OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. O’lmas siymo

Ustod Oybek haqida o‘ylar


Xalqimizda o‘lmas siymo, degan yaxshi bir gap bor. Halq o‘zining eng katta mutafakkirlari, ulkan olim va san’atkorlarini shunday deb ataydi, bu bilan xalq o‘zining cheksiz mehri, izzat-hurmati, buyuk iftixorini izhor etadi. Ana shunday o‘lmas siymolardan biri Ustod Oybekdur.
Adabiyot va uning eng nodir asarlari — xalq mulkidir, umumxalq boyligidir. Lekin adabiyotning o‘ziga xos va murakkab xususiyatlaridan biri shundaki, bu nodir asarlarni ayrim ulkan san’atkorlar o‘z iste’dodlari, fidoyi mehnatlari, iroda va aql-zakovatlariga suyanib yaratadilar. Shuning uchun ham biz o‘zlarining butun salohiyatlari, iroda va iqtidorlarini xalq xizmatiga bo‘ysindira olgan ulkan san’atkorlar oldida doim bosh egamiz, ularning nomlarini chuqur hurmat va ehtirom bilan tilga olamiz.
Haqiqatan, bugun biz xalqimizning ma’naviy boyligi hisoblanmish adabiyotimiz haqida, bu ruhiy xazinadagi eng noyob asarlar to‘g‘risida o‘ylar ekanmiz, lop etib, bu bebaho boylikni yaratgan ulug‘ adiblarimiz — Hamza va Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy va Oybek, Hamid Olimjon va G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor va Maqsud Shayxzodalar esimizga tushadi. Biz o‘z madaniyatimiz, o‘z adabiyotimizni bu tabarruk zotlarsiz tasavvur etolmaymiz.
Har bir insonning hayotida shunday kitoblar, shunday asarlar uchraydikim, bu asarlar kishini larzaga solib, uning qalbida bir umr o‘chmas iz qoldiradi. Shaxsan mening hayotimda shunday o‘chmas iz qoldirgan asarlardan biri buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» romani, ikkinchisi ustod Oybekning «Qutlug‘ qon» romani bo‘lgan edi. Adabiyotimizning shoh asari bo‘lmish «Qutlug‘ qon» romanini ilk bor qo‘limga olganimda men o‘n besh-o‘n olti yashar bir o‘spirin edim. Lekin hali-hanuz esimdan chiqmaydi. Sodda, oq ko‘ngil qishloq yigiti Yo‘lchi fojiali muhabbati to‘g‘risidagi bu nodir kitobni men bir kechada, xira lampa shu’lasida o‘qib chiqqan edim. Albatta, u paytlarda men bu ulkan ijtimoiy asar zamirida yotgan chuqur ma’noni, asarning o‘lmas obrazlari asosida yotgan katta ijtimoiy mazmunni yaxshi tushunmas edim. Lekin bir narsa hanuz yodimda. O’sha kecha roman qahramoni Yo‘lchi o‘z tug‘ishgan akamdan ham yaqin, undan ham aziz bo‘lib qoldi. Gulnorni, bu pok, oliyjanob, samimiy va baxtiqaro qizni esa o‘z tug‘ishgan opamdan ham yaxshiroq ko‘rib qolgan edim. O’sha kecha umrimda birinchi bor mening qalbimda zulm, nohaqlik va adolatsizlikka qarshi chuqur nafrat va isyon tuyg‘usi uyg‘ongan edi. Ayni zamonda ezgulik istagi tug‘ildi.
O’sha kecha men, «Qutlug‘ qon»ni o‘qib o‘tirib, yaxshilik nima, yomonlik nima, adolat va adolatsizlik nima, insof va noinsoflik nima, tushunganday bo‘ldim. Boshqacha qilib aytganda bu o‘lmas asarning teran ijtimoiy mazmuni bebaho ezgu tuyg‘ularga aylanib, o‘n olti yashar bir o‘spirinning qalbiga yorug‘ nur bo‘lib quyulgan edi. Men bu nur, bu yorug‘ tuyg‘ularni toabad unutmayman...
Oybek domlaning adabiyotimiz uchun, madaniyatimiz uchun qilgan xizmatlarini sarhisob qilish oson emas. Bu behisob xizmatlari ichida men ustozning yana bir ulug‘ xizmatini alohida bir mehr bilan, shogirdlik bir hurmati bilan aytib o‘tishni istardim, u ham bo‘lsa Oybek domlaning yana bir ulug‘ asari «Navoiy» romaniga singgan mehnatidir.
Ustoz Oybekning ulug‘ligi shundaki, u kishi xalqimiz uchun buyuk bobomiz Navoiy hazratlarini tiriltirib berdilar.
Albatta, biz onadan tug‘ilibmizki, buyuk bobomiz she’rlari qo‘shiq va kuy bo‘lib qulog‘imizga quyiladi. Biz bu she’rlar, bu qo‘shiq va kuylarni onalarimiz allasi bilan birga eshitamiz. Bobomizning o‘lmas asarlarini — «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»larning mungli sevgisini onalarimiz va buvilarimiz bizga go‘daklik chog‘larimizdayoq ertak qilib so‘zlab berishgan. Lekin bu asarlarni, besh yuz yildan beri butun insoniyatni lol qoldirib kelayotgan bu sevgi dostonlarini, cheksiz mung bilan yo‘g‘rilgan bu qo‘shiqlarni, bu nurday yorug‘ she’rlarni yaratgan inson o‘zi, Navoiy hazratlari o‘zlari qanday odam bo‘lgan, bobomiz qanday ishlar qilgan, boshidan qanday savdolar o‘tgan, qanday musibatlar kechgan — biz buni yaxshi bilmas edik, bilsak ham bu buyuk zotni bir odam sifatida, inson sifatida yaqqol ko‘z oldimizga keltira olmas edik. Bu murakkab ishni, ijodiy jasorat deb atalmish bu bebaho ishni qilgan odam — Ustod Oybekdur. Oybek domla adabiyotimizda birinchilardan bo‘lib, buyuk bobomiz siymosini yaratdi. Ulug‘ ajdodimizning o‘ylarini bizning o‘ylarimizga, dardlarini bizning dardlarimizga ulab, ulug‘ zotni o‘z zamondoshlarimizday yaqin, hamdard, hamfikr bir insonga aylantirdi.
Ustod Oybek ulkan san’atkorlarga xos bir kuch bilan buyuk bobomizning ruhiy olamini ochib berdi, uning muqaddas ijodxonasiga olib kirdi, besh yuz yildan buyon butun insoniyatni titratayotgan asarlarning yaratilish tarixini ko‘rsatdi, bu o‘lmas asarlarni yozgan san’atkor ham buyuk shoir, ham o‘zimiz yanglig‘ ojiz bir inson ekanini, u ham yaxshilik va ezgulikdan quvonib, nohaqliklardan ezilib yurguvchi bir odam ekanini ochib berdi, soddaroq qilib aytganda, bobomizni bizga tiriltirib berdi...
Albatta, ustod to‘g‘risida, adabiyotimizda realistik prozani yangi cho‘qqilarga ko‘targan bu ulkan romanist va ajoyib shoir va yetuk olim to‘g‘risida juda ko‘p gapirish mumkin. Lekin kamina olim emasmankim, bu beqiyos ijodning hamma qirralarini ko‘rsatib bersam...
Men faqat ustod to‘g‘risida bir-ikki og‘iz gap aytishga jur’at etdim, xolos. Shu ma’noda ustodning o‘z shogirdlariga, kelgusi avlod adiblariga qilgan yana bir yaxshiligini aytib o‘tgim keladi, bu yaxshilik shundan iboratki, Oybek aka Abdulla Qodiriy yaratgan tarixiy romanchilik an’analarini yangi bosqichga ko‘tarib, bo‘lg‘usi adiblarga juda katta yo‘l ochib berdi.
Shu kechayu-kunduz televizor ekranlarida kaminaning «Ulug‘bek xazinasi» degan romanim asosida yaratilgan spektakl namoyish qilinmoqda. Men aziz teletomoshabinlarning bu asarga bildirgan hurmatidan benihoya xursandman, albatta. Lekin oddiy bir adib sifatida shuni yaxshi bilamankim, Abdulla Qodiriy, Oybek aka, Maqsud Shayxzoda kabi ustodlar va ular yaratgan buyuk tarixiy asarlar bo‘lmaganda, agar ada-biyotimizda «O’tgan kunlar», «Navoiy» romani va «Alisher Navoiy» dramasi kabi asarlar bo‘lmaganda kamina ham bu kamtarin asarni yozolmagan bo‘lardim...
Hayot ekan, tabiat qonuni shunday ekan, ustoz Oybek hozir oramizda yo‘q. Lekin u kishi yaratgan asarlar biz bilan birgadir, biz va bizning farzandlarimiz bu o‘lmas asarlarni yostiqlarining taglariga qo‘yib uxlaydilar. Demak, ustozning ruhi shod. Ustoz Oybek hamisha biz bilan, u kishi toabad tirikdir.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.