Yangi davr o‘zbek adabiyotining namoyandalaridan biri, shoir va dramaturg, bastakor va rejissyor, ma’rifatparvar-pedagog va jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 6 martda Qo‘qon shahrida tabib oilasida tug‘ildi. Hamza avval eski maktab va madrasalarda o‘qib, fors, arab tillarini, rus-tuzem maktabida esa rus tilini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.
Hamzaning badiiy ijodga qiziqishi barvaqt boshlangan. Hamza 1903 — 1914 yillar orasida Nihoniy taxallusi bilan 197 ta she’r yozib, ularni qo‘lyozma devoni shakliga keltirgan. Bu devonni tashkil etgan she’rlarida Hamza o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analarining davomchisi sifatida namoyon bo‘ladi.
U 1909 — 1910 yillarda Toshkentda bo‘lganida Munavvar qori, A. Avloniy, S. Rahimiy singari ma’rifatparvarlar bilan tanishib, ular ta’sirida jadidchilik harakatiga kelib qo‘shiladi. Bu — uch yo‘l bilan amalga oshiriladi. Avvalo, Toshkent, Marg‘ilon va Qo‘qonda yangi usul maktablarini ochib, muallimlik qiladi. Qolaversa, mazkur maktablar uchun «Yengil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi» kabi darsliklar ham yaratadi. Va, nihoyat, o‘zining she’r va dramalari, publitsistik maqolalarida o‘z xalqini ma’rifatga chorlaydi.
1915 — 1916 yillarda nashr etilgan «Milliy ashulalar» uchun milliy she’rlar majmuasi, «Oq gul», «Qizil gul», «Sariq gul» kabi she’riy to‘plamlarida va «Yangi saodat» kabi nasriy asarlarida uning ma’rifatparvarlik g‘oyalari to‘la namoyon bo‘lgan. Hamza shu davrda yozilgan «Yig‘la, Turkiston», «Oqibatsiz Turkiston», «Vatandoshlarimga xitob», «Dardiga darmon istamas» kabi she’rlarida xalqning «ruhsiz tandur, xanjar ursa qoni sochulmas» holiga kelganligidan oh-zor chekadi, uni xurofot va jaholat botqog‘idan chiqib, taraqqiy etgan xalqlar qatoridan o‘rin olishga da’vat etadi. Shuningdek, «Ilm hidoyati», «Normuhammad domlaning kufr xatosi», «O‘ch» va «Zaharli hayot» kabi ilk dramalarida ham zulm va xurofotdan xalos bo‘lishning birdan-bir yo‘li ma’rifatdadir, degan fikrni olg‘a surishga harakat qiladi.
Hamza ijodida 1916 yilgi mardikorlikka olish voqealari ham o‘z aksini topadi. Uning «Safsar gul» (1917) she’riy to‘plami va «Loshman fojeasi» (1916 — 1918) trilogiyasi shu jihatdan muhimdir.
1917 yil fevral inqilobidan keyin Hamza dunyoqarashida o‘zgarish paydo bo‘lib, u goh ishchilar, goh muxtoriyatchilar tarafiga o‘tadi. Turkiston muxtoriyati tor-mor etilgandan keyin bolsheviklar tarafiga o‘tib, sayyor dramatik truppasi bilan fuqarolar urushi frontlarida xizmat qiladi va 1917 yilda yozgan «Boy ila xizmatchi» dramasini hamda inqilobiy she’rlarini yozadi.
Bu davrda u «Kim to‘g‘ri» (1918), «Tuhmatchilar jazosi» (1918) singari pesalarini yozadi.
Faoliyat doirasi benihoya keng bo‘lgan Hamza 20-yillarning boshlarida Xorazm Xalq Jumhuriyatiga borib, maktab va maorif ishlari bilan shug‘ullanadi. U yerdan qaytgach, faqat ijodiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish istagida Avval qishlog‘iga boradi va dramatik ijodining gultoji bo‘lgan «Maysaraning ishi», «Paranji sirlari» (1926) asarlarini yaratadi.
Hamza 1928 yil avgust oyida Shohimardonga yuboriladi. U yerda madaniy-oqartuv ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shug‘ullanadi. 1929 yil 18 martda u shu yerda fojeali halok bo‘ladi.
1926 yil 27 fevralida Hamzaga birinchilardan bo‘lib «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgan. Hamza asarlari jahon xalqlari tillariga tarjima etilgan. Hamza Hakimzoda Niyoziy nomida shahar, tuman, maktab, ko‘cha, teatr, metro bekati va kutubxonalar bor.