OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqahhor Ibrohimov (1939)

Ibrohimov Abduqahhor Abdusamatovich (1939.16.8, Toshkent) — yozuvchi, dramaturg, publitsist, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1990). Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limini tugatgan (1962).

«O‘zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy xodim va budim mudiri (1962—72), «Guliston» jurnalida mas’ul kotib (1972—75), «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bo‘lim mudiri (1978—84), O‘zbekiston Madaniyat vazirligida repertuar-tahrir hay’ati bosh muharriri (1984—86), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant va yetakchi konsultant (1990—93), Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazida bosh mutaxassis (1994 yildan) bo‘lib ishlagan.

Adabiy faoliyati 60-yillarda boshlangan. «Qoya ostida» (1972), «So‘nggi nur» (1977), «Osmon yaqin, yer yumshoq» (1982) hikoyalar to‘plamlari, «Uyqu kelmas kechalar» (1998) romani muallifi.

«Til — taqdir demak» (1990), «Vatan tuyg‘usi» (hamkorlikda, 1996), «Bizkim, o‘zbeklar» (1999) kabi badiiy va siyosiy publitsistik asarlarida til, ko‘hna milliy davlatchiligimiz tarixi aks ettirilgan.

Adibning ayniqsa, publitsist sifatidagi faoliyati e’tiborga sazovordir. Muallif maqolalarida ko‘tarilgan siyosat, iqtisod va ma’naviyatga oid davrning dolzarb muammolari ko‘p hollarda o‘zining puxta yechimini topadi. Shu tufayli ham adibga 90-yillarda Respublika matbuotida e’lon qilingan eng yaxshi publitsistik maqolalari uchun «Yilning eng yaxshi jurnalisti» degan maxsus diplom berilgan (1996). Yozuvchi «Turkiston yaproqlari» (1993) nomli hujjatli qissasi uchun «Turkiston—umumiy uyimiz» xalqaro tanlovining g‘olibi bo‘lgan.

«Birinchi bo‘sa» lirik dramasi «Yosh gvardiya» (hozirgi Abror Hidoyatov nomli) teatrida sahnalashtirilgan (1971). Bundan tashqari, «Arra» (1971), «Mayli, mayli» (1972), «Zo‘ldir» (1973), «Meni aytdi demang» (1973), «Tanisangiz kerak» (1974), «Sochqi» (1976), «Tovushsiz qarsaklar» (1980), «O‘zbekcha nikoh» (1993), «Shaytonning yo‘li» (1994) va boshqa pesalari O‘zbekistonda va boshqa davlatlarning teatrlarida sahnalashtirilgan.

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.