OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fayzulla Xo‘jayev (1896-1938)

http://ziyouz.com/images/stories/fayzulla_xujayev.jpgAtoqli davlat va siyosat arbobi, Buxoro jadidchiligining faol ishtirokchisi, "Yosh buxoroliklar" partiyasining rahbarlaridan biri Fayzulla Xo‘jaev 1896 yil 1 iyulda Buxoro shahrida yirik savdogar oilasida tug‘ilgan. U yoshligida eski maktabni bitirib, Buxoro madrasasida o‘qigan. 1907—1912 yillarda F.Xo‘jaev Moskvada shaxsiy o‘qituvchilardan ta’lim olgan. 1913 yildan jadidlar safida faoliyat ko‘rsatgan va xalq orasida ma’rifat tarqatish bilan shug‘ullangan.

Otasidan meros qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochishga, yosh buxoroliklar siyosiy faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarfladi. 1917 yildan boshlab F.Xo‘jaev va Fitrat partiyaning so‘l qanotiga boshchilik qilib, Buxoroda avval konstitutsion monarxiya, so‘ngra demokratik respublika tuzish uchun kurashdilar. Yosh buxoroliklar amir tomonidan ta’qib kilingach, F.Xo‘jaev va uning safdoshlari Buxoroni tark etishga majbur bo‘lishdi.

1920-yilda Turkistonda muhojirlikda bo‘lib, "Yosh buxoroliklar" partiyasining Turkiston byurosini tashkil qilgan. F.Xo‘jaev tomonidan tuzilgan partiyaning dasturi shariat asosida bo‘lib, xalqning milliy an’analari va o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda Buxoroda xalq demokratik respublikasini tashkil etishni maqsad qilib qo‘ygan edi.

Buxoro amiri taxtdan ag‘darilgach va hokimiyat Yosh buxoroliklar qo‘liga o‘tgandan so‘ng F.Xo‘jaev hukumat rahbari etib saylanadi. Bu lavozimda u mustaqil siyosat olib borishga, Rossiya va xorijiy mamlakatlar bilan teng muloqot qilishga intilgan. 1922-yilda u Germaniyaga chet el savdo kompaniyalari va yirik savdogarlar bilan shartnoma tuzishga borgan.

1925 yilda F.Xo‘jaev O‘zbekiston Xalq nozirlari kengashining raisi etib saylandi. U o‘z faoliyatida o‘zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi. F.Xo‘jaev sovet tuzumi tomonidan milliy ziyolilarning faoliyatini cheklash siyosatiga qarshi chiqdi. U uzoq yillar davomida markazning tazyiqi ostida ishlashga majbur bo‘ldi. 1926 yilda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan "Buxoro inqilobi tarixiga materiallar" kitobi uchun kompartiya tomonidan qattiq ta’qibga olindi.

F.Xo‘jaev hukumat rahbari sifatida O‘zbekistonning xalq xo‘jaligi (paxtachilik, irrigatsiya, kapital qurilish, chorvachilik)ni rivojlantirishga, maorif va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qildi, biroq yangicha tusdagi mustamlaka sharoitida bu intilishlarning befoyda ekanini keyinroq anglab yetdi.

F.Xo‘jaev BXSRning mustaqil ichki va tashki siyosat yuritishiga, iktisodiy islohotlar o‘tkazish va demokratik erkinliklarni joriy kilishga aloxida e’tibor qaratib, Sovet Rossiyasidan tashqari Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Ozarbayjon, XXSR, shuningdek, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. U talabalarni xorijga junatib o‘qitishning tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan.

F.Xo‘jaev o‘z faoliyati davomida o‘zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi. U VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston KP MKga nisbatan muxolifat mavqeida turgan «o‘n sakkizlar guruhi» (1925 yil noyabr)ga xayrixoh bo‘lgan. «Quloq»larni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan. O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi, deb hisoblagan. O‘zbekistonda zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor bo‘lgan.

F.Xo‘jaev davlat arbobi, tarixchi va iqtisodchi olim, publitsistjurnalist sifatida boy ilmiy meros qoldirgan. Uning «Buxoro inqilobining tarixiga materiallar» (1926), «Buxorodagi revolyutsiya va O‘rta Osiyoning milliy chegaralanishi tarixiga doir» (1932) kitoblari, «BXSRdagi iqtisodiy ahvol» (1924), «Yosh buxoroliklar to‘g‘risida» (1926), «Jadidlar» (1926), «Bosmachilik» (1930) maqolalarida O‘zbekiston tarixining XX asr 1-choragidagi jiddiy muammolar ko‘rsatilgan.

F.Xo‘jaev 1937 yil 9 iyulda Moskvada qamoqqa olindi. O‘nta Sovetlarga qarshi «O‘ng trotskiychi blok» faoliyatiga qo‘shilganligi hamda «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik, «bosmachilik» harakati va qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlaganlik, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatganlik kabi ayblar qo‘yildi va otishga hukm qilindi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo katlgohida ijro etilgan.

1965 yil 6 martda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi F.Xo‘jaevni aybsiz deb topdi va oqladi. O‘zbekistonda F.Xo‘jaevning 100 yillik yubileyi nishonlandi (1996). F.Xo‘jaev asarlari va u haqidagi tadqiqotlar nashr etildi. «Buxoroning jin ko‘chalari» (A. Muxtor) qissasi, «Inqilob tongi» (K. Yashin) dramasi, «Men yashashni istayman» (N. Naimov) roman-xronikasi va boshqa asarlar F.Xo‘jaev faoliyatiga bag‘ishlangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.