Begali Qosimov (1942.19.12, Kasbi tumani Allot qishlog‘i — 2004.25.9, Toshkent) — adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi (1999), filologiya fanlari doktori (1984), professor (1986).
Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1963). Shu universitet filologiya fakultetida o‘qituvchi (1966—67), katta o‘qituvchi (1968-70), dotsent (1971—85), professor (1986 yildan) lavozimlarida ishlagan. «Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti» kafedrasi mudiri (1993 yildan), universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (1993— 94), filologiya fakulteti dekani (1994—95).
Begali Qosimov 30 ga yaqin kitob va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Begali Qosimovning ilmiy tadqiqotlari o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi masalalariga, matnshunoslikka, jadidchilik hamda jadid adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan.
20-asr o‘zbek adabiyoti muammolari, shu davr namoyandalari haqida «Mirmuhsin Shermuhamedov» (1967), «Abdulla Avloniy» (1979), «Ma’rifat darg‘alari» (U.Dolimov bilan hamkorlikda, 1990). «Ismoilbek Gasprali» (1992) kabi asarlar yozgan.
Begali Qosimov, shuningdek, Yassaviy, Navoiy, Bobur haqida ham ilmiy tadqiqotlar olib borgan. «O‘zbek adabiyoti» (5-, 7-, 9-, 11-sinflar uchun), «Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti» (bakalavrlar uchun) darsliklari ham-muallifi.