OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Haydar Muhammad (1936)

http://ziyouz.uz/images/ziyoli/haydar_muhammad.jpgHaydar Muhammad 1936 yili Toshkentda tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya bo‘limini tugatgan (1966). O‘zbekiston teleradiosida muharrir (1965—1976), Madaniyat ishlari vazirligida mas’ul vazifalarni (1976—1980) bajargan. Ko‘p yillar Hamza nomli Akademik drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida xizmat qilgan.

Uning birinchi she’riy to‘plami «Ko‘nglim mening» nomi bilan 1975 yilda nashr bo‘lgan. Shundan so‘ng «Olchamning tug‘ilgan kuni» (1978), «Yo‘llaringga mushtoqman» (1979), «Ipak gilamlar» (1990), «Hazilkash shoh» (Saylanma, 1994) kabi she’riy va dramatik asarlari, to‘plamlari chop etilgan.

Haydar Muhammad musiqa janrining juda ko‘p turlari uchun she’rlar yozgan, «Shoir ovozi» dostoni (Sayfi Jalil musiqasi), «Yoshligim» syuitasi (D. Zokirov), «Mening oppoq qo‘shig‘im» kabi turkumlari (Bahrillo Lutfullayev musiqasi) shular jumlasidandir. Uning «Toshkentning nozanin malikasi» (Manas Leviyev musiqasi), «Ko‘ngil— chinni piyola» (1987, Komil Kenjayev musiqasi), «Kuyovlar konkursi» (1991, R. Azizxo‘jayev bilan T. Hasanov musiqasi), «Har kimki vafo qilsa...» (1994, Bobur haqida. A. Ismoilov, S. Hayitboyev musiqasi) kabi musiqali drama va komediyalari tomoshabinlarga manzur bo‘lgan.

Haydar Muhammadning «Xotinlar «gap»idan chiqqan hangoma» (1990), «Sab’ai sayyor» (1991, Navoiy dostoni asosida), «Hazilkash shoh» (1994), «Sehrgar va ayyor» (1994), «Jinoyat ustida ushlansin» (1996), «Elyor botir» (1985) kabi drama va komediyalari Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri, Muqimiy nomli respublika musiqali teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan. «Toshkentning nozanin malikasi», «Ko‘ngil — chinni piyola», «Kuyovlar konkursi» asarlari esa Tojikiston, Qirg‘iziston teatrlarida ham sahna yuzini ko‘rgan.

«Xotinlar «gap»idan chiqqan hangoma» komediyasi asosida suratga olingan «Temir erkak» filmi respublikamizda eng ko‘p tomoshabin ko‘rgan asarlardan biridir.

Haydar Muhammadning qator latifa, intermediya, hajviy hikoyalari «Mushtum» jurnali va gazetalarida chop etilib, «Tabassum» radiostudiyasi hamda televizion miniatyuralar teatrida foydalanib kelinadi.

Respublikamiz xalq teatrlari adibning «Ipak gilamlar», «Navoiy bir kuni», «Ulug‘bek sharofati», «Beruniyning baxt eshigi», «Sevgi jazavasi», «Sobir Rahimov va xoin», «Chiroyli ayolning iltimosi» kabi asarlarini ham sahnalashtirgan.

Haydar Muhammad tarjimasida ozarboyjon dramaturgi Anorning «Zanjir yoki qiyofalar» (Muqimiy teatri), turkman dramaturgi H. Muxtorning «Nevarali kelin» (Samarqandagi H. Olimjon nomli teatr), boshqird dramaturgi Farid Bogdanovning «Tungi mehmon» (Hamza nomli o‘zbek Davlat akademik drama teatri) kabi asarlari o‘zbek sahnasiga chiqqan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.