Atoqli ma’rifatparvar, iste’dodli shoir va pedagog Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda kosib oilasida dunyoga kelgan va eski maktabda ta’lim olgan. U tarjimai holida bu haqda shunday yozgan: «12 yoshimdan O‘qchi mahallasidagi madrasada dars o‘qiy boshladim. 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari o‘qir edim. 14 yoshimdan boshlab, o‘sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda «Tarjumon» gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldim». Avloniy madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shug‘ullandi. O‘qish va o‘qitish usuliga isloh kiritib, yangi tipdagi maktab tashkil etdi va yosh pedagog-o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va G‘arb tillarini o‘rgatish kabi muhim ta’lim-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirdi.
Abdulla Avloniy maktab o‘quvchilari uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912), «Tarix», «Turkiy Guliston yoki axloq» (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo‘lgan darsliklarni yozgan. 1895 yildan ijodiy faoliyati boshlangan Avloniy «Qobil», «Shuhrat», «Hijron», «Avloniy», «Surayyo», «Abulfayz», «Indamas» taxalluslari bilan she’r, hikoya, feleton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratgan. Shoir o‘z asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqiradi.
Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. U «Advokatlik osonmi?», «Ikki muhabbat», «To‘y», «S’ezd», «Layli va Majnun», «O‘liklar» kabi dramatik asarlarni yozib, ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi. Abdulla Avloniy shoir sifatida ko‘plab she’rlar bitgan. Uning she’rlari xoh eski urf-odatlarga qarshi qaratilgan bo‘ladimi, xoh muhabbat yoki maktab-maorif haqida bo‘ladimi, hamma-hammasida inson, uning axloqiy go‘zalligi va ma’naviy boyligi kuylanadi. Jumladan, «O‘z mamlakatimizda» she’rida maishat uchun pul-boylikni mo‘l-ko‘l isrof etgan, ammo bola tarbiyasi uchun sariq chaqani ravo ko‘rmagan xasislarni «Ilm uchun pulni ko‘zlari qiymas», deb qoralaydi. Ayniqsa, uning «Adabiyot» (1915) kitobi bu jihatdan alohida ajralib turadi.
Avloniy 1913 yili «Turon» teatr truppasini tashkil etdi va shu teatr uchun original sahna asarlarini yaratish bilan birga qardosh dramaturglarning pesalarini o‘zbek tiliga tarjima ham qildi.
Abdulla Avloniy 20-yillarda o‘zbek xalqi maorifi va madaniyati taraqqiyotida ishtirok etibgina qolmay, qo‘shni afg‘on xalqining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muayyan rol o‘ynagan. U ma’lum muddat Afg‘oniston xalq maorifi vaziri, so‘ng Sho‘rolar Ittifoqining Afg‘onistondagi konsul-elchisi vazifalarida xizmat qilgan.
Avloniy umrining so‘nggi yillarida O‘rta Osiyo Kommunistik universitetida dars berish bilan birga o‘zbek adabiyotidan qator darsliklarni yaratgan. U 1934 yil 24 avgustda 56 yoshida vafot etgan.