OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habibiy (1890-1980)

http://ziyouz.com/images/stories/habibiy.jpgZokirjon Holmuhammad o‘g‘li Habibiy mumtoz she’riyatimizning eng yaxshi an’analarini davom ettirgan va rivojlantirgan shoirdir. U o‘z g‘azallari bilan xalqimizning umid va intilishlarini, ruhiy kamolotini ifodalab keldi. Habibiy 1890 yili Andijon viloyatining Paxtaobod tumaniga qarashli Qo‘qon qishloqda dehqon oilasida tug‘ildi. U eski maktabda, Andijon va Qo‘qon madrasalarida ta’lim oldi. Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy va Furqat g‘azallarini mutolaa qildi, ularga ergashib, she’rlar yozdi, Sharq adabiyoti an’analarini davom ettirdi.

1919 yilda Habibiy Andijonning Bo‘taqora qishlog‘ida yashab, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. 20-yillarda xalq qo‘shiqlari uslubida ko‘plab she’rlar yaratgan. Habibiy o‘z zamonasi mavzulari, kolxoz tuzumi, kanallar qurilishi, cho‘llarni o‘zlashtirish, Farhod GESining bunyod etilishi va boshqa o‘zgarishlarni qalamga oladi.

Shoir ijodida ona-Vatan va xalqimiz hayoti, kurashi va intilishlari haqidagi she’rlar yetakchi o‘rinni ishg‘ol etadi. Shu g‘oya uning «O‘lkam», «Farhod qo‘shig‘i», «Muborak yosh», «Inson aziz», «Ulug‘ burch», «Chevarlar», «Muddao bilan» kabi she’rlarida o‘z maromiga yetkazildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida shoir qalamini nayzaga aylantirdi. Uning bu davrdagi g‘azallari orasida «Jang-chi yigit qo‘shig‘i», «Boladan ota-onaga xat», «Onadan bolaga xat» kabi g‘azallari, ayniqsa, xarakterlidir. Shuningdek, Habibiyning «Ko‘ngil taronalari» (1957), «Tanlangan asarlar» (1967), «Devon» (1971) kabi she’riy to‘plamlari ham xalq e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Habibiy 1974 yili 85 yoshga to‘lishi arafasida O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan. U o‘zbek she’riyatining g‘azal va qo‘shiqchilik bobida o‘ziga xos maktab yaratib, aruz vaznidan muvaffaqiyatli foydalangan katta iste’dod sohibidir.

Shoir 1980 yil 16 aprel kuni Toshkent shahrida vafot etdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.