OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosir Fozilov. Tilga e’tibor - elga e’tibor (1985)

Yozuvchi bamisoli asalariga o‘xshaydi. Asalari uchib-qo‘nib, zahmat chekib turli-tuman gullardan, dorivor giyohlardan nektar to‘plab, uni odamlarga asal qilib hadya etadi. Yozuvchi esa olam ko‘rib, odam ko‘rib, ular bilan muomalada bo‘lib, o‘zi yashab turgan zamon va zaminning siru asrorini odamlar bilan bab-barobar his etib, uning nozu ne’matlarini tatib ko‘rib, topgan gapini ijodiy laboratoriyasida qayta sayqallab, yana odamlarning o‘ziga ulashadi.

Yozuvchi uchun jumla grammatika darsliklarida ta’rif qilinganiday: «Egasi, kesimi va ikkinchi darajali bo‘laklari» o‘z o‘rnida bo‘lgan jumlalar, til esa odamlarning bir-birlari bilan muomala qiladigan vosita quroli emas. Yozuvchining gapi boshqacha, ya’ni, yozuvchining gapida xarakter, o‘y, fikr, istehzo, o‘xshatish, jonlantirish va hatto, kerak bo‘lsa, o‘ylatib qo‘yish qobiliyati ham bo‘ladi. Shunday bo‘lgandagina biz uni badiiy til deymiz.

Ba’zan topib aytilgan bittagina so‘z butun bir asarni bezab turadi. Masalan, Abdulla Qahhorning «To‘yda aza» degan hikoyasini eslang. Undagi meshchanka ayol boshiga qizil beretka kiyib yuradi. Yozuvchi uni xo‘rozqandga o‘xshatadi. Shuning uchun bo‘lsa ajab emas, o‘quvchilar orasida u hikoyaning nomi «Xo‘rozqand» bo‘lib ketdi. Yoki Said Ahmadning «Xanka va Tanka» degan hikoyasida Xanka labini qizil pomada bilan bo‘yab yuradi. Uni yozuvchi qizil pomidor tishlab yurganga o‘xshatadi. Qarang, shu birgina o‘rnida ishlatilgan so‘z, ibora hikoyaning badiiy qimmatini yana ham ko‘tarib yuborgan. Keyingi paytlarda anjumanlarda, radio hamda televidenieda o‘rinlatib she’r yoki monolog o‘qigan diktorlarimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri «badiiy so‘z ustasi Qodir Maxsumov», «...Muhsin Hamidov» deb so‘z beradigan bo‘ldik. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: qotirib yozgan so‘z ustasimi yo uni o‘qiganmi? O‘qiladigan asarlarni yaratgan yozuvchilar. Yozuvchining asarini qotirib o‘qish boshqa gap. Uni badiiy o‘qish ustasi, desa bo‘ladi, ammo badiiy so‘z ustasi emas.

Tilga e’tibor, elga e’tibor, degan gap bekorga aytilgan emas. Ba’zi yozuvchilarimiz mavzu topilsa bas, buyog‘ini urib yozaversa bo‘ladi, eng muhimi, qog‘ozga tushgani qoladi, buyog‘ini redaktsiyaning o‘zida to‘g‘rilashadi, deb tushunishadi. To‘g‘ri, mavzu bosh masala, ammo asarning badiiy xususiyatlari hamisha muhim, hamisha zamonaviy masala bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Modomiki, gap tanqidchilarga kelib taqalgan ekan, ularning tili haqida ham ikki og‘iz gap aytishni lozim deb bilaman. Tanqidchilarning shu bugungi tili maqtanarli darajada emas. Buni ro‘y-rost aytish kerak. Ba’zilar maqolalarini, taqrizlarini shunaqa quruq, shunaqa jo‘n tilda yozadilarki, yo qiynalib o‘qiysan, yo mutlaqo o‘qiging kelmaydi. U ishlatgan so‘zlarning ba’zilarini o‘quvchi tushunadi, ba’zilarini tushunmay lug‘at qidirib qoladi.

Tanqidchilarimiz so‘nggi paytlarda «kashfiyot» degan so‘zni ko‘p ishlatadigan bo‘lib qolishdi.

Bu so‘zning vazifasi, nazarimda, hozirgi ishlatilayotgan darajadan birmuncha yuksakroq bo‘lsa kerak. Fan va texnikadagi favqulodda topilgan zamon yangiliklariga, asrimiz yaratgan ulkan, xalq xo‘jaligimiz uchun nihoyatda muhim hisoblangan nodir va noyob yangiliklarga nisbatan «kashfiyot» so‘zini ishlatsak yarashadi. Endi o‘sha so‘zni pastga olib tushib, bitta o‘xshatish yoki bitta shakl topgan adibga kashfiyot qildingiz, deb o‘tirsak, unda bu so‘zning qadri tushib ketmaydimi?

Bir kuni radioni eshitib o‘tirsam, do‘stim A. Mullamuhamedovning ocherkini berib qoldi. Bu ocherkda tuyachilikni rivojlantirish, O‘zbekistonda tuya chorvasining istiqboli haqida gap borardi. Ko‘rib turibsizki, bu mavzu nihoyatda shu kunimiz uchun zarur va aktual masala. Quloq solib o‘tirsam, bir joyda «tuyaning ayroni» degan so‘zni ishlatib yubordi. Buni qarang-a, tuyaning «ayroni» emish. Tuyaning suti bo‘ladi, sutini achitib qimron (chubot) qilishadi. Chorva mollari mahsulotlariga xalqning o‘zi qo‘ygan atamalari mavjud: sigirning sutidan qatiq, ayron, pishloq qilinadi; biyaning sutidan qimiz; tuyaning sutidan qimron. Nahotki o‘rtog‘imiz shuni bilmasa! Goh matbuotda «har bosh ona qo‘ydan...», «Ona cho‘chqa balchiqda maza qilib lorsillab yotardi...» kabi jumlalarni o‘qiganingda o‘zingni qo‘yarga joy topolmay qolasan.

Dunyoda «ona»dan ham mo‘‘tabar zot bormi? Shunaqa ekan, chorva mollarining o‘z atamalari turgan bo‘lsayu, nima uchun uning yoniga «ona»ni yonma-yon qo‘yish kerak? Axir xalqimiz ba’zi jurnalistlar tap tortmay aytayotgan «ona qo‘yni» «sovliq» deyishadi-ku!

Shuningdek, cho‘chqaning urg‘ochisi «megajin», otniki «biya» va hokazo. Bordi-yu, chorva mollarining erkaklarini yozish kerak bo‘lib qolsa, nima qilamiz? «Ota qo‘y», «ota cho‘chqa» deymizmi? Yo‘q, ularning ham o‘z atamalari bor: qo‘chqor, serka, taka, ayg‘ir, nor degandaqa.

Gap chorvachilik haqida ketayotgan ekan, bir gap esimga tushib qoldi: qaysiyam bir yili qo‘limga «Alifbe» kitobi tushib qolib, varaqlasam, «T» qarfi qismida bir ot va bir toyning rasmini chizib, tagiga: «Mana bu katta toy, mana bunisi kichkina toy», deb tushuntirilibdi bolalarga. Buni qarang, «katta toy», «kichkina toy» emish! Buni o‘qigan bola qanday qilib otlarning turini bilsin! Ularni qanday qilib farqlay olsin! Shu munosabat bilan menda, yangi «Alifbe»ni bir ko‘ray-chi, qani, yangi nashrida ham shu gap takrorlanganmikan, degan qiziqish tug‘ildi. «Alifbe»ni topib, varaqlasam, xayriyat yo‘q bo‘lib chiqdi. Ammo, kitobning o‘rtarog‘iga borib, yoqamni ushlab qoldim. Ikkita surat: birida ariq ustidagi ko‘prikda ikkita uloq qarama-qarshi kelib qolib, hech qaysisi bir-biriga yo‘l bo‘shatmay turishibdi; ikkinchi suratda esa, ular yo‘l talashishib, suzishib, suvga qulab tushishadi. Bu ertak-suratni hamma biladi. Endi o‘sha surat tagiga izoh berib, «echkilar» deb yozishganiga nima deysiz? Hali savodi chiqmagan bolaga uloqni echki deb ta’rif qilsak, buni o‘qigan bolalar ham o‘zimizga o‘xshab chalasavod bo‘lib qolmaydimi?

Ustoz Alisher Navoiy otlarning yosh jihatdan yetti turga bo‘linishini o‘zining risolalaridan birida aniq-taniq qilib aytib ketganlar: qulun, toy, yobog‘i, qunon, do‘nan, beshlik va nihoyat ot. Qoramolga nisbatan sigir, buzoq, tana, g‘unajin, qochar, buqa, ho‘kiz. Chorva mollarining sifatlari haqida ham chalkashliklar juda ko‘p. Masalan, ba’zi yozuvchilarimiz otlarni tasvir qilganlarida oq ot, qora ot, qizil ot va hokazo deb ta’riflashadi. Vaholanki, ularning xalqda o‘z atamalari bor: chovkar, saman, to‘riq, jiyron, buvril,... degandaqa.

E’tiborsizligimiz natijasida ba’zi chorvachilik bilan bog‘liq narsalarning atamalari ham asta-sekin iste’moldan chiqib ketyapti. Masalan, egar, to‘qim, jazliq, ayil, qo‘yishqon, yugan, suvliq, no‘xta, uzangi, o‘mrovliq, kishan. Yoki mollarning tana qismlarini anglatuvchi o‘mrov, yol, qaptal, sag‘ri, taqim degan so‘zlar-chi?

Hatto, qarindosh-urug‘chilik darajasini bildiruvchi so‘zlarimizda ham chalkashliklar uchraydi. Hozir xolaning o‘g‘lini ham, tog‘aning, hatto amakining o‘g‘lini ham «jiyan» deb ataydigan bo‘lishgan. Bizningcha, xolavachcha, amakivachcha, jiyan, bo‘la, xola, tog‘a, amaki, pochcha kabi so‘zlar o‘z o‘rnida, to‘g‘ri ishlatilgani ma’qul. Bizning Turkistonda «bo‘la» degan (xolavachchani bildiruvchi) so‘z bor. Mirzakalon Ismoiliyning «Farg‘ona tong otguncha» romanida shu so‘zga ko‘zim tushib qolib, quvonib ketdim.

Xo‘sh, nima uchun uni ishlatmaymiz? Axir, bu bizning bisotimiz-ku! Bu so‘z yo‘q, u so‘z yo‘q, deb titkilayversak, «O‘zbek tilining izoxli lutati»ga o‘xshab g‘ariblashib, kambag‘allashib qolmaymizmi? Ensa, qovg‘a, kegay, ridvon, kanor, qanora, dekcha, omoch, bo‘yinturuq, gupchak, toqi, o‘miz, zo‘g‘ata, tanav, buksa, xanik, chetan, mo‘ki, juvoldiz, so‘nar, konjig‘a, qaptal... O‘h-ho‘, Bunaqa iste’moldan chiqish arafasida turgan so‘zlar juda ko‘p. Oddiy shamchiroq bilan zamonaviy elektrgacha, oddiy urchiqdan to hozirgi zamonaviy ip yigirish dastgohlarigacha, oddiy bo‘z to‘qish dastgohidan to to‘qimachilik kombinatigacha, chayladan koshona uylargacha, ikki g‘ildirakli qo‘qonaravadan to hozirgi zamon uchqur mashinalarigacha, omochdan hozirgi polvon «K-700» traktorigacha... O‘tgan davr ichida ishlab chiqarishga oid qanchadan-qancha so‘zlar yaratildi. Qani ular? Ular xalqning tilida.

Ularni olish kerak, o‘rnini topib ishlatish, ishlata bilish kerak!

Darvoqe, lug‘atlar masalasida gap ketgan ekan, A. S. Pushkin nomidagi til va adabiyot institutiga ham ba’zi bir istaklarimizni aytib o‘tishni ma’qul ko‘ramiz. Boshqalarni bilmadim, menimcha, til bilan shug‘ullanuvchi olimlarimiz juda maydalashib ketishganga o‘xshaydi. Masalan, bitta olimdan: «Mana bu so‘z qaysi turga kiradi?» deb so‘rasangiz, u: «Bu so‘z fe’lga kirsa kerak, men ravishdosh bilan shug‘ullanaman», deb javob beradi. Ular, nazarimda, tilni nimta-nimta qilib bo‘lib olishganga o‘xshaydi: ega bilan kesimni — bittasi, ikkinchi darajali bo‘laklarni — bittasi, kelishiklarni — boshqa bittasi, undov gap-u, so‘roq gaplarni — boshqalari... Bunaqada yaxlit bir nima qilib bo‘ladimi?

Xullas, aytaversa gap ko‘p. Oktyabr inqilobidan keyin tilimizning xalq jonli tili bilan yaqinlashgani adabiyotimizning ulkan yutug‘i bo‘ldi, degan edi ustoz Abdulla Qahhor. Shunday ekan, o‘sha qo‘lga kiritgan yutug‘imizni g‘ariblashtirib, jonli tilimizdan uzoqlashtirib qo‘ysak, bu jinoyat bo‘lmaydimi? Tilimizning sofligi va boyligi haqida jiddiy gaplashadigan payt yetdi. Uni konferentsiya, hatto plenum darajasiga ko‘tarib, zukko adiblarimiz-u, shu soha mutaxassislarining, mutasaddi tashkilot rahbarlarining ma’ruzalarini eshitib, ularning bundan keyingi ishlarimizga yo‘l-yo‘riq bo‘ladigan maslahatlarini olsak, degan umiddamiz.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 4-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.