OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘afur G‘ulom. Talant va mahorat (1962)

Men yosh qalamkashlar haqida bir-ikki og‘iz so‘z aytishni ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan edim. Kishi qarigan sari o‘rinbosarlar to‘g‘risida ko‘proq tashvish tortadigan bo‘lib qolar ekan. Axir, hamma kasbda bo‘lganidek, badiiy ijodda ham o‘rinbosarlar, merosxo‘rlar bo‘ladi, busiz adabiyot o‘smaydi. Men ijodkorlik zahmatini o‘z bo‘yniga olib qalam tebratayotgan yosh yozuvchilarga nazar tashlar ekanman, ko‘pgina yengil tortaman, otalik g‘ururi, qandaydir qoniqish va taskinlik hissi paydo bo‘ladi. Rostini aytganda, she’riyatimiz bulog‘ida qaynayotgan yosh shoirlarning hisobiga yeta olmayman. Ularning qanchasi davr sinovidan o‘tib, she’riyatimiz osmonida porlab turuvchi yulduz bo‘larkin, buni men ayta olmayman. Lekin ishonch bilan ayta olamanki, she’riyatimizga dadil, didli, ravshan va dono ijodkorlar kirib kelmoqda, ular men boshlagan she’rni davom ettiradi, yozolmagan satrlarimni yozadi. Husniddinni yoki Erkinni aytaymi, Tesha Saydalievni yoki Hamid Nuriyni tilga olaymi yoki boshqalarnimi, qisqasi, hammasida kishini o‘ziga jalb qiluvchi nimadir bor. Men yosh shoirlarimiz to‘g‘risida hozircha ko‘p gapirmayman. Bu mening shoir bo‘lganim uchun emas, balki shoir merosxo‘rlarimizning yosh hikoyanavis yoki dramaturglarga nisbatan ancha mo‘lligi tufayli, xolos. Odil Yoqubovni yosh dramaturg deyishga haqqim yo‘q, u allaqachon kattalar davrasidan o‘rin egalladi. Hikoyachilikka kelganda esa, ahvol sal durust. Said Ahmaddan keyin ancha tanaffusdan so‘ng O‘lmas Umarbekov, Farhod Musajonov, Xudoyberdi To‘xtaboev kabi umidli yoshlar maydonga chiqdi. Kezi kelganda shuni aytib o‘tayki, bizda kichik janr — hikoyachilikka yetarli diqqat qilinmaganligi mening izzat-nafsimga tegadi. Shuning uchun ham bu maqolani atayin yosh prozaiklarga bag‘ishladim.

Men, Ulmas Umarbekov ijodi diqqat qilsa arzirli, deb o‘ylayman. Uning aktivligi, tirishqoqligi va tinimsiz izlanishi e’tiborimni tortdi. O‘zim aktuallik va hozirjavoblikni, siyosiy o‘tkirlik va partiyaviy yuksaklikni ijodning o‘zagi, deb tushunganim uchunmi, O‘lmas asarlaridagi mavzu muhimligi, aktuallik va chuqur zamonaviylik menga yoqadi. Fikrimcha, xalqimga ham yoqsa kerak. O‘lmas har kunlik oddiy voqealar asosida kattaroq, muhimroq gapni aytishga urinadi, odamlarimizning yuksak insoniy fazilatlarini oddiy, lekin jonli, takrorlanmas lavhalarda ochib berishga intiladi. O‘lmas adabiyotning vazifalarini to‘g‘ri va chuqur tushunadi, yozuvchi ham oddiy bir odam, kishilarga xos hamma qayg‘u-alamda, hamma sevinch, ko‘rkamlikda uning ham nasibasi bor. O‘lmas o‘sha dastlabki salmoqli kitobi bo‘lmish «Yurak so‘zlari» to‘plamida ham, «Qishlog‘imiz kishilari» nomli ocherklar kitobida ham, konkursda mukofotga sazovor bo‘lgan «Boboyong‘oq» asarida ham odamlarimiz yuragidagi, ongi va yurish-turishidagi o‘zgarishlarni, yangiliklarni ko‘rsatishga harakat qiladi.

Yoshlarda, hatto kattalarda ham shunday kamchilik borki, ular o‘z hikoyalarida hayotdagi biror yangilikni oladilar-da, uni quruq bayon qilish bilan band bo‘lib, odamni butunlay esdan chiqarib yuboradilar. Vaholanki, yangilikni odam yaratadi va u odam uchun yaratiladi. Ulmas Umarbekov o‘z asariga ana shunday yangilikni asos qilib oladi-da, uning vositasida kishilarimizdagi o‘zgarish, o‘sishni ochib beradi, ularni o‘sha narsalarning ijodkori, harakatga keltiruvchisi sifatida ko‘rsatadi. Bu jihatdan uning «Xatingni kutaman», «Besh panja baravar emas», «Yurak so‘zlari», «Boboyong‘oq», «Mehr» va «Haykal» hikoyalari alohida e’tiborga loyiq. Bu hikoyalardagi odamlar jonli, yorqin xarakterli bo‘lib, eng avvalo davlat va xalq manfaati uchun jon kuydiradilar, axloqni himoya kiladilar. Ular samimiy, bir-biriga do‘st, hamkor. Ha, O‘lmas yuqoridagi asarlari bilan ijodda yana balandroq pog‘onaga chiqdi. Bu hikoyalarning mazmuni keng, fikran chuqur va umumlashtirish kuchi anchagina baland. Bularda O‘lmas safsatabozlik, bayonchilik va sustlikdan qutulgan, yorqin xarakterlar yaratishga erishgan. Ular kam gapirib, ko‘p harakat qiladi. Yosh yozuvchi qahramonlarning psixologiyasiga, qalb harakatiga asosiy diqqatini qaratgan. Lekin bu O‘lmas Umarbekov tap-tayyor yozuvchi bo‘lib yetishdi, degan so‘z emas. Uning ba’zi hikoyalaridagi syujet sust, bayonchilik, cho‘ziqlik bor, nursiz obrazlar uchrab turadi. So‘ngra O‘lmasda konflikt zaifligi ravshan seziladi, tasvirda obrazlilik yetishmaydi. Til boyligini oshirish ustida ko‘proq ishlashni eslatib o‘tardim.

Men O‘lmasning bunday kamchiliklardan qutilishiga va mustaqil, o‘ziga xos, e’tiborli yozuvchi bo‘lib yetishishiga qattiq ishonaman. Unda talant bilan birga intilish, harakat va sergaklik bor. Shunga ishonib, yaxshi umid bilan O‘lmasni ancha maqtabroq yubordim. Bu maqtovni O‘lmas Umarbekov ma’lum darajada qarz deb tushunsa ham mayli.

“O‘zbekiston madaniyati”, 1962 yil 8 sentyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.