O‘z nomi bilan obihayot deb ataladigan tabiatning bu tengsiz ne’mati haqida har bir xalqda qanchadan-qancha naql bor. Shunday ekan, uning kishi hayotidagi o‘rni xususida galirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.
YUNESKO ma’lumotlariga qaraganda, dunyoning taxminan 2 milliard kishisi chuchuk suvni to‘la iste’mol qilishdan mahrum, chunki ichimlik suv boyliklari Yer sharining barcha joylarida bir xil taqsimlanmagan. Masalan, Hindistonda har bir kishiga yiliga o‘rtacha 2,9, Xitoyda 3,8, Indoneziyada 13,0, Kanadada 128,0 ming kubometr suv to‘g‘ri keladi. Endilikda suvdan foydalanish Yer yuzida yiliga 3000 kubometrni tashkil qilmoqda. XXI asr boshiga kelib bu raqamning yana bir yarim baravar oshishi kutilmoqda. Suvga bo‘lgan ehtiyojning muttasil oshib borishi sug‘oriladigan yerlar maydonining kengayishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Taxminlarga qaraganda, 1990 yilga kelib sug‘oriladigan yerlarning maydoni yana 50 million gektarga kengayib, 280 million gektar maydonni tashkil qiladi. Demak, suvga bo‘lgan talab yanada ortadi.
Mamlakatimizda suv boyliklarining taqsimlanishi g‘oyatda notekis: aholi zichroq joylashgan quruq iqlim zonasida jon boshiga o‘rtacha 0,4—4,5 ming kubometr chuchuk suv to‘g‘ri kelgan holda, shimoliy qismda bu ko‘rsatkich salkam 30 ming kubometrga boradi. Buning ustiga adir zonada suv sug‘orish, sanoat, transport, kommunal ehtiyojlari uchun boshqa regionlarga nisbatan ko‘proq sarf bo‘ladi, bu hol suvni nihoyatda tejab-tergab foydalanishni talab etadi.
O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda keyingi 25 yil mobaynida irrigatsiya ishlarining beqiyos o‘sishi o‘lkada-mavjud suv boyliklarining ko‘p miqdorda sug‘orishga sarflashni taqozo qilmoqda. Buning oqibatida barcha daryolarning quyi qismida suv sarfining miqdori kamayib bormoqda. 60-yillarning boshlariga qadar, sersuv daryolarning suviga to‘lib-toshib turgan Orol dengizi, Balxash ko‘li, Chuv va Sarisuv daryolarining quyi etaklaridagi bir necha ko‘llar endilikda sayozlashib bormoqda. Issiqko‘ldan sug‘orish maqsadlarida ko‘p hajmda suv olinishi tufayli uning sathi ham ancha pasaydi.
Asrlar davomida limmo-lim to‘lib turgan bu suv-havzalarining endilikda ilk bor qurishi tufayli ularning atrof-muhitga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri yildan-yilga oshib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Hozirgi vaqtda mutaxassislar va olimlarning diqqat-e’tibori ana shu oqibatlarni iloji boricha tezroq bartaraf qilish muammolariga qaratilgan.
Ma’lumki, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda eramizdan 4—5 ming yil ilgari ham dehqonchilik taraqqiy qilib kelgan. Arxeologlarning aniqlashicha, Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimlarida qadimgi vaqtlarda jami 4,5—5 million gektar yer sug‘orilgan. Qulay iqlimiy sharoit, sersuv daryo va soylarning mavjudligi, tuproq tarkibida hali tuzlarning to‘planishi yuz bermaganligi sababli aholi katta maydonlarda dehqonchilik qilish imkoniyatiga ega edi.
Orol dengizi havzasida 1913 yili hammasi bo‘lib 2 million gektar yer sug‘orilgan. Oktyabr inqilobidan keyin irrigatsiya ishlari yagona reja asosida olib borildi. Natijada sug‘oriladigan yerlarning maydoni muttasil ko‘paya boshladi. Ayniqsa, regionda sug‘oriladigan dehqonchilik KPSS Markaziy Komitetining May (1966) plenumi qabul qilgan qaroridan so‘ng keng quloch yoydi. Turkmanistonda sug‘oriladigan yerlar maydoni endilikda 1965 yilga nisbatan ikki baravardan ziyodroq, O‘zbekistonda 1,2 million gektarga, Qozog‘istonda 0,7 million gektarga ko‘paydi. Hozir bu yerlarda jami 8,5 million gektardan ortiqroq maydonda sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanilmoqda. Binobarin, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda sug‘oriladigan yerlar maydoni 1965 yilga nisbatan 2,8, 1950 yilga nisbatan esa 3,8 million gektar ortdi.
Xo‘sh, Orol dengizi havzasida xalq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lgan suv ko‘lami qancha va hozirgi vaqtda uning qancha miqdoridan foydalanilmoqda? Bu havzada daryolarning o‘rtacha ko‘p yillik suv oqimi 127,5 kubokilometrni tashkil qiladi: shundan Amudaryo havzasida 79,5, Sirdaryoda — 37,2, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi daryo havzalarining barchasi—10,2 kubokilometrga teng. Daryolar oqimiga zarar keltirmay foydalansa bo‘ladigan yerosti suvlarining hajmi SSSR Geologiya Ministrligining ma’lumotlariga ko‘ra, 15,7 kubokilometrga to‘g‘ri keladi. Demak, har yili to‘lib turadigan suv boyliklarining umumiy hajmi 143,2 kubokilometrni tashkil etadi.
Orol havzasida irrigatsiya maqsadlari uchun shu kunda 110 kubokilometrdan mo‘lroq obihayot dalalarga taralmoqda. Ammo shuni nazarda tutish kerakki, 1970 yildan boshlab ketma-ket qurg‘oqchilikning yuz berishi va daryolarning o‘rtacha yillik oqimining umumiy miqdori kamayishiga qaramay, sug‘orishga belgilangan hajmda suv yetkazib berilmoqda. 1974—75 yillardagi kuchli qurg‘oqchilikda Sirdaryoning o‘rtacha ko‘p yillik oqimi normadagidan 38 foiz, vegetatsiya davrida esa 50 foiz kam bo‘ldi, bu davrda suvdan foydalanish hajmi daryoning suv oqimidan 1,5—2 baravar ko‘p bo‘ldi. Shunda suv omborlari, yotiq va tik zovurlarning suvlari qo‘l keldi. Bunday qurg‘oqchilik 1982-83 yillarda yana takrorlandi, endi zovur suvlaridan to‘liq foydalanish bilan birga, ekin maydonlarini faqat O‘zbekistonda 600 ming gektarga qisqartirishga to‘g‘ri keldi.
Sirdaryo havzasida suvdan foydalanish 1950 yildagi 22 kubokilometrdan 1980 yilga kelib 43 kubokilometrgacha ko‘paydi, shundan 6 kubokilometr suv qaytgan suvlar hisobiga foydalanilgan, binobarin, ana shu havzadagi suv boyliklarining barchasi endilikda xalq xo‘jaligida oshig‘i bilan ishlatilmoqda. Amudaryoda bir muncha suv boyliklari mavjudligi sababli bu havzada suv tanqisligi Sirdaryodek sezilarli emas. Biroq sug‘orma dehqonchilikning jadal taraqqiy qilishi bilan bu havzada ham 1980 yildan suv tanqisligi kuchaya boshladi.
Dehqonchilikdan tashqari suv madaniy-maishiy, sanoat, transport, qurilish va chorva fermalari ehtiyojlariga ham sarflanmoqda. Masalan, O‘zbekistonda sanoat, kommunal va baliq xo‘jaliklariga yiliga 6 kubokilometrdan ziyodroq suv sarflanmoqda.
Sug‘oriladigan yerlar maydonining kengayib borishi sababli kollektor sistemalari orqali chetga chiqib ketadigan qaytgan suvlarning hajmi ham muttasil ko‘payib bormoqda. Hozir zovur suvlarining o‘rtacha miqdori kanallarning bosh qismidagi suv sarfining 25 dan 60 foizigacha to‘g‘ri keladi, SANIIRI ma’lumotiga ko‘ra, qaytgan suvlarning hajmi yiliga 36 kubokilometrdan ziyod. Shundan 17,3 kubokilometri yana o‘zanlarga qayta oqib, sug‘orishda foydalanilmoqda, qolgan qismi esa Qizilqum va Qoraqumdagi bekiq botiqlarga oqizilmoqda. Hozir Dengizko‘l, Sariqamish, Arnasoy va boshqa qator botiqlarda 40 kubokilometr qaytgan suv to‘plangan. Sug‘orma dehqonchilikning to‘xtovsiz o‘sishi bilan birga qaytgan suvlarning hajmi ham muttasil ko‘payishi hisobga olinsa, yaqin vaqt ichida mavjud «sun’iy sho‘r ko‘llar»ning soni ham orta boradi. Suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir vaqtda ana shu suvlardan oqilona foydalanib, daryo suvi bilan aralashtirilgan holda sug‘orishda foydalanilsa, o‘lkamizda sug‘orma dehqonchilikni yanada yuksaltirishga imkon yaratilgan bo‘lar edi.
KPSS Markaziy Komitetining Oktyabr (1984) Plenumi uzoq muddatga mo‘ljallangan melioratsiya dasdurilamalini belgilab berdi. 2000 yilga kelib faqat O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning umumiy maydoni 5—5,5 million gektarga yetishi, ya’ni hazirgiga (3,8 million gektar) nisbatan yana 1,5—1,7 million gektarga kengayishi mo‘ljallangan, binobarin, shuncha yerni sug‘orish uchun kamida 18—20 kubokilometr suv zarur. Bunga faqat irrigatsiya tarmoqlarining foydali ta’siri koeffitsientini oshirish, eskidan sug‘oriladigan zonadagi sug‘orish sistemalarini qayta qurish, sug‘orish usullari va texnikasini takomillashtirish, yerlarning meliorativ holatini fanning eng oxirgi yutuqlari asosida yaxshilash orqali erishiladi.
Oltmishinchi yillarning boshidan sug‘oriladigan maydonlarning tobora kengayib, sug‘orishga sarflanayotgan suv miqdorining oshib borishi va buning ustiga 1970 yildan boshlab ketma-ket qurg‘oqchilik yuz berishi Orol dengizi gidrologik rejimining o‘zgarishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Dengizga Amudaryo va Sirdaryo orqali 1961—1970 yillarda o‘rtacha 42,9, 1971—1980 yillarda o‘rtacha 16,1, 1981—1984 yillarda esa o‘rtacha 4,2 kubokilometr suv quyildi.
Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimlarida suv rejimining tartibga solinishi, havzalarda irrigatsiya ishlarining taraqqiyoti Orol dengizi sathining pasayishiga olib keldi. 1965 yili Sirdaryo Chordara suv omborining qurib ishga tushirilishi bilan daryoning quyi oqimidagi suv rejimi rostlab qo‘yildi, ya’ni bahorgi va yozgi suv toshqinlarining hajmi, yozda qor va muzliklar hisobiga daryoning to‘lib oqishi tartibga solindi, dengizga quyiladigan suv miqdori ancha kamaydi. 1974 yili Kazalinsk shahridan yuqoriroqda daryo to‘g‘on bilan butunlay to‘sildi. O‘sha yildan e’tiboran Sirdaryo suvi dengizga tamoman yetib bormaydigan bo‘ldi.
Amudaryo etaklarida suv rejimi 1974 yili Taxiatosh gidrouzelining qurib ishga tushirilishi natijasida butunlay o‘zgardi. Bu vaqtga qadar toshqin tufayli deltada suv juda katta maydonlarda yoyilib oqardi, deltadagi ko‘llar va botqoqliklar suv bilan to‘lardi, Nukus shahridan shimolroqda daryo o‘zani bir necha tarmoqlarga ajralib ketgan edi. Dengiz kosasi limmo-lim to‘lib turgani uchun deltada suv oqimi Orolga tomon juda sekin oqardi. Ba’zan dengiz qirg‘og‘i bilan delta o‘rtasidagi chegarani balandligi olti-sakkiz metrga yetadigan qalin qamishzorlar qoplagani tufayli aniqlash qiyin edi.
Taxiatosh gidrouzeli deltada suv rejimini rostlab qo‘yganidan so‘ng, har yilgi suv toshqinlari va daryoning uzluksiz to‘lib oqishi butunlay o‘zgardi, endilikda suv sug‘orish maqsadlariga unchalik zarur bo‘lmagan kezlarda gidrouzel orqali dengiz tomon vaqti-vaqti bilan oqizilmoqda. Ammo qurg‘oqchilik kuchli bo‘lgan ba’zi yillarda (1982) suv dengizga umuman yetib bormayapti.
Orol dengizi sathining pasayishi, asosan Amudaryo va Sirdaryo orqali 60-yillarning boshlariga qadar kelib turgan suv miqdorining asta-sekin kamayib borishiga bog‘liq. 1974 yilga qadar dengiz sathi ancha sekin pasayib bordi, chunki bu vaqtlarda Sirdaryo va Amudaryo orqali suv normadan kamroq bo‘lsa ham bir maromda oqib turgan edi. Orol yuzasi 1974 yilga kelib 3 metr cho‘kdi. Shu yildan dengiz sathi tez sur’atlarda sayozlasha boshladi. Atmosfera yog‘inlari va Amudaryodan keladigan suv hajmiga qarab, Orol sathi yiliga 40 dan 70 santimetrgacha pasaya bordi. 1985 yilning boshida dengiz sathi 11 metrga pasayib ketdi. Dengizning o‘rtacha chuqurligi endilikda 5 metrga, maksimal chuqurligi esa 58 metrga teng.
Hozir dengiz suvining hajmi taxminan 450 kubokilometr, maydoni esa 44,5 ming kvadrat kilometrga to‘g‘ri keladi, suvning har litrida o‘rtacha 22—24 gramm tuz bor.
Dengizning hozirgi qirg‘og‘i janubiy sohildan 40—50, janubi-sharqiy qismida esa 80—100 kilometrdan uzoqqa chekindi. Orolning chekinishi asosan janubiy, sharqiy va bir oz shimoliy sohillari hisobiga yuz bermoqda, chunki bu sohillar unchalik chuqur emas. G‘arbiy qismi juda chuqur (eng chuqur joyi 69 metr) bo‘lgani uchun dengizning chekinishi Ustyurt tomonida unchalik sezilarli emas, bu yerda Orol eski qirg‘oqdan bor-yo‘g‘i bir necha yuz metrga uzoqlashgan, xolos. Kelajakda ham dengiz akvatoriyasining qisqarishi asosan janubiy, sharqiy va shimoliy sohillari hisobiga yuz beradi.
Dengiz sathining 1961 yildan boshlab tobora pasayyb borishi va Orol bo‘yi regionida daryolar suv rejimining tartibga solinishi bu o‘lkada tabiiy, ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Tadqiqotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, Amudaryo deltasida 60-yillarning boshlariga kelib taxminan 100 ming gektar maydonni egallagan turli kattalikdagi ko‘llar va ko‘loblarning maydoni 345 ming gektarga yaqin edi. Ana shu ko‘l va ko‘loblarni suv bilan ta’minlash uchun yiliga Amudaryodan 6,4 kubokilometr suv quyilar edi. Daryo suv sarfining kamayib borishi bilan ko‘l va ko‘loblarning maydoni ham qisqarib bordi. 1968 yilga kelib ko‘loblarning aydoni ikki marta qisqardi, 1975 yil boshlarida deyarli ularning hammasi quridi. Shu kunda deltada faqat bir necha ko‘l saqlanib qolgan, ularning maydoni asosan kelib quyiladigan zovur va shunga o‘xshash suvlarning miqdoriga bog‘liq. Shuning uchun ham ularning maydoni turg‘un emas, har litr suvida 5—10 gramm tuz bor, chuqurligi 1—19 metrga boradi.
Qurigan ko‘l va ko‘loblarning o‘rni avval qalin qamishzorlar va qo‘g‘a bilan qoplangan, keyinchalik yerosti suvlari sathining chuqurlashuvi hamda ma’danlashish darajasining oshishi, tuproqda sho‘r to‘planishi sababli ularning o‘rnini shunday muhitga chidamli bo‘lgan sho‘rtob o‘simliklar: qorabaroq, yulg‘un, kermak, bir yillik sho‘ralar egalladi. Endilikda yulg‘un bilan qorabaroq juda katta maydonlarni qoplab olgan, chunki bu o‘simliklar sho‘rga bardosh berish bilan birga ancha chuqurda joylashgan sho‘r namlikni uzun ildizlari orqali iste’mol qila oladi.
Oltmishinchi yillarning boshlarida Amudaryo dengizga to‘rt tarmoq: Injener-o‘zak, O‘rdaboy, O‘ng Oqqoy va Chap Oqqoy orqali quyilar edi, hozir esa oqim faqat O‘rdaboy o‘zanida saqlanib qolgan. Toldiqdaryo, Ko‘hnadaryo, Gedey, Erkindaryo, Cho‘rtamboy kabi barcha o‘zanlar qurib bitgan. Qozoqdaryo, Ravshan tarmoqlari kanalga, Oqboshli va Qozoqdaryo qo‘lbola suv omboriga aylantirilgan.
Asosiy suv Oqdaryo orqali oqib, O‘rdaboyga yetib borganligi tufayli daryo sathining doimo pasayib borayotganligi natijasida Oqdaryo o‘zanida ayni paytda chuqurlama eroziya yuz bermoqda. O‘zanning chuqurligi ba’zi joylarda 8—10 metrni tashkil qiladi. Eroziya hodisasining jadallashayotganiga vujudga kelgan turli balandlikdagi terassalar misol bo‘la oladi.
Orol dengizi havzasida daryolar suv rejimining tartibga solinish munosabati bilan ularning quyi oqimlarida, xususan, deltalarda oqiziqlarning ko‘p miqdorda cho‘kishi ham kamayib bormoqda. Chunki daryolarning suv omborlari, gidrouzellar va suv tindirgichlar bilan jilovlanishi, ya’ni daryo tarmoqlarining tog‘ yonbag‘irlaridan eroziya jarayonida olib kelgan oqiziqlari suv oqimining susayishi natijasida suv havzasi ostida cho‘kadi. Amudaryo havzasidagi irrigatsiya tarmoqlariga 70-yillarning o‘rtalarida yiliga 112 million tonnadan oqiziq oqib kelgan. Endi bu oqiziqlarning kattagina qismi suv omborlari ostida cho‘kmoqda. Bir tomondan, suv omborlarining loyqa bilan to‘lishi tezlashsa, ikkinchi tomondan, ekinzorlarda yotqiziladigan oqiziqlarning miqdori kamayib ketmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, daryo suvi bilan olib kelingan oqiziqlar ekinlarning o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratadi. V. A. Kovda va boshqa olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, Amudaryo deltasidagi sug‘oriladigan yerlarda, Taxiatosh gidrouzelining ishga tushirilishiga qadar, sug‘orish normasi har gektar maydonda 10 ming kubometr deb olinsa, shu maydonga 36 tonna daryo oqizig‘i suv bilan kelgan. Oqiziqlarning tarkibida 600—1200 kilogramm kaliy, taxminan 50 kilogramm fosfor, 20 kilogramm umumiy azot va 265 kilogramm gumus bo‘lgan. Endilikda esa, ana shu foydali usullarning katta qismi suv omborlarida tutilib qolmoqda, sug‘oriladigan yerlarning «tabiiy usulda hosildorligining oshishi» kamayib bormoqda.
Oltmishinchi yillarning boshlariga qadar Amudaryo deltasining shimoliy qismidagi yerosti suvlari Orol dengizining kuchli bosimi ta’sirida bo‘lganligi, daryoning har yilgi bahor va yozda toshib oqishi, ko‘l va ko‘loblar, botqoqliklarning mavjudligi tufayli yerosti suvlarining sathi yuzada edi, ularning sho‘rligi va kimyoviy tarkibi unchalik keskin farq qilmas edi.
Dengiz sathining pasayib borishi, daryo suv rejimining tartibga solinishi natijasida yerosti suvlarining rejimi ham keskin o‘zgardi. Endilikda qurib borayotgan dengiz kosasi tabiiy zovur sifatida deltaning yer osti suvlarini o‘ziga tortib olmoqda, shuningdek, bug‘lanish jarayoni ham ular sathining pasayishini jadallashtirmoqda.
Dengizning eski qirg‘oq chizig‘i yaqinidagi joylarda yerosti suvlari sathi hozir 3—10, zovur suvlari bilan ta’minlanayotgan g‘arbiy va markaziy qismlaridagi qamishzorlarda 2—3, sharqiy qismida 8—10 metr chuqurda joylashgan.
Yerosti suvlarining ma’danlashish darajasi Sudoche ko‘li va Jiltirbos qo‘lgig‘ining ko‘l va ko‘loblari atrofida har litr suvda 30—50, ba’zi joylarda 80—100, deltaning g‘arbiy va markaziy qismining suv bilan qoplanadigan yaylovlarida 10—20, qolgan yerlarda 30—80 grammni tashkil qiladi. Bunga asosiy sabab deltaning kaftdek tekis yotiq harakatiga monelik qilishi hisoblanadi. Yerosti suvlari kimyoviy tarkibiga ko‘ra, sulfat-natriy va xlorid-natriy tipiga mansubdir.
Yerosti suvlari sathining pasayishi va daryo toshqinlari yuz bermayotganligi natijasida delta tuproqlari ham o‘zgarib bormoqda. Avvallari gidromorf rejimda rivojlanib kelgan tuproqlar endilikda avtomorf yo‘nalishida taraqqiy qilishga o‘tdi. Allyuvial botqoq va o‘tloq tuproqlar (maydoni 550 ming gektar) esa qurigan botqoq tuproqqa aylandi. O‘tloq allyuvial tuproqlar relef tuzilishiga muvofiq o‘tloq taqir cho‘l tuproqqa (balandliklarda) va o‘tloq allyuvial qurigan (pastliklarda) tuproqlarga aylandi. Yerosti suvlari sathi 6—8 metrdan pastga tushib ketgan joylarda o‘tloq-taqir cho‘l tuproqlar endilikda taqirsimon tuproqlarga aylanmoqda.
Qurigan ko‘l va ko‘loblar, yassi tekisliklar o‘rnida yerosti suvlarining faqat bug‘lanishga sarf bo‘lish oqibatida botqoq-o‘tloq va o‘tloq tuproqlar tuzlarning nihoyatda ko‘p to‘planishi tufayli sho‘rxokka aylandi. 1960 yilga qadar deltaning sug‘orilmaydigan zonasida hammasi bo‘lib 84 ming gektar maydon faol sho‘rxoklar bilan band edi. 1984 yili bu raqam to‘rt marta ko‘paydi.
Sho‘rxoklar ko‘pincha tuzlarining tarkibiga ko‘ra qatqaloq, ko‘pchima, o‘tloq va botqoq morfologik ko‘rinishlarda uchraydi. Botqoq sho‘rxoklar Sudoche ko‘li, Jiltirbos ko‘l va ko‘loblari atrofida, o‘tloq sho‘rxoklar zovur suvlarini pastqamliklarga tashlab yuboriladigan joydarda, qatqaloq sho‘rxoklar yerosti suvlari bug‘lanishiga sarflanayotgan tekislik va botqoqlarda, ko‘pchima sho‘rxoklar relef jihatidan balandroq bo‘lgan tepa va tepachalarda taraqqiy qilmoqda.
Orol sohilining janubi-sharqiy qismida jo‘yakli qumlar orasida dengiz suvining shimilib o‘tishi tufayli 60-yillarga qadar turli kattalikdagi bir necha yuz ko‘l mavjud edi. Orolning chekinishi natijasida bu ko‘llar ham quridi, suvning faqat bug‘lanishga sarf bo‘lishi sababli ularning ostida juda katta qalinlikda tuz qatlami vujudga keldi. Tuzlarning kimyoviy tarkibiga va sho‘rxoklarning morfologik ko‘rinishiga ko‘ra bu yerlarda ko‘pchima, qatqaloq, o‘tloq, botqoq sho‘rxoklar va o‘ziga xos yalang tuzlardan iborat o‘ta sho‘rlar tarkib topdi.
Yerosti suvlari sathining asta-sekin pasayib borishi jarayonida ularning sho‘rligi orta borib, tuproqlarning yuza qatlamlarida bug‘lanish natijasida turli tuzlar to‘plandi. Ularning aksariy qismi 0,1—1,5 metr qalinlikdagi tuproqda vujudga kelib, ma’lum masofada bir necha qatlamlar hosil qilgan. Eng ko‘p tuz tuproqning asosan yuza qatlamida paydo bo‘lib, unda tuz miqdori 0,5 dan 10—15, hatto 30 foizgacha yetadi.
Tuzlarning ko‘p yoki oz miqdorda to‘planishi aksariyat hollarda tuproq tarqalgan joyning litoligik va geomorfologik xususiyatlariga bevosita bog‘liqdir. Daryo o‘zani yoqasidagi qumdan va qumloqdan tashkil topgan sohilbo‘yi balandliklarda tuz miqdori asosan oz bo‘lib, tuproqlar kuchsiz va o‘rtacha darajada sho‘rlangan. Chunki qum va qumoqdan tashkil topgan qirg‘oqbo‘yi yerlar yerosti suvlarining yotiq harakatiga yaxshi imkoniyat tug‘diradi, binobarin, bug‘lanish jarayoni nisbatan kamroq kechadi.
Kaftdek tekislik va bekiq botiqlarda asosan sho‘rxoklar va kuchli darajada sho‘rlangan o‘tloq-taqir tuproqlar tarqalgan. Tuproqda tuz miqdori 30 foizgacha boradi va 1,5—2 metr chuqurlikda ma’lum qalinlikda (30—40 santimetr) tuzli qatlamlar uchraydi, ulardagi tuz miqdori yuqori va quyi qatlamlarga nisbatan ancha ko‘p. Tuzli qatlamlar yerosti suvlarining bug‘lanishiga sarf bo‘lishi natijasida ilsimon gillar va og‘ir tarkibli qumoqli qatlamlarda paydo bo‘lgan.
Orol dengizining janubi-sharqiy sohillaridagi hisobsiz sho‘rxoklar tarkibida juda katta miqdorda (har gektar maydonda 0—1 metr qalinlikda 6400—7000 tonnagacha) tuz mavjud. Tuzlar kimyoviy tarkibiga ko‘ra, natriy-xlorid, sulfat-natriy tipiga mansubdir.
Keyingi 20 yil mobaynida Amudaryo deltasining shimoliy sug‘orilmaydigan zonasida tuz to‘planishi yanada tezlashdi, dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, 0—2 metr qalinlikda taxminan 268 million tonna tuz to‘plandi, shundan 47,3 foizi sho‘rxoklarda mavjud.
Amudaryo deltasining tabiiy va ekologik sharoitlarining o‘zgarishiga qadar bu yerda asosan qamishzorlar mavjud bo‘lib, L. S. Berg ifodasi bilan aytganda, o‘ziga xos «Orolbo‘yi landshafti» hosil qilgan edi. Qamishli to‘qayzorlar 760 ming gektar maydonni egallagan bo‘lib, cho‘lga aylanish hodisasining rivojlanishi tufayli hozir ularning maydoni 100 ming gektarga tushib qolgan. Ularning o‘rnida quruqsevar va sho‘r muhitga chidamli yulg‘un, qorabaroq, kermak va boshqa sho‘radorlar oilasiga kiruvchi o‘simliklar keng tarqalgan. Bu o‘simliklar hosil qilgan yaylovlar mahsuldorligi qamishdan iborat bo‘lgan burungi yaylov va pichanzorlar (har gektar yerda 6—16 tsentner)ga nisbatan ancha oz (0,5—3 tsentner).
Avvallari daryo o‘zanlarining ikkala sohili kengligi 2—5 kilometrgacha daraxt va butalardan tashkil topgan to‘qayzorlardan iborat edi. Daryo toshqini vaqtida bu yerlarda suv 0,5 metrgacha ko‘tarilardi. Hozir esa delta suv rejimining tartibga solinishi, o‘zanlarning qurishi, yerosti suvlari sathining pasayishi va ularning ma’danlashish darajasining ko‘tarilishi, tuproq sho‘rligining oshishi tufayli vujudga kelgan noqulay ekologik muhitga moelasha olmaslik va qurg‘oqchilikning borgan sari kuchayishi sababli daraxtlarning qurishi avj olmoqda. 1961 yilga qadar 261 ming gektar maydonni egallagan to‘qayzorlar maydoni bugungacha 5 marta qisqardi. To‘qayzorlarning qurishi oqibatida ularning o‘rnida qurg‘oqchilikka chidamli yulg‘unzorlar va boshqa o‘simliklar keng maydonlarni egallagan. Erkindaryo, Ko‘hnadaryo, Qozoqdaryo, Cho‘rtamboy, Toldiqdaryo, Oqboshli kabi daryolar sohillarini egallagan to‘qayzorlar qurib bormoqda. Avvalgi noyob to‘qayzorlar bilan bog‘liq mahsuldor yaylovlar hosildorligi past kserofit quruqsevar yaylovlar bilan o‘rin almashmoqda.
Dengizning chekinishi va Amudaryo deltasining qurib borishi o‘lkaning mahalliy iqlimiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Orol bo‘yida iqlimning o‘zgarishi faqat dengizning qurib borishi bilangina bog‘liq bo‘lmay, balki atmosfera umumiy tsirkulyatsiyasining ta’siri, O‘rta Osiyoning cho‘l zonasida havo umumiy haroratining ko‘tarilayotganligi va boshqa omillar bilan ham bog‘liqdir.
1961—84 yillar oralig‘ida Orol bo‘yida havo temperaturasining o‘zgarish dinamikasini o‘rganish shu narsani ko‘rsatadiki, shu vaqt ichida temperaturalar oralig‘idagi farq ayniqsa qish faslida sezilarlidir. Masalan, 1961—65 yillarda Mo‘ynoq stantsiyasida yanvarning o‘rtacha harorati 4,4 daraja bo‘lsa, 1976—80-yillarda 8,3, Qo‘ng‘irot stantsiyasida shunga mos holda 4,8 va 8,1 darajalarni tashkil qilgan. Keyingi 10 yilda Uyali, Mo‘ynoq, Tigroviy stantsiyalarida havoning sutkali amplitudasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Bu hol shu joylarda havo harorati keskin oshganidan darak beradi.
Olib borilgan hisob-kitoblarga qaraganda, Orol bo‘yida havoning mutloq va nisbiy namliklari ham jiddiy o‘zgarib bormoqda. Mo‘ynoq stantsiyasida 1950—59 yillarda nisbiy namlik iyul oyida 61 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 1970—79 yillarda 57, Tigroviy stantsiyasida 66 va 61, Chimboyda 52 va 47 foizni tashkil qilgan.
Keyingi o‘n yillikda sohil bo‘yi stantsiyalarida so‘nggi (bahorgi) sovuq urish fursatlari eng oxirgi vaqtining (Mo‘ynoq stantsiyasida 10—12 kungacha) cho‘zilishi va birinchi (kuzgi) sovuq urish vaqtining erta boshlanishi (Mo‘ynoq stantsiyasida 10—12 kungacha qayd qilindi. Binobarin, sohil bo‘yi stantsiyalarida dengizning iqlimni yumshatish xususiyatlari borgan sari kamayib bormoqda. Shu bilan birga, chang-to‘zonli kunlar bundan 20 yil avvalgi muddatga nisbatan ancha kunga cho‘zilgan.
Orol dengizi sathining tushib ketishiga qadar uning gidrostatik bosimi Sudoche ko‘lining janubiy qirg‘oq chizig‘idan o‘tadigan kenglikkacha sezilar edi. Boshqacha qilib aytganda, Amudaryo deltasi g‘arbiy va markaziy qismlarining uchdan ikki qismi Orol ta’sirida bo‘lar edi. Deltaning sharqiy quruq qismida dengiz ta’siri 20—30 kilometr masofagacha bilinar, Janadaryoning quruq o‘zaniga dengiz suvi 50—60 kilometrgacha kirib borardi.
Janubiy Orol bo‘yining tabiiy va ekologik sharoitlarini dengiz sathining pasayishi natijasida o‘zgarishi darajasiga qarab quyidagi: faol, sust va uzoq (ta’siri kamroq sezilgan) zonalarga bo‘lish mumkin. Birinchi zonaga tabiiy sharoitlar juda ham kuchli ravishda o‘zgargan maydon, ya’ni deltaning g‘arbiy va markaziy qismlari kiradi: ikkinchi zonaga faqat ayrim tabiiy komponentlari (erosti suvlari yoki tuproq va hakozolar) o‘zgargan maydon, chunonchi, deltaning sharqiy qismi, uchinchi zonaga Oqchadaryo deltasining shimoliy-g‘arbiy va Janadaryo deltasining janubiy-g‘arbiy qismlari kiradi. Shu zonaga dengiz sathining pasayishi unchalik katta hajmda tabiiy o‘zgarishlarga olib kelmagan territoriyalar mansubdir. Ana shu ko‘rsatilgan zonalarda yana tabiiy sharoitlarning qanchalik darajada o‘zgarganligiga qarab alohida tabiiy komplekslarni ajratish mumkin: masalan, juda intensiv, kuchli, o‘rtacha va kamroq o‘zgargan geosistemalar. Janubiy Orol bo‘yi regionini bunday qismlarga ajratish bu o‘lkani ilmiy jihatdan chuqurroq o‘rganishda va dengiz sathi pasayishiying salbiy oqibatlarini tezroq tugatishda ma’lum ahamiyatga egadir.
Sirdaryo deltasi tabiiy muhitining o‘zgarishi Qayroqqum (1965) va Chordara (1965) suv omborlarining ishga tushirilishi tufayli yuz bera boshladi. 1974 yildan boshlab Sirdaryo suvining Orolga quyilmasligi deltada va daryoning quyi oqimi vodiysida tabiiy va ekologik sharoitlarning tubdan o‘zgarishiga olib keldi. Oqibatda 70-yillarning boshlarida, qozog‘istonlik mutaxassislarning ma’lumotiga qaraganda, daryoning o‘rta oqimi vodiysida, qadimgi va hozirgi deltalarida 2 million gektardan ortiq maydondagi to‘qayzorlar, pichanzorlar va o‘tloqzorlar quridi. 80-yillarning boshlariga kelib yana 846 ming gektar maydondagi yaylovlar va to‘qayzorlar cho‘lga aylana boshladi.
Daryo toshqini va o‘zanlarda suv oqimining barham topgani tufayli yerosti suvlarining daryo suvi hisobiga to‘yinishi to‘xtaganligi natijasida ularning sathi deltada 3,5, ba’zi joylarda 7—8 metrgacha pasaydi, ma’danlashish darajasi endi har litr suvda 5—9 grammni tashkil qilmoqda.
Deltada daryo suvining tartibga solinganiga qadar salkam 1,5 million gektar maydonda allyuvial o‘tloq va botqoq gidromorf tuproqlar rivojlangan bo‘lib, ularda asosan qamishzorlar keng tarqalgan edi. Qamishdan iborat bo‘lgan yaylovlarning maqsuldorligi har gektarda 10—50 tsentnerni tashkil qilar edi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bu yaylovlarda 3,6 million tonna o‘t o‘sib, ulardan dag‘al xashak yetishtirishda va qishki yaylov sifatida foydalanilar edi. Endilikda sug‘oriladigan yerlardan tashqari barcha yaylovlar va pichanzorlar quridi, ular o‘rnida har gektar maydondan 2 tsentnerdan hosil beruvchi, sho‘r tuproqqa chidamli galaofil (sho‘rlanishni sevuvchi) o‘simliklardan iborat yaylovlar vujudga kelmoqda.
Yerosti suvlari sho‘rligining oshishi, tuproqda ko‘p miqdorda tuz to‘planishi natijasida daraxtlardan tashkil topgan to‘qayzorlar qurib, ular o‘rnida yulg‘undan iborat yangi to‘qayzorlar bunyod bo‘lmoqda. Qamishzorlar avvallari 220 ming gektardan ortiq maydonni egallab turgan edi, hozir ularning maydoni 10 marta qisqardi. 70-yillar har birining meydonini 50 ming gektardan ortiq bo‘lgan Qorao‘zak va Oqchoy — Quvondaryo ko‘l sistemalari endilikda xo‘jalik ahamiyatini butunlay yo‘qotdi. Vinobarin, Sirdaryo deltasida ham xuddi Amudaryoning quyi qismida yuz berayotgan chuqur ekologik o‘zgarishlar bevosita Orol dengizi sathining pasayib borayotganligi bilan bog‘liqdir.
Dengiz akvatoriyasining qisqarib borayotganligi Orol bo‘yi regioni ekologik sharoitlarini o‘zgartirish bilan birga uning, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlariga ham ta’sir etmoqda. Buning natijasi o‘laroq xalq xo‘jaligi jiddiy zarar ko‘rmoqda. Suv sho‘rligining oshishi, baliqlar urchiydigan va yashaydigan joylarning qisqarishi sababli baliq ovi dengizda umuman to‘xtatilgan, chunki Orolda avvalgi sho‘rlik darajasi sharoitida yashab kelgan baliq zotlari endilikda butunlay tugadi. Dengiz suvi sho‘rligining to‘xtovsiz oshib borayotganligi sho‘rroq muhitda yashashga moslashgan baliq zotlarini ko‘paytirishga imkon bermayapti. Yaqingacha bu yerda salkam 500 ming tsentnergacha baliq ovlanar edi. Eng qimmatli baliqlar: laqqa, zog‘ora baliq, sazan, so‘zanbaliq (usach) va boshqa baliqlar ovlanishi bo‘yicha Orol dengizi SSSRda yuqori o‘rinlardan birini egallar edi.
Dengiz qirg‘oqlarining port shaharlaridan uzoqlashib ketishi natijasida Mo‘ynoq, Uchsoy, Qozoqdaryo, Urga, Aralsk va boshqa o‘nlab posyolka va shaharlarning dengiz transporti va u bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik, sanoat funktsiyalari izdan chiqdi, kemalarni ta’mirlash korxonalari yopildi. Orolning keyingi vaqtlarda to‘xtovsiz sayozlashib borayotganligi tufayli kemalar harakati ham to‘xtatildi. Shuningdek, dengizning qurigan qismida, port shaharlarning yaqinida ko‘p miqdorda katta-kichik kemalar quruqlikda qolib ketdi. Bu kemalar va barjalar bu yerlardan olinib, boshqa dengiz yoki daryolarga tushirilsa, xalq xo‘jaligi uchun hali-ko‘p xizmat qilishi mumkin edi.
Mo‘ynoq shahridagi Ittifoq ahamiyatiga ega bo‘lgan baliq kombinatida Orolda tutilgan baliqlardan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlanar va dudlangan baliq mahsulotlari chiqarilar edi. Kombinatning Urga, Qozoqdaryo, Oqpetki orollarida va boshqa ko‘pgina joylarda baliqni qayta ishlaydigan tsexlari mavjud edi. Endilikda bu tsexlar yopilib, faqat Mo‘ynoq kombinatida Amudaryo deltasida saqlanib qolgan kichik ko‘llarda, Sariqamish ko‘lida, Atlantik okeanida tutilgan baliqlar asosida oz miqdorda mahsulot tayyorlanmoqda. Bu yerda tayyorlanayotgan konservalarning esa tannarxi oshib bormoqda.
Avvallari Mo‘ynoq kombinatini baliq bilan ta’minlovchi bir necha baliq ovlovchi kolxozlar mavjud edi, endi ularning soni keskin qisqarib ketdi, ishchi kuchi xalq xo‘jaligining boshqa sohalariga ishga o‘tkazildi. Shunga qaramasdan ishchilarni mehnat bilan ta’minlash masalasi hali to‘la hal etilmagan.
Dengiz transporti va baliqchilikning izdan chiqishi avvalgi ishlab chiqarish ixtisoslanishini birmuncha o‘zgartirishga sabab bo‘lmoqda. Suv rejimi sun’iy ravishda tartibga solinib turgan Amudaryo deltasidagi ko‘llarda va baliqlarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan maxsus suv havzalarida baliqchilikni rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun Amudaryoning hozirgi o‘zanida va qurib qolgan ko‘llar o‘rnida maxsus suv omborlari qurib, zotli baliqlarni ko‘paytirish lozim.
Deltadagi qurib borayotgan yaylovlarni suv bilan ta’minlab, yaylov chorvachiligini rivojlantirish, bir tomondan, ortiqcha ishchi kuchini mehnatga jalb qilishga imkon bersa, ikkinchi tomondan, cho‘lga aylanish hodisasini kamaytirishga hamda o‘lkaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga sharoit yaratadi. Bu tadbirlar QQASSRning shimoliy zonasida tovar baliqchilik va sut-go‘sht yetishtiradigan tarmoqlarning jadal sur’atlarda taraqqiy qilishiga olib keladi.
Mo‘ynoq yarim orolining sharqiy sohil bo‘yi mintaqasi ajoyib dengiz dam olish xonasi hisoblanar edi. O‘zbekistonda yagona hisoblangan bu manzilda bir necha pioner oromgohlari O‘rta Osiyodagi turli korxonalarning dam olish zonalari joylashgan edi. Har yili minglab mehnatkashlar va o‘quvchilar yoz bo‘yi hordiq chiqarib, dengiz havosidan nafas olib, sayoz plyajlarida cho‘milib, cho‘l oftobi nurlaridan bahramand bo‘lar edilar. Hozir barcha dam olish uylari ishlamaydi.
Kezi kelganda shuni aytish kerakki, quyi Amudaryo dengiz sohilidan boshqa joylarda ham undan qolishmaydigan ajoyib dam olish zonalarini tashkil qilish mumkin. To‘yamo‘yin suv ombori ishga tushdi, endi uning o‘ng sohillarida xuddi Oroldagidek dam olish zonalarini bunyod etish maqsadga muvofiqdir. Bu yerlarda Toshkent oblastidagi Tuyabo‘g‘iz suv ombori sohillarida hozir mavjud bo‘lgan zamonaviy hordiq chiqarish va suv-sporti inshootlariga o‘xshash dam olish komplekslarini qurish orqali regionda ulkan dam olish maskani vujudga keladi.
Xuddi shunday dam olish zonalarini Amudaryo qirg‘oqlaridagi to‘qayzorlarda tashkil qilish ham muhimdir. Daraxt va butalardan iborat Amudaryo to‘qayzorlari o‘zining so‘limligi, xushmanzaraligi, yozda salqinligi, sayroqi qushlarning betinim kuylashi bilan ajralib turadi. Xullas, quyi Amudaryo tabiati mehnatkashlarning hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyatlarga boy, gap — faqat ulardan oqilona foydalanishda qolgan.
Amudaryo deltasida ko‘l va ko‘loblarning qurishi sababli ondatra tutish va ko‘paytirish butunlay izdan chiqdi. 1957 yili bu yerda 1 million 200 ming ondatra tutilgan bo‘lsa, 1979 yili atigi 5 ming dona ondatra tutildi, xolos. Hozir bu jonivorlar ayrim ko‘llardagina saqlanib qolgan va ularning soni unchalik ko‘p emas.
Mutaxassislarning olib borgan hisob-kitoblariga qaraganda, Orol dengizi sathining pasayishi natijasida Janubiy Orol bo‘yi regionidagi xalq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar baliq, ovchilik va qishloq xo‘jalik, sanoat ondatrachiligi, dengiz, daryo transportlari va boshqalarning yig‘indisidan iborat. Xalq xo‘jaligining bu sohalaridagi umumiy zarar 1980 yili 92,6 million so‘mni tashkil qildi.
Orol bo‘yi yaylovlari chorvachilikni rivojlantirish uchun ancha qulaydir. Deltalarda suv rejimi rosmana bo‘lib turgan vaqtlarda chorva uchun eng ozuqabop qamishzorlar, pichanzorlar ko‘p edi. Qamish eng arzon qurilish materiali bo‘libgina qolmay, sermahsul ozuqa hamdir. Har gektar yerdan 100—150 tsentner qamish o‘rib olinadi. Undan ajoyib silos tayyorlanadi. Qamish «S» vitaminiga boy bo‘lib, mollar uchun to‘yimli va ularning sutini ko‘paytiradi. Qamishdan tayyorlangan silos boshqa o‘simliklardan tayyorlangan silosga qaraganda ancha arzon tushadi. 10 tonna ko‘k qamishdan 8 tonna sifatli silos olish mumkin, 1967 yildagi hisoblarga qaraganda, quyi Amudaryoda qamishlarning sanoat zapasi 372 ming gektarni tashkil qilgan. Agar maydonlarning o‘rtacha hosildorligi gektariga 12—15 tonna deb olinsa, undan yiliga 5 million tonna yem-xashak tayyorlash mumkin. Bu butun O‘zbekiston bo‘yicha bir yilda tayyorlanadigan yem- xashakka yaqinlashib qoladi. Ammo yarim million gektarga yaqin yaylovning suv bilan to‘liq ta’minlanmayotganligi sababli, o‘tloqlarning 20 foizi, tabiiy pichanzorlarning 30 foizi foydalanilmoqda, qolgan yaylovlar suvsiz qovjirab yotibdi.
Orol dengizining kelajagi va uni suv havzasi sifatida saqlab qolish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo dengizning qurib borayotgan qismida kelajakda qanday tabiiy geografik va ekologik o‘zgarishlar yuz berishi xususida so‘z yuritishga to‘g‘ri keladi. Bu savol hammani ko‘pdan beri qiziqtirib kelmoqda. Olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qurib borayotgan qismdagi qum massivlarida yaqin 15—20 yil mobaynida barxanlar, do‘ngliklar va boshqa qum uyumlari asosan to‘la shakllanib, ma’lum bir qum mintaqasini hosil qiladi. (Ular qumda o‘suvchi saksovul, qandim, quyonsuyak va boshqa psammofitlar bilan qoplanadi va Qizilqum cho‘liga xos landshaft vujudga keladi).
1970—80 yillarda dengiz ostidan chiqqan quruqlikdagi sho‘rxoklarda tuz to‘planish jarayoni tabiiy usulda sho‘rsizlanish bosqichiga o‘tadi, chunki yerosti suvlari sathining 6—8 metr pastga tushib ketishi sho‘rxoklarning gidromorf va yarimgidromorf rivojlanish bosqichidan avtomorf bosqichiga o‘tishga olib keladi. Ba’zi joylarda ko‘pchima sho‘rxoklar o‘rnida ustidagi yumshoq unsimon qatlamlarning shamol yordamida uchib ketishi natijasida taqirli tuproqlar vujudga keladi. Shunga muvofiq, bu yerlarda asosan qorasaksovul, yulg‘un, bir yillik sho‘ralar o‘sishi uchun qulay ekologik sharoitlar tug‘iladi. Orol dengizining qurigan sharqiy sohillaridan shamol uchirib kelgan qumlar tufayli joylarda turli qum uyumlarining vujudga kelish ehtimoli bor.
1981—90 yillarda dengiz ostidan chiqqan va suvdan xoli bo‘ladigan quruqliklardan sho‘rxoklar vujudga kelib, ularda tuz miqdori ko‘proq bo‘ladi, chunki dengizning ma’danlashish darajasi o‘shanda har litr suvda 25 grammdan ortib ketadi. Yerosti suvlari sho‘rligining oshib ketishi bilan tuproqda tuz to‘plana boradi, natriy-xlorid tuzlarining ko‘proq to‘planishi tufayli qatqaloq sho‘rxoklarning paydo bo‘lishi kuchayadi. Bu hol sho‘r ekologik sharoitga chidamli o‘simliklar, masalan, qorabaroq, sarizazan va boshqa galofit o‘simliklarning tarqalishiga imkon beradi.
1991—2000 yillarda dengiz suvidan xoli bo‘ladigan quruqlikda yerosti suvlari ma’danlashish darajasining haddan tashqari yuqori bo‘lishi (har litr suvda 60-100 gramm) sababli, quruqlikda yalang o‘ta sho‘r sho‘rxoklar vujudga kela boshlaydi, o‘simlik o‘sishiga esa hech qanday ekologik sharoit mavjud bo‘lmaydi va hamma joyni oppoq yalang tuzdan iborat qalin qatlamli sho‘rxoklar egallaydi. Bu tuzdan iborat bo‘lgan quruqlikning maydoni dengiz sathining borgan sari pasayishi bilan kengayaveradi.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 90-yillarning boshlaridan e’tiboran Orol dengiziga Amudaryo orqali quyiladigan suvning miqdori kamaya boradi va oqimning butunlay to‘xtab qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Dengiz akvatoriyasida bug‘lanishning nihoyatda katta hajmda yuz berishi va unga daryolar orqali suv kelmasligi tufayli 1990 yildan so‘ng Orol sathining 13 metrga pasayishi va shuning oqibatida Katta dengizning Kichik dengizdan ajralishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib dengiz suvining ma’danlashish darajasi har litr suvda 28,5 grammgacha ko‘tariladi. Suv sho‘rlanishining oshib borishi undagi tirik mavjudotning normal rivojlanishini xavf ostida qoldiradi, binobarin, sho‘r muhitga chidamli baliq va zooplanktonlarning ham ko‘payishi to‘xtaydi.
Dengiz sathining to‘xtovsiz pasayib borishi natijasida 2010 yilga kelib, Katta dengiz ikki suv havzasiga: sharqiy, unchalik chuqur bo‘lmagan qism va g‘arbiy, nisbatan chuqur qismga bo‘linadi. Bug‘lanishning to‘xtovsiz davom etishi tufayli sharqiy sayoz qism umuman qurib boradi va keyinchalik ulkan sho‘rxokka aylanadi. Sho‘rxokning tuz tarkibi asosan osh tuzidan iborat bo‘ladi.
Dengiz Qizilqum, Ustyurt, Katta va Kichik Bo‘rsiq, Orol bo‘yi Qoraqum cho‘llari o‘zaro tutashuvi mumkin bo‘lgan yerda joylashganligi sababli uning qurishi natijasida Orol cho‘li vujudga kelishi turgan gap. Agar dengiz suvining hammasi bug‘lanib ketsa, uning ostida 10 milliard tonnadan ortiq tuz qatlami qoladi. Sovet olimi S. Yu. Geller Orol dengizi tubida qoladigan osh va sulfat tuzlari qatlamlarining atrof muhitga ta’siri kamroq bo‘ladi, chunki natriy xlorid tuzining kristallari o‘zaro birlashib, qattiq qalin qatlam hosil qiladi va shu tufayli shamol ta’siriga berilmaydi, deydi. U, o‘z fikrini Orol va Kaspiy dengizlari qirg‘oqlari yaqinidagi mayda ko‘llarning qurishi natijasida ularning tubida qolgan tuzlarning xususiyatlariga qarab izohlaydi.
Biroq qishda kuchli to‘lqinlar natriy sulfat tuzlarini qirg‘oqqa chiqarib tashlashi mumkin. Vujudga kelgan mirabilit yozda qurishi natijasida tenarditga aylanadi. Bu ma’dan yengil bo‘lgani uchun shamol ta’siri tezda atrofga yoyiladi va tuproq tarkibidagi tuz miqdorini ko‘paytirib, uning sho‘rlik darajasini oshiradi.
SANIIRI mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga qaraganda, Orol dengizining hozirgi qurigan qismidan Amudaryo deltasiga shamol yordamida har gektar maydonga yiliga 500 kilogramm va undan ortiq tuz ko‘chib kelmoqda. Tenardit ma’danining ko‘plab vujudga kelishi chog‘ida esa bu raqamning yanada ko‘payishi ehtimoldan xoli emas. Binobarin, bu o‘lkada shamolning yil davomida asosan shimoldan janubga va janubi-g‘arbga tomon esishini e’tiborga olinsa, tuz to‘planish hodisasi butunlay Xorazm vohasi territoriyasida yuz beradi. Bas, shunday ekan, asosiy maqsad ana shu noxush hodisani iloji boricha kamaytirish va bartaraf etish hamda kelajakda sulfat tuzlarini vohaning sug‘oriladigan maydonlarida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Buning uchun Orol dengizi sathini ma’lum bir turg‘unlikda saqlab qolmoq zarur, ana shunda atrof-muhitga sulfat tuzlarning tarqalishi ancha kamayadi. Umuman olganda, yirik tabiiy geografik va ekologik jabhalarning o‘zgarishini oldindan prognoz qilish maqsadga muvofiqdir. Bu borada olimlar, mutaxassislar, yer va suv muammolari bilan shug‘ullanuvchi yirik gidrologlar, geologlar, geograflar, ekologlar, iqtisodchilar, tuproqshunoslar, melioratorlar, arxeologlar va boshqa kasbdagi mutaxassislar ilmiy jihatdan to‘la asoslangan prognoz tadqiqotlarini ishlab chiqishlari lozim.
Amudaryoning quyi etaklarida sug‘orish va yaylovlarga suv chiqarishni rivojlantirish — tabiiy va iqtisodiy oqibatlarni kamaytirishning muhim omilidir. Orol bo‘yida sodir bo‘layotgan cho‘lga aylanish hodisasi oldini olishning birdan-bir yo‘li deltalarda sug‘orish va yaylovlarga suv chiqarish, qumli cho‘llarda melioratsiya ishlarini rivojlantirib, yaylovlarning mahsuldorligini oshirish zarurligi barcha mutaxassislar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Amudaryo deltasida salkam 1,3 million gektarga yaqin maydonda cho‘lga aylanish hodisasi yuz bermoqda, shuning talaygina qismi (58 foizi) qamishzorlar bo‘lib, yaylov va pichanzorlar sifatida foydalanilar edi. Ana shu qurib-qovjirab borayotgan yaylovlarga suv chiqarishni tashkil qilinsa, bir tomondan, yulg‘un o‘sib yotgan sho‘rhoklarning katta qismi yana qayta mahsuldor ekosistemalarga aylanardi, ikkinchi tomondan, yaylov chorvachiligi uchun katta maydonlarda yem-xashak yetkazib berish imkoni yaratilgan bo‘lar edi.
Sudoche ko‘li atrofining shimoli-sharqiy qismi va Qipchoqdaryo bilan Oqdaryo oralig‘ida ulkan botiq deyarli har yili liman usulida sug‘orilib, katta maydonlarda qamish yetkazilmoqda, xuddi shunday ishlarni Maypost botig‘i, Qozoqdaryo quyi oqimining shimoliy qismi va Aspantay massivida amalga oshirilishi natijasida chorva uchun qamishdan yem-xashak tayyorlanmoqda. Biroq bunday amaliy tadbirlar butun delta miqyosida amalga bshirilganda, ayni muddao bo‘lar edi.
Deltada cho‘lga aylanish hodisasini to‘xtatish uchun butun maydonda sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish zarur, Albatta, buning uchun suv yetarli emas, lekin qaytgan, ayniqsa, kollektor-zovur suvlarini qamishzorlarni sug‘orishga sarf qilinsa, katta samaraga erishish mumkin.
Amudaryo deltasi g‘arbiy qismining Sariqamish ko‘liga quyilayotgan Daryoliq va Ozerniy kollektorlari suvini maxsus kanal qurib, Sudoche ko‘liga burish orqali liman usulida sug‘orish mumkin. Agar bu loyiha amalga oshirilsa, salkam 3 kubokilometr suvni qurib borayotgan qamishzorlarga tarashga erishiladi. Faqat qamish o‘stirishgina emas, balki qurib qolgan bir necha o‘nlab ko‘llarni yana qaytadan suv bilan to‘ldirish imkoni tug‘iladi, Sudoche ko‘li sathi esa rosmana holga qaytadi. Ko‘l va ko‘lmaklarda suvning doim mavjud bo‘lishi ondatra va baliqchilikni rivojlantirish bilan birga, suvda suzadigan parrandalarni ko‘paytirish uchun ham qulay imkoniyat yaratadi. Zovur suvlari bilan yaylovlarni liman usulida sug‘orish va ko‘llarning suv bilan ta’minlanishi yerning sho‘rlanishini kamaytiradi hamda qamishzorlar uchun ekologik sharoitni vujudga keltiradi.
O‘troq yashash punktlarining deyarli yo‘qligi Amudaryo deltasi g‘arbiy qismida zovur suvlari asosida yaylovlarga suv chiqarishda yana bir qulaylik tug‘diradi, chunki bu yerlarda zovur suvlarini iste’mol qiladigan aholi yo‘q. Qorajar qishlog‘i aholisi Ravshan kanalidan Keusir ko‘li orqali keladigan bir oz sho‘rroq suvni iste’mol qiladi. Demak, aholiga Toldiq kanalidan vodoprovod orqali suv eltish kerak.
Agar deltada suv omborlari qurib ishga tushirilsa, Amudaryoning qurigan o‘zanlari suv bilan ta’minlanib, mavjud suvga tashna to‘qayzorlar obihayotdan bahramand bo‘lardi. Erkindaryo o‘zani boshdan-oyoq suv bilan ta’minlansa, deltaning KS—1 kollektor bilan Qozoqdaryoning shimolidagi yaylovlarga obi-hayot taraladi.
Shamol eroziyasining kuchayishiga qarshi kurash choralari haqida gap ketganda, shuni aytish kerakki, avvalgi qulay ekologik sharoitlarning degradatsiyalanishi, ya’ni buzilishi tuproqning o‘simlik o‘sishi uchun butunlay yaroqsiz bo‘lib qolishiga olib keldi. Bu hol tuproqlarda shamol ta’sirining avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, shamol katta maydonlardagi qumli tuproqni yalab ketgan, yer eroziya tufayli o‘ydim-chuqurga aylangan. Quruq o‘zanlarning ikkala sohilida onda-sonda o‘sgan yulg‘un, terak kabi daraxt va butalarning ildizlari shamol ta’sirida ochilib qolgan.
Qum uyumlari bilan birga turli joylarda har xil kattalikdagi chuqurliklar ham paydo bo‘lmoqda. Bu hol sug‘orishda ma’lum noqulayliklar tug‘dirib, yerlarni tekyslash ishlarining tannarxini oshirib yubormoqda. Shuningdek, shamol eroziyasi tufayli tuproqning chirindi va torfga boy qatlami to‘zib ketmoqda.
Hosildor tuproqni saqlab qolish uchun shamol ta’siri kuchliroq seziladigan joylarda ekologik sharoitga bardoshli saksovul, yulg‘un, yantoq, quyonsuyak, selin kabi buta va o‘simliklarning urug‘ini ekish lozim.
Qoraqalpog‘iston qishloqlari va chorva fermalari juda ham tarqoq holda joylashgan. Shuning uchun avtomobil yo‘llari ham katta masofalarga cho‘zilgan va ulardan tashqari o‘ydim chuqurdir. Haydovchilar nosoz yo‘llardan yurmaslik uchun eskisi yonidan yangi yo‘l soladilar. Masalan, Hakimota, Qorajar, Zoir, Boyguja, Aliovul kabi qishloqlarga bir yo‘la 20—30 tadan bir-biriga yondosh tuproqli yo‘llar mavjud va ularning hammasi o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan. Binobarin, avtomobil harakatini tartibga solish ham tuproq eroziyasiga qarshi kurashda muhim omildir.
Quyi Amudaryoda cho‘lga aylanish jarayonning kechishi, zovur va oqava suvlarining daryoga tashlanishi, chuchuk suv sho‘rlanishining jadal oshib borishi natijasida aholini iste’molga yaroqli obihayot bilan ta’minlash tobora muammoga aylanib bormoqda. Samanboy, Temirboy, Qozoqdaryoda suvning ma’danlashish darajasi kuchaygani uchun ularningsuvi iste’mol qilishga butunlay yaramaydi. Bundan tashqari daryo suvida turli xil zaharli ximikatlar mavjudligi aniqlangan, ular hayot uchun xavflidir. Amudaryo deltasida aholini ta’minlash maqsadida Oqboshli, Qipchoqdaryo, Erkindaryo, Ko‘hnadaryo, Kartaboy, O‘zek kabi bir necha o‘zanlarga Amudaryo orqali bahorda suv yuborilib, ularda obihayot g‘amlab olinadi. Yoz, kuz va qishda aholi bu suvdan iste’mol uchun foydalanadi. Biroq o‘zanlarda suv oqmay turib qolgani uchun aynib, ichishga yaramay qoladi.
Amudaryo deltasida ichishga yaroqli yerosti suvlari hamma joyda ham yetarli emas. Ular ko‘proq irrigatsiya kanallari va daryo tarmoqlari yaqinida uchraydi. Chuchuk yerosti suvlarining umumiy zahirasi taxminan sekundiga 3 kubometrni tashkil etadi. Suvlardan mo‘l-ko‘l foydalanilayotgan bir davrda ularning zahirasi ham kamayib bormoqda. Shuni ham aytish kerakki, Amudaryo suvining bulg‘anishi tufayli kanal va o‘zanlar yoqasida vujudga keladigan chuchuk suv ham ifloslanib bormoqda.
Hozirgi kunning dolzarb masalasi — quyi Amudaryo regioniga toza daryo suvini yetkazib berish va uni ifloslanishdan saqlab qolishdir. Qoraqalpog‘istonning shimoliy rayonlariga tozaroq suv yetkazib berish maqsadida Tuyamo‘yin suv omboridan Nukus shahri tomon vodoprovod quvuri yotqizilmoqda, kelgusida esa uni Chimboy va Mo‘ynoq shaharlariga qadar yetkazish mo‘ljallangan. Ammo bu loyihaning amalga oshirilyshi bilan aholining toza suvga bo‘lgan talabi to‘liq qondiriladi, deb aytish qiyin, chunki Tuyamo‘yin suv omborida ham suv borgan sari ifloslanmoqda. Yaxshisi, Amudaryo havzasiga barcha toifadagi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvlarni oqizmaslik darkor. Shundagina daryo suvi o‘zining to quyi qismiga qadar iste’mol uchun yaroqli bo‘lib turadi, Amudaryo havzasida ham xuddi shu Volga va O‘rol daryolarida taqiqlanganidek, unga oqava va zovur suvlarini tashlashga chek qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, deltada aholi punktlari joylashgan daryo o‘zanlarida suvning muttasil oqib turishiga erishish lozimdir. Bulardan tashqari, Nukus, Taxiatosh, Xo‘jayli, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Taxtako‘pir, Kegeyli singari shaharlar aholisini toza suv bilan ta’minlash maqsadida suvni tozalab beradigan maxsus injenerlik inshootlarini qurish shu kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasidir.
Olib borilgan hisob-kitoblarga qaraganda, faqat Qoraqalpog‘istonda sug‘orish uchun 2 baravarga yaqin ko‘p suv sarf qilinmoqda, sho‘r yuvish va sug‘orish ishlari barcha qoida, tartib, norma talablarga asosan olib borilsa, har yili kamida 3—3,5 kubokilometr suvni iqtisod qilib qolish mumkin.
Ortiqcha suv sarf qilishning yana bir sababi yerdan foydalanish koeffitsientining nihoyatda kichikligidadir. Paxta, sholi va boshqa ekinlarning maydonlari kichik-kichik kartalardan iborat bo‘lib, ular tarqoq holda joylashgan. Shuningdek, sug‘orish shoxobchalarining belgilangan chamadan ancha uzunligi tufayli suvning shimilish va bug‘lanish miqdori katta bo‘lmoqda.
Sug‘oriladigan maydonlarning ma’lum nishablikda emasligi, zovurlar yo‘qligi yoki siyrakligi, maydonlarda suvning ko‘llab qolishi sho‘rning yaxshi yuvilishiga monelik qiladi va yerosti suvlari sathi ko‘tarilib ketadi.
Anchadan buyon Sariqamish ko‘liga quyilayotgan Daryoliq va Ozerniy kollektorlarini Sudoche ko‘liga burish kerak. Ortib qolgan suvni Ajiboy va Mo‘ynoq qo‘ltiqlariga oqizilsa, bu yerlarda ko‘plab arzon yem-xashak yetkazish mumkin. Deltaning sharqiy tomonidagi KS-1, KS-3 va KS-4 magistral kollektorlar hozir Orolning qurigan qismiga quyilmoqda. Jiltirbos qo‘ltig‘ida va undan g‘arbroqda shu to‘plangan suvlar katta maydonlarni egallagan ko‘l, ko‘lob va botqoqliklarni vujudga keltirdi.
Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a rayonlarining sug‘oriladigan yerlarida hosil bo‘lgan qaytgan suvlar hozir Oqchadaryo deltasining tor yo‘lagida va shimoliy-g‘arbiy Qizilqumda zaminga shimilib hamda havoga bug‘lanib ketmoqda. Ayozqal’a tepaligining shimolida katta ko‘l vujudga kelib, hozir Oqchadaryo yo‘lagi tomon kengayib bormoqda. Agar shu joydan maxsus yig‘uvchi kollektor qazib, bu suvlarni dengiz tomon yo‘naltirilsa ayni muddao bo‘lar edi.
Suv boyliklaridan tejamkorlik bilan foydalanishni yo‘lga qo‘yishda Tuyamo‘yin suv omborida yuz berayotgan hodisani darhol bartaraf qilish g‘oyat muhimdir. Bu gidrouzel ishga tushirilgandan so‘ng, Xorazm oblastining Hazorasp, Xonqa, Bog‘ot va boshqa rayonlari yerlaridagi yerosti suvlarining sathi ko‘tarilib bormoqda. Shuningdek, joylardagi sug‘oriladigan maydonlarning sho‘rlanishi avj olmoqda, yerosti suvlarining ma’danlashish darajasi oshib, mevali va manzarali daraxtlarning vegetatsiya sharoitlari yomonlashmoqda, hatto ular qurib bormoqda, mavjud zovur tarmoqlarining ish funktsiyasi esa og‘irlashmoqda. Bizningcha, to‘g‘ondan ma’lum masofada chuqurligi 8—10 metrga boradigan kollektor qazib, to‘g‘on ostidan shimilib o‘tayotgan suvlarni sug‘orish kanaliga yo‘naltirish lozim.
Aytish mumkinki, Orol bo‘yida ekologik muvozanatning buzilishi tub mohiyatiga ko‘ra, suv resurslaridan mohirona foydalanmaslik oqibatida kelib chiqqan. O‘z navbatida o‘zgarib borayotgan tabiiy va iqtisodiy vaziyatlar yer, yaylov, o‘simlik, hayvonot dunyosi boyliklaridan oqilona foydalanish borasida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ana shu sharoitda region boyliklarining potentsial mahsuldorligini doimo oshirib borish va dengiz sathining pasayib borishi tufayli vujudga kelayotgan ziddiyatlarni kechiktirmay ijobiy hal qilish ayni dolzarb vazifadir.
Quyi Amudaryoda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni boyitib borish, bu borada tabiat bilan jamiyat o‘rtasida kechayotgan o‘zaro ta’sirlar natijasida vujudga kelayotgan noxush jarayonlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, asosan, ikki doirada amalga oshirilishi kerak. Janubiy Orol bo‘yi — Amudaryo havzasining so‘nggi tabiiy-gidrologik qismi hisoblanadi, daryo deltasi butun havzada eroziya jarayonida suv bilan oqib kelgan turli oqiziqlar yotqiziladigan, unga tashlangan oqava, zovur va boshqa toifa suvlar quyuqlashadigan hamda o‘zandagi suv hajmi daryoning yuqori va o‘rta oqimlaridagi vohalarga sarf bo‘lishi sababli uning rejimi tartibga keltirilgan yirik tabiiy kompleks bo‘lib hisoblanadi.
Shuni hisobga olgan holda, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofazalash jarayonini keng va tor doiralarda hal qilish maqsadga muvofiqdir. Keng doirada amalga oshiriladigan amaliy ishlar daryoning butun havzasini qamrab olgan bo‘lib, tabiatni muhofazalash ishlarini juda katta territoriyada olib borishni taqozo etadi. Bunga asosan daryo havzasiga tashlanayotgan barcha oqava va qaytgan suvlarni to‘xtatish yo‘li bilan suvning ifloslanishiga chek qo‘yish, sho‘rlanishini kamaytirish, ortiqcha olinayotgan suv miqdorini ehtiyojga yarasha sarflash, Orolning qurigan qismidan deltaga shamol ta’sirida uchib kelayotgan tuzlarni iloji boricha kamaytirish kabi tadbirlar kiradi.
Tor doirada amalga oshiriladigan vazifalarga shu o‘lkaning o‘zida yuz beradigan noqulay tabiiy, ekologik va sotsial-iqtisodiy jarayonlarning oldini olish hamda resurslardan tejab-tergab foydalanishni yo‘lga qo‘yish kabi tadbirlarni kiritish mumkin. Ko‘p hollarda tor doirada olib boriladigan amaliy ishlarning sur’ati, samaradorligi va hajmi keng doirada olib boriladigan ishlarning hajmi va samaradorligi bilan uzviy bog‘liqdir.
Orol dengizi muammolarini faqat Amudaryo va Sirdaryo havzalari doirasida emas, balki mamlakatimizning O‘rta regioni (G‘arbiy Sibir, Qozog‘iston va O‘rta Oyoiyo) miqyosida ijodiy hal qilish mumkin. Chunki suv resurslarining zonalararo qayta taqsimlanishi asosida. irrigatsiya ishlarining taraqqiy qilishi tufayli ma’lum miqdorda qaytgan suvlar vujudga keladi, bu suvlarni qurib borayotgan Orol siynasiga yuborilsa, uning sathini qulay balandlikda saqlab turishga imkoniyat yaratiladi. Binobsrin, O‘rta Osiyoda yagona tuz to‘plovchi manba sifatida Orolning yashab qolishiga tegishli sharoitlar tug‘iladi.
Orol bo‘yi regioni tabiiy boyliklarga mo‘l o‘lka bo‘lib, bu yerda ko‘p miqdorda paxta, sholi, chorvachilik mahsulotlari yetishtiriladi, sug‘orishga yaroqli yerlar faqat QQASSRning o‘zida (Ustyurtdan tashqari) 1,9 million gektardan ziyoddir. Kelgusida ana shu katta maydonlarda yangi irrigatsiya massivlari vujudga keladi. Qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, yaylovlarni suv bilan ta’minlashning yaxshilanishi, yor qa’ridagi ma’danlardan ko‘proq foydalana boshlanishi, yangi shahar va posyolkalarning qad ko‘tarishi tufayli Orol bo‘yining iqtisodiy potentsiali yanada ortadi, o‘lkaning SSSRda Oziq-ovqat programmasini amalga oshirishda qo‘shgan ulushi yanada salmoqli bo‘ladi.
O‘zbekiston Kompartiyasining XXI s’ezdi hujjatlarida ta’kidlangan mana bu so‘zlar bevosita Orolning taqdiriga ham daxldordir: «Atrof muhitni muhofaza qilish muammosi to‘g‘risida alohida gapirib o‘tish kerak. Bu sohada ham bizning hal etilmagan muammolarimiz ko‘p. Respublikaning industrial markazlarida havoning, suv havzalarining bulg‘anishi masalalari hamon dolzarbligicha qolmoqda.
O‘n ikkinchi besh yillikda tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun 500 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilmoqda. Shuning uchun ham bu ulkan havzada yuz bergan ekologik nomutanosibliklarni bartaraf etish va uning tabiatini muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni har tomonlama zudlik bilan ishlab chiqish kechiktirib bo‘lmaydigan g‘oyat muhim vazifadir.
Ziyovuddin Akramov, geografiya fanlari doktori, professor.
Asom Rafiqov, geografiya fanlari kandidati.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 6-son.