavot, meva, kartoshka, uzum, poliz ekinlari yetishtiriladi.

Sug‘oriladigan yerlarni bundan buyon ko‘paytirish suv tanqisligi tufayli chegaralangan. Har yili xo‘jaliklarning aybi bilan 5 ming gektarga yaqin yer ishdan chiqmoqda, uni yo‘llar, sanoat va kommunal qurilishlar band qiladi.

Agar 1970 yilda respublikamizda jon boshiga 0,24 gektar sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 1985 yildan 9,21 gektarga tushib qoldi. 2000 yilga kelib respublika aholisi 26—27 million kishiga yetadi. Sug‘oriladigan yerlar esa amalda kengaymaydi va har bir kishiga 0,15 gektardan to‘g‘ri kelib qoladi. Shu sababli, ayniqsa, haydaladigan obikor yerlarni asrash va ulardan oqilona foydalanish kerak. Biroq, paxta yakka hokimligi, almashlab ekish yetarli emasligi, noto‘g‘ri ishlov berish, mineral o‘g‘it hamda zaharli ximikatlardan nazoratsiz foydalanish tuproq hosildorligini pasaytirib yubormoqda.

Deyarli barcha sug‘oriladigan yerlar juda ifloslangan, mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra har bir gektar paxta maydoniga yiliga 54 kilogramm gerbitsid, defoliant va boshqa zaharli moddalar tashlanadi. Bunda respublikadagi umumiy haydaladigan yerlarni hisobga olinsa, har bir gektarga 20—25 kilogramm zaharli modda to‘g‘ri keladi. G‘o‘zaga ishlov berilayotgan vaqtda aholi punktlaridagi havoda zaharli ximikatlar miqdori sanitariya normalaridan 30—50 baravar oshib ketadi. Natijada g‘o‘za ekilgan paykallarga yaqin joylarda yashaydigan odamlar o‘rtasida zaharlanish ko‘paymoqda.

Respublikadagi 4100 ming gektar obikor yerning 1200 ming gektari turli. darajada sho‘rlangan. 3 million gektarga yaqin yerdagi tuproq suv va shamol ta’sirida, turli darajada yuvilishi natijasida hosildorligi kamaygan. Shular oqibatida dehqonchiligimizda yiliga paxta hosili 500 ming tonna, shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari, yem-hashak, meva, uzum yuz minglab tonna kam olinadi. Umumiy zarar pul hisobida 500 million so‘mdan oshadi.

Agar yaqin kelajakda ham paxta yakka hokimligi saqlanib qolsa, reepublikadagi sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning imkoni bo‘lmaydi. Chunki, so‘nggi yillargacha respublikada yer usti tuzilishi va meliorativ holati jihatidan eng yaxshi yer maydonlarining o‘rtacha 2 million gektariga paxta ekilmoqda. XIII besh yillikda ham paxta yetishtirish plani 5 million tonna hajmda saqlangan, Binobarin, uning maydonini kamaytirish juda qiyin va kamaytirilganda ham 50—100 ming gektardan oshmaydi. Shuning uchun respublikada oziq-ovqat programmasini hal qilish ham o‘lda-jo‘lda qolib ketaveradi. Bundan tashqari ming-minglab qishloq va shahar aholisiga uy-joy qurish va tomorqa qilish uchun yer berish vazifasi turibdi.

Yerni muhofaza qilish, uning unumdorligini tiklash va oqilona foydalanish uchun paxta maydonini tezda qisqartirib, bir yarim million gektarga keltirish kerak. Qisqargan yer paxta — beda almashlab ekishni amalga oshirish imkonini yaratadi. Bu bilan, birinchidan, yerning unumdorligi oshib, chorvachilik uchun yem-xashak bazasi mustahkamlanadi. Binobarin, go‘sht, sut, yetishtirish ko‘payadi; ikkinchidan, paxtadan bo‘shagan yerlarning bir qismi g‘alla, sabzavot, poliz zkinlari, uzumzorlar, meva-bog‘lar maydonini kengaytirish uchun foydalannladi. Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat programmasini hal qilishga yordam beradi; uchinchidan, ko‘p millionli zahmatkash dehqonlarimiz, ayniqsa, xotin-qizlarimiz paxta yetishtirishdek og‘ir mehnatdan qutulib, «ko‘kragiga shamol tegishi» uchun imkon yaratiladi hamda yuz minglab ishsiz yurgan qishloq o‘g‘il-qizlari uchun dehqonchilik va chorvachilikda, qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlovchi yangidan quriladigan sanoat korxonalarida ish joyi vujudga keladi; to‘rtinchidan, bir yarim million gektar hosildor tuproqqa ega bo‘lgan yerga paxta ekilishi natijasida paxta hosildorligi oshadi. Gektaridan 30 tsentnerdan hosil olinganda,to‘rt yarim million tonna paxta hosilini jamg‘arish mumkin. Paxta hosildorligining oshishi, ayniqsa, uning sifati tobora yaxshilanishi hisobiga, so‘nggi yillarda paxtadan olinayotgan pul daromadi kamaymaydi, aksincha, ko‘payadi; beshinchidan, qishloq xo‘jalik yerlarida ekologik sharoit birmuncha yaxshilanadi, binobarin, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, bolalar o‘limini kamaytirish uchun imkon yaratiladi.

O‘rmonlarning inson salomatligini mustahkamlash va xo‘jalik ahamiyati to‘g‘risida ko‘p yozilgan. Ilgari tog‘ va tog‘ oldi yerlarining 10—15 foiz maydoni tabiiy mevali daraxtlar va archazorlar bilan, qumli cho‘llar esa saksovulzorlar bilan qoplangan edi. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi natijasida hozir atigi besh foiz yerda qalin daraxtzor qolgan. Shundan bir foizi vohalarda. Bular kanal va ariqlar bo‘yidagi mevali daraxtlar va tutlardir. O‘rmonlarning yo‘q bo‘lishi natijasida parrandalar va hayvonlar ham kamaydi, ba’zilari butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Onda-sonda saqlanib qolgan va yangidan hosil qilingan o‘rmonlar suv saqlovchi, tuproqni muhofaza qiluvchi, dam olish uchun foydalanadigan o‘rmonlardir. Respublikamizda har yili 100—200 ming gektar yerga har xil daraxt ko‘chatlari ekiladi; Lekin bular juda kam. Kelajakda respublikadagi o‘rmonlar maydonini 5300 ming gektarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shunda o‘rmon maydoni olti foizdan ortadi.

Bizda 10 ta qo‘riqxona, bitta milliy xalq bog‘i, 7 ta zakaznik va bir qancha ovchilik xo‘jaliklari tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonalarda 800 dan ortiq o‘simlik turi, 50 ga yaqin hayvon turi va 300 qush turi muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonalarda genofondni tiklash, ekosistemalar mahsuldorligini boyitish yuzasidan ilmiy ishlar olib borilayapti. Lekin, qo‘riqxonalar va zootexniklar xizmatiga loqayd qarovchilar yoki shaxsiy manfaati uchun e’tibor beruvchi kishilar ham kam emas. Qo‘riqxonalar haqiqiy ilmiy markazga aylantirilgandagina, kelajak avlod uchun sof holdagi tabiatga zarar yetkazilmagan joylarni qoldirishga erishamiz.

Umuman, respublika tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ular hozirgi talablardan juda orqada qolib kelyapti.

Inson salomatligiga juda katta zarar yetkazuvchi omillardan biri radiatsiyaning oshib ketishidir. Quyoshdan keladigan radiatsiyaga inson azaldan moslashgan. Lekin ayrim vaqtlarda bu radiatsiyaning qisman bo‘lsa ham, o‘zgarishi millionlab kishilarga, ayniqsa, dardchil kishilarga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Lekin inson qo‘li bilan yaratilgan atom elektrostantsiyalari, reaktorlar va har xil korxonalarda ishlatilayotgan radioaktiv moddalardan chiqayotgan radioaktiv chiqindilar inson salomatligiga davolab bo‘lmaydigan putur yetkazishi endi sir emas. Chernobil atom elektrostantsiyasining buzilishi natijasida vujudga kelgan fojia gapimizning yaqqol dalilidir. Shuning uchun ham hukumatimiz qarori bilan ishlab turgan Yerevan atom elektrostantsiyasi, qurilayotgan Qrim atom elektrostantsiyasi to‘xtatildi.

Yaqinda Moskvada xalq deputatlari s’ezdida mamlakatimizda taniqli qozoq shoiri deputat O‘ljas Sulaymonovning so‘zi tahsinga sazovordir. U nutqida Semipalatinsk yonida yadro sinov portlashlari natijasida radiatsiyaning kuchayishi, aholi sog‘lig‘iga yetkazilayotgan ziyonlar to‘g‘risida kuyunib gapirib bunday sinovlarning to‘xtatilishini talab qildi.

Bizda esa hamon sukunat.

Atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va ekologik muvozanatni saqlash uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

— Tabiiy resurslarning kamayib ketishi va sanoat, transport, qishloq hamda kommunal xo‘jaliklar chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olishning har bir rayon, shahar va xo‘jalik uchun ilmiy asoslangan tadbirlarini ishlab chiqish. Bu ishni O‘zSSR FA institutlari, respublika Tabiatni muhofaza qilish komiteti amalga oshirishi kerak: chiqindisiz ishlab chiqarishni tashkil etish, iflos chiqindilar chiqaruvchi korxonalarni qurmaslik, zaharli zararli moddalar chiqarayotgan korxonalarni qayta qurib, unda chiqindilarni ushlab qoluvchi moslamalar o‘rnatilguncha yopib qo‘yish;

— Shaharlarda havoni ifloslovchi transportni «toza» transport bilan almashtirish, ya’ni elektr energiyasi bilan yuruvchi transport yo‘lini kengaytirib, solyarka, benzin yoqilg‘isi bilan yuradigan transportni gaz bilan almashtirish;

— dehqonchilikni va chorvachilikni ximiyalashtirishdan voz kechish, joylarda zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashning biologik metodlariga o‘tish;

— yirik tabiiy — xo‘jalik regionlarining inson ta’siri oqibatida o‘zgarishining qisqa, o‘rta va uzoq davrlarga mo‘ljallangan ilmiy asoslarini hamda atrof-muhiti salbiy o‘zgarishining oldini olish.

Atrof muhitini yaxshilashda iqtisodiy, texnik va huquqiy tadbirlar bilan bir qatorda, aholi o‘rtasida ekologik targ‘ibotni kuchaytirish va kishilarga ekologik bilim berish ham muhim rol o‘ynaydi. Ekologik bilim bog‘chalardan boshlanishi kerak. Oddiy ishchi bilan kolxozchidan tortib, xo‘jalik va partiya rahbarigacha hamma ekologik bilimni egallashi shart.

Respublikada tabiatni muhofaza qilishni tubdan yaxshilash va ekologik tarbiyani keng ko‘lamda olib borish uchun yetarli darajada iqtisodiy imkoniyatlar mavjud. Respublika Fanlar akademiyasi ishlab chiqarish kuchlarining tadqiq etuvchi kengash raisi akademik I. I. Iskandarovning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston xalq xo‘jaligi ishlab chiqarishi yiliga respublikada 23 milliard so‘mga teng milliy daromad yaratadi, bundan tashqari, boshqa respublikalarda 40 milliard so‘mli milliy daromad olish uchun imkon yaratadi. Bu so‘mlarga respublikaning bag‘ridan qazib olinadigan qator rangli va nodir metallar, shu jumladan oltinning qimmati kirmaydi.

Mamlakatda yaratilgan milliy daromadni respublikalarda taqsimlashda O‘zbekistonda mehnatkashlarning og‘ir mehnati tufayli vujudga kelgan daromadlar to‘laligicha hisobga olinmaydi. Natijada adolatsizlikka yo‘l qo‘yiladi. Shunga ko‘ra, daromad mamlakat aholisi jon boshiga 2300 so‘m to‘g‘ri kelgan holda respublikamizda 1200 so‘mni tashkil qiladi, ya’ni ittifoqnikidan deyarli ikki marta kam. O‘zbekiston aholisining nisbatan qashshoq yashashini ko‘rsatuvchi yana bir dalilni keltiraman. SSSR Statistika davlat komiteti ma’lumotiga ko‘ra, 1988 yilda mamlakatdagi jami aholining 12,6 foizining oylik daromadi 75 so‘mgacha bo‘lgani holda, O‘zbekiston 44,7 foizni, 200 so‘mdan oshiq daromad oladiganlar SSSRda 17,2 foiz bo‘lsa, bu ko‘rsatkich respublikamizda atigi 2,8 foizni tashkil qiladi.

Umuman olganda, tabiatni muhofaza qilish respublikada og‘ir va murakkab holatda. Tabiiy sharoit va boyliklardan foydalanishni iqtisodiy jihatdan boshqarish qoidalari va yo‘l-yo‘riqlari yetarli darajada asoslanmagan. Shuning natijasida ministrliklar, boshqarmalar respublika tabiiy boyliklaridan istagancha foydalanib, atrof muhitini bulg‘amoqdalar. Tabiatni iflos qilgani uchun jarimalar korxona rahbarlaridan emas, shu korxonalar hisobidan olinadi. Binobarin, korxona rahbarlarida tabiatni iflos qilgani uchun javobgarlikni his qilish yo‘q. Shuning uchun zavod va fabrikalar chiqarayotgan chiqindilarni ushlab qoluvchi moslamalarni ishlab chiqarishga joriy qilish ko‘p korxonalarda yildan-yilga paysalga solib kelinmoqda. Bunday holat davom etaversa, atrof muhitini toza saqlash borasida aytarlik yutuqlarga ega bo‘la olmaymiz.

Bizda, sanoat korxonalarini qurish jarayonida shu korxonani barpo qilishga sarflanadigaa kapital mablag‘ni iqtisod qilishga harakat qilishadi. Mablag‘ni iqtisod qilishning eng oson yo‘li qurilayotgan zavod va fabrikalarning chiqindilarini ushlab qoluvchi va tozalovchi texnikaviy uskunalar va moslamalarni qurmaslikdan iborat. Chunki har bir korxona qurilishiga sarflanadigan kapital mablag‘ning 25—30 foizini chiqindilarni ushlab qoluvchi moslamalar tashkil qiladi. Shu sababli ximiya sanoati, tsement va paxta tozalash zavodlari, issiqlik elektrostantsiyalari rangli metallurgiya korxonalarining ko‘pida yopiq texnologiya nari tursin, hattoki chiqindilarni ushlab qoladigan moslamalar yo‘q. Buning ustiga, respublikada tabiatni muhofaza qilishga juda kam — yiliga atigi 100 million so‘m ajratiladi. Bu o‘zimizda yaratilayotgan moddiy boylikdan tomchi degan gap. Agarda shu mablag‘ga qarab o‘tiradigan bo‘lsak respublikadagi ekologik sharoitning og‘ir holati 2000 yilga qadar ham tuzalmaydi. Mugaxassislarning hisoblashlaricha, respublikadagi sanoat korxonalarida chang, gaz chiqindilarini ushlab qoluvchi moslamalarni qurish uchun milliard so‘mdan oshiqroq mablag‘ kerak. Shunga ko‘ra, tabiatni muhofaza qilishga sarflanadigan mablag‘ni keskin ravishda ko‘paytirish va undan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Chunki bugun yurtimizning boyligi tabiatimizga bog‘liq bo‘lib qoldi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 10 avgust

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.