OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Alaviy (1903-1931)

http://ziyouz.com/images/stories/abdulla_alaviy.jpgCho‘lponning yaqin do‘sti va shogirdlaridan biri Abdulla Alaviy 1903 yili Toshkent viloyatining Piskent tumanida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Bolalik paytlaridanoq tarix va adabiyot bilan qiziqdi, madrasa ta’limi bilangina cheklanib qolmay, xususiy mutolaa yo‘li bilan ham bilim doirasini behad kengaytirdi. Ayni paytda u rus va nemis tillarini o‘rganib, shu tillarda yaratilgan adabiyot bilan ham tanisha boshladi.

1917 yildan keyin u dastlab Piskent, keyin Toshkentda ochilgan yangi maktab va bilim yurtida o‘qidi. So‘ng ma’lum vaqt o‘qituvchilik qilgach, Leningradga borib, oliy tahsil olishda davom etdi. Ayni paytda u yerdagi dorilfununlarning birida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi. Abdulla Alaviy tom ma’nodagi ziyoli bo‘lib, zamondoshlarining aytishlariga ko‘ra, arab, fors, turk tillari bilan birga frantsuz va lotin tillarini ham bilgan. Katta bilim sohibi bo‘lgan Abdulla Alaviy Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida xizmat qilgan kezlarida bu yerda to‘plangan o‘zbek olimlari va yozuvchilari bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan va ular hurmatini qozongan.

Abdulla Alaviy o‘zbek mumtoz adabiyoti, adabiyot nazariyasi va yangi alifbo masalalariga bag‘ishlangan bir necha maqolalar bilan birga o‘nga yaqin she’rlar ham qoldirgan. Bu maqola va she’rlar—miqdor jihatidan ko‘p bo‘lmasa-da, sifat nuqtai nazaridan katta e’tiborga sazovor. Shoirning ayniqsa, yangi ruh bilan sug‘orilgan lirik she’rlari 30-yillarda o‘zbek she’riyatiga yangi tarovat olib kirgan. U Cho‘lpondan keyin she’riyatimizdagi lirik ibtidoning yanada teranlashishiga hissa qo‘shgan. Uning «Yo‘lovchi», «Erkin sahob», «Arslonbobga», «Dengizga» singari she’rlaridagi yangi lirik tamoyillar o‘zbek shoirlarining keyingi avlodi, xususan, Rauf Parfi tomonidan davom ettirildi va qutlug‘ natijalarga olib kelmoqda.

Abdulla Alaviy barmoq vazniga asoslangan o‘zbek she’riyatining badiiy imkoniyatlarini kengaytirdi, o‘zbek adabiyotidagi sochma (erkin) she’r boshlovchilardan biri bo‘ldi. Pskent tumanining Evalak qishlog‘ida istiqomat qilgan Berdi baxshi og‘zidan «Alpomish» dostonini yozib olgan (1926).

Abdulla Alaviy XX asr o‘zbek adabiyotining baland siymolaridan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgani holda avji ijodi gullagan pallada og‘ir xastalikdan so‘ng 1931 yil Samarqandda vafot etgan. Uning vafoti Cho‘lpon singari shoirlarni larzaga solgan va ular Abdulla Alaviy vafotiga bag‘ishlangan marsiyalar yozganlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.