She’rni hech kim birovdan o‘rganib yozmaydi, hech kim birovga she’r yozishni o‘rgatolmaydi. Lekin she’riy iqtidori bor bo‘lgan boshlovchiga mahorat sirlarini o‘rgatuvchi ustoz kerak. «Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar» degan xalq maqolining she’riy hunarga ham daxli bor. Matbuot sahifalarida bosilayotgan son-sanoqsiz she’rlarni o‘qiganda she’riyat uyoqda tursin she’riy nutqning ibtidoiy qoidalari vayron bo‘layotganini sezish qiyin emas. Rostini aytganda, hamma vaqt ham iste’dod egasi bo‘lgan haqiqiy shoirlardan ko‘ra noqobil havasmandlar ko‘proq bo‘lgan. Lekin hech qachon she’r bunchalik o‘z qadr-qiymatini yo‘qotmagan bo‘lsa kerak. She’riyat deb nomlanuvchi muqaddas dargoh bedarvoza shahar bo‘lib qoldi.
Biz matbuot sahifalarini havasmandlikka keng ochib qo‘ydik. Bu masalaning ikkita nozik tomoni bor. Birinchidan, yaxshi niyat bilan qo‘liga qalam olgan, vatani, xalqi mehri bilan hayajonga tushgan, o‘z qalb tuyg‘ularini oq qog‘ozga tushirmoq istagi bilan kechalarni bedor qilgan har bir yigit-qiz har tomonlama tahsin va madadga loyiq. Bizning insoniy nuqtai nazarimiz shuni taqozo qiladi. Ikkinchi tomondan esa, bir yaxshi yigitning ezgu orzusini ro‘yobga chiqarib minglab, millionlab haqiqiy she’riyat muxlislarining e’tiqodini darz ketkazish mumkin.
Yosh yozuvchilar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ko‘lami beqiyos keng — matbaa, nashriyot, ijodiy uyushmalarning faoliyatida ana shu ikki ziddiyatli, ammo bir yaproqning ikki tomoniday bir butun bo‘lgan dunyoqarashlar o‘rtasida sezilmas kurash bor.
Lekin biz qanchalik shafqatli bo‘lmaylik, havaskorning boshini silashga, insoniy yaxshilik qoidasiga ko‘ra yashashga urinmaylik — adabiyot o‘zi juda beshafqat. Hayot-ku yaxshi yigitlarning, muloyim qizlarning boshini silashi mumkin, lekin qaysar she’riyat uchun xushfe’l, ezgu niyatlarning o‘zi kamlik qiladi.
Uchta xotin qishloq yo‘lida gaplashib ketishyapti:
— Mening o‘g‘lim doktor bo‘lsa kerak, — deydi birinchisi, — nega desangiz, hozirdan qaysi kasalga nima doriligini aytib beradi.
— Mening o‘g‘lim buxgalter bo‘lsa kerak, — deydi ikkinchisi, — nega desangiz, hozirdan hisob-kitobni yaxshi ko‘radi.
— Mening o‘g‘lim shoir bo‘lsa kerak, — deydi uchinchisi, — nega desangiz, hozirdan yolg‘on gapiradi.
Ikki ayolning gapida haqiqat bormi-yo‘qmi bilmadim, lekin uchinchi ayolning gapida juda nozik haqiqat bor.
Gar desa Fuzuliy, ki go‘zallarda vafo vor,Aldanmaki, shoir so‘zi albatta yolondur.Ha, shoir so‘zi yolg‘ondir degan gap juda qadimdan qolgan. Rivoyat qiladilarki, No‘shirvoni odil shoirlarni huzuriga chaqirib aytibdi: «Bu ne betavfiqlikki, siz shoirlar mendek odil shoh davronida yolg‘on she’rlar yozasizlar? Hech zamonda oshiqning ohu fig‘oni sahroga o‘t qo‘yadimi? Qiz bolaning kiprigi o‘q bo‘lib oshiq yigitning ko‘kragiga sanchilarmish. Bu gapga kim ishonadi? Xullas, shu bugundan boshlab kim yolg‘on she’r yozsa boshi dorda, mulki talonda».
Shu farmondan keyin uzoq vaqt hech kim she’r yozmay qo‘ydi. Nihoyat bir shoir shunday she’r yozdi:
Tong otsa yulduzlar so‘nar osmonda, Xo‘rozlar qichqirar Mozandaronda. Xalafda kechqurun quyosh botadi, Kechasi odamlar uxlab yotadi.No‘shirvoni odil hech bir yolg‘oni yo‘q, boshidan-oxirigacha haqiqat bo‘lgan ushbu she’rni o‘qib yelkasini qisdi, boshini qashladi va yana farmon berdi: «Shoirlar o‘sha o‘zining yolg‘onini yozaversin».
Shundan, «Shoir so‘zi yolg‘ondur» degan gap qolgan, shundan Fuzuliy: «Aldanmaki, shoir so‘zi albatta yolondur», — deya lutf qilgan.
She’riyatning ana shu «yolg‘onida» juda chuqur haqiqat, sehrli haqiqat bor, buyuk ishontirish kuchi bor. Aql bovar qilmas bir qonuniyatga ko‘ra kishilar jo‘n aytilgan rost so‘zga emas, o‘sha «yolg‘on»ga ishonadi.
Nega endi men she’riyatning zukko bilgichlari o‘ltirgan bu yig‘inda adabiyotning ibtidoiy qonuni, alifbosi bo‘lgan bu gapni, hayotiy haqiqat bilan badiiy haqiqat munosabatini aytib turibman? Negaki, ming afsus, biz ko‘p hollarda, hatto to‘qson foiz she’rlarimizda shu qonuniyatga amal qilmaymiz, «Kechqurun Xalafda quyosh botadi» deb yozamiz.
Mana «Sharq yulduzi» jurnalida turli vaqtda bosilgan ikkita o‘rtoqlik hazili. Biri ko‘zga ko‘ringan olimga:
O‘ychan olim, ishchan olim, Labzi halol muallim.To‘g‘ri gapmi? To‘g‘ri gap. Haqiqat. Biz o‘sha olimning ishchanligini, halolligini bilamiz. Endi savol: Agar bu rost gap bo‘lsa — nimasi o‘rtoqlik hazili? Va aksincha, bu gap hazil bo‘lsa, qochirim bo‘lsa, demak, olimning ishchanligi, halolligi shubha ostiga olingan bo‘ladi? Bundan chiqadiki, bu hazil emas, to‘g‘ri she’r. Endi shu ikki satrni to‘g‘ri she’r sifatida tahlil qilaylik. Mantiq nuqtai nazaridan qarab chiqaylik.
Ishchan olim degan so‘zga tushunish mumkin, Lekin nega o‘ychan olim? O‘ylash, fikrlash olimlikning sharti-ku! Bu gap xuddi she’r yozadigan shoir, ashula aytadigan xonanda deganga o‘xshamaydimi?
Ikkinchi satrda olimning muallimligi haqida xabar beriladi. Muallim sifatida olimga qanday sharh berish mumkin? Yaxshi muallim, usta muallim, mehribon, boringki, talabchan muallim, qattiqqo‘l muallim — deyish mumkindir. Lekin nega endi «labzi halol» muallim? Lafzi halol deb va’daning ustidan chiqadigan odamni aytadilar. Olim muallim sifatida qanday va’da berdi-yu, o‘sha va’dasining ustidan chiqdi? Har yuz bosh talabadan o‘ntadan kandidat yetishtiraman deb va’da qildimi?
Ikki satrgina she’r. Bor-yo‘g‘i yetti so‘z. Yetti dona so‘zda o‘n xil mantiqsizlik. Beixtiyor ruscha «eщe» so‘zini «ishcho» deb yozib uch harfli so‘zda to‘rtta xato qilgan o‘quvchi ko‘z oldimga keladi.
Endi yana bir o‘rtoqlik hazilini ko‘raylik. Gulchehra Jo‘raevaga:
Lirikasi «yor-yor» go‘zal, Yaratmoqda dostonu g‘azal. O‘z-o‘ziga talabchanki u, Bo‘lib borar ijodi tugal.Bu satrlarni tahlil qilib o‘tirishning hojati yo‘q — faqat yana yodingizga solaman:
Xalafda kechqurun quyosh botadi...
Bunday jo‘n, sayoz, badiiyatdan yiroq satrlar ahyonda uchrasa mayli edi. Matbuotimiz, radio-televideniemiz, kitoblarimiz sahifalarini bunday noqobil nazmbozlik to‘ldirib yubordi. Kecha biz bahorgi soylar deb maqtangan oqim bugun selga aylandi. Bu ofatdan qutqaringlar deya bong uradigan darajaga yetdik. She’riyatni bu ofatdan yakka shaxslar qutqarishi qiyin. Hamma bir bo‘lib kurashishi kerak. Bu haqda ayniqsa tanqidchi olimlarimiz, o‘sha «ishchan» va «o‘ychan», o‘sha «labzi halol» olimlarimiz jiddiy o‘ylashlari lozim.
1982